Insonning tanasiga emas,
qalbiga haykal o‘rnatadilar.
L. Tolstoy
Xullas, yig‘in yig‘inday bo‘lmadi. Buning bariga til bitdi, meniki juft deydigan bo‘lib qolishibdi. Xarrakka tiqilgan xarsangni suv emas, sel oqizadi. Bularning bu mayda-chuyda pichinglari u yoq-bu yoqdan otilgan kesakning uvadasiday bo‘lib tuyuldi. Lekin kesakka yetgan qo‘l toshga ham, keyin allambalo narsalarga ham yetishi mumkin.
Hayqulov buni yaxshi biladi, bilmay o‘ldimi, yetmishga yamoq, saksonga saboq berib turgan qariya xoli bilan shu narsani bilmasa, Xivaning gurvakkina qovuniday cho‘zinchoq boshiga shlyapani bostirib, bo‘yinbog‘u kostyum-shimda po‘rimgina bo‘lib mashinaning orqa o‘rindig‘ida yastanib o‘tirishiga hayf-e… Aytmoqchi, mashinaning orqa o‘rindig‘ida yalpayib, atrofga kibrona, bepisand boqish bir zavq bo‘lsa, shu ulov “jonivor” ishxona eshigi oldida to‘xtagan zahoti ikkita temirqanot shotirning yerning yorig‘i-yu, osmonning uyug‘idanmi, Xudo biladi, qayerdan, lahzada paydo bo‘lib mashina eshigini ochishi, o‘n shavq deng. Yanami, yana deng, haligi ucharlardan biri shartta qo‘lidagi portfelini oladi, ayrim paytlar bunga kostyum ham qo‘shiladi, biri esa shu uchishda ichkari kirib, lift chaqiradi. Uning gurvakqovun kallasi hech joyga burilmaydi, shotirlar qurshovida to‘ppa-to‘g‘ri, shahdu ahd qadamlar ila ishxonaga kirib, uchinchi qavatga ko‘tariladi.
Bugun chatoq bo‘ldi. Qiziq… bular anchagina tirilib qolishibdi. Anavi loyihalash bo‘limining boshlig‘ini ko‘r, eplasangiz elakda suv turadi, deb piching qildimi, bu bilan ishni eplay olmayapsan, dedi chog‘imda. Reja bo‘limi xodimasining ham savodi chiqib qolibdi. Savdoyining savodi savobni sovuradi deganlariday, tejamkorlik masalasida dakki berganday bo‘ldi. Itning iljayganini kim ko‘ribdi, hamisha jag‘i yopilmay jig‘iga tekkuvchi Jumaberdining diydiyosini ko‘ring! Hamma joyda bir xil xo‘roz qichqirmay, boshqa xodimlarning ham loyihasiga e’tibor qaratilsa yaxshi bo‘larmidi, dedi. Hayqulov nafaqat yer tagida qimirlagan ilonni, balki uning turini aytib beradigan odam. Manavi ko‘zoynakli ilon – Toshturdining gapini qarang: “Hammamiz ham bunyodkorlik odamimiz”, deb qo‘ydi piching aralash. Bu gapning tagidagi nim kosada, “Hamma joyda Sen o‘zingni ko‘rsatayapsan, biz-chi?” degan ta’na bor. Ha, Hayqulov biladi, biladi Hayqulov. Sen yaramaslarning hammangni biladi. Bugun baring tirilib qoldilaringmi-a?
Xullas, bugun – aytguligi yo‘q kun bo‘ldi? Ko‘rning soziga kar o‘ynadi. Yer bo‘lmasa, osmonda yuradi bular. Har biri o‘zicha daho. Boshim yulduzga tegdi, deb o‘ylashadi. Hechqisi yo‘q, baringni yerga tushiraman, yo‘q, yerga kiritvoraman, hali mening sovunimga kir yuvmabsanlar!
Qirda turgan qirchang‘i pastda qolgan tulporni tengim demas… To‘g‘ri-da, tulpor bo‘lsa o‘ziga. Qirda yurishning esa gashti bo‘lak. Ana, yoshlar bo‘limidagi Shodiboy bosh ko‘tarib ovozini balandlatganday bo‘luvdi – yo‘lini topib uchirib yubordi. Qayerga uchirardi, osmongamas, jar yoqasiga olib kelib tubanga uchirdi. Yuribdi, endi sarson bo‘lib. Iqtidorli bo‘lsa o‘ziga, kim aytdi, Hayqulovga tik qara deb! Ana, Buyukbek nima bo‘ldi? U ham Hayqulovning yo‘lini kesib o‘tdi-da. Bo‘lmasa, aqli-hushi joyida, o‘z ishining ustasi. Murosa qurmag‘urdan uzoqroq yurarkan-da, aybi shu. Ishxonaning noshirchilik, bosmaxona bilan bog‘liq ishlarini yuksakka ko‘tarib qo‘yuvdi, Eshmatning ham, Toshmatning ham, Nurmatning ham og‘zida shu bolaning ismi aylanib qoluvdi. Hayqulov shu boladan hayiqardi: “O‘rnimga talabgorlik qiladi”.
