Risolat Haydarova. Uchinchi bashorat (hikoya)

Movarounnahrda saraton issiqlari avjga chiqqan payt. Sahargi salqinlik ko‘p o‘tmay kunduzgi jazirama bilan almashadi. Quyosh go‘yo odamzod, nabotot va hayvonot olamini o‘z qudratiga yana bir bor ishontirishga qasd qilganday… Butun borliq, hatto shamol ham nafas olmay qotgan kabi.
Uch oshyonalik muazzam rasadxona ichi salqin. Yaqinda qurilishi yakunlangani bois bino ichida ganch va bo‘yoq hidi anqiydi. Xonalarning aksariyati hali bo‘sh, oyoq bosgan sari qadamlar aks-sado beradi.
Rasadxona zinalaridan oppoq ipak yaktak ustidan keng, yengil shohi chakmon kiygan o‘ttiz yoshlardagi yigit yuqorilaydi. Yigit egnidagi kiyimlarning yoqa o‘yiqlari hamda yelkalarida nozik chokli bezaklar ko‘rinadi. Boshiga o‘ralgan ixcham oq dastorida yong‘oq kattaligidagi shaffof tosh yarqiraydi. Bu yigit Eron va Turon xoqoni, temuriyzoda Shohruh Mirzoning to‘ng‘ich o‘g‘li hamda ishonchli noibi, Movarounnahr va Turkiston hukmdori Mirzo Ulug‘bek edi. Ulug‘bek ortidan shogirdi Ali Qushchi ergashadi.
– Alouddin Ali, – dedi Mirzo Ulug‘bek, – ertan oqshomga mavlono Muhammad Ardistoniyni rasadxonaga taklif etdim. Bilasen, bir muncha vaqt avval u kishi bilan bir vajdan bahs etib qolgan edik.
Ali Qushchi ustozining keyingi so‘zlarini kutib sukut saqladi. Chunki Mirzo Ulug‘bek biron bahstalab mavzu haqida so‘z ketganda o‘z-o‘zi bilan mushohada yuritayotgan kabi yarim ovozda so‘zlar, Ali Qushchi shu odatini yaxshi ko‘rardi.
– Mavlono Ardistoniy raml ilmida sohibi kamol erurlar, – deya so‘zini davom ettirdi Ulug‘bek, – ammo men u kishi taqdiri azal borasida bir oz mubolag‘a qilurlar, deb o‘ylamoqdamen. Alloh o‘z bandalari ruhiga jism bag‘ishlar ekan, dorilfanodagi umri uchun o‘lchov hamda vazifa ham ato etgay. Bu barhaq rost. Ammo hamma hodisot faqat taqdiri azalda bitilgan bo‘lsa, insonga nechun zakovat va idrok, shuur va iqtidor berilmish? Alloh insonni shu qadar suyib, unga iqtidor va iste’dod berar ekan, uni taqdir oldida ojiz etib qo‘ymog‘i mumkin emas! Men inson dunyoga bejiz kelmas va beiz ketmas deb bilurmen.
Ulug‘bek uchinchi oshyonaga olib chiquvchi pillapoya adog‘ida to‘xtab, ortidan kelayotgan shogirdiga qaradi:
– Nechun indamaysen, mavlono?
Ali Qushchi kulimsiradi:
– Ustod, o‘zingiz aytar edingizkim, farazning mubolag‘a emasligini isbotlamoq uchun sinov lozimdur. Ammo mavlononing so‘zlari borasida ilmi sinov ilojsiz. Shundoq ekan…
Ulug‘bek qo‘lini ko‘tarib, shogirdining kiftiga qoqdi.
– Balli, Alouddin!
Keyin kulib yubordi:
– Ilmi sinov ilojsiz degin? Ammo ilojsiz nimarsaning o‘zi yo‘qdur!
Ali Qushchi ustozi nima sababdan kulganini tushuna olmadi. Ulug‘bek esa miyasiga kelgan fikrdan lazzatlangan misol yana bir bor kuldi. So‘ng yosh mudarrisni ortidan kelishga ishora qilib, ichkari kirdi.
– O‘n kunlardan keyin asad kirur, – dedi Ulug‘bek, – bu yil Dubbi Akbar ayni asad paytida egilma avj bo‘ylab ko‘rinur. Yangi usturlobning tagligi kechikib qolmaydimu?
– Ustod, faqir usta Muhammadquli ila so‘zlashdum. Taglikni uch kunlar ichida bitiramen, deb aytdi. Nuqson chiqmasligi uchun uning ko‘zi oldida parkor bilan qayta boshdan hisoblatib ko‘rsatdum.
– Balli!
Ulug‘bek yo‘lak bo‘ylab yurarkan, rasadxona devorlariga yuzinchi martadir, suqlanib qaradi. Uchinchi oshyonaning qoq o‘rtasida, supacha ustida bo‘z matoga avaylab o‘ralgan nimadir ko‘rindi. Supacha pastida ikki yosh yigit – duradgorlar qo‘llarida qirrasi yarqiragan tesha, suvoqchilarning kichkina havozasini pastga yotqizgancha bo‘laklashar edi. Ulug‘bek ortiga qaytdi. Ali Qushchi yana unga ergashdi.
Hovli sahnida kun qizig‘iga qaramay odam ko‘p edi. Sahn o‘rtasiga ulkan supa yasalgan, atroflarda yana o‘nlarcha kichik supachalar ko‘zga tashlanar edi. Meshkobchilar supalar ustiga ko‘loblatib suv sepadilar, bozordan olib kelingan mardikor xizmatchilar rasadxona darvozasidan bo‘yralar, gilamlar ko‘tarib kiradilar. Sahn yuzasida uch qavat belbog‘ini aylantirib bog‘lagan devqomat ishboshi xizmatlar to‘g‘ri ado etilishini nazorat qilib boradi. Ora-sira qisqa buyruqlari eshitiladi. Hovliga olib chiquvchi eshik yonida turgan posbonlar hukmdorni ko‘rishlari bilan g‘imirlab qolishdi. Yasovullardan biri hukmdorning otini yetaklab keldi. Ikkinchisi uni otga mindirishga chog‘landi. Hovlidagi xizmatchilar ta’zimga egilishdi. Ulug‘bek esa odamlarning shoshib qolganiga bee’tibor, yasovul yordamida otga mindi. Va posbonlar qurshovida darvozadan chiqdi.
Bino hovlisidan tashqaridagi keng maydonga o‘choqlar qazilib, doshqozonlar o‘rnatilgan, bo‘z matodan tortilgan ulkan soyabon tagiga, tekis yerga tashlangan bo‘yralar ustida kigizlar to‘shalgan, ularda ellikka yaqin kishi o‘tirib sabzi to‘g‘rar edi. Katta davra o‘rtasidagi dasturxonda sap-sariq sabzi uyumi. Doshqozonlardan narida yenglarini shimarib olgan chayir qassob o‘rik daraxtiga osilgan tanachaning terisini shilib tushirish bilan ovora. Mirzo Ulug‘bek rasadxona qurilib bitgani sharafiga elga osh berishga qaror qilgan, rasadxona hovlisi, keng maydondagi harakat – hammasi ertasi nahorga yoziladigan dasturxon uchun edi.
Ali Qushchi otliqlar uzoqlab ketguncha qarab turdi. Keyin Muhammad Ardistoniy bilan bo‘lajak suhbat va munozarani o‘ylagancha ichkari kirdi.

