Sadriddin Ayniy. Sudxo‘rning o‘limi (qissa)

I

1895 yilda Buxoro madrasalaridan o‘zimga bir turar joy axtarar edim. Qancha yugursam-elsam ham tezlikda biron hujra qo‘lga kirmadi. O‘sha paytlarda bir do‘stim menga maslahat yo‘li bilan:
— Qori «Ishkamba» degan bir odam bor, u bir necha zarxarid hujraga egadir. Agar undan so‘rasang, vaqtincha turmoq uchun o‘z hujralaridan birini senga berar, — dedi.
Do‘stimning bu maslahati mening diqqatimni u odamning menga hujra berishi yo bermasligidan ko‘ra ko‘proq uning nomi tomoniga tortdi:
— Qori-Ishkamba?!
Haqiqatan, qiziq bir nom, hayvonlarning oshqozonini «ishkamba» deydilar. Qanday munosabat bilan, odamga «Ishkamba» nomi berganlar?
Bu taajjubimni u do‘stimga aytib, undan izoh so‘radim. Do‘stim tushuntirib berdi:
— U odamning nomi Qori Ismat. Ammo ba’zilar «Qori Ismati Ishkam», ba’zilar «Qori Ismati Ishkamba» va ba’zi birlar qisqartirib «Qori-Ishkamba» deydilar. Buning sababini bilmayman. Lekin ajab emaski, u odamning qorni juda katta bo‘lganligidan shu laqabni uning nomiga qo‘shgan bo‘lsalar-u, bora-bora, laqab nom o‘rniga o‘tib qolgan bo‘lsa.
— Xalq «Ishkamba» laqabiga loyiq ko‘rgan odamdan biror yaxshilik umid qilib bo‘lmasa ham, — dedim do‘stimga, — siz meni u bilan tanishtiring, men undan «bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa g‘ovlab ketar» qabilida bir hujra so‘rab ko‘raman. Bersa-ku, juda yaxshi, bermasa ham zarari yo‘q, ammo «Ishkamba-odam»ning qanday maxluq ekanini bir ko‘rib qolay.
— O‘zim u bilan shaxsan tanish emasmanki, seni tanishtirsam, — dedi do‘stim, — faqat duch kelgan vaqtda ko‘cha-ko‘yda senga ko‘rsata olaman, undan keyin o‘zing yo‘lini topib tanishib olasan. Men rozi bo‘ldim.

II

Kunlardan bir kuni do‘stim bilan Buxoroning Labi hovuzi Devonbegisida sayohat qilib yurib edik, do‘stim sartaroshxonaga kirayotgan bir odamni menga ko‘rsatib:
— Ana shu odam «Qori-Ishkamba», — dedi.
Men uning faqat orqasidan ko‘rib qoldim afti basharasiga ko‘zim tushmadi.
— Unday bo‘lsa men shu yerda qolaman, agar o‘nqovi kelsa tanishib, hujra so‘rayman, bo‘lmasa aftini tanib olib, kelajak uchun yo‘l hozirlayman, — deb do‘stimdan ajraldim.
Men Qori-Ishkamba kirgan sartaroshxonaning oldiga borib, supachada o‘tirdim va o‘ziga bildirmasdan uni ko‘zdan kechira boshladim.
U o‘rta bo‘yli, qorni katta, semiz, bo‘yni kalta va yo‘g‘on, boshi ham katta va sergo‘sht bir odam edi, bo‘ynining yo‘g‘onligi va yuzining sergo‘shtligi shu darajada ediki, uning gavdasi suv to‘ldiriltan meshday tekis ko‘rinar edi. Agar uning qalin soqoli va sochi olinib, kiyimlari ham yechilib tashlansa, nortuyaning oshqozoniga o‘xshab qolar edi, faqat farqi shundaki, bu tuyanint oshqozonidan kattaroq va tusi ham qizg‘ishroq bo‘lib, oyu kuni to‘lgan semiz, tullagan keksa bo‘g‘oz cho‘chqaning xuddi o‘zi bo‘lib qolar edi.