Bir kuni huzuriga chaqirib ochiq aytdi: “Sen bola qadamingni o‘ylab bos. Nega mening loyihalarimni bosmaxonaga bermay, ushlab turibsan? Men bilan o‘ynashma, bola…” Buyukbek ham yuzingda ko‘zing bormi demadi: “Sizning narsangiz umuman bo‘lmaydi. Qayta ko‘rib chiqishingiz kerak…” “Shundaymi? Men seni o‘zingni qayta ko‘rib chiqaman…” Shundan so‘ng o‘n kun o‘tib-o‘tmay Buyukbek ishdan bo‘shadi. Ertalabki kichik yig‘inda hammaga eshittirib Hayqulovga qarata shunday dedi: “Men ishdan bo‘shayman. Sizni ko‘rsam bo‘g‘ilib ketaveraman. Menga toza havo yetishmayapti bu yerda…” Arizasini Hayqulovning stoliga taqillatib qo‘ydi-da, boshini baland tutib chiqib ketdi. Ertalabki yig‘inda hozir bo‘lgan sho‘rliklar yerga kirguday bo‘lib, yerga ko‘z tikib qolaverishdi. “Hoy bolasi tushmagur-a, hoy bolasi tushmagur!..” Hayqulovning yengidan kirib yoqasidan chiqadigan To‘xtayev koyinganday bo‘lib bosh irg‘ab qo‘ydi. Hamma mulzam tortdi. Hayqulov to‘rdagi yushmoq kursida bir chayqalib oldi. Beixtiyor taqir boshini silab-silab qo‘ydi, o‘zini shunday bir mo‘min-mushfiq, qo‘y og‘zidan cho‘p olmaydigan, mehribon ustoz qilib tutdiki, xodimlar bo‘limining boshlig‘i Turdigul zolim Buyukbekning dastidan yig‘lab yubordi. Qorcho‘pdekkina, qotma qiz Nurrohat dik etib o‘rnidan turib, xona derazani ochishga chog‘landi. Kichik xodima Oybaland “ustoz”ning yoniga pildirab bordi-da, piyolaga choy quyib uzatdi. Suvilonga suv yuqqanini kim ko‘ribdi; Hayqulov sovuqqina iljaydi: “Ukamiz hali yosh-da. Hali yosh. Hechqisi yo‘q, bizlar parvo qilmaymiz…”
…Bugungi majlisda ham Hayqulovning kayfiyati bir tiyin bo‘ldi. Uning iddaosi ichida edi. Shu mashqi baland mishqilar bilan pachakilashib o‘tirmayman, degan o‘yga borib, o‘zini ovutmoqchi bo‘ldi. Lekin qayerda, yurak tor bo‘lgach, ko‘ngilni keng qilib bo‘larmidi. Ko‘ngling keng bo‘lishi uchun ko‘ksingda quyosh porlashi kerak. Hayqulovning ko‘ksida bir uyum loymi, balchiqmi cho‘kib, bijg‘ib yotibdi. Hayqulov ko‘ngilga quyoshni sig‘dirish mumkin, degan tushuncha tushiga kirmagan Xudo urgan bir sho‘rlik edi…
Xullas, majlis majlisday bo‘lmadi. Avvalgilariga o‘xshamayroq qoldi. Chin. Bugun bularning bari tirilib qolibdi. Nima bo‘ldiykin, yuqoridan biror bir sovuqroq epkin esdimikin yoki internet-pinternetda yana birortasi sha’ni-a’moliga qarata loy irg‘itdimikin? Internetniyam, feysbukmi, go‘rmi, boshqa-qashqami yopib tashlasalar-ku, olam – guliston. Hayqulov ichida so‘kindi, virtual olamning onasini uchqo‘rg‘ondan keltirdi.
Majlisni davom ettirishni kunjakda qolgan kungaboqarday bosh egib turgan o‘rinbosarga qoldirib, shart o‘rnidan turib chiqib ketdi. Izidan kostyum ko‘targich jonquli ham yov quvganday otilib chiqdi. Qabulxonadagi shotir zinadan pastga qarab uchdi. Nimaga bo‘lardi, hovliga chiqib mashinaning eshigini ochib turgani-da.
Hayqulov ketdi. Ikki mulozim mulzamu lol bo‘lib, qo‘llarini ko‘ksiga bosib, ta’zim birla kuzatib qoldilar.
– Rais boboni andak kayfiyatlari chatoq bo‘lganga o‘xshaydi, – dedi kastyumko‘tarar.
– Lokigin qarigan bilan tomirlari chirimagan, chuqur ketgan, – deb qo‘ydi qabulxonadagi qulimirzo.
