Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda, aniqrog‘i XXI asrda bir donishmand bo‘lgan ekan. Uning o‘qigan kitoblarining, o‘rgangan bilimlarining miqdorini hech kim sanab berolmas ekan. Xattoki, o‘zi ham bu haqda so‘ralsa, aniq javob berolmas ekan. Bu donishmandning asosiy xislati sevgi dardiga uchragan yoshlarga – yigit yo qizligining farqi yo‘q – maslahatlari bilan yordam berish ekan.
Aytaylik, bir yigit qaysidir bir qizni butun vujudi-yu borlig‘i bilan sevib qoldi, unga dil izhorini qanday qay yo‘sinda bayon qilishga no‘noqlik qilmoqda, u go‘zalni ko‘rganda oyoqlaridan mador ketib, qo‘llarini qayerga qo‘yishni bilmay, tillari tutilib qoladi va natijada miq etolmaydi. U sanam esa beparvo yonidan indamay o‘tib ketadi. Shundan yigitning dardi ichida, kechalari uxlolmaydi, hayolidan sevgilisining jamoli, yoqimli tovushi ketmaydi. Yegan ovqatini his qilmaydi, qilayotgan ishlari-yu hayotini o‘z holiga tashlab qo‘yadi. Shunday damda, unga biror turmush tajribasiga ega, hayotning achchiq-chuchugini totgan kimsaning maslahati zarur bo‘ladi. Shunda, u o‘sha donishmand qoshiga boradi va kerakli maslahatni oladi.
Yoki, deylik, bir qiz pinhona bir yigitni yoqtirib qolgan, faqat uni istaydi, kelgan sovchilarni, ularning kim bo‘lishidan qat’i nazar, hammasini qaytaradi. Onasi va boshqa yaqinlari hayron. So‘rashsa, indamaydi. Kechalari yostiqlarini ho‘l qilib chiqadi. Qaniydi, o‘sha farhodmonand unga duch kelib, bir og‘iz so‘z aytsa, deb orzu qiladi. Qizlik hayosi va iffati o‘zining u yigitga borib murojaat etishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shunda, u ham o‘sha donishmand qoshiga boradi va ko‘ngliga taskin bag‘ishlovchi foydali maslahatlarni oladi.
Shuning uchun, bu donishmand, sevgan-sevilgan yoshlarning ham, vaziyatni to‘g‘ri baholay olmagan, lekin oqilona maslahatdan so‘ng, to‘la qoniqish qilgan ota-onalarning ham hurmatiga sazovor edi.
Lekin, bir kuni u juda chalkash muammoga duch kelib qoldi.
Bu muammoning yechim yo‘li bor, bu yo‘ldan kerakli, barcha tomonlarni qoniqtiruvchi natija ko‘chasiga chiqish mumkin ekandek tuyulardi-ku, biroq u ming mulohaza qilsin, topilabermasdi. Shuning uchun, u javobni ertasiga qoldirdi.
Vaziyat quyidagicha edi: O‘sha kuni uning “Ishq-muhabbat maslahatxonasi”ga yigit yo qiz emas, katta yoshdagi, oq kiyimlar kiygan otaxon va onaxon kelishdi. Ularning ikkalasi ham ziyoli odamlar edilar.
Salomlashishgach, donishmand ularni o‘tirishga taklif qildi. Yaqindagina damlangan choydan quyib uzatdi. Shundan so‘ng, u so‘z qotdi.
– Xush kelibsizlar, bu yerga qanday muammo bilan qadam ranjida qildinglar?
– Taqsir! Aybga buyurmaysiz, bizda bir yechimi qiyin masala borki, uni aslo hal qila olmayapmiz. Siz, juda oqil va tadbir topuvchi insonsiz. Bu ishda faqat siz yordam bera olasiz! – javob berdi otaxon.
Donishmand jilmaydi.
– Axir, o‘zingiz hayotning achchiq-chuchugini ko‘rgan odamlarga o‘xshaysiz. Men ham bir ojiz bandaman, sizdan o‘tib nima maslahat ham bera olardim.
– Taqsir! Qani edi, shunday bo‘lsa! Afsuski, boshimiz qotgan. Bu ishq-muhabbat degan hissiyot shunday holatga soldiki, go‘yo labirint ichidamiz va undan chiqib keta olmayapmiz!
