Qadamboy Jayronov tog‘li Chosh qishlog‘ida yashaydi. Bu yerlarda olti oy yoz bo‘lsa, olti oy qish. Quyosh tog‘ning ortiga yonboshlaganda choshliklar ham to‘shakka kiradi, ertalab tog‘ning ortidan mo‘ralaganda irg‘ib turishadi. Choshda na telefon, na xolodilnik, na televizor, na radio bor. Shuning uchun qishloqdagilar ba’zan tog‘ning tepasiga chiqib, shahar tomonga qarab o‘tirishadi. Xo‘jalik markazi tuman yo viloyatdan biror gap yetib kelsa, og‘izdan-og‘izga o‘tib butun qishloqqa tarqaladi.
Yaqinda ana shunday bir gap tarqaldi. Uni birinchi bo‘lib Qadamboyning tog‘asi Eshqobil aka eshitdi. U kuyovi Avliyoqulni ergashtirib, jiyanining uyiga ravona bo‘ldi.
Qadamboy maktabda muallim. Biologiyadan dars beradi. Yoz kelsa, tog‘ma-tog‘ yurib, dorivor giyohlar teradi. Keyin savob bo‘ladi deb qishloqdagilarga tarqatib chiqadi. Juda bekor qolsa, qiyshayib soy bo‘yiga tushadi. Majnuntolning mayda, tekis novdalarini kesib olib, savat to‘qiydi. Besh-o‘nta bo‘lganda mahalladagi xotin-xalaj kirib talab ketishadi. Tolsavatning daromadi ham bir kamiga yetib turibdi.
Yozning chillasi. Qadamboy shundoqqina soy labida baqaterakning tagida o‘tiribdi. Oldida bir dasta tolchiviq. “Bunisi qurtsavatga, bunisi qo‘lsavatga”, deb novdalarni saralay boshladi. Shu payt uzun-qisqa bo‘lib, Eshqobil aka bilan Avliyoqul yetib kelishdi.
— Omin,topganingga baraka jiyan! — dedi tog‘a, eski bir to‘nkaga omonat cho‘kib. Avliyoqul cho‘nqayib fotihaga qo‘shildi. Eshqobil aka yarqirab turgan savatlarni bir-bir qo‘lga olib ko‘rdi, barkashdan kattaroq bittasini tanladi.
— Mana shunisini yangangga bera qol,— dedi savatni salmoqlab, – non yopsa, doim dasturxonni kuydirib yuboradi.
Qadamboy hazillashdi:
— Haqi bitta tovuq bo‘ladi, tog‘a.
Eshqobil aka, qanday gap boshlasam ekan, deb yo‘l axtarib o‘tirgan edi, darrov yo‘li topildi.
— Tog‘a—xo‘r, jiyan — zo‘r ekan-da, a! Tovuqning yoniga xo‘rozini qo‘shib beraman, jiyan. Endi senga ham bir maslahatli gap bor. Xo‘p, de.
Qadamboy bir to‘p tolchiviqni g‘ijimlab boshini ko‘tardi.
— Nima gap ekan?
— Shirkat raisi ishdan bo‘shabdi. Akalari uni ko‘tar-ko‘tar qilib,kattaroq ishga olib ketganmish. Biz, mana, pochchang bilan maslahat qildik. Agar xo‘p desang, ko‘plashib seni raislikka ko‘tarmoqchimiz. Bizning urug‘dan ham chiqsin-da! Qachongacha Qizilqishloqdan chiqaveradi? Nima deding, jiyan?
Qadamboy miriqib kuldi.
— Ajoyib tog‘amsiz-da! Shuncha yoshga borsangiz ham xayolparastligingiz qolmabdi. Qani, mana bu kobinetga kiring, Qadamboy, deb, menga birovning ko‘zi uchib turibdimi? Rais bo‘laman, deb o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urib yurganlar bor, bilasiz. Yarashmagan gapni qo‘ying, tog‘a!
— Puldi biz ham topamiz, – dedi Eshqobil aka,- ikki gektar yerga zig‘ir ekib qo‘yibman. Boshoqlab turibdi. Xudo xohlasa, bir milyonga sotaman.
Qadamboyning shumligi tutdi. Iljayib tog‘asiga qo‘l cho‘zdi:
— Yana ozgina qo‘shing, tog‘a. Yetmayroq turibdi…
— Yetmasa, yetkazamiz. Mana, pochchang yonimda! – Tog‘a kuyoviga qaradi. — Hey sen ham so‘yla-da, Avliyoqul! Yo‘lda ne deb javrab kelib eding?
Kuyov tomoq qirib, tilga kirdi:
— Bizda ham ikki ho‘kizcha bor. Ikkovi o‘lganda yarim tonnaga yaqin yuk qilib qolar-ov. Sen uchun sotaman. Rais bo‘lib ketsang, menga biror permer xo‘jaligi ochib berarsan, Qadamboy.