* * *

Mirzo Ulug‘bek xaloyiqni odatdagi qilar ishidan chalg‘itmaslik maqsadida doimo Samarqand ko‘chalaridan iloji boricha tezroq va dabdabasiz o‘tib ketishga harakat qilardi. Chunki ba’zi a’yonlar har bir ko‘chaga chiqishini as’asaga aylantirish, shu bahona yonida ketayotganlarini olomonga ko‘rsatib olishga intilishar, bu esa g‘ashini keltirar edi. Shu sabab bugun ham u shitob yurib Ko‘ksaroyga keldi. Salomxonaga kirmay, o‘ng tomondagi salqin xonalardan biriga o‘tdi. Bu xona devorlaridagi chizma naqshlarning havo rang jimjimalari orasida mayda oq g‘unchalar tasviri ko‘rinadi, shiftda osmon va beg‘ubor bulutlar rangi uyg‘un, darichalarda oppoq darpardalar tovlanadi. Mirzo Ulug‘bek ko‘pincha shu yerda orom olishni, yangi risolalari haqida mushohada yuritishni, chigal masalalar ustida bosh qotirishni xushlardi. Shu sabab saroy a’yonlari bu xonani o‘zaro “go‘shai mushohada” deb atashar edi.
Ulug‘bek egnidagi chakmonini yechib eshik yonidagi devorga o‘rnatilgan naqsh¬dor qoziqqa ildi. Keyin daricha ro‘baro‘siga tashlangan ipak ko‘rpachaga cho‘zildi. Va beixtiyor Ali Qushchining so‘zlarini o‘ylab ketdi. “Mavlono Ardistoniyning farazlari borasida ilmi sinov ilojsizdur…”
Darhaqiqat, zamindagi hayot silsilasi yulduzlarga bog‘liq. Yaratganning amri beshak-shubhadur. Ammo inson hayotida ne mazmun mavjud? Taqdiri azal bormi? Bor bo‘lsa, u holda sa’yi-harakatlari boisi ne? Nahot odam bir umr yashab, nelargadur intilib, kurashib, mehnat qilib, jang qilib topgani faqat taqdiri azal bo‘lsa?
Agar mavlono Ardistoniy bilan bo‘lgan o‘sha suhbat-u, o‘zining hazil iltimosi bo‘lmasa, Ulug‘bek balki bu haqda o‘ylamas edi. Mana, oradan besh yil o‘tibdi, u esa hamon o‘sha voqealarni unutolmaydi.

