Axiyri, bir kun yelkalarda so‘nggi yo‘ldan o‘tmoq muqarrar. O‘sha cho‘bin ot ortida hamma bo‘zlab qoldi, farzandlar, bog‘lar, ezgu ishlar, yaxshi nomlar qoldi, armon va abadiy sog‘inch qoldi. Yoshini yashagan, oshini oshagan mo‘ysafid bobodan, sochlari oppoq momodan qoladigani ana shular edi. Ammo hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan yoshgina onaizor, endigina o‘g‘il-qizi atak-chechak bo‘lgan yoshgina ota qazo qilsa-chi? Tog‘lar ko‘tarolmagan azaliy motam qavatida tog‘larday ulkan muammolar qolarkan… Vodarig‘!..
O‘ttiz yashar qizini tuproqqa qo‘ygan Risolat kampir yetti bukilib qoldi. Bandayi mo‘min ekanki, ko‘ndi, ko‘nmay ham iloji qancha!? Oy o‘tdi, yil o‘tdi, kuyovi bosh-uchini yo‘qotgan, ikkala yetimning kir-chiri, osh-noni bor. Kampirshoda bularning uddasidan chiqadigan kuch-mador qani?
Risolat xola o‘zi harakatga tushdi, ko‘rpa-to‘shak qavidi, yig‘lab-siqtab yurib, kuyovini o‘zi uylantirdi. Rahmatli qizidan qolgan ro‘zg‘orni, qulf-kalitni kundosh-kelinning qo‘liga berdi.
– Yetimlarimni – sizga, sizni – Xudoga topshirdim, – deb duo qildi, xayrlashdi.
Bir hafta o‘tib-o‘tgani yo‘q, kampir endi namozini o‘qib bo‘luvdi, kallayi saharda eshik taqillayverdi. Chiqib qarasa, to‘qqiz yashar Toshpo‘lat, ko‘zlari jiqqa yosh, rang-ro‘yi, ust-boshi bir ahvolda.
– Ena, jon ena, shu yerda siz bilan yuraveray.
– Ie, otang nima deydi? Endi onang ham bor-ku, bolam.
– Jon ena…
Risolat xola boshiga dokasini tashlab, nabirasining qo‘lidan yetakladi va iziga qaytardi. Karomatning kundoshi til uchida salom berib, durustroq pesh kelgani yo‘q.
– Bola ekan-da, qizim, bu hali novda, egib olsa bo‘ladi, ammo sekin-asta, tez kirishsangiz sinib qoladi. Innaykeyin, sal erkaroq, rahmatli onasi… – kampirning og‘zidagi-og‘zida, bo‘g‘zidagi-bo‘g‘zida qolaverdi.
– Qizingizni men o‘ldiribmanmi, a?
– Yo‘q, unaqamas, Xudoning buyrug‘i-da, jon bolam, – motamzada ona qahrini ham, ko‘z yoshlarini ham sirtiga chiqargani yo‘q. – Yetim boqqanga jannatning yetti eshigi ochiq deyishadi, shuning uchun…
Kampir ko‘p gaplarni o‘rtaga soldi, yotig‘i bilan tushuntirdi. Natija shu bo‘ldiki, birisi kuni tong chog‘i qo‘ylarga hashak solgani borsa, Toshpo‘lat somonxonada qunishib yotibdi, o‘rnidan tura solib, buvisining etagiga yopishdi:
– Jon ena, meni quvlamang…
Sal kunda yetti yashar Lobaroy ham yig‘lab kirib keldi. Nima qilsin, haydab solsinmi? Boz ustiga hafta o‘tdi, oylar o‘tdiki, ikki norasidaning ortidan birov istab kelgani yo‘q. Risolat xola ham, uning ikki qizdan keyingi yolg‘iz o‘g‘li Jamolxon domla ham ikkovini qanotlari ostiga olishdi.
Rost gap: yetim yumalab kunini ko‘rarkan, biroq ketganning kelishi, ketmonlanganning kelmasligi ham aniq. Alqissa, tengini topib, avvaliga Lobaroyni uzatdilar. So‘ngroq Jamolxon domla yana jiyan to‘y qildi, Risolat momo nevara kelin tushirdi, yil o‘tgach, evarasi Elyorni beshikka beladi. Bir oqshom o‘g‘liga mung‘ayib qaradi:
– Toshning uyi yo‘q-da, bolam, bitta o‘g‘li hademay ikkita, keyin uchta bo‘ladi. Mendan so‘ng…
– Manavi hayhotday hovli-chi, oyi?