Qadamboy ko‘rdiki, tog‘alari astoydil bel bog‘lagan. U oldidagi xas-xashakni quchoqlab, daryoga olib borib tashladi. Qo‘llarini qoqib, iziga qaytdi.
— E, boshimni og‘ritmanglar! – dedi xafa bo‘lib,- yovg‘on oshim — g‘alvasiz boshim. Raislik osonmi? Bugun borsan, ertaga yo‘qsan. Osmondagi oyga qo‘l cho‘zib nima qilasiz, tog‘a? Bekorga kuyganlaring qoladi.
Eshqobil aka oyog‘ini tirab turib oldi:
— Kuysak, biz kuyamiz, jiyan. Zato, bizning urug‘dan ham rais chiqqan, deb kerilib yuramiz. Xudo, ol qulim, deb rais bo‘lsang, qishloqqa svet obkelarding, bolalarga tuzukroq maktab solib berarding.Biz ham odamga o‘xshab, dilvuzur ko‘rib, radio eshitardik. Qachongacha dunyo bexabar bo‘lib yotamiz? Xo‘p, de, jiyan!
Qadamboy uh tortdi:
—Men ko‘ngilchanman. Odamlarga qattiq gapirolmayman.
— O‘rganib ketasan. Yakkaxo‘jayin bo‘lganingdan keyin ortingdan kelsa — tepasan, oldingdan kelsa — tishlaysan.
— Tishlaysiz-a, tishlaysiz. Hozir odamlarning ko‘zi ochilgan.Tishingizni qoqib qo‘lingizga berar.
— Bekor aytibsan. Bir qo‘lingda non ushlab turib, qancha urishsang ham chidaydi odamlar. Aytganingni qiladi. Gap tamom. Seni rais qilamiz. Ma’lumoting yetarli, kallang ishlaydi. Qancha yil zavuch bo‘lib maktabni boshqarding…Yo‘q, dema, jiyan!
Qadamboy irg‘ib turdi.
— Yo‘q, yo‘q, yo‘q! – dedi boshini sarak-sarak qilib. — Tog‘a, agar zo‘rlay bersangiz, hozir hov ana yerga chiqib, o‘zimni soyga tashlayman!
—Esingni yedingmi, jiyan? Oldin bir kun bo‘lsa-da, rais bo‘lib, ayshingni sur, keyin suvga tashlaysanmi, o‘tga tashlaysanmi, o‘zing bilasan.
Qadamboyga aslida mayda novda kerak edi. U lip etib tomga chiqdi. Undan terakka yopishdi. Oqterakdan bir sakrab majnuntolga o‘taman, deganda o‘rta shoxga maymunday osilib qoldi. Eshqobil aka, rostdan ham bu tentak o‘zini suvga tashlamoqchimi, deb cho‘chidi.
— Hov, ahmoq bo‘lma, jiyan, — dedi tepaga qarab, — o‘lib ketsang, besh bolangni kim boqadi?
Shu payt Qadamboyning oshnasi Narzi qora kelib qoldi.
— Tog‘a, bizning mo‘kkichi jo‘ramiz ko‘rinmaydimi? —dedi. Eshqobil aka tol shoxiga ishora qildi:
— Jo‘rang, ho‘v ana, tepada osilib yotibdi. O‘zimni suvga tashlab o‘laman, deydi.
— Nima bo‘ldi? Nega bugun o‘lgisi kelib qoldi ekan?
Tog‘a o‘zini oqlagan bo‘ldi:
— Biz ko‘plashib uni rais qilmoqchi edik. Men zig‘irimni sotib, pulini bermoqchi bo‘ldim. Mana, pochchasi qo‘shaloq ho‘kizni sotmoqchi. Jo‘rang bo‘lsa, dod, rais bo‘lmayman, deb tixirlik qilayapti.
Narzi qora hamon tol shoxida oyoqlarini likillatib turgan Qadamboyga qarab baqirdi:
— Ho‘v mo‘kki polvon, qo‘rqmay pastga tushaver. Hozir tumandan xabar keldi. Oqmachitlik Boybo‘riyev rais bo‘libdi. Qadamboyning tog‘asi zig‘irini sotib, pochchasi ho‘kizlarini pullab kelsin, deb kutgani vaqtlari yo‘q ekan. Sening peshonangga yozilgani mo‘kki bilan tolsavat! Bu yoqqa tush, senga maslahat bor…
Qadamboy asta-asta daraxtdan tusha boshladi. Eshqobil aka qulochini terib, ikki soniga urdi:
— Ha, enag‘ar Boybo‘riyev! Tag‘in ilib ketding-a ko‘pkarini! Yangi raisning tog‘asi, mana, biz bo‘lamiz, deb “Volga”ning darchasidan tirsakni chiqarib yurmoqchiydik, nasib etmadi-ya!..