Sharifjon quyosh o‘t purkayotgan ayni tush vaqti tuproq yo‘ldan oqsoqlanib ketib borardi. O‘qishidan ta’tilga chiqib kelganiga o‘n kuncha bo‘ldi. O‘tgan yildan beri yalangoyoq yurmagani uchun tovonlariyu oyoq kaftlari yer taftiga chidash bera olmadi, birinchi kechasiyoq po‘rsildoq boyladi, ertasi kuni qadam bosishning iloji bo‘lmay qoldi. Bir kundan keyin asta-asta yura boshladi, lekin suv boylab qolgan joylar chirs-chirs yorilib, cheksiz azob berdi, ko‘ziga dunyo qorong‘u ko‘rinib ketdi. Mana, oradan bir hafta o‘tsa-da oqsoqlanadi, bosaymi-bosmaymi deb qadam tashlaydi. Uning bu holatini ko‘rgan odam senga nima zarur, joningni og‘ritib nima qilasan deb o‘ylashi mumkin. Hozir bolalarni demasa, hech kim yalangoyoq yurmaydi. Oldinlari, Sharifjon bola paytlarida kattalar ham bemalol yalangoyoq yuraverar, ayniqsa, dalada rais va birgadirni hisobga olmasa, birov oyoq kiyim kiymas edi. Chunki yoz paytlari tuproq yo‘l gupillab ketadi, poyabzaling birpasda qum-tuproqqa to‘ladi. Lekin hozir zamon o‘zgardi. Odamlar ancha madaniylashib, tobora shahartabiat bo‘lib boryapti. Bugun ko‘chada yalangoyoq yurish uyat. Sharifjonning esa yalangoyoq yurgisi keldi, oyoq kaftlari xuddi bolaligidagi kabi tuproq taftini tuyushini, zig‘irqumlar tovonidan sirg‘alib o‘tishini istadi.
Hozir u yurib borayotgan yo‘lning ikki cheti tutzor, lekin bu paytda yo‘lga tangaday ham soya tushmaydi. Shu sababli Sharifjon yo‘l o‘rtasidagi maysali orolchalarni – ajriqzorlarni tanlab qadam bosadi. Maysali joyda tuproqning tafti susayadi, oyoqni kuydirmaydi. O‘zi bunaqa paytda esi bor odam shiyponda mizg‘iydi. Sharifjonning ham esi bor, lekin u ikki paykal naridagi oromgoh hovuzida cho‘milishni mo‘ljallagan. Qishloqlari toqqa yaqin bo‘lgani sababli bu yerda dam olish maskanlari ko‘p. Oldin ular kolxozga tegishli edi. Keyin xususiyalashtirish boshlandi, bog‘-hovlilarning hammasi sotildi, ko‘pi shaharliklarning mulkiga aylandi. Boyvachchalar bu yerga onda-sonda, bir kun-yarim kunga dam olgani keladi. Boshqa payt qishloqliklardan tanlab olingan qorovullar ushbu “salqinlanish maskanlari”ga ko‘z-qo‘loq bo‘lib turadi.
Sharifjon shunchaki cho‘milish uchun borayotgani yo‘q. Shu paykalning oxirida sholi taxtalari bor. O‘sha taxtalarning birida Madina ismli bir qiz sholi o‘tayotgan edi. Hozir tutzorga chiqib, salqinda tushlik qilayotgan bo‘lsa kerak. Madina shu yerning o‘zidagi kollejda ikkinchi kursda o‘qiydi. Sharifjondan uch yosh kichik. Istaraligina qiz. Uning odob-axloqiga havas qiladiganlar ko‘p. Shu bois so‘nggi paytlari xuddi musobaqalashayotgandek qulchilikka keladiganlar – sovchilar ko‘paydi. Lekin qizning uyidagilar hozir u kollejda o‘qiyotgani, o‘zlari ham to‘yga tayyor emasliklarini aytib yoppasiga rad javobini beryapti. Sharifjon Madinaga ilgari ko‘p ham e’tibor bermasdi. Chunki diqqatini tortadigan qizlar ko‘p edi. Keyin negadir fikri o‘zgardi, beixtiyor ko‘zga unchalik chalinavermaydigan qizni qidira boshladi. Bebosh yuragi esa undan bir og‘iz ham so‘ramay Madinani topdi. Shundan keyin Sharifjon o‘zidan-o‘zi bezovtalanadigan, shu qizni sog‘inadigan bo‘lib qoldi. O‘ylamayman deydi-yu, o‘ylayveradi. Soatlab shiftga qarab yotadi, uh tortadi. Shu alfozda allamahalgacha qilt etmay yotaveradi… Xullas, shunaqa. Yoshligida emlanmagan boladay osongina kasallandi-qoldi.
