Qo‘chqor Norqobil. Urush surati (kichik hikoyalar)

Ona

Do‘stim Mo‘minga bag‘ishlayman.

Pushta bo‘ylab o‘sgan toklarni tag-tomiri bilan qo‘porib, g‘arq pishgan uzumlarni majaqlab kelayotgan tank ariqqa tushib tumshug‘i bir pasayib ko‘tarildi-da, taqqa to‘xtadi. Zanjiri otilib ketdi. “Zanjir uzilganini dushman sezmasligi kerak” – o‘yladi komandir. Chor tarafdan o‘q va snaryad uchayapti…
Operator-otuvchi tank bashnyasiga o‘rnatilgan pulemyotdan tevarakka o‘q otib turdi. Ko‘z qo‘rqdiga shunday qildi. Yov yaqin kelmaydi.
– Ot. Anovinga ot! – qichqirdi mexanik.
Bog‘ adog‘idan egnida oppoq yaxtak-ishton, boshida afg‘oni qalpoq kiygan kimsa qo‘lida granatomyot ko‘tarib kulba tomon yugurib qoldi. U jon uhmida chopib, ko‘rimsiz kulba ichiga kirib olishga ulgurdi.
Tank gumburladi; kulbaning bir tomoni tir-to‘zg‘ib, borliq chang-to‘zon va tutun ichida qoldi. Kulbaning yarmini snaryad olib ketdi.
– Yana otaymi?
– Yetadi. Ketadigan joyiga ketdi.
Tashqarida jang avjida.
Komandir, otuvchi, o‘qlovchi, mexanik – butun ekipaj ichkaridan chiqmay o‘tiribdi. Ahyon-ahyonda otuvchi bashnyadagi pulemyotni ishlatib qo‘yadi.
O‘q ovozlari tindi.
Kun og‘di.
Ular och edi.
Tashqariga chiqish uchun qur’a tashladilar.
Tashqariga chiqish o‘zbek jangchi – o‘qlovchining chekiga tushdi.
– Bor, kulbaga kir… Hech bo‘lmasa gugurt topib kelarsan… Chekishning ham xumori tutyapti, – dedi komandir.
– Suv esingdan chiqmasin, – mexanik yutinib qo‘ydi.
Jangchi lyukdan bazo‘r bo‘yladi, xuddi boshini o‘q yulib ketadiganday. O‘zini tokzorga otdi. Jo‘yak ichiga dumalab tushdi. Hansiragan ko‘yi jiqqa ter bosgan barmoqlari bilan avtomat qo‘ndog‘ini chunonam qisdiki, qo‘li og‘riqdan zirqirab ketdi. Ariq ichida birpas kulbani kuzatib yotdi. “Hech kim yo‘qdir? Haligi, chopib kirgan “dux”chi? Tank snaryadidan omon qolmagan… O‘lgan. O‘lib ketgan…”, degan xayol bilan kulba tomon emakladi. Hovliga yetgach, o‘rnidan turib, o‘q tezligida kulba ichiga uchib kirdi. U eshigini tepib kirgan xona ayvon edi. Ayvon shiftidagi bolorga osilgan qalin simga ildirilgan chelak yoniga keldi. Chelakda suv yarim edi. Jangchi tik turgan ko‘yi chelakni qiyshaytirgancha yutoqib suv icha boshladi. Ichi yonib ketgan ekan. Qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrardi. Biroq chelakdan ham boshini tortib ololmasdi.
Chanqog‘i bosildi. Zah hidi urgan tor ayvonda nima qilarini bilmay serrayib turdi. Shu mahal… shu mahal ichkari xonada nimadir taraqlaganday bo‘ldi. Eshik sharaqlab ochildi, ostonada o‘ziga – naqd ko‘ksiga qurol o‘qtalib turgan ayolni ko‘rdi. Butun a’zoyi badani jimirlab, soch tolalari o‘rnida boshiga ming­lab igna sanchildi, oyoq-qo‘li bo‘shashib, ichidan nimadir uzilib tushganday ihrab yubordi. Lahzada ayolning dahshat qotib qolgan kulrang yuzi, zo‘riqqandan kosasi otilib ketay deb turgan