— Tushlik tugay deb qoldi-ku?! — dedi eshikdan bosh suqqan Akbarali. — Haliyam ishlab o‘tiribsizmi?
Uning odati shunaqa — avval, eshikni mushuk tirnagandek, sekin chertadi. So‘ng javobni kutib o‘tirmay, qiya ochib, siyrak sochli boshini suqadi. Tirjayadi. Bundan sholg‘omdek qip-qizil yuzidagi qalin ajinlari yanada quyuqlashib ketadi. Xonaga olazarak razm solib, birov sezib qolishidan cho‘chigandek, shartta kiradi.
— Bu dunyoning ishlari shunaqa ekan: oshxo‘rga — osh, ishxo‘rga — ish, — dedim men kompyuter monitoriga ishora qilib. — Hisobotni tugatishim kerak. Boshni qashlashga vaqt yo‘q.
Bunday gapdan keyin boshqa odam xalaqit berganidan xijolat bo‘lib, uzr so‘rab, chiqib ketadi. Ammo ishlayapsanmi, uxlayapsanmi — Akbaraliga farqi yo‘q. Bostirib kirib kelaveradi.
— Ish, ish, deb o‘lib ketarkansiz-da, — dedi u. — Birov haykal qo‘yarmidi?
— Balki qo‘yar, — dedim klavishlardan qo‘limni uzib, gavdamni kursining suyanchig‘iga tashlar ekanman. — Ana, ishxonamizning nariyog‘idagi maydoncha bo‘sh turibdi. Balki mening haykalimni kutayotgandir.
— Tuya hammomni orzu qilgan ekan…
Akbarali bilan universitetda birga o‘qiganmiz. Guruhimizdagi ancha batartib, xati chiroyli, o‘zi ham kelishgan yigit edi. Universitetni tugatib, aspiranturaga kirgan. Uch-to‘rt yilda ilmiy ishini ham himoya qilib, hammaning, ayniqsa, qizlarning havasini keltirib yurar edi.
Universitetni tugatganimizdan so‘ng, u bilan anchadan beri ko‘rishmagan edik. Men — Mirzacho‘lda, u — Toshkentda. Hozirgi ishxonamiz — ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lim mudiri sifatida ish boshlaganimning ertasi kuni xonamda o‘tirsam, eshikni sichqon tirnaganday bo‘ldi…
Sochlari silliq taralgan, butun vujudidan kuch-g‘ayrat va ishonch yog‘ilib turadigan Akbaralidan nom-nishon ham qolmabdi. Qarshimda tinimsiz ichaverib, chekaverib, qorayib, kuyib ketgan nochor va notavon bir «chol» qaltirab turar edi. Ertalab bo‘lishiga qaramasdan, arzon vinoning achimsiq hidi anqib turgan bu bechoraning ustida talabalik yillarimizdagi o‘sha qora kostyum, yuvilaverib ohori ketib qolgan o‘sha ko‘k ko‘ylak. Bo‘ynida ingichka qora galstuk.
«Meni qarg‘ish urgan, — dedi u o‘sha kuni kafeda birga tushlik qilib o‘tirganimizda. — Birinchi xotinimning otasi — qaynotam yomon qarg‘agan».
«Birinchi xotiningizga nima bo‘lgan?»
«Aspiranturadan so‘ng bir hamqishloq qizga uylangan edim. Yoshlikda bergan ko‘ngil-da. Bir o‘g‘il ko‘rganimizdan keyin ajrashdim. Kallam ishlamagan, kallam! «Olimning xotini ham olima bo‘lishi kerak», degan xomxayol miyamga o‘rnashib qolgan ekan. Qaynotam, rahmatli, yaxshi odam edi. Qayta-qayta nasihat qildi. Ko‘nmadim. Qizini uyiga olib borib tashlagan kunim bechora chol yig‘ladi. «O‘lmang, netmang, Akbaralijon, lekin qizimga nimani ravo ko‘rgan bo‘lsangiz, o‘zingizning boshingiz ham o‘sha kulfatdan chiqmasin!» dedi…»
«Ikkinchi xotiningiz-chi?»
«Bir aspirant qizga uylandim, — dedi u. — Avvaliga yaxshi yashadik. O‘sha yili uch xonali kvartira oldik. Keyingi yili — mashina. Otasi yordamlashdi. Keyin yangangiz tamoman aynidi. Bozorchi xotinlarga qo‘shilib ketdi. Sening bir oyda topgan pulingni bir soatda topaman, deb boshimni qotiradigan odat chiqardi. Aspiranturani tashlab, o‘zini savdoga urdi. Bozorda bir emas, uchta do‘koni bor. Bu xotinni ham tashlay, desam, uch o‘g‘lim bor. Ulg‘ayib qolgan. Buning ustiga, yangangizning otasi, qizimni xafa qilsang, mendan yaxshilik kutma, deb dag‘dag‘a qiladi… Yana yuz gramm aytolmaysizmi? Pulini avansdan qaytirib beraman…»
Aytdim.
«Hozir xotinim ikki-uch kunlab uyga kelmaydi, — dedi Akbarali ikkinchi qadahni yarimlatgach. — Bolalarni opasinikiga tashlab, qayerlargadir yo‘qolib ketadi. Bir nima desam, dunyoni boshiga ko‘tarib baqiradi. Uyga kiritmay qo‘yadi. Garajda, «Jiguli»da yotaman…»
Bu suhbatga ham ikki yildan oshdi. Keyin bilsam, laborant lavozimida ishlaydigan Akbaralining bu yurishiga ishxonada hamma ko‘nikkan ekan. Hech kim unga ish ham buyurmaydi, topshiriq ham bermaydi. Nimagadir ishdan ham bo‘shatmaydi.
