Jur’at to‘yxonaga kirganida bazm boshlanib ketgan edi. Uni chekkaroqdagi stollardan birida, ikkinchi qavat bilan bo‘ylashib turgan qoragilos ostiga o‘tqazishdi. U o‘ng biqinidagi yoshi o‘tinqiragan ko‘z tanish kishiga sustgina qo‘l uzatib, “yaxshimisiz”, deb qo‘ydi-da, yon-veriga olazarak nazar tashladi. Negadir yaqin qo‘shnilari ko‘rinmasdi. To‘y egasi yirik qo‘shma korxona rahbari bo‘lgani uchunmi, odam juda qalin edi.
Jur’atga choy uzatishdi. U choydan bir-ikki xo‘pladi-da, atrofni kuzata boshladi.
To‘rt tomoni qavatli uylardan, devor-gullardan tarkib topgan chorsi maydonning kun chiqish tarafidagi stoldan kelin-kuyov va ularning do‘stu dugonalari o‘rin olishgandi. Boshqa stollarda har xil qatlam — yoshlar, o‘rta yoshlilar (nikoh bazmlarida kattalarning bo‘lishi taomildan chiqib bormoqda), qizlar, ayollar… Ular tanovul hamda o‘zaro suhbat bilan mashg‘ul. To‘rt burchakka, yog‘ochqoziqlarga o‘rnatilgan qora qutilar — karnaylardan taralayotgan shovqinli musiqa gapni gapga qovushtirmas, o‘tirganlaru yurganlar, umuman hamma baland ovozda so‘zlashar, g‘ala-g‘ovur ini buzilib to‘zigan qovoqarilarning g‘o‘ng‘illashini eslatardi.
Jur’at tepaga qaradi. Osmon ko‘ziga to‘rtburchak bo‘lib ko‘rindi. Ro‘paradagi ko‘ndalang tushgan uyning derazalaridan ayrimlari ayollar (bitta-ikkita maykachang erkak ham) rom taxiga ko‘kraklarini bosishib bazm tomosha qilishardi.
Jur’at notanishlar orasida hamon o‘ng‘aysizlanardi.
Dasturxonda noz-ne’matlar bisyor. Suyuq ovqatdan keyinoq qo‘y go‘shtidan kabob tortildi. “Topganlar topib, yashaganlar yashayapti”, — deya ko‘nglidan o‘tkazdi Jur’at.
Jur’at chalaroq tanishiga “qo‘shni” bo‘lib qolganiga ham shukur qilib o‘tirdi. Ularning mulozamatlari “oling-oling”dan nariga o‘tmasdi. Zimdan ko‘z yugurtirgan yigitning diqqatini hamsoyasining odmi va uringanroq kiyim-boshi, pidjagining yelka qismini ko‘tarib turgan ho‘kki kiftlari tortdi. Bu kiftlar qoyada olisdan nimanidir mo‘ljallayotgan burgut qanotlarining tirsagini eslatar va bu holat sohibiga qandaydir domangir, alamzada maxluq siyoqini berardi. Quyuq tutash qoshlari, qirrador burni yanada uzun va beo‘xshov ko‘rinardi.
Odamoviroq bu shaxs mahallada paydo bo‘lganidan beriyam xiyla vaqt o‘tdi-yov, lekin u jamoat bilan negadir kirishib ketolmaydi. Ma’raka-marosimlarga ham ko‘pda aralashavermaydi. Nimadandir noroziday, doim to‘rsayib yuradi. Jur’at bir-ikkitasidan unga nisbatan “Indamas odam” degan iborani eshitgan. Yana u haqda “Qayoqdandir ko‘chib kelgan shekilli, juda injiq kishi ekan, oilasi ham bormi, yo‘qmi — bilmaymiz”, deyishgani ham qulog‘iga chalingan. Rostdan, qayerlik ekan? Shevasidan chamalaydigan darajadayam gapirmaydi-ya… Harqalay, o‘zimizning vodiydan bo‘lsa kerak. Ismi nimaykin?.. Jur’at shularni so‘ramoqchi bo‘ldi-yu, fikridan qaytdi. Ha, unga qayerlik bo‘ldi nimayu, kim bo‘ldi — nima?.. Aslida, Jur’atning sergap-laqmalarga toqati yo‘q, ammo yon sherigi miq etmay o‘tiraversa, odam dam bo‘lib ketadi-da.
