O‘rinboy Usmon. Barmoqlar (hikoya)

«Lahzaning larzalari» turkumidan

Bunday bo‘lishini u ko‘pdan buyon kutardi va… Birda gapirayotganida o‘g‘lining pastki labini tishlab turganini seziboq ko‘ngliga g‘ashlik soya solgandi. Oldinlari og‘zidan chiqqan so‘zga lom-mim demay quloq tutguvchi o‘g‘ilning endi ko‘ngli uchun «xo‘p» deyishini-yu, lekin hadeganda aytganini qilavermasligini yosh bola emaski, payqamasa. Bir paytlari u haqda «o‘sha to‘pponcha otangni gapirmay qo‘yaqol» deganda o‘ziga ikkita keladigan yigitning yoqasidan olib, yer iskatgan o‘g‘li, yeru ko‘kka ishonmaydigan o‘g‘li shunday qildi-ya! Ilgari hatto onasiga ko‘l ko‘targanda ham: «Oyi, dadamlani birinchi marta ko‘rishingizmi, fe’llarini bilmaysizmi, oradan qumg‘on  qaynagudayin vaqt o‘tar-o‘tmas, pushaymon yeydilar-ku», degan bola endi odatga aylanib qolgan baqiriq-chaqirig‘iga ham chidayolmaydigan bo‘p qolibdimi? Koshki, qattiqroq gapirgan bo‘lsa! Ovqatning tuzi ozroq bo‘lganmidi… «Bir qoshiq ovqatni uddalab pishirolmaysanu, yana oldimga minnat qilgancha to‘qillatib qo‘yasan. Senlarni deb jonimni jabborga berganman-a, qizil qonimni to‘kib kelganman-a», og‘zidan chiqkani shu xolos. E, ilgarigi tuk tashlatadigan gaplari oldida  pashshachalik emas-ku, bu!

Aslida shahardan chapaqayiga jahli chiqib kelgani uchunmi, fe’li aynib turgandiyam-da. Xayriyat, hozirgi zamonda choriq kiyilmaydi, yo‘qsa, bu komissiya deganiga zir qatna-shiga uning nechtasini to‘zitardi.Har gal tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, peshonasi tirishib qaytganda, qo‘l siltab qo‘yadi-yu, qishloqdan qaysi bir cho‘loqning bepul ulov olganini eshitib, yana shaharga yuguradi. «Qonunga to‘g‘ri kelmaydi, aka, o‘sha siz aytayotgan kishilarniki to‘g‘ri kelgani uchun ularga mashina berilgan. Bo‘lmasa, o‘zingiz aytganingizdayin, biz cho‘ntagimizdan berarmidik», dedi komissiyaning kattasi kulimsirab. «Bilaman, sizlar bir narsa uzatadiganlarga berasizlar. Senga o‘xshaganlar o‘shandayam boridi. Gadoy-topmas kavaklarda pusgancha jon asrashgan. Biz senlar uchun jon berib, qon kechganimizda, kalamushday mol to‘plashgan!» Bosh barmoq tepada xiyol bukik, tagida ko‘zingni teshib olaman, deganday cho‘ziq ko‘rsatkich barmoq, to‘mtoq uch barmoq pastda, bir-biriga yopishgandayin yuqoridagi barmoqlardan kochib turardi… O‘ng qo‘li xuddi to‘pponchadek kulimsiragan ko‘zlarga o‘qtalgan. U ko‘zlar ham bunaqa nuqishlarni, o‘qtalishlarni ko‘p ko‘rgan ekanmi, kulimsiragancha turaverdi, turaverdi… «Bepul mashinalarni gerdayib haydab yurgan cho‘loqlarga ham mana shunday mazax qilib qaraganmikan? Yo‘q! Qarab bo‘pti! Labining tanobi qochib, qo‘llarini ishqab turgandir…» Normirzaning joni naq hiqildog‘iga keldi. O‘rnidan turasolib, kursini baland ko‘tardi. Lekin uni mazax qilayotgan bashara tomon ota olmadi. Kuchli qo‘llar bilagini omburdek qisdi: «O‘zingizni bosing! Davlat idorasida ekanligingizni unutmang!» Kulimsirash o‘rnini qahru g‘azab egallagan ko‘zlarning o‘ng qo‘liga qadalib qolganini ko‘rgan Normirza o‘zini butkul yo‘qotdi.

