Har bir fantastik hikoyada g‘ayri tabiiy holat bo‘lishi kerak. Aks holda u janr talabiga javob bera olmaydi. Shuning uchun, ushbu asarga real hayotda bo‘lmagan kichik bir element kiritamiz va yozamiz.
Aytilayotgan fantastik element shundan iboratki, hikoyaning asosiy personajida, ya’ni menda ro‘paramdagi odamlarning qalbida chaqnayotgan uchqunlarni ko‘ra olish va ular xavfli bo‘lsalar, alangaga aylanib ulgurmasdan avval uni o‘chirish imkoniyati mavjuddir. Boshladik…
Birinchi suhbatdoshim naynov yigit bo‘ldi. Unga ish juda kerak ekan. Qo‘lidan barcha yumush kelar emish. Olti oy bekorchi bo‘lib yurib, zerikib ketibdi.
– Ota-onamning ko‘ziga qarash og‘irlik qilyapti, – dedi u. – Devday yigitman. Qachongacha tekinxo‘rlik qilaman? Meni ishga oling, iltimos!
Men uning qalbiga boqdim. Ishga nisbatan biror uchqun tugur, uchquncha ham yo‘q! G‘irt ishyoqmas. Tekinxo‘r. Agar qabul qilsam, to haydamagunimcha firmamning ishi yurishmaydi.
– Bu gaplarni senga kim o‘rgatdi? – so‘radim men.
U jilmaydi.
– Onam! – dedi u hissiz ohangda.
To‘g‘ri-da, qalbda uchqun bo‘lmagandan keyin so‘z ohangi hisli bo‘larmidi?
– Nega ishlashni xohlamaysan?
– Nima keragi bor o‘zni urintirishni. Inson dunyoga bir marta keladi. Mehnat qilib, mehnat qilib, bir kuni o‘lib ketadi.
– Hozir seni ota-onang boqyapti. Ulardan so‘ng, nima qilasan? Qanday qorin to‘ydirasan?
Naynovning qalbida nihoyat uchqun chaqnadi. Menga ahmoqqa qaraganday boqdi.
– Shu ham muammomi? – jilmaydi u, his-hayajon bilan. – Juda sodda odam ekansiz! O‘ylab ko‘ring, cho‘loq va maymoqmasman. Butun yigitman. Qizlarga yoqaman. Bir badavlat qaynota topsam bo‘ldi. Olam – guliston!
Men nima deyishni bilmay qoldim.
– Lekin, uni bu dunyoga bog‘lab qo‘yishmagan-ku! To‘satdan o‘lib qolsa-chi? – dedim nihoyat. Men bu yigitning falsafasini to‘liq bilib olishga jazm qilgandim.
– Shu yoshga kirib, atrofni tuzukroq kuzatmagan ekansiz! Yoshi sal kattaroq, turmushga chiqolmagan qanchadan-qancha qizlar bor. Ularning ko‘pchiligi o‘z ishini topib olgan. Badavlat qaynatam vafot etib, och qolsam, xotinim bilan ajrashaman. Er kerak bo‘lgan, ishi yaxshi, o‘tirib qolgan qizlarning biriga uylanaman-qo‘yaman.
– Sendakalarni bilasanmi, nima deyishadi?
– Ha, bilaman, alfons deb atashadi. Menga esa farqi yo‘q. Odamlar gapirib-gapirib, qolib ketishaveradi.
U so‘zlar ekan, qalbida uchqunlar chaqnar edi. Darhol qaror chiqardim. Naynovning qalbidagi bu alfonslik maqsadidagi uylanishga intilish uchqunlarini o‘chirmasam, u kelajakda alangaga aylanib, ko‘p begunoh qizlarni va insonlarni katta tashvishga soladi. Va shu zahotiyoq o‘zimdagi uchqun o‘chirish qobiliyatimni ishga soldim. Natija ko‘rindi. Faqat menga. Yigit buni sezgani ham yo‘q.
– Sen uylana olmaysan, – dedim ohista.
U hayron bo‘lib boqdi.
– Nega endi? – so‘radi u. – To‘rt mucham sog‘. Qizlarga intilish bor. Istagan paytimda uylana beraman.
– Ertadan boshlab, bunga ham xafsalang qolmaydi. Sen Yer yuzida yurgan kerakmas ballastsan. Suhbatimiz tugadi. Onangga, hamma o‘rgatgan gaplaringizni aytdim, lekin yoqmadim, ishga qabul qilishmadi, degin.
