G‘uncha ochilguncha o‘tgan fursatni
Kapalak umriga qiyos qilgulik.
G‘afur G‘ulomning “Vaqt” she’ridan
Sevgi – otashdir. U har qanday yosh insonning yuragini yondiradi. Sevgi – majnunlikdir. U har qanday kimsani es-hushidan ayiradi. Sevgi – buyuk kuchdir. U har qanday yigitni qahramonlikka undaydi.
Sevgi – zafar yo mag‘lubiyatdir… Ular xayolga kelmagan, tasodifiy yo‘llarga boshlaydilar. Ba’zan, to‘g‘ri yo‘llarga chiqarib qo‘yadilar.
Koinot Tadqiqotlari institutini shu yil bitirgan Ne’mat yosh mutaxassis sifatida faqat fan sohasida javlon urib, olim va ustoz sifatida hayot kechirishni niyat qilgandi. Va shu o‘zi o‘qigan dargohda qolgandi.
Insonning Yer yuzidagi faoliyatida ikki yonma-yon yo‘l bor: kasbiy va shaxsiy. Biri ikkinchisiga goho shunday ta’sir qiladiki, turmush kutilmagan tomonga burilib ketadi. Ne’mat talabalik vaqtida bir qizni sevib qolgandi va hayotini u go‘zalsiz tasavvur qila olmasdi. Juda xuriliqo bo‘lgan Shahlo ham yigitning otashin muhabbatiga ijobiy javob bergandi va ikki yosh kelgusida, qiz ham dorilfununni bitirgach, oila qurishga ahdu-paymon qilgandilar. Shuning uchun bu yosh mutaxassis o‘zining shaxsiy kelajagidan ko‘ngli to‘q edi.
Yoz fasli – ajoyib dam. Ayniqsa, azim Toshkentda. Harorat shunday ko‘tarilib ketadiki, yoshu qari o‘zini salqinga uradi. Imkoniyati borlar uzoq yurtlarga – okean va dengiz bo‘ylariga ravona bo‘ladilar. Boshqalar Chorvoq, Burchmulla yoki boshqa so‘lim go‘shalarga xordiq chiqarishga ketadilar. Shahlo ham dugonalari bilan o‘zi ta’lim olayotgan oliy o‘quv dargohining talabalari dam olish maskaniga borishga qaror qildi. Yigit sevgilisiga hamroh bo‘lolmadi. Sababi, uning instituti rektori barcha o‘qishni bitirgan va shu yerda ishlashga qolgan yosh mutaxassislarni Zarafshondagi koinot portidan olis fazoga uzoq muddatga uchishi rejalashtirilayotgan “Buyuk Temur” kemasidagi tayyorgarlik ishlariga yordam berish va malaka orttirish uchun jo‘natayotgandi.
– Sening o‘sha yoqqa dam olishga ketishing hech ko‘nglimga yoqmayapti, – dedi Ne’mat qizga.
– Nega? – hayron bo‘ldi Shahlo.
– O‘tgan yili bir do‘stimning yaxshi ko‘rgan qizi sevgilisi dam olishga borib, u yerda boshqa yigitni uchratib, uni sevib qolibdi. Men ham sendan ayrilib qolamanmi, deb qo‘rqaman.
– Mendan aslo xavotir olmang! Yonimda dugonalarim bo‘ladi. Bundan tashqari, bilib qo‘ying: men sizdan o‘zga insonni yonimda tasavvur ham qilolmayman! Siz bilan esa qishda yangi yilni kutgani Parijga boramiz! Rozimisiz?
– Ha. Albatta, boramiz! Men seni butun borlig‘im bilan sevishimni aslo unutma!
– Men ham! – javob berdi Shahlo.
Shunday qilib, Ne’mat O‘zbekistonning koinot porti Zarafshonga, Shahlo esa Burchmulladagi talabalar dam olish maskaniga ketdi.