Madina bilan uch-to‘rt marta atay uchrashdi, to‘g‘rirog‘i, salomlashdi, xolos. Ortiqcha gap-so‘zning o‘zi yo‘q. Sharifjon salom beradi, hol-ahvol so‘raydi, qiz bo‘lsa birgina “yaxshi” degan javobni aytadi-da, baland olovli qozonga yog‘ qo‘yib qo‘ygani esiga tushib qolganday tez o‘tib ketadi. Lekin shu yarim daqiqalik suhbat chog‘ida Sharifjonning ko‘ngli juda ko‘p narsalarni his qiladi, keyin ancha vaqtgacha shuning kuchi bilan yayrab-yashnab yuradi. Madinaning ko‘zlarida hayo bor, jozib bir tortinish bor. Ana shu uyatchan nigohlarda u yuragiga quvvat, ruhiga nur beradigan bir yolqin borligini sezadi. Bu sehrli ko‘zlar: “Siz yaxshi yigitsiz, sizga ishonaman”, deganday bo‘ladi. Yo‘q, to‘g‘rirog‘i, Sharifjon bu so‘zlarni aniq-tiniq eshitadi.
Sharifjon Madina o‘toq qilayotgan taxtaga yaqinlashdi. Qiz paykal chetidagi ulkan tol soyasida choy ichib o‘tirgan ekan. Yigitni ko‘rdiyu apil-tapil yig‘ishtirindi. Sholipoyaning tol soyasi tushib turgan yeriga o‘tib, o‘toq qilishga kirishdi. Sharifjon u yoq-bu yog‘ini tuzatgan bo‘ldi. O‘n kun ichida qop-qorayib ketganidan uyaldi. Shu paytda unga qaragan odam yuzi qip-qizil bo‘lib bo‘g‘riqib ketganini ko‘rardi. Biroz nafas yutib turgach, oqsoqlanma dadil qadam tashlab, Madinaning yoniga bordi.
Qiz iloji boricha o‘zini e’tiborsiz tutishga harakat qilar, lekin ko‘nglida “Ishqilib, ketib qolmasin-da” degan xavotir ham bor edi. Yigit unga yaqinlashgach, tuzukroq gap topolmay ozroq kalovlanib qoldi, bu ahvolidan esa yanada o‘ng‘aysizlandi. Nimadir deyishim kerak deb chog‘lanar, lekin qizning ko‘ngliga o‘tirmaydigan gap aytib qo‘yishdan battar qo‘rqar edi. Axiyri, juda uzoq cho‘zilib ketganday tuyulayotgan sukunatni buzadigan, qiz bilan o‘rtalarida ko‘prik bo‘ladigan gapni topdi:
– Hormang, o‘toq qilyapsizmi? – shunday dediyu tilini tishladi, tomog‘i qaqrab, manglayida ter paydo bo‘ldi. O‘ylab-o‘ylab topgan gapi shu bo‘lganidan xijolat tortdi, Madinaning “Ha” deb bergan yarim og‘iz javobidan esa yanada dovdiradi.
– Men ham jo‘xorilarimizni chopib kelyapman. Yarim qarich bo‘p qopti. Qishloqda shu-da, kuning shunaqa ishlar bilan o‘tadi. Hozir shiyponga ketyapman, biroz salqinlab kelay.
Sharifjon muvaffaqiyatsiz chiqqan gapining xijolatidan qutulish uchun ko‘proq gapirishga, o‘zini erkinroq tutishga urinardi. U “salqinlab kelay” degan payti Madinaning yuragi zirqirab ketdi, boshini quyiroq egdi. Sharifjon esa buni sezmadi, suhbatdoshi o‘lib-tirilib topgan gaplariga javob bermayotganidan ko‘ngli cho‘kdi, “Bu yerga kelmasam bo‘lar ekan” degan o‘y o‘tdi xayolidan.