– Mayli. Bu odatdagi javobim. Xayr. Yaxshi qoling!
U jilmaydi. Topshirilgan vazifani qoyillatgan odamdek yengil tin oldi. Ishga qabul qilmaganimdan xursand edi. Chiqib ketdi.
Endi bu yigit alfonslik qila olmaydi. Ota-onasiga tirik tovon bo‘lib yashaydi va qirq yoshga to‘lar-to‘lmas bu dunyoni tark etadi. Borliqqa tekinxo‘rlar kerak emas.
Keyingi yigit o‘rta bo‘y va vazmingina ekan. Lablari jilmayish shaklida, ko‘zlari sovuq.
– E’lon bo‘yicha keldim, – dedi u. – Sizga ishchilar kerak ekan.
– Ha, kerak, – javob berdim men. – Faqat, xizmat juda og‘ir bo‘ladi.
– Har qanday ish qilib o‘rganib qolganman. Og‘ir ishdan cho‘chimayman.
– Unda, juda soz. Haftada olti kun ishlaysan. Tushliging tekin. Maosh e’londa ko‘rsatilgan. Agar, ishing yoqmasa, darhol haydayman, rozimisan?
– Ishlaganimga pul berasizmi?
– Beraman, lekin norozi bo‘lib.
– Mayli, kelishdik! – dedi u, xursand holda.
Men ohista uning qalbiga nazar soldim. Unda mendagi ishga nisbatan uchqun yo‘q edi. Hayron bo‘ldim. Avval, o‘zimga o‘zim savol berdim: “Nega menga ishga kirmoqchi?” Keyin unga boshqacha savol berdim.
– Kimning istagi bilan kelding?
U o‘ng‘aysizlandi. Qanday javob berishni bilmasdi. Chunki, men mo‘ljalga aniq tekkandim.
– O‘zimning, – dedi u nihoyat.
– Aldayapsan! To‘g‘risini aytsang, seni urdirmayman! – po‘pisa qildim.
– Nega meni urdirasiz?!
– Chunki, sen josuslikka kelyapsan! Kim yubordi?
– Qanday urdirasiz? Men militsiyaga arz qilaman!
– Dalil-isboting bo‘lmaydi. Nima, meni ahmoq deb o‘ylayapsanmi? Oxirgi marta so‘rayapman. Kim yubordi? Agar, to‘g‘ri javob bermasang, o‘zingdan ko‘r.
– Jasur aka…
– Mahsulotlarim texnologiyasi bilan qiziqyaptimi?
– Ha.
– Jasur akangning o‘zi qishda qor so‘rasang bermaydi. Unga qancha yaxshilik qildim. Bitta maslahat so‘rasam, avval ikki million so‘m cho‘zing, dedi. Besh yil avval ishxonamga to‘rt tonna melni sizda turib tursin, tushirishga joyim yo‘q, deb tashlab ketdi. Aytgan muddatida olib ketmadi. Uning qoplari chirib, yorilib hamma yoqni iflos qildi. Oxiri, axlat mashina chaqirib, uning pulini to‘lab, jo‘natvordim. Kraska ishlab chiqaruvchi qurilmasini olti yil saqlab berdim. Bunga pul so‘ramadim. Rahmat ham demadi. Endi, seni josuslikka yubordimi?
– Meni kechiring, pul zarur bo‘lib qolgandi.
– Kechirmayman. Seni ham, uni ham! Farzanding bormi?
– Ha!
– Uning katta bo‘lganda o‘g‘ri, muttaham, narkoman bo‘lishini istaysanmi?
– Yo‘q.
– Unda halol pul top.
– Tushundim… – javob berdi u.
Yana uning qalbiga boqdim. Tushundim, deyaptiyu, uchqun yo‘q. Yana aldayapti. Nega ba’zi odamlar shunaqa? Birovni laqillatsa, uchqun paydo bo‘ladi. Kechirim so‘rasa, hech qanday uchqun yo‘q, demak uzri – yolg‘on. Bu yigitdagi aldash uchqunlarini kelgusida alangaga aylanmasligi uchun o‘chirishga to‘g‘ri keldi. Endi, unda odamlarni aldashga rag‘bat bo‘lmaydi.
– Bo‘ldi, ketaber. Seni urdirmayman. Jasur akangga indama. Ishga qabul qilinmadim, desang bo‘ldi. Tushundingmi?
– Ha! – dedi u va chiqib ketdi.