Bunday qiyofani ko‘rgan hamon meiing ko‘nglimga, «Ajab emaski, xalq bu odamning qorni kattaligi uchun emas, balki gavdasining yum-yumaloqligi uchun unga «Ishkamba» laqabini munosib ko‘rgan bo‘lsa», degan fikr keldi.
Durust, bu odamning qorni boshqa odamlarning qorinlaridan ko‘ra juda katta edi, lekin gavdasining boshqa joylari, hatto bo‘yni va yuzlari ham shunday yo‘g‘on va semiz ediki, uning a’zoyi badani shu katta qorin bilan tep-tekis bo‘lib ketgan edi. Soch oldirish navbati Qori-Ishkambaga yetdi. Sartarosh ustarasini qayrab turib:
— Qani, bu yerga marhamat qiling, — deb unga oynaning oldidagi kursini ko‘rsatdi.
Qori-Ishkamba gavdasining og‘irligidanmi yo biron kasalligi sababidanmi, zo‘rg‘a o‘rnidan turdi. Lekin yuzining yaltirab, qizarib turganidan, uning semizlikdan boshqa kasali yo‘qligi bilinar edi.
U o‘rnidan turib, uzoq esnagandan keyin ikki qo‘llab sallasini boshidan oldi va sartaroshxonaning devoridagi lungilar osilgan qoziqqa ilib qo‘ymoqchi bo‘ldi.
Lekin sartarosh bunga yo‘l qo‘ymadi va chaqqonlik bilan qo‘lidagi ustara va qayroqni oyna oldidagi javon ustiga qo‘ydi-da;sallani ikki qo‘llab Qori-Ishkambaning qo‘lidan ola turib:
— Sallangiz shunday katta va og‘irki, agar u yerga ilsangiz, qoziq sinib, lungilar yerga tushib, tuproqqa belangan bo‘lur edi, — dedi va sallani supacha ustiga qo‘ydi.
— Xayriyatki, — dedi Qori-Ishkamba, — lungilaringiz tufayli mening sallamni ham tuproqqa belanishdan qutqardingiz, bo‘lmasa besh misqol sovunga kuygan bo‘lar edim.
— Sizning sallangiz tuproqqa tushsa hech bir zararlanmas edi, — dedi sartarosh, — ko‘pdan beri jomashov yuzini ko‘rmagan bo‘lsa kerakki, tuproqdan ham farqsizroq holga kelgan.
Xaqiqatan ham, Qori-Ishkambaning sallasi pechlariga qozon sochiq qistirib o‘ragandek, parcha-parcha qora dog‘lar ko‘rinar edi.
Men o‘ylardim: «Bir salla qancha katta va qanday og‘ir bo‘lsa ham, qoziqni sindirolmasligi aniq». Buni sartarosh ham yaxshi bilar edi; ammo uning sallani qoziqqa ildirmaslikdan maqsadi, uning kirini lungilarga yuqtirmaslik edi. .
— Bunday katta sallani haftada bir jomashovga solish mumkin emas,—dedi Qori-Ishkamba, — u holda sovunning uyi kuyadi.
— Nega bo‘lmasa kichikroq qilmaysiz? Qichikroq bo‘lsa-ku, doka ham ozroq ketadi, sovun ham ko‘p sarf bo‘lmaydi, — dedi sartarosh.
— Bu sallam — yirtish oluvchi salla, — dedi Qori-Ishkamba javobida, — buni boshimga o‘rab mozorboshida, o‘liklarni ko‘mayotgan chog‘da hozir bo‘lsam boshqa odamlarga bir gazdan yirtish berayotgan bo‘lsalar, menga ikki gaz beradilar.
Sartarosh gapira-gapira ustarani qayrab oldi. Ustara bilan o‘z bilagidagi junlarii taroshlab, o‘tkirligini sinab ko‘rgandan keyin, Qori-Ishkambaning bo‘yniga lungini o‘rab yana gapira boshladi:
— Sizni tanimaganlar albatta janozalariga xabar qilmaydilar, taniydiganlar bo‘lsa xoh sallangiz katta bo‘lsin, xoh kichik bo‘lsin, sizga munosib ko‘rilgan o‘lchamda yirtish beradilar. Buning uchun sallani katta qilib, dokani nobud qilish nega kerak?