Donishmand ancha sergaklandi. Yoshi ulug‘ odam shunday degandan keyin, albatta jiddiylashish lozim edi. U ohista so‘z boshladi.
– Odatda, huzurimga yosh yigitlar yoki navnihol qizlar kelishadi. Masalan, ishq o‘tida yongan o‘g‘lon kimni sevib qolganini va u go‘zalsiz yashay olmasligini aytadi. Men uning ota-onasi kimligini, qanday kasb-kor qilishini so‘rayman. Sevilgan qizning xonadoni haqida ham surishtiraman. Uning oilasi halol mehnat orqali kun kechiradimi yoki poraxo‘rlik, zo‘ravonlik, tovlamachilik yoki davlat mablag‘ini o‘zlashtirib yashaydimi – bularni aniqlashtiraman. Xullas, ikki oila to‘g‘risida barcha ma’lumotlarni yig‘ib, yigitga, agar shu qizga uylansa, kelgusida qanday hayot kechirishini, ulardan qanday farzandlar tug‘ilishini ishonarli, aniq tasvirlab beraman. Bilasizmi, ular menga ishonishadi. Va o‘z hislarini jilovlashadi. Axir, yonaman, kuyaman, sevaman deb, badavlat, ammo nohalol odamlarning qizining visoliga erishgach, ulardan o‘g‘ri, muttaham farzandlarning tug‘ilishi ehtimoli katta-da!.. Agar, sevilgan qizning otasi yo onasi halol pul topayotgan va yigitning ham oilasi ham jamiyatni rozi qilib kun kechirayotgan bo‘lishsa, xattoki o‘zim ham sovchilikka boraman. Va ikki tomonga yoshlarning kelgusi hayotlarini shunday o‘zim ko‘rayotgandek qilib tasvirlab beramanki, ular jon-jon deb quda bo‘ladilar.
Otaxon va onaxon bir-birlariga qarab, jilmayishdi.
– Qizlarga nima deysiz? Axir, ularning ishlari nozikroq… – so‘radi otaxon.
Donishmand chuqur nafas oldi.
– Ha, gapingiz to‘g‘ri. Iboli qizlarning ko‘pi sevgi dardlarini ichlariga yutib, buni sezdirmaydilar. Va to‘g‘ri qiladilar. Chunki, hayot qonunlari shundayki, bu ikki yosh bir-birlariga mos kelsalar, tasodif allaqachon ularni uchrashtirardi. Shuning uchun, men go‘zallarga bu holatni tushuntiraman. Har bir insonning o‘ziga mos jufti bo‘lishi lozim. Tashqi tomondan kimdir chiroyli ko‘rinsa yoki chiroyli gapirsa va chiroyli xushomadlar qilsa, maqtov so‘zlarini aytsa, laqqa tushib sevib qolaberish kerak emasligini aytaman. Va o‘sha yigitni “oq ot mingan shahzoda” sifatida tanlab, dil sirini izhor etsa, boshiga ne ko‘rguliklar tushishini ro‘yi-rost chizib beraman. Natijada, parivashlarning ko‘zlari yarq etib ochiladi. Hayotga realistik qaray boshlaydilar. “Bilmayin bosdim tikanni…” degan maqolning mag‘ziga tushunadilar. Borliq, bir kunmas bir kun unga o‘z tengini ro‘baro‘ qilishiga ishonadilar. Ehtiroslari bosiladi. Lekin, bu yerda ham, agar sezsamki, o‘sha sevilgan o‘g‘lon tarbiyali, yomon yo‘llarga qadam bosmagan va oilasi tinch-totuv bo‘lsa, qizga sabr qilish lozimligini, taqdir ularni bugun bo‘lmasa, ertaga Otabek va Kumushga o‘xshab, albatta uchrashtirishini va baxt topishlarini ishontirib aytaman. Natijada, gulgun chehra vakillarining ko‘ngillari tin oladi, umidlarini yo‘qotmaydilar… Hammadan qizig‘i, kimga shunday degan bo‘lsam, ularning taqdiri aytganimdek bo‘lyapti. Hali biror marta ham yanglishmadim.
Shu paytgacha indamay, gaplarga quloq solib o‘tirgan onaxon nihoyat tovush chiqardi.
