Yoz oxirlab, avgust oyoq uzatdi. Kuz shamollari esa boshladi. Tong havosi salqin tortdi…
Kamina mehnat ta’tiliga chiqdim. Avvaldan o‘ylab qo‘ygan rejani amalga oshirishga fursat yetdi. Xorazmga ketaman!
…Vokzal menda hamisha ayricha tavsurot uyg‘otadi. Gavjum zalning tirband o‘rindiqlaridagi yo‘lovchilarni kutish daqiqalariga tutashgan ko‘rinmas bir rishta bog‘lab turadi, go‘yo. Temir izga poyezd qo‘yilishi hamona vokzal sahnida besaranjom olomon to‘lqini paydo bo‘ladi. Kim-kimga uringan, kim-kimga suringan. Hamma o‘zini vagonlarga uradi. Hamma manziliga shoshiladi. Hozirgina bo‘shab qolgan o‘rindiqlarni esa yo‘lovchilarning boshqa oqimi band etadi. Vokzalda hech qachon o‘rindiqlar bo‘shab qolmaydi — birov ketadi, boshqa birov keladi. Inson hayoti ham shunday; maqsad-muddaongni aniqlab manzilga intilmasang, bir joyda uzoq qolib ketasan, boshqalarga halal berasan. Vokzalning hayotdan afzal jihati bor; shohu gado, boyu kambag‘al bir maqomda — yo‘lovchi! Bor-yo‘g‘i ular poyezdni kutmoqda. Hayotda esa… hayotda kishilar tabaqalashadi, ular vaqti soati yetgach umr poyezdi kelib olib ketishlarini sezsalarda, hayot vokzalidan odamiylik chiptalarini xarid qilishni unutadilar.
Ko‘p aljirab boshingizni og‘ritmayin. Mana, mening poyezdim ham yetib keldi. Birinchi yo‘lga, shundoq vokzal sahniga taqab qo‘yildi.
Peshinga og‘ayotgan oftob taftidanmi yoki vokzalga kelib to‘xtagan vagonlar paydo qilgan epkin ta’siridanmi temir g‘ildiraklarga yopishgan-qotgan qoramoy hidi dimoqqa urildi.
Vokzalga kelmaganimga ham ancha yillar bo‘lganini his qildim. Aniqrog‘i, g‘ala-g‘ovur vokzalgagina xos bo‘lgan hayot talabalik yillarimni yodimga soldi: “Toshkent—Andijon” poyezdi… Shanbada kuzatishlar, seshanbada kutib olishlar, eh-eh, qancha dardu iztiroblarimizga, ko‘z-yoshlarimizga guvoh bu vokzal. Yoshlik. Romantika. Sevgi!
Vokzalda yo‘lovchi gavjum. Test sinovidan o‘tgan aksariyat abituriyentlar uy-uylariga qaytishayapti. Vagon eshigi oldida odam kamayishini kutib ancha chetroqda turgan nazoratchiga bir-ikki yo‘lovchi nimalarnidir tushuntirishadi. Ko‘ngli iymagach, unga tavoze bilan yalinib-yolvorishadi.
— Ana, plaskart vagonga boringlar! Mumkinmas, men ortiqcha odam ololmayman.
Poyezd jila boshlagach, eshikka tirmashdim.
— Chiptangiz bor ekan, nega shu paytgacha anqayib turibsiz, — nazoratchi o‘dag‘aylab yo‘l berdi. — To‘rtinchi kupega boring.
Qiya ochiq kupe eshigidan bosh suqib, ichkariga razm soldim. Taqdiriga men hamrohlik qilish bitilgan kupedoshlar ham yalt etib qarashdi.
Lahzada ularga ko‘z yugurtirdim. Tim qora sochini bir tutam qilib bog‘lagan, katta-katta quralay ko‘zlari porlab, oy balqqan ozg‘in yuzidagi yoniq joziba har qanday kishini sehrlab qo‘yadigan go‘zal xilqat, uning yonida tabiatning yana bir mukammal ijodi — moviy ko‘z, oltin soch, yoyday egik qoshlari chiroyli chehrasiga andak kibru havo baxsh etgan sohibjamol o‘tiribdi. Bu ikki mo‘jiza qarshisida o‘zini noqulay sezayotgan ozg‘in, qotmadan kelgan, qirra burun, chuvak yuziga toshma toshgan o‘spirin vagon oynasi tomon surilib menga joy berdi.
— Mumkin bo‘lsa, ukaginam, o‘rningizdan tursangiz. Yuklarimni o‘rindiq tagiga qo‘ysam.
Novcha yigitcha o‘rnidan turdi. Yukto‘rvani joylab, u-bu yegulik solingan yelim xaltani o‘rindiq ustiga qo‘yib, uning yoniga cho‘kdim.
Shovullab yelkasiga tushib turgan tilla sochlarini ortga taragan moviy ko‘z juvonning keng, silliq peshonasidagi pardoz-andoz ko‘molmagan vaqt chiziqlariga boqib uning yoshi o‘ttiz beshning nari- berisida deb tusmolladim. Vagon derazasiga charos ko‘zlarini qadagan, bizning boru yo‘g‘imizga e’tibor bermagan xushro‘y qiz esa men to manzilga qadar shu alfozda ketaman deganday go‘yo boshqalarga parvo ham qilmasdi. Yigit qo‘llarini ko‘ksiga chalishtirib, boshini devorga tirab, ko‘zlarini chirt yumib olgan.
Moviy ko‘z juvon zimdan ko‘z qirini tashladi. Bu tabiiy holat. His-tuyg‘ularini jilovlay bilgan, husnu-latofatiga ishongan mag‘rur ayollar odatda shunday qilishadi. Kamina ham birovdan kam emas: bo‘yinbog‘ taqib, kostyum-shim kiyib olgan. Savlatdan ham nolimasak bo‘ladi. Biroq farishtaday go‘zal ayol qoshida mum tishlab, iyak ko‘tarib o‘tiraverish har holda odobdan bo‘lmasa kerak. Erkakchilikka ham to‘g‘ri kelmas-ov. Shoirimiz aytadilar-ku: “Go‘zallikning oldida axir cho‘kka tushgan hatto xudolar…” O‘zimizga bino qo‘yib qayerga ham borardik.
— Ruxsat bersangiz, o‘zimni tanishtirsam, — dedim ruschalab va ayolga dadil boqdim.
Derazadan ko‘z uzmay ketayotgan qiz tuyqus yelka qisib piqillab kulib qo‘ydi-da, ayolga qosh uchirdi. Juvonning ham chehrasiga tabassum yoyildi.
– Bemalol. Qani, tanishaylik-chi?
Juvon shu qadar sokin va bamaylixotir gapirdiki, yuziga samimiy ifoda qalqiganini sezdim. Qiz hamon qiziqsinib qarab turardi.
— Yozuvchiman. Urgenchga, aniqrog‘i Qoraqal¬pog‘istonga ketayapman. Do‘stlarim chaqirishgan. Sayru sayohat deganday.
Ayol taajjublanib lab qimtidi, hozir kulib yuboradiganday. Ko‘zlari ma’noli boqdi.
— Yozuvchiman deng. Nima balo, yozuvchilar ismini aytib tanishmaydilarmi? Ha, mayli, o‘zim aytaqolay. Ismim — Irina. Irina Nikolayevna! Bu mening qizim — Mariya. Moskvada yashaymiz. Biz ham Urgenchga, aniqrog‘i, Xivaga sayohatga borayapmiz.
Odamoviroq chog‘i, qiz ensasi qotib yuzini tag‘in vagon derazasiga burdi.
— Qizingiz talaba bo‘lsa kerak… To‘g‘ri topdim¬mi? – dedim ataylab.
— Ha, talabaman. Judayam to‘g‘ri topdingiz. Balki qaysi mavzuda diplom ishi yozayotganimni ham bilarsiz? — dedi qiz kesatib.
Tili zahargina ekan. Aftidan u meni xushla¬mayotgandi. Kim bilsin, balki onasi bilan suhbatlashishimni istamayotgandir.