* * *

O‘shanda ilk bahor, qish izg‘irinlari iliq shabadalarga o‘rin bera boshlagan payt edi. Madrasaning issiqqina kutubxonasidagi saboq nihoyasiga yetgan, odatda hukmdor dars o‘tgandan keyin mullavachcha va mudarrislar uchun beriladigan ziyofat tugagan, Ali Qushchi ustozi va mavlono Muhammad Ardistoniy o‘rtasida boshlangan suhbatga beixtiyor quloq solib, pastroqdagi ko‘rpacha ustida sukut saqlab o‘tirar, vaqti-vaqti bilan sodda naqshlar ila ziynatlangan piyolalarga ko‘zachadan iliqqina olma sharbati quyib uzatar edi.
– Hazratim, bashorat rost keluviga bir necha sabablar bo‘lur, – deyardi mavlono, – birlamchi, inson atrofidagi hayot silsilasi va muhit bashorat o‘ngdan kelmog‘iga sharoit yaratur. Ikkilamchi, hodisotlar uzviyligi borkim, bu ham bashoratni o‘ng keltirur.
– Davom eting, mavlono, – jilmaydi Mirzo Ulug‘bek, – bunda bashorat egasining ishtiroki bo‘lmasmi?
Mavlono dangal javob berdi:
– Ishtiroki bevosita va… bilvosita bo‘lur.
– Ya’ni?
– Ya’ni… insonning o‘zi yuz berajak hodisotlarga bevosita sabab bo‘lur. Ba’zan esa odam sodir bo‘lajak voqiyotni o‘zi yaratadur!
– Voajab! – Ulug‘bek qo‘lidagi piyolani qisimlab o‘yga toldi. Keyin esa kulimsirab so‘radi: – Mavlono, menim uchun fol ochib ko‘rmaysizmi?
Ardistoniy soqolini tutamlab o‘yga toldi. Keyin botinmaygina dedi:
– Hukmdorlar hayotidan fol ko‘rmoq saltanat taqdiridan bashorat qilmoq ila tengdur, ko‘ragon.
– Yo‘q, siz menim saltanat ila bog‘lanmagan ishlarimdin fol ko‘ringiz!
Ardistoniy kulib qo‘ydi. Keyin Ali Qushchiga qaradi.
– Ko‘rolmasman, bunda uchinchi kishi bor!
Ulug‘bek qo‘l siltadi:
– Mavlono, Alouddin Ali menim uchun chet kishi emas! Aytaveringiz!
Ardistoniy tasbehini qo‘liga oldi. Shivirlab duo o‘qidi va kissasidan yupqa daftar chiqardi.
Ulug‘bek yuragi gursillab, mavlononing mosh-guruch soqoliga, qovoqlari usti va ko‘z tagini qoplagan mayda ajinlarga, peshonasining yarmigacha tushib kelgan qaymoqrang dastoriga, shivirlayotgan qonsiz lablariga tikildi.
– Yaqin kunlarda ko‘ragon hayotida ikkita noxushlik yuz bergay, – dedi nihoyat mavlono, – ko‘z ochib ko‘rganidin ayrilgay, sevganidin ajralgay. Birinchi voqea ikkinchisiga sabab bo‘lib, oqibatda ko‘ragon yolg‘iz qoladur.
Ulug‘bek kutilmagan bashoratdan gangib qoldi. Chunki u ikki yil oldin o‘lgan o‘g‘li Ibodulla Mirzo o‘rniga o‘g‘il tug‘ilishi kabi bashoratni kutgan, hatto mana shu kabi so‘zlarni eshitsa, mavlonoga qanday taqdirlov berish to‘g‘risida o‘ylab o‘tirgan edi.
Ardistoniy Ulug‘bek sukutidan xavotirga tushib qoldi.
– Magar ko‘ragon bilvosita sababkor bo‘lmasalar, balkim, ikkinchi bashorat amalga oshmas! – dedi sekin.
– Ammo birinchisi beshak amalga oshadur.
– Shundoq!
O‘rtaga sukut cho‘kdi. Nihoyat Ulug‘bek:
– Mayli, o‘lmagan qul barini ko‘radur, – deb shivirladi.
Shu kuni Ali Qushchi:
– Ustod, mavlononing so‘zlaridan bu qadar mutaassir bo‘ldingiz. Balkim ushbu bashoratlar to‘g‘ri chiqmas? – dedi.
– Alouddin Ali, men bunga ishonganim yo‘q. Kishi o‘z ko‘ngli ila ajrasha oladurmi? Bu ishni oson deb bilasenmi? Yo‘q! Ikkinchi bashorat rost kelmog‘i uchun menim dilimni larzaga keltiruvchi va ko‘nglimni ajrashuvga da’vat etuvchi bir kuch lozim. Bundoq kuch mavjud bo‘lishini aqlimga sig‘dirolmasmen! Axir bu da’vatga kim jur’at eta olur?
Ammo, ajab, shundoq kuch bor ekan!