— Siz sodda ekansiz, — dedi Qori-Ishkamba, — agar, meni janozalariga xabar qiladigan o‘liklarning yirtishlariga qarab tursam, soch oldirish pulini qayerdan topaman? Men kunda peshin namozi vaqtida Devonbegi xonaqohining sahnida hozir bo‘laman. Janoza o‘qish uchun u yerga keltirilgan har bir o‘likning (tanish bo‘lsin, bo‘lmasin) «xudoyi» janozasini o‘qib, uning orqasidan qabristongacha boraman va nasibaga yarasha yirtish olib qaytaman. Agar o‘lik egalari meni tanimasalar yana ham yaxshiroq, u vaqtda sallamning kattaligiga qarab kattaroq yirtish beradilar.
— Siz soch oldirish uchun ortiqcha pul ham to‘lamaysiz-ku, uning tashvishini chekib nima qilasiz? — dedi sartarosh bir kaft suvni Qori-Ishkambaning boshiga quyib, sochlarini ishqalab turgani holda, — boshqa odamlar hafta-o‘n kunda soch oldirib tursalar, siz ikki oyda bir marta soch oldirasiz, ustara haqini ham boshqalar beradiganning yarmisicha berib qochasiz.
Qori-Ishkamba bir oz zarda qilib, boshini sartaroshning qo‘li ostidan tortdi va bo‘yini cho‘zib, boshini ko‘tarib, ko‘zini sartaroshning yuziga tikib, dedi:
— Men xoh haftada bir marta soch oldiray, xoh ikki oyda bir, buning sizga hech bir aloqasi yo‘q. Mening sochim xoh o‘sib ketgan bo‘lsin, xoh o‘smagan bo‘lsin, siz bir marta ustara urasiz, uzun soch uchun ikki marta ustara ishlatmaysizki, mehnatingiz ortiq sarf bo‘lsa, Agar men soch oldirish haqini boshqalardan ko‘ra kamroq bersam, bu to‘g‘rida shikoyat qylishga haqingiz yo‘q, chunki o‘zingiz ko‘rib turibsizki, boshimning yarmisi sochsizdir va siz u yerga hech bir ustara urmaysiz..
Men Qori-Ishkambaning keyingi so‘zlaridan ogohlanib, uning boshiga qaradim, darhaqiqat boshining tepasi sochsiz va terisi burma-burma bo‘lib, qotib qolgan ekan.
Sartarosh Qori-Ishkambaning buzilgan kayfini tarqatish uchun bo‘lsa kerak uzr ohangi bilan:
— Men hazil qildim, Qori amaki, — dedi, — xoh ko‘p haq bering, xoh oz, sizning pulingiz tabarruk. Ikki boshdan men boy bo‘lmayman, qaysi sartarosh yo kosib boy bo‘lganki, men boy bo‘lar edim.
— Boylik, qashshoqlik xudodan, — dedi Qori-Ishkamba ishontiruvchi bir ohang bilan, lekin uning masxaralab, iljayib turishidan o‘zining haligi so‘ziga ishonmaganligi bilinib turardi.
Sartarosh Qori-Ishkambaning sochini olib bo‘ldi, lungini uning bo‘ynidan olib, bir chekkada turgan quti ustiga olib borib qoqdi. Lungini sochlardan tozalab, qayta boshdan Qorining bo‘yniga o‘rab, uning boshiga suv quymoqchi bo‘lganida:
— Kerakmas, — dedi Qori-Ishkamba, — mo‘ylovimni qaychilasangiz bas, boshning kirini tozalattirishga fursatim yo‘q.
— Nega? Biron janozaning vaqti yaqinlashdimiki, muncha shoshilasiz?
— Janoza uchrasa soat o‘n ikkilarda xonaqoh sahnida uchraydi, — dedi Qori va sartaroshxonaning devorida osilgan soatga qarab, yana dedi:
— Hali soat o‘n, boshqa zarur ishim bor.