nafrat va qahr to‘la chaqchaygan ko‘zlarini ko‘rdi. Qurol tutib turgan qo‘llarigina emas, butun tanasi qaltirab-qaqshagan ayol unga Azroyildan elchi bo‘lib turardi. Jangchi qo‘lini qurolga olib borishga ham ulgurmay taxta bo‘lib turaverdi. Ayolning ko‘rsatkich barmog‘i qo‘lidagi avtomat tepkisiga tegib turganini, qilt etgan harakat tufayli badani ilma-teshik bo‘lishini angladi. Ko‘zlar to‘qnashdi. Sukut, titroqli sukut…
– Suv… Suv, – dedi askar ovozi titrab, – Ob… ob…
Ayol chelakka ko‘z qirini soldi. Jangchining xayoliga kelgan gap shu bo‘ldi:
– Ona… Ona… otmang. Siz mening… onamga o‘xshaysiz, – dedi cho‘k tushib. Askarning tim qora ko‘zlaridan yuziga go‘yoki so‘nggi yosh tomchilari shovillab oqa boshladi.
Qurol tutgan ayol ojiz va notavon, qora ko‘z, qora qosh o‘g‘lonning ezg‘indi ahvoliga birpas og‘riqli alpozda termulib turdi. So‘ng bosh irg‘ab «o‘rningdan tur» ishorasini qildi. Askar o‘rnidan turdi. Ayol qo‘lidagi avtomat milini “chelakni ol” ma’nosida havolatdi. Askar simdan chelakni oldi. Ayol “endi jo‘nab qol” degan kabi bosh irg‘adi. Askar yarim chelak suvni kulbadan go‘yoki yarim asrlik vaqt oralig‘ida nafasi bo‘g‘ziga tiqilib olib chiqdi. Chelak ko‘tarib tik turgan ko‘yi hovlidan tokzor tomon qaltanglab-siltanglab qadam qo‘ydi. U tik edi. Endi unga baribir edi. Endi emaklashning hojati yo‘q edi. Endi emaklash sharmandalik edi, emaklash o‘qqa uchishdan ham dahshat edi.
Askar orqasiga qadalishi mumkin bo‘lgan o‘qni his qilib, yelkasi qizib tank tomon yurib kelardi. “Ana otadi, mana otadi…” degan o‘y es-hushidan og‘dirar darajada yuragiga og‘riq solardi.
– Nega buncha qalt-qalt titraysan? Qo‘rqib ketding? – so‘radi komandir.
– Kimdir bormikin? – kulbani nishonga oldi otuvchi.
– Yo‘q. Hech kim yo‘q. Kulbada hech kim yo‘q. O‘liklarni ko‘rdim, – dedi askar.
Uning qarshisidagilar hoholashdi.
– Hamma yoqni o‘lik bosib yotibdi-ku… Seni qara-yu, – komandir uning yelkasiga qoqib qo‘ydi.
Ular chelakni boshlariga ko‘tarib galma-gal suv ichishdi.
Ta’mirrota yordamga keldi. “Oyog‘i chiqqan” tankni tuzatishdi.
Ular ortga qaytishdi. Pushta uzra cho‘zilgan tok novdalarini yer bilan bitta qilib o‘tayotgan tank har gal jo‘yakka tushganda siltanar va yana qarshisida neki bor ezib-ezg‘ilab oldga intilardi.
Ekipaj beparvo. Faqat qorako‘z, qoraqosh o‘g‘lon ko‘z yoshlarini tiyolmasdi. Ikki yil o‘t-­olov ichida yurib ham diydasi tosh qotib ulgurmagan jangchining nigohini iztirob, og‘riq yoshlari kuydirardi.
U ayni damda o‘z onasini eslab yig‘lardi. U ayni damda onasini sog‘inganini his qildi – u onasini sog‘inib yig‘lardi, olislardagi onasi uni hozirgina o‘lim changalidan olib qolganini, olis-olislardagi onasi o‘z joniga ora kirganini savqi tabiiy hissiyot bilan sezib turardi.
“Chindan ham onamga o‘xsharkan, – o‘ylardi u. –
Ha, onamga o‘xsharkan…”

