Safar Kokilov. Tabiiy hol (hajviya)

Kultepa degan shaharchadan kechasi soat uchlarda to‘rttagina vagonni sudrab jo‘naydigan shaharlararo poyezdda allaqachon odam ko‘p. Hamma ham kechasi salqinda yurishni, hali bozorlaru idoralar ochilmasdan viloyat markaziga yetib kelib, yumushlarini bitirib ertaroq qaytishni xohlaydi. Chunki bu yerda tush paytidan so‘ng soyada ham ellik daraja issiq bo‘ladi-da.
Poyezd vagonlari odatdagiday bozorchi ayollar-u, talabalar, harbiylar va menga o‘xshagan xizmat safari bilan yurgan har xil “mehmon”lar bilan liq to‘la. Yana bir to‘da erkak va ayollar vag‘ir-vug‘ur qilib vagonga kirib kelishganda men mizg‘ib ketish ilinjida allaqachon tepadagi o‘rindiqlardan biriga cho‘zilgan edim. Shu desangiz, men o‘zi uyquchiman. Bo‘sh bo‘ldim deguncha o‘tirgan joyimda ham uxlab qolaveraman. Hamma shundaymi yoki bir menmi, ishqilib, hayronman, uxladim deguncha har xil tushlar ko‘raman-ey. Lekin uxlashga ulgurmadim. Haligi kirganlar men yotgan o‘rindiq pastidagi va qo‘shni bo‘sh o‘rindiqlarga kelib o‘tirib olishdi. Bir-ikki erkak mendek yuqoriga chiqib cho‘zilishdi.
Poyezd har kuni borib kelaverib yod bo‘lib ketgan manzili tomon “He-e, boramizda o‘sha jaziramaga” degandek unchalik shoshmasdan, imillab, qadamiga “Kel-e, sen ham qolib ketma” degandek, qo‘l ko‘targan odamga to‘xtab-to‘xtab, chux-chuxlaganicha burnidan tutun purkab ketib boryapti.
Plaskart vagon ichidagi chiroq xiraligidan o‘tirgan odamlar bir-birini tuzuk tanimaydi. Lekin hamma o‘zaro gurungga qo‘shilib, eshitib ketmoqda. Derazadan tashqari qop-qorong‘u. Har zamonda qandaydir chiroqning yorug‘ida xona ichi bir zum yorishib ketadi-da, yana avvalgiday bo‘lib qoladi. Vagon ichi dim. Deraza yuqorisidagi allaqaysi tirqishdan kirayotgan salqingina tun shamoli odamga xush yoqadi. Men chalqancha yotib ko‘zlarimni yumganimcha goh mizg‘ib, goh poyezdning qattiq silkinib ketishidan cho‘chib uyg‘onib, temir izlarining taraq-turug‘i-yu, vagondagi odamlarning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir gaplarini beixtiyor eshitib ketyapman. Gurunglar goh to‘xtab qoladi, goh avj oladi. Biroz jimlikdan so‘ng bir ayolning “uh” tortib ingichka ovozda gapirgani eshitildi.
– Ay, dugon, maorif boshqarmasiga toifa olish uchun imtihonga boryapman-u, kallamda hech narsa yo‘qday…
– Kitoblarni bir varaqlab qo‘ymabsizda – dedi yana bir ayol do‘rillagan ovozda.
– Ao‘o‘vv, shunga vaqt qayoqda. Buyog‘i darsga juguraman, buyog‘i uyga. Mol-hol, bola-chaqa, qozon-tovoq degandek. Qancha kitob o‘qigan bo‘lsam, yoshligimda o‘qiganim. Anovi turk seriallarini ham tuzuk ko‘rolmayapman-ey…
– Men ham shu, o‘rgilay. He, boraylik-chi, bir gap bo‘lar. Hech bo‘lmasa, yigirma besh yil ishlaganimizni hisobga olar-e…
Picha o‘tib yana o‘sha ingichka ovozli ayol gap boshladi.
– Aay, dugon, sizlarda ham shundaymi? Bizda mana bugun mayning yigirmasi-yu haligacha aprelning oyligini bergani yo‘g‘-a?! Bu yoqqa qo‘shnimizdan qarz olib kelyapman…
– Xabaringiz yo‘qmi? – Nariroqdan bir erkak ovozi eshitildi: – Tuman maorif bo‘limi hisobxonasini moliya taftishchilari bosgan-ku. Bosh hisobchi bilan g‘aznachi ishdan ketishi mumkin hali. Oylik ham shuning uchun to‘xtab turibdi. Hali maktablarni ham yoppasiga tekshirish boshlanadi…
– O‘zi yaqinginada tekshirib ketvudi-ku – deb qo‘ydi bir ayol.