Baribir o‘g‘lining gaplarini o‘sha yetti yot begona ham aytmadi-ku! Qaytaga o‘sha qoni qo‘shilmaganlardan eshitsa, bunaqa zaqqum chaynagandayin bo‘lmasmidi! Bittayu bitta o‘g‘lini deb o‘zini o‘tga ham, suvga ham urgan azoblariga qaytgan mukofot shumi? O‘tgan yili komissiyadan qaytarishganida, mayli pul ketsa-ketar, deya o‘g‘liga «Jiguli»ning eng uchqur xilidan olib berdi. Topgan-tutganini ayamasdan unga sarflayotgan bo‘lsa… Shaharga yugur-yugurlarida yonida bo‘lish o‘rniga u: «Dada, mashinamiz bo‘lsa, bor, nima kilamiz, hadeb o‘zimizni pastga urib!», dedi-ya! O‘zini pastga urarmish-a, pastga urarmish! Bu yoshlar, nonni nanna deb yurgan bolalar nimaniyam tushunishardi! Ana, qishloqdagi cho‘loqlardan bepul ulov olmagani qolmadi! Ularning ayrimlarida jilla qursa, bittayam medali yo‘q. Uning qo‘sh-qo‘sh orden-medallari ko‘ksida jaraqlab, jaranglab tursa-yu, qaysi bir akaxonlari qo‘llovida kursini egallab olganlar «sizga to‘g‘ri kelmaydi», bahonasini topib olib, ha, shu bahonaga yopishib olib, qaytaverishsa, alam qiladi-da. Uning ham boshqalardek davlat bepul ulov bergani haqida choyxonada, to‘y-ma’rakalarda og‘iz ko‘pirtirgisi keladi. Odamlar «Normirzaning xizmati singgan, urushda fashistlarni qiyratgani uchun davlat shunday qilibdi, shunday qilibdi», deyishlarini eshitganda, yayragisi bor. O‘shanda tomirlaridagi qon ham huzurlanib oqarmidi…  He, bu bola qayoqdan bilardi! Hay, u-ku, yoqasini iskaydigan go‘dak, onasi-chi? Shuncha yil bir yostiqqa bosh qo‘yib, ko‘nglida nima borligini bilmay o‘tyapti-ya!  Tovuqmiyaning arzimas gapga obidiydasini oqizgani-chi!.. Shu qo‘lining to‘mtoq bo‘lganiga asosiy sababchi uning o‘zi ekanligini bilarmikan? Bilmaydi, xom kallasiga bunday fikr yaqin yo‘lab bo‘pti, yo‘qsa, o‘g‘liga hasrat qilib o‘tirarmidi! Vey, necha marta aytgan, behuda ko‘z yosh qilma, yaxshilikka buyurmaydi, deb. Mana, men qo‘lim cho‘loq, baqiroq-chaqiroq bo‘lsam ham, o‘sha baloning og‘zidan qaytib keldim-ku! Abdurahmondek o‘lib ketsam, nima bo‘lardi? U qarchig‘ayning o‘zi edi. Na yomg‘irdek yog‘ilayotgan o‘qlardan, na okoplarni osmonga otib, ne-ne askarlarni tuproqqa ko‘mayotgan snaryadlardan qo‘rqmasdi. Ana shu tap tortmas yigitning bir lahzada, shundaygina ko‘z o‘ngimda yer tishlaganini ko‘rib, ichimdan nimalar o‘tganini na o‘g‘lim, na onasi ikki dunyoda ham tushunishmaydi! Tushunmaysizlar! Men… men o‘qqa uchgan birinchi o‘likni ko‘rishim emasdi. Yonma-yon o‘q uzib turgan nechta jangchining… Lekin bir mahallada birga o‘sgan tengquring… «Endi navbat menga… menga».  Xayolimdan shu o‘y nari ketmay qoldi. Hali yig‘ish-tirilmagan issiqqina chimildiqni, kuzatayotganda ma’yuslanib, yoshga to‘lgan ko‘zlaringni o‘yladim, xotin! Dushman mo‘r-malaxday bostirib kelardi. Bittasi yiqilsa, ikkitasi paydo bo‘ladi. Biryoqda Abdurahmon. Umri xolaga nima deyman? Nima deyman?! Yuragimga quvvat eding, Abdurahmon!.. Ikkita tankka ikkalamiz qolganimiz esingdami, Abdurahmon? Ustimizga og‘zidan o‘t sochayotgan ikkita qop-qora balo bostirib kelardi. Ana hozir okopga yaqinlashadi. Yaqinlashdi.  