Oybek. Quyosh qoraymas (roman)

BIRINChI BOB

Tim qorong‘i izg‘irinli kecha. Yomg‘ir xuddi jonga igna sanchiganday ezib, muttasil savalardi. O‘rmon bo‘ylab cho‘zilgan katta yo‘lda, jiqqa ho‘l bo‘lgan batalon loy sachratib, mudroq holda og‘ir odim otardi. Oldingi qatorda Asqar polvon bilan Bsktemir; eng oxirgida, hamma vaqtdagidek, safdan uzilmaslikka tirishib, chatanog‘ini kerib, Ali tajang sudralardi.
Bektemir, Polvonning ba’zan zarda bilan pishqirib qo‘yishidan yoki og‘ir xo‘rsinishidan, uning shu topda dilgir va kayfsiz ekanini payqadi, lekin churq etishga tobi yo‘q. Bu yolg‘iz horg‘inlikdan emas, ikki kun ichida ko‘rganlari uni qandaydir o‘ychan, kamgap qilib qo‘ygandi.
Kichkina stantsiyada batalon poyezddan tushishga ulgurmasdanoq bombardimonga uchradi. Vagonlarning gulduros bilan ag‘darilishi, parchalangan relslarning chillakday uchishi, dod-voy, tutun, tuproq — Bektemirning ilk «tomoshasi» bo‘ldi. U buzilgan binoning g‘isht devorlari orqasidan sog‘ chiqar ekan, hammani nobud bo‘lgan deb o‘yladi. Yo‘q, o‘n choqli odam o‘lgan, o‘ndan ortiqrog‘i yarador. Hamqishloqlaridan esa, yolg‘iz Safar cho‘tirning bir barmog‘i yengil yarador bo‘lgan edi.
Batalon piyoda yo‘lga tushdi.
U yo‘l ustida, uyum-uyum g‘isht va tuproq bo‘lgan shaharchalarni, tutunga chulg‘angan xaroba qishloqlarni, pachaqlangan, kuygan yuzlarcha mashinalarni ko‘rdi. Kutilmaganda osmondan g‘uvillab balo sho‘ng‘iydi. Kunduz batalonga bir necha bor chovut soladi. Odamlar jon hovuchlab o‘zlarini o‘rmonga uradilar. Havodan jahannam yog‘iladi. O‘rmon dahshatli shovqinga to‘ladi. Yiqilgan daraxtlarning qarsillashi, go‘yo ularning yam-yashil, beozor jonlari nafrat va alamdan ko‘targan faryod kabi tuyuladi…
Batalon yarim kechada xaroba bir qishloqqa kelib to‘xtadi. Qishloqda hayot asari yo‘q. Hatto it ham akillamaydi. Yomg‘ir yaksanov, zeriktirgich shuvillaydi. Allaqayda, uzoqda, to‘plarning o‘qtin-o‘qtin og‘ir «gupillagan» sadosi eshitiladi. Ko‘zlar zim-ziyo qorong‘ilikda beixtiyor boshpana qidiradi. Oyoqlar g‘ishtlarga, yog‘ochlarga, eshiklarga va deraza romlariga qoqiladi. Lablarda maxorka cho‘g‘i yiltillaydi, chekka-chekkada ma’nosi anglashilmagan qandaydir gurung…
Bektemir yo‘l chetidagi daraxtning yo‘g‘on tanasiga orqasini suyab cho‘qqaydi. Qorni ochgan bo‘lsa ham, lekin mahkam bog‘langan xaltani yechib, uvigan nonni olib yeyishga erindi. Qora, quyuq qoshlari ostidagi yirik, tiyrak, bolalarnikiday sof, sodda ko‘zlari bilan uzoqlarga tikildi. U yuzidan, bo‘ynidan oqib, g‘ashini keltirgan suvni, namat hidi kelayotgan eski, ho‘l shinelining yeng uchi bilan artdi-da, boshini horg‘in quyi soldi. Qandaydir uzuq-yuluq fikrlar, ko‘nglini g‘ash qiladigan sezgilar uni chulg‘ab oldi. Ular besh og‘ayni edi. Og‘a-inilar o‘zlarining ahilligi, bir-biriga mehri-shafqati bilan hammaning diqqatini jalb etar, havasini keltirar edi. Katta akasi — Tohir ko‘p yillardan beri shaharda yashab, sovet, partiya idoralarida xizmat etar, ikkinchi akasi — Qodir kolxozda brigadir; ukasi —Kamol esa Toshkentda oliy maktabda o‘qirdi-yu, biroq o‘tgan yil u ham armiyaga olindi, o‘n yetti yashar arzanda Zaynaboy kolxozdagi bolalar bog‘chasida murabbiya edi. Kamol keyingi xatlarining birida artilleriyani yaxshi ko‘rgani, hozir Latviyada turganini bildirgan edi. Bektemir shu tobda kuchli sog‘inch tuydi. O‘zi bilan bo‘yi teng, birga yumalab-sumalab o‘sgan Kamolning bolalikdagi o‘yinlari, qiliqlari uning ko‘z oldidan jonli, yorqin o‘tdi. «Nima bo‘ldi ekan, ukam boyaqish? Balki u ham shu yerga yaqin joyda, Moskva yonida jang qilayotgandir, balki… ehtimol, o‘lgandir…» deb o‘yladi, rang-quti oqarib.
Uning qalbida sog‘inch va turli xotiralar to‘lib-toshardi. U o‘zida yaqinlarni ko‘rmoqqa, so‘zlashmoqqa allaqanday ichki ehtiyoj sezar, so‘zlashib negadir qoniqmaganini his etar edi. «Oxiratim kuymasin» deb besh o‘g‘lining hammasiga ham birdek g‘amxo‘rlik, birdek mehribonlik bilan qaraydigan ajoyib onasini chuqur minnat dorlik va o‘g‘illik sevgisi bilan uzoq esladi. «Qaytib ko‘ramanmi, yo‘qmi?» degan fikr boshidan o‘tdi-da, allaqanday mubham va og‘rituvchi sezgining turtkisi bilan og‘ir xo‘rsinib qo‘ydi.

Kitobning to‘liq matnini PDF formatda saqlab oling.