Bazm avjida. O‘rta bo‘yli, baqaloqdan kelgan, lunjlari xiyol “o‘sib” chiqqan o‘ttiz yoshlardagi yakka ijrochi ovozining boricha “Ey, sanam!.. Ey, sana-a-a-m!” deb bo‘zlar, shunchaki bo‘zlamas, balki ayyuhannos solardi. “Boyaqishning tomog‘i yirtilib ketmasa go‘rgaydi, — o‘yladi Jur’at. — Rahmatli Ahmad Zoir tirilib kelib, bu mashhur qo‘shig‘ini mana shu ohangda, shu taxlitda eshitib qolsa, xonishchining qo‘lidan torini tortib olib, uning boshiga tushirarmidi…”
Jur’at kamsuqum hamtovog‘ining narigi stoldagi kimo‘zarga tor va tarang libos kiyishgan, obdon orolanishgan juvonlaru qizlarga tikilayotganini ko‘rib, g‘ashi keldi: “Men nima qayg‘uda-yu, bu akam nima g‘amda… Xotini yo‘qligi rostga o‘xshaydi…” U asta tomoq qirib qo‘ydi.
— Astag‘firillo, olam siyna yarmarkasiga aylanib ketdi-ya!.. Urug‘likka bitta o‘zbekcha ko‘ynakligi yo‘g‘-a… — to‘ng‘illadi kamsuxan hamnishin.
— Xo‘rak-da, amaki, har qanday “baliq”ni ko‘zini o‘ynatvoradigan laqqa xo‘rak.
Amaki g‘ijingancha Jur’atga qarab aftini burishtirdi va darhol chetga o‘girilib, yana o‘ziga o‘zi gapirganday g‘udrandi: “To‘ng‘iz qo‘pgur erlari o‘lganmikin hammasini… Qaynata-qaynag‘alari oldida uyatishmaydimikin. Otasi, aka-ukasiyam ham indamaydimikin bachchag‘arlarning? Yo, qaytanga g‘ururlanisharmikin, dayuslar…”
O‘rtada ikki yosh yigit uzun-qisqa bo‘lib, bir-birlariga yuzlanganicha, dupur-dupur yer tepishib, “Qarg‘alar”ni go‘yo “sindirishardi”. Havoga siyrak chang ko‘tariladi. Stollarning orqa tomonlarida, xususan to‘rttala burchakda to‘p bo‘lib turishgan qizlar, ayollar va bolalar o‘yinga tushayotganlardan — misoli “Ot keldi”ga sakrayotganlardan ko‘z uzishmasdi.
Jur’at ittifoqo qo‘shni stolda, erkaklar orasida o‘tirgan, har xil giyohlar ichida tanho qizil gulday e’tiborni jalb etuvchi qizni, aniqrog‘i juvonni ko‘rdiyu titrab ketdi. Chang bilinar-bilinmas harir parda kabi o‘rtada tebranib turgan bo‘lsa-da, tepaga o‘rnatilgan mingshamlik lampalar yorug‘ida pardoz-andoz ostidagi asil siymoni ilg‘ab olish qiyin emas edi.
“Nimaga do‘ppi kiyib oldiykin, o‘ziyam artistga o‘xshab qoptimi…”, — hayron bo‘ldi u va o‘zi sezmagan holda butun vujudi nigohga aylandi. Juvonning yonidagi kishilar biri qo‘yib, biri piyolada choymi, sharobmi tutishar, bir nimalar deyishar, “tanho gul” esa bosh-bosh qilib, yashnab-yashnab, orqasiga ag‘darilib ketguday bo‘lib kular va dam unisining, dam bunisining yelkasiga rag‘batlantirganday kaftlari bilan ohista urib qo‘yardi. Tevarakdagilarning ko‘zi unda edi.