Men o‘tirgan joyimdan uzoqdagi Jasurning qalbiga qaradim. Uning dilida pul topishga, boshqalarni yulishga, ochko‘zlikka nisbatan uchqunlar chaqnab turardi. Unga yordam berdim, ya’ni o‘sha uchqunlarni o‘chirdim. Ular alangaga aylanib ketmasin. Endi, u pul topishga, tanish biznesmenlarni aldashga, o‘zgalarni yulishga, ochko‘zlikka intilmaydi. O‘ziga borliq tomonidan berilayotgan rizqqa qoniqib yashayberadi. Qanday fikrdasiz, to‘g‘ri qildimmi?..
Xonam eshigi ochilib, yana bir yigit kirdi. Uni o‘tirishga undadim.
– Marxamat!
Qarshimdagi inson ozg‘ingina, ko‘zlari qop-qora va chaqnoq edi.
– Xo‘sh, xizmat? – so‘radim men.
– Shu… ishga kirmoqchi edim. Qanaqa shart-sharoitlar bor, bilmoqchiman.
– Menda faqat og‘ir, qo‘l mehnati mavjud.
– Ishning og‘ir-engili yo‘q, sidqidildan bajarilgan har qanday ish shodlik keltiradi, – javob qildi u.
– Faylasuf ekansan! – xitob etdim men.
– Qiziqaman…
– Yana qanday shart-sharoitlarni bilmoqchisan?
– Maoshdan tashqari mukofot puli berib turiladimi?
– Yo‘q! – dedim men, – Faqat tushlik bizning hisobimizdan.
– Tushunarli, – xo‘rsindi u. – Bilasizmi, men yangi uylanganman. Ota-onam “dom” olib berishdi. Ikki xonali. Va, xayr, sevgan qizing bilan qanday istasang, o‘shanday yasha, deyishdi. Sababi, ular aytgan nomzodga rad javob berganim. Xotinim – talaba. Hech kimdan yordam kutolmayman.
– Hayot shunaqa! – jilmaydim. – Menda ham shunday holat bo‘lgan. Kunda-kunora mastava va bo‘lka non bilan qorin to‘yg‘azib yashaganmiz. Ammo, baxtli edik. Sen chida va betinim harakat qil. To‘kinlik asta-sekin keladi.
– Bir qancha vaqtdan keyin maoshimni oshira olasizmi?
– Faqat mahsulotlarimning sotilish hajmi ko‘paysagina.
– Shunda qancha qo‘shiladi?
Men aytdim. U chuqur xo‘rsindi.
– Yo‘q, bo‘lmaydi. Unda mardikor bozorga chiqqanim durust.
Ohista uning qalbiga nazar soldim. Firmamdagi ishga nisbatan uchqun bor. Mardikor bozorga yo‘q.
– Sen ko‘p pul topaman deb orzu qilma, baxtli yashashim kerak, deb niyat qil. Hayot falsafasi shundan iborat.
– Yetishmovchilik qiynayapti-da…
– Aytdim-ku, chida va harakat qil deb. Mardikor bozorda ko‘proq pul toparsan, lekin u ishga rag‘bating yo‘q. O‘zingga yoqmagan yumushni qilsang – tez charchaysan, asablaring zo‘riqadi. Tajang bo‘lib qolasan. Xotining bilan unar-unmasga urishaberasan. Hayotdan doimo norozi bo‘lib yurasan. Shu senga kerakmi?
– O‘zingiz faylasuf ekansiz!
– Ha. Senga o‘xshab, yoshligimdan juda qiziqaman.
– Mayli. Uzr. Bunday maoshga ishlay olmayman. Boshqa joylarni ham surishtirib ko‘raman.
– Ixtiyor o‘zingda. Hayot – seniki. Istaganingday yasha.
Yigit chiqib ketdi. Men uning qalbiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadim. U hali ko‘p adashadi, ammo bir kunmas bir kun o‘z qozig‘ini topib oladi, degan fikrga kelgandim. Asosiysi, o‘z sevganiga uylanibdi. Latta-landavurlik qilmabdi. Turli yolg‘on-yashiqlardanmi yo ota-onasining mentaliteti torligidanmi vujudga kelgan to‘siqlarni yengibdi. Haqiqiy sevgi qalbda behud uchqunlanmaydi. U – ilohiyot mo‘jizasidir. Borliq yigitga hali o‘z mukofotini beradi.