– Ha-a, taftish qilinib aybdorlar jazolanib, oyliklarimiz ham tezroq berilsa edi-ya – dedi do‘rillagan ovozli ayol.
– Ao‘o‘vv, dugon, go‘rdanmi. Taftishchi kelgan bo‘lsa endi xudo uribdi. – dedi yana birinchi gap boshlagan ayol: – Yana tekshir-tekshir. Yana yig‘-yig‘. Yana darslar chala qolib… He, kimga qiyin, bizga qiyin ekanda yana.
– Ha-a, nimasini aytasiz. Tekshiruvchi keldi desa, darslar buyoqda qolib hammamiz ularni kutib-kuzatish bilan ovora bo‘lib qolamiz. Papka-yu, hujjatlarni birma-bir ko‘rsataman deb odamning ko‘kayi kesiladi-ya. Qaysi kuniyam bizga bir taftishchi keldi desangiz. Hujjatlarimni ko‘rsatayotsam, u birdan “Noqobil bolalar bilan ishlash daftarini bering” dedi. Berdim. “Nega daftar bo‘sh, yozilmagan?” deydi. Sinfimda noqobil bolaning o‘zi yo‘q, nimani yozaman? – desam, bosh chayqab: “Bunday bo‘lishi mumkin emas” deb turibdi-da. “Demak ishlamagansiz” desa bo‘ladimi. “Toping, yozing” deydi. Kel-e, qulog‘im tinchisin deb bir-ikki bolani yaxshi bo‘lsa ham noqobillar ro‘yxatiga tirkab yozib qo‘ydim. Endi desangiz, “Menga qobil bolalar bilan ishlash daftarini ko‘rsating” deydi. Qanaqa? Angrayib tursam, hiringlab kulib, “Iqtidorli bolalar bilan ishlash daftari-da, axir iqtidorli bo‘lgach, qobil bola bo‘ladi-da” deydi. He, shunday demaysizmi, bor deb ko‘rsatdim…
– He, siz uni aytasiz. Tunov kuni dars o‘tib tursam, sinfga bir milisa bostirib kirib kelsa bo‘ladimi. Dars shu yerda to‘xtadi. Men u kishiga hujjatlarimni ko‘rsatishim kerak ekan. Qarasam, boshqa o‘qituvchilar ham direktor xonasiga yig‘ilgan. hamma nimanidir yozib-chizib yotishibdi. Nima ekan desam, hamma yong‘inga qarshi kurash bo‘yicha qiladigan ishlarini yozib, papka tutish kerak ekan. Men ham o‘tirib papka tuzdim. Xullas, o‘sha kuni darslarim o‘tiksiz qoldi-ketdi. Tavba deyman, bir o‘qituvchining boshiga shuncha hujjatbozlig-a. Bularga dars o‘tmasang o‘tma, hujjat tayyorla-yu, kelgan tekshiruvchining og‘ziga ur-da. Uf-f, bu yoqda oylik maoshdan darak yo‘q… Oxiri davleniye bo‘lib o‘lib ketmasam go‘rga edi…
– Yaqinda yana bitta papka tutasizlar – deb gapga qo‘shildi tepada yotganlardan biri.
– Uf-f, yana qanaqa papka? – baravariga so‘rashdi ayollar.
– Bundan buyon dars oxirida har bir o‘quvchidan dars o‘tgan-o‘tmaganingiz haqida tilxat olasiz va papka qilib tikasiz. Taftishchilar shuni ko‘radi. Shu tilxatlarsiz siz dars o‘tmagan hisoblanasiz…
Kimdir kuldi.
– Siz ham qo‘rqitmang-e odamni, shunisi yetmay turibdimi – dedi ayollardan biri.
– Ay, bu gapmi yoki maorif farmonimi? – gapga aralashdi yana bir ayol.
– Bu gapni rahbarlar eshitmasin, darrov joriy qiladi-ya. Anovi tilxatdek. Yaqinginada ota-onalardan “O‘z bolamga darsdan tashqari vaqtda o‘zim qarayman. O‘qituvchiga davoim yo‘q” degan tilxat olgan edik-ku.
– Ha-a, bu ham joriy bo‘ldi deyavering. Farishta hamma gapga omin deydi-da.
Shu payt poyezd qattiq silkinib to‘xtadi. Tapir-tupur qilib kimdir tushdi, kimdir chiqdi. Birozdan so‘ng uzoqdan parovoz hushtagi eshitildi va poyezd erinibgina joyidan qo‘zg‘oldi.