Oraga jimlik cho‘kdi. Yonimda mumiyolaganday qotgan yigitga jon kirdi, bopladi-ku, deganday cho‘zib hushtak tortib qo‘ydi. U ham xuddi qiz kabi go‘yo vagon derazasidan zipillab o‘tayotgan simyog‘och¬larni sanagan ko‘yi o‘z o‘yiga g‘arq bo‘lib o‘tirardi.
Ayol bosh chayqab qo‘ydi. Qizning sharttaki¬ligidan xijolat chekkani shundoq sezilib turardi.
— Xafa bo‘lmang. Mashaning bugun kayfiyati yo‘q. Urgenchga samolyotda uchmoqchi edik. Kun bo‘yi ovora bo‘ldik, chipta ololmadik. Joy yo‘q deyishdi. Urgenchga odam ko‘p ucharkan, aksariyati sayyohlar. Toshkentni yaxshi bilmaymiz. O‘zbekistonda birinchi marta bo‘lishimiz. Poyezdda ketmaymiz, deb rosa xarxasha qildi. — Ayol kulib qiziga qaradi. — Bu yerning odamlari yomon, ikki kunlab poyezdda yurib bo‘larkanmi, deb oyoq tirab turib oldi.
— Nega bu yerning odamlarini yomon deydi. Unday emas, bizning xalqimiz mehr-oqibatli, yuvosh, kamtar-kamsuqum xalq. Mehmondo‘st xalq. Masha, siz o‘zbeklarni yaxshi bilmaysiz-ku, to‘g‘rimi? — Qizga savol nazari bilan qaradim.
Mashaning qoshlari chimirildi. Qizning chehrasida nimadandir hadik, sarosima zohir¬ligini, botinida xavotir qalqib turganini shundagina payqadim. Men bu holatni begona joyda ayrim kishilarda ro‘y beradigan bezovtalikka yo‘ydim. Qizning javobi qisqa bo‘ldi:
— Oyim menga o‘zbeklar haqida juda-juda ko‘p gapirib bergan…
— Oyingiz sizga biz haqimizda nimalar degan?
Qiz bazo‘r tabassum qildi. Istehzo bilan lablarini qimtib, qosh uchirdi. O‘lay agar uning bu qilig‘i o‘ziga juda yarashiqli, ko‘proq yosh qizaloqning araziga ham o‘xshab ketardiki, shu bois qizning pichingu-pisandasi menga og‘ir botmadi.
— Oyimning o‘zidan so‘ray qoling. Yaxshisi men uxlayman. Bugun rosa charchadim.
Qiz o‘rnidan turib yuqori o‘rindiq to‘sham¬chisini tekislay boshladi. Xuddi xorazmlik raqqosalarday qora soch, qora qosh, tim qora ko‘zlari porloq, yoniq chehra, xipcha bel bu qiz epchillik bilan kupening yuqori o‘rindig‘iga ko‘tarildi.
Shu paytgacha yonimda miq etmay ketayotgan, biroq aminmanki, o‘zini beparvolikka solib jamiki gap so‘zlarni jon qulog‘i bilan tinglab o‘tirgan beso‘naqay yigitni tirsagim bilan turtdim. Yigit menga o‘girilib qaradi.
— Novo deysiz?
— Isming nima?
— Odamboy.
— Xorazmdanmisan?
— Hovvo.
— Odamboy, uka. Iltimos, choy damlab kel. Yurtingga mehmonlar borayapti-yu, sen uyqusirab o‘tiribsan…
Odamboy tushmagur ham quvgina ekan, gapi shu bo‘ldi:
— Choy bo‘lsa choy-da. Lekin memonlar kofe icha¬jak¬ka o‘xshaydi. Yoshulli, men sizni donib durup¬pan. Siz televizorda chiqasiz. Yozuvchisiz. Lekin memonlar donishmadi. Qisinmang. Moskvaning televizorida chiqsangiz donishar balki…
O‘zimni kulgidan zo‘rg‘a tiydim. Odamboy beso‘naqay gavdasini sollantirib kupedan chiqdi. Irina sochlarini uzun, chiroyli barmoqlari bilan tuzatgan bo‘ldi. Yurak yutib uning moviy nigohlariga tik boqdim. Bu moviy ko‘zlar qa’riga kishining qalb torlarini chertadigan mungli bir ohang singib ketganini his qildim. Bilmadim, menga shunday tuyuldi. Ayol o‘zini beg‘am, betashvish ko‘rsatishga urindi — yuziga tabassum yoyildi:
— Xo‘sh, nega tikilib qoldingiz, muhtaram yozuvchi? Hanuzgacha ismingizni ham aytmadingiz… Mayli, aytmay qo‘ya qoling… Shunisi yaxshi — menga sizni Yozuvchi deb atash yoqib qoldi.
— Sizga yoqqan bo‘lsa, men roziman. Demak, ismim — Yozuvchi!
Ikkovimiz ham kulishdik. Men yonimdagi yelim xaltani ochib, ichidan u-bu yegulik non, bir bo‘lak qazi va kolbasa olib, yemak taxtaga qo‘ydim.
— Birgalikda tamaddi qilsak. Sizni bilmadim-u, mening qornim ochdi.
— Men ham ertalabdan beri tuz totmadim. Buning ustiga Mashaning xarxashasi jonimdan o‘tdi. Siz xafa bo‘lmang, u yaxshi qiz.
— Hechqisi yo‘q, yoshlikda bo‘ladi. Yoshlikni tushunish kerak. Yoshlikni tan olish kerak. Ko‘z tegmasin, qizingiz chiroyli ekan. Lekin sizga o‘xshamaydi. Bizning o‘zbek qizlariday go‘zal. To‘g‘ri, siz undan ham go‘zal, yosh, judayam go‘zalsiz. Ikkovin¬giz ikki xil olam…
Mulozamat qilaman deb, xol qo‘ymadimmikin, degan hadik bilan ayolga qaradim. Xayriyat, qiyofasida o‘zgarish sezmadim, aksincha Turgenev ta’biri bilan aytganda rusning maqtovga moyil tanti ayollariday charaqlab kuldi.
— Irina Nikolayevna, ha-ya, nima desam ekan, kamtarona dasturxonga qarang… Menda haligindan bor edi… Ellik-ellik olsak nima deysiz?
— Qanday bo‘larkin? Siz o‘zingiz ichmoq¬chimisiz?
Ayol o‘zini erkin his qilayotganidan quvondim.
— Albatta. Charchoqni oladi. Yo‘lda yaxshi ketadi, — dedim ishonch bilan.
Elim xaltadan “Qoratov” arog‘idan olib dasturxonga qo‘ydim. Ayol qiziqsinib qaradi.
— O‘zbek arog‘imi bu?
— Ha, Nukus arog‘i. Zo‘r aroq. Men hamisha shun¬dan ichaman. Safarga chiqsam yonimda olvolaman.
— Mayli, o‘zbek arog‘ini ham tatib ko‘raylik-chi.
Irina o‘rnidan turib o‘rindiq tagidan katta charm sumkasini titkiladi. Bejirim shisha idishni olib dasturxonga qo‘ydi.
— Manovi qo‘lbola qilib tayyorlangan gazakbop qo‘ziqorin. Mazasini tatib ko‘ring.
Men yemak taxtada to‘nkarilib turgan paxta gulli piyolalarni o‘nglab, to‘latib aroq qo‘ydim. Irina chiroyli shisha idish qopqog‘ini burab ochdi.
— Aybga buyurmaysiz, sanchqi yo‘q. Shuning uchun qo‘ziqorinni qo‘l bilan olishga to‘g‘ri keladi.
U uzun chiroyli barmoqlarini qaychi qilib oq tugmaday qo‘ziqorinlarni olib non ustiga qo‘ydi.
— Qani, oldik. Sizning sog‘ligingiz uchun icha¬miz, — dedim.
Irina jilmaydi. Biz piyolalarni teppa-teng ko‘tarib qo‘ziqorinni gazak qildik.