Yorug‘lik tezligida ucha oladigan “Buyuk Temur” fazo kemasi ulkan, ajoyib hayot kechirish va ishlash maskani ekan. Uning ichida yillab yashash uchun barcha sharoit mavjud ekan. Alohida mikroelementlarga boy tuproqli dala-poliz – har yili mo‘l hosil olish, mevali daraxtlardan iborat bog‘ – yil davomida bahramand bo‘lish va sport maydonlari, basseynlar – istagan paytda badandagi qonlarni yurishtirib, vujudni chiniqtirish, kinoteatrlar – eng zo‘r filmlarni ko‘rib, ma’naviy tasavvur olish mumkin. Zamonaviy jihozlangan Ilmiy laboratoriyalar – koinotni va sayyoralarni tadqiq etish uchun. Yashash sharoitlari – shahardagidan yaxshi. Havosi – G‘azalkent yaqinidagi Oqtosh qishlog‘iniki bilan bir xil. Har qanday kasallikni quvadi. Xullas, yo‘q narsaning o‘zi yo‘q.
Kemani uzoq parvozga tayyorlash ishlari juda qizg‘in bo‘ldi. Ikki oy ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketdi. Yosh mutaxassislar Toshkentga – o‘z institutlariga ketishga shaylandilar. Shu damda kema rahbari Ne’matni huzuriga chaqirdi.
– Men seni ikki oy mobaynida kuzatdim, – dedi u. – Juda bilimli, baquvvat, serg‘ayrat, charchash nimaligini bilmaydigan va topqir yigit ekansan. Meditsina varaqangni ko‘rdim. Sog‘lomsan. Ya’ni uzoq, muddat fazoda uchishga qodirsan. Seni o‘z kemamning ahli orasida ko‘rishni istardim. Nima deysan bu taklifga?
Ne’mat nima deyishni bilmay jilmaydi. Kutilmagan kelajak. Nima ham derdi. Rad etadi-da!
– Hurmatli komandor! Bu taklif men uchun yangi g‘oya. Unga tayyor emasman. Mening o‘z rejalarim bor.
– Qanday rejalar? Ayta olasanmi, sir bo‘lmasa.
– Hech qanday sir yo‘q. Maqsadim, Koinot fani sohasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va talabalarga ustozlik qilish. Hamda bir yildan keyin uylanishni mo‘ljallaganman, sevgan qizim o‘qishni bitirgach. U bilan kelayotgan yangi yilni Parijda nishonlashni ham rejalashtirganmiz.
– Tushunarli, – xo‘rsindi kema rahbari. – Koinot fani bo‘yicha shu yerda ham tadqiqotlar o‘tkazishing mumkin. Faqat talabalarga ustozlik qila olmaysan. Sevgan qizingga tez uylansang va uni ham fazo safariga olib ketsak, bo‘lmaydimi? Yangi yilni esa koinotda kutib olamiz!
– Bilmadim, komandor! Shahlo rozi bo‘larmikan?
– Unda, mana mening videofon raqamim. Sevgan qizing ko‘nsa, qo‘ng‘iroq qil. Parvozga start yangi yildan bir hafta oldin, 24 dekabr kuni beriladi. Yarim yil o‘qigach, qolgan semestrini shu yerda o‘qib olishi mumkin. Bir narsani bilib qo‘y, safarimiz o‘n besh yil davom etadi. Shu maskanda bola-chaqali bo‘lishga ham imkon bor. Farzandlaring boshlang‘ich ta’limni bemalol olishadi. Sendek yangi oilalilar bor, ichimizda. Hammasi hisobga olingan. Qaytganingda, Xalq Qahramoni sifatida dang‘illama uy, dala hovli va bir umrga yetadigan katta mukofot puli olasan. O‘ylab ko‘r!..
Ne’mat Toshkentga qaytishi bilanoq ushbu taklifni sevgilisi bilan maslahatlashish istagida, unga qo‘ng‘iroq qildi.