* * *

Malika O‘gi begi Xonim xastalanib qoldi. Saroy tabibi aytgan tashhis bir qarashda xavotirli emasdi. Malika bahorning aldamchi quyoshiga ishonib shamollagan edi. Ammo xastalikning uchinchi kuni kutilmaganda isitma tutdi. To‘rtinchi kuni esa keksa tabib hukmdor huzurida qaltiragancha bosh egdi:
– Mahdi ulyoning sihatlari xavotirlik, olampanoh. Poytaxtdagi ma’ruf tabiblarni chorlab, mashvarat etib ko‘rduk. Gumonimizcha, dardi zotiljamdur.
– Taqsir, davo mushkulmi? – so‘radi Mirzo Ulug‘bek.
– Olampanoh, zotiljamni davolab bo‘lur. Ammo faqirlaringiz qo‘rqamizkim, Mahdi ulyoning eski dardi – bod o‘z hukmini o‘tkazmoqda…
Mirzo Ulug‘bek shu kuni O‘gi begi Xonimni ko‘rgani haramga kirdi. Malika yigirma bir yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, o‘z yoshidan kattaroq ko‘rinardi. Yosh ayolning rangi xastalik bois siniqqan, ko‘zlari ostida ko‘kish xaltacha osilgan, lablari isitma zo‘ridan porsillab yorilgan, ikkala qoshi o‘rtasida ko‘ndalang tushgan ikkita chuqur chiziq ko‘rinadi, qorachiqlarida hasrat yonadi, ko‘rpa ustiga behol tashlangan qo‘llarida titroq seziladi. Ulug‘bek bemorni ko‘riboq yuragi ezilib ketdi. To‘shak yoniga o‘tirib, malikaning ko‘m-ko‘k tomirlar bo‘rtgan ozg‘in bilagiga qo‘lini qo‘ydi.
– Alloh shifo berar, xonim, – dedi, – tabiblar dardingizga davo bor demoqdalar.
O‘gi begi Xonim holsizgina jilmaydi:
– Tabiblar albatta taskin berarlar…
– Nechun undoq deysiz? Kishi hamisha umid ila yashamog‘i lozimdur. Bu xastalik bedavo emasdur, xonim. Qizalog‘imiz Habiba Sultonni ham o‘ylangiz.
Ayol ich-ichidan toshib kelayotgan xo‘rsiniqni bosmoqchi bo‘lgandek qo‘llarini ko‘kraklari o‘rtasiga bosdi. Ko‘zlarida yosh yaltilladi. Keyin hukmdor qo‘llarini botinmaygina siladi.
Mirzo Ulug‘bek shu kuni malikaning ko‘nglini yozishga ahd qildi: yangi qurilayotgan xonaqohi haqida so‘zladi, o‘zi ko‘rgan va boshqalardan eshitgan qiziq voqealarni aytib berdi. O‘gi begi Xonim jon qulog‘i bilan tingladi. Kechga yaqin Ulug‘bek o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Malika ko‘zlarida tabassum bilan:
– Ruhimda ajib yengillik, – dedi, – so‘zingiz rost, hazratim, menim dardimga davo bordur. Habiba Sultonni ham o‘ylamog‘im darkor.
Ammo ertasi malikaning ahvoli keskin yomonlashdi. Ikki kundan keyin esa uzildi.
Qabrga tuproq tashlanayotgan chog‘ Ulug‘bek birdaniga mavlono Muhammad Ardistoniy aytgan bashoratni esladi. “Ajab, – o‘yladi u, – birinchi bashorat rost keldi. Ammo uning o‘ng keluviga nelar sabab bo‘lmish? Muhitmi, hodisotlar uzviyligimi va yoxud kishilarning bevosita yo bilvosita ishtirokimi? Nahot mavlono haq? Endi ikkinchi bashorat ne bo‘lur?”
Beixtiyor yuragi muzlab ketdi, rangi bo‘zarib ketganini ko‘rgan amirlardan biri qo‘ltig‘idan oldi.

* * *

O‘gi begi Xonim Ulug‘bekning ko‘z ochib ko‘rgan xotini edi. Bobosi sohibqiron Amir Temur Shomu Rum yurishidan keyin Konigilda katta to‘y berib, nabiralari Iyjal, Saydi Ahmad, Pirmuhammad va Boyqaro Mirzolarni uylantirib, o‘n bir yoshli Ulug‘bek va Ibrohim Sultonlarni unashtirgan edi. Shahzoda yetti yoshlardagi old tishi tushgan, soch o‘rimlari dikkaygan, ozg‘ingina qizchani ko‘rganda kulib yuboray degani esida. Ukasi Ibrohim Sulton yengidan tortqilagani ham kechagidek yodida turibdi.
– Kelinchaklarimiz xunuk ekan! – degandi u, – qarang, menikining ikkita tishi yo‘q.
– Yetti yoshda o‘zimizning ham tishlarimiz tushgan edi-ku, yodingda yo‘qmi? – dedi Ulug‘bek.
– Qizlarning ham tishi tushadimi? – deya astoydil hayron bo‘ldi Ibrohim.
Ulug‘bek o‘zini tutolmay xaxolab yubordi.
Oradan olti yilga yaqin fursat o‘tgandan keyin Ulug‘bek to‘y-tomosha bilan O‘gi Begi Xonimni nikohiga oldi. To‘y oqshomi kelinchakka atalgan ko‘shkning marmar zinalaridan ko‘tarilar ekan, bir vaqtlar Konigilda Ibrohim Sulton aytgan so‘zlarni esladi: “Kelinchaklarimiz xunuk ekan. Tishlari ham yo‘q…” Va o‘zicha kulib qo‘ydi.
Chog‘roq xonada, oppoq ipak parda panasida turgan kelinga yaqinlashar ekan, negadir yuragi gursillay boshladi. O‘tgan yillar ichida qallig‘i o‘zgarganini aqlan tushunsa-da, lekin qanday qiz bo‘lib yetishganini tasavvur qila olmas, yodida hamon o‘sha tishi kemshik, sochi dikkaygan, ozg‘ingina qizaloq yashar edi.
Yodida: kelinchak yuzidagi oppoq harir burqa’ni ko‘tardi. Ulug‘bek ro‘parasida nozik qad, yumaloq yuzlarida nafis qizillik o‘ynagan, bodomqovoq, yoqimtoy bir qizni ko‘rdi. Kelinchak kuyovning dovdirab qolganini ko‘rib bilinar-bilinmas jilmaydi va shu zahotiyoq yuzini chetga burdi.
– Chehrangizni o‘girmang, – dedi shoshib Ulug‘bek, – faqirdan tabassumingizni darig‘ tutmang!
Kelinchak iymanib boshini quyi soldi va eshitilar-eshitilmas:
– Nechun o‘zingizni faqir deysiz, hazratim? – deya shivirladi.
– Axir sizdan birgina tabassumni ham o‘tinib so‘rasam, faqir bo‘lmay kim bo‘lurmen?
O‘gi Begi hayron bo‘lganidan ko‘zlarini katta ochib qaradi:
– Nechun sizga tabassum bu qadar darkor bo‘lib qolmish?
Ulug‘bek dastavval ne deyarini bilmay qoldi. Keyin bir xo‘rsindi-da:
– Men… tishlaringizni ko‘rmoqchiman, – dedi.
O‘gi Begi bu g‘alati istakni eshitib xandon urib kuldi. Shunda qizning ikki qator sadafdek oq tishlari ko‘rindi-yu, Ulug‘bek yengil tortdi…

