Safar Kokilov. Tekshiruvchilar kelarmish (hajviya)

Hurmatli o‘rtoqlar! Xo‘-o‘shsh… Bugun navbatdan tashqari chaqirilgan yig‘ilishimizdan maqsad – ertaga tekshiruvchilar kelarmish… Þqoridan… Ishimizni miridan sirigacha tekshirar ekan. O‘zingiz bilasiz, o‘rtoqlar, hozir zamon chatoq. Sal xato qildingmi, tamom… Qulog‘ingni ushlab ketishing hech gapmas. Ayab o‘tirish yo‘q. Ha, ha. Ayashmaydi… Endi-i, korxonamiz katta bo‘lgach, o‘ziga yarasha kamchiliklari bo‘lishi mumkin. Beayb parvardigor degan. Chetdan kelganga tirnoqday narsa ham tuyaday ko‘rinishi tayin. Umuman, bu tekshiruvchilar biron kamchilik topayin deb keladi-da. Tuzatayin, yopayin deb emas. Xo‘o‘-o‘shsh, nima deyatuvdim? Ha, ha. Shuning uchun o‘rtoqlar ilojining boricha kamchiliklarni to‘g‘rilab qo‘ymasak bo‘maydi. Hozir hammamiz qilinadigan ishlarni kelishib, belgilab olsak. Kechasi bilan uxlamay bo‘lsa ham, tong otguncha biron kamchilik qoldirmay to‘g‘irlab qo‘yishimiz kerak. Netolüko kerak, shart! Xo‘-o‘sh, birinchidan, korxonaning ish rejasi… Uch yillik ma’lumotnoma… Bo‘pti, buni o‘zim to‘g‘irlayman. To‘g‘rimi, Zamraxon? Mana sekretarimiz bor, hammasini eplaymiz. Bundan tashqari bo‘limlarning ahvoli to‘g‘risida ma’lumotnoma… Bormi? Yo‘q. Nega yo‘q? Buni siz tayyorlaysiz o‘rtoq Mo‘minov. Mening o‘rinbosarim sifatida bu ishlar sizning pryamoy abyazannotingiz. A?! Uniyam qilasiz, buniyam… Bilmadim, bilmadim, osmondan olib bo‘lsa ham yozib qo‘ying, tamom vassalom. Xo‘-o‘shsh. Yana… Ma’naviyat bo‘yicha nima ish qilganmiz? Hmm-m… Buni, Qodirova, sizga topshiraman. He-e eplaysiz, eplaysiz. To‘ylarda she’r o‘qiganingizni, o‘yinga ttushganingizni ko‘rganlar bor. Buni ham boplaysiz. Sizga ishonamiz, tamom. Hozir chiqasolib manovi, yonimizdagi maktabga kiring. Chiroyli stendlari bor. Bir kirganda o‘zim ko‘rganman. Bayroq, gerb, hammasi bor, zo‘r tayyorlashgan. O‘shani bir kunga so‘rab obkeling. Beradi, beradi. Direktoriga meni aytsangiz beradi… Eshikdan kirgan joyga osib qo‘yasiz. Bir-ikki ma’ruzalar ham yozib, bir papka qiling. Bibliotekadan uch to‘rtta kitoblar ham opkeling. Buyuk kishilarniki bo‘lsin, albatta. Xo‘pmi? Yaxshi, buyam ketdi… Ha aytmoqchi, bu yil qanday yil? O‘tgan yili “qariyalar yili” edi-ya, bu yil… Bo‘pti. Bu yil ham o‘sha gap – mehr kerak, muruvvat kerak…
Biz bechoralarga qachon muruvvat bo‘ladi, Bilmadim. Faqat tekshirgani tekshirgan. Koshki shundan biron o‘zgarish bo‘lsa. Hay, mayli, chalg‘imaylik. Bu masala bilan shug‘ullanishni Farmonovga yuklaymiz. O‘tgan yilgisini ham bu yilgisini ham to‘g‘irlab qo‘ying. Bir-ikki nafaqaxo‘rlarning uyiga boring. Yoningizda bo‘lsa ham bir-ikki kilo shakarmi makaronmi oborib mening nomimdan berib keling. Tilxat olish yodingizdan chiqmasin-a. Kerak, papkaga tikasiz. Obbo, doim pulga yolchimas ekansiz-da, savob bo‘ladi-ku. Mayli ikki kilo shakarga o‘zim pul beraman. Bo‘lim boshliqlari, sizlar ham qo‘shinglar… Savob axir… Yana nima qoldi? A? Tozalik? Aytilmadimi? E-e, bu asosiy masala-ku. Kelgan tekshiruvchilar avval tashqi ko‘rinishimizga qaraydi-da. Xo‘jalik mudiri! Shu bugun, yo‘q, hozirdan ishga kirishing. Gul kerakmi, daraxtmi, darrov topib o‘tkazing, chtobû, ertalab bari ochilib tursin. Ha, ha shanbalik uyushtiring. Hamma chiqsin. Ikki soatmi, uch soatmi, ishni yig‘ishtirib, hamma atrof-ko‘chasini tozalasin! Hovli chinniday bo‘lsin. Chiqmaganlarning ro‘yxatini bering, jazolaymiz. Xo‘-o‘sh. Eh-ha-a. Esdan chiqay debdi-ku. Profkom? Shu yerdami? E-e, Salimov bunday oldinroqda o‘tirsangiz bo‘maydimi? Darrov “keldi-ketdi” jurnali tuting. Yana, haligi, kimga rag‘bat, kimga mukofot bergansiz, barisining hujjatlari taxt bo‘lsin. Bo‘masa, tezlikda yozib-chizib, to‘g‘irlab qo‘ying. Manovi tekshiruvchilarni kuzatish uchun ham mablag‘ kerak-ku, darrov bo‘lim boshliqlariga mukofot puli yozing, ro‘yxatni menga opkiring, birgalikda ko‘ramiz… Xo‘-o‘sh. O‘rtoqlar, menimcha hamma ishlarni ko‘rib bo‘ldik, shekilli. Boshqa qo‘shimchalar bo‘lmasa, hamma ish joyiga. Har kim o‘z ish joyida tartib o‘rnatsin. Hujjatlar taxt bo‘lsin. So‘raganda shoshib kelmanglar. Sizlardan bu iltimos, ham talab. Meni uyaltirib qo‘ymanglar, ishqilib… Shu ishlarni to‘g‘rilab qo‘ysak, har qanday komissiya oldida ham yuzimiz yorug‘, tilimiz uzun bo‘ladi. Keyin… E haligi… Sekretar, siz ro‘yxat qiling. Hamma ming so‘mdan tashlab ketsin. Kerak. Busiz bo‘maydi. Choy-non degandik. Ming siz bizdan bir jiz-biz degan mashoyixlar… Ha, ha. Hoy orqadagilar? Nima shovqin? Eshikdan mo‘ralayotgan kim? A?! Tekshiruvchilar?! Kelibdimi? Nega endi bugun? Ie-e!… Obbo… Uyimiz kuyibdi-ku?! …