Ustimizga tuproq tortadi-yu, tappa-tayyor go‘rga janoza-siz ko‘mib tashlaydi. «Nor, dadil bo‘l! Bir boshga bir o‘lim! O‘ngdagisi menga. Chapdagisi senga! Kimligimizni ko‘rsatib qo‘yaylik, la’natilarga! Biz o‘zbekmiz, o‘zbek!» Okopdan sirg‘alib chiqding, ortingdan ergashganimni ko‘rganingda, chang yopishgan ko‘zlaring kuldi. Birin-ketin ikkita tank portlagach, xandaqka qaytib tushib, bir-birimizni quchoqladik. O‘shanda negadir qo‘shni qismdagi voqeani aytib berding. Dushman bostirib kelayotganda bir jangchi ataylab qo‘lini o‘qqa tutibdi. Hech kim ko‘rmagan, hech kim sezmagan voqeani gospitalga jo‘natishayotganda, o‘zi sezdirib qo‘yibdi. Uning tezroq sog‘ayib ketishini tilab kuzatayotgan quroldoshlari «ko‘rishguncha», deya pichirlayotgan ko‘kargan lablarga qo‘shilmayotgan ko‘zlarda mamnunlik ko‘rishibdi, aniq ko‘rishibdi. Sen negadir tirnoqlaringga tikilgancha, lekin ko‘rishadimi-ko‘rishmaydimi, sezishadimi-sezishmaydimi, unga baribir edi, deding, Abdurahmon! Kimlardir, lablari aldayotgani, ko‘zlari to‘g‘risini aytayotganini sezganlar hatto bir kungina ilgari birga jang qilgan, chanqaganda oxirgi tomchi suvini ham ayamagan quroldoshlari bo‘lsalar-da, unga baribir edi. Baribir! Lekin u keyinchalik odamlar orasida qanday bosh ko‘tarib yurarkin? Uylanib, bolalik bo‘lsa, o‘g‘il-qizlari ko‘zlariga qanday qararkin? O‘rniga kelib, urushgan yigit, Xudo ko‘rsatmasin, lekin urushda nimalar bo‘lmaydi, balki o‘qqa uchgandir? Shahid ketgan yigitning arvohi yo‘lini to‘sganida yuragi yorilmasmikan?.. Nega menga  bu voqeani aytding, Abdurahmon? Ana, qara, okopdan kaft chiqib turibdi. O‘qqa uchsa, uchar, bir qo‘lsiz ham yashash mumkin-ku! O‘q degani, oskolka degani to‘xtovsiz yog‘ilmoqda. Hozir abjag‘ini chiqarvoradi. Kim aytyapti bu gapni? Abdurahmon, nega o‘sha voqeani menga so‘zlab berding? Hozir… hoo-hozir qo‘limni… Y-yo‘q! Nega menga nafrat bilan qarayapsan, Abdurahmon? Yo‘q, chiqarmayman! Lekin… o‘ligim shu muzlagan dalalarda qolib ketsa-chi?.. Chimildiqqa boshqa birov kiradimi? Ana, xatda yozishdi, haligacha chimildig‘imiz yig‘ilgani yo‘g‘akan. Sen chimildiq nimaligini bilmaysan-ku, Abdurahmon! Tinchgina yashayotgandiga, la’nati fashistlar…  agar… bordi-yu… chimildiqqa kim kirarkin?.. Boshim, miyam muzlab ketyapti. Muzlab ketdi. Nima qilyapman? O‘sha jangga birinchi marta kirgandayam qo‘rqmagan, nechta dushmanni yer tishlatgan odam! Yo‘q-q! A-a-a… La’nati o‘q, shunchalik tezmisan? Ul-gu-rol-ma-dim! Bor-yo‘g‘i bir lahza-ya! Bir lahzagina! Qara, Abdurahmon, qara,qo‘limdan qon chakillab oqyapti, ikkita barmog‘i qopti, atigi… Endi nima degan odam bo‘ldim?.. Xayr, do‘stim, seni yolg‘iz tashlab ketyapman. Ortiq yasholmayman… Okopdan irg‘ib chiqib, shu qonga bo‘yalgan qo‘lim bilan dushmanga o‘q yog‘dirganimni ko‘rmading. O‘n-o‘n besh qadam shu taxlit chopib borgach, yana yaralanib, hushdan ketib, yiqilganimni ko‘rmading… Gospitalda yotganimda, so‘nggi jangda ko‘rsatgan jasoratim uchun «Qizil Yulduz» ordeni bilan mukofotlaganimni aytishdi…»