– Ha, mayli, sizniyam ishdan qo‘ydim. Men boraqolay, – deb shiypon tomonga yo‘naldi.
– Hovuz tarafga bormay qo‘ya qoling. Odam ko‘p shekilli. Hali “Damas”da shaharliklar keldi, – dedi Madina yerga ko‘z tikib. Sharifjon hayron bo‘ldi, qiz nega bunday dedi, shaharliklar kelgan bo‘lsa nima, axir hovuzdan ko‘pi bormi? Bitta dam olish uyining o‘zida ikki-uchta hovuz ishlab turadi.
– Shaharliklar kelgan bo‘lsa nima qipti?! Qishloq o‘zimizniki. Ozgina salqinlab qaytib kelaman. – Gaplarida maqtanishga o‘xshash ohang borligini Sharifjonning o‘zi ham sezdi.
Madina indamadi. U sholi taxtaning ichida boshini quyi solib o‘tirar, Sharifjon ketishini ham, qolishini ham bilmas edi. Oxiri, shiyponga qarab yo‘l oldi.
Sharifjon shiyponning shundoq yonginasidagi dam olish uyiga borishni mo‘ljalladi. Sababi, bu joy shaharliklarniki emas, shu yerlik bir boyning mulki. Qishloq ahli bu yerga bemalol kelib ketadi. Qish paytlari dala ishlariyu tashvishlaridan vaqtinchaga bo‘lsa-da qutulgan erkaklar bog‘dagi uychalarni ijaraga olib gap beradi. Bu uychalar qurilganiga ko‘p zamonlar bo‘lgan. Tuzilishi ham oddiy uylarga o‘xshamaydi – tomi yerga deyarli tutashgan. Ko‘pining derazasi bitta. Hozir ularning yoniga yangi binolar ham qo‘shilgan. Bu oromgohda Madinaning dadasi Mo‘min aka qorovullik qiladi. Sharifjon bilan salom-aligi yaxshi. Ayniqsa o‘qishga kirganidan keyin yanada quyuqroq so‘rashadigan bo‘lib qolgan. Bundan, albatta, Sharifjon xursand. Dam olish uyiga o‘ttiz-qirq qadam qolganda uning ko‘zi Mo‘min akaga tushdi. U katta hovuz qirg‘og‘iga o‘rnatilgan uzunkursida kim bilandir gaplashib o‘tirardi. Lekin suhbatdoshi ko‘rinmas, aftidan cho‘milayotgan edi. Yaqinlashgach ularning gap so‘zlari aniqroq eshitila boshladi:
– Qirqdan o‘tdig-u, lekin uncha-muncha yigitdan qolishmaymiz. Yigit kishi qirqida qirchillaydi-da!
Hovuz ichidan qizlarning hiringlashi eshitildi.
– Bu deyman, kenayimni xursand qilaverib joniga ham tegib ketsangiz kerak, – dedi qizlarning biri. Hovuz ichidan qiyqiriq ko‘tarildi.
– Xotin kishi o‘ttizdan keyin o‘tin bo‘ladi, yaxshi qiz. O‘zingizdan qolar gap yo‘q, – Mo‘min aka o‘zining gapi o‘ziga na’sha qilib kuldi.
Hovuzga yaqin kelib qolgan Sharifjon tek qotib turar, shuuri karaxtlashgan edi. Hovuz ichida ikkita qiz cho‘milayotgan edi: ko‘rinishidan biri yigirma besh yoshlardagi juvon, biri esa hali juda yosh, yigirmaga ham to‘lmaganga o‘xshar, balki turmushga ham chiqmagan bir qiz edi. Ularning ko‘zi Sharifjonga tushdi va birdan jimib qolishdi, noqulay sukunat cho‘kdi. Mo‘min aka qizlar tikilib turgan tomonga o‘girildi va ro‘parada turgan Sharifjonni ko‘rib, yuzini burishtirdi.
– Ie, ha, student, yo‘l bo‘lsin?
Sharifjon javob bermadi. Bir qizlarga, bir Mo‘min akaga ijirg‘anib qaradi. Bu esa, tabiiyki, Mo‘min akaga yoqmadi, izzat-nafsiga tegdi.
– Nima, karmisan? Bu yerda senga qand bormi, deyapman!