To‘rtinchi odam kirdi. Salom berdi. Alik oldim. Qarshimga o‘tirdi.
– Meni ishga oling! – dedi u, dabdurustdan.
– Olaman, faqat menda qanday ish sharoiti mavjudligini bilmaysan-ku?
– Men bir necha yil Rossiyada ishlaganman. Rosa chiniqqanman. Sovuq mamlakat jonimga tegdi. Nima ish bo‘lsa ham ishlayberaman.
Men uning qalbini ko‘zdan kechirdim. Haqiqatdan firmamdagi ishga nisbatan uchqunlar bisyor.
– Maoshga rozimisan?
– Ha, albatta. Menga yetadi. Qanoatli odam qadrli bo‘ladi.
– Unda, kelishdik. Senga bir hafta sinov muddati beraman. Mehnating sifati yoqmasa, xayrlashamiz. Anglading-a?
– Ha. Bunday bo‘lmaydi, degan niyatdaman.
– Aytganday, tushlik ovqating mendan.
– Rahmat! – jilmaydi u.
– Ertadan kelaber. Ish soat 8°°da boshlanadi. Hammasini tushuntiraman.
Yigit quvonch bilan chiqib ketdi.
Shuning bilan maqsadimga yetdim. Nazarimda, tashkilotimga yana bir yaxshi xodim qabul qildim. Tashqariga – koridorga chiqdim. Yana uch yigit kutib o‘tirgan ekan. Ularga vakansiya tugaganligini aytdim. Indamay ketishdi. Shu payt uchinchi, sevgilisiga uylangan yigit qaytib kelayotganligini payqadim. U to‘g‘ri mening oldimga keldi.
– Men fikrimni o‘zgartirdim, – xitob qildi u. – Meni ishga qabul qiling. Barcha shartlaringizga roziman.
– Kelinposhsha bilan telefonlashdingmi? – so‘radim men, uning yosh rafiqasini ko‘zda tutib.
– Ha, – javob berdi u.
– Kechikding! – xabar qildim men. – Vakansiya tugadi.
– Vakansiyani yarating! Siz vakansiyalari cheklangan davlat korxonasi rahbari emassiz-ku!
Men yana uning qalbiga boqdim. Unda uchqunlar ko‘paygandi. Deyarli alanga olayotgandi. Rafiqasining qalbidagi uchqunlar qo‘shilibdi, xulosa qildim men. Agar, ikki qalb bir ishga nisbatan barobar uchqunlasa, alangalansa, ular mustahkam qoyaga aylanadilar. Va bu qoya to umrning oxirigacha qilt etmay turadi. Bu qoya egalari esa o‘ta baxtli yashaydilar, hayotdagi barcha orzu-maqsadlariga yetadilar.
– Menda endi og‘ir ish yo‘q!
– Unda, yengilini bering! – dedi u. – Rafiqamga barcha so‘zlaringizni bayon etdim.
– U qanday fikr bildirdi?
– Haqiqatni aytibdilar, dedi.
– Sen o‘zing nima deysan?
– Menga hamma fikrlaringiz yoqqandi. Sizga juda ishga kirgim kelgandi. Lekin, yana boshqa variantlarni ham ko‘rmoqchi bo‘lgandim. Noto‘g‘ri qaror chiqaribman.
Yigit aldamayotgandi. Uning qalbidagi uchqunlar meni ishontirdilar.
– Yaxshi, – so‘z qotdim men. – Ertaga 8°°ga yetib kel. Menga reklama bo‘yicha ham odam kerak. Bilmasang, o‘rgataman. Maosh va shartlar o‘sha-o‘sha. Mahsulotlar sotilishi hajmini ko‘paytirsang, oladigan puling ham ko‘payadi. Kelishdikmi?
Uning og‘zi qulog‘iga yetdi.
– Rahmat! – dedi u. – Jon-dilim bilan ishlayman.
Yigit quvonch bilan orqasiga o‘girildi-da, shahdam qadamlar bilan yurib ketdi.
Men xonamga qaytib kirdim. Joyimga o‘tirib olib, mushohada qildim. Inson qalbi shunday yaqqol oynaki, unda barcha yashirin niyatlar yaqqol namoyon bo‘ladi. Faqat unga bexato qarashni bilish kerak. Menda qalblardagi uchqunlarni ko‘ra olish va o‘chira olishdek xususiyat bor. Uni qaydan olganimni sizga ayta olmayman. Uzr.
Chax-Cham qishlog‘i. 30.03.15. 11:48.