Musiqa to‘xtab, o‘ynayotganlar joylariga o‘tirishdi. Qo‘shiqchi buklog‘liq ro‘molchasi bilan yuzini, bo‘ynini artdi, shogirdlaridan biri uzatgan choydan xo‘pladi-da, yana ashulani boshlab yubordi:
“Men yotaman oydinda,
Qur-qur xayolim senda…”
O‘rtada birdan o‘sha tamanno paydo bo‘ldi: uni birov tortdimi yo o‘zi turib chiqdimi, Jur’at payqamay qoldi. Juvon to‘lisha boshlagan bo‘lsa ham, harakatlari yengil edi, u shox tashlab yo‘rg‘alay ketdi.
Davraga jon kirdi. Ayniqsa, chug‘urchuqday chug‘urlashayotgan katta-kichik bolalar, qizchalar atrofdan yopirilib, o‘rtagacha chiqib ketishar, izdihom mulozimlari ularni tartibga chaqirib, goh po‘pisalab orqaga haydashardi. “Tomoshago‘ylar” esa bir ozdan keyin xuddi chigirtkalarday yana bostirib kelaverardi. To‘ychilik-da.
Mehmonlar safma-saf tizilib, o‘yinchiga besh yuzlik, ming so‘mliklarni uzatishar, qistirishardi. Do‘ppisi tagiga pul tiqayotganlarida juvon o‘yindan to‘xtab, qo‘llarini orqaroqqa kerib, tek turib berardi. Hademay uning do‘ppisi atrofi hajviy jurnaldagi suratlarga o‘xshab qoldi.
Jur’atning yuragi uvishib, chimillaganday bo‘ldi, ammo shu zahoti xayolidan: “U mening kimim o‘zi, nimaga endi qachondir ko‘nglim shunchaki bir chopib qo‘ygan kimsani deb aziyat chekishim kerak?” degan fikr o‘tib, peshonasining tirishi yozilgandek his etdi. Ammo… “Odam degani shunchayam o‘zgarib ketadimi… Qanday sodda, qanday iboli qiz edi-ya. Birovning betiga tik qaramasdi… Bir xonadonni obod qilishi mumkin edi. Balki, obod qilayotgandir… Yo, hoyu-havaslariga yetolmagandir… O‘chakishib, bor-ey, degandir…”
O‘yinchi davrani aylana boshladi. U endi deyarli o‘ynamas, pul qistiruvchilar siyraklashgani uchun ko‘ziga saxovatli ko‘ringan erkakni mo‘ljallab borardi-da, uning ro‘parasida to‘xtab qilpillar, badanini dirillatar, qoshlarini galma-galdan uchirardi.
“Buncha hunarni qachon o‘rganib ulgurdiykin?.. Kimdan o‘rgandiykin?.. Nima sababdan bu yo‘lni tanladiykin, axir uning orzu-niyatlari tamomila bo‘lakcha edi-ku… Vrach bo‘lmoqchiydi. O‘qishga kirolmadimikin? Bilimi zo‘r edi…”
Jur’at noqulay vaziyatga tushib qolganday sarosimalanib, bezovtalanardi. Nazarida yuzlari qizarib, tanasiga titroq yugurganday tuyulardi. Gavdasini daraxtning olachalpoq ko‘lankasiga tortib, kursisini ham sal jildirib oldi.
O‘yinchi nariroqdan o‘tib ketdi.
O‘rtakashning e’loni jarangladi: “Navbat qiziqchilikka!
Pakanadan kelgan, ikki chakkasi siyrak sochli yigit o‘rtaga chiqib, qiz tanlash sarguzashtini hikoya qilishga tushdi.
