Er qo‘lini xotinining yelkasiga qo‘yib:
– Onasi? – deydi. – Onasi?
Ayol ko‘zlarini zo‘rg‘a ochadi.
– Onasi, chiroqni yoqib yubor.
Ayol turib, so‘ridan tushadi va nima qilarini anglay olmay, uyquli ko‘zlari bilan eriga qaraydi.
-Nima dedingiz, dadasi?
-Chiroqni yoqasanmi, degandim.
Ayol ayvonning oq devoridan ko‘zga elas-elas tashlanib turgan o‘chirg‘ich tugmachasini bosadi. Peshtoqdagi chiroqning o‘tkir shu’lasidan ikkalasining ham ko‘zlari qamashib ketadi. Er yostig‘i ostidan daftar-qalam olib, nimalarnidir yozadi. O‘ylanib turadi-da, yana yozadi.
-Yonib turaversinmi? – Ayol xomuza tortadi.
– O‘chira qol. Xayolimga ikki satr gap kep qoldi. Yozay, desam, qorong‘ulik qildi.
Ayol yana ko‘rpaga kiradi.
-Ancha salqin tushib qolibdi.
– Osmonga qara. Yulduzlarga qara! Hech shuncha yulduz ko‘rganmisan?..
– Qo‘l cho‘zsang, yetguday…
Ayol endi xomuza tortmaydi. Yulduzlarni tomosha qilib yotadi. Qayerdadir chigirtka chirillaydi. Uzoq-uzoqdan itning vovullagani eshitiladi.
-Oydin! – deydi er ko‘rpa ichiga qo‘l yuborib, xotinining issiqqina, bo‘liqqina bilagini topadi. – Bugun qanday kun bilasanmi?
-Chorshanba bo‘lsa kerak.
– Ha, chorshanba. 17 iyul.
– Nima edi?
– Bugun roppa-rosa o‘n yil bo‘ldi.
Ayol issiqqina kaftini erining qo‘liga qo‘yadi. Silaydi. Erining terisi muloyim. Ayol o‘z barmoqlarining dag‘alligini sezadi. O‘roq, ketmonning izi.
-Yuragim to‘lib-toshib ketyapti. O‘n yil bo‘pti-ya!
-Ha, umr tez o‘tayapti. Kechagina bog‘larda quvlashib yurardik.
– Men esa bu dunyoda yuz yildan beri yashayotgandayman. Boya birdan uyg‘onib ketdim.
Er qo‘lini ko‘rpadan chiqaradi.
– Qarasam, ustimga oynavand qozon to‘ntarilganday. Yulduzlar charaqlab turibdi. Birdan o‘sha kun esimga tushib ketdi. Qara, o‘n yil bo‘libdi-ya! Yo, tavba-a!..
Ayol indamaydi.
-”O‘shanda o‘lib ketganimda, nima bo‘lardi?” deb o‘yladim. Axir xudo o‘zi asramasa, bandasining iloji qancha? Bandasining umri anavu chiroqqa o‘xshaydi, parvardigor istasa, o‘chiradi-qo‘yadi.
-Gaplaringizning vahimaligini qarang!
-Yo‘q, vahima emas. O‘shanda men beton to‘siq ustiga belim bilan emas, boshim bilan tushganimda nima bo‘lardi?..
Ayol indamaydi.
-Qo‘ying endi shu gaplarni. Uxlaylik.
-Tasavvur qil: o‘shanda o‘lib ketsam, mendan nom-nishon ham qolmasdi. Zax yerda, qurt-qumirsqalar orasida… Ustimda o‘t-o‘lan, yontoqlar o‘sib yotardi hozir…
-Tavba qildim! Sizga nima bo‘ldi, o‘zi!
Ayol tirsagiga tayanib turadi va eriga qaraydi. Bilaklari oqarib ko‘rinadi.
– Sen ham… sen ham… bu… boshqa yerda bo‘larding!..
– Bu nima deganingiz? Meni qo‘rqitmang!..
– Qo‘rqitayotganim yo‘q. Juda-juda gapirgim kelyapti, Oydin! Qara, odamzotning umri shunchalik jo‘n, shunchalik omonat ekan, a! Tavba-a!
Erning ovozida titroq seziladi.
-Oydin, men qanday qilib… Nima uchun… Haligi, shuytib mayib bo‘lib qolganimni bilasanmi?..
-Yarim tunda shu gaplarga zaril keptimi, dadasi. Qo‘ying.
Ayol erining ko‘rpasini to‘g‘rilagan bo‘ladi.
– Uxlaylik. Nahorda sutni bozorga olib chiqishim kerak.
– Yo‘q, javob ber. Bilasanmi?
– Nega bilmay? Hamma biladi-ku. Yakshanba kuni student oshnalaringizga qo‘shilib mardikorlikka chiqqansiz. Haligi oti nima edi?.. Bir o‘ris kishining bolkoniga deraza qo‘yib berayotganingizda to‘rtinchi qavatdan yiqilib tushgansiz.
-Yo‘q, Oydin, sen bilmaysan. Bu – yolg‘on! Men to‘qigan yolg‘on! Meni to‘rtinchi qavatdan otib yuborishgan.
Ayol og‘ir xo‘rsinadi. Erning bilinar-bilinmas xansiragani eshitiladi.
– Nega indamaysan?
– Bilmadim. Menga do‘xtirlar, melisalar, eringiz bolkondan yiqilib tushibdi, degan.
– Ay, sodda ayol, a! Shu gapga ishonib qo‘ya qoldingmi? “Nega?” “Kimning bolkonidan?” deb so‘ramading? Nega o‘sha uyning egasi erimning ahvolidan biror marta kelib xabar olmadi, deb qiziqmading?
– Qiziqqandim.
– Qiziqqandim?
– Qanday xabar olsin. O‘sha ayolni ham eri urib o‘ldirishiga sal qolgan ekan-ku.
– Qaysi ayolni?
-O‘sha xush… toshkentlik tanishingizni… Jamilani.
Er o‘tirib oladi.
-Sen bilarmiding?
Ayoldan sado chiqmaydi. Xo‘rsinadi.
– Bilsang? Nega? Qanday qilib? Shuncha vaqt qanday qilib ichingda saqlab yurding?…
– Bilishimni Sizga aytsam, dod-voy solsam, dardimiz yengillasharmidi? Yo siz tuzalib, oyoqqa turib ketarmidingiz?.. Enam: “Qo‘y, bolam, eringni shayton yo‘ldan urgan. Kechirimli bo‘l”, dedi… Bir kuni o‘zingiz gap ochishingizni bilardim. Mana, aytdingiz…
– Ishonmayman! – Er yuzini ayolning ko‘kragiga bosadi. – Ishongim kelmayapti!
Ayolning qaynoq ko‘z yoshlariga erining ko‘z yoshlari qo‘shilib ketadi.
-Men sening tirnog‘ingga ham arzimayman, Oydin!
Ayol erining yelkalarini, sochlarini silaydi.
-Qo‘ying. Bunday demang, dadasi. Bolalaringiz eshitsa, qanday xayolga boradi.
Erning yelkalari uzoq titraydi. Ayol uning ko‘rpachadan pastga tushib ketgan jonsiz oyoqlarini avaylab ko‘rpaga o‘rab qo‘yadi. Xo‘rozlar qichqirib, tong oqara boshlaydi.
– Aytgan-cha, boya yozgan she’ringiz nima haqida edi, dadasi?
Er bazo‘r pichirlaydi:
– Yolg‘on dunyo, sening buncha yolg‘onlaring ko‘p?
Men bilganu bilolmagan armonlaring ko‘p!..