– Shahlo! Men keldim shaharga!
– Yaxshi borib keldingizmi? Malaka orttirdingizmi? – so‘radi qiz.
– Ha! Zo‘r bo‘ldi. Bugun yo erta uchrasholmaymizmi? Gaplarim bor edi.
– Ertaga bo‘lsa mayli. Bugun dam oling. Mening ham gaplarim bor…
– Yaxshi. Kelishdik. O‘sha o‘zimiz yoqtiradigan xiyobonda, tushlikdan so‘ng! Bo‘ladimi?
– Ha, – javob berdi qiz va videofonni o‘chirdi.
Ne’mat qizning gaplashish ohangidan biroz hayron bo‘ldi. Ilgari, hech bunday sovuqqonlik bilan so‘zlashmasdi. Yo, ikki oy ko‘rishishmaganining ta’siri bo‘ldimikan? Ha, shunday bo‘lsa kerak…
Shahlo bilan uchrashuvni orziqib kutgan Ne’mat kelishilgan joyga vaqtliroq borib oldi. Peshin vaqtini rosa kutdi. Nihoyat, sevgilisi ko‘rindi. Yigit unga peshvoz chiqdi.
– Salom, Shahlo! – dedi u og‘zi qulog‘ida jilmayar ekan.
– Salom, – javob qildi qiz nim tabassum bilan.
– Qalay, yaxshimisan? Shu ikki oy, men uchun ikki asrdek o‘tdi-ya!
Qiz biroz indamay turdi-da, so‘ng so‘radi.
– O‘zingiz qanaqasiz, malaka oshirdingizmi?
Ne’mat taajjublandi. Nega buncha hissiz Shahloning gaplari? Biron hodisa ro‘y berdimi?
– Shahlo! – xitob qildi u. – Nima bo‘ldi senga? Xuddi birov almashtirib qo‘yganga o‘xshaydi.
– Men bu yerga bir gapni aytish uchun keldim. Faqat, mendan xafa bo‘lmang. Bir narsani angladim: Men sizni sevmas ekanman…
Ne’matning yuragi shig‘ etib ketdi.
– Nega bunday xulosaga kelding, Shahlo? Boshqa birov yoqib qoldimi?
Shahlo indamadi. Yerga qaradi. Kipriklari pirilladi. Nihoyat so‘z qotdi.
– Ha, Ne’mat aka… Men u yerda haqiqiy sevgimni uchratdim. Siz bilan men endi begonamiz. Menga boshqa qo‘ng‘iroq qilmang. Qalbingizdan nomimni o‘chirib tashlang…
Yigit shunday holsizlandiki, yerga yotib olguday edi. Kutilmagan baxtsizlik…
– Men seni o‘n besh yillik koinot safariga taklif qilmoqchi edim. Sen esa… U kim?
– U juda ajoyib inson! – qizning ko‘zlari chaqnadi.
– Yanglishmadingmi? Balki, biror uchar yigitdir? Qo‘yningni puch yong‘oqqa to‘ldirmadimi?
– Yo‘q. Aslo bunday emas. U dugonalarimga ham yoqdi. Juda xushmuomala. Har gapida uzr so‘raydi. Bunday inson juda kam bo‘ladi!
Bu so‘zlarni eshitib, Ne’mat sevgilisini yo‘qotganini angladi. Boshqa gap befoyda. Lekin qizning boshini yaxshilab aylantirgan odam kimligini bilishni istadi.
– Uning kasbi-kori nima ekan?
– U ham ilm odami. Doktorant. Yaqinda doktorlik dissertatsiyasini yoqlaydi. Frantsiyadagi universitetda o‘qib kelgan. Parijni besh qo‘ldek biladi. Yangi yilni o‘sha mashhur shaharda kutib olamiz! U to‘rtta tilda erkin gaplashadi. Demak, har qanday yurtda qiynalmaymiz. Keyin u yigit qisman biznesmen ham. Puldan aslo zoriqmaydi.
