Hasan darslari tugab, Qarshining chekkasidagi avtostantsiyaga yetib kelganida qishlog‘iga qatnaydigan avtobus alaqachon ketib bo‘lgan ekan.
– Talabaga o‘xshaysan,- dedi chekkaroqda oq «Neksiya»ga suyanib turgan ellik yoshlardagi qotma kishi. – ыayerga bormoqchisan o‘zi?
-Sho‘rbozorga.
-Uh-hu! Mayli, besh ming ber. Uyinggacha tashlab qo‘yaman. O‘zim Moylijarga o‘tib ketaman. Uying katta yo‘ldan uzoq emasmi?
– Besh chaqirimcha bor.
-Anchagina ekan. Rozimisan?
-Xo‘p.
-Qaysi institutda o‘qiysan o‘zi?
-Litseyda o‘qiyman.
-Ha-a.
Hasan orqa o‘rindiqqa o‘tirdi. Yelkalari osilib turgan keng yashil palto, kattakon qora telpak kiyib, ingichka bo‘yniga tuguni mushtday qizil galstuk taqib olgan haydovchi mashinasining oldi oynasini artishga kirishdi.
«Kiyinishi svetoforga o‘xsharkan», deb o‘yladi o‘spirin va miyig‘ida kulib qo‘ydi.
-Aka, meni ham olib keting, – degan xansiragan ovoz eshitildi.
-Qayerga borasiz, o‘zi? – Haydovchi hansirayotgan yigitga shubhali nazar tashladi.
-Ettitomgacha.
-Qancha berasiz?
-Uch ming. O‘n chaqirim yo‘l-da.
-Yo‘q, kamida o‘ttiz chiqadi. Besh ming.
– Mayli, kelishdik. Kech tushib qoldi.
Qalin qora jun kallapo‘shini qoshigacha bostirib kiygan, uch-to‘rt kundan beri tig‘ tegmagan soqollari oq yuziga yarashib turgan yigirma besh yoshlardagi to‘ladan kelgan yigit oldi o‘rindiqqa o‘tirdi. Tamakining o‘tkir hidi dimoqqa urildi.
-Men bir-ikkita non olib chiqay, – dedi haydovchi. – Shaharniki -mozorbosdi.
Haydovchi nonvoyxonaga qarab yurishi bilan yigit mashinaning g‘alladonini ochdi. Ikki dasta ming so‘mlikka ko‘zi tushib, «O‘h!» deb yubordi. Shartta charim kurtkasining cho‘ntagiga tiqdi va orqasiga o‘girilib, chap qo‘li bilan Hasanning kekirdagidan oldi:
-«Miq» etsang, boshingni sapchaday uzib tashlayman, bola! – Kurtkasining barini ochib, havo rang svetirining etagini ko‘tardi – kamariga osilgan qindan pichoqning qora dastasi ko‘rindi. – Tushundingmi?
Barmoqlariga «Jora» deb yozilgan qo‘li muzdan ham sovuq, omburdan ham qattiq ekan. Nafasi ichiga tushib ketgan Hasan ko‘zi bilan imo qildi: «tushundim!»
-Senga nima bo‘ldi, yigitcha? – dedi haydovchi Hasanga qarab, qora yelimxaltadagi nonlarni orqa oyna oldiga joylar ekan. – Ranging uchib ketibdi? Mazang yo‘qmi, deyman?
-Ukamiz tumov bo‘pti, – dedi Jora va suyanchiqning yonidan qo‘lini o‘tkazib, Hasanning boldirini yaxshilab ezdi: «og‘zingni ocha ko‘rma!» – Isitmasi borga o‘xshaydi. Hozir tumov ayni ko‘paygan mahal. O‘zim ham ikki kun bo‘ldi to‘shakdan turganimga. Yo‘tal deganingiz shilliqqurtday yopishdi-ey! Hech bunaqasini ko‘rmagandim.
Haydovchi boshini tasdiq ma’nosida tebratar ekan, kulimsiraganday bo‘ldi. Jora burnini tortdi. Mashina joyidan asta jildi.
-Shunday kunlarda bu tomonlarga sizni qanday shamollar uchirdi, aka? – deb haydovchini gapga soldi Jora.- Taksichiga o‘xshamaysiz? Yo tirikchilikmi?