Shu tobda kupe eshigi ochilib Odamboy kirib keldi. Qo‘lida choynak. Shishaga ko‘zi tushib Irina ikkimizga angrayib qaradi.
— Choynakni qo‘y. O‘tir, Odamboy, — dedim unga. — Irina Nikolevna, tanishing, bu yigitning ismi Odamboy, — Irina bosh irg‘adi.
Odamboy yonimga cho‘kdi.
— Yoshulli, tashkil dim ajoyib-ku. Qoyil sizga.
— Dim ajoyib, dim ajoyib, — dedim men ham kesatib. — Odamboy, manovi qazi hamda kolbasani nima bilan kesishni bilmay boshimiz qotayapti.
— Hov, shunga bosh qotirib netasiz. Provod¬nikdan pichoq keltiraman.
Yigit o‘rnidan turdi.
Men yana piyolalarga quydim.
— U qayoqqa ketdi?— deb so‘radi Irina yigit¬ning ortidan qarab.
— Hozir keladi. Qani, olaylik.
— Nima uchun ichamiz?
— Tanishganimiz uchun. Umuman, nima deyishga ham hayronman.
— Axir yozuvchisiz. Biror gap o‘ylab toping, — ayol ma’noli jilmaydi.
— Inson yuragi ummon. Shu ummon qa’rida qanchalab sir-asror, undan ham ko‘proq orzu-istaklar cho‘kib yotadi. Yurak ummonida orzular to‘lqin ursa inson botinida kuch-qudrat, yashashga ishtiyoq olovi yonadi. Shu olovning so‘nmasligi uchun ichamiz.
— Oh-oh, qoyil. Ya’ni, muhabbat olovining so‘nmasligi uchun ichamiz, demoqchisiz…
— Balki.
Yana kalovlandim. Ayol qo‘lidagi piyolaga termulib o‘yga cho‘mdi.
— Ha, muhabbat olovi, muhabbat olovi… U so‘nmaydi. Biroq insonni yoqib kul qiladi.
Ayol hadik, shikasta ohangda go‘yo o‘ziga o‘zi gapirardi. Ko‘ngil yarasining og‘riqlari bir zumda yuziga qalqib chiqqan, bu azobga dosh berolmay ko‘zlarini chirt yumib olganga o‘xshardi. U piyolani dast ko‘tarib bo‘shatdi, qiyofasida lahzada sodir bo‘lgan horg‘inlik o‘rnini yana tabassum egalladi. Tund osmonda bulutlarni yorib quyosh charaqlagani kabi bu ayol ham hayotiga ko‘lanka tashlagan taqdir iztiroblarini irodasi in’ikosi bo‘lmish yoniq tabassum bilan mahv eta olishini, shu fazilati bilan ko‘pchilik makkor va tulkisifat ayollardan farq qilishini payqadim. Uning samimiyatida g‘ubor yo‘q edi.
Kupeda yana Odamboy paydo bo‘ldi. Qo‘lida pichoq, ikkita taqsimcha.
— Yashavor, yigit, bu ishing besh! Ke, yonimga o‘tir, inim.
Odamboy qazi hamda kolbasani parraklab kesib taqsimchalarga joylab, tavoze bilan Irina Nikolayevnaga yaqin surib qo‘ydi. Ayol tashakkur bildirgan bo‘lib bosh qimtidi.
— Bu nima? — dedi qaziga ishora qilib.
— Bumi, bu qazi. — Qanday tushuntirsam ekan degan alfozda taraddudlandi Odamboy. So‘ng, menga qarab: — Yoshulli o‘rischaga no‘noqman, o‘zingiz gaplang, — dedi.
— Ot go‘shti bu, qazi! Ot go‘shtidan maxsus tayyorlanadi. Sizlarning salangizdan zo‘r bu, — dedim Irinaga. — Qani, Odamboy inim, Irina opang bilan yana bitta-bitta olaylik. Sen ham ichasanmi?
— Yo‘q, yoshulli. Menga duvri kemaydi… Ichmayman.
— Shundaymi. Ha, mayli. Irina Nikolayevna, Odamboy ham talaba, ichmaydi. Uni majburlamaymiz.
Piyolalarga yana qo‘ydim. Irina qazidan tatinganday bo‘ldi. Odamboyimiz nafaqat odamoxun, oyoq-qo‘li chaqqon, balki fahm-farosatli yigit chiqib qoldi.
— Yoshulli men uxlamasam bo‘lmas, agar biror xizmat bo‘lsa aytarsiz, — deb tepaga ko‘tarildi.
— Shunday qil, inim, shunday qil. Bemalol damingni olaver.
So‘nggi qadahlarni ham bo‘shatdik. Uning chehrasi yanada yorishdi. Sezayapman, Irinaning ham boshi qizidi. Menga gazak uzatdi. So‘ng og‘ir uf tortib o‘rnidan turdi-da, yonimga kelib o‘tirdi. Bir pas ko‘zimga termulib turdi. Moviy nigohidan taralgan o‘t a’zoyi-badanimni kuydirib, yuragim chimillab og‘ridi. Ayol tuyqus yelkamga boshini qo‘yib titragan kuyi yig‘lab yubordi. Men uning otash nafasini sezib, aqlu hushimdan ayrilib tosh qotib turardim.
— Bilasanmi, Yozuvchi, men… men… biz, — uning yelkalari titradi… — biz nega Xorazmga borayapmiz?
U endi zir qaqshab yig‘lar, men esim og‘ib nima qilishimni bilmasdim.
— Sen yaxshi odamsan, Yozuvchi… Meni kechir.
— O‘zingni bos, Irina… Qizing uyg‘onib qoladi. Odamboy uyg‘onadi. O‘zingni bos!
Irina biroz jimib qoldi. Og‘ir tin olib o‘rnidan turdi. Joyiga borib o‘tirdi.
Shu payt tepa o‘rindiqda nimadir dupirladi. Qiz g‘ujanak bo‘lib o‘rindiqni mushtlayapti.
— Ayt, oyi, ayt! Dadamning o‘zbek ekanligini ayt. Sen menga yigirma yildan beri allaqanday o‘zbek haqida ertak so‘zlashingni ayt. Sening yigirma yillik armoning, mening yigirma yillik azobimni ayt! Bu odam senga o‘sha o‘zbekni topib beradi.
Qiz nafrat bilan qichqirdi. So‘ng teskari o‘girilib chinqirib yig‘lab yubordi. G‘udrangan ko‘yi Odamboy ham uyg‘onib pastga tushdi. Yuragimdan nimadir uzilib ketdi. Hangu mang bo‘lib qoldim.
Kupeda serrayib turgan Odamboy dam menga va dam Irinaga, dam yotgan joyida piqillab yig‘layotgan Mashaga ajablanib qaradi.
— Novo to‘polon, novo bo‘ldi?
Poyezd navbatdagi bekatga kelib to‘xtadi. Tashqaridagi simyog‘och chiroqlaridan taralgan nur kupe ichini yoritdi.
— Hech narsa bo‘lgani yo‘q. Xavotir olma, uka, iltimos, ma, manovi pulni olib bir shisha mineral suv olib chiq.
— Kerakmaydi. Pul kerakmaydi. Hozir opkelaman.
Irina boshini kaftlari orasiga olib mungli alfozda o‘tiribdi. Qiz jimib qoldi. Odamboy suv olib keldi. Poyezd jildi.
— Yot, yotaver, uka. Umringdan baraka top! Yaxshi yigit ekansan…
Men piyolaga suv quyib Irinaga uzatdim. U boshini ko‘tardi. Piyolaga uzatgan qo‘li qaltirardi.
Vagon derazasidan xira yog‘duga cho‘mgan kupe hamda Irina ikkimizning aksimiz ko‘rinardi. Poyezd ortda qoldirib ketayotgan nigoh ilg‘amas kengliklarni tun pardasi qoplagan. Onda-sonda chiroqlari yoniq simyog‘ochlar likillab o‘tadi. Darichasi nur taratib turgan uylar, qishloqlar ortda qoladi. Poyezd tun qa’rida yelday uchib yo‘lning emas, balki vaqtning ham tanobini tortib azaliy qo‘shig‘ini bir maromda kuylab borayotganga o‘xshaydi.