– Ay, dugon, shu tekshiruvchilarning o‘zidan ham ular kelgach, boshlanadigan “yig‘-yig‘”i jonga tegib ketdi-da. Nima dedingiz? – deb yana gurungni boshladi haligi ingichka ovozli ayol. – Koshki buyoqda to‘lib-toshib yotgan bo‘lsang ekan…
– Ha endi, mehmonlarga choy-non qilish kerak-da. – dedi nariroqda o‘tirgan bir erkak.
– Siz ham rahbarlardan bo‘lsangiz kerak-da, yonini olyapsiz – dedi ayollardan biri shang‘illab.
– Unchalikmas-u, lekin bir vaqtlar men ham direktorning ilmiy ishlar bo‘yicha muovini bo‘lganman.., bilaman-da. Choy-non qilmasangiz barcha ishingiz bir pul, baribir kamchilik topadi va jarima solib ketishadi. Undan ko‘ra…
– Cho‘ntagiga ham tiqishadi – dedi kimdir bilag‘onlik bilan.
– Ha, endi bu tabiiy hol-ku. Iloji bo‘lsa ko‘kidan… – tasdiqladi haligi sobiq ilmiy mudir.
– Bu yog‘i endi mudir bilan direktorning ishida, bizga nima… – degani eshitildi bir ayolning
– He-e, yo‘q. Ana o‘shanga ham pulni sizning cho‘ntagingizdan oladi. Yoki bo‘lmasam, rag‘batlantirish yozishadi. – Haligi “sobiq”ning ovozi eshitildi.
– Qanaqa rag‘bat? – ayollardan birovi so‘radi.
– Eh-ha-a, hali ishingiz tushmaganmi? Axir taftishchilar keldi deguncha har maktabdan besh-o‘n kishiga yaxshi ishlagani uchun rag‘batlantirildi, deb ellik-yuz ming so‘mdan pul yoziladi-ku. So‘ng… Ana o‘sha pulga mehmon kuzatiladi-da.
– Men o‘lsam ham imzo chekmayman unaqa ro‘yxatlarga – dedi ingichka ovozli ayol.
– He-e opa, go‘l ekansiz – dedi tepada yotgan erkaklardan biri hiringlab kularkan: – Sizga aytib o‘tirarmidi. O‘zlari yozadi, o‘zlari qo‘l qo‘yadi, o‘zlari oladi. Siz xabar ham topmaysiz kerak bo‘lsa…
– Yo‘g‘-e. Qo‘rqishmaydimi? Tekshirib qolsa-chi?
– O‘sha tekshiradiganning ham tomog‘i bor – deb qo‘ydi birov.
Tepada yotgan erkak gapida davom etdi:
– Deylik, taftish xavfi tug‘ilib qolsa, rahbaringiz sizni asta chaqirib, “Qandaysiz opa, tekshiruvchilar kelib ketishdimi, biron kamchilik topmadimi” deb so‘raydi. Siz bo‘lsa “He, rahmat. Yaxshi o‘tdi. Kamchilik topmadi” deysiz xursand bo‘lib. Shunda u “Ha-a, opa, o‘sha kamchiliklar topilmasligi uchun biz buyoqda ularga u-bu, choy-non degandek qildik-da. Pulini esa besh-olti odamga rag‘bat yozib olganmiz, ro‘yxatda siz ham bor. Shunga oldim deb imzo qo‘yib qo‘ying va birov so‘rasa oldim deb turing” deydi. Qani, yo‘q deb ko‘ring-chi. Indamay imzo qo‘yib chiqib ketaverasiz. Nima, cho‘ntagingizdan ketyaptimi? O‘ziniki o‘ziga. Zato qulog‘ingiz tinch, ishingiz besh.
– Ha-a, men ham bir necha marta qo‘l qo‘yib berganman. Iloj qancha – deb xo‘rsingani eshitildi bir ayolning: – Yo‘q desangiz, yomon ko‘rib qolishadi, so‘ng ishingizdan kamchilik topib oylikni qirqadi, ustamani olishadi. Baribir chiqib ketadi. Undan ko‘ra…
– O‘sha puldan o‘zlari ham manfaatdor-da – deb qo‘ydi bir erkak.
– Ha, endi bu tabiiy hol-ku. Qo‘li tekkanning og‘zi tegadi-da. – dedi yana sobiq ilmiy mudir.