-Yo‘q, taksichilik ham, tirikchilik ham emas, – dedi haydovchi bir zum o‘ylanib turgach. – Men mualimman, uka. Maktabda adabiyotdan dars beraman. Shaharga bir dard bilan keluvdim. Harna benzin pulini ko‘tarar, deb odam oldim.
-Tinchlikmi?
Haydovchi bu gal uzoqroq sukut saqladi.
-Nima desam ekan?- dedi nihoyat og‘ir xo‘rsingach. – Bu dunyoda shunday odamlar bo‘ladi, uka? Xudodan ham, qonundan ham qo‘rqmaydi. Xaromdan hazar qilmaydi. Faqat o‘zining tinchini, jig‘ildonini o‘ylaydi.
Shahar ortda qoldi. Mashina qori eriy boshlagan ravon yo‘lga chiqdi.
-Hammasidan ham, uka, o‘z pushti kamaridan bo‘lgan norasidalarini xor-zorlikka tashlab ketganlarni ko‘rsam, tepa sochim tikka bo‘ladi. Tutab ketaman!
Jora indamadi. Yana burnini tortdi.
-Bir hamsoyamiz bor, – dedi muallim.- Oti Yorqul. Kasb-korining tayini yo‘q. So‘qim-da, bu yog‘ini aytsam. To‘yga borsa, qorni yorilguncha ovqat yeydi, ichadi, oxirida janjal chiqaradi. O‘zi jo‘ja birday jon – to‘rt bolaning otasi. Xotini oyoqdan qolganiga ancha bo‘ldi. Qishda yiqilgan. Falaj. So‘qim eri to‘rt bolasi, yoshi saksondan oshgan ota-onasini tashlab, shaharlik bir suyuqoyoqqa ergashib ketgan.
-Voy enag‘ar-ey! – Jora o‘rnidan bir qo‘zg‘olib oldi. – Uyiga kep turadimi, ishqilib? Bola-chaqasidan xabar olgani?
-Iloyo, kelmaylar ketsin! Keladi. Bolasidan emas, chaqasidan xabar olgani keladi. Yangi yil oldidan qorasi ko‘ringanday bo‘luvdi. Xudoyim insof beribdi-da, deb o‘yladik. Ertasi kuni yoqa ushladik: bolalariga davlat bergan nafaqani qulaylab ketibdi. Bunga nima deysiz?
-Xudo urgan ekan!..
Joraning «Hiq» etgani eshitildi. Nimadir «chirt» etib uzilganday bo‘ldi.
-Shaharda nima qilib yuribsiz? – dedi u bir pasdan keyin xorg‘in ovozda.
– Shaharga, uka, shu so‘qimning norasidalariga kiyim-kechak olgani keluvdim. Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni ikkiz yuz mingcha pul yig‘ib edik.
-Qancha?!.
-Ikki yuz mingcha.
– Kiyim oldingizmi, ishqilib?
-Ololmadim-da. Dushanba kuni kiyim bozori ishlamas ekan. Bola bechoralarning kiyimi abgor. Birining etigi, boshqasining telpagi yo‘q. Pulni qaytarib ketyapman. Ana, oldingizdagi qutida yotibdi.
U Joraga qaradi.
-Ob-bo! – Jora yuziga birov tusatdan olov purkaganday boshini ilkis orqaga tashladi. – Endi nima bo‘ladi?
-Nima bo‘lardi. Indinga – chorshanba. Urgutga boraman. Ulgurji bozorida kiyim-kechak mo‘l, ancha arzon, deb eshitaman.
-Bozor yopiq bo‘lsa, nega buncha kech qolib yuribsiz? Yo peshindan keyin keldingizmi shaharga?
-Yo‘g‘-ey, azonda, sufi azon aytmasdan kelganman, uka. Bu yerga Yorqulboyning kenjasini olib keluvdim. Sakkizga kirgan. Gapirolmaydi. Gung. Shu bola paqirni karlar maktabiga joylagunimcha kech bo‘ldi.
Mashina matorining bir maromda guvillashi odamni allalaganday bo‘ladi. Oppoq qor bosgan kimsasiz dalalarga oqshom tusha boshladi.
-O‘zingizdan so‘rasak: ishlaysizmi, o‘qiysizmi?