— Shu, desalar, uylanish jumbog‘i, ya’ni problemasi garizantal, ya’ni ko‘ndalang qo‘yildi-yu, onam bilan yetaklashib, yetti mahallani aylanib chiqdik…
Mehmonlarning aksariyati kulgili gap bo‘lib qolsa bir maza qilamiz, deb anchagacha quloq tutib o‘tirishdi. Hadeganda ular kutgan joyi chiqavermagach, o‘zaro suhbatga tushib, vag‘ir-vug‘urga qo‘shilib ketishdi. Qiziqchi ham, hartugul oriyati bor ekan shekilli, to‘xtadi. Yana musiqa, yana o‘sha o‘yin, ana dupur-dupur…
Derazalardagi bo‘g‘otlarda qunishib o‘tirgan qushlarni eslatuvchi tekin tomosha havasmandlari ancha kamayib qolgan edi.
“Indamas” qaytib kelib joyiga o‘tirgan paytda o‘rtaga kelinposhsha chiqdi. U qo‘llarini boshi uzra baland ko‘tarib, kaftlarini birlashtirib, barmoqlarini qarsillatganicha “Ofatijon”ga tusha ketdi.
“Indamas” Jur’atning biqiniga sekin turtdi.
— Kelinchakning shox tashlashini qarang, kelinchakni…
— Ha, endi zamonaviy oilaning qizi-da, mulla aka, — deb qo‘ydi Jur’at.
— Iy-yi, anavi, pul uzatayotgan dadasimi?.. Yo tavba! Hali chimildiqqa kirmagan qizi shuncha erkakning ichida hammayog‘ini silkillatib o‘ynasayu, ota jonvor unga dollar qistirib tursa-ya!.. Ammamning buzog‘iga o‘xshab kuyovning o‘tirishini ko‘ring. Vo, dayuslar-ey. Erkak zotida or-nomus degan narsa qolmadi o‘zi…
Kuyovjo‘ralar, kelindugonalar o‘rnilaridan turib pul uzatishardi. Boshqalar ham…
So‘ngroq o‘rtakashning maxsus reja asosida kelinning dadasi bilan ayasini o‘yinga tortishdi. Mashshoqlar er-xotinning qanday kuyga xirom aylashlarini qadam olishlaridan, qo‘llarini qimirlatishlaridan chamalashdi shekilli, ko‘tarinki ruh bilan “Dilxiroj”ni boshlab yuborishdi. Ota-yu ona ko‘zlarida baxtiyorona tabassum bilan bir-birlariga muqom aylab qolishdi-ku. Boylarning bosh tanishlari ham ko‘p bo‘ladi-da, dollar yog‘ilib ketdi.
— Vo, dayuslar-ey… — yana to‘ng‘illab qo‘ydi Jur’atning sherigi.
Kelin-kuyovga fotiha berildi. Ular qo‘zg‘alishgach, boshqa stollardagi mehmonlar ham siyraklashdi. Bo‘shagan o‘rinlarga bazm boshidan buyon ko‘z tikib turgan bolakaylar hujum qilishdi.
Jur’at ichida achchiqlandi. “Mening bolalarim ham shunaqa qilisharmikin…”
O‘rtada endi bir to‘p yosh-yalang qay bir estarada qo‘shig‘i ohangiga jilpanglashardi.
Yoshi ulug‘roq bo‘ychan bir kishi otarchilar tomonga qarab “Tanavor!” deb qiyqirdi-da, chetroqda o‘ynay boshladi. Kuy almashmadi. Otaxon ham parvo qilmay o‘zining usulida tushaverdi. Kimdir uni chig‘anog‘idan tortib, kursiga o‘tqazib qo‘ydi. Ammo bir ozdan keyin u o‘rnidan turib kelgan joyidan davom ettirdi.
— Bu xotinlarning o‘yini-ku, amaki, — dedi yoshlardan biri hiringlab.
— O‘zing xotinlarning o‘yini, — g‘udurladi otaxon gapiruvchiga qaramay. — “Tanavor”ga Mukarrama opa o‘ynasin edi. Qiyvorardi. Vujudi ipakday eshilib ketardi. Ashulani Tavakkal Qodirov, Komiljon Otaniyozov aytardi. Endi unaqalari yo‘q. Hammasi jipir-jipir…
— Sho‘xrog‘idan bo‘lsin, sho‘xrog‘idan! — xitoblar yog‘ildi.