Urushning surati

Yolg‘iz – yolg‘iz o‘g‘il. G‘ulom bobo bilan Oysara xolaning yolg‘izi, ortida qoladigan yorug‘ izi.
Harbiyga chaqiruv keldi.
Yolg‘izni afg‘on urushiga olib ketishdi.
Xola ko‘p yig‘ladi. Xolaning ko‘zi xira tortdi. Xola ko‘rmay qoldi. Xola: “Hali o‘g‘lim kelsa, ko‘zim ochilib ketadi”, deb qo‘yardi.
Sog‘inch dardi, tahlika azobi xolaning ich-­ichini ham kuydirib ketdi. Bir yil o‘tar-o‘tmay xola omonatini egasiga topshirdi.
G‘ulom bobo bukchayib qoldi. Ikki ko‘zi eshikka qadaldi. Faqat eshikni ko‘rdi. Yolg‘izning yo‘liga tikildi ikki ko‘zi.
Paxsa devorga omonat ilingan pastak eshik tiq etsa, boboning yuragi shig‘ etadi. Joni xalqumiga keladi. Nurab, to‘kilib ketaman deb turgan ozurda ko‘hna kulbadan otilib chiqib, yalangoyoq yugurgilaydi.
Ovuldoshu qo‘ni-qo‘shni dalda beradi: “Keladi bobo, keladi, Yolg‘izingiz keladi…”
Yolg‘iz kelmadi.
Temir tobuti keldi.
El-elomon bir qalqdi – uvvos urdi el-elomon: “Notanti taqdir, kelib-kelib shugina yolg‘iz cholning Yolg‘iziga chang solasanmi?..”
Bobo garangsib qoldi. Esi kirdi-chiqdi bo‘ldi.
Oradan bir hafta o‘tib boboning qoshiga qishloq maktabining direktori keldi.
– Maktabni o‘g‘lingiz Yolg‘iz Xolboyev nomi bilan ataymiz. Qabriga marmartosh o‘rnatib, ta’ziyanoma yozmoqchimiz.
Chol unga o‘qrayib qaradi. Ichkari uyga kirib ketdi.
Eni-bo‘yi yarim quloch keladigan marmar lavh olib chiqdi. Direktor marmar lavhga o‘ralgan suratni – Yolg‘izning suratini hamda “Men otamdan oldin o‘lganman…” degan yozuvni ko‘rdi. Ko‘z oldi qorong‘ilashib, ich-ichidan o‘kirik keldi. O‘zini zo‘rg‘a tiyib ihradi.
– Uzr, bobojon, uzr.
– Uf-f… Kecha… Kecha rayon markaziga borib, o‘zim tayyorlatib keldim. Shuni qo‘yaman, – dedi bobo.
Boboning joni tosh ekan. Boboning boshi toshdan ekan. Bobo yashadi. Uzoq yashadi. Bu hayotga qasdma-qasd yashadi. O‘tgan yili yuz yoshga yaqinlashib qazo qildi.
Xotira va qadrlash bayramida qishloqda bo‘ldim. Qabristonning kunbotarida Yolg‘iz yotgan qabr boshiga keldim. Askar kiyimida jilmayib turgan o‘g‘lonning surati tagida: “Men otamdan oldin o‘lganman…” degan yozuvni o‘qidim. O‘zimni qo‘lga oldim.
– Ana, yonidagi G‘ulom otaning qabri, – dedi qo‘shnim.
Qabr boshidagi marmar lavhdagi: “Men bolamdan keyin o‘lganman…” degan yozuvga ko‘zim tushdi. Endi o‘zimni tutolmadim. Qabr poyida cho‘kkalab o‘tirdim-da, kaftim bilan yuzlarimni to‘sdim. Ichimdan ko‘pirib toshgan og‘riqli bo‘ronni to‘xtatolmay o‘kirib yig‘lab yubordim…