Oraga cho‘mgan lahzalik sukutdan so‘ng Irina boshini ko‘tardi va xasta ovozda dedi:
— Yozuvchi, havo yetishmayapti, tanburga chiqa qolaylik.
Lopillab chayqalayotgan vagonda uning ortidan ergashdim. To‘zg‘in tilla sochlari ochiq yelkasiga yoyilgan, adl qad, baland bo‘yli, tizzasiga yetib-etmagan och-pushtirang kalta yubkasi, uzun va tirsillagan bo‘liq sonlari, baquvvat oyoqlariga yarashgan so‘nggi rusumdagi baland poshnali oppoq tuflisi — bari-barisi meni batamom o‘ziga mahliyo etib bo‘lgandi. Iligi to‘q. Savlatdor va maftunkor Irina huda-behuda dardini dasturxon qilaverib ko‘nglingga qo‘l soladigan, alaloqibat chuv tushirib seni laqillatib batamom ustingdan hukmronlik qilishga moyilligi baland uddaburon ojizalardan mutlaqo farq qilardi. U taqdir qimorida qartasini ochib o‘ynaydigan ayollar xilidan edi. Bunday ayollarni Xolmirzayevning romantik hikoyalarida uchratish mumkin, deb o‘yladim. Poyezd o‘qday uchar, tanburning ochiq derazasidan urilgan salqin shamol yozning batamom taslim bo‘lganligini bildirar edi. Etim junjikdi. Ayol tanbur eshigiga suyanib, tun zulmatiga termulib qoldi.
— Chekishdan ber, — dedi u olis qorong‘ulikdan ko‘z uzmay.
— Marhamat…
Irina bosib-bosib chekar ekan, ko‘zlarida yosh g‘iltilladi.
— Bilasanmi, vaqt o‘tgan sayin yuragim tobora og‘irlashib boryapti, poyezdning har bir taq-tuqi ko‘krak qafasimga gurzi bo‘lib urilayapti. Uning oldiga borayotib noto‘g‘ri qilayotgandirman, balki uni ko‘rishga yuragim dosh berolmas, bardoshim yetmas, balki yuragim to‘xtab qolar, ishonasanmi, nazarimda poyezd oldinga yurmayotganday, poyezdning atrofida yer gurillab aylanayotganday. Men uni ko‘rishni, uning yoniga borishni tasavvurimga ham sig‘dirol¬mayman. Eh, Xudoyim-ey, meni tushunayapsanmi, Yozuvchi?!
Irina hiqillab yig‘lay boshladi. Uni nima deb ovutishni bilmasdim. Ortiqcha gap-so‘z shundog‘am borlig‘i hayajon ummonida g‘arq bo‘layotgan ayolning dardi-dunyosini ostin-ustun qilishi mumkinligini his qildim. Muhimi, men ayolni tushuna boshlagandim, uning qalb hissiyotlari charsillab yonayotgan alanga kabi vujudimni chulg‘ay boshladi. Ayni tobda ayolni shu ko‘yga solgan, uning taqdiriga so‘nmas og‘riq ato etgan kimsa haqida o‘ylardim.
— Uni hali ham sevasanmi?!
— Uf-uf… Sevgi nima ekanligini ehtimol bilmasman… Lekin men uni shuncha yildan beri yuragimda olib yuribman. U taqdirimning bir bo‘lagiga aylangan. Yuragimning qa’r-qa’riga singib ketgan. U men uchun xotira timsoliga, o‘tmish timsoliga, qolaversa, bugunim timsoliga, ertangi kunim timsoliga, qizim, umrimning davomchisi timsoliga aylangan. Ehtimol sevgi deganlari shudir… Men uning yoniga otalik burchini da’vo qilib, talab qilib borayotganim yo‘q. Uni bir ko‘rish uchun, u hayotimda chindan ham bormi, yo‘qmi, shuni yana bir karra go‘yo isbotlash uchun borayotgandayman.
— Uni ko‘rmaganingga necha yil bo‘ldi?
— Yigirma yil. Roppa-rosa yigirma yil.
— Xat-pat yozib turadimi?
— Qayoqda. Kim bilsin, balki esidan ham chiqa¬rib yuborgandir.
— Shaxsiy hayoting haqida so‘rab-surishtira¬yotganim uchun uzr… Sen u bilan qachon topishgansan. Boyadan beri “U-U” deysan, Uning ismi nima, qayerda yashaydi? Uni qanday topmoqchisan, balki yordamim tegib qolar…
— Xorazmda, Xivada yashaydi. Ismi — Roma! Yigirma yil ilgari Moskvadagi harbiy gospitalda tanishganman. Jarrohlik bo‘limi boshlig‘i edim. Uni olib kelishganda ahvoli juda tang edi. Kuragini o‘q o‘pirib ketgan, so‘l oyog‘i boldiri, boshining orqa qismini temir parchasi jarohatlagandi. Zambilda hushsiz yotardi. Gospitalda bir yil davolandi. Roma yag‘rindor, baquvvat, daroz yigit edi. Qalin qoshlari ostidan mag‘rur boquvchi ko‘zlarida hayot sinovlariga dosh bergan yigitning metin irodasi shu’la sochib turardi. Men uning ko‘zlariga qarashga dosh berol¬masdim. Qo‘ng‘irsoch, keng peshona, qirraburun, qalin mo‘ylabi o‘ziga yarashib turgan bu pahlavon yigitni har gal ko‘rikdan o‘tkazgani palataga kelsam oyoqlarim dag‘-dag‘ titrab, ichimdan nimadir uzilib ketayotganga o‘xshardi. Bir alfozda yotsa-da, palataga kirishim hamon o‘zini o‘nglashga tirishar, og‘riqning zo‘ridan aft-angori oqarib ketsa-da jilmayishga urinardi. O‘lim jari yoqasidagi yigitning hayoti uchun tunlari mijja qoqmay ibodat qilib chiqardim. Irodasi mu
stahkam, hayotga intiluvchan yigit tasavvurga sig‘maydigan azob-uqubatlarga, ketma-ket qilingan jarrohlik operatsiyalariga dosh berdi. Tanasining kesilmagan joyi qolmadi hisob.
Oradan oylar o‘tib yigit sog‘aya boshladi. Jarrohlik bo‘limi boshlig‘i bo‘lishimga qaramay ko‘pincha tungi navbatchilikni o‘z zimmamda qoldirardim, tonggacha uning yonida o‘tirardim. Shu bir yil davomida men unga bog‘lanib qoldim. Yigitning keksa onasi, ikkita singlisidan boshqa hech kimi yo‘q edi. Dadam avtohalokatda o‘lib ketgan derdi. Dahshat-a, oilada yolg‘iz o‘g‘il, ota yo‘q, shunday bo‘lsa-da, u yoqqa harbiy xizmatga olib ketishgan. Men xizmatim davomida ko‘p kuzatganman, u yoqqa ko‘pincha otasi yo onasi yo‘q yoki oilada yolg‘iz o‘g‘il bo‘lishiga qaramay kambag‘al, beva-bechoralarning farzandlarini xizmatga yuborishgan. Boy-badavlat, o‘ziga to‘q oilalarning bolalari, ayniqsa, rahbarlarning farzandlari, u yoqqa yuborilmagan.
— Irina men tushunmayapman. U yoqqa deganda qayerni nazarda tutayapsan?
— Afg‘on urushiga.
— A-a-a?
— Ha. Afg‘on urushiga. Roma ham yolg‘iz o‘g‘il bo‘la turib bosh egib indamay afg‘onga ketavergan.
— U o‘sha yoqda xizmatda bo‘lgan degin…
— O‘sha yoqda yaralangan. U yoqdan og‘ir yaradorlarni to‘g‘ri Moskvadagi men xizmat qilayotgan gospitalga jo‘natishardi.