Shu payt nariroqdagi uychadan o‘ttiz besh yoshlardagi qorindor bir kishi chiqib keldi. Soqoli o‘siq, ko‘kragiyu qornini tuk bosgan, guldor va shalpaygan kalta ishtoni tizzasiga tushgan, kindigi yong‘oqday bo‘rtib turgan bu yarimyalang‘och erkakni shu holda ko‘rgan kishining o‘zidan-o‘zi ta’bi tirriq bo‘lardi.
– Ha, nima gap, aka? – deb so‘radi u Mo‘min akadan.
– E, manavini ko‘rmaysizmi – chaqirilmagan mehmon. Ha, nimaga bo‘zrayasan?! – deb Sharifjonga o‘shqirdi Mo‘min aka.
– Bolangiz tengi qizlar bilan o‘ynashib o‘tirgani uyalmaysizmi, aka, – dedi Sharifjon. Boshqa gapirolmadi, tovushi tomog‘iga tiqildi.
– Nima deyapsan sen, nosqovog‘imday kelmaysan-u, aql o‘rgatyapsanmi? Shaharda o‘qib ja-a olim bo‘p ketdingmi? Olimligingni borib domlalaringga qilasan!
– Qizishmang, aka, qizishmang, – deb gapga aralashdi qorindor kishi. So‘ng murosa yo‘liga o‘tdi. – Sen, ukam, kattalarning ishiga aralashma, jo‘jaxo‘rozlik qilma. Cho‘milging kelayotgan bo‘lsa, bor, ana boshqa “dacha”lardayam hovuz ko‘p. Bizni tinch qo‘y.
Qorindor yuzini ters burdi, qornini qashlab biroz turdi-da, borib suvning issiq-sovuqligini tekshira boshladi. Hovuzga qo‘lini botirib yelkalarini, qorinlarini suv bilan namlashga kirishdi. Sharifjon bir unga, bir qizlarga, bir Mo‘min akaga qaradi. So‘ng chetga qarab tupurdi-da, kelgan yo‘liga qaytdi. Yigirma-o‘ttiz qadam yurganidan so‘ng ortida qiy-chuv kulgi ko‘tarildi. Sharifjonning ko‘ngli alag‘da bo‘lgan, qandaydir bir og‘ir g‘ashlik yelkalaridan tobora ezib tushar edi. U oldingi paykalga xavotir bilan ko‘z tashladi va birdan yengil tortdi: Madina yo‘q edi. Ishini tugatib ketgan ko‘rinadi. Sholi taxtalarga yaqinlashgach, Sharifjon taxmini xato chiqqanini angladi: o‘toq qilinayotgan pol hali tugamagan, Madina tushdan keyinoq ketib qolgan edi. Dadasining nima qilayotganidan xabari bormikan deb o‘yladi Sharifjon. Balki shuning uchun boya uni shiypon tomonga borishdan qaytargandir? Yo biror ishi chiqib ketib qoldimikan?
Sharifjonning nafrati qo‘zir, boshqa tomondan esa hayron bo‘lar edi. Nahot Madinaday aqlli, odobli qizning otasi shunday axloqsiz bo‘lsa? Hech yo‘qsa bir paykal naridagi qizidan uyalmaydimi? Uzoqroqda bo‘lsa-da, bularning qiy-chuvi unga yetib borishi, agar yaxshilab razm solsa bu yerda nimalar bo‘layotganini ko‘rishi, aniq bilolmasa ham, anglashi mumkin-ku! Shuyam ota bo‘ldimi endi?
Xayolida shu kabi javobsiz savollarni tinimsiz qaytarar ekan, Sharifjon boshqa bir gapdan seskanib ketdi: Madinaga uylansa, qaynotasi shu Mo‘min aka bo‘ladimi? E, yo‘q, unga endi qizini bermasa ham kerak. Chunki bugungi voqeadan keyin oralari yaxshigina buzildi, bundan so‘ng Mo‘min aka u bilan ikki dunyoda iliq munosabatda bo‘lmaydi. Aslida, Sharifjon iliq munosabatni ortiq istamasdi ham, lekin Madinani o‘ylar ekan, yuragining bir chetida xavotir bosh ko‘tarar, qandaydir o‘ksinish, afsuslanish hissi ham yo‘q emas edi.