— Yana qanday zarur ish ekan u? — deb so‘radi sartarosh.
Shu vaqt banka xodimlarining choy ichish vaqtlari, agar bir oz kechiksam choydan qolaman.
— Xo‘p, unday bo‘lsa… — dedi sartarosh salmoqlab va Qorining labini ikki barmog‘i bilan burib ushlab, mo‘ylovini qaychilashga kirishdi.
Men bu so‘z va bu hollarning hech biridan Qori-Ishkambaning qanday odam ekanligini aniqlay olmay qoldim. Men «Agar bu odam bir necha zarxarid hujraning egasi bo‘lsa, nega o‘zining tirikchiligini, hatto soch oldirish pulini tanimagan o‘liklarning yirtishi ustiga qo‘ygan, holbuki bunday ish, uysiz-joysiz, qo‘lidan hech bir ish kelmaydigan gadoylarning ishi. Agar haqiqatan bu odam uysiz-joysiz gadoyday bo‘lsa, nega o‘zini bank xodimlari bilan oshna ko‘rsatadi, hatto ularning tushlik payti ustiga yetib borishni zarur sanaydi? Har holda bu qiziq maxluq ko‘rinadi. Buni ta’qib qilib yaxshigina tanishib olishim kerak. Hujra so‘rash  masalasi bunga bir bahona bo‘ladi…» derdim o‘z-o‘zimga. Sartarosh Qori-Ishkambaning mo‘ylovini qaychilab bo‘lgan hamon u o‘rnidan irg‘ib turdi va sallasini supachadan olib, boshiga qo‘ndirdi-da, sartaroshxonadan chiqdi.
— Qori amaki, soch oldirish puli nima bo‘ldi? — deb sartarosh uning orqasidan tovush berganda, u qayrilib qaramasdan va qadamini sekinlatmasdan:
— Maydam yo‘q, yana soch oldirganda ikkisini bir qo‘shib beraman, — deb tezroq yurib ketdi va bir nafasda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

III

Ikkinchi kuni, men yana Qori-Ishkambani duch keltirib, iloji bo‘lsa, u bilan tanishish niyatida ko‘chaga chiqdim. Labi hovuzi Devonbegini aylanib  xonaqohning janub tomonidan boshlanadigan bazzozlik rastasiga tushdim. Bazzozlik do‘konlari oldida o‘tirgan odamlarni bir-bir ko‘zdan kechirib, bu rastaning g‘arb tomondagi adog‘ida bo‘lgan Sesuvga  chiqdim-da, u yerdan shimol tomonga qarab boradigan rastaga burildim. Bu rasta chinni bozori bo‘lib, o‘rta belida sandiq saroyi va sandiq sotiladigan do‘konlar bor edi.
Rastada hali o‘n qadam ham bosmagan edim, ko‘zim Qori-Ishkambaga tushdi. U bir chinnifurushning do‘koni supachasida oyog‘ini osiltirib o‘tirar edi. Men ham uning ro‘parasiga yaqinroq borib, eshigi yopiq bir do‘konning supachasiga o‘tirdim va sichqon poylagan mushukday ikki ko‘zimni uning tomoniga tikdim. Chinnifurushning oldida bir choynak choy bo‘lib, u choydan piyolaga quyib, navbat bilan bir daf’a o‘zi, bir daf’a Qori ichishar edilar. Shu vaqtda bir novvoy boshida bir savat, qo‘lida bir savat non bilan “suvi moy, uni shakar, issiq non. Ehtiyot bo‘l, qo‘ling kuyadi!” deb rastadan o‘ta berdi…
Qori-Ishkamba novvoyni chaqirdi, novvoy uning oldiga borib, qo‘lidan savatni pastlatganda, u, ikki dona qip-qizil nonni tanlab oldi. Nonlarni sindirib chinnifurushning yelpig‘ichi ustiga tashladi va bir burdani og‘ziga tiqqandan keyin qo‘lini yon cho‘ntagiga soldi.