* * *

O‘gi Begi olti yoshida otadan yetim qolgandi. U Amir Temurning to‘ng‘ich o‘g‘li Jahongir Mirzoning nevarasi bo‘lganidanmi, sohibqiron bu qizchani kichkina Muhammad Tarag‘ay – Ulug‘bekka munosib ko‘rgan, sevimli evarasi va nevarasini nikoh iplari bilan bog‘lab, balki yosh ketgan farzandi Jahongir Mirzo, ajal komiga bevaqt tortilgan nevarasi Muhammad Sultonlar sababli diliga tushgan jarohatga malham bosmoqni tilagandir, shu jajjigina yetim qizaloq balog‘atga yetganda yot oilaga kelin bo‘lsa o‘ksib qolmasin degandir? Kim bilsin? Sohibqiron dilidagi yolg‘iz o‘zi-yu, yaratganga ayon…
Har holda Ulug‘bek boshidan o‘tgan ilk iliq tuyg‘ular mana shu ayol bilan bog‘liq edi. Otalik tuyg‘usini birinchi marta hadya qilgan ham O‘gi Begi edi. Mana endi qizchasi yetim qoldi…
Ulug‘bek taxtda o‘tirgancha g‘amli o‘ylarga berildi.

* * *

– Nechun g‘ambodasiz, hazratim? – Oq Sulton Xon Og‘o hukmdorning ikkala kiftini nozik oppoq qo‘llari bilan silay boshladi.
Mirzo Ulug‘bek boshini ko‘tarib qaradi. Malika egnidagi oppoq ipak ko‘ylak ustidan kiygan kumush rang zarbof munsagi, kumush iplar bilan ziynatlangan durrasi, quloqlaridagi katta olmos ko‘zli baldoqlari bilan go‘yo tun avjida nurlarini yoygan to‘lin oy kabi edi.
– Nechun g‘amnok bo‘lmay, go‘zalim? – hukmdor xo‘rsindi, – inson umri go‘yoki yaproqqa qo‘ngan shabnam emish. Yalt etarmish-u, o‘charmish.
– Shundoq ekan, g‘am chekmoqdan ne foyda? – malika shirin jilmaydi, – yokim O‘gi begi siz uchun suyukli edimi?
– Xonim, axir Habiba Sulton yetim qoldi!
– Hech bokisi yo‘q. O‘gi Begimning qizi Gavharshodbegim huzurida. Onasi bor-yo‘g‘ini sezmagay ham.
Mirzo Ulug‘bek uyatsizlarcha aytilgan so‘zlardan lol bo‘lib qoldi.
– Go‘zalim, sevgilim deysiz-u, kundoshim uchun g‘am chekasiz! – dedi malika, chiroyli qayrilma qoshlarini chimirib.
– Men bir ona bevaqt ko‘z yumgani uchun qayg‘urmoqdamen, bir go‘dak yetim qolgani uchun g‘am chekmoqdamen. Bunda kundoshlik haqda ne so‘z bo‘lishi mumkin, xonim? – dedi Mirzo Ulug‘bek bo‘g‘ilib.
– Men esa malikangiz suymaydigan bir xotin uchun g‘am chekishingizdan norizo bo‘lmoqdamen, – Oq Sulton Xon Og‘o “ajab bo‘ldi” degandek ters burilib oldi. Va erkalab quchishlarini, shirin so‘zlar aytishlarini kutib jim qoldi. Chunki avvalgi paytlari ikki o‘rtada biron arazchilik bo‘lsa, Oq Sulton qovoq solar, Mirzo Ulug‘bek kula-kula bir-ikkita shirin so‘z aytar, malika bir oz gina saqlagan bo‘lib turardi-da, keyin ko‘ngli erigan kabi jilmayar, va nihoyat, yarashib olishardi. Lekin bu safar hukmdor ko‘ngliga go‘zal malikaning arazi ham, karashmasi ham sig‘madi. Malika esa bundan rostmana achchiqlandi.
Mirzo Ulug‘bek shu kuni ikki o‘rtada bo‘lgan so‘zlarni eslasa hali-hamon yuragi zirillaydi. Oq Sulton Xon Og‘o – Ulug‘bek sevgan Xon qizi kundoshi o‘limidan shodligini behayolarcha izhor etib, hatto hukmdorga shu qadar kinoyali so‘zlar aytdiki, Ulug‘bek chiday olmay qoldi. O‘rnidan dast turdi-da, eshikni tepib chiqib ketdi.
Shu kuni u g‘azabini bosish uchun Ko‘ksaroy ortidagi bog‘ yo‘lkalarida uzoq tentiradi.
