Safar Kokilov. Noshukur banda (hajviya)

(bir kimsaning nomai holi)

U tug‘ildi-yu, yig‘lab yubordi.
­ Qanaqa dunyoga kelib qoldim-a? ­ deb hayron bo‘lib, qotib-qotib yig‘lardi. O‘rab-chirmashdi. Onasi ko‘krak tutdi. Baxtiga qarshi onasining ko‘krak uchi yassi ekan, ema olmadi.
­ Shu ham ko‘krak bo‘ldi-yu, emmayman, ­ vag‘illadi yana. Do‘kondan rezina so‘rg‘ich opkelishib bo‘yniga osib qo‘ydilar. Sun’iy sutlardan emib asta-sekin ulg‘aya boshladi. Lekin hech narsadan ko‘ngli to‘lmasdi. Otasi olib bergan ust-bosh goh katta, goh kichik. Onasi qilgan ovqatlar go‘yo bemaza, beta’m edi. Kun bo‘yi yuziga pashsha qo‘nib oldidagi ovqatni yemasdan xarxasha qilib o‘tiraverardi. Bechora ota-ona hayron edi. Axir “puf-puf”lab, hech kimga ishonmay shuncha avaylab qaragani bilan o‘g‘ilchasining ko‘nglini topisholmasdi-da. Ba’zan otasining jahli chiqib do‘pposlab tashlamoqchi bo‘lardi-yu, onasi oraga tushardi:
­ Qo‘ying, dadasi. Kattaraversa esi kirib yaxshi bo‘lib qoladi, ­ derdi bolasining boshini qo‘ltig‘iga yashirib.
Maktabga bordi. U yerda ham o‘qituvchilar bilan chiqisholmasdi. Darsdan qochardi.
­ Faqat mendan so‘rashadi. Ataylab meni doskaga chiqarishadi. Menda qasdi bor, ­ derdi hinqillab yig‘larkan. Sinfdoshlari bilan ham do‘stlasha olmadi.
­ Mening ustimdan gapirib kulishadi. Meni ko‘rolmaydi, ­ derdi onasiga ko‘z yoshi qilib. Dastyor bo‘lib qolgani uchun ota-onasi ba’zan-ba’zan buyurgan ishni ham yolchitmas edi. Birdan goh biqini, goh qorni og‘rib qolardi. Ota-onasi qo‘rqib do‘xturma-do‘xtur chopishardi.
­ Nega hamma kasal menga yopishadi? Nega boshqa bolalar kasal bo‘lmaydi? ­ deb baqirib yig‘lardi ukollardan bezor bo‘lganidan. Rangi zahil, badani momiq paxtaday bo‘lib o‘sa boshladi. Maktabni ham bir amallab bitirdi. Otasi tanish-bilish qilib bir institutga kirgizib qo‘ydi. Imtihonlarni pul bilan topshirib o‘qidi. U yerda ham birovga el bo‘lolmadi. Chaqimchilik qilardi.
­ Meni hammasi yomon ko‘radi. O‘zlari yomon, ­ derdi o‘zicha kuyunib. Uyiga ta’tilga kelgan vaqtlarda qishlog‘i ko‘chalarida gerdayib yurardi. Hech kimga salom bermas edi. Umuman salom berishni o‘ziga or bilardi.
­ Men katta shaharda o‘qisam-u, bu qishloqilar menga salom berishmaydi…
Ishga kirdi. Tag‘in g‘urbat. “Oyligi kam. Ish ko‘p. Odamlar yomon…”
O‘ziga o‘xshagan bitta-yarimtani yig‘ib, boshliqlarning ustidan ig‘vogarlik qilib, yumaloq xat yozishdi. Niyatiga yetolmagach, yana kuyunib yurdi:
­ Hech yerda haqiqat yo‘q. Baliq boshidan sasigan…
Qari ota-onasini ham har kuni “Menga yaxshi sharoit yaratib bermadinglar, mening shunday qiynalib yurishimga sizlar aybdor” deb, ta’na qilaverib, kun bermasdi. Bechoralar unga kuya-kuya, izidan chopa-chopa, uni suyay-suyay o‘zlari ham olamdan o‘tib ketishdi. U esa bevafo dunyodan nolib yig‘lab qolaverdi. So‘ng tog‘alari uni gulday bir qizga uylantirib qo‘yishdi. Lekin xotini bilan uzoq yashamadi. Xarakterlari to‘g‘ri kelmaganmish.