– Donishmand ota, umringizdan baraka toping! Nabiralaringizning ham rohatini ko‘ring! Men ham ayrim yigit-qizlarimizning noto‘g‘ri turmush qurib, oilalari buzilib ketayotganiga juda achinaman. Siz juda kerakli faoliyat olib borayotgan ekansiz.
– Rahmat, onaxon! Endi, ayta qoling, ne muammoga yechim izlab kelganingizni?
Onaxon iymanib, otaxonga qaradi.
– O‘zingiz aytaqoling! – shivirladi u.
Otaxon tomoq qirdi-da, so‘z boshladi.
– Taqsir! Biz bir-birimizni sevamiz. Yoshlikdan. Ammo, bu singlingiz ham, men ham ota-onalarimizning istak-xohishlariga qarshi chiqishga kuch topa olmaganmiz. Natijada, boshqa-boshqa turmush qurib ketishimizga to‘g‘ri kelgan.
Shu kunga kelib, taqdir taqozosi ekan, mening jufti halolim vafot etib ketdi, onaxonning ham farzandlari otasi bu dunyoni tark etdi. U ham, men ham bola-chaqamizni uylik-joylik qilib bo‘lganmiz. Biz halol yashadik. Oilalarimizga xiyonat qilmaganmiz. Lekin, hozir ham qalbimizda bir-birimizga nisbatan sevgi otashi mavjud…
Donishmand jilmaydi. Unga qarab bular ham tabassum qilishdi.
– Juda antiqa holat. Lekin, hayotiy! – o‘ziga o‘zi gapirgandek dedi u.
Yarim daqiqacha sukut saqladi-da, so‘radi.
– Xo‘sh, turmush qurishingizga nima halaqit qilyapti? Odatda, farzandlar ota-onalarining biri vafot etib, ikkinchilari yolg‘izlikdan qiynalib qolsa, unga boshqa bir jufti halol topib, nikohlab qo‘yishadi-ku!
– Hamma gap shunda-da! Bundan qirq yilcha ilgari qovushishimizga ota-onalarimiz to‘sqinlik qilishgan bo‘lsa, endi farzandlarimiz qarshilik ko‘rsatishyapti!
– Nega? Nima muammo bor?
– Asosiy sabab shuki, mening qizlarim “Onamizning ruhlari chirqillamaydimi? Biz boshqa ayolni ona o‘rnida ko‘rolmaymiz!” deyishmoqda. Ular, xattoki, kelinni chetga chiqarib, navbatma-navbat kelib, mening kir-chirlarimni yuvib turishga, uyimni tozalab turishga rozilar! Ikkinchi tomondan, ushbu singlingizning farzandlari ham qarshilik qilishmoqda. O‘z onalarini o‘zga uyga uzatishga aslo rozi emaslar!.. Shuning uchun, sizdan maslahat so‘ragani keldik. Siz – nomi chiqqan donishmandsiz. Fikrlaringiz asosli, juda jo‘yali va aniq. Yordam bering!
Donishmand haqiqatdan ham bu holat haqiqiy labirint ekanligini sezdi. Ammo, har qanday labirintda chiqib ketish yo‘li bor. Hamma gap uni topishdadir. Topish uchun esa, barcha holatlarni bilish kerak. Ularga tayanib, yechim topsa bo‘ladi. U qabuliga kirganlarga qaradi.
– Yaxshi. Men sizga yagona va aniq yo‘lni ko‘rsatib berishga harakat qilaman. Buning uchun, siz menga ja’mi informatsiyani berishingiz lozim. Ikkalangizning uy manzillaringiz, farzandlaringizning barchasining yoshlari, ism-shariflari, kasb-korlarini yozib bering. Mana anketa, mana yozgich, ya’ni sizningcha, ruchka. Natijani ertaga kelsangiz xabar qilaman. Kelishdikmi?
– Kelishdik! – dedi otaxon.
Ular ikkalalari anketani to‘ldirib chiqib ketishdi.
Donishmand kechki payt, ovqatlanib bo‘lishgach, o‘z jufti haloliga yuzlandi.
– Bir murakkab labirint bor. Undan chiqish yo‘lini birgalashib topaylik. Rozimisan?
Ayoli muloyimlik bilan so‘z qotdi.
– Qanaqa murakkab labirint? Yana bitta qiz yig‘lab keldimi?