Men uning bu ishidan juda taajjubda qoldim, uning bu ishi tunov kun sartaroshxonada ko‘rganim odamning ishlariga o‘xshamas edi: tunov kun u o‘zini, tirikchiligi o‘liklarning yirtishi ustiga qolgan isqirt bir odam qilib ko‘rsatgan edi, soch oldirish haqida boshining sochsiz joylariga hisoblab, oxiri haq bermasdan qochib ketgan edi: bugun bo‘lsa savdolashmasdan ikki nonni oldi, uni boshqa bir odamning do‘koni oldida sindirib, birgalashib yeyishi bilan bu kun, u, mening ko‘zimda «Hotami Toyi» bo‘lib ko‘rindi.
Qori-Ishkamba cho‘ntagiga tiqqan qo‘lini olib boshqa cho‘ntagiga tiqdi. Bu orada tag‘in bir burda non olib lunjiga joyladi. Novvoy: «Tez bo‘ling, Qori amaki, meni uzating, nonim sovib, bozordan qolmasin», — deb qistar edi.
Qori-Ishkamba hamma cho‘ntaklarini axtarib bo‘lgandan keyin, chinnifurushga qarab:
— Uka, shu nonlarning pulini siz berib turing, cho‘ntagimda pulim yo‘q ekan, agar pulim yo‘qligini boshdan bilsaydim, nonlarni sindirmas edim, — dedi va o‘zi xotirjam bo‘lib, ikki qo‘llab non yeyishga kirishdi.
Chinnifurush manglayini burishtirib, bir nonga qaradi, bir Qoriga, oxiri novvoydan nonning narxini so‘ragandan keyin g‘aladonidan pul chiqarib, to‘lab yubordi.
Ammo Qori-Ishkamba novvoyga ham, chinnifurushga ham qaramay ikki ko‘zini yonga tikkanicha lunjiga non burdalarini tiqmoqda edi. Faqat chinnifurush novvoyni uzatib, o‘z oldiga qo‘yib qo‘yilgan choyni ichayotganida Qori-Ishkamba unga qaramagani holda qo‘li bilan uni non yeyishga taklif qildi.
Chinnifurush nondan bir burda olib yeb, qo‘lidagi piyolani bo‘shatguncha, Qori-Ishkamba sindirilgan nonlarni yeb tugatayozgan va yelpig‘ich ustidagi sindirilgan non kamaygan sari, Qori-Ishkambaning ishtahasi orta borardi. Oxiri shu darajaga yetdiki, chaynalmagan non bilan to‘lgan lunjini qimirlata olmaydigan, tomog‘idan non o‘tmaydigan va og‘zi gapirishga imkon topolmaydigan bo‘ldi. Qo‘li bilan chinnifurushga choynakni ko‘rsatib, ishorat bilan bir piyola choy quyib berishni suradi. Chinnifurush iljaygani holda piyolaga choy quyib, unga uzatdi. Qori-Ishkamba bir qo‘lini yelpig‘ich ustida qolgan eng oxirgi bir burda non ustiga qo‘ygani holda ikkinchi qo‘li bilan piyolani olib, bir ho‘plam choy ichdi. Shu bilan og‘zidagi nonlar yumshab, lunji bir oz bo‘shagan bo‘lsa kerakki, eng oxirgi non burdasini ham og‘ziga tiqdi va piyoladagi choyni xo‘rillatib ichgandan keyin, og‘zidagi nonlarni chaynay-chaynay o‘rnidan turib ketdi. Men ham uning orqasiga tushdim…
Qori-Ishkamba yo‘l yurishda uncha shoshilmas edi, asta-asta qadam tashlab, ikki tomondagi do‘kon va do‘kondorlarni bir-bir ko‘zdan kechirar, ko‘zi ko‘ziga tushgan  odamlar bilan «salom-alik» ham qilar edi.
U bir necha qadam yurgandan keyin, sandiq saroyi, oldida bir sandiqfurush do‘konining supachasiga o‘tirdi. Sandiqfurushning o‘zi do‘konining ichkarirog‘ida o‘tirardi, oldiga hisob cho‘ti tik qo‘yilgan bo‘lib, labi pichirlar edi.
