Ertalab maktabga kelsam direktorimiz Qo‘zivoy aka koridorda uyoqdan-buyoqqa bo‘zchining mokisidek sabrsizlanib qatnab turgan ekan. Meni ko‘rib birdan yuzi yorishdi:
– Vaqtida kelding-da. Ertoyevni tuman markaziga muhim ish bilan yuborgandim. Uning darsini bugun sen o‘tkazib tur, uka!
– Axir algebraga tishim o‘tmaydiku, – dedim ikkilanib.
Shaharda qaynoq talabalik davrimga nuqta qo‘yib, qishlog‘imizdagi maktabga kimyo o‘qituvchisi bo‘lib kelganimga endigina bir oy to‘ldi. Yangiman. Shunday ekan ortiqcha nozlansam odobdan bo‘lmas… Kamiga Qo‘zivoy aka yelkamga qoqib:
– Hali yoshsan, meni aytganimni qilsang karerangda asp yurish qilgan bo‘lasan! -deb qo‘ydi.
Qo‘zivoy akaning jonu dili shaxmat edi. Buni ishga kelgan kunimoq hamkasblarimdan eshitgandim. U har gapida shaxmatga xos iboralarni qo‘shib gapirishni xush ko‘rardi. Yoshi keksaroq o‘qituvchilarning aytishlaricha, hatto shu shaxmatni deb Qo‘zivoy akani direktorlikdan bo‘shatishlariga bir bahya qolgan ekan. Qaysidir yili tuman xalq ta’limi bo‘limidan tekshiruvchilar keladigan bo‘libdi. Bundan xabardor bo‘lsa-da Qo‘zivoy aka tushmagur qorovul chol bilan maktab bog‘ida ko‘k choyni xo‘rillatgancha parvoyi palak shaxmat o‘ynab o‘tiraveribdi. Tekshiruvchilar direktorni bog‘gacha izlab kelishib… Yaxshiyamki, Qo‘zivoy akaning baxtiga tekshiruvchilarning kattasi ham shaxmat “jinnisi” chiqib qolibdi. Ikkalovi ikki shisha pivoni kuchi bilan uch-to‘rt partiya shaxmat o‘ynab, kunni kech qilishibdi. Xullas, tekshiruvchilar kattasi yaxshi kayfiyatda ketibdi. Chunki Qo‘zivoy akaning unga ataylab yutqazib berganligini qayoqdanam bilsin?!
Qo‘ng‘rioq chalinishi bilan Ertoyevning o‘rniga sinfxonaga kirib keldim. Maktabdagi eng intizomsiz sinf deb atashganicha bor ekan. Birovi telefonda gaplashgan,birovi boshqasining sochiga saqich yopishtirib qo‘ygan, yana qaysi biri doskaga rasm solgan. Madorim qurib darsni tugatdim. Bir soat ichida shunaqa charchadimki… Boshqa bu sinfga qadam bosmaganim bo‘lsin. Boshim g‘uvillab koridorda ketarkanman, direktorning ochiq eshigi oldida Qo‘zivoy aka va Ertoyev domlaning ovozlari qulog‘imga chalingandek bo‘ldi. Asta mo‘raladim: ikkovlon “kisht” degancha dona surib, shaxmat o‘ynab o‘tirishibdi. “E,qoyilman… Boplab tuzlashibdi meni”, o‘yladim ichimda. Qo‘zivoy aka ko‘zlari shaxmat taxtasida bo‘lsa ham meni sezibdi, ko‘zlarini menga tikmasdan:
– Kiraver,uka. Tugatdingmi darsni? – dedi.
– Ha.Amalladik…
– Barakalla! Hayron bo‘lma. O‘tgan hafta shu akangga yutqazgandim. Revansh olay degandimda. Ertaga Sodiqovda ham muhim ish chiqib qolishi mumkin. Grossmeysterda u. Menam bo‘sh kelmayman ammo. Uning ham birinchi soatda darsi bor. Ertaroq kelgin, xo‘pmi?