– Anavi, To‘xli jirtakini, Qosim qopog‘onni, Mastura maynani, shunga o‘xshash yana ikki-uchtasini majlisga bekor chaqiribsiz-da.
Qulimirza bug‘riqdi:
– M…m…men chaqirdimmi? O‘zlari is bilishgan – o‘zlari kirib keldi. “Kattangizning ketmoniga qayroq uradigan to‘rtta “padxalim”dan boshqalar odam emasmi?!” deb piching ham qildi, anavi, Qosim qopog‘on.
– Eb-e-ey, endi nima bo‘ldi? – dedi kastyumko‘tarar, – xo‘jayinning kayfiyati yer bo‘ldi. Bunga kim aybdor? Siz aybdor!
Qabulxona qulto‘rasiniki ham tutdi:
– Menga karillamay kimga plyus, kimga minus, jelezniy qip bitta ro‘yxat berib qo‘yinglar. Shunga qarab chaqiraman. Kechagi kuni Ulug‘ Usta keluvdi, u kishining dovrug‘iga mahliyo bo‘lib, qo‘shqo‘llab ko‘rishuvdim, labim tushib, tavoze qilgan ekanman chog‘i, qabulxona eshigi ochilib rais bobomiz chiqib qoldilar… Menga bir o‘qraydilar. Usta ketgandan keyin yonlariga chaqirib shaltoqdan olib yaltoqqa soldilar. Ustani yoqtirmaskanlar, qayerdan bilay!
– Ana, ko‘rdingizmi? Ha, deb Dovruq Davronning ham xonasiga kiravermang. Xo‘jayin bilan chap tushgan. Xo‘jayinga soya tashlaydi u ham.
Qabulxona quliboyining quti uchdi. Xayoliga tunov kun Dovruq Davronning xonasida yangi loyihani muhokama qilgani, uni chindan ham davrimizning dovrug‘isiz, deb maqtagani tushdi. Lekin gapini hech kim eshitmovdi. Xonada Dovruq Davrondan o‘zga jonzot yo‘q edi. Nima balo, haligi kinolardagiday “juchoq”mi, “suchoq”mi shunday nimarsa o‘rnatilganmikin-a? Jonqulining joni chiqquday bo‘ldi, o‘ylab o‘yi ham toliqdi. Xona eshigi ochiq edi. Yo‘lakdan choynak ko‘tarib o‘tgan Shoshmat Toshmatni ko‘rganini esladi. Ichkarida aytilgan gap yo‘lakka ne hol uchib chiqsin, sekin gapiruvdi, chog‘ida. Yoki Shoshmat o‘lgurning qulog‘i lokatirmikan-a? Bo‘rining oyog‘i, Shoshmatning qulog‘i boqadi, degan gaplar bejizmas-da. Xo‘jayin ham ko‘zigamas qulog‘iga ishonadiganlar xilidan-da!
– Nega angrayib qoldingiz, tezroq yurmaysizmi, eshikni ochiq qoldirib bo‘ladimi, shu zamonda? – Kostyumko‘tararning yozg‘irishidan o‘ziga kelgan xodim hardamxayol bo‘lib hamkasbi ortidan ergashdi.
…Idorasi ko‘p bu dunyoning shunchaki maydagina bo‘lakchasi bo‘lgan shu mo‘jaz ishxonada ham men bo‘lmasam hayot to‘xtab qoladi, deb o‘ylaguvchilar talaygina. Chunki, boshliq shu o‘yda-da. Tashqariga bir qadam qo‘ysang nom-nishoning yaproqdagi changchalik beqadr dorilomonda o‘z ko‘nglingni o‘zing xushlab yurganingga o‘layinmi, deydigan odam yo‘q-da. Tashqarida boru yo‘g‘ing bir navi, ichkarida esa karillaysan, karnaying kattaqo‘rg‘onni kar qiladi.
Bu idoraning boshlig‘i hamisha gapni yuqoridan boshlaydi. Kazo-kazo zotlarning ismini aytib, esingni kirgizib qo‘yadi. Shunday bo‘lgach, ahli ish bir seskanib, ikki tamshanib xo‘jayinning og‘ziga mahliyo bo‘lib o‘tiradi. Taassurot ham chakkimas! Xo‘jayin bilan yuqori orasidan qil ham o‘tmaydi. Voo, gap qayerda?
Xullas, xo‘jayin ishxonadan xunob bo‘lib chiqdi.
U orqa o‘rindiqqa og‘ir cho‘kdi.
Haydovchi o‘girildi: qayoqqa yursin?
– To‘rt tomonga qarab hayda. Hayda, haydayver!
Mashina jildi. Hayqulov ko‘zlarini yumib oldi. Toliqqandi. Holsizlandi. Uyqu elitdi.