— Men ham afg‘onda bo‘lganman, — dedim.
Irina yalt etib qaradi. Tanbur eshigining ochiq ko‘zidan urilgan shamolda to‘zg‘igan sochlari uning yuz-ko‘zlarini berkitib o‘ynardi. Irina bir zum menga termulib jim qoldi. Bosh chayqagan bo‘ldi.
— Shunday de… Behudaga senga ko‘nglimni yormayotgan ekanmanda-a?
— Kim bilsin… Sen Roma haqida gapira¬yotganding.
— Ha, shunaqa… Roma sog‘aygach bir yil Moskva yaqinidagi uyimda yashadi. Men unga turmushga chiqdim. Qizimiz Masha tug‘ildi. Roma qurilish brigadasiga prorab bo‘lib ishga kirdi. Uni tushunar¬dim: u o‘z yurtini sog‘inardi, yurtiga qaytishni xohlardi, kechalari uxlolmay yurib chiqardi. Biroq oriyatli yigit edi, meni xafa qilishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Meni deb keksa onasi, singillari aziyat chekishini esa istamadim. Bunday ahvolda birga yashab bo‘larmidi? Oxiri Roma yorildi — onamni, uyimni, Xorazmni sog‘indim dedi. Qarasam lablari pir-pir uchayapti, ko‘zida yosh qalqigan. Meni kechir. Sening oldingda qarzdorman… Sen menga ko‘p yaxshiliklar qilding. Men seni yaxshi ko‘raman, biroq nima qilay, onam, singillarimni o‘ylab yurak-bag‘rim ezilib ketayapti, dedi. Uning qarshisida yig‘lab yuborishdan qo‘rqdim. Indamay ko‘chaga chiqib ketdim. Uyga qaytib keldim, divanda g‘ujanak bo‘lib yotibdi. Unga sezdirmay tortmadan hujjatlarini oldim. To‘g‘ri ayeroportga bordim. Romaga Toshkentga uchishi uchun aviachipta sotib ol
dim. Roma tungi reysda uchishi kerak edi. Qizimni opichlab ayeroportga chiqdim. Xayrlashayotib ko‘zlari jovdirab, ko‘zlariga yosh quyildi. Meni, qizimizni bag‘riga bosib uzoq yig‘ladi. Uydagilarimni borib ko‘raman, bir oz turib, albatta qaytaman, dedi. Biroq men uning qaytmasligini ichki bir hissiyot bilan sezib turardim.
— Demak, boshqa qorasini ko‘rsatmabdi. Nomard ekan, — dedim cho‘rt kesib.
— Nega unday deysan? Uni ham tushunish kerak.
— Nima bo‘lgan taqdirdayam erkakning ishini qilmabdi sening Romang.
— Dabdurustdan bunday hukm chiqarishing yaxshimas.
— Nima deyishimni xohlaysan?
— Hech nima dema… Romani muhokama qilmoqchi emasman. Aytmoqchimanki, vaqt o‘tdi, yillar o‘tdi, hayot tashvishlari, quvonchlari ichida ulg‘ayib aqling ham to‘lishib borarkan. Istaklarimni jilovlay olishga kuch topoldim. Biroq qizimning xohishi, uning qalbida tinchlik bermayotgan g‘alayon o‘tini bostira olmadim.
— Qizing…
— Ha, qizim… Dadasini ko‘rish, aqalli bir marta ko‘rish uchun hamma narsaga tayyor edi. Maktabda o‘qib yurgan kezlaridayoq Roma haqida so‘rab-surishtiraverib holi-jonimga qo‘ymasdi. Men gohida achchiqlanib, uni topish osonmas, Roma yashayotgan joyga borib bo‘lmaydi, u yer juda olisda, odamlari badjahl, yovvoyi, deb qo‘rqitardim. U bu gaplarimga gohida ishonardi ham. Haliginda o‘zbeklarning nega yomonligini oyimdan so‘rang, deb kesatganda shunga kinoya qilayotgandi. Moskva Davlat Universitetining tarix fakultetida uchinchi kursda o‘qiyapti hozir. Ko‘nglining tubida cho‘kib yotgan dadasini ko‘rish ishtiyoqini hech narsa bilan bosolmayapman. Bo‘y yetgan qizni aldab bo‘lmas ekan. Qizim hozir jizzaki bo‘lib qolgan. Uning sog‘lig‘ini o‘ylab qayg‘uraman. Jahli chiqsa men yovvoyiman, men yovvoyining qiziman deya chinqirib yuboradi. Taqdirimning qaltis o‘yinidan ortgan dardlar kamlik qilganday, qizimning yuragidagi og‘riqdan ham azoblanaman. U axir inson farzandi, uning ham qalbi bor, yuragi bor, orzu-armonlari bor,
axir o‘z otasini ko‘rishni istaydi, uning qiyofasini xayolida o‘zicha gavdalantiradi, qoni tortadi, tomiri tortadi, uni ko‘rgisi keladi.
Irina o‘ziga-o‘zi gapirardi. O‘zimni noqulay sezdim. Tamaki tutatdim. Poyezd ayolning dunyo yukidan og‘ir dardini ortmoqlab, chinqirib tun qa’rida olg‘a intiladi. Ha, poyezd odamlarning dardu quvonchini olib intiladi, samolyotlar odamlarni dardi quvonchini olib uchadi, demak, yerda ham, ko‘kda ham odamlar qalbining og‘riqlari, shodliklari… Odamlar esa mana shu tushunchalar bo‘lmaganida hech kim, hech narsa bo‘lib qolaverardilar.
— Irina…
— Nima deysan?
— Sen judayam chiroylisan.
— Qo‘ysang-chi.. Men taqdir, zarbalariga chidab, qora kunlarga kirib, ochiq chehra bilan qarashga o‘rgangan, sirtiga suv yuqtirmaydigan sho‘rlik ayolman.
— Yo‘q, sen chin ma’nodagi muhabbat timsolisan. Nima bo‘lgan taqdirda ham Romang, Rahmat bo‘ladimi, Ro‘zimat bo‘ladimi, Ro‘ziqul yo Ro‘zivoymi, kim bo‘lganda ham baxtli odam ekan. Eh, essiz…
— Nega uh tortayapsan…
— Bilmadim.
— Sen meni to‘g‘ri tushungan bo‘lsang kifoya. Xullas, boshingni og‘ritib yubordim. Uh-uh, sovuq shamol urayapti. Yomg‘ir yog‘adimi deyman.
— Bizda kuzning o‘rtalarida yog‘ingarchilik boshlanadi. Hali erta.
— Baribir sovqotayapman. Qani, kupega ketdik. Yotar payti ham bo‘lib qolgandir.
Men uning ortidan ergashdim. Kupega kirishimiz hamon qizi nimadir deb g‘udrandi. Uyg‘oq ekan, oyisini yana chaqib oldi.
…Urgench vokzalida meni do‘stlarim Reyimboy og‘a, Nurilla kutib olishdi. Ikkovi ham qadrdonim, ming yillik qadrdon deyishadi-ku, shunaqa insonlar toifasidan. Reyimboy og‘a vohada taniqli tadbirkor. Boy-badavlat, biroq o‘ta vazmin, bosiq, kamtar kishi. Beli baquvvatligini shundoq yuz ifodasi, o‘zini tutishi, gap-so‘zidan bilib olasiz. Xorazmning mashhur, biroq o‘ziga bino qo‘ymagan boylaridan. Nurilla shundoqqina Urgenchning so‘l biqinida, Amudaryoning narigi qirg‘og‘ida joylashgan Beruniy tumanidan. Bilsangiz kerak, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida Urgench bilan Beruniyni Amudaryo qirg‘oqlarini tutashtirgan poton ko‘prik bog‘lab turadi.