Normirza ko‘kragini g‘ijimlab turib-turib, qattiq qisdi. O‘ng qo‘li bilan yuragini siypalamoqchi bo‘ldi-yu, to‘mtoq barmoqlari yopishib qoladigandayin seskandi. Shosha-pisha qo‘lini yengining ostiga yashirdi. Chap qo‘li bilan ko‘kragini bir-ikki g‘ijimladi-yu, xuddi o‘sha barmoqlaridan ajralganidan keyin qattiq yaralangach, hushini yo‘qotgani kabi o‘zidan ketdi.

«Hammasini ko‘rib turgandim. Joning shirinlik qildi. Yo noto‘g‘rimi?  Ayt, bolaligingda ham shunday emasmiding? Esingdadir, boqqa o‘rik o‘g‘irlashga borganimizda, har gal qorovul bo‘pqolarding. Besh o‘rtoqdan bitta sen qorovulning kaltagini yemagansan. Esingdami? Endi to‘mtoq qo‘l bilan el orasida qanday yuribsan? Qishloqqa qaytganingdan keyin o‘rningga urushga borib, o‘n sakkiz yoshida halok bo‘lgan yigitning ruhi seni tinch qo‘yyaptimi? Tushlaringga kirib, seni qo‘rqitadigan yigit o‘sha bo‘ladi, ha! Hech kim bilmaydi, deb o‘ylaganmiding? Xom sut emgan bandasan-da. Ana, hatto o‘g‘ling bilibdi-yu!» «Abdurahmon, meni tinch qo‘y, do‘stim! O‘zing bilasan, ayrim qo‘rqoqlardek taxmonda, ko‘rpa ostiga yashiringan bo‘lmasam. Eshelondan tashlab qochganim yo‘q… Faqat sening ahvolingni ko‘rib… Bu tasodif, ha, tasodif, ta-so-dif…» Normirza ming azobda ko‘zini ochdi. Haligina yop-yorug‘ xona zim-ziyoga aylangandi. «Nega bunday? Ne-ga bun-day?» Ko‘zini yumishga urindi-yu, shu zahoti ochdi. Boshi g‘uvillar, uxlagisi kelar, lekin kipriklar birlashdi deguncha Abdurahmon va harbiy kiyimli, notanish bir yigit ko‘zlaridan ta’na otganlaricha qarab turishardi.