– Axir, bu seniki-da, dadangdan qolgan…
– Ie, – kulimsiradi muallim, – otamdan qolgan bo‘lsa, mendan qolmaydimi? Uni men qayoqqayam ko‘tarib ketardim? Gap mundoq, oyijon, menga uka tug‘ib bermovdingiz, shu Toshpo‘lat sizning o‘g‘lingiz, mening qiyomatli ukam-da.
Serfarzand tog‘a otameros hovlisini shartta ikkiga bo‘ldi-da, teng yarmini jiyaniga xatlab berdi. Buginamas, o‘zi qoziq qoqib, o‘zi reja tortdi, o‘g‘illari loy qordi, Toshpo‘lat yog‘och-tosh keltirdi, sal kunda g‘oz to‘shiday oppoq uy-dahliz bitdi, go‘yo quyoshga qarab kulib turardi. Yetimdan ko‘ngli tingan momo yig‘lab duo qildi:
– Tuproq olsangiz – oltin bo‘lsin, bolalarim!
Dunyo deganlari ko‘hna charxpalak. Toshpo‘latning qo‘li pul ko‘rdi, mashinali bo‘ldi, sirtdan o‘qib, oliy ma’lumot oldi, to‘ylar qildi. Jamolxon domla esa qartaydi, uch o‘g‘ildan loaqal birortasiga harchand uy-joy qilay deydiki, qurbi yetmaydi. Bir kuni jiyan uning eshigini taqillatdi.
– Yuring, tog‘a.
– Qayoqqa?
– Hovli ko‘rgani boramiz.
– Ie, uying bor-ku, uka…
Gapning po‘stkallasi shuki, jiyan dang‘illama kottej sotib olgandi, bobomeros hovlisining kalitini esa mo‘ysafid muallimga topshirarkan, uning qo‘llarini o‘pdi:
– Bir vaqtlar mana shu qo‘llar menday bir yetimning manglayini silagandi, endi navbat meniki, yo‘q demang, tog‘ajon…
Bahor keldi. Toshpo‘lat to‘y qildi. Yangi kelin avval buviga, so‘ng qaynota-qaynonasiga ta’zim bajo etdi.
– Ko‘p yashang, bolam, – alqadi Risolat momo va qirq yil burun olamdan o‘tgan juvonmarg qizini eslab, ko‘zlari namlandi. – Bu kunlarni onang rahmatli ko‘rmay ketdi-da, o‘g‘lim.
Boshlar egildi. Ezgin sukunat pardasini Mahmudaxonning yaxshi luqmasi oradan ko‘tardi:
– O‘g‘lingiz buvimni hajga oboraman deyaptilar.
– Koshkiydi-ya! – boshini sarak-sarak qildi buvi. – Zamona obod bo‘lib, hojilar zuvva borib, zuvva kelisharkan. Oyoq u yoqqa tortsa, bel zormanda bu yoqqa tortadi, menda kuch qani, mador qani, bolalarim? qaniydi, borolsam, qaniydi-ya!
So‘ng bir narsani eslaganday tek qotdi-da, qo‘llarini juftladi:
– Omin, – hammalari kaftlarini ochishdi, – iloho, niyating yo‘ldoshing bo‘lsin, oy borgin, bolam, jumlaning qatorida hojiakbar bo‘lib, omon-eson qaytgin.
Fotiha o‘qilgach, Mahmudaxon iljaydi:
– To‘ydan so‘ng yetti qoqqan kunduchday bo‘lib o‘tiribdilar-ku. Pul qayoqda?
– Unaqa demang, qizim, Xudo yetkazadi.
– Pul naqd! – dedi Toshpo‘lat mutlaqo jiddiy qiyofada.
– Ha-a, bug‘doyingizmi? – yana kuldi qaynona.
– O‘sha-da. O‘zingiz ko‘rgan uch tup bug‘doy-chi, buvi, besh yilda yuz barobar bo‘ldi, yana besh yilda tag‘in yuz karra ko‘paysa, ikki yuz to‘rva bo‘ladi. Ana innaykeyin, arizamizning galiyam kelib qoladi, sizni boshlab…
– Xudo xohlasa degin, bolam.
– Xudo xohlasa, albatta…
Risolat momo esladi. Chindan ham bu besh yil burungi gap edi. Elyor bodringga joy hozirlayotgan ekan, marzadagi uch tup bug‘doyni chopmoqchi bo‘ldi.