– Yo‘q! – javob berdi donishmand. – Kap-katta odamlar: otaxon va onaxon! Ular turmush quramiz deyishsa, farzandlari qarshilik ko‘rsatishayotgan emish.
– Anketa to‘ldirishdimi? Manzillar, farzandlarning ismi shariflari, yoshlari ma’lummi?
– Ha, barcha ma’lumot bor.
– Yaxshi. Unda yuring, “Hayotni modellashtirish mashinasi” turgan xonaga chiqaylik.
Donishmand qurilmani yoqdi. U bilinar-bilinmas tovush chiqarib ishlay boshladi. Jufti haloli anketadagi ma’lumotlarni mashinaning “ongi”ga kiritdi. Zum o‘tmay, uch o‘lchamli ikki ekranda ikki xonadon turar joylari tasviri paydo bo‘ldi.
– Endi, biz, bilasanmi, nima qilamiz?
– Ha, odatdagidek, ularning farzandlari to‘yga rozi bo‘lishdi deb ma’lumot kiritamizda, ularning keyingi hayotlari qanday bo‘lishini kuzatamiz.
– Yaxshi, boshladik bo‘lmasa!
Uch o‘lchamli, ya’ni hajmiy ekranda voqealar jarayoni namoyon bo‘la boshladi. Mana, otaxon va onaxon nikoh o‘qitishdi. Keyin birga yashay boshlashdi.
– Dadasi, vaqtimiz bekor ketmasligi uchun tezlikni oshiraylik, kulminatsion vaziyat yuzaga kelsa, sekinlatamiz! – taklif qildi ayol.
– Mayli, – rozi bo‘ldi donishmand.
Ekranda yangi oilaning hayoti bir maromda keta boshladi. Ammo, ularning ahil va totuv turmushi bir oyga ham cho‘zilmadi. Ular, kap-katta odamlar, bir-birlari bilan urisha boshlashdi.
– Qayoqdanam yoshim bir yerga borganda sizga turmushga chiqdim?! – qichqirdi onaxon. – O‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim! Nahotki, shuncha ivirsiqqa ko‘milib o‘tiraverish mumkin? Nega men hamisha ketingizdan hamma yoqni yig‘ishtirib yuraverishim kerak?! Nima, onangiz o‘rgatmaganmi, uylarni yig‘ishtirib, supirib-sidirish zarurligiga?!
Unga qarshi otaxon ham ovozini balandlatdi.
– Senga yoshligimda uylanmay to‘g‘ri qilgan ekanman! Meni butun umr tokchaga chiqarib o‘tkazib qo‘yarkansan! O‘zimning xotinim ming marta yaxshi ekan! Nega men qarigan paytimda uyimni o‘zim yig‘ishim, supurib-sidirishim kerak?!
– Bo‘ldi! Jonimga tegdi! Xotiningiz yaxshi bo‘lsa, boraqoling o‘shaning oldiga! Katta ko‘cha! Men esa o‘z uyimga ketaman!..
Donishmand o‘z ayoliga boqdi.
– Yetar-a? Qurilmani o‘chiraymi?
– Ha! Yechim topildi. Ularning turmush qurishi aslo mumkin emas!
– Bilasanmi, hayotning bir qonuni bor: agar ikki odam bir-biri uchun yaratilgan bo‘lsa, ularni taqdir vaqtida uchrashtiradi, vaqtida qovushtiradi. Sun’iy, zo‘rma-zo‘raki qovushishlardan rivojlanish uchun hech qanday foyda yo‘q. Ba’zilarga qalbida go‘yo kuchli sevgi mavjudga o‘xshaydi. Lekin, ko‘pincha u psevdosevgi bo‘lib chiqadi. Birinchi qiyinchilikdanoq, ehtiros va hissiyot parcha-parcha bo‘lib ketadi, – fikrini bildirdi donishmand, qurilmaga kelayotgan elektr quvvatini uzgach.
– Ha, ayniqsa, haromdan topilgan boylikka uchib turmush qurishning oxiri voy!
– Shuning uchun, hech qachon shoshma-shosharlik qilish kerak emas. Vaqti kelib, bu Borliq halollarni halollarga, haromlarni haromlarga ro‘baro‘ qiladi.
– Mayli, dadasi, men ketdim. Siz xulosangizni yozing. Men oshxonani yig‘ib olay, keyin televizor ko‘rib hordiq chiqaramiz.