Mirzo Ulug‘bek Oq Sulton Xon Og‘oga bir ko‘rishdayoq maftun bo‘lgandi. Bu qiz sutga chayilgandek yuzlari, keskin qayrilma qoshlari, qop-qora qiyg‘och ko‘zlari, yelkalariga shalola yanglig‘ to‘kilgan quyuq qora sochlari bilan ertaklarda ta’riflangan parilarni eslatardi. Oq Sultonning parilardan faqat bittagina farqi bor edi. U ham bo‘lsa, yurganida qadamidan gul unmas, so‘zlaganda og‘zidan gavhar to‘kilmas edi. Va u Qo‘hiqofdan kelmagan, balki bir vaqtlar sohibqiron nomigagina xon qilib ko‘targan mo‘g‘il Sulton Mahmudxonning qizi edi. Ulug‘bek shu qizga uylangandan keyin “ko‘ragon” unvoniga sazovor bo‘lgan, saroy ahli yangi malikani o‘zaro Xon qizi deb atay boshlagan edi. Oq Sultonning O‘gi Begini yomon ko‘rishga ham hech bir asosi yo‘q edi. Axir Ulug‘bek unga uylangandan keyin O‘gi Begini oylar bo‘yi eslamagandi! Endi o‘ylab qarasa, u so‘nggi paytlar o‘z ishqidan ko‘zi qamashib, bir munglig‘ ayolga hatto marhamat ham ko‘rsatmagan ekan! O‘gi Begi – ko‘z ochib ko‘rgani oylar bo‘yi undan mehr kutib yashabdur, mehrsizligi uchun iddao ham qilmabdur, Ulug‘bek esa oyog‘i ostidagi xokisor sevgini sezmay o‘tibdur…
Mirzo Ulug‘bek sevimli xotini bilan ortiq birga qola olmasligini aqlan idrok etsa-da, xayolidan mavlono Ardistoniy aytgan so‘zlar ketmas edi: “…Magar ko‘ragon bilvosita sababkor bo‘lmasalar, balkim, ikkinchi bashorat amalga oshmas…”
Mana, birinchi bashorat rost keldi. Ikkinchisi amalga oshishi yoki oshmasligi esa o‘z qo‘lida, demak, malika ta’nalariga chidash, behayolarcha aytgan so‘zlarini unutish kerak! Mirzo Ulug‘bek bunga qodirmi?
Nihoyat, kun botib, bahorning iliq kuni izg‘iringa o‘rin bo‘shatdi. Hukmdor bir qarorga keldi. Yo‘q, birgina bashorat rost chiqishidan cho‘chib ikkilanish sha’niga to‘g‘ri kelmaydur!
Saroyga qaytib, huzuriga shayxulislom Isomiddin va qozikalon Xoja Miskin janoblarini chorladi. Ular yetib kelganda hukmdor qarori yanada qat’iylashgan edi. Lekin so‘z boshlaganda tovushi o‘ziga bo‘ysunmay, tomog‘i bo‘g‘ilib qoldi. Shayxulislom va qozikalon janoblari to‘satdan diydorlashuv sababini anglashga tirishib, hukmdor og‘ziga tikildilar.
– Menim siz shariatpanoh janoblarni chorlamog‘imdin murod, – dedi Ulug‘bek ich-ichidan toshib kelayotgan titroqni bosishga tirishib, – shar’iy mankuham, mo‘g‘il xoni Sulton Mahmudxonning qizi bo‘lmish Oq Sulton Xon Og‘oni haramdin ehroj etmoq niyatimni bildirmoq va ushbu ish yuzasidan sizlardan fatvo so‘ramoqdur.
Shariat peshvolari hukmdor o‘z qarorini izohlashini kutib sukut saqladilar. Lekin Mirzo Ulug‘bek faqat:
– Men qarorim qat’iy ekaniga aminmen, – deb qo‘ya qoldi.
Nihoyat, qozikalon Xoja Miskin janoblari tilga kirdi:
– Davlatpanoh o‘z qarorlariga nelar sabab bo‘lganini bildira oladilarmi? Sabablarni bilsak, balki ixtilofni bartaraf etmoq iloji topilar va taloqqa hojat qolmas?
– Bartaraf etmoq ilojsiz, janoblar, – dedi Ulug‘bek qat’iy, – men Oq Sulton Xon Og‘oni taloq qilmoq qarorida sobitmen.
– As-salotin zillallohu fil-arz! Sultonlar allohning zamindagi ko‘lankasidur. Demak, alarning amri vojibdur! – dedi shayxulislom.
Shu onda Ulug‘bek yuragidan toshib kelayotgan xo‘rsiniq aralash: “Mana, mavlono yana haq bo‘lib chiqmish, – deb o‘yladi, – bu safar o‘zim bilvosita sababkor bo‘ldum…”

