Kichik akademiya
Toshkentning so‘lim go‘shalaridan biri – Ishchilar shaharchasida joylashgan bu bino yon-atrofidagi uylardan deyarli farq qilmaydi. Uning qo‘shni hovlilardan farqi, asosan, devoridagi uch lavhada ko‘rinadi.
O‘qiymiz: “Bu uyda 1940-1968 yillarda buyuk o‘zbek adibi, akademik Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek yashab ijod etgan”. “Bu uyda 1940-1980 yillarda birinchi o‘zbek kimyogar olimasi, O‘zbekiston fan arbobi Zarifa Saidnosir qizi yashagan”. “Bu uyda 1940-1980 yillarda kimyo fanlari doktori, professor Suyunbek Oybekovich Toshmuhammedov yashagan”.
Bu xonadon – ikki akademik, ikki fan doktori va ko‘plab fan nomzodlarini yetishtirgan salohiyati yuksak dargoh, aytish mumkinki, o‘ziga xos “kichik akademiya”.
“To‘smang, yigit, yo‘limni…”
Mo‘jazgina hovlining chap tomonidagi kursida Oybek domla o‘tiribdi. Ayni kuch-g‘ayratga to‘lgan. Tizzasidagi kitobga qo‘lini avaylab qo‘yganu nigohini bir joyga tikkan. Chehrasi ochiq, zavqiyu shiddati baland. Go‘yo hozirgina navbatdagi asariga so‘nggi nuqta qo‘yganu, ushbu muzaffar lahzalardan boshi osmonda. Mamnun. Sururli.
Haykaltarosh Ivan Klinitskiy adibning mahobatli qiyofasini shunday tasvirlagan.
O‘z vaqtida bu hovlida ne-ne buyuk zotlar mehmon bo‘lmagan deysiz. Hamid Olimjon latif she’rlar o‘qigan, Abdulla Qahhor ikkinchi jahon urushi frontlaridagi yangiliklardan so‘zlagan, G‘afur G‘ulom latifalar aytgan. Mirtemir, Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov esa kunda-kunora Oybekdan hol-ahvol so‘rab turgan.
Oybek domla darvoza oldiga o‘z qo‘llari bilan ekkan chinor, hovlidagi mana bu archa va chilonjiyda ne-ne donishmandlar suhbatlarining guvohi bo‘lgan.
Muzeydagi eksponatlar soni 15 mingdan oshadi. Ularning orasida suratu rasmlar ko‘p. Mana, ulardan biri: eski maktab. Bo‘yraga tiz cho‘kkan bolalar mutolaaga berilgan.
Oddiy bo‘zchining o‘g‘li Oybek ham Toshkentning Oq machit mahallasidagi ana shunday maktabda saboq chiqargan. “Yangi usul maktabi” deb atalmish bilim maskanida, Alisher Navoiy nomidagi pedagogika texnikumida, O‘rta Osiyo davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) ijtimoiy fanlar fakultetining iqtisod bo‘limida o‘qigan.
Birinchi she’riy to‘plami “Tuyg‘ular” texnikumda o‘qib yurganida chop etilgan.
Bo‘lg‘usi adib a’lochi qiz – Zarifani ham ilk bor o‘sha yerda – texnikumda – uchratgan. Bir umrga unga ko‘ngil qo‘ygan, dastlabki va keyingi aksariyat she’rlarini ham unga bag‘ishlagan. Sevgining dardida iztiroblar chekib, otashin maktublar bitgan:
Sevgilim, xayoling mangu bog‘ladi, Shu o‘ksik ko‘nglimga nega boqmading?..Ma’shuqasidan mana bunday hayajonli javoblar olgan:
To‘smang, yigit, yo‘limni, men uyalaman, Ushlamangiz qo‘limni, men uyalaman.Buyuk zotlarning yonida odatda buyuk ayollar turadi, deydilar. Bu hikmatga shubha bildiradiganlar bo‘lsa, Oybek bilan Zarifa Saidnosirovaning ibratli hayoti tarixiga nazar solsin, deging keladi…
Birinchi “o‘rim”
Adib hayotining eng mashaqqatli va eng farahli davri o‘tgan asrning 30-yillariga to‘g‘ri kelgan.
“Stalin zamonida jamiyat gullari bo‘lgan ziyolilar o‘qtin-o‘qtin, beda o‘rilgani kabi qirqilib, kallaklanib turilar edi”, – deb yozadi adibning rafiqasi “Oybegim mening” kitobida.
