Oqiljon Husanov. Ustaning muhabbati (qissa)

Ilmda benazir muallimim, akademik
Vohid Abdullo xotirasiga bag‘ishlayman.
Muallif

I

Samarqand kuzining o‘ziga xos ajib tarovati bor: shahar atrofidagi bog‘larning muattar bo‘ylariga to‘yingan qurch havoda erinchoq mezonlar uchib yuradi; bog‘-maydonlarda, hovlilarda o‘rik, olma, behi, nashvati yaproqlari anvoyi ranglarda ko‘zni qamashtiradi; ishkomlarda navvotrang husayni, toifi, har bir donasi moshdan xiyol chog‘roq oq kishmish uzum boshlari oltindek tovlanib turadi.
Bir qarashda xuddi shunday. Aslida bu qadimiy makonning kuzini inson umrining shodlik va tashvishlariga qiyos kilgudek alomatlari ham bor. Sumbula kirishi bilan havoning tafti keskin o‘zgaradi, kunduz kunlari yozdagidek isib ketadiyu avvali oqshomlar birdaniga salqin tushib, bilinar-bilinmas shabada esadi — keksalar ham, yosh-yalanglar ham yaktagu choponga o‘ranib oladilar. Samarqandni qoq ikkiga bo‘lib oqadigan Qorasuvning, shaharni atrofdan kamardek o‘rab olgan Siyohob, Panjob ariqlarining ta’sirimi, har qalay, havo namxush hamda vazmin tuyuladi kishiga. Sumbula tunlarining salqiniga beparvolik qilib yupun kiyinganlaru o‘zlarining bardamliklariga ishonib, havoning zahrini nazar-pisand etmaganlar goho dog‘da qoladilar — nogahon tumov-puchmoqqa chalinib, «uho‘-uho‘»lab yuradilar.
Sumbulada shahar ichkarisidan o‘tadigan katta-kichik anhorlardagi obihayot muzdek soviydi, tiniqlashadi, moviy tusga kiradi; ariqlar tubida qalashib yotgan toshlar, yoz davomi suv ichida o‘sgan, kuzgi salqinlar ta’sirida rangi unniqib o‘cha boshlagan turli-tuman o‘tlar bamisoli ochiq yerda turgandek aniq ko‘rinadi; anhoru ariqlarning to‘lib oqayotganini, oqimning yo‘nalishini zilol suv ostidagi o‘tlarning u yon-bu yon tebranishidan bilib olsa bo‘ladi. Kuz faslining to‘kinchiligi, havoning qurchligi ariqlarning ham qut-barakasini oshirib yuborgandek: kechagina — yoz oylari bir kosa suv bilan chanqog‘ini arang bosgan kishi mana bugun yarim piyola obi zilolni bazo‘r no‘sh etadi.
Kuzda Samarqand bozorining manzarasi ertagu afsonalardagi jannatdan ham oshib tushadi. Motrud taraflardan — Obirahmat arig‘i bo‘yidagi bog‘lardan keltirilgan, shirasi savat ostidan chak-chak tomib turgan sariq-qora anjirlar Ohaklik tog‘i etaklarida yetishgan, burunning qonidek qip-qizil anorlar, Siyohob bo‘ylaridagi bot-maydonlardan terib olingan noku nashvatilar ko‘zlarni qamashtiradi. Shirinliklar rastasida esa, navvotu halvoyi lafzdan tortib qandolatu chakchakidovgacha — yigirma-o‘ttiz aynosdagn shiravor ne’mat xaridorlarga muntazir. Galaosiyo tegirmonlarida tortilgan bahori bug‘doy unidan yopilgan po‘loti nonlarni aytmaysizmi… Samarqand bozorini oralab bu yerdagi noz-ne’matlarni ko‘rgan, ularning xush bo‘yidan bahramandlangan kishi beixtiyor shu yorug‘ dunyoda insonlik kamoli bilan ko‘z ochgani uchun Ollohu taologa ming bora shukrona aytadi.