Sharifjon shu kuni daladagi ishiga qaytib bormadi, uylariga ketdi. Xonasiga kirib, karavotga tappa tashladi. Uzoq vaqt qimirlamay yotdi, lekin uxlayolmadi. Yuragiga qo‘rg‘oshinday cho‘kib qolgan g‘ashlik ko‘tarilmadi, ko‘ksini og‘ir bosib turaverdi. Sharifjon shu ahvolda ikki soatcha yotdi, oxiri uyquga ketdi. Namozshomda ayasi kirib uyg‘otdi. Uyqudan loxas bo‘lib uyg‘ondi, boshi g‘uvillab og‘rir, lekin haligi alag‘da kayfiyatning tumani biroz tarqaganday edi. Kechki ovqatni ham oxirigacha icholmadi. Ayasining xavotirli savollarga “Boshim og‘riyapti” deb bir og‘izgina so‘z bilan javob berdi. “Issiq o‘tgan ko‘rinadi, – deb tashxis qo‘ydi ayasi. – Shaharda salqin-soyaga o‘rganib qolgansan. Peshingacha ishlab nima qilarding?! Sen yo‘q paytlari o‘sha jo‘xorilarni o‘zimiz ekdik, dadang o‘zi yolg‘iz sug‘ordi. Qiynalib qolganimiz yo‘q. Ertalablari vaqtli borib, kun qiziguncha ishla, keyin uyga kelib damingni ol. Kunning tafti qaytganda yana borasan, qosh qorayguncha ishlaysan. Hozir tur, yangi uyga kir, qatiq uyitib qo‘yganman. Simirib-simirib ich, issig‘ingni oladi”. O‘g‘lining hafsalasiz o‘tirganini ko‘rgan ona qatiqni o‘zi olib kelib, kosaga quydi. Sharifjon uch paqir qatiq ichsa ham ichidagi olov so‘nmasligini bilsa-da, onasining ko‘ngli uchun qatiqdan uch-to‘rt marta ho‘plab qo‘ydi. So‘ng xonasiga qaytib, o‘zini yana to‘shakka tashladi.
Sharifjon ertalab vaqtli turib, dalaga jo‘nadi. Bir ko‘ngli dalaga borma, Madinaga duch kelib qolishing mumkin, unga nima deysan, ko‘zlariga qanday qaraysan, dedi. Boshqa bir ko‘ngli esa uchratsang nima, qochib yurishing kerakmi, ko‘rishsang balki yengil tortarsan deb uqtirdi. Xullas, shunaqa ikkilanishlar bilan dalaga yo‘l oldi. Erta sahar bo‘lgani uchun ko‘chada odam siyrak, dala esa biryo‘la kimsasiz edi. Sharifjon cheklariga yetib kelib, pochalarini shimardi-da, ishga kirishdi. Hali quyosh chiqib, ko‘tarilguniga qadar bir soatcha bor. Eng barakali vaqt ana shu bir soat, shu paytda ish unadi. Kun qizdira boshlagach esa, odamning nafasi qaytadi, erinchoqligi tutadi. Aslida, jaziramada ishlashning ham foydasi yo‘q. Kun tig‘ida qolsang, quyosh urishi mumkin. Keyin ancha vaqt, ba’zida hatto bir haftagacha loxas bo‘lib, qo‘ling ishga bormay yurasan.
Onasi issiqda ishlama, deb tayinlagan bo‘lsa-da, Sharifjon tushgacha paykaldan chiqmadi. Tuproqning tafti oyoqni kuydiradigan darajaga yetgachgina, ishini tugatdi. Chopilgan joyga ko‘z tashlab ko‘ngli to‘ldi, anchagina yer chopiqdan chiqqan, yana bor-yo‘g‘i yarim kunlik ish qolgan edi, xolos. So‘ng paykal chetidagi tutlar soyasiga borib o‘tirdi, o‘n daqiqacha salqinladi. Oyoqlarini uzatib, qo‘lini orqaga tayaganicha, oldindagi paykallarga tikildi. Madinalarning cheki bu yerdan ko‘rinmas, faqat paykal qirg‘og‘idagi tutlar, uning ortidan esa oromgohdagi baland keksa tollar ko‘zga elas-elas tashlanar edi. Sharifjon bir muddat boraymi-bormaymi deb ikkilanib qoldi. Keyin qat’iy bir qarorga kelib o‘rnidan turdi: hozir to‘g‘ri Madinaning oldiga boradi, suhbatlashadi. Balki uni yoqtirishini, unda ko‘ngli borligini aytar. Yo‘q, cho‘zishdan foyda yo‘q, aniq aytadi. Bo‘lmasa, kimdir Sharifjondan oldinroq otni qamchilashi yoki Madinaning o‘zi uning qo‘rqoqligi, jasoratsizligini ko‘rib, qo‘l siltashi mumkin. Bu yoqda sovchi degan balo ham bor. Madinaga ko‘nglidagini aytib qolmasa, juda noziklashib, o‘rgimchak to‘riday bo‘lib qolgan umid rishtalari hoziroq uzilib ketadiganday tuyuldi Sharifjonga.