To‘y xonandasi har qanday iltimosga shay turadi.
“Janon bo‘laman deb hamani kuydirasanmi,
Kuygan bu yuraklarni yana yondirasanmi…”
— Ha, do‘-o‘st! Lo‘millaganidan! — degan qiyqiriqlar yangradi. O‘rtada yana xonim paydo bo‘lgan, u boyagi “san’ati”ni namoyish etib, qosh qoqib, ko‘z uchirib, yopishtirma kipriklari bilan erkaklarning hamyonlariga “o‘q” otardi.
Jur’atning butun vujudi qiziy boshladi. Qo‘li beixtiyor sharob quyilgan piyolaga cho‘zildi.
Raqqosa maydonga orqa qilib o‘tirgan erkaklarning kuraklariga miqti yelkasining uchi bilan bir nuqib qo‘yadi-da, ular bilan yuzma-yuz mehmonlarga nozu istig‘no zuhur etadi.
— Anavi jingalak sochning oldiga boring, biznesmenning zo‘ri o‘sha! — deya xandon otdi o‘ngdagi stolning o‘rtarog‘ida o‘tirgan bo‘ydor yigit qo‘li bilan o‘zidan uch-to‘rt mehmon naridagi xushbichim kelbatliga ishora berib.
O‘yinchi bedana yurish bilan ko‘rsatilgan kimsaning yoniga borib, alohida jilva ayladi.
— Aldayapti, biznesmenlarning zo‘ri o‘zi — uchta oshxona, to‘rta dorixonasi bor, — dedi u hazilkashiga javoban. — Ammo sal qurumsoqroq, bo‘sh kelmaysiz.
Juvon raddiya-luqma otilgan tadbirkorning ro‘parasiga qaytib kelib, karashmaning boshqa nozik, kamyob usulini qo‘lladi — Misr aktrisalariday to‘shini silkita boshladi.
Xaloyiq ayolning “mahorati”ni hayajonli, nidoli chuvillash bilan olqishladi.
“Essizgina…”, — dedi Jur’at uf tortib.
Ayol asta-sekin ular tarafga yaqinlashib kelardi. Jur’at “qo‘shnisi”ning qachon, qanday turganini payqamay qoldi — “indamas” birdan raqqosa ro‘parasida paydo bo‘ldi. Juvon sari bir-bir bosib borar ekan, cho‘ntagidan boylog‘liq pul chiqardi. Jur’atning ko‘ziga ellik so‘mlikka o‘xshab ko‘rindi, harqalay maydaroq so‘m edi. Jur’at odamovi qo‘shnisining qilig‘idan hayratga tushib, undan ko‘z uzolmay qoldi. “Indamas” boylamni namoyishkorona tepaga ko‘tardi, qo‘lbola ipini yechdi va bir dastasini olib, raqqosaning do‘ppisi ostiga aylantirib qistirib chiqdi. Oyimcha unga tashakkur izhor etdi. Mug‘anniylarning ilhomi jo‘sh urib, musiqani birdaniga ikki parda ko‘tarishdi. Davra qayta jonlandi. “Indamas” pulning qolganini ham do‘ppi tagiga bosdi.
Davrada asosan shirakayf yosh-yalanglar qolishgan edi. Ular qiyqirishar, “Ha, amaki, bo‘sh kelmang!”, deya uning qo‘ltig‘iga suv purkashardi.
Jur’atning ezilgan, og‘irlashgan tanasi yana bir to‘lg‘ondi.
“Amaki” chindan ham bo‘sh keladiganga o‘xshamas, lekin umrida qo‘l ko‘tarmaganday taassurot o‘yg‘otardi. U raqqosani o‘ziga qarab o‘ynashga majbur qilar, o‘zi esa, kallasini ikki tarafga tebratib, kiftlarini jon-jahdi bilan siltardi xolos. Yuzi esa hamon tund, ko‘zlaridagi noxush, dudmal ifoda so‘nmasdi.