Nigohlar sanchiq turgan yuragiga xuddi uni ko‘kragidan yulib tashlagudayin nashtar sanchardi, arixonaday g‘uvillayotgan boshiga tinmay o‘q uzishardi. Abdurahmonning qarashi-ku, tanish. Ikkinchi nigoh-chi? Ko‘rganga o‘xshayapti. To‘xta, to‘xtagin, u… tushlarida seskantiradigan nigoh emasmi? O‘sha!!! Urushdan qaytayotganda bir yigitcha ko‘kragidagi orden-medallarga havas bilan tikilgandi. «Fashistning dodini beribsiz-da, aka. Nima, yaralanganingizga xafamisiz? Bilasizmi, nixoyat mening arizamni qabul qilishdi. O‘n sakkizga to‘ldim. Siz xavotirlanmang, ha, kuyinmang, o‘rningizni bildirmayman. Balki sizning qismingizga tushib qolarman!» O‘sha, o‘shaning o‘zi u! Ol ko‘zingni yuragimdan, iltimos, yo‘qsa, o‘ldirib qo‘yasan, ko‘zingni ol, ukajon! «Ie, siz hali tirikmisiz? Bilib qo‘-ying, men sizga uka emasman!» A-a-a… O‘shanda ko‘zlarimga tuproq to‘lsa, bo‘lmasmidi?  Nega fashist otgan o‘q to‘g‘ri yuragimni teshib o‘tmadi?… Nafrat to‘la nigohga chidayolmagan ko‘zlar qop-qorong‘i shiftga qadalib qoldi… Shiftda lipillab turgan uchta soya tuyqus birlashdi-da, pastga qarab otildi. Normirza tomog‘ini uch tarafdan ayovsiz siqayotgan soyalarni itarishga urindi. Hozir quvib yubormasa, quvmasa… Bittasini bazo‘r qo‘li bilan siqib olib, bo‘ynidan ajratdi. U yana sirg‘alib chiqib, tomog‘iga tarmashdi. Soyadan nimadir chakillab tomardi. Normirza o‘qchiy-o‘qchiy qon tomayotgan soyaga ko‘zlarini yirgancha tikildi. Soyalar tomog‘idan chekinib, tagiga bosilgan o‘ng qo‘liga otilishdi. To‘mtoq qo‘li atrofida uchta uzun-qisqa soya aylana-aylana kaftini o‘yardi. Ana qo‘lidan jon chiqdi. U yelkasiga yetib keldi, hozir tomog‘idan o‘tadi-yu…

– Nima-a? Kun yoyilib ketdi? Endi yotishim ham sizlarga malol keldimi? Qarib, kuch-dan qolgach, o‘z uyinggayam sig‘may, ortiqcha yuk bo‘pqolarkansan-da! Eshakning ishi halol, o‘zi harom, deganlar bilib aytishgan. Ha, bilib aytishgan!

Xotini Normirzaning ko‘zlariga qaradi-yu, qo‘rqib ketdi. Qip-qizarib ketgan, bir kechadayam shunchalar kirtayadimi? Yo tuni bilan yig‘lab chikdimi?

– Kechqurun tuzukroq ovqat yemasdan, ko‘zingiz ilingandi.  Shunga choy iching, deb…

– Ko‘zim ilinganmish… ilinganmish… i-lin-gan-mish…

Ayol beixtiyor ortiga tislandi. Eshikni asta ochib, chiqib ketar ekan, yelka osha hayiqibgina ortiga  qarab oldi. Eri to‘shakda chap qo‘li bilan ko‘kragini g‘ijimlagancha o‘tirardi. Shuncha yil birga yashab uning yuragidan zorlanganani zinhor eshitmaganidan xavotirga tushib, orqasiga qaytdi. Normirza darhol qo‘lini ko‘kragidan oldi.

– Abdurahmon kelibdimi? – ko‘zlarini yumgancha so‘radi u.

– Qaysi Abdurahmon? – erining ovozidagi siniqlik ayolni battar ajablantirdi.

– Qaysi Abdurahmon, qaysi Abdurahmon… Umri xolaning o‘g‘li-da. U bilan tag‘in bitta notanish yigit ham kelganmishu…

« Nima bo‘ldi bu kishiga? Alahsirayaptimi desam, ko‘zlari ochiq. Qirq to‘rt yil ilgari shahid bo‘lib ketgan odamni… Yo jin-pin chaldimi… – Hayajaonlanganicha eshikni ochiq qoldirib chiqkan ayol ayvonning bir burchagiga borib o‘tirdi-yu, eriga nima bo‘lgani haqida bosh qotira ketdi. Va o‘g‘lidan xafa bo‘la boshladi. – Namuncha tong-sahardan ishga chopmasa? O‘g‘il bo‘lib ishga ketishdan oldin otamdan bir xabar olay, duo olib ketay, demaydi. Yo otasining kechagi janjalidan yomon koyindimi? Endi ota nima desayam, o‘g‘il degan ko‘tarishi kerak-da. Keyin otasining birinchi marta janjal ko‘tarishi bo‘lmasa. Urushda qon kechgan odam…»

