Har kungi odatimga ko‘ra, erta tongda ko‘chaga chiqdim. Subhidam sukunatidan dilim yayradi. Negadir hech kim ko‘rinmasdi. Ro‘paradagi to‘qqiz qavatli uydagilarni uyqu bosganmi, bironta derazada chiroq yo‘q, odam sharpasi sezilmaydi.
Avtobus bekatiga kelsam, u yerda ham hech zog‘ yo‘q, it-mushuklar quvalashib yuribdi. Odatda, bunday paytlarda bekat to‘la odam bo‘lardi. Kim ishga, kim o‘qishga, yana kimdir bozorga, deganday… Qariyalar masjiddan uy-uyiga qaytib bo‘lgan, uyquni kelgan joyidan davom ettiradigan vaqt. Oshga ketganlar yo amri-ma’ruf tinglashayapti, yo laganni bo‘shatishayapti. Xullas, tirikchilik ko‘yida qimirlagan jon borki, hayot degan qozon avvaliga miltillab, so‘ng biqirlab qaynardi bunaqa paytda.
Hozir esa, hatto farroshlar ham yo‘g‘-a! Og‘iz-burnini ro‘moli bilan o‘rab olib, bekatda odamlar turibdi, demay, supurgisini har sermaganda chang-to‘zon osmonga bulutdek ko‘tarilib tursa ham, ko‘chada odam bo‘lsin ekan.
Avtobuslar ko‘rinmayotganiga o‘rganib qolganman, hozir bo‘lmasa, besh-o‘n daqiqadan keyin keladi, albatta. Bunday paytda shoshib turgan odamlardan pul ishlab oladigan kirakashlar ham qayoqqadir g‘oyib bo‘lgan! Birorta mashina ko‘rinmaydi. Hatto non do‘koni oldida hech kim yo‘q. Do‘konning o‘zi berk. Ikki qo‘lida og‘ir-og‘ir xaltalarni ko‘tarib yoki aravachasini sudrab o‘tadigan sutchilarning qorasi ko‘rinmaydi. Nima balo, atrof qishloqlardagi odamlar ham uxlab qolganmi bugun? Hech kim ko‘rinmagani-ko‘rinmagan, tiq etgan ovoz eshitilmaydi-ya! Tinmay guvillab o‘tib turadigan mashinalar qayoqda qoldi? Uzoq-uzoqlardan kelib turadigan gursillash, taqir-tuqir ovozlar, har kuni ro‘parangdagi uydan eshitiladigan, er-xotinning baqir-chaqiri, bolalarning big‘illashi ham bunday paytda quloqqa hayotbaxsh ohangdek eshitilib ketadi.
Ko‘chaga bemahal chiqib ketdimmi, deb o‘ylasam, yo‘q, soat odatdagi vaqtni ko‘rsatyapti, osmon yorishib ketgan.
Boya ko‘chadagi sukunatdan ruhim huzur qilgan bo‘lsa, endi butun vujudimni vahima bosa boshladi. Bunaqa manzarani hatto tushimda ko‘rmaganman. Kattakon shaharning katta bir mavzesida it-mushuklaru, yana… bir o‘zimman! Bitta mushuk menga yaqinlashib, nimadir dedi: «O‘zim ham hayronman», dedim go‘yo uni tushungandek.
Mushuk ketgan tomonga yengil shamol esib, yer yuzini siypalab biroz changitdi, muzqaymoq qog‘ozini shitirlatib surdi. Suvxalta yerdan bir oz ko‘tarilib, kapalakka o‘xshab yengil qo‘ndi. Shamolning kuchi tamaki qutilariga yetmadi, shekilli.
Bunday dahshatli sukunatga chidolmadim, yurib ketdim, yo‘q, yugurib ketdim, yelib ketdim. Nariroq, nariroq! Odamlar bor joylarga! Hayot qaynab turgan joylarga! Ha, bozor! Bozor yaxshi! U yerda doim odam bo‘ladi. Yarim kechada kelasanmi, tong saharda kelasanmi, doim odam bor. Uxlamasdan savdo qilib chiqadiganlar bor, molining tepasida uxlaydiganlar bor. Savdoga xaridor topilmasa, biror tirikchilik korini qiladiganlar bor. Nima bo‘lsa ham, bozor yaxshi. Yomonni yaxshi, deya sotsa ham, arzonni qimmat, desa ham, tarozidan uradimi, firib ishlatadimi, o‘zingdan jirkansa ham pulingdan aylanib-o‘rgiladigan bozor yaxshi! Chunki bu yerda doim odam bor!