* * *

Mirzo Ulug‘bek bu qizni birinchi marta Oq Sulton Xon Og‘oning xizmatida ko‘rgan va beixtiyor kulib yuboray degandi. O‘rta bo‘y, do‘mboqqina malak yuzlarida go‘daklarcha tabassum zohir, ko‘k ko‘zlarida bolalarcha soflik, o‘rimga bo‘y bermagan jingalak sochlari dikkaygan, xullas, butun vujudidan samimiyat nafasi ufurib turar edi.
Yodida: Mirzo Ulug‘bekni ko‘rib shoshib qoldi va hukmdor huzurida so‘zsiz ta’zim etish odatini unutib qo‘yib, salom berdi.
– Va alaykum assalom, – dedi Ulug‘bek.
Qiz olmadek qizardi.
– Isming nima? – deb so‘radi Mirzo Ulug‘bek nedir nash’a og‘ushida jilmayarkan.
– Ismim Ruqiya, – dedi qiz titroq ovozda.
– Ruqiya? Bundoq chiroyli ismni senga kim bergan, qizaloq?
Qiz soddadillik bilan yelkasini qisdi. Ulug‘bek kulib yubordi.
– Men malika Oq Sulton Xon Og‘oning yangi xos kanizimen, – deya shosha izoh berdi Ruqiya.
– Ha, durust, – dedi hukmdor kula-kula va xobgohga kirib ketdi…
Mirzo Ulug‘bek Ruqiyani keyin ham ko‘p marta uchratdi. Qiz uni ko‘rishi bilan qizarib, ko‘zlarini yerga tikar, bu esa Ulug‘bekka go‘yo shoshqaloq bolaning shirin qilig‘iday nash’a qilib, kulgisi kelardi. Ba’zan samimiy so‘zlarini eshitgisi kelib, uni gapga tutmoqchi bo‘lar, lekin kaniz savollarga aksar qisqa javob berib, tezroq qochish payida bo‘lardi. Mirzo Ulug‘bek esa o‘zicha: “Bu qiz buncha uyatchan, alhol bola”, – deya beparvogina kulib qo‘yardi.
Shayxulislom va qozikalonni o‘z qaroridan xabardor qilgan kunning ertasiga Ulug‘bek haramda Ruqiyani ko‘rdi. Qiz o‘jar kokillarini qizil shol ro‘mol bilan tang‘ib bog‘lagan, qo‘lida kichikroq quti, boshi egik edi.
Qovog‘i soliq Ulug‘bek bu soddadil qizni ko‘rgach beixtiyor ko‘ngli yorishib, salom eshitmagan bo‘lsa-da:
– Va alaykum assalom, – dedi.
Ruqiya cho‘chib ketdi va boshini ko‘tarmayoq ta’zimga shoshildi.
Mirzo Ulug‘bek kulib yubordi:
– Ha, Ruqiya qiz, assalomni yeb qo‘yibsiz-da!.
Shu asno kanizning ko‘zlari qizarib shishganini ko‘rdi.
– Ne bo‘ldi, qizaloq? Seni kim yig‘latdi?
– Hazratim, men ham Oq Sulton Xon Og‘o ila haramdin ketamenmi? – so‘radi qiz titrab. – Axir men uning kaniziman-ku!
– Sen ketishni istamaysanmi? – dedi Ulug‘bek hayron bo‘lib.
– Istamaymen!
– Nechun?
Qiz go‘yo o‘limni bo‘yniga olgan kishidek ko‘zlarini chirt yumdi va tezgina:
– Magar ketsam… sizni ko‘rolmasmen! – dedi-yu, qochib ketdi.

* * *

“Ruqiya qiz buncha uyatchan desam, sababi bor erkan-da! – o‘yladi Mirzo Ulug‘bek, – E, qizgina-ya! Ulug‘bekka shaydo bo‘lgan soddadil qizaloq… Bu dunyoda sevilmoq oson, ammo sevmoq oson emas…”
Tong otguncha o‘tgan fursat yillar kabi uzaydi. Yo ajab, o‘zganing muhabbati ham ko‘zga uyqu bermas ekan! Izhor sabab titroqqa tushmoq uchun sevmoq ham shart emas ekan… Soddadil qiz oddiygina so‘zlari bilan hukmdor dili qanday o‘zgarishlar yasaganini xayoliga ham keltirmagandi. Mirzo Ulug‘bek ko‘nglida uyg‘ongan qaysar bir his bilan mavlono Ardistoniy bashoratini chippakka chiqarishga ahd qilgan edi. Yo‘q, dunyoda uni sevgan qiz bor ekanmi, hukmdor yolg‘iz qolmagay!
Ertalab saroy ahliga hukmdorning qarori ma’lum qilindi. “Movarounnahr va Turkiston hukmdori, Muhammad Tarag‘ay ibni Shohruh Ulug‘bek Mirzo xos kanizlari Ruqiyani o‘z muborak nikohlariga kiritmoqni ixtiyor etdilar! Ushbu munosabat ila endi u karima Ruqiya Sulton Xotun nomini olgay!”
Bir haftalardan keyin esa Hirotdan chopar keldi. Onasi Gavharshodbegim yozar edi:
“Oq Sulton Xon Og‘o sabab dilingizni xufton etmangiz. Xohishingiz yo‘lida tanlaganingiz Ruqiya Sulton Xotun biz uchun sizning jufti halolingizdur va sizga rafiqangiz muborak bo‘lgay. Ammo Movarounnahrga temuriy malika lozim bo‘lib, kelinlikka Xalil Sulton Mirzoning qizi Husn Nigor Xon Og‘oni munosib ko‘rduk. Padari buzrukvoringiz hoqoni said Shohruh Mirzo hazratlari to‘yni Hirotda o‘tkazmoqni lozim topdilar va zulqa’da oyining yigirma uchiga qadar Xurosonga yetib kelmog‘ingizni amr qildilar”.
Mirzo Ulug‘bek maktubni o‘qib kulib yubordi: “Yo‘q, mavlono, bashoratingiz rost kelmadi. Hukmdorni yolg‘iz qo‘ymadilar”.