Qori-Ishkamba o‘tirgani hamon yonboshlab, qo‘lini cho‘tning orqasiga uzatdi-da, u yerdan bir narsani olib og‘ziga tiqdi.
Men sandiqfurush do‘konining yonida o‘tirarga joy topmadim, noiloj qolib, uzoqroqda bir bo‘sh joy topib o‘tirdim. Lekin u yerdan turib Qori-Ishkambaning ishlarini payqay olmas edim. Faqat sandiqfurush do‘konining oldidan o‘tayotganimda shuni sezdimki, u, bir narsani (o‘tgan-ketganlarning ko‘zidan yashirmoqchi bo‘lib) hisob cho‘ti panasiga qo‘yib yemoqda ekan, shunday bo‘lsa ham, Qori-Ishkambaning «o‘tkir ko‘zi» uni ko‘rgan va ola solib u yerga o‘tirib, u narsani yeyishda sandiqfurushga yordamlasha boshlaganini payqadim, u narsaning nima ekanligini aniqlay olmadim.
Qori-Ishkamba sandiqfurush do‘konida ko‘p o‘tirdi, yeydigan narsani yeb bo‘lganidan keyin, o‘rnidan turib do‘ppi va shohi bozori bo‘lgan «timcha»ga kirdi. Bu «timcha» deb atalgan bozor chinnifurushlik rastasi bilan attorlik rastasi orasida ko‘ndalang bo‘lib, ikki rastani bir-biroviga tutashtiradigan usti yopiq torgina bir yo‘lakcha edi.
Men timchadan ancha uzoqlikda o‘tirgan joyimdan turib, Qori-Ishkambaning orqasidan yetishmoq uchun darrov yo‘lga tushdim va timchaga kirib, unga yetib oldim. U ham bu gal bir oz tez yurar, ikki tomondagi do‘kon va do‘kondorlarga ko‘p qaramas edi. Faqat bora turib bir do‘ppifurushning do‘koni oldida to‘xtab qoldi.
Tevarakda munosib o‘tirar joy bo‘lmaganidan, men ham o‘zimni xaridor ko‘rsatib, do‘ppifurush do‘konining oldida turdim.
Qori-Ishkamba do‘ppifurush bilan salomlashgandan keyin, undan:
— Mening do‘ppilarimni sotdingizmi? — deb so‘radi.
— Yo‘q, hali sotganim yo‘q, — dedi do‘kondor.
— Sotgansizku-ya, lekin pulini bir necha kun ishlatmoqchisiz? — deb Qori-Ishkamba do‘kondorning gapiga ishonmaganligini bildirdi.
— Qori amaki, siz odamga ishonmaydigan bir kishisiz, shunday  degani holda do‘konlar orqasiga qayrilib qo‘lini rafchalarning biriga uzatdi va ustma-ust qo‘yilgan, bir dasta do‘ppini olib, Qori-Ishkambaga ko‘rsatdi:
— Shular sizning do‘ppilaringiz emasmi?
— Shular mening do‘ppilarim, — dedi va qo‘shimcha qildi, — boshda ham men sizning gapingizga ishongandim, faqat bir hazil qilgan edim-da, darrov achchig‘ingiz kelmasin.
— Nega achchig‘im kelsin? Sizning munaqa «hazil»laringizni endi eshitayotganim yo‘q-ku.
— Xo‘p, hazilni bir yoqqa qo‘yaylik, — dedi Qori-Ishkamba, — men bu kun pulga juda muhtojman. Bir ish  qilib shu do‘ppilarning pulini, hech bo‘lmaganda yarmisini berib tursangiz, meni juda minnatdor qilgan bo‘lar edingiz. Shunday qiling, jon uka! Ilohi bolalaringizning to‘yini ko‘ring!
— Bu gapingiz hazil bo‘lsa ham yaxshi emas, chin bo‘lsa ham, — dedi do‘ppifurush jiddiy bir ohang bilan.
— Nega?