O‘yinchi juvonning esa, aksincha, a’zoyi badani bo‘shashib, tolib borayotgani ravshan edi, oyoq-qo‘llari qovushmas, shunchaki ko‘tarilib-pastlardi xolos. Azbaroyi terga botganidan novvotrang harir ko‘ylagining keng yenglari bilaklariga yopishib-yopishib qolar, qovoq, yonoqlari-yu lablaridagi turfa bo‘yoqlar chaplashib, aft-angorini olachipor qilib yuborgan edi. U cholg‘uchilarga qarab “bo‘ldi, bas”, deganday panjalarini silkib, sun’iy, dag‘al kipriklarini pirpiratar, ammo navozandalar doirayu boshqa sozlarini battarroq daranglatishar va nigohlari bilan bir-birlarini yanada shiddatliroq chalishga da’vat etishardi. Ermak ishqibozlari bo‘lgan yoshlar, o‘smirlarga chinakam tomosha topilgandi.
— Qo‘yavering, bugun amakining bir yozilgisi kep qopti-da.
— Bunaqa huriliqo bilan o‘ynash ehtimol umrida birinchi marta nasib qilayotgandir…
Jur’at barmoqlarining musht bo‘lib tugilayotganini sezib qoldi. Tishlari g‘ichirlab ketdi. U joyidan bir qo‘zg‘oldi-yu, chakka tomirlari lo‘qillab, qayta o‘tirdi. “Amaki” yana cho‘ntagiga qo‘l solib aftidan so‘nggi pullarini oldi va o‘yinchining tomog‘i ostidagi yaydoq maydondan burmayoqa ko‘ylagining ichiga tiqa boshladi. Ana shu payt juvon chalqanchasiga yiqildi. U o‘zini “raqibi”dan tortmoqchi bo‘ldimi, qoqilib tushdimi, yo holdan toyib quladimi, Jur’at bilolmadi. Lekin u ayolning lablari chetidan oppoq ko‘piklar sizib chiqqanini elas-elas ilg‘adi.
Jur’at “indamas odam” yoniga qanday borganini, uning jag‘iga qanday musht tushirganini sezmay qoldi.
Musiqa ham, qiyqiriq, olqishlar ham so‘ngan, shuncha katta, betizgin g‘ala-g‘ovur lahzalar ichida sukunat qa’riga g‘arq bo‘lgan edi.
Mehmonlar, xizmatchilar, sozandalar yugurib kelishgan, hamma “Nima bo‘ldi?”, “Nima bo‘ldi?” der edi xolos. Ular yerda sulayib yotgan o‘yinchi ustiga enkayib, nima bo‘lganini yaqindan ko‘rishga oshiqishardi.
— Qochinglar, qochinglar, yuzini to‘smanglar! — deya xitob qildi rangi-quti o‘chgan xonanda va hamkasbini moychechakday o‘rab olganlarni ikkiga yora turib, “Suv olib kelinglar, mashina tayyorlanglar”, deya buyurdi sheriklariga. O‘zi esa pidjagini shartta yechib, raqqosani yelpiy ketdi. Yuziga suv sepdi, lekin hushiga kelgunicha sabri chidamadi yo yuragiga g‘ulg‘ula tushdimi, shartta cho‘kkaladi-da, qulog‘ini ayolning ko‘kragiga bosib, bir necha soniya turdi. Holat kulgiliroq bo‘lsa-da, vaziyat jiddiy edi. Hofiz juvonni dast ko‘tarib, ko‘cha tomon yurdi. Boshqalar unga ergashdi.
Bu orada kimdir indamas odamni yelkasidan suyab, turishiga ko‘maklashdi, bir o‘spirin uning ancha nariga uchib tushgan qalampirnusxa do‘ppisini olib kelib qo‘ndirib qo‘ydi.
“Indamas odam” qiyshiq va omonat qo‘ndirilgan do‘ppini tuzatdi, engashib shimining pochalarini, so‘ng yenglarining kafti bilan naridan-beri qoqdi-da, qaddini rostlab, qahrli nigohi bilan musht muallifini qidira boshladi.
Jur’at esa chug‘urlashib borayotganlarning ortidan tikilganicha serrayib turardi…