-Yo‘q, – dedi istamaygina Jora.
-Sizga boya bozorning oldida ko‘zim tushganday bo‘luvdi. Shunga so‘ryapman-da…
-Bola bechora yig‘lab qolgandir?
-Qaysi bola?
-Karlar maktabida qolgan bolani aytaman-da.
-Hech so‘ramang, uka. Ertalab uyidan big‘illab yig‘lab chiqqandi, o‘zi. Maktabda zor qaqshab qo‘limga, oyog‘imga yopishdi. Meni bu yerga tashlab ketmang demoqchi-da. Yurak-bag‘rim xun bo‘lib ketdi.
Hamma jim bo‘lib qoldi.
-Otingiz nima, domulla? – dedi bir pasdan so‘ng Jora.
-Haydar. Sizniki-chi?
-Meniki -Jovli. Lekin, domulla, zo‘r odam ekansiz!
-Nimam zo‘r, Jovliboy uka?
-Ne bir odamlar bor, o‘zining bolasiga ham burilib qaramaydi: o‘ladimi, qoladimi – ishi yo‘q. Siz birovning go‘daklarini deb buytib sarson bo‘lib yuribsiz. Qoyil, domulla!
-Bir-birimizni shunday kunda suyamasak, ayamasak, bu dunyoda nima qilib yuribmiz, Jovliboy!..
Jora – Jovli indamadi. Burnini tortdi.
-Bolasini tirik yetim qilganning, yetimning haqini yeganning ko‘zlaridan faqat yosh emas, faqat yiring emas, uka, qon ham oqadi. To‘g‘rimi?
-To‘g‘ri! – Jovlining ovozi titrayotgani sezildi.
Haydovchi yo‘lchiroqni yoqdi.
-Charchadingizmi, Jovliboy uka? Yo uyqu bosdimi? Jim bo‘lib qoldingiz?
-Charchadim, – Jovli birdan Haydar akaga tomon o‘girildi. – Bir gap aytsam, meni urishmaysizmi, aka? So‘kmaysizmi?
-Yo‘q. Urishadigan, so‘kadigan gap aytmassiz?..
-Sizga qaltis hazil qildim, aka!
-Qachon?
-Boya, nonga ketganingizda. Shu qutichadagi pulingizni olib, – u g‘alladonni ochdi, – cho‘ntagimga soldim. «Qani sezasizmi, yo‘qmi?» deb o‘yladim-da. Hech zamonda odam pulini shunaqa joyga ochiq-sochiq tashlab qo‘yadimi, a?..
-Ikkovlaring ham binoyi yigitlarga o‘xshaysizlar-ku, – haydovchi avval g‘alladonga, keyin Jovliga qaradi. – Nimadan xavfsirayman?
So‘ng qo‘shib qo‘ydi:
– Qo‘yavering. Shunga shunchami?..
-Men ham yetim o‘sganman, aka, – dedi Jovli siniq ovozda. Cho‘ntagidan ikkiz yuz ming so‘mni chiqarib, g‘alladonga qo‘ydi. – Otam ikki ukam bilan bizni yolg‘iz tashlab ketgan.
-Hozir tirikmi?
-Tirik deb eshitaman. Lekin qaysi go‘rlarda yurganini bilmayman… Mana, Yettitomga keldik. Meni chorrahaga yetmasdan tushiring, aka. Chiroqchiga ketishim kerak.
Jovli mashinadan tushib, Haydar muallimga yo‘l kirani – besh ming uzatdi. So‘ng cho‘ntagidan bir dasta ikki yuztalik chiqardi:
-Haydar aka! -dedi ovozi titrab.
Haydovchi ichki chiroqni yoqdi. Jovlining ko‘zi ham, yuzi ham yorishib ketgan, hayajonda edi.
– Domulla! – dedi u eshikning ochiq turgan oynasiga engashib. – Anavi so‘qimning go‘daklariga kiyim-kechak xarid qilganingizda, sizdan iltimos, shu pulgayam biror narsa qo‘shib oling!..
U pulni o‘rindiqqa tashlab, qaddini rostladi.
-Sen, uka, – dedi orqada qunishib-qaltirab o‘tirgan Hasanga qarab va ko‘zini qisib qo‘ydi, – tezroq sog‘ayib ket… Rahmat!..
«Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 6-son.