Oradan yarim soatlarcha o‘tgach, erining bashang kiyinib chiqqanini ko‘rgan ayol talmovsiradi-qoldi. «Choyxonaga ketdim», to‘rt-besh qadam narida turgan erining ovozi olis-olislardan kelayotgandayin. Normirzaning xotini uni kuzatish uchun o‘rnidan qo‘zg‘ala ol-madi. Qaltirayotgan oyoqlari unga bo‘ysunmadi.

Normirza to‘pponcha qosh qorayar mahal uyiga qaytganida, ayvonda xotini, o‘g‘li va qo‘shni yigit choy ichib o‘tirishardi. U irg‘ib turib, salom bergan yigitga istar-istamas qo‘l uzatdi-yu. xotiniga ho‘mrayib qo‘yib, uyiga kirdi. U ketganidan buyon «cholimga nima bo‘ldi», deya xavotirda yegan-ichganini ham bilmayotgan ayol choy ko‘tarib kirar ekan, eshikka urilib ketdi. Choynakdan to‘kilgan qaynoq choy qo‘lini kuydirganini tuzuk-quruq his qilmay, qo‘rqa-pisa eri o‘tirgan ko‘rpacha yoniga  omonat cho‘kdi.

– Ketdimi?

– Kim?

– Namuncha ovsar bo‘lmasang? Kim bo‘lardi? Abdurahmon-da!

Cho‘chib tushgan ayol bildirmaygina ko‘ksiga tufladi.

«Nima balo, ko‘zlariga joying jannatdan bo‘lgur Abdurahmonning arvohi ko‘rindimi?»

– Dadasi, o‘g‘lingizning o‘rtog‘ini aytayotganingiz yo‘qmi, mabodo? Uning oti Abdurahmon emas-ku?

– He, oti bilan nima ishim bor? O‘sha muxbir bola-da. Uyimizda nima qip yuripti?

– Nima qilardi? O‘rtog‘ini ko‘ngli tusab, gaplashishga chiqqan-da.

– Ko‘ngli tusab, dedingmi?.. Ha, Abdurahmonning ham ko‘ngli tusagandir?.. Yo‘q… Sirayam… Ko‘ngli tusamaydi, uning. U ta’na qilgani kelgan! Bildingmi, Abdurahmonning nimaga kelganani? Haligi bolaniyam tanidim. U Abdurahmonning jiyani. Uniyam o‘sha yuborgan.

Ayolning titrayotgan qo‘lidan piyola tushib, tizzasiga urildi. «Yuzi issiq mehmon kelarkan», dedi-da, piyolaga yana choy quydi.

– Aytdim-ku, Abdurahmon keladi, deb! Bor, qara, kelgandir!

Ko‘l-oyog‘idagi titroq kuchaygan ayol o‘rnidan turayotib munkayib ketar ekan, bazo‘r o‘zini o‘ngladi, hovliqqancha hovliga chiqdi. O‘g‘li ko‘rinmagach, yuragi gupillab urib, ko‘cha eshik tomon yugurgiladi. Tutqichga qo‘li yetmasdan, eshik ochilib, hovliga  o‘g‘li kirib keldi. «Bolam, otangga bir narsa bo‘lgan. Hali aytsam, ishonmaganding. Hozir yuragim qinidan chiqib ketadi. Bor, oldiga kir! Tezroq!»

O‘g‘li kirishi zahoti Normirza orqa o‘girib oldi.

– Oshnang ketdimi? Endi ortimdan poylamagan u qoluvdi!

– Nega u ortingizdan poylaydi, dada? Biron poylatadigan ish  qilmagan bo‘lsangiz.

– Sen bola, menga bunday ilmoqli gap qilma! Hovlimga qadam qo‘ymasin, u, bildingmi?!

– Ilgari shu o‘rtog‘ing menga ma’qul, rahmatli Abdurahmon o‘rtog‘imning jiyani, tog‘a-siga tortgan, odamning ichidagini topib gapiradi, derdingiz… Hatto men haqimda yozsin ham degandingiz.