…Qandaydir xiyobonga kelib qoldi. Hey, haykallarmi? Haykallar! Yo‘lakning ikki tomonida qatorasiga haykal o‘rnatishibdi. Bularning bari shoir-moir, yozuvchi-pozuvchiga o‘xshaydi-ku. Ularga havasi keldi. Poyida turfa gullar barq urgan haykallar ichra to‘g‘riga yurdi. Qarshisidagi Navoiy haykaliga boqib ichidan bir qirindi o‘tganday bo‘ldi: “Bor-yo‘g‘i oltmish yil yashabdi. Butun dunyo tan beradi. Oradan shuncha yillar o‘tsa-da, hamma uni ulug‘laydi…” Ortga qaytdi. E’tibor bermay o‘tgan ekan. Manavi Dovruq Davronning haykalimi? Ha, shu. Ayni o‘zi. Axir, u shoir ham, yozuvchi ham emas-ku… Bularning orasida nima qip turibdi? Qiziq, axir u tirik-ku. Tirik odamga ham haykal qo‘yadilarmi? Qo‘yishibdi-ku. Nega qo‘yishdiykin? Men nega bexabarman? Botinida alam o‘ti yondi. Haykallar safidagi bo‘sh turgan baland marmar supaga ko‘zi tushdi. Yuragi hapqirib ketdi. Shu joyga mening haykalimni qo‘yishadi. Mening haykalim! Supa ustiga chiqdi. O‘-o‘-o‘, ko‘ksida bo‘ron turib, yelkasidan qanot o‘sib chiqqanday bo‘ldi. Endi uchib ketaman, deganda, haykalga aylana boshladi. U endi haykal edi, tirik haykal. Chor-atrofni ko‘rib turibdi. Ana, bir juft oqqush yanglig‘ kelin-kuyov kelishdi. Ikkovining qo‘lida ham bir quchoq gul. Unga e’tibor ham berishmadi. O‘tib ketishdi. Chug‘ir-chug‘irlashib maktab bolalari kelishdi. Ular ham parvo qilishmadi. Kechgacha kim o‘tdi – kim qo‘ydi, barini ko‘rib turdi, lekin biror bir kimsa unga burilib boqmadi.
Oqshom kirdi. Ey-ey, ana o‘zining qo‘l ostida ishlaydigan Turg‘unqul xiyobon tomon yo‘l oldi. Ishdan qaytayapti. Qo‘lida so‘loqmonday yelim idish. Pivomi? Pivo. Pivo ko‘tarib olibdi, yaramas. Turg‘unqul allaqaysi bir kuy ta’sirida g‘ofilu gumroh bo‘lib, o‘zicha g‘o‘ng‘illab haykal yonidan so‘qirday bo‘lib o‘tdi. Yo‘q, biroz yurib taqqa to‘xtadi, ortga burildi. Haykal (Hayqulov)ga angrayib qarab qoldi. Ko‘zlarini yumib-ochdi. So‘ng iljaydi. Tavoze-la iljayib, ta’zim qildi. Mast uying kuygur.
– E-e-ey, xo‘jayin. Bu yerda… bu yerda nima qilib turibsiz?
– Ko‘rmayapsanmi? Haykalman-ku, – ovoz berdi Hayqulov.
– Yo‘q. Siz haykal emassiz, – o‘smoqchiladi Turg‘unqul.
– Ko‘zing ko‘rmi, kimman, nimaman bo‘lmasa?
– S-s-siz tirik haykalmisiz-yo? Qani, bir ushlab ko‘raylik-chi. E-ey, chindan ham haykalsiz. Sizga ham haykal qo‘yishibdi-da-a?
– Ha. Haykal qo‘yishdi, – g‘ururlandi Hayqulov.
– Pivo ichmaysizmi? – u yelim idishning og‘zini buradi, – zo‘r pivo. Qani, oling.
– Men haykalman-ku, la’nati. Poyimga gul-sul qo‘ymaysanmi, undan ko‘ra.
Turg‘unqul tik turgan ko‘yi qulqulatib idishni yarimlatdi. Biroz gandiraklab haykal yoniga keldi. Bo‘yidan uch-to‘rt barobar baland haykalga qiyshayib qaradi. Boshidagi kirrati kepkasi tushib ketdi.
– Qo‘yamiz, xo‘j… xo‘jayin. Hozir manavining qolganini ham ichib olay, qo‘yamiz. Albatta, poyingizga gul qo‘yamiz… Hiq… hi-iq. Siz qimirlay olmaysiz. Yaxshi bo‘pti, qimirlamay turing. Mana, mana, hozir… Mana bo‘lmasa, mana sizga olam-olam gul…
Turg‘unqul turgan joyida haykal poyiga choptirib yubordi.
– E-e-ey, nima qilayapsan, harom o‘lgur?! To‘xta-a-a-a! To‘xta-a-a yaramas! To‘xta-a-a!
………………………………………………………………………………………………………
– To‘xta-a-a-a! To‘xta-a-a yaramas! To‘xta-a-a-a!
Mashina taqqa to‘xtadi. Qo‘rqib ketgan haydovchi ortga ilkis qaradi.