37-yilda boshlangan birinchi “o‘rim” xalqimizning ko‘plab ziyolilari kabi Oybekni ham chetlab o‘tmaydi. Iste’dodli yosh shoir, yozuvchi va olim “xalq dushmani” sifatida Til va adabiyot institutidan ishdan haydalib, Yozuvchilar uyushmasi a’zoligidan chiqariladi. Gazeta-jurnallar, nashriyotlar asarlarini bosmay qo‘yadi. Oilasi, farzandlari bilan uysiz-joysiz qoladi. Boz ustiga, o‘sha paytda ocharchilik boshlangan edi.
Adib, o‘zini hali oldinda ne sinovlar kutayotganidan bexabar, butkul ijodga beriladi. “Berilib yozadi, ijod sururidan mast bo‘lib yozadi”.
Munaqqidlar zikr etganlaridek, “asrlar qa’ridan dur qidiradi” – “Navoiy” romanini yaratmoqqa kirishadi:
“Qushlar tili” piri – yurakda tilak, Izlaymen marvarid – qo‘limda elak.Oybek uy-muzeyida bo‘lgan kishi undagi kichik hujrani qiziqib tomosha qilishi tayin. Atrofiga beqasam ko‘rpachalar to‘shalib, bolish qo‘yilgan xontaxta ustida oddiy moychiroq turibdi. Milliy adabiyotimizdagi eng buyuk tarixiy roman – “Navoiy” ana shu xontaxtada, xira chiroq yorug‘ida yaratilgan. Arab alifbosida bitilgan roman qo‘lyozmasini varaqlash asnosida, xayolga shunday o‘y keladi: Oybekdan to‘rt yarim asr muqaddam yashagan ulug‘ bobomiz Alisher Navoiy ham o‘z “Xamsa”sini shunday xontaxta, shamchiroq shu’lasida yaratgan bo‘lsalar, ne ajab.
Oybek – metin iroda sohibi. U boshiga neki kulfat, adolatsizlik va azoblar tushmasin, barchasiga bardosh bergan. Umri chidam, sabr va sabot bilan yo‘g‘rilgan. Asarlarida, yozib qoldirgan xotiralarida, maktublarida biror satr bo‘lsin, zorlanishni, shikva-shikoyatni uchratmaysiz.
“Inson har qanday qiyinchilikni ko‘tarar ekan, – deb yozadi Zarifaxonim. – Oylar, yillar o‘tsa ham, hayot yaxshilanish o‘rniga tobora og‘irlashib borardi. Ochlikdan o‘zimiz ham, bolalarimiz ham o‘lmaslik uchun nimalar qilmadik… Oybek ana shunday mushkul sharoitda “Navoiy” romanini yozib tugatdi”.
Bugun bu mashhur asarni o‘qiyotganingizda uning ne azobda dunyoga kelganini ham eslab qo‘ying, aziz o‘quvchi.
Adibning xazinasi
“Navoiy” unga katta shuhrat keltiradi. Akademiyaga saylanadi. Mukofotlar oladi. Deputat bo‘ladi. Roman ketma-ket boshqa tillarda ham chop etila boshlaydi. Yozuvchilar uyushmasiga rais etib tayinlanadi. Ammo, mustabid tuzumning “o‘ziga xosligi” shundaki, u millat gullari – yetuk kadrlarni bir qo‘li bilan ko‘tarib, ikkinchisi bilan yerga uradi. Xalqning ko‘zi ochilishidan, uyg‘onishidan qo‘rqadi. Adib hayotining so‘nggi yillarini hovli to‘ridagi qo‘shqavat uyda o‘tkazgan. Uy 1958 yilda – Oybekning boshiga tushgan ikkinchi “o‘rim”dan keyin qurilgan.
50-yillarning boshlarida Oybek yana ishdan olinadi. Matbuot orqali unga qarshi katta, surunkali tuhmat toshlari yog‘iladi. Adibni yana millatchilikda, Navoiy timsolida feodalizmni ideallashtirishda ayblashadi. Ikkinchi “o‘rim”ning oqibati juda ayanchli kechadi. Malomatlar ta’sirida adib og‘ir xastalikka chalinib, tildan qoladi:
Xastamen… Fikrga, tuyg‘uga to‘lib- Oy menga hamqadam-sokin yuramen. Sog‘aysam bir kuni yozamen to‘yib, Hislarga qalbimni qo‘shib yozamen.Zarifa Saidnosirova loyihasi asosida qurilgan yangi uyning birinchi qavatida ijodxona va yotoqxona, ikkinchisida esa kutubxona joylashgan. Oradan salkam yarim asr o‘tgan bo‘lsa-da, manzara deyarli o‘zgarmagan: ostonadagi ilgakda adibning bosh kiyimi bilan hassasi osig‘liq turibdi. Go‘yo Oybek hozirgina sayrdan qaytgan.