Gullagan qurol

Askar urushdan qaytdi.
Dunyo sokin edi, dunyo huzurli. Ota uy bag‘ri belanchak bo‘ldi, askar unutilgan orom og‘ushida edi.
Askar zerikdi…
Uy devorida osig‘liq miltiqni olib Bobotog‘ sari yo‘l oldi – ovga!
Tikso‘qmoq tanobini tortdi – balandga chiqdi. O‘ljani poylab pusib yotdi.
G‘or og‘zida bolasini emizib turgan ona ki­­yikni ko‘rdi.
Askar yotgan joyida qimir etmay, chuqur nafas olib, mo‘ljaldan adashmaslik uchun tosh qotdi. U ona kiyikning qoq manglayini nishonga oldi. O‘ng qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘ini miltiq tepkisiga olib bordi.
Bir… ikki… uch… U tepkiga qo‘l tekkizdi, butun vujudi nigohga aylanib nishonda turgan ona kiyikka qadaldi.
Bola kiyikning esa og‘zidan sut ko‘pirib toshar, bu dunyoi dundan bexabar o‘ynoqlab-o‘ynoqlab onasi yeliniga yopishardi.
Bir… ikki… uch… Tepkiga tegib turgan barmoqlar qimir etmadi, jiqqa ter bo‘ldi.
Askar ko‘zlarini yumdi. Lahza zimistonligi uzoq cho‘zilganday bo‘ldi. Ko‘zini ochdi. Ro‘parasida hech narsa yo‘q, elas-elas ko‘zga chalinayotgan, toshqumloqdan ko‘tarilgan yupqagina qum changini, tikso‘qmoqdan pastga qarab yelday uchayotgan ona kiyik va kiyikchani ko‘rdi.
Askar yengil tortdi – yelkasidan nafas oldi. So‘ng jilmaydi, so‘ng qah-qah urdi, kulgisi tog‘ni tutdi.
Keyin hozirgina jonivorlar shamolni ortda qoldirib uchib o‘tgan tog‘so‘qmoqdan pastga qarab tusha boshladi.
Askar ovdan qaytmoqda… Urush komida uning mo‘ljaliga tushgan hech bir nishon qulamasdan qolmagandi. Bugun esa uning quroli ilk bor o‘z nishonini qulatmadi.
Askar qaytayotib tog‘ gullaridan birini uzib, miltiq niliga tiqib qo‘ydi.
Askarning yelkasidagi qurol xuddi gul otib, gullab yuborganga o‘xshardi.
Askar qishloqqa qup-quruq, yelkasida gullagan qurol va ko‘ksida tirilgan yurak bilan qaytib kelmoqda.
Askar bugun tinchlik va tiriklik mohiyatini chuqurroq tushunganday bo‘ldi…
Atrofga g‘olibona boqib, jilmayib qo‘ydi.

Eng kuchli bola

Avji bahor edi.
Er ustiga gul chechaklar otilib chiqqan edi.
Ayol xo‘rsindi.
Bola entikdi.
– Oyijon, gullar ko‘p-a, qarang?! Nega yig‘layapsiz, oyijon?
– Bu gullarni dadang bizga yer ostidan yuborayotganga o‘xshaydi, bolam…
– Oyijon, katta bo‘lsam, men ham sizga yer ostidan gul jo‘nataman…
Ayol qalqib tushdi.
– Yo‘q… Yo‘q!!! Bolam, Sen mening yer ustidagi ustunimsan.
Ayol cho‘kkalab, o‘g‘lining boshini mahkam quchdi-da, yig‘lab yubordi.
– Oyijon, ustun nima?!
– Men uchun ustun Sensan, bolam. Boshimdagi osmonni suyab turibsan. Sen bo‘lmasang osmon qulab tushadi, meni bosib qoladi, bolam…
– Men shunchalar kuchlimanmi, oyijon?!
– Ha, bolajonim, Sen zo‘rsan.
– Dadamdan ham zo‘rmanmi?
– Ha. Shuning uchun ham dadang ishonib meni Senga qoldirib ketgan…

Urush

Qizaloq olti yoshda.
Diydasi tosh edi.
Derazadan tashqari qaradi.
Ko‘chada urush.
Pardani tortdi.
Og‘ir-og‘ir yurib stol yoniga keldi. Tik turgan alpozda oppoq qog‘ozga aji-buji qilib yozdi: “Ketdim. Urush tugasa, menga xabar beringlar. Qaytib kelaman…”
Qizni onasi olis-olislarga olib ketdi.
Vaqt o‘tdi. Vaqt uchdi. O‘sha olis-olislarda bir qabr paydo bo‘ldi. Qabrtoshda aji-buji harflar bilan shunday yozilgandi: “Ketdim. Urush tugasa, xabar beringlar. Qaytib kelaman…”