– Tinchlikmi, xo‘jayin?!
Hayqulov mashina orqa o‘rindig‘ida hansirab nafas olardi. Ko‘ksida bir og‘ir tosh, ha, haykalday og‘ir yuk cho‘kib yotar, bu og‘riq uni zimiston o‘pqon sari tortib borardi go‘yo. U ba’zo‘r inqilladi.
– Uyga hayda, uyga…
Aziz o‘quvchim!
Hikoyam shu yerga kelganda to‘xtab qoluvdi. Safarga chiqdim. Qaytgach yozib tugallayman, deb o‘yladim. Hikoyaning yechimini ham bichib qo‘yuvdim. Lekin hayot ekan-da, ba’zida yozayotgan hikoyang ham sen o‘ylaganday tugamaydi, senga bo‘ysunmaydi. Xullas, xo‘jayin o‘sha kuni xafa bo‘lib ketdi. Keyin-chi? Keyin nima bo‘ldi, deyapsizmi? Keyin…
Keyin bu idoraga men boshliq bo‘lib keldim. Mana hozir ishga kelayapman. Mashina idora hovlisida to‘xtadi. Idora ichkarisidan kostyumko‘tarar bilan haligi qulbirbalo o‘qday otilib chiqdi. Biri shuv etib kelib orqa eshikni ochdi, boshqasi qo‘limdagi portfelimga yopishdi. Atrofga alanglab hijolat tortaman, terlab ketdim.
Uyalganimdan old-ortimga qaramay liftga yugurdim, birov ko‘rmasin bu mulozamatu munosabatni.
– Menga bunday tavozening keragi yo‘q, – dedim lift ichida bo‘g‘ilib.
Ikkoviyam bo‘zrayib turibdi.
O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, qayoqda, bu hol yana ikki-uch bor takrorlandi. Chorasini topdim, kostyumko‘tararni boshqa bo‘limga o‘tkazib yubordim. Manavisining bir o‘zginasi qoldi. Qabulxona ishini bundan puxta biladigan epchil, puxta-pishiq xodim yo‘q edi. Xushomaddan hushtak yasab, hushingni olishini aytmasa, bip-binoyigina. Xonamga chaqirib ikki-uch marta tuzladim, boplab urishdim.
– Qachongacha ishxonaga qo‘rqib-pisib kelaman. Hovli eshigi yoniga kelishim bilan yuragim o‘ynab qoladi. Shaytonning malayiday g‘oyibdan paydo bo‘lasiz. Mana, mening qo‘llarim! Mana, mana, qo‘lim bor! Qo‘lim sinmagan. Demak, shu zormanda eshikni o‘zim ham ochaman. Ko‘zim ham ko‘r emas. Menga yetovning keragi yo‘q, yetaklamang. Men o‘zim joyimni topib kelaman. Sizni ham biror bir bo‘limga gumdon qilish niyatim ham yo‘q emas. Odam bor, ha, o‘rningizga odam bor… Oxirgi marta ogohlantirishim. Ertadan boshlab eshik oldida hoziru nozirlikni bas qiling. Bas! Tushunarlimi?!
– Tush… Tush… Tush… – u duduqlandi.
– Tush… bo‘lsa endi marsh!
Ertasi yana shunday bo‘ldi. Ishxona hovlisi darvozasidan kirishim hamono bino eshigi ochilib haligi go‘rso‘xta otilib chiqdi.
– To‘xtama, qayt orqangga. Qayt, ishxonaga kirmaymiz, – dedim haydovchiga.
Ishxonaning quliquljoni endi turgan joyida serrayib qoldi. Uning yuzi dokaday oqarib, lablari pir-pir uchayotganini ko‘rdim. Mashina ortiga qaytarkan, qah-qah urib kuldim. Xuddi g‘olib qo‘mondonday his qildim o‘zimni. (Kelib-kelib kurashayotgan odamimni qarang-a. O‘zim ham bularning orasida uvalanib, idrab, yo‘q bo‘lib ketmasam go‘rga edi). Ichimda oldingi boshliq – gurvakkallani rosa yanidim. “Odamlarni ne ahvolga solib qo‘yding? Yoshing bir joyga borgani bilan qilig‘ingdan qirchang‘i qayg‘uradi. Qari it qutirsa qoplonman derkan…”
Bugun ishxonaga yetmasdan tushib qoldim. Ataylab mashina orqa eshigi oynasini ham yopib qo‘ydim. Yo‘lning narigi chetidagi o‘rindiqda biroz o‘tirib, ishxonam eshigini kuzata boshladim. Yo‘q. Bino eshigi ochilmadi. Hech kim otilib ham chiqmadi.