Bozor tomonga yelib ketayapmanu yo‘l-yo‘lakay o‘sha-o‘sha bo‘m-bo‘shlik, sukunat. Qavatli uylar, do‘konlar, bekatlar jonsiz, ko‘chalar bo‘m-bo‘sh. Itlar lo‘killab o‘tib qoladi, dumini xoda qilib, xotirjam yurgan mushuklar ko‘zga tashlanadi.
Ne ko‘z bilan ko‘rayki, bozor ham bo‘m-bo‘sh, it-mushuklarning kuni tug‘ibdi. Bittayam odam yo‘q!
Odatda, tong-saharda qishloqlardan dehqonlar meva-sabzavotu sut-qatig‘ini avtobuslarda, o‘zlarining aravasi yoki kirakash mashinalarda tashib kelishardi. Bozorning piri bo‘lib ketgan olibsotarlar esa, ularni ichkariga qo‘ymay, molini ko‘tarasiga tortib oladilar-da, o‘zlari kun bo‘yi maydalab sotadilar. Avval molni saralaydilar, artib-surtib chiroyini ochadilar, sarasini bir narx, o‘rtanchasini mundayroq, pachog‘ini arzonroq narxda sotadilar. Dehqonlardan olayotganda tarozu va sanoqda saxiy bo‘lib ketadilar-da, sotayotganda bir misqolini, bir donasini zoye qilmaydilar.
Ha, bozorning o‘ziga yarasha «ilm»lari ko‘p. Bilgan odam bozor qiladi, salgina adashsang, o‘zingdan ko‘r. Bozorning hamma ishini ana shu «salgina» hal qiladi.
Bozor atrofi bo‘m-bo‘sh bo‘lsa, ichkarida odam bordir? Panjara devor orqali qaradim. Qovun-tarvuzlar to‘p-to‘p bo‘lib yotibdi. Qay birlarining ustiga mato tashlangan, qay birlari ochiq. Har birining yonida karovat, ko‘rpa-yostiq bor, hatto choynak-piyolasi yonboshida, lekin egasi yo‘q!
Gul do‘konlar qatorasiga ochiq, guldastalar terib tashlangan, gulchilar ham, xaridorlar ham yo‘q.
Kalamushlarga maza bo‘pti-da, deya xayolimdan o‘tdi va shu zahoti beton ariq ichidan menga tikilib turgan moshdek-moshdek ko‘zlarga nigohim tushdi. Seskanib ketdim. Bularning bir to‘dasi hujum qilsa bormi, uxlab yotgan odamni yeb tashlashi mumkin. Tag‘inam, bozorda odamlarning yeyishga arzigulik narsalari bor, nima qiladi o‘ziga hujum qilib. Undan ko‘ra meva-sabzavotini, non-pon, pishirig‘-shishirig‘ini, turshak-magizini yeb tirikchilik qilgan yaxshi emasmi? Kalamushlar, ba’zilar o‘ylaganchalik, anoyi emas. Umuman, jami mahluqot borki, qanday tirikchilik qilishni o‘zi biladi, shuning uchun ham yashab yuradi, nasl qoldiradi.
Lekin kechagina hamma yoqni chumolidek to‘ldirib yurganlar qani? Bir kechada-ya! Topgan-tutgan narsalari joy-joyida qolganu, o‘zi yo‘q. Bozor atrofida avtobuslar, yengil avtomobillar bor, hatto tramvay ham turibdi, faqat odamlarning qorasi ko‘rinmaydi. Uchar likopchalar kelib bir kechada hammasini o‘g‘irlab ketdimikin? Boshiga uradimi shuncha odamni? Tajribasiga zarur bo‘lsa, besh-o‘nta daydi piyonistani oladi-da, ketadi! Hammasini oborib, qayoqqayam sig‘dirardi?
Yoki jismini elektron-proton zarralarga parchalab, havoga sovurib yuborishdimikin? Unday bo‘lsa, endi efirga odamzotning tasviri va ovozigina emas, o‘zi ham tarqalgan bo‘ladi-da? Qiziq-ku!
Radio, televizorlar efirdagi to‘lqinlarni antennasi bilan ushlab olib, ovozga, manzaraga aylantirib berardi, endi odamning o‘zini gavdalantiradimi? Yo‘-o‘q, bunaqasi menga yoqmayapti. Odamning manzarasi emas, o‘zi bo‘lganiga nima yetsin! Haqiqiy, ikki qo‘l, ikki oyoqli, boshi, ko‘zi, burni bor, o‘sha, o‘zimiz o‘rgangan odam bo‘lgani yaxshi. Bir-birining ko‘ziga qarab turib aldasa ham, ikkovi aldanayotganini bila turib, kim o‘zarga aldash musobaqasini avj oldirsa ham, odamning o‘zi bo‘lgani yaxshi… Atrofingda bironta odam bo‘lmasa, molingni, obro‘yingni, mavqeyingni, bola-chaqangni it-mushuklarga maqtanasanmi?!