Ha, jahonga dovruq solgan Amir Temur bu qadimiy manzilni o‘z davlatining poytaxti etib tayin qilganida, tabiiyki, ko‘p jihatlarni nazarda tutgan bo‘lishi ehtimoldan uzoq emas. Chunonchi, zukko sohibqiron tarixda Iskandar Zulqarnayndan boshlab ne-ne bosqinchilar diqqatini o‘ziga ohanrabodek tortgan Samarqandning tashqi dushmanlar bilan kurashishga qulay joyda o‘rnashganligilan tashqari bu zaminning havosiyu suvini, shirin-shakar noz-ne’matini ham hisobga olgan bo‘lsa ne ajab…
To‘kinchilik, ma’murlik, dimoqlarni qitiqlovchi anvoyi hidlar, xilma-xil kiyingan, turli-tuman aftu angorli kishilarning bir-birlarini tanimasligi, xaridor bilan furushandaning savdolashib-tortishayotgani — Sharqdagi barcha shaharlarda uchraydigan bunday manzara Samarqand bozoriga ham xos. Shu boisdan o‘rta bo‘yli, bugdoyrang yuzli, keksaligiga qaramay ko‘zlari tiyrak boquvchi to‘rvasoqol, boshiga nimdoshgina salla qo‘ndirib, egniga qalami yaktak kiyib olgan qahramonimiz Usta O‘roqqa ham bozordagilardan biror kishi ahamiyat berayotgani yo‘q. Hali butunlay oqarib ulgurmagan soqoli bilan sallasi bir xil tusda bo‘lgan bu odam yumushdan so‘ng — kechki mahal bozor oralab manziliga qaytayapti. Tevarak-atrofiga, tirikchilik tufayli g‘imirlab yurgan rang-barang ko‘rinishli odamlarga ayricha bir mehr bilan boqadi. Bugun uning ko‘ziga hamma narsa — rastama-rasta kezib yurgan xaridorlar ham, o‘z molini maqtab sotayotgan furushandalar ham, savatlarda, ulkan-ulkan tog‘oralarda yoyilib turgan tabiat ehsonlari ham har kungi
dan ko‘ra go‘zalroq tuyuladi. Usta bugun bag‘oyat xushnud kayfiyatda. U bozor oralab yurgan turli elat va turli dinu mazhabga mansub odamlarning barisini o‘zining aka-ukasidek ko‘ngliga yaqin sezar, iloji bo‘lsa, biror munosabat topilsa, hammani o‘pib-quchgudek holatda odimlab borar edi.
Usta O‘roq mevachilik rastasidan obikorlik – sabzavot rastasiga o‘tdi. Karam, sabzi, sholg‘om, turp, turli xil ko‘katlar… Kadifurushlar ro‘parasiga yetganida Usta beixtiyor to‘xtadi. «Chelak qishloq atroflarida kadilar durust bo‘ladur, derdilar, — o‘yladi u. — Mana bular o‘sha qishloqdin olib kelingan o‘lsa ajab ermas».
Kadilar o‘zining yetilish darajasiga, turiga ko‘ra xilma-xil rangda edi, sinchkov kishilarning e’tiborini beixtiyor tortar edi: sarg‘ish, och qizil, oqimtir kizil, ko‘kimtir kizil… «Masjidi jomening g‘ishtlariga rangi-ro‘g‘an berishda ushmundoq tuslardin ham istifoda etilsa, xo‘b durust ish o‘lur erkan-da, attang. Afsuski, bo‘yoqchi ermasmen, bor-yo‘g‘i g‘isht bostirguvchi ustamen…»
Usta O‘roq ochiq chehra bilan kadifurush ro‘parasiga borib, ikkita chog‘roq kadi tanlab xarid qildi. Aniqrog‘i, savdolashib ham o‘tirmadi, furushandaning aytganini to‘ladiyu, kadilarni qo‘ltig‘iga olib, yo‘lga tushdi. Xushnud kayfiyatda borar ekan, tabassum bilan boshini qimirlatib qo‘yar, o‘z-o‘ziga so‘zlar, nimalarnidir uqtirar edi: «Samarkanddek firdavsmonand bir yurtda Movarounnahrning eng katta nomozgohi — Masjidi jome’ kurilayotir. Ushmundoq tabarruk dargohni bunyod etmishda ishtiroking bor, O‘roqboy. Ha, kichik yumush ermas bu! O‘shul mo‘tabar imoratning bitishiga oz kunlar qolg‘onin bilursen. Hademay jahongir Amir Temur ham olis safardan qaytur. Masjidi jomeni tiklashda ishtirok qilg‘on ustalar safinda ulug‘ amir senga ham tortuq-tarag‘aylar bersa ajab ermas, O‘roqboy!.. He, tortuq senga ne darkor o‘zi, qari nodon? Masjidi jomega nomozg‘a yetg‘onlar akalli biror bora: «Ushbu imoratni poyoniga yetkurg‘on ustalarni xudo yorlaqagay», deb duo aylasalar, sen uchun bas-da!.. Noshukur bo‘lma, O‘roqboy, axir
bugun ko‘pdin o‘ylab yurg‘on niyatingga yetding — aning jamolini yana bir bora ko‘rishga musharraf bo‘lding!.. Emdi armon qilmag‘il…»
Usta O‘roq — aslida o‘taketgan taqvodorlardan emas. U ulamoyu domlalarning, taqvodor kishilarning amri-ma’ruflarini beparvolik bilan, ba’zan esa, xushlamay tinglardi. Uning besh mahal nomozni kanda kilmay to‘la-to‘kis o‘qigan kunlari kamdan-kam bo‘ladi. Buning sabablari bor albatta. Usta erta bilan bomdod nomozini har kuni uyda o‘qiydi; peshin vaqti aksariyat (jum’a kunlaridan tashqari) mehnat bilan o‘tadi; nomozi digar mahalida esa, Usta ko‘pincha yo‘lda bo‘ladi… Usta O‘roq shunday sababu mulohazalarni har zamon-har zamonda ko‘nglidan kechiradi-da, nomoz-niyozning kanda bo‘lishidan unchalik o‘kinmaydi. Chunki u mehnatu zahmat bilan kun kechirishni, halollik-poklik bilan umr o‘tkazishni toat-ibodatu nomoz-niyozdan baland qo‘yadi. «Halol mehnat ila umr o‘tkarkan kishini xudo ham, payg‘ambar ham yorlaqasa ajab ermas. Xudoning birligiga, payg‘ambarimiz Muhammad Alayhissalomning barhaqligiga ishonsang, imonni butun tutsang bo‘ldi-da», deb o‘ylardi Usta o‘zicha. Shu boisdan u bugungi voqeani — sevgilisining jamo
lini ko‘rish o‘ziga nasib etganini ham xudoning inoyati deb ishonib bag‘oyat mamnun kayfiyatda, yaratganiing o‘ziga qayta-qayta shukrona aytib borayotir.