– Qayerda ekan ishxonasi? Ismi nima? – so‘radi yigit.
Qiz quvonch bilan bu axborotni aytdi. So‘ng dedi:
– Voy, bekor aytibman. U bilan tag‘in urishib, boshini yormang!
– Biz nechanchi asrda yashayapmiz? – xitob qildi yigit. – Chindan o‘sha nusxani sevib qoldingmi?
– Birinchidan, u – nusxa emas, ajoyib inson. Uzr, lekin sizdan-da yaxshi. Ikkinchidan, kelasi yil bahorda to‘y qilamiz! Ota-onalarimiz ham uchrashishdi. Ikkala tomon rozi! Patir ushatildi! – qiz o‘zini juda baxtli his qilardi.
Oxirgi so‘zlar Ne’matni to‘la-to‘kis mag‘lub etdi.
– Mayli, unda senga baxt tilayman. Ishqilib, xato qilmagan bo‘lgin. Chunki, sen qalbi toza, ishonuvchan qizsan. Yaxshilab surishtir uni. Har bir yalt etgan tosh gavhar bo‘lavermaydi.
– Ne’mat aka, sizga ham baxt tilayman. Xavotir olmang, o‘zim ham, ota-onam ham – hammamiz surishtirdik. Juda yaxshi oila, yigitning kelajagi porloq! Mayli, xayr…
Qiz shu so‘zlarni aytdi-da, o‘ng kaftini tepaga xiyol ko‘tarib, barmoqlarini egdi va ortiga qayrilib ketdi.
Ne’matni qayg‘u qamradi. Dardu dunyosi qorong‘ulikka cho‘mdi. Evoh! Nima qilsin endi… Boshqa iloj yo‘q. Uning sevgisi, orzulari parchalandi. Afsus… Shahloning muhabbati, ajib gaplariga qaramay juda bo‘sh ekan. Endi bu shaharda qanday yuradi? Har bir ko‘cha, har bir xiyobon uning qalbiga dard solaberadi-ku! Shunday ekan, o‘n besh yil koinot kengliklarida ilmiy tadqiqot qilib kelgani durust. Shunday yo‘l bilan ovunadi. Qaytib kelgach, o‘zining haqiqiy sevgisini topadi.
Ne’mat vidoyefonini oldi-da, Zarafshon koinot portiga, “Buyuk Temur” fazo kemasi rahbariga qo‘ng‘iroq qildi.
– Hurmatli komandor! Taklifingizga roziman. O‘n besh yillik fazo safariga ketayotganlar qatoriga qo‘shib qo‘yavering!
– Sevgan qizing ham birgami?
– Yo‘q, komandor! U bilan muhabbat rishtalari uzildi. Boshqa yigitga turmushga chiqayotgan ekan.
– Bugun eshitdingmi, buni?
– Ha, uning o‘zi aytdi.
– Sen hozir qiziqqonlikda shunday qaror chiqarding. Shuning uchun, senga bir hafta muhlat beraman. Yetti kundan so‘ng, qo‘ng‘iroq qilasan va qaroringni aytasan. Shundan so‘ng uni o‘zgartirishga haqqing bo‘lmaydi. Tushundingmi?
– Ha, komandor!
Bir hafta o‘tgach, Ne’mat fazo kemasi komandoriga yana qo‘ng‘iroq qildi.
– Ism-sharifimni yozing va nimalar qilishim kerakligini ayting! – dedi u qisqagina qilib.
“Buyuk Temur” yangi yil arafasida, 24 dekabr kuni fazoga ko‘tarildi. Aytib o‘tilganidek, bu kema yorug‘lik tezligiga yaqin tezlikda uchadigan qurilma edi. Komandor aytdi: “Biz o‘n besh yil koinot kengliklarida bo‘lamiz, noma’lum sayyoraviy majmualarni tadqiq qilamiz. Yerga qaytganimizda, ona zaminimizdagi vaqt – o‘ttiz yil o‘tganini ko‘rsatadi. Chunki, yorug‘lik tezligiga yaqin tezlikda uchilganda, vaqt ikki barobar sekin o‘tadi. Ayni yangi yil arafasida uyda bo‘lasizlar! Shunga tayyor bo‘ling!”