Xullas, qadimgi Kat vodiysining Amu sohilida, ulug‘ alloma Abu Rayhon Beruniy bobomiz tavallud topgan yurt bo‘yida tug‘ilib o‘sganidan hamisha faxrlanib yuradigan Nurillaboy ancha so‘zamol, bir qop yong‘oqday shaqir-shuqur, gohida yosh bolaligi hali ham qolmabdi, degan o‘y bilan fe’li-xo‘yi ochiqligi uchun unga havasim ham keladi. Nurilla tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbari. Hayotning past-balandini ko‘rgan, andavaning obdovini qaysi tomondan olishni — vaziyatni silliqlashni, o‘zidan katta rahbarlar oldida sixni ham, kabobni ham kuydirmaslikni yaxshi biladi, tavoze-tavbasi joyida.
Ikki og‘aynim bilan ham quchoqlashib ko‘rishdik. Ularni Irina Nikolayevna hamda qizi Masha bilan tanishtirdim. Do‘stlarim rusning ikki go‘zaliga mahliyo bo‘lib bir pas angrayib turishdi. Bir-biriga ma’noli qarashdi.
— Zo‘rsan-ku, bularni qayoqqa olib boramiz?
Nurilla pixillab kulib, so‘ng do‘mboq kaftini uzatib o‘zicha tanishgan, o‘z madaniyatini izhor qilgan bo‘ldi. Irina kulib qo‘ydi. Masha, kechagi Masha beparvo, bormisan yo‘qmisan ishi yo‘q, xuddi bu dunyodan bezib bo‘lganday o‘z ko‘yida o‘zi bilan ovora. Masha vokzalda mutlaqo o‘zgarib qoldi, atrofga hayajon bilan alanglaydi, Reyimboy og‘a bilan Nurillaga umid va ishonch tuyg‘ulari porlagan nigoh bilan boqadi, go‘yo shulardan qaysi biri mening otam ekan deganday chiroyli barmoqlari asabiy o‘ynab, hayajonini bosolmaydi.
Reyimboy og‘aning cho‘g‘day qip-qizil, salobatli “Opel”ida shahardagi baobro‘ mehmonxonaga yo‘l oldik. Og‘a rulda. Nurilla old o‘rindiqda. Orqada biz — men, Irina, Masha. Manzilga yetgunga qadar Nurilla mehmonlarga Urgenchni tanishtirib bordi. Ular Nurillaning ta’riflarini jon qulog‘i bilan tinglashadi, atrofga hayajon bilan olazarak boqishadi.
Mehmonlarni “Jayhun” mehmonxonasiga, lyuks xonaga joylashtirdik. Xayrlashayotib Mashadan ham yorug‘lik chiqdi — judayam chiroyli jilmaydi:
— Xafa bo‘lmang, siz yaxshi odamsiz. Meni kechiring, — dedi.
G‘alati bo‘lib ketdim. Irina eshik kesakasiga suyanib:
— Yozuvchi, nima deysan, uni topolarmikanman? — dedi ohista.
Men uning kaftini siqdim. Yuziga termuldim — nigohimiz to‘qnashdi.
— Albatta topasan, uni topish yo‘lini o‘zing yaxshi bilasan, viloyat harbiy komissariatidan so‘roqlaysan. Falon yillari afg‘onda bo‘lgan deysan, vassalom, — deb uni yupatdim.
— Bilaman, shunday qilaman.
— Agar yordamim kerak bo‘lsa qo‘ng‘iroq qil…
Irinaga qo‘l telefonim raqamini qoldirib xonadan chiqdim. Orqamdan ergashgan Nurilla:
— Shunday go‘zal ayolni, anovi farishtaday qizini tashlab qayoqqa borardik, — deb to‘ng‘illadi.
— Tez-tez yur. Qayerdagi gaplarni qo‘y. Daryo bo‘yiga boramizmi yo Aqchako‘l sohilida dam olamizmi? — gapni cho‘rt kesib mavzuni boshqa tomonga burdim.
— Bugun biznikida dam olamiz. Ertaga tushdan so‘ng Aqchako‘l bo‘yiga chiqamiz. Hamma narsa, taxta-qayiq tayyorlab qo‘yibmiz. Reyimboy akang ov miltig‘i ham topib qo‘yibdi. Xohlasang baliq ovlaysan, xohlasang o‘rdak, qirg‘ovul, tovushqon otasan.
Tashqarida, katta yo‘l chetida Reyimboy og‘a turardi.
— Nega buncha tez qaytdinglar? — dedi u ma’noli kulib.
— E, manovi xalaqit berdi. Maqol bor-ku, haligi… o‘zi ham yemaydi, birovga ham bermaydi, degan, — Nurilla o‘zigagina xos holda yelka uchirib “xuxulab” kuldi.
Poton ko‘prik orqali Amudaryoni kesib nargi sohil — Beruniyga o‘tdik. Yo‘l-yo‘lakay ularga Irinaning taqdiri haqida bilganlarimni so‘zlab berdim. Ikkovi ham jim bo‘lib qolgandi.
Nurilla uyida ziyofat berdi… Ertasiga peshindan so‘ng Aqchako‘l sohiliga chiqdik.
Oh, naqadar kenglik. Ufqqa tutash sahro. Julg‘in, saksovul, uyumtikonlar o‘sib yotgan bepoyon qumlikning adog‘i yo‘q.
“Uazik” sahroni qoq yorib qum uyumida kuchanib oldinga intiladi. Sahroning o‘rtasida nima qilarkanmiz, deb o‘ylayman. Chorak soatlar yurib so‘lga burildik. Mo‘jizaga duch keldik. Shundoq qumtepalar orasida gavharday tovlanib, mildirab, mavj urgan ko‘l paydo bo‘ldi. Ko‘l qirg‘og‘i quyuq qamishzor. Sohilda chayla tiklangan. Qozon osilgan, o‘choq olov gurillab yonayapti. Dimoqni qitiqlab qovurilayotgan go‘sht hidi taralmoqda. O‘choq boshida uch kishi kuymalanib turibdi. Biri qozon tagiga o‘tin tashlayapti, biri go‘sht to‘la qozonni uzun kapgir bilan qo‘zg‘ayapti, nariroqdagisi esa chovgumda choy qaynatayapti. “Uazik” to‘xtadi. Mezbonlar bizga qarab tek qolishdi. Qo‘liga kapgir ushlagani yugurgilab kelib tavoze bilan dastlab Nurillaga qo‘l cho‘zdi. So‘ng men bilan Reyimboy og‘aga iltifot ko‘rsatdi.
— Dasturxonga marhamat, mehmonlar. Ayni vaqtida keldinglar. Qani, Nurilla og‘a, mehmonlarni chaylaga boshlang.
Chaylada dasturxon yozildi. Dastlab “Qoratov” shishalari dumaladi. Izidan meva-cheva, mineral suv idishlari keltirildi. Ulkan yog‘och laganda qovurdoq tortildi. Qirg‘ovul go‘shti gazakbop bo‘larkan, chanqagan ekanmizmi gap-gapga qovushib uch-og‘ayni botirlar ikkita “Qoratov”ni dumalatdik. Bosh qizidi. Mana manzara, ana manzara. Cho‘l. Qumni yorib chiqqan tikonlar to‘dasi, saksovulzor, julg‘inzor… Biqinimizda yastanib yotgan zumrad ko‘l sahroning sirli yovvoyiligiga o‘ziga xos bir joziba baxsh etib turganga o‘xshardi. Ko‘l tomondan salqin shamol esadi, qamishzor shovullaydi, qirg‘oqqa tang‘ilgan damlama qayiq suv sathida lapanglab sollanadi. Qum zarralari uchadi. Tepalikda qum to‘zg‘iydi. Kunbotarda barcha bulutlar botayotgan quyosh nurida tilladay tovlanadi, uzoq tikilib tursangiz ufq gurillab yonayotgan, ko‘kdan sahroga olov parchalari tushayotganga o‘xshaydi. Oqshomning qizg‘ish shu’lasi ko‘l sathida ham aks berib borliq sirli qirmiztus rangga cho‘lg‘angan.