Shinamgina ijodxonada ortiqcha buyum yo‘q. Keng stol ustida do‘ppi, ochiq turgan qadimiy qo‘lyozma o‘rtasidagi ruchka ko‘zga tashlanadi. Sal narida – oppoq qog‘ozlar.
Odmiroq stul xiyol burilgan: go‘yo mutolaadan toliqqan Oybek hozirgina o‘rnidan turganu hovliga chiqqan.
Xonadagi uzun qilich va rezina koptok ham e’tiborni tortmasdan qolmaydi.
– Oybek domla insultga chalingach, hassaga suyanib yurishni, yog‘och qilich bilan qo‘lini harakatga keltirishni mashq qilganlar, – deb izoh beradi Gulchehra Shokirova – muzeyning katta ilmiy xodimi. – Koptok esa barmoqlari uchun tavsiya etilgan. Lekin, ming urinmasinlar, o‘ng qo‘liga qayta darmon enmagan.
Adibning orzulari mo‘l bo‘lgan. Ammo mustabid tuzum uning ilhomiga chang soldi, inja qalamini sindirdi. Buni Oybekning tugallanmay qolgan yoki rejalashtirgan asarlarining nomlari ham aytib turibdi: “Temur”, “Bobur”, “Jadidlar”.
O bashar, haq so‘zdir tarixning so‘zi- Bir odam titratdi jahonni o‘zi!Uning sohibqiron Amir Temur haqidagi dostoni ana shunday satrlar bilan boshlanadi. Oybek hazrat Alisher Navoiy haqida bo‘lgani kabi, Sohibqiron to‘g‘risida ham avval doston, so‘ngra roman bitmoqni niyat qilgan. Biroq qadim tarix qa’ridan ne mashaqqat bilan topgan marvaridlari – haq so‘zni oxirigacha aytishga ulgurmadi. O‘n yetti yilga cho‘zilgan xastalik imkon bermadi.
Yozuvchidan nima qoladi? Kitoblar, qo‘lyozmalar, solih farzandlar… Muzey eksponatlarining asosiy qismi kitoblardan iborat. Ular orasida qadimiy qo‘lyozmalardan to yaqinda Chin yurtida xitoy tilida chop etilgan “Navoiy” romanigacha bor. Ko‘plab ilmiy, adabiy va badiiy tadqiqotlar uchun katta manba. Ulug‘ xazina.
Oybek va istiqlol
“Vatan va uning salomatligi uchun har bir jon har lahza o‘zini qurbon qilmoqqa hozir turmog‘i kerak”, – deydi Oybek o‘z romanida Navoiy tilidan. El-yurt ozodligi va obodligi adibning bir umrlik orzusi, asarlarining bosh mavzusi bo‘lgan.
Muzey to‘ridagi muhtasham zal adibning ana shu armoni – Oybek va istiqlol mavzuidan hikoya qiladi. Adibning 100 yillik to‘yi arafasida unda yangi ekspozitsiya ochildi.
– Mustaqillik yillarida Oybek hayoti va faoliyatini, yozuvchi qoldirgan ulkan adabiy, ilmiy va ma’naviy merosni tadqiq va targ‘ib etishga e’tibor kuchaydi, – deydi G.Shokirova. – Prezidentimiz Islom Karimovning 2000 yil 25 avgustdagi Farmoniga binoan adib Vatanimizning yuksak mukofoti – “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Bugun ushbu orden muzeyimizni bezab turibdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2004 yil 21 dekabrda Vazirlar Mahkamasining “Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi esa atoqli yozuvchining porloq xotirasiga yuksak ehtirom ifodasidir.
Mazkur hujjatda yubiley munosabati bilan amalga oshiriladigan keng ko‘lamli ishlar, jumladan, muzey binosini ta’mirlash, undagi eksponatlarni yangilash, ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazish kabi ko‘plab xayrli tadbirlar ko‘zda tutilgan. Muzeyda qutlug‘ sanaga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan.
Har qanday buyuklik zamirida buyuk samimiyat, beg‘ubor soddalik mujassamdir, deyishadi. Oybek hayoti va ijodi bunga yorqin misol. Adibning uy-muzeyi ziyoratida bo‘lgan yohud uning asarlarini mutolaa qilgan kishi bunga yana bir ishonch hosil qilishiga – qalbi oybekona samimiyatga oshno tutinishiga shubha yo‘q.
Ushbu reportaj 2005 yil 22 fevralda O‘zA kanallari orqali uzatilgan va matbuotda chop etilgan.