– Qo‘y, bolam, – dedi chorpoyada uni kuzatib o‘tirgan momo, yigitning ketmoni havoda muallaq qoldi. – Umid bilan qaro yerdan bosh ko‘taribdi, shuniyam yashagisi keladi-da, noumid qilmagin. Bunda bir xislat bor, agar xislati bo‘lmasa, sen ekmasang ham unib chiqmasdi. Choylaganini qara. Urush mahali bir kaft bug‘doy odamzotning xuniga aylanib…
Buvisining gapini Toshpo‘lat keyin eshitdi va nihollar atrofini ihotalab parvarishladi, bir shokosa don oldi. O‘zining ham aqli bovar qilmaydi, xayoliga qayoqdan (balki g‘oyibdan) keldi – bilmaydi: bug‘doyni Mahmudaxon bergan xaltaga solarkan, og‘zidan chiqib ketdi:
– Shuning puliga buvimlarni hajga oboraman.
Mahmudaxon o‘shanda kulganicha hozir ham kuladi, lekin ilgarigiday emas, avval erining gapiga ishonmagan bo‘lsa, endi esa o‘zining haqligiga ishonmay qolgandi…
Oltinchi yili Kungay adirdagi lalmikor sirtga o‘sha uch tup bug‘doydan yaralgan ikki to‘rva urug‘ sochildi. Keyin yettinchi bahor… Xullas, o‘n ikkinchi yili kapsandan, ehsondan tashqari 276 qopda bug‘doy tiklandi. Toshpo‘lat «Ford»ning yukxonasiga ikki qop tashlab jo‘namoqchi edi.
– Tog‘amlarning, buvimlarning tengi shuginami? Uyat bo‘ladi-ya! qo‘shniga aytib, «gruzovoy»ga 20-30 qop yuklamaysizmi? – dedi aqli bajo va soliha Mahmudaxon.
Jamolxon domlaning, yanganing boshi ko‘klarga yetdi.
– Xirmonga baraka! – dedi momo duo qilib.
– Umringizga baraka!
– Umrim? Umr deganlarining barakasi bundan ziyodayam bo‘lsinmi? – kampir siniq jilmaydi va tahdid qilgan bo‘ldi: – Buvim go‘rida tinch yotsin desang, manavi qizimni xafa qilmagin, o‘g‘lim. Bo‘ptimi?
– Xo‘p, buvi.
Risolat momo nabirasiga sinovchan tikilib turdi-da, kulimsirab savol berdi:
– Arizang o‘rinlay deb qolgandir?
– Bir yil bor, navbatimiz yaqin, sizga aytuvdim-ku, buvi.
– Oz qopti-da, – Risolat momo achchiq armon bilan bosh chayqadi. – qaniydi-ya! Otamga, onamga nasib etmagandi, mana endi sizlarga buyurgan ekan, bolalarim, shunisigayam ming shukur. Mahmudaxonni yoningga olib, oy borib, omon kelgin, Toshpo‘latxon.
– Siz-chi, buvi?
– Menmi? Meni Xudo biladi, bolam…
* * *
Ana, aeroport yo‘lida mashinalar saf-saf. Hojilar ona-Vatan tuprog‘iga qo‘nib, oila degan buyuk ostonaga oshiqmoqdalar. Chorrahaga yaqinlashganda, Toshpo‘lat hoji ruldagi o‘g‘lining yelkasiga qo‘lini qo‘ydi:
– Mixchalikka hayda, avval buvimlarni ziyorat qilaylik.
– Axir, uyda sizlarni tumonat kutib turibdi-yu.
Mahmudaxon kenjatoyini salgina turtib qo‘ydi:
– Qulog‘ing bormi, o‘g‘lim? Dadang senga nima dedilar?..
Ana, yonma-yon bir juft qora marmar: «Risolatxon Muhammadali qizi, 1922–2013», «Karomatxon Rahim novvoy qizi, 1942–1972».
Oyatlar ezgin ohangda Mixchalikda ma’yus do‘ppaygan tuproq uyumlari uzra taraldi, yuraklar mumday erib, ko‘zlar selobi yuzlarni yuvaverdi, yelkalar silkinaverdi. Hiqillayotgan Mahmudaxon muzday toshni qayta-qayta siypalab, qizargan ko‘zlariga surarkan, daf’atan hayronlikda qotib qoldi:
– Hojidadasi, anavini qarang! – u Risolat momoning qabriga imo qildi.
Toshpo‘lat hoji o‘sha tomonga boqib, yoqasini ushladi:
– Yo qudratingdan!
Qabr ustida qarichga yetayozgan uch tup bug‘doy qir shamolida selkillab turardi…