Xushhol kayfiyatda qayiqqa tushdik. Yengil shamol qayiqni ko‘l ichkarisiga surdi. Suv yuzida qalqib kichik to‘lqinlar paydo bo‘ladi. Yarimigacha suv bosgan qamishzor ichkarilaganimiz sayin siyraklashib bormoqda. Olisdagi ko‘z ilg‘amas tepaliklarga to‘sh urgan bepoyon ko‘lga endi chiqib edik hamki, qamishzor burchida nimadir potillaganday bo‘ldi. Nurilla ko‘rsatkich barmog‘ini labiga tekkizib “jim” ishorasini qildi. Epchillik bilan qo‘shog‘izni olib o‘qladi-da, miltiq milini o‘sha yoqqa to‘g‘riladi. Lahzada nimadir qorayib ko‘ringanday, so‘ng o‘zini qamishlar orasiga urganday bo‘ldi. Nurilla tepkini bosdi, atrof gumburlab ketdi, bir gala o‘rdak potirlab ko‘kka uchdi, havoga porox hidi o‘rladi. Qamishzor burchagida nimadir, suvda shaloplab turdi-da, jimib qoldi. Reyimboy og‘a qayiqni ildamlik bilan o‘sha tomonga haydadi. Suv sathi qip-qizil qon. Otilgan o‘q sochma bo‘lsa kerak, uchta o‘rdak suv yuzida qonga bo‘yalib yotibdi, ulardan biri hali jon taslim qilmagan — qanotlarini yozib jon uhmida tipirchilaydi. Qam
ishlar orasini yorib ichkari kirishga, berkinishga urinadi. Yuragim uvishdi. Xushhollikdan hech vaqo qolmadi. Nurilla hech narsa bo‘lmagani kabi engashib o‘qqa uchgan o‘rdaklarni olib qayiqqa tashladi, men ularga qaramaslik uchun yuzimni burdim. O‘q solingan xaltachani esa suvga tashlab yubordim. Nurilla angrayib turdi-da, so‘ng bobillab berdi:
— Nega unday qilasan, aqling joyidami? Essiz, shuncha o‘qni rasvo qilding-ku…
— Bo‘ldi. Otmaysan, hech narsani otmaysan. Ov-pov qilmaysan.
— Seni deb ovga chiqdik. Hey, qiziq odam ekansan-ku… Ko‘lda ov qilishning gashti bor-ku.
— Jim bo‘l, og‘ayni. Ko‘p gapiraversang, bu safar miltig‘ingdan ham ayrilasan, — dedim.
Qizg‘ish yog‘du og‘ushidagi sohilga qaytdik. O‘choqda o‘t gurillayapti. Uch erkak g‘imirlab, yana nimalarnidir tayyorlashmoqda. Oqshom cho‘kish arafasida – tabiatning talosh pallasiga xos bo‘lgan go‘zallikni ta’riflashga so‘z ojiz, ayniqsa ko‘l bo‘yida, ayniqsa sahroda, ayniqsa chin do‘stlar davrasida.
Sohilga oyoq qo‘yishim hamon qo‘l telefonim jiringladi. Ayol ovozi:
— Salom, Yozuvchi. Bu menman, Irina…
Telefonda hiqillab yig‘layapti. Yuragim uvishib ketdi.
— Nima bo‘ldi? Uni topdingmi? Nega yig‘la¬yapsan?..
— Qayoqda deysan. Yo‘q. Harbiy komissariyatda, viloyatda ham ro‘yxatda yo‘q ekan. Kun bo‘yi hamma tumanlarga so‘rovnoma yuborishdi. Topilmadi.
Irina entikib gapirar, yig‘idan o‘zini tutolmasdi.
— Shunday bo‘lishi ham mumkin ekanmi? Butun boshli odam yo‘q bo‘lib ketaveradimi?
— Ana, yo‘q deyishayapti-ku. Endi nima qilaman? Yordam ber, Yozuvchi.
— Nima qil deysan? Hozir qayerdasan?
— Mehmonxonadaman. Rosa charchadim. Boshim qotib qoldi. Masha aza ochib yuragimni qon qilvordi. O‘zing qayerda yuribsan? — Irina zorlanib gapirar¬di.
— Ko‘ldaman. Ov qilayapman.
— Demak, kelolmas ekansan… Siqilib ketdim.
Irina uf tortdi. Ovozida allanechuk hazinlik, g‘amgin o‘tinch bor edi. U ayni dam men bilan bu kech negadir ko‘rishishni xohlayotganini, begona yurtda yolg‘izlik azobi jon-jonidan o‘tib ketganligini his qildim.
— Agar sen xohlasang mashina yuborishim mumkin. Kechki ko‘lni birga tomosha qilardik.
— Jon-jon deb borardim-u, Masha ko‘nmaydi. To‘shakka burkanib yotib oldi. Uning xarxashalari ham jonimdan to‘ydirdi. Yo Xudo, ayt, Yozuvchi, nima qilay!.. Imkoning bo‘lsa o‘zing kelaqol. Birga nonushta qilardik…
— Bo‘pti, boraman, — dedim qat’iy. Shu tobda yuragim gupillab urar, Irinaning qarshisida bo‘lib qolishni ich-ichimdan istayotgandim.
Keng sahro ham, bepoyon ko‘l ham, keng dunyo ham menga tor bo‘lib qoldi. Oqshom cho‘kdi. Havoni qovurilayotgan baliq hidi tutdi. Chaylada yonboshlab yotdik. Atrofda xizmat qilib yurgan yigitlardan biri shisha chiroqning ichini ochib kerosin quydi. So‘ng pilikni yoqdi. Chayla yorishdi. Dasturxondagi noz-ne’matlarni xira yog‘du chulg‘adi. Nurilla dasturxonda dumalab yotgan “Qoratov”dan birini olib og‘zini ochdi. Uch piyola to‘ldirib qo‘yib, shishani bo‘shatdi. Uchovimiz ham bir ko‘tarishda oxirigacha oldik, so‘ng piyolalarni to‘nkarib qo‘ydik.
— Demak, bormasang bo‘lmaydi, shundaymi, — o‘smoqchiladi Nurilla.
— Ha, shunday. U kutayapti-ku, tushun axir.
— Qanday qilib borasan? Men ham ichib olganman… Shunday dam olishning beliga tepma, — dedi norizo ohangda Reyimboy og‘a…
— Va’da berdim. Katta yo‘lgacha chiqarib qo‘ysanglar bo‘ldi.
— Qaytmaysanmi? Nima balo, o‘sha yoqda qolmoq¬chimisan, — Nurilla taajjubini yashirib o‘tirmadi.
— Bunisini bilmayman.
— Yaxshi, biror yo‘lini toparmiz. Ana, baliq ham tayyor bo‘ldi, — Nurilla o‘choqqa ishora qildi. Kattakon bir laganda qovurilgan baliq olib kelishdi. Nurilla o‘choq boshida turgan yigitlardan biriga qichqirdi: — Hov, Kontuj, nega imillayapsan. Dasturxonning ko‘rki qani? Shishalardan olib kel. Baliqning tagida qolsin. Tez-tez bo‘l, hov, nega ovozing chiqmaydi. Ildam bo‘l. Mehmon ketaman deyapti.
Xizmat qilayotganlardan biri uch shisha “Qoratov” olib kelib, dasturxonga qo‘ydi.
— Qani, Kontuj, och buni. O‘zingga ham to‘ldirib quy. Qani, boshni qotirma, ol, o‘zingga yaxshilab quy. Bizni o‘ylama… Qani.
— Yoshulli, uzr, men ichmayman, — dedi yigit mulzam tortganday.
Sersavlat, uzun qo‘llari keng yelkasiga mos, gavdasini biroz bukib o‘tirgan yigit iljaydi. Moychiroqning nim yorug‘ida keng, yapoloq yuzidan turtib chiqqan chakka suyagi, qirra burni, o‘ziga yarashiqli qalin mo‘ylabi, katta-katta o‘tkir ko‘zlari, o‘siq qoshlari, qiyofasiga singigan jiddiylik kishini o‘ziga tortardi.