Odamlarning ruhini sug‘urvolib, jismini tashlab ketishgan bo‘lsa-chi? Etim jimirlab ketdi. Unday desam, hamma yoqni odam jasadi bosib ketgan bo‘lishi kerak edi.
Ruhi sug‘urib olingan odam o‘larmikin yoki hamma jonivorlar kabi yashab yuraverarmikin? O‘lganda ruhi uchib ketadi-ku, demak, o‘ladi-da… Yo‘q, jismi o‘lgani uchun ruhi uchib ketadi, hayotlik paytida qandaydir yo‘l bilan ruhi sug‘urib olinsa yoki urib chiqarvorilsa-chi? Unda, yashayveradi, shekilli? Ha, shunday! Qaytanga yaxshiroq yashaydi! Hech narsadan azob chekmaydi, ko‘proq yeb-ichishga, ko‘proq mol orttirishga harakat qiladi. Qoyil! Har bitta odam shularga intilsa, hamma boyib ketadi!
Kashfiyotimdan dilim yayrab «Voh!», deb ko‘kragimga urib qo‘ydim. Ie! G‘alati-yu! Ilgari shunday qilganimda ichim «gurs» etib ketardi, endi… Qiziq, qo‘l-oyoqlarimni ko‘rmayapman. Ko‘krak degan narsaning o‘zi yo‘q! Boshim! Yo‘q qo‘llarim bilan yo‘q boshimni changalladim.
Hech narsada kamchilik sezmayapmanu, lekin a’zolarimni ko‘rmayapman. Yoki ko‘r bo‘lib qoldimmi? Unday desam, tevarak-atrofdagi narsalarni bemalol ko‘rayapman, faqat odamlarni emas. Yoki odamlar ilgarigidek uymalashib yurishibdiyu, men ko‘rmayapmanmi? Bo‘lishi mumkin emas!
Engil shamol esib, meni tortqiladi, g‘alati shivir-shivir eshitgandek bo‘ldim. Shamol kuchayib, kuraklarimga bosim berdi. (Kuraklarim bor bo‘lsa!) Qarshilik qilmoqchi edim, uddalay olmadim. Shamol erkimni o‘zlashtirib olgan edi, uchirib ketdi.
Elektr simlariga urilib, yonib ketaman deb qo‘rqqan edim, yo‘q, hech nima qilmadi. Daraxtlarning shoxlariga ham ilinib qolmadim. Ilinadigan jismim bo‘lmagandan keyin, nima bilan ilinardim? Daraxtlardan ham tepaga ko‘tarilib, osmonu falakka chiqib ketdim. Bu yoqlarda shamol kuchliroq, ovozi ham boshqacha. Ilgarilari shamol qulog‘imga chiyillab eshitilardi. Hozir, diqqat qilsam, boyagi g‘alati shivir-shivirlar kuchayib eshitilayotgan ekan, lekin xilma-xil ovozlar aralash-quralash bo‘lib ketganidan hech narsani anglab bo‘lmasdi. Balki, sekin-asta tovushlarni ajratib olishni o‘rganarman. Shamol meni qancha vaqt uchirib yuradi, bilmayman. Ehtimol, mangu davom etar? Shamol goh bo‘ron bo‘lib, goh dovul bo‘lib, gohi odamlar allambalo ismlar bilan ataydigan baloyi ofat bo‘lib kezib yuraveradi. Men va menga o‘xshaganlarni ne ko‘ylarga solar ekan? Tug‘ilib o‘sgan shahrimni yana ko‘ramanmi, yo‘qmi?
Osmonu falakdan kattakon shaharni yaxlit ko‘ra boshladim. Hamma yoqda hayot izlari boru, odamlarning qorasi ko‘rinmaydi. Ko‘chalarda mashinalar bor, lekin harakatsiz. Kattakon anhordagi suv ilgari qanday bo‘lsa, hozir ham shunday: ba’zi joylarda salmoqlanib oqsa, boshqa joylarda ayqirib oqadi. Go‘yo atrofda hech qanday o‘zgarish bo‘lmagandek, odamlar bormi, yo‘qmi, unga bari birdek!