O‘zbekistonning ulkan koinot kemasi galaktikamizdan ham tashqariga chiqdi, undagi fazogirlar guruhi yangi sayyoralarni ochdi, ularni ilmiy tadqiq qildi va ulkan axborot to‘pladi. Ular kelgusi parvozlar uchun, Yerning kelajagi uchun katta ahamiyatga ega edi.
O‘zbekiston Koinot Tadqiqotlari Qo‘mitasi (O‘KTQ) rahbariyati, kemani roppa-rosa o‘ttiz yil o‘tgach, 24 dekabr kuni Zarafshon koinot portida kutib oldilar. Bu paytda, Yer yuzida yangi avlod yashashni boshlagan edi. “Buyuk Temur” safarga ketayotgan paytda o‘rta yosh bo‘lgan odamlar, u qo‘nayotganda nafaqa yoshiga yaqinlashib qolgan edilar. Ularga tengdosh bo‘lgan sayohatchilar esa, faqatgina o‘n besh yoshga ulg‘aygan edilar. Bir paytlar yoshlari bir xil odamlar, endi bir-birlariga qarab jilmayardilar, hazil-huzul qilardilar.
Ne’mat o‘sha kuniyoq o‘z uyiga keldi. Hartugug, ota-onasi tirik yurishgan ekan. Lekin, o‘ttiz yilga qarib, nuroniy otaxon va onaxonga aylanishgandi. Ularni quchoqlagan o‘g‘il butun kunini ota-onasi, o‘zidan katta bo‘lib ketgan ukasi va jiyanlari bilan o‘tkazdi. Ertasi kuni ukasi so‘z qotdi.
– Aka, esingizdami, yoshligingizda bir Shahlo degan qizni sevardingiz?
Tashqaridan qaraganda, o‘zidan yoshi kichikligi yaqqol ko‘rinib turgan odamga “Aka” deb murojaat qilish erish tuyulardi.
– Ha, ukam, esimda. Uni unutgunimcha, bir yil azob chekdim. Oxiri ko‘nikdim. Ko‘rdingmi hech?
– Ha, shu yil yozda ko‘chada uchratib qoldim. Sizni so‘radi. “Bir yildan so‘ng keladilar”, dedim. Videofon nomerini berdi. Akangiz Yerga qaytganda, bering, menga qo‘ng‘iroq qilsin, degandi. Mana, oling.
Ukasidan ancha kichik ko‘rinayotgan aka nomer yozilgan qog‘ozni cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Erta-indin sim qoqarman, o‘yladi u. Shahlo – kechagi kun odami. U o‘zini jon-dildan yaxshi ko‘rgan odamning, ya’ni Ne’matning muhabbatini, qadrini yerga urgan. Talabalar dam olish maskanidan topib kelgan eri, bola-chaqasi bor.
Kelgusi kunlarda, Ne’mat yoshi ulg‘aygan qarindosh-urug‘lar, do‘st-yorlar bilan uchrashdi. O‘KTQ ga borib, suhbat o‘tkazib keldi. Davlat apparatidagi amaldorlar stereo TV xodimlarini chaqirib, u bilan qizg‘in uchrashuvlar uyushtirdilar. Shunday betinim muloqotlar bilan bo‘lib, 30 dekabr kuni Shahloga qo‘ng‘iroq qilish lozimligi esiga tushdi.
Mo‘jaz videofon ekranida ko‘ringan Shahloni darrov taniy olmadi. Juda o‘zgarib ketibdi. Ammo, tovushi va ko‘zlari o‘sha-o‘sha.