Qizning unda ko‘ngli bor. Sharifjon bunga u qadar ishonmaydi-yu, har holda ishonadi. Shu tuyg‘udan ancha dadillandi, hadik aralash ishtiyoq bilan yo‘lga otlandi. Traktor o‘taverganidan ikki chekkadagi tuprog‘i tortilgan unday bo‘lib qolgan, o‘rtasi ajriqzor yo‘lga yetganida ellik-oltmish qadam narida o‘ziga qarab kelayotgan qizga ko‘zi tushdi. Tushdi-yu, yuragi hapqirib ketdi. Yuz-ko‘zini ajratib olish mushkul bo‘lsa-da, tanidi: Madina ishini mo‘ljaldagidan ertaroq tugatibdi. Sharifjonning yuragi borgan sari tezroq, zarbliroq urar, uning gup-gup ovozini o‘zi ham tobora aniqroq eshitar edi. Masofa lahza sayin qisqardi: qirq qadam, o‘ttiz qadam, yigirma, o‘n… Va nihoyat nigohlar tutashdi.
Bugun Sharifjon negadir o‘zini ancha dadilroq tutdi. Ovozi biroz titrasa-da, kechagiday dovdirab turmadi:
– Salom alaykum. Madina, yaxshimisiz?
Qiz javob bermadi. Bir muddat yurishdan to‘xtadi-da, Sharifjonga tikildi. Bu qarash yigitning ko‘zlariga botdi, yuragini teshib o‘tganday bo‘ldi. Sharifjon havosiz bo‘shliqda qolganday nafas ololmas, quloqlari shang‘illar, ong-shuuri zing-zing etgan judayam qattiq ovozdan karaxt bo‘lib qolgan edi. U qizning nigohlaridan: “Sizga ishongan edim, sizni sevardim, ammo siz bunga loyiq emas ekansiz”, degan alamli ifodani o‘qidi. Yo‘q, to‘g‘rirog‘i, bu so‘zlarni aniq-tiniq eshitdi.
Qiz to‘xtamadi. Yigitning shundoq yonginasidan, go‘yo uni ko‘rmaganday, sezmaganday o‘tib ketdi. Sharifjon uzoq vaqt qimir etmay turib qoldi. Qizning ortidan yugurib borgisi, hammasini tushuntirib bergisi keldi. Lekin nimaniyam tushuntirardi. Dadang shunaqa-shunaqa ekan, menda ayb yo‘q, deydimi? Yoki men haqimda yomon gap aytishgan bo‘lsa, ishonma. Qanaqaligimni bilasan-ku, seni aldamayman, men yaxshi bolaman, deb urib-engadimi?
Sharifjon uzoq turdi. Keyin oldinga qarab asta-asta qadam tashlay boshladi. U qayoqqa ketayotganini, nimaga ketayotganini bilmas, ko‘z oldini qoplagan tumanli bo‘shliqqa ma’nosiz tikilib borar edi. Mana, u katta yo‘ldan o‘ngga – umuman maysasi yo‘q, tuprog‘i gupillab yotgan yo‘lga burildi. Kun ayni tikka kelgan, yo‘l esa tandirday qizigan edi. Lekin hozir Sharifjon bu yo‘ldan bemalol yalangoyoq ketib borardi. Turishidan, oyoqlaridagi yaralar bitgan, tovon va panjalari tuproqning jazirama taftiga o‘rganib qolgan edi.
2011 – 2013