Men unga yordam berishga, «qutqarishga» harakat qilib ko‘rdim. Ammo urinishimning ikkinchi kuni u ishxonada umuman qorasini ko‘rsatmay qo‘ydi. Haftaning oxirida, juma oqshomi uyiga qo‘ng‘iroq qildim. Go‘shakni xotini ko‘tardi:
«Akbarali akamiz, afsuski, telefonda gaplashadigan ahvolda emaslar…»
«Nega? Toblari yo‘qmi?»
«Qishlog‘idan adalari kelgandilar. Bir haftadan beri ikkalasi birga ichi-ib yotishibdi. Mast!»
«Adalari?! Adalari yoshi ulug‘ odam edi-ku?! Hali ham?..»
«Ha, yetmish to‘rtga kirganlar… Tug‘ilgan kunlarini o‘g‘li bilan birga nishonlagani kelgan ekanlar. Mana, ota-bola nishonlab yotishibdi. Men o‘lmadim, qutulmadim!..»
Mening bu institutga ishga kelishim Akbaralini g‘oyat quvontirdi: xonamga emin-erkin kirib-chiqadi. Dardlashadi. Tortinmay qarz so‘raydi. Pulni o‘zi va’da qilgan vaqtda qaytarib beradi. Ammo ertasi kuni yana yalinib keladi. Bu gal ham qandaydir dard bilan kirgani aniq.
Akbarali divanga o‘tirdi. Pastqam stol ustidagi choynakdan piyolaga choy quyib, bamaylixotir simirdi.
— Maqsadga ko‘ching, okasi?
— Maqsad — holingizdan xabar olay, deb kirgandim. Haydayotgan bo‘lsangiz — ketaman.
— Afsuski, haydasam ham ketmaysiz-da.
— Bir iltimos bor…
— Necha pul?
— Pul emas…
— Muzlatgich — bo‘m-bo‘sh. Kecha o‘zingiz oxirgi shishaning tubiga yetgansiz.
— Rahmat! Hozirgina bufetga kirib chiqdim.
— Sezilib turibdi. Xo‘sh, nima gap?
— Mana bu televizoringizning tagidagi oq tumbochkada ikkita kalit osig‘liq turibdi, — dedi tumbochka tomonga ishora qilib. — O‘sha kalitning bittasini menga berolmaysizmi? Duo qilardim!
— Alkashlarning duosi arshi a’loga yetib bormaydi. Ming yillar oldin embargo qo‘yilgan, deb eshitganman.
— Menga o‘xshash bechorayu miskinlarniki tez yetib boradi… Lekin behazil. Kalit juda kerak.
— Yana qanday shumliklarni boshlayotganingizni aytsangiz, gap yo‘q. Beraman.
— So‘nggi kunlarda yangangizning fe’li rosa aynidi. Do‘konidan olib kelgan pulini televizorning tumbochkasiga solib, qulflab qo‘yadigan odat chiqardi.
— Obbo! Yangamullomiz, pullarini ilgari qayerga qo‘yardilar? Bankkami?
— Ilgari taxmonga joylab qo‘yardi. Yaxshilikcha besh-o‘n ming so‘rasam, bermaydi. Mana senga dedimu o‘ziga sezdirmay oladigan bo‘ldim. Lekin bilib qoldi. Siz o‘g‘irlagansiz, deb janjal ko‘tardi. Tan olmadim. Mening xatoim — 20-30 ming so‘mni bitta pachkadan olganim…
— Kallangizning ishlamasligini shu yerda ham namoyon qilibsiz-da, birodari aziz?
— Gap kalla ishlamasligida emas. Tajribasizlikda. Oxiri o‘ylab-o‘ylab yo‘lini topdim. Endi taktikani o‘zgartirmoqchiman.
U hayajon bilan o‘rnidan turib ketdi.
— Shu kalitni bersangiz, tumbochkani sekingina ochib, har pachkadan bir donadan pul sug‘urib olaman, — dedi meni o‘ta muhim bir yangilikdan xabardor etayotgandek tantanavor ohangda. — Qarabsizki, o‘n pachkadan — o‘n ming chiqib turibdi! Inson zoti sezmaydi! Qalay?!
— Zo‘r! Endi bu jinoyatga meni ham sherik qilmoqchisiz. To‘g‘rimi?
— Nega jinoyat bo‘larkan?! Do‘konlardan tushgan daromadda er sifatida mening ham qonuniy haqqim bormi?! Bor. Yangangiz ahmoq va xasis bo‘lsa, men bechora nima qilay? Ayting, nima qilay?
— Yo‘li juda oson: siz bechora ichishni tashlang. Vassalom!
— Boshlandi… Men sizdan pandu nasihat eshitgani emas, kalit so‘rab kelgan edim…
— Shu bilan murodingiz hosil bo‘lsa, ana oling!
Akbarali kalitni shosha-pisha yechib oldi.
— Ko‘p yaxshi odamsiz-da, og‘ayni! — dedi xonadan chiqib ketayotib. — Rahmat! Lekin o‘ylab topgan taktikam zo‘r, a? Qoyilmisiz?!.
— Zo‘r! Bunaqasini akademiklar ham o‘ylab topolmaydi!..
“Oila davrasida” gazetasi, 2013 yil 14 fevral.