— Kontuj, senga xizmat bor. Mehmon akang bilan Urgenchga o‘tib kelasan, provang yoningdami? Reyimboy og‘angni “Opeli”da. Tayyor tur.
Yigit ko‘ksiga qo‘lini qo‘yib ta’zim qilganday bo‘ldi. Biroq miq etmasdi. So‘ng menga ijozatmi deganday yer ostidan Nurillaga qaradi.
— Kontuj, bir ozdan so‘ng yo‘lga chiqasan, achchiq qilib ko‘k choy damla, — Reyimboy og‘a mashina kalitini yigitga uzatdi. Kontuj deganlari o‘rnidan turib, lapanglab o‘choq tomon ketdi.
— Buning ismi kim? Kontuj deb chaqira¬sizlarmi? — dedim Nurillaga.
— Ismini bilmayman. Hamma Kontuj deb chaqiradi. Ko‘lda qorovul. Ammo qiyomat ovchi. Uchayotgan qushni uradi. Kontuj degan otga o‘zi ham ko‘nikib ketgan.
— Ishqilib es-hushi…
— Qo‘rqma, kontuj bo‘lsa ham juda epchil. Zo‘r haydovchi. Mashina boshqarishda bunga teng kela¬digani yo‘q.
— Uni yaxshi taniysanmi?
— To‘g‘risini aytsam, bu yerlarga qayerdan kelib qolganini bilmayman. Yozda ko‘lda bo‘ladi, qish kunlarida odamlarning uyida xizmatini qiladi. Har yerda yotib kun kechiradi. Lekin o‘ta aqlli qurmag‘ur, ichmaydi, chekmaydi.
— Qarindosh-urug‘lari ham yo‘qmi?
— Yo‘q, shekilli. So‘qqabosh. Qo‘ysang-chi uni, qani, yaxshisi, baliqdan ol. Hozir “Uazik”da Kontuj ikkovingni biznikiga olib borishadi. So‘ng “Opel”ga o‘tirib, Urgenchga jo‘naysan. U yoqda yotib qolma, kech bo‘lsa ham uyga qayt. Reyimboy og‘ang bilan seni uyda kutamiz.
— Yaxshisi, hammamiz birga keta qolaylik…
— Qayoqqa?
— Senikiga, keyin Urgenchga.
— Jinnimisan, hov, shunday maishatni tashlab-a… Biz uyga o‘zimiz boramiz. Unga qadar sen ham Urgenchdan qaytasan. To‘g‘ri uyga qayt. Biznikida tunaymiz. Qaytasanmi yoki… — Nurilla yana pixillab kuldi.
— Bo‘pti, maydalashma. Kontujni chaqir… Bo‘ldi, quyma, boshqa ichmayman.
Men o‘rnimdan turdim. Haydovchi “Uazik”ni yondirdi. Kontuj ikkimiz mashinaga chiqdik.
Chodir tomli “Uazik” yo‘lga tushdi. Chodirga o‘rnatilgan oyna orqali ortga qaradim. Gurillab yonayotgan gulxan, sohildagi chayla tobora olislab borardi.
Nurillaning uyiga yetib kelgach, “Uazik” bizni qoldirib, iziga qaytib ketdi. Biz “Opel”ga o‘tirib Urgenchga jo‘nadik. Reyimboy og‘aning ishonib kalitni topshirganicha bor ekan, Kontuj mashinani ustalik bilan boshqarar, ko‘nglimdagini payqaganday yeldirib borardi. Urgenchga kirib kelganimizdagina miq etmay qovog‘ini uyub kelayotgan Kontuj nihoyat tilga kirdi:
— Og‘a qayerga boramiz?
— “Jayhun” mehmonxonasiga hayda.
Rang-barang nur taratib porlagan chiroqlar og‘ushida naqadar jozibali ko‘ringan Urgenchning qoq markazida joylashgan salobatli mehmonxona yonida to‘xtadik. Vujudimni hayajon chulg‘ar, o‘zimni atayin sipo, beparvo tutishga urinmay, mashinadan tushishga yuragim dosh bermasdi, agar shu tobda Kontuj: “Og‘a, ketdik, uyga qaytamiz”, desa indamay ro‘yxushlik berishim hech gap emas edi. Nega shunday holatga tushganimni o‘zim ham bilmayman deng.
— Og‘a, endi nima qilamiz?
— Nima qilardik, ketdik, mehmonxonaga kiramiz, — dedim bazo‘r.
Oyoqlarim o‘zimga bo‘ysunmaydi. Vaqt o‘tkazish uchun mehmonxona yonidagi do‘konga bosh suqdim.
— Og‘a, u-bu narsa olamizmi?
— Albatta, albatta olamiz. Quruq qo‘l bilan bormaymiz-ku…
Kontuj aytgan “u-bu narsa” ikkita yelim xaltaga joylandi.
— Og‘a, menga bering, men ko‘tara qolay.
— Ixtiyoring.
Ichkariga kirdik. Marmar yotqizilgan oynavand fayedan o‘tib, lift orqali to‘rtinchi qavatga ko‘tarildik. Uzun yo‘lak bo‘ylab borayapman. Ortimda Kontuj. Yelim xaltalarni ikki qo‘ltig‘iga qisib olgan. Beparvo. Dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydi. Buncha do‘killatib qadam bosmasa.
Va, nihoyat mana, o‘sha xona eshigi. Ikkovimiz ham to‘xtab bir lahza jim qoldik. Kontuj ishshayib turibdi. Eshikni taqillatdim. Ichkaridan qadam tovushi eshitilib, ostonada Masha paydo bo‘ldi.
— Kiring, sizni oyim kutayapti.
U sherigimga qiziqsinib qaradi.
Kiraverishdagi xonada bir-biriga qarshi qo‘yilgan aynan o‘xshash ikkita divan hamda yumshoq o‘rindiq, bir qanoti qiya ochilgan deraza yonida bayramona, did bilan bezatilgan stol. Chindan ham kutayotgan ekan, degan o‘y o‘tdi xayolimdan. Kontuj esa poshnasi loy, chang bosgan qiyshiq poyabzalini ham yechmasdan tasur-tusur qilib kirib keldi-da, xona o‘rtasida qaqqayib turib qoldi.
— Oyim ichkari xonada, hozir chiqadi. Qani stolga marhamat, — Masha qirq yillik qadrdon¬larday bizni o‘ziga yaqin olib tabassum qildi.
Ichkari xonadan egniga barqut xalat tashlab Irina chiqib keldi. Oltin sochlari yelkasida shovullaydi. Moviy ko‘zlari chaqnab-charaqlaydi. Tiniq, chiroyli chehrasida kulgi.
— Yozuvchi amaki, bugun oyimning tug‘ilgan kuni. Ajoyib kunda g‘aroyib sayohat, — Mashada kechagi tundlik, qaysarlik va betgachoparlikdan asar ham qolmagandi.
Men Irinaga qaradim. U tuyqus joyida to‘xtab orqaga tisraldi. Shu paytda serrayib turgan Kontujning qo‘lidagi ikkala yelimxalta ham yerga tushib ketdi, shishalar chil-chil sindi. Bu g‘aroyib manzara lahzada sodir bo‘ldi. Men karaxt bo‘lib qoldim. Masha talmovsiraganicha devorga suyanib dam oyisi, dam menga, dam Kontujga qaraydi. Kontuj ihradi, yuzi oqarib, keyin lablari pirpirab nimadir demoqchi bo‘ldi, gapirolmadi. Men nima bo‘layotganini anglay olmasdim, Kontuj tizzalab o‘tirib, beso‘naqay qo‘llari bilan boshini changallab oldi. Irina tik turgan ko‘yi telbavor, aftadohol qiyofada Kontujga tikilib turdi-da, xasta, ihroq ovozda dedi:
— Roma, bu senmisan?… Roma, bu senmisan?!
Keyin uvvos tortib yig‘lab yubordi.