— Shuning uchunki, — dedi do‘ppifurush, — siz mendan o‘z do‘ppilaringizni chakana narx bilan sotib berishni so‘ragan edingiz, agar men o‘z dastmoyamdan sizga bularning pulini avvaldan berib qo‘yib, keyin bitta-bitta sotib, u pulning o‘rnini to‘ldirsam, menga foyda bo‘lmaydigina emas, balki zarar bo‘ladi. Chunki sizning o‘zingiz har yuz tangangiz uchun mening o‘zimdan har oyda ikki yarim tanga foyda olasiz. Shunday bo‘la turib, «o‘z pulingdan menga berib tur», deysiz.
Qori-Ishkamba, do‘ppifurushning bu gapiga javob topolmaganidan bo‘lsa kerak, o‘ylab qoldi va do‘ppifurush yana so‘zga kirishdi:
— Bo‘lmasa bir ish qilaylik — na six kuysin, na kabob.
— Qanday ish? — deb so‘radi Qori-Ishkamba.
— Siz o‘z do‘ppilaringizni ko‘tara narx bilan baholab menga soting, men ham bularning pulini sizga  naqd to‘lay, undan keyin chakana narx bilan o‘z hisobimga bitta-bitta sotay, u holda menga ham bir narsa qoladi, siz ham pulingizni hozirdan olasiz, nima deysiz?
— Bunday savdo menga to‘g‘ri kelmaydi, u vaqtda : do‘ppilar pulining qariyb to‘rtdan biri qo‘limdan ketadi, — dedi Qori-Ishkamba va ketmoqchi bo‘ldi.
— O‘tiring! Do‘ppilaringiz puli ustidan bitta choy damlay, — dedi do‘ppifurush hazillashib.
—Rahmat, men hozir bankaga borib choy ichaman, — dedi Qori va kulib qo‘shimcha qildi, — mening do‘ppilarim pulidan bo‘ladigan choyga na sizning tishingiz o‘tadi, na o‘zimniki.
Do‘ppifurush Qori-Ishkambaning bu gapiga kularkan, mendan:
— Sizga nima kerak?— deb so‘radi.
— Do‘ppi!
Qetarmon bo‘lib qadamini olg‘a bosgan Qori-Ishkamba mening bu gapimni eshitib, yo‘ldan qaytib to‘xtab qoldi va do‘ppifurushga qarab:
— Bu kishiga mening do‘ppilarimdan ko‘rsating! — dedi. Do‘ppifurush Qori-Ishkambaning do‘ppilarini dastasi bilan mening qo‘limga berib:
— Mana bulardan birortasini tanlang! — dedi. Men ham ularning orasidan bittasini ajratib;
— Mana shunisi qancha turadi? — deb so‘radim.
— Besh tanga, — dedi do‘ppifurush.
— Ikki tanga! — dedim men do‘ppilarni dastasi bilan uning qo‘liga qaytarib berib.
— Insof qiling, uka, — dedi Qori-Ishkamba menga qarab, — bularning har biriga to‘rt tangalik masallik sarf bo‘lgan, aqalli o‘sha masalliqning pulini bering, tikish haqini sizga bag‘ishlasinlar,
— Bu kishi do‘ppi olmaydilar, — dedi do‘kondor do‘ppilarni rafchaga qo‘ya turib, — bekorga xomtama oo‘lmang.
Qori yo‘lga tushdi, men ham…
Qori-Ishkamba timchaning attorlik rastasiga o‘tiladigan tomondan chiqib, bir attorning do‘koni oldida to‘xtadi. Men ham do‘ppifurush do‘koni yonidagi tajribamni ishlatib, o‘zimni xaridor ko‘rsatib uning yoniga borib turdim.
Qori-Ishkamba attor bilan salomlashgandan keyin unga: — «avarasi» hisobidan bir tishlam gulqand bering, ishtahadan qolibman, — dedi.
Attor kulimsirab, oldidagi mis tosning qopqog‘ini ochdi va uning ichidan temir belcha bilan yong‘oqday gulqand uzib, Qoriga uzata turib dedi:
— Xayriyatki, ishtahadan qolgan ekansiz Qori aka, bo‘lmasa butun dunyoni yeb qo‘yar edingiz.