– Ne’mat aka! – dedi u jilmayib. – Hech o‘zgarmabsiz! Koinot safaringiz yaxshi o‘tdimi?
– Rahmat! Yaxshi. O‘zing qanaqasan? Ering, bolalaring yaxshimi?
– E, so‘ramang! Keling, ertaga yoshlikda uchrashib yurgan xiyobonda, odatdagidek peshindan so‘ng uchrashaylik.
– Ertaga yangi yilni kutish kuni-ku!
– Suhbatimiz uzoq bo‘lmaydi.
Ne’mat rozilik bildirib, videofonni o‘chirdi.
Xiyobondagi daraxtlarni qor qoplagan, asfalt yerlar sirpanchiq edi. Sovuq havo etni junjiktirmas, faqat tetiklashtirardi. Ular bir paytlar – bir kishi uchun bundan o‘ttiz yil ilgari, boshqa odam uchun o‘n besh yil avval – sevishgan odamlar edilar. Ko‘rinishlari ham shunga mos: ayol ellik yoshda, erkak o‘ttiz yetti yoshda edi.
– Yangi yiling qutlug‘ bo‘lsin! – jilmaydi Ne’mat.
– Sizning ham yangi yilingiz muborak bo‘lsin! – tabassum qildi Shahlo.
– Sen o‘sha-o‘sha go‘zalsan! – xushomad qildi erkak.
– Maqtovingiz uchun rahmat! – javob berdi ayol va biroz jim turib, yana so‘z qotdi. – Siz juda yoshsiz, men esa qarib ketganman.
– Vaqt nisbiy unsur. Inson hech qachon o‘zini men qariganman, ojizman, deb his qilishi kerak emas.
– Ruxsat bersangiz, men gaplarimni aytaman.
– Qulog‘im senda! – xitob qildi Ne’mat.
Shahlo so‘z qotdi.
– Shu yo‘lkadan ohista yuraylik. Men gapirib boraveraman.
– Mayli, – dedi Ne’mat. Va ular yonma-yon qadam tashlay boshladilar.
– O‘shanda, o‘ttiz yil ilgari to‘g‘ri aytgan ekansiz. Men u yigitning xushmuomalaligiga, atrofimda girdikapalak bo‘lishlariga, ehtirosli ko‘z qarashlariga mahliyo bo‘lib, boshim aylanib qolgan ekan. Bizning uyimizga sovchi bo‘lib kelgan kishilar uning ota-onasi emas, yollanma aktyorlar bo‘lib chiqdi. Ular o‘zlarini shaharning boshqa tomonida yashaydigan ziyoli va davlatmand odamlar qilib ko‘rsatishgan, uyimizga kelib patir sindirib ketishgan. Men ham, mening so‘zlarimga ishongan dadam va oyim ham laqqa tushganmiz. O‘sha mahallaga borib, ortiqcha surishtirmaganmiz. O‘sha yigit yangi yil arafasida, siz uzoq koinotga uchib ketganingizdan so‘ng oldimga yig‘lab keldi. “Shahlo! Biz bu yil Parijga bora olmaydiganga o‘xshaymiz!.. Chunki pul yo‘q. Sababi bor mablag‘imni bir biznes-loyihaga tikkan edim, undan yangi yil arafasida yaxshigina foyda olishim kerak edi. Afsuski, uni kelgusi yil beramiz, deyishmoqda. Endi nima qilamiz?” Men indamadim. Orzuyim puchga chiqqandi. Shunda u bir gapni aytdi: “Shahlo! Balki, ota-onangdan olib turarmiz! Fevral oyida qaytaraman! Gaplashib ko‘r!” Men ahmoq, men laqma, uning so‘zlariga kirib, uyda to‘polon qilib, ota-onamdan yetarli mablag‘ oldim. Va biz Parijda yangi yilni nishonladik. O‘sha yerda, baribir, bahorda to‘yimiz bo‘ladi-ku, deb, u mening vujudimni ishg‘ol qildi. Men esa, tasavvur qilasizmi, o‘shanda bundan baxtiyor bo‘ldim. Keyin yum-yum yig‘ladim.