Hayriyat-e, kechagi qilig‘im ta’sir qilibdi chog‘i. Qutildim-e, qulimirzodan qutildim. Bemalol, emin-erkin ishxonaga boraversam, mashinadan tushmasam ham bo‘larkan-a. O‘zim ham har narsaga tutab-tutaqaman, jig‘ibiyronimni jin chalaveradi-da. Mana tinchidi qoldi – iziga tushdi. Yoki, nimaydi, haligi qulimulozim ishga kelmadimikin-a! Ochig‘i, bino ichkarisidan shuvullab otilib chiqmagani g‘alati tuyuldi. Bu hodisaga ko‘nika boshlagan ekanman. Ochig‘i, shu o‘yinga ko‘nglimda moyillik hissi ham urug‘ ota boshlagan ekan. Men atrofga xavotir bilan alanglab qaradim. Mashina hamon joyida qaqqayib turibdi. Hech kim chopib chiqib mashina eshigiga yopishmadi. Nima bo‘ldi. Tinchlikmikin? Yo‘l chetida turib ko‘p qavatli oynavand bino – ishxonamning uchinchi qavatiga, qabulxonaga ko‘z tikdim. Deraza pardasi biroz surilganday bo‘ldi. Kimningdir boshi ko‘rindi. So‘ngra shu bosh yana parda ortiga berkindi. Men sezdim. Sezib qoldim, haligi qulikuydirgi meni parda ortida kuzatib turardi, tusmolimcha, o‘rnimdan turib ishxona sari yurishimni kutayotgandi.
Qaysi bir kun to‘yga borib, xushkayfiyat qaytdim. Aql ketarkan-da, o‘zimda ham xushomadli hayot shavqiga moyillik sezilayapti, deng. Hovli darvozasi oldida mashinadan tushmay o‘tiraveribman. Kimdir eshikni ochishi kerakday. Haydovchi alanglab qarab qo‘yadi. Bir mahal xotinim kelib, sharaqlatib orqa eshikni ochdi. Nima desa dedi o‘ziyam! “Ko‘cha xandon, uy zindon! Tushgingiz ham kelmaydi-ya. Buncha taltayasiz…” Uyalib ketdim.
…Bugun juda barvaqt keldim. Anavilarga duch kelmay dedim. Foyeda farrosh xotinga uchradim. U menga qiziqsinib qarab qo‘ydi. Atrof-javonibni chinniday qilib artib tozalayotgan ayolga minnatdorona jilmayib, salom berdim. U ham jilmayib alik oldi, tag‘in o‘z ishi bilan andarmon. Qarshisidan kim o‘tayotgani parvoyiga ham kelmadi. O‘zimni judayam yengil his qildim. Hayriyat-e, bu ishxonada bir nafargina bo‘lsa ham o‘z erki va g‘ururi bilan mutelikdan xoli holda yashayotgan inson ham bor ekan-ku… Ayni damda shu ayolga nisbatan mehrim tovlanib ketdi. Qarshisiga borib eski jun ro‘moli ostidan chiqib turgan kumush soch tolalarini silagim, dunyo tashvishlari chiziq tortgan yuzlarini siypab, qadoq qo‘llarini labimga bosgim keldi. Ishxonaning barcha erkaklarining shu ojiza oldida naqadar notavon ekanligidan ko‘nglim o‘ksidi. Ularga juda-juda rahmim keldi, ochig‘i, ulardan ham ko‘ra ko‘proq o‘zimga achindim. Ayolga qaradim – u o‘z ishi bilan band. U atrof-javonibni tozalayapti. U – farrosh! Ha, inson qalbini-chi, inson qalbidagi kirni, bijg‘igan hasad qurumlarini tozalash uchun ham ana shunday farroshlar kerak, afsuski, buning iloji yo‘q, chunki qalb kalitini shaytonga berib qo‘ygan kimsalar qalbiga yo‘l topish oson emas-da. Shu xayollar bilan lift chaqirdim. Uchinchi qavatga ko‘tarilishim hamono yo‘lak adog‘ida tik turgan To‘xtayevga ko‘zim tushdi. Yo tavba, kallai saharlab nima qilib yuribdi? Uyidan ilon chiqqanmi buning, shu yerda yotib qoldimikin yo?
To‘xtayev suzishga shay buqaday boshi bilan yer chizib men tomonga yo‘l oldi. Tavozeni tuproqqa urib, ta’zimning ta’zirini beradi endi – yuragim orqaga tortib ketdi. Zarurat bo‘lmasa ham o‘zimni zaruratxonaga urdim. O‘tib ketsin shu, ko‘zdan nari! Yo‘lakda dursa-durs qadam tashlab meni bekitib turgan eshik oldida to‘xtab qoldi To‘xtayev! Eshik keskasiga qo‘l yuborishga yuragi dov bermadi, shekilli, biroz jim turdi, yana dursa-durs qadamlar… ketdi-e, ketdi. Qo‘lyuvg‘ichda qo‘l chaydim. Boshimga og‘riq kirib bo‘ldi. Oynadagi qon tepgan aft-angorimga qarab, qon bosimim oshganligini sezdim. Ertalabdan yo‘lingni poylashni qachon bas qilisharkin-a?