– Eh-he-e, qaranglar shuncha kamchilikni bilamiz-u, chidab yuramiz-a. – Bir ayolning baland ovozi eshitildi: – Barisini yuqori tashkilotlarga yozib yuborsak bo‘maydimi? Kelib bir tekshirarmidi. Þqoridagilarning bunaqa narsadan xabari yo‘q-da, bo‘lmasam-ku…
– Bo‘ladi, lekin foydasi yo‘q. – dedi yana boyagi “sobiq” – ularning ham sizsiz ishi boshidan oshib yotibdi. Shuning uchun xatingizni yana o‘zingizning rahbarlaringizga qaytarib yuboradi. Tekshirib chora ko‘ringlar-da so‘ng bizga ma’lum qilinglar deb. Bo‘ganiyam shu…
– Aybdorlar o‘zlarini tekshiradimi? – hiringlab kuldi tepada yotgan erkaklardan biri, – He, yo‘-o‘q, Nega shikoyat yozding deb o‘zingizni tekshiradi. Yana jarima, yana ustamangiz qirqiladi. Koshki aybingiz yo‘q bo‘lsa. Undan ko‘ra och qornim – tinch qulog‘im deb yurgan yaxshi-ku. Hamma nima bo‘lsa biz ham shu-da-e.
– Ha-a, unaqasiga ham, bunaqasiga ham o‘zimizga qiyin ekan – deb qo‘ydi haligi gapirgan ayol hafsalasi pir bo‘lib.
– Bu ham tabiiy hol. Boylanganni urari-da. – Sobiq ilmiy mudir to‘ng‘illadi.
– Afandi ham qochib ketgan buzog‘ini ushlay olmay kelib, boylanganini urgan ekan, sen ham qochasanmi hali deb.
– Bu ham tabiiy hol. – Uning gapini tasdiqladi nariroqda o‘tirgan bir erkak: – Tashkilotda maosh olib ishlagandan so‘ng boylanganday gap-da. Chidaysiz barcha talablariga…
– He-e, nachora. Chidaymiz-da. Oxiri baxayr bo‘lsin ishqilib – deb bir ayol xo‘rsinib qo‘ydi.
– Bu ham tabiiy hol deng. Odam uch kundan so‘ng go‘rga ham ko‘nikarkan. – do‘rillagan ovozli ayol gapga qo‘shildi.
– Ha-a, shu-da. Endi odamzod ba’zan qiynalganda bexosdan gapirging kelib qoladi-da. Bo‘masam-ku, o‘sha, siz aytganday-a barisi. – dedi ingichka ovozli ayol.
– Bu ham tabiiy hol. – negadir hiringlab kuldi tepada yotgan erkak: – Inson doim nimadandir norozi. Issiqni issiq, deydi, sovuqni sovuq.
– Ha-a, o‘lmang. Tabiiy hol-a?! – Nariroqda o‘tirgan odamlardan biri kuldi: – Tabiiy hol emish… Haligi latifadagidek deng. Bir odam uzoq xizmat safaridan qaytib, kechasi uyga kelib chiroqni yoqsa xotini o‘ynashi bilan yotganmish. Buni kutmagan er shoshib, dovdirab qolib, nima dermish deng. “E-e, uzr, uzr, tushunaman. Bu tabiiy hol” dermish qaytib chiqib keta turib…
Hamma kulib yubordi.
– Voy beti qursin-iy – dedi ayollardan biri.
Birozdan so‘ng erkaklardan biri gapirdi:
– To‘g‘ri. O‘shanday gap. Hamma narsani bilamiz-u indamay yuraveramiz, tabiiy hol deb…
– Ha-a. Bu ham tabiiy hol. – Þqorida yotgan odamlardan birining chuqur esnog‘i eshitildi. – Aauuvv…
– Iloj qancha, – deb qo‘ydi ayollardan biri esnoqqa jo‘r bo‘lib: – Haauuvv, voy, rosa uyqum keldi-e…
Shu bilan anchagacha ularning ovozi eshitilmay qoldi. Birozdan so‘ng yuqorida yotgan erkaklardan biri xurrak torta boshladi. Mening ham ko‘zim uyquga ketibdi. Uyg‘onganimda manzilga kelgan ekanmiz, hamma tushib ketayotgan ekan. Þqoridagi gaplarni ham o‘ngimda eshitdimmi yoki tushimdami, bilolmay qoldim. Bu tabiiy hol, albatta. Chunki, toshbaqaday imillab yuradigan poyezdda yarim uyqu, yarim uyg‘oq tebranib ketayotgan odamning tushi ham o‘ngi ham go‘r bo‘larmidi, aralash-quralash bo‘ladi-da. Bu endi tochno tabiiy hol…