Qori-Ishkamba belchani attorning qo‘lidan olib, uning uchidagi gulqandni tishi bilan uzib oldi va belchani attorga uzatib:
— «Avarasi» juda ham kichik bo‘lipti, tishlarimning kovagida yo‘qolib ketdi, — dedi.
— Do‘konim kichkina, mollarimning bori  bobo olib nabira sotadigan mollar, bu holda «avarasi» bundan katta bo‘lmaydi.
— Xo‘p, «avarasi» uchun bo‘lmasa xudo uchun yana bir tishlam bering, duo qilaman, — dedi Qori-Ishkamba.
Attor yana bir tishlam gulqand uzib, belcha bilan Qoriga uzatdi, Qori bu daf’a belchani attorning qo‘lidan ola turib, menga qarab:
— Uka, menda biron ishingiz bormi? —dedi to‘satdan. Men uning bu savolidan shoshib qoldim, chunki bunday savolni undan kutmagan va javobiga hozirlanmagan edim. Men: «Ha, sizda ishim bor, oyloq yerda aytaman» deb, uni bir chekkaga tortib, hujra masalasini uning oldiga qo‘yish o‘rniga, boshqacha harakat qildim: attor agar: «Ha, uka, sizga nima kerak» desa, uning javobi uchun hozirlab qo‘ygan so‘zimni telbalanib, Qori-Ishkambaga aytib yubordim:
— Ha, menga murch kerak! — dedim.
Albatta bu javob Qori-Ishkambaning: «uka, menda biron ishingiz bormi?» degan savoliga tamoman aloqasiz bo‘lib tushdi. Buni darhol o‘zim ham sezdim, shuning uchun tezlik bilan qo‘limni yon cho‘ntagimga tiqdim, darrov bir oz murch olib, u yerdan qochmoqchi. bo‘ldim. Baxtga qarshi, cho‘ntagimda biron pul ham yo‘q ekan,qizarib-bo‘zarib attorga qarab:
— Hozir yonimda pulim yo‘q ekan, borib pul keltirib, so‘ngra olaman, — dedim-da, tura solib u yerdan qochdim. Attorning do‘koni oldidan uzoqlashayotganimda  ko‘zimning qiri tushdi: Qori-Ishkamba quyi labini! yuqori labi ustiga tortib, mening haqimda nimanidir ishorat bilan attorga anglatmoqda edi.

* * *

Bugun ham mening «ovim» yurmadi. Yurmadigina emas, tuzoq oldiga kelgan «ov» hurkib qochgan edi, bundan buyon uning orqasidan tushish yo‘li men uchun to‘silgan edi; Qori-Ishkamba oldida sharmanda bo‘lgan edim. «Murch olishim»ning yolg‘onligi uning oldida kun kabi oydin edi. Men murch olmasdan «murch yegan»  edim, hatto u «murch olishim»ga qiyos qilib «do‘ppi olishim»ning ham yolg‘onligini bilib olgan edi.
Endi pushaymon qilish o‘rinsiz, «afsus» foyda bermas, ov tuzoqdan qochgan, qush qo‘ldan uchgan edi.
Shuningdek, men u bilan tanishish va uning ahvolini o‘rganishdan umidimni uzmagan, faqat bu maqsadga yetishish uchun boshqa yo‘llar, boshqa tadbirlar izlamoqda edim. Oxir xayolimga maia shunday bir fikr keldi: uning uyining adresini topaman, to‘ppa-to‘g‘ri uyiga boraman, uning oldida «do‘ppi olishim» va «murch olishim»ning yolg‘onligini inkor qilaman, «sizning orqangizga tushishdan maqsadim, siz bilan tanishib, sizdan hujra so‘ramoq edi», deyman. Shu bilan ham sharmandalikdan qutulaman, ham u bilan tanishib olaman, Shundan keyin uning ahvolini o‘rganish uchun menga yo‘l ochiq bo‘ladi.

Asarning to‘liq variantini saqlab oling.