­ Televizordagi qiziqchiga qarab tirjayadi. Ko‘chadan kelgan tilamchiga non berardi, ­ deb xotinini yomonlab yurdi. Shu bilan qayta uylanolmadi. O‘lg‘iz yashadi. Qo‘ni-qo‘shnilar bilan sozi yo‘q, suvi tinimasdi.
­ Bari g‘iybatchi, bari meni ko‘rolmaydigan odamlar…
Hamma uni ko‘rsa qochadigan, aylanib o‘tadigan bo‘lib qoldi. Tog‘alari uni ko‘rgali qanday-qanday kelsa, ularga qarab janjal qilardi:
­ Qanday tog‘asiz-e. Holimdan xabar olmaysiz. Og‘ainlarda mehr-oqibat yo‘q.
­ Sen o‘zing ham bunday og‘ainlarnikiga mehmon bo‘lib borgin-da. Kelganlarni ochiq yuz bilan kutib olgin-da, ­ derdi tog‘asi tanbeh berib.
­ Menga joni achishadigan yo‘q. Hammalaring meni yomon ko‘rasizlar. Nega meni hamma yomon ko‘radi? ­ deb yig‘lardi u.
Mahallaga qo‘shilmay qo‘ydi. Hovlisining eshigini kirsa ham, chiqsa ham tanbalab yurardi. Nihoyat pensiyaga chiqdi. Pensiya beradigan joyga borib har kuni janjal qilardi.
­ Nega mening pensiya pulim kam? Nega urush veteranlariniki ko‘p? Men ham davlatga ishlab berdim-ku…
­ Endi qaridingiz, musulmonchilik amallarini bajarib yuring, ­ deb mahalla imomi pandu-nasihat qilganiga pushaymon yedi.
­ Eshakdan yiqilib peshonam yerga tegmagan-u, endi nomoz o‘qiyman deb boshimni yerga uramanmi? O‘qiyvering, sizga kerak bo‘lsa, ­ deb jerkib tashladi u.
To‘y marakalarga ham bormay qo‘ydi.
Borsa ham qovog‘ini uyib:
­ Tuzuk ovqat qilishmagan, ko‘proq bermadi, xasislar, ­ deb so‘kinib qaytadi. Biron odam bilan qanday-qanday gaplashib qolsa ham, doim noligani-noligan:
­ Odamlar buzilib ketdi. Zamon buzilib ketdi. Hamma tomonda yo‘qchilik. Yashash qiyin bo‘lyapti…
Bora-bora hafaqon kasalligiga yo‘liqdi. Vrachlar unga dori-darmon buyurishdi. U pisand qilmadi.
­ Fu-u. Dorilar achchiq, sassiq. Ukollar yoqmaydi. Do‘xturlarning bilimi yo‘q, ­ derdi injiqlanib. Ahvoli yomonlashavergach, ukollarni olishga, dorilarni kappalab yutishga majbur bo‘ldi. Lekin dard zo‘r keldi. Yiqitdi. Uni ko‘rgali kelganlarni ko‘rganda alamidan yana yig‘ladi:
­ Nega? Nega men kasal bo‘laman? Nega sizlar kasal bo‘lmaysizlar?
Kunlardan bir kuni Azroil eshigini qoqdi. Ko‘ziga ko‘ringandan o‘kirib yig‘lab yubordi.
­ Yo‘q. Noroziman. Nega endi faqat men o‘lishim kerak? Nega boshqalar emas? Azroilda insof yo‘q…
Jon taslim qilayotganda ham ancha vaqt talvasa qilib, lablari allanima deb pichirlay-pichirlay… uzildi bechora, noshukur banda.