Ustun

Sochimni oldirib keldim. Tap-taqir boshimga razm solib otam xo‘rsindi.
– Ketayapman, degin.
– Ketayapman, ota.
– Qayergaligi ma’lum bo‘ldimi?
– Ma’lum. Afg‘onga deyishayapti. Yana… kim bilsin?
– Sovuq xabarning yolg‘oni bo‘lmaydi. Demak, urushga ketyapsan…
Otam boshini sarak-sarak qildi. Og‘ir uh tortdi – o‘pka-jigari uzilib ketganday ihradi.: “Hoy bola-ya, hoy bola…”. Ichidan bir ihroq otildi. Ustunga suyanib, menga tosh qotib termulib turdi.
– Otamni urush o‘ldirganini bilasan-a, – dedi nihoyat. – Uch yoshimda yetim qoldim. Otam meni yetim qildi. Lekin, lekin Sen meni yetim qilma, bolam,.. – Otam o‘pkasi to‘lib o‘kirib yig‘lab yubordi.
Oyoq-qo‘lim bo‘shashib, sillam qurib supaga o‘tirib qoldim.
Nazarimda, shu ustun bo‘lmaganda otam qulab tushardi. Nazarimda, shu ustun otamning boshidagi osmonni ham suyab turardi.
Urushga ketdim. O‘t-olov, o‘q ichida sargardon kezlarimda quloqlarim ostida bir yalinch jaranglab turdi: “…Sen meni yetim qilma, bolam!..” Gospitalda tig‘ ostida yotganimda o‘sha iltijo jarangladi: “Sen meni yetim qilma, bolam…”
Dahshatli janglar oldidan Parvardigorga yalindim: “Ey, xudo, o‘zing asra, men o‘lmayin, otam yetim qolmasin…”
Men qaytdim. Men bir urushni ko‘rdim. Otam ikki urushni – men va otasi tufayli ikki urushni ko‘rdi. To‘g‘ri, urushning katta-kichigi bo‘lmaydi. Faqat bir narsa taskin beradi: “Mening urushim” otamni yetim qilmadi.
Xudoga shukr, otajonim hayot! Umri uzoq bo‘lsin, sakson yoshga qarab yurayapti. Hovlimiz o‘rtasida o‘sha ustun hali ham turibdi. Yaqinda men ustun atrofiga to‘rtburchak qilib odam beli barobarida marmar devor tortdim. Men bu ishni endi hech kim ustunga suyanmasin degan o‘y bilan qildim. Chunki ustunni ag‘darib tashlashga jur’atim yetmadi. Chunki u og‘ir kunda otamni suyagan edi, men otamga ustun bo‘lolmagan kez ustun otamga bir o‘g‘ilday suyanch bo‘lgan edi.

Zamon

Qosim bobo qazo qildi. Qishlog‘imizdagi urushning oxirgi guvohi ham ketdi: janozaga butun qishloq ahli jam tortdi.
Turdi maxsum mayitni yuvdi.
Maxsum tashqariga chiqdi. Tol tagiga cho‘kdi. Ezildi. “So‘nggi jangchi bova ham ketdi. Berlinning ko‘ksiga bayroq urgan to‘dada menam bor edim, deb ko‘ksiga mushtlardi, rahmatli” – esladi maxsum.
Maxsum ichkarida nimasinidir qoldirib kelganday bezovtalandi. Qo‘yniga qo‘l soldi. Turibdi. Nosqovog‘i turibdi.
Marhumni mozorotga olib borishdi. Mulla janoza o‘qiyapti.
Tuyqus… Tuyqus tobutda qo‘ltelefon jiring­lay ketdi.
Mulla bir seskandi, odamlar ikki qalqdi. Hamma tosh qotdi.
Bu sovuq jarangni hatto murdalar ham eshitdi.
Maxsum chayon chaqqanday bir sapchidi.
Shunda Xolmurod bova o‘rnidan dast turib qichqirib yubordi:
– Xaloyiq, Qosim akam samalutga chiqayotganda, o‘pkasi shunday jaranglardi. Bu askulka, birodarlar! Askulka!
Bu gapni hech kim mushohada qilib o‘tirmadi. Mushohadaning mavridi emasdi. Murdani ko‘mishdi.