* * *

Quyosh hali bosh ko‘tarmay turib Samarqandni karnay va surnay sadolari tutdi. Xalq Ko‘hak tepaligi tomon oqar edi. O‘ttizdan ortiq doshqozonlardan taralgan islar misli ko‘rilmagan bir tantanavorlik daragidek taassurot berardi. Tepalik atrofida qator yozilgan uzundan-uzun oppoq dasturxonlar, qo‘llarida laganlar bilan qatorlar oralab yugurib xizmat qilayotgan mulozimlar, tepalikda savlat bilan qad rostlagan muazzam aylana bino darvozasi atrofida uymalashgan odamlar, shodon g‘ala-g‘ovur – bularning bariga Mirzo Ulug‘bek dorussaltanatda bunyod etgan bemisl rasadxona sababchi edi. Xalq o‘z hukmdorining bunyodkorligiga allaqachon ko‘nikib ulgurgan, dorussaltanatdagi har bir qurilish odatiy voqea bo‘lib, odamlar binokor ustalar shaharning hali u, hali bu yerida g‘ivirlab qolishidan ko‘p ham ajablanishmas edi. Ammo rasadxona katta shov-shuvga aylandi. Olomon hali qurilish poyoniga yetmasdanoq binoni tomosha qilib ketadigan bo‘ldi. Bugungi ehsonga xalq oqib kelishining yana bir boisi qiziquvchanlik, yangi binoni bor mahobati bilan yana bir bor tomosha qilish istagi edi.
Mirzo Ulug‘bek rasadxonaning uchinchi oshyonasiga ko‘tarilib, atrofga razm soldi. Tepalik tomon oqib kelayotgan odamlarni ko‘rib ko‘ngli iftixor bilan to‘ldi. Mana, ijtihodlari nishona bera boshladi. Bu rasadxona hali misli ko‘rilmagan izlanish va kashfiyot maskani bo‘lur!
– Alouddin Ali, – dedi Mirzo Ulug‘bek, – rasadxona ortida katta bog‘ barpo ettiramen. Mana shunda kishi uchinchi oshyonadan turib boqqanda ko‘ngli go‘yo yashil ummon ichra suzib ketayotgandek lazzat oladur! Sen ne deysan?
– Ustod, yaratilajak bog‘ rasadxonaga muvofiq ravishli bo‘lur, deb umid qilurmen.
– Menga yana nedir demoqchimisan?
– Shundoq.
– So‘zla!
– Ustod, faqir mavlono Ardistoniy xususida bir so‘z eshitdum. U kishi raml ilmidan etak silkkan emish!
– Nechun?
– Bilolmadum.
– Demak, mavlono bukun oqshom rasadxonaga kelmas ekan-da! – dedi Mirzo Ulug‘bek o‘ychan, – men u kishi birlan yana bir suhbat qurmoqchi edim. Attang!

* * *

Mirzo Ulug‘bek mavlono Muhammad Ardistoniy ochgan fol sabab inson umri va ijtimoiyot to‘g‘risida ko‘p mulohaza yuritadigan bo‘lib qolgan, hatto bu mavzuda risola yozishni ham ko‘ngliga tukkan edi. U ijtimoiyotning inson taqdiridagi o‘rni hamda hodisotlar silsilasi inson hayotida qanday o‘zgarishlar yasashi, yoxud inson ijtihodi uning o‘z qismatiga, qolaversa, ijtimoiyot taqdiriga qay tarzda ta’sir etmog‘i borasida hamon ziddiyatli o‘ylar surar, javob izlar edi.
Mirzo Ulug‘bek Ali Qushchining “raml ilmida sinov ojizdur”, – degan so‘zi sabab miyasiga kelgan fikr ta’siridan hamon qutula olmas edi. Axir nima uchun sinovning iloji yo‘q? Axir mavlono Ardistoniy bundan besh yil avval aytgan bashorat va undan keyingi hodisalar sinov o‘rniga o‘tmasmi?
Mavlononing birinchi bashorati rost chiqdi. Ikkinchisini Ulug‘bekning o‘zi bila turib amalga oshirdi. Yana bir so‘zi chin keluviga esa yo‘l bermadi. Mana, yaratganga shukur, Ruqiya Sulton Xotun ikki qiz tug‘ib berdi. Husn Nigor Xon Og‘o Ulug‘bek hurmatini baland tutib keladi. O‘g‘illari Abdullo Mirzo va Abdurahmon Mirzolar dilini umidlarga to‘ldirib ulg‘aymoqdalar. Mana, yaqinda u yana bir o‘g‘illik bo‘ldi. Va unga Abdullatif degan ism berdi. Bularning bari inson taqdir oldida ojiz emasligini ko‘rsatmaydimi? Yo‘q, alloh insonga zakovat va iqtidorni bejiz bermagan!

* * *

Mavlono Muhammad Ardistoniy fol ko‘rmoqdan etak silkkanini keksaygani bilan izohlardi. Ammo asl sababi dilida pinhon edi.
Mavlono ikkala bashorati rost kelgach, yashirincha yana bir bor, bu safar Ulug‘bekning taqdiridan raml ochdi. Va… O, bu naqadar qo‘rqinch!
Mavlono ko‘z oldida ochilgan bashorat shundoq edi:
– Hukmdorni suyukli o‘g‘li malomatga qoldirar, shoir o‘g‘li qatl ettirar! Padarkush o‘limidan o‘n besh yil o‘tib, Mirzo Ulug‘bek avlodidan nishon qolmas!
Mavlono qo‘lidan tasbeh tushib ketdi. U sajdaga bosh qo‘yar ekan, ko‘zyoshlarini to‘xtata olmas edi:
– O‘zing rahm qil, parvardigor!