Tunov kuni To‘xtayevni rosa tuzladim, ochig‘i, unga yomon gapirish niyatim yo‘q edi. Ne tongki, o‘ziga o‘zi qildi – qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqardi. Egilibgina kirdi xonamga, qo‘li ko‘ksida, ta’zim bajo joyida. Beshiktebratarday bo‘lib turibdi poygakda. Salom-alikni ham o‘rinlatdi, hech bir xesh-aqraboim chetda qolmadi. Maqtovning mog‘ori to‘kildi. To‘xtayevni chaqirmasam ham nega huzurimga kelganini bilolmay ko‘nglim halak. Unga sinchkovlik bilan (ehtimol o‘qrayib) qaragandirman, ko‘zlari ko‘zimga tushib birdan jim qotdi.
– Shu-shu… mayli, men boray, – joyida turib taysalladi To‘xtayev.
– Mening oldimga nima uchun kirdingiz, biror yumushingiz bormidi?
– Shu-shu, ha-ya, haligi, – u menga sirli qaradi. – Sizning rahbar bo‘lib kelganingiz yaxshi bo‘ldi. Siz hammamizga haqiqatni o‘rgatdingiz (ha, shunday dedi). Siz yoshsiz, lekin bizning otamizsiz, ustozimizsiz!
Angrayib qoldim, otang tengi odam senga, “Siz mening otamsiz”, deb tursa-ya. Yuzim qizib ketdi. Shu payt To‘xtayev turgan joyida ilon burilish qilib to‘lg‘onib oldi-da, diydiyosi olovi yana gurillab qoldi:
– Siz endi bu yog‘iga shunday turing. Anavi, maxluq, oldingi rahbar hammamizni axta qilib tashlovdi, padar la’nati…
Kechagina qulluq qilib, ustozining soyasiga salom berib yurgan, tom-tom monografiyalar bag‘ishlagan shogird saksonni qoralagan “anavi rahbar” – o‘z ustozini kuppa-kunduz kuni sariq chaqaga pullab turibdi. G‘ashim keldi.
– Axta qilaman desa indamasdan oyog‘i ostida uzala tushib yotaverdilaringmi? – dedim ijirg‘anib.
To‘xtayev titrab ketdi, ojizu notavon holda nimadir deb chiyillaganday bo‘ldi, qistalang tutgan yosh boladay oyog‘ining birini olib, birini yerga qo‘ya boshladi.
– Shu… shu, xo‘jayin.
– Chiq, yo‘qol! Xoin!!! Yalog‘ini yalab egasini tishlagan maxluq!!!
Achchiq ustida o‘rnimdan turib ketdim. Lahzada To‘xtayev tashqariga otildi. Eshik qarsillab yopildi. O‘zimni bazo‘r bosdim, qo‘limdagi kuldonni tortmaga solib qo‘ydim.
To‘xtayev bilan bitimimiz ana shu tariqa buzilgan. Bugun paytimni poylab orani yumshatish izmida. Shuning uchun tong saharda ishda paydo bo‘lgan. Shunday o‘ylar bilan eshikni ochdim. Ha-a-a-ey, ne ko‘zkim, qarshimda ta’zim bajo aylab To‘xtayev turibdi, deng. Qo‘lida qip-qizil, alvon, patli sochiq.
– Ass…assalom… M…ma-ana, so-sochiq…
Yuragim uvishib, ko‘z oldim jimirlab, qorong‘i tortdi, chakka tomirimga gupillab qon urdi, boshim lo‘qillab og‘ridi. O‘zimni zo‘rg‘a tiydim. Og‘riqning zo‘ridan iljaydim. To‘xtayev beandishalik bilan tirjayib turibdi. Qo‘lidagi sochiqqa o‘lganning kunidan qo‘l cho‘zib, artingan bo‘ldim. To‘xtayev hamon iljaymoqda.
– Bo‘ldimi, endi menga ruxsatmi? – dedim ihrab va uning qarshisida nafas olishni ham malol bilib, qabulxona tomon yurib ketdim.
Erkagi er bo‘lmagan idoraning ayoli qora yer bo‘larmidi. Xodimlar bo‘limidagi Turdigul kunida ikki marta hamkasblar haqida daftariga tushirgan diydiyosini o‘qib beradi. Falonchining xonasiga pismadonchi keldi. Yigirma minut gaplashib o‘tirishdi. Kulishdi. Pakunchining atrofida ishxonada amaliyot o‘tayotgan yosh qizchalar girdikapalak… Aslida o‘sha amaliyotchi qizlar menga ko‘rinish berish kerak ekan. Ilgari shunday bo‘lgan-da. Qariya rahbarning o‘tkir nigohidan hech kim qochib qutilolmagan, hatto, amaliyotchi qizlar ham. “Menga bunday narsalarning umuman qizig‘i ham, keragi ham yo‘q, – deyman baqrayib. – Siz ham vaqtingizni foydali ish bilan o‘tkazing, xonim! Yo‘qsa, xafalashib qolamiz…” Ayol tumshayib chiqib ketadi.