Bir burda non

Umrining so‘nggi kuni qazosi ko‘ziga qir bo‘lib ko‘ringan dam keksa general o‘g‘lini yoniga chaqirdi.
– Ota, Sen hali ko‘p yashaysan. Bu nima deganing. Tobing qochdi, xolos.
– Gapimga quloq sol, o‘g‘lim…
– Yo‘q, gapirma! Xohlasang butun Voronejni ostin-ustun qilaman, Rossiyani oyoqqa turg‘izaman, anqoning urug‘i qo‘shilgan dori-darmon bo‘lsayam topib kelaman, xohlasang, hoziroq chet elga olib uchaman, o‘sha yoqda davolataman. Faqat o‘lim haqida gapirma, jon ota…
O‘g‘lon yig‘lab tiz cho‘kdi. Otasining to‘shakda tobora holsizlanib borayotgan titroq qo‘llarini o‘pdi.
– Nima desam qilasan-a? – chol lablari tamshanib iltijoli boqdi.
– Ha, ota! Ayt. Faqat… faqat…
– Zog‘ora non yegim kelayapti. O‘zbek tandirida qip-qizarib, qotib pishgan zog‘ora non…
O‘g‘il hayratlanib qaradi.
– Qirq ikkinchi yili xandaqda yotganimizda leytenant Sharapov yon cho‘ntagidan olib beruvdi. Juda lazzatli, cheti biroz kuygan, lekin juda shirin, qotgan, qip-qizarib pishgan bir burda non. Zog‘ora non.
O‘g‘ilning botinida bir o‘krik to‘lg‘ondi. Ota davom etdi:
– Farg‘ona degan joy bor. Tog‘ tagidagi qishloq. Tong chog‘i quyosh qishloqqa juda yaqinlashib kelarkan. Tog‘dan sharqirab tushgan Oqsoy suvi qishloqni ikkiga bo‘lib oqadi. Odamlar hovli eshiklariga qulf solishmaydi. Har bir xonadonda tandir bor. Har bir uyda ertalab tandir yonadi. Har bir tandirdan oftobi non chiqadi – oftob chiqadi. Ana timqora sochini zanjir qilib o‘rgan navnihol, go‘zal o‘zbek qizi tandirga o‘tni tashlayapti. Hovlilardagi ishkomlarda savatday-savatday bo‘lib uzumlar osilib yotibdi. Bog‘larda mevalar g‘arq… Ey-ey,  Sharapov, senmisan, og‘ayni!? Ko‘rishmaganimizga ham ancha bo‘ldi. U-huv, o‘zgarmabsan-a. Yurting chindan ham ertakdagiday go‘zal ekan, birodar. Ey, bu zog‘ora non-ku. Rahmat og‘ayni, unutmabsan-a… Shu nonni sog‘inganimni qayerdan bilding, Sharapov.
Bemor generalning xayoli uloqdi. Hamshira tomiriga ukol urdi. Ukol ta’sir qilmadi. Chol yana almoyi-jalmoyi gapirib alahsiy boshladi.
– Sharapov, doim bir gapni ko‘p gapirasan: “Bir burda nonga odamning qorni to‘yadi…”  deysan. Haq aytasan. Mana bir burda nonga qornim to‘ydi-ku. Lekin… Odamzot nega shuni tushunib yetmaydi? Nega odamzot bir burda nonga qorni to‘ysa ham ochko‘zlik  bilan bir-birini g‘ajiydi. Urush qiladi, Sharapov?! Agar buni hamma tushunganda edi, yer yuzi tinch bo‘lardi, yer yuzida urush bo‘lmas edi… Sen bilgan oddiy gapni bugun butun dunyo tushunishini istayman, Sharapov.
Chol jimib qoldi. Xonaga og‘ir sukunat cho‘kdi. So‘ng bir to‘lg‘onib, hansiradi,  so‘nib borayotgan nigohini tepasidagi o‘g‘liga tikdi.
Oligarx titrab-qaqshab turardi. Generalning so‘niq chehrasida tuyqus mayin tabassum yoyildi. Yengil nafas olib:
– Bir burda non… Bir burda non hammamizga yetadi, – dedi horg‘in va titroqli ovozda.
Bu uning so‘nggi gapi edi.

Etikchalar

Bu urushda etikchalar egasiz qoldi.
Ayol etikchalarni xona burchagiga olib borib qo‘ydi.
– Qani, o‘girilib tur, – deya etikchalar tumshug‘ini devorga taqadi.
Egasiz etikchalar devor burchida chorak soat turdi.
Ayolning rahmi keldi:
– Boshqa to‘polon qilmagin-a, xo‘pmi?! U etikchalarni ko‘ksiga bosdi. So‘ng stulchaga olib kelib qo‘ydi:
– Qani, endi ovqatingni yeb ol!..
Ayol etikchalarga uzoq tikilib turdi. Nimadir yodiga tushganday bo‘ldi. So‘ng… so‘ng… chinqirib yig‘lab yubordi.
Etikchalar sohibasi bor-yo‘g‘i olti yoshdagina edi.

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 4-son