Ne’mat bu gaplardan larzaga tushdi. Shahloning so‘lg‘in yuzlariga boqdi.
– Men seni ogohlantirgandim… – dedi u.
– Ha, o‘shanda bekor sizni xafa qilgan ekanman. O‘sha gapingiz hamon yodimda: “Har bir yaltiragan tosh gavhar bo‘lavermaydi”, degan. Fevral oyida bo‘yimda bo‘lib qolganini his etdim. Buni, o‘sha siz aytgandek “nusxa”ga xabar qildim. U pinagini buzmadi. “To‘yimiz bo‘ladi-ku!” dedi-qo‘ydi. “Uni tezlashtirish lozim!” xitob qildim men. U o‘z ota-onasi bilan gaplashib ko‘rishga va’da qildi. Men undan sayohat pulini qaytarishini so‘radim. U esa, odatdagidek, uzr so‘radi. “Men u mablag‘ni yana bir biznesga tikdim! Bu pullar tez qaytadi! Juda katta foyda olaman! To‘ydan keyin asal oyi sayohatiga boramiz, Kanar orollariga!” dedi u. O‘shanda, yana shunday gaplarga laqillabman…
Shahlo indamay to‘xtab qoldi. Qalbida achchiq alamlar g‘alayon qilayotgandi. Ne’mat sukut saqlashni lozim topdi. Ayol nihoyat tarixini so‘zlashni davom etdirdi.
– Keyin, bir hafta o‘tgach, o‘sha nusxa yana uzr so‘rab, yonimga keldi. “Shahlo! – dedi u. – Men to‘yxona gaplashdim. 8 mart kuni to‘y uyushtiradigan bo‘ldik. Xursandmisan!?” Men quvonib, tabassum qildim. “Endi, shu to‘y o‘tishi uchun faqat bir qadam qo‘yish kerak!” xitob qildi nusxa. “Qanday qadam?” ajablandim men. “To‘y marosimi pulini to‘lash kerak ekan. Hozir, to‘y tezlashgani uchun, na menda, na ota-onamda pul yo‘q. Dadam bankdagi pullarini, kelishuv bo‘yicha faqat aprel oyida olishlari mumkin ekan. Mening ham biznesga tikkan pullarim ham xuddi shu vaqtda qo‘limga tegadi. Yana ota-onangga iltimos qil. To‘yxona so‘rayotgan mablag‘ni berishsin! Aks holda, vaqtida to‘y qilolmaymiz. U kechiksa, qappaygan qorinli kelin bo‘lasanmi?.. Bir-ikki oydan so‘ng barcha sarf-xarajatlar qaytariladi”. Natijada, oilamiz yana chuv tushdi. Pulni olgan nusxa shu bilan qorasini ko‘rsatmadi. Uning videofoni raqami o‘chdi. Aytilgan to‘yxonadagilarga borgandim, murojaatimga hayron bo‘lishdi. Quda tomonning uyiga borgandik, ular o‘sha aytilgan kasbdagi, faoliyatdagi kishilar ekan, ammo qiyofalari boshqa. Ular ham ajablanishdi. Uylantiradigan o‘g‘il farzandimiz yo‘q, ikkita qizimiz bor deyishdi…
– Keyin, nima qilding? – so‘radi Ne’mat.
– Itdan bo‘lgan, qurbonlikka yaramas, deyishadi. Abort qildirdim. Unday nusxaning farzandini ulg‘aytirishni istamadim. Chaqaloqqa baribir otasining genlari o‘tadi, deb hisobladim.
– Keyin, boshqa yigitga turmushga chiqmadingmi?
Shahlo nihoyat jilmaydi.