– Nima deding? Yozsin?! Ha-ha, bilaman, u meni yozmoqchi. Ichimdagini bilvolgan u. O‘g‘lim, o‘tir, betga, – Normirza o‘girildi. – Bugun choyxonaga chiqqandim. Bittasi choy bahona gapga quloq tutib o‘tiribdi. Nuqul gapga solib, og‘zimni poylaydi, de. Men sezmasam ekan. Uyam ortimdan tushgan. Xuddi Abdurahmon bilan kelgan askar bolaga o‘xshaydi.

O‘g‘il otasining gaplarini eshitar ekan, hayron bo‘ldi-bo‘ldi-da, onasining gaplariga ishona boshladi.

– O‘tgan ham og‘zimni poylaydi, ketgan ham. Hamma! Ayt, men ularga nima yomonlik qildim? To‘rt tomondan changalini ochib kelayotgan ajal orasida jonimni jab… – ota tilini tishlab qoldi.

«Hadeb jonimni jabborga berganman, senlar uchun qon to‘kkanman! Nima, dadamdan boshqa hech kim urushga bormaganmi? Buvim bitta-bittalab sanab berardilar – mahallamizdan o‘n yetti yigit urushdan qaytib kelmagan. Qishlog‘imizdan ketganlarni sanab charchaysan!»  O‘g‘lining kechagi gaplari Normirzaning quloqlarini batangga keltirdi. O‘rnidan irg‘ib turdi.

– Bor, menga Abdurahmonni aytib kel!

Normirza to‘pponchaning a’zoi badani titrar, bir kechadayoq so‘lib, bujmayib qolgan beti tinmay uchar, ko‘zlari… kirtaygan ko‘zlarida ilinj va qat’iyat almashib turardi. O‘ng qo‘li eshik tomon nuqilgan. O‘g‘il endi nega hamqishloqlarining otasini to‘pponcha deyishlarini yaxshiroq angladi. Uch to‘mtoq barmoq pastda, ko‘rsatkich barmoq to‘pponcha milini eslatardi.

«Yo‘q, bu shunchaki asabiylashish emas!» O‘g‘il tashqariga chiqqanda, onasi eshik yonida dir-dir titrab turardi.

Normirzaning nigohi eshikdan qayta-qayta cho‘ziq turgan o‘ng qo‘lida to‘xtadi. Sarosimada uni orqasiga yashirdi. «Yashirma! Ko‘rib turibman, shu to‘mtoq qo‘ling bilan meni o‘ldirding-a!» Harbiy kiyimdagi notanish yigit shu gapni takrorlagancha ustiga bostirib kelaverdi. Kelaverdi.

Ona-bola xavotirlangancha eshik oldida ancha turishdi. Uyga asta mo‘ralagan o‘g‘li dadasining gilamda uzala cho‘zilib yotganini ko‘rdi. «Nega qaqqayib turibsan?» Onasi uni bir chetga surib, uyga otildi. Yugurib borib, erining qon qochgan yuzini silab, seskanib, qo‘lini oldi, yuragiga quloq tutdi-yu… «Voy, otaginangdan ayrilib qoldik, bolam! Bizlarni kimlarga tashlab ketdingiz-a, to‘ram! Bir qultum suv tomizishgayam yaramadimmi-ya!» Erining boshida o‘tirib olgan onasi tinmay aytib yig‘lardi. O‘g‘il yig‘lagancha o‘zini otasining ustiga tashladi.

– Da-da-jon!

Nogoh o‘g‘il qo‘liga shilimshiq bir narsa ilashayotganini sezdi. Ko‘zini ochdi-yu, chap qo‘li otasining o‘ng qo‘li ustida turganini ko‘rdi. Seskanib, o‘zini orqaga oldi. To‘mtoq qo‘lning kaft orqasi, bilagi g‘ajilgan, tish izlari ko‘karib yotar, ko‘rsatkich barmoq bo‘l-sa… uzib tashlangandi…

“Sharq yulduzi” jurnali, 1986 yil, 12-son