Usta O‘roq Sayfullo ismli shogirdi bilan Balandhovuz guzaridagi Niyozboy degan attornikida ijarada yashaydi. Shogirdi ham uning yonida ishlaydi. Sayfullo — ustoziga nihoyatda sodiq, mehribon yigit. Lekin yumushga borishu manzilga qaytishda ustoz va shogird deyarli birga yurmaydilar: Usta O‘roq har kuni barvakt ishga borarda ham, kechga yaqin ijaraxonaga qaytarda ham yakka yuradi, negadir so‘nggi mahallarda yolg‘iz o‘zi xayol surishni yaxshi ko‘radigan odat chiqargan.
Usta O‘roq bilan Niyozboy attor bir-birlarini, har qalay, hurmat-izzat qiladilaru, ammo kamroq gaplashadilar. Zero ko‘proq suhbatlashishga fursatlari ham bo‘lmaydi. Usta O‘roq, o‘zidan yoshroq bo‘lsa ham, hovli egasini «Niyozboy aka» deb ataydi. Niyozboy ham Usta O‘roq haqida gap ketganda: «Faqat shunchaki bir usta ermas bu odam, bamisoli farishga», deb qo‘ni-qo‘shnilariga maqtaydi.
Usta ham, uning shogirdi Sayfullo ham ertalabki nonushtani, kechki taomni Niyozboynikida o‘tkazadilar. Ana shu ikki mahal yemagu yotoqxona uchun hovli egasi — Niyozboy attorga haq to‘laydilar. O‘rtadagi baylashuvda hovliga biror masalliq yoki yemish-ovqag keltirish haqida gap bo‘lmagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, har kungidan o‘zgacha — xushnud kanfiyatda ikkita qovoqni qo‘ltiqlab kelayotgan Usta O‘roqni ko‘rgan Niyozboy attor hayron bo‘lib, ozgina taraddudlanib qoldi. Ular tashqi hovlining mo‘jazgina ikki tabaqali darvozasi oldida bir-birlariga duch keldilar.
— Hormangiz, Usta bobo!
— Bor bo‘ling, Niyozboy aka! – dedi Usta jilmayib.
— Bir nimarsalar ko‘tarib, mehnat tortib yuribdursiz? Kadilik taom yegingiz kelg‘on ersa, bir og‘iz bildirmaysizmu? Bunchalik zahmatga ne hojat?..
— E, nechun zahmat bo‘lsun, Niyozboy aka, nazarimga, ajib ne’mat bo‘lub jilva berdi, xarid aylamaslikning iloji yo‘q ko‘rindi.
— Bugun xiyol o‘zga maxfilda ko‘rinadursiz, Usta bobo, – dedi bilinar-bilinmas jilmayganicha hovli egasi. — Ziyofatda ishtirok etdingizmu? Bilishimcha sharob otlig‘ nimarsadin no‘sh etgan ko‘rinasiz…
— Topdingiz, Niyozboy aka, men bugun rostdin sarmastmen,— deya hovli egasining ko‘zlariga tikildi Usta O‘roq. – Valek sharobdin ermas, baxt og‘ushidamen, armonsiz odammei. Vaqti-soati birlan o‘zim sizga so‘zlab bergaymen…
Usta O‘roq darvozaxonadan ichkariga kirib, kadilarni supachaga qo‘ydi-da, to‘g‘riga — o‘z yotog‘iga yo‘l oldi. Hovli egasi jilmayganicha, uning ortidan qarab, boshini sarak-sarak qilib qoldi.

Asarning to‘liq matnini PDF formatda saqlab oling