– Ha. Uch yil o‘tgach, yaralarim ancha eskirgach, bir odamdan sovchi keldi. Ungacha, barcha erkaklar ko‘zimga ilonsifat ajdarhodek ko‘rina berardi. Negadir, rozi bo‘ldim. O‘n besh yosh katta mendan. Bir farzandi bor, xotini vafot etgan ekan. Tariximni eshitib, meni yupatdi va sevdi. Undan ikkita qiz tug‘dim. Ularni, atroflicha, yaxshilab tekshirilgan kuyovlarga uzatdim.
– Xursandman, – dedi Ne’mat.
– Bilasizmi, sizni nega chaqirdim? – so‘radi Shahlo.
– Tarixingni, afsus-nadomatlaringni aytishga-da. Men shunday tushundim. Yuraging bo‘shadimi, yengil tortdingmi?
– Yo‘q! – xitob qildi ayol. – Buning uchun emas.
– Unda nimaga? – ajablandi Ne’mat.
– Sizdan uzr so‘rash uchun. Meni kechiring, o‘shanda sizning sevgingizni poymol qilganim, yaltiroq oddiy toshni gavhar deb o‘ylaganim uchun.
– Mayli, qancha yil o‘tib ketdi. O‘zing ham rosa qiynalibsan. Uzringni qabul qildim.
– O‘sha paytdan beri sizdan kechirim so‘rashni dilimga tugib qo‘ygan edim. Rahmat! Men endi ketaman. Hozir to‘g‘ri aeroportga borishim lozim.
– Boshqa shaharda yangi yilni nishonlashni niyat qilganmiding?
– Ha, Parijga, erim bilan uchaman. Mehmonxona va restoran buyurib qo‘yilgan. Bizni kutishmoqda. Erim ko‘chada poylab turibdi. Siz bilan uchrashib, uzr so‘rashimga ruxsat berdi.
– O‘ttiz yil o‘tibdi, hech o‘zgarmabsan, Shahlo! Men o‘n besh yil koinot qa’rida ilmiy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lar ekanman, bo‘sh vaqtlarimda hayot falsafasi to‘g‘risidagi ko‘p kitoblarni o‘qidim. Borliq qonunlarini tahlil qildim. Haqiqiy baxt nimalardan iborat ekanligini angladim. Ko‘rayapmanki, sen hamon Yevropada yo boshqa yurtlarga borishni, u yerlarda nimalarnidir nishonlashni, hamon yuksak turmush tarzi deb o‘ylar ekansan. Balki, hozirgacha o‘sha yoqlarda o‘qib kelgan kimsalarni yuqori darajali arbob deb qabul qilsang kerak. Men aniq bilamanki, yashashdagi asosiy ma’no odamning qaysi mamlakatda o‘qigani yo yangi yil kutganida emas, balki, uning qalbi qay darajada sof ekanligidadir.
Ne’mat shu so‘zlarni aytib, Shahloning ko‘zlariga boqdi. Ular bu yigit nimalar deyayotganini unchalik tushunmay, hayron bo‘lib turardilar. Shuning uchun Ne’mat suhbatni tugatishga qaror qildi.
– Mayli. Meni esa ota-onam, ukam va jiyanlarim kutib turishibdi. O‘n besh yil koinot qa’rida yangi yil nishonlab, bu ishni o‘z jigarlarim bag‘rida, ana shu ajoyib sayyoramizdagi Toshkent shahrida amalga oshirishni orzu qilgandim. Xayr!
Shahlo jilmaydi.
– Mayli, xayr! – dedi u va ortiga qarab shoshgancha ketdi.
Ne’mat unga qarab qolar ekan, bir qat’iy fikrga keldi: “Yaxshi hamki, bu ayolga uylanmagan ekanman. Insonning qalbiga emas, faqat so‘zlariga boqadigan, quruq hashamatga intilaveradigan ayol bilan qanday bir umr yashash mumkin?..”
20 oktyabr, 2017 yil
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 6-son