Donishmand bu davrga, ya’ni XXI asrga besh yilga xizmat safariga jo‘natilgandi. Unga berilgan topshiriq shunday edi: XXI asr odamlari orasida “baxtini topish” jarayoniga ijobiy o‘zgartirishlar kiritish, uni tartibga solish va jaholatni kamaytirishdan iborat edi. Ayniqsa, moddiy tomondan qiynalib yashasa-da, ammo “Taraqlatib to‘y qilishim lozim” kasalligiga uchraganlarni davolashi ham shart edi.
Donishmand birinchi yildanoq XXI asr odamlaridagi bu kasallikni tuzatib bo‘lmasligini angladi va asosiy e’tiborini o‘zingiz o‘qigan muammoga qaratdi. Shuning uchun, “Ishq-muhabbat maslahatxonasi”ni ochdi va faoliyatini boshladi.
Mana, xizmat safarining to‘rt yili o‘tdi. Bir yil ishlasa, o‘zining XXX asriga ketadi va u yerdagi hayotini davom etdiradi. O‘rniga boshqa odamni jo‘natishadi. Balki, u ko‘proq ish qilar…
Ertasi kuni belgilangan vaqtda otaxon va onaxon donishmandning huzuriga kirishdi.
– Xush kelibsiz! – jilmayib qarshi oldi ularni XXX asr odami. – Marxamat, o‘tiringlar! – joy ko‘rsatdi u.
Tashrif buyuruvchilar ham tabassum qilishdi.
– Taqsir! Labirintimizdan chiqish yo‘li topildimi? – umid bilan so‘radi otaxon.
Donishmand jiddiy tusga kirdi.
– Hayot qonunlari juda murakkab ko‘rinadi, – dedi u. – Lekin, asl mohiyati bo‘yicha ular juda oddiydirlar. Bilasizmi, sizlar bir-biringiz uchun yaratilgan bo‘lganingizda, yoshligingizdayoq har qanday to‘siqlarni pisand qilmay, kurashib, o‘z baxtlaringizga erishardingiz. Mening xulosam shuki, sizning qovushishingizdan aslo foyda yo‘q. Na o‘zingizga, na borliqqa. Turmush qursangiz, birga ko‘p yashamaysiz. Tinch-totuv hayotingiz bir oyga ham bormaydi. Shuning uchun, qirq yil ilgari ota-onalaringizni norozi qilmagan ekansiz, hozir ham farzandlaringizni ranjitmang. Nabiralaringizga bosh bo‘ling, ularni yaxshi inson qilib tarbiyalanishiga hissa qo‘shing. Gapim shu!
– Nahotki? – taajjublandi otaxon.
– Nega axir? – savol berdi onaxon.
Donishmand javob berdi.
– Singiljon, siz uy ishlarini qilishni yaxshi ko‘rasizmi?
– Men ayolman, bu mening burchim! – javob qildi u.
– Agar, eringiz hamisha narsalarini duch kelgan joyga tashlab ketabersa, pala-partish yashasa, hamma yoqni ivirsitabersa – jahlingiz chiqadimi?
– Albatta! – dedi u. – Mening rahmatli erim, o‘z narsalarini doimo joy-joyiga qo‘yib yashardi, lozim bo‘lganda uyni supurardi ham, kirlari u yoqda tursin, uy polini ham yaltillatib yuvardi.
Bu gapni eshitgan otaxonning tusi o‘zgardi. Lekin, indamadi. Asta o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
– Taqsir! Sizga katta rahmat! Chindan ham donishmand ekansiz! Bundan so‘ng, har bir nabiramni uyli-joyli qilishdan ilgari albatta oldingizga kelaman!
U qayrildi-da, onaxonga boqmay ham chiqib ketdi.
Onaxon mo‘ltiragancha uning ortidan qarab qoldi. Nihoyat, u ham qo‘zg‘aldi.
– Donishmand ota! Rahmat sizga! Bir xatolikning oldini oldingiz…
Shunday qilib, bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda, aniqrog‘i XXI asrda bir donishmand bo‘lgan ekan. U, hamisha, labirintga tushib qolgan odamlarga undan chiqib ketish yo‘lini ko‘rsatar ekan…
Toshkent. 01.02.2015. 3:47.