Reja bo‘limidagi Oybalandning maktabda o‘qiydigan qizi menga atab she’r yozibdi. Oybaland shu she’rni o‘qib bermoqchi bo‘ladi. “O‘zim, o‘zimga bering. O‘zim o‘qiyman!” deyman qizarib-bo‘zarib, uyatdan o‘zimni qayerga qo‘yishni bilmay.
Oybaland yarim ko‘ksini ochib turgan egnidagi so‘nggi rusumdagi ovro‘pacha ko‘ylakning pastki tugmalarini o‘ng qo‘li bilan o‘ynab, so‘l qo‘li bilan yelkasiga tushgan sochlarini silaganday bo‘ladi: “Shugina yolg‘iz qizimning kelajagi uchun beva boshim bilan har qanday ishga tayyorman”, deydi. Hecham bevaga o‘xshamaysan, deyman ichimda. “Har qanday ishga tayyorman” degani – bilsang chin, bilmasang hazil. O‘zing xulosa chiqar, degani!
Eng qizig‘i, bu ishxonada xodimlar hech qachon bir-biri bilan baland ovozda gaplashishmaydi, chaqchaqlashib otamlashmaydi, hamma pisib, sekin gapiradimi-ey, ha, bir-biridan ehtiyot bo‘lishadi, qo‘rqishadi. Bu ishxonada hammaning ko‘zi rahbarda, hamma uning og‘zini poylaydi. Undan gap olishadi, unga gap yetkazishadi. Hayqulov bularning barini shu ko‘yga solib tashlagan.
Ba’zida ish ko‘payib yoki kimnidir kutib kechga qolsam, haligi qulisohib ham uyiga ketmay, meni poylab o‘tiradi. Keyin yo‘lakka chiqsam, boshqa xonadagilar ham g‘ovur-g‘uvur qilib o‘tirishganini sezaman. Ular meni ko‘rgach, dimi-dirs bo‘lib, jimgina u-bu narsani titkilab, yozib-chizishga kirishishadi.
– Nega ketmayapsiz? – deb so‘radim yonimdagi xonada o‘tirgan bo‘lim rahbaridan.
U menga hayrat bilan tikildi. Baqrayib turdi.
– Nega uyingizga ketmayapsiz deyapman?
– …Shu… noqulay-da.
– Nimasi noqulay?
– Bizga hali xabar kelmadi-da.
– Qanday xabar?
– Sizning uyga ketganingiz haqida.
– Kim aytadi bu xabarni?
– Qabulxonadagi to‘rajon.
– Agar men tong otguncha o‘tirsam, sizlar ham tong otguncha o‘tirasizlarmi? Agar men shu ishxonada o‘lib qolsam, sizlar ham shu yerda o‘lasizlarmi-a? – zardam qaynadi. – Hammaga javob, ketinglar endi!
Bo‘g‘ilib ketdim. Menga havo yetishmayotgandi. Xushomad, maqtov, yolg‘on tavoze, iste’dodsizlikning badbo‘yligi anqigan bu yo‘laklarda allaqanday sharpa esib yurganini his qildim. Yo‘lak uzra qarshimda nimadir paydo bo‘ldi. Haykalmi? Buncha bahaybat bo‘lmasa? Yo‘q, kimdir lo‘killab kelyapti. Ana… E-ey, bu gurvakkalla-ku, yonida ikki shotiri, biri portfel, biri kastyumini ko‘tarib olgan, e-e, ana, uzun yo‘lak bo‘ylab o‘rnashgan xonalar bir-bir ochilib, hamma xodimlar egilib ta’zim qilib, kamiga bosh irg‘ab ham qo‘yishyapti. Ko‘z oldim qorong‘ilashdi. Yuragim sanchdi. Xonamga kirib, ko‘ksimni stolga tiradim. Odamlar ko‘ksidagi samimiyat tuyg‘usini sug‘urib olib, yuragidagi iste’dod o‘tini so‘ndirib tashlagan, ularni ta’zimbozga aylantirib qo‘ygan bu muhit ayni damda meni yeb-yutib yuborish uchun hamla qilayotganday, atrofda shuncha tavozexo‘rlar bo‘lsa ham o‘zimni yolg‘iz his etardim.
Yana qancha chidash beraman?
Chiday olarmikanman o‘zi?
Elkamni zil-zambil yuk bosib turibdi.
Tirik haykaldan qolgan bu muhitni o‘zgartirgunimcha ona sutim og‘zimga kelishini his qilyapman.
…Agar ertagacha yetib olsam, hammasini o‘zgartiraman. Ertaga hammasi o‘zgaradi, deyman o‘zimga o‘zim.
Ertagacha chiday olarmikanman?
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 8-son