Oqiljon Husanov. Ibn Sino visoli (qissa)

Boshingga ne balo kelsa,
Birovdanmas, o‘zingdan ko‘r.
Xalq maqoli

1

Ular ko‘rkam istirohat bog‘i burchagidan boshlangan, qiyalab ketgan keng-mo‘l yo‘lak orqali shahar o‘rtasidan oqib o‘tadigan anhor bo‘yidagi pastqamgina maydonchaga tushib borardilar. Qachonlardir qurilgan ikki xonali chog‘roqqina uy yonida pivo quyib sotilmoqda, biroz narida — maydonchaning o‘rtarog‘ida kabob qo‘ralaridan tutun o‘rlab turibdi. Birovlar anhorda cho‘milardi, birovlar yarim yalang‘och, birovlar kiyingan holda kabobchining oldida uymalanardi, birovlar qo‘lida ikki-uch six kabob bilan pivofurush tomonga shoshardi. Maydonchada odam nihoyatda ko‘p edi, erkagu ayol aralashib yurardi, hech kim hech kimga ahamiyat berib qaramasdi, chamasi, hammaning fikri-zikri anhorda cho‘milish, kabobxo‘rlik qilish va pivo ichish tsingari yengil-elpi o‘ylar bilan band edi. Toshko‘mir tutuni, achigan pivo, tuzlangan baliq va cho‘milganda odam badanidan taraladigan yoqimsiz hidlar aralashmasi dimoqlarga urilardi.
TTO‘J — Tarixni teran o‘rganish jamiyatining vakili bilan uning ortida borayotgan viloyat rahbariga ham maydonchada g‘imirlab yurganlardan hech kim e’tibor qilmadi. Avvalo, ularning ikkalasi ham qora lasdan tikilgan nimdoshgina kamzul kiyib olishgandi — ko‘rgan odam ularni, qorovul yokim ko‘cha supiruvchilar bo‘lsa kerak, deb o‘ylardi. Ikkinchidan, bu yerga aksariyat pivoxo‘rlaru cho‘milish ishqibozlari kelib turadi-da axir, kim bilan kimning ishi bor? Qolaversa, aytganimizdek, maydonchada g‘ujg‘on o‘ynayotgan ayolu erkakning o‘yu xayoli mana shu joydan olib qolinadigan qisqa muddatli maishatda edi.
— Bu yerga nima uchun kelayapmiz o‘zi?— dedi viloyat rahbari biroz norozi ohangda. — Shuncha odamning nazariga ko‘z-ko‘z bo‘lib yurishimiz shartmidi? Boshqa tarafdan o‘tsak bo‘lmasmidi? Axir, bunchalik ko‘p qalang‘i-kasang‘ilar orasida ham meni taniydiganlar uchrab qolishi mumkin…
Jamiyat vakili yurishini sekinlatib xiyol burildi-da:
— Mahkamaga shu yerdan kiramiz-da, birodar, – dedi. — Hozirdan har narsaga e’tiroz bildiraversangiz yoki o‘zingizcha shart ko‘yaversangiz qandoq bo‘larkin? Axir o‘zingiz istak bildirdingiz… Demak, hozir eng avval sizni raisimizning huzuriga obkiraman. U kishiga ma’qul tushsangiz, jamiyatimizga a’zo bo‘lishingiz mumkin. Faqat, kecha aytganimday, bitta sharti bor: bizning sirimizni fosh etmaysiz! Biz ham sadoqatingizga qarab ish tutamiz! O‘zingizga ma’lum, tashkilotimiz hali to‘la rasmiylashgan emas… Raisimizdan keyin sizni prezidentimizning o‘zlari ham kabul qiladilar. Raisga ham, prezidentga ham niyatingizni aytasiz.— So‘ngra o‘nglanib, avvalgi maromda odimlar ekan, o‘z-o‘ziga gapirgandek ko‘shib qo‘ydi.— Ilm-fan uchun jonini ham ayamaydigan kishilar kerak bizga. Faqat bizda emas, hamma sohada shunday bo‘lishi kerak o‘zi…
Viloyat rahbari o‘z idorasidan bor-yo‘g‘i yarim chaqirim uzoqlikda bo‘lgan anhor bo‘yidagi ushbu manzarani birinchi marta hayrat bilan kuzatib borardi… Pastqam maydonchaning bir yoni anhor bilan chegaradosh, ikkinchi yoniga palaxsa-palaxsa tog‘ toshlaridan taxminan besh metrlar balandligida devor urilgan. Devor yukorisidan hozirgina o‘zlari tushib kelgan joy — yosh-yalanglar sayr etadigan istirohat bog‘i boshlanadi. Devorning o‘rtarog‘ida, ya’ni kabob pishirilayotgan ko‘ralarning yaqinginasida ko‘rg‘oshin rangiga bo‘yalgan ikki tavaqali ko‘rimsizgina darvoza ko‘zga tashlandi. Jamiyat vakili bilan viloyat rahbari to‘ppa-to‘g‘ri o‘sha darvoza sari borardilar. Jamiyat vakili kamzuli cho‘ntagidan kalit chiqarib, ixchamgina qulfni ochaboshladi. Viloyat rahbari, nimadandir xavotirlangandek, sherigining harakatlarini ham, atrofda g‘imirlab yurganlarni ham alang-jalang kuzatardi. Shunisi qiziqqi, hatto kabob pishiruvchilar ham ularga bundoq qayrilib qarashmasdi –  hamma o‘zi bilan o‘zi ovora edi.
— Hech narsani o‘ylamang, bular — g‘aflatdagi odamlar,— dedi jamiyat vakili qulfni ochaturib. Viloyat rahbarining hayronligi yana oshdi: vakil uning tahlikali harakatini, miyasidan kechgan fikrlarni qanday bildiykin? Yoki… boshining orqasida ham ko‘zi bormikin uning?
Darvoza ochildi. Ular nimqorong‘i yo‘lakka kirdilar. Darvoza yopilib, ichkaridan qulflandi. Yo‘lak yana ham qorong‘ilashdi. Jamiyat vakili viloyat rahbarini ko‘ltig‘idan ushlab, bir-ikki qadam ichkariga tortdi. Nimadir shirilladi, chamasi, darvozani to‘sib turuvchi parda tortildi va o‘sha zahoti ichkari yorishib ketdi. Qorong‘ilikka endigina ko‘nikayotgan viloyat rahbarining ko‘zlari jimirlashdi. U xiyol fursat o‘tib ko‘zlarini ochdiyu ajib bir manzarani ko‘rdi: metro bekatini eslatuvchi keng-mo‘l yo‘lakda turishardi ular. Yuqorida — yo‘lak shiftida son-sanoqsiz qimmatbaho qandillar osib ko‘yilgandi. Yo‘lakning ikki yon tarafida eshiklar ko‘zga tashlanardi. Viloyat rahbarining nazarida devorlar ham, eshiklar ham plastmassadan yasalgandi. Yo‘lakning narigi uchi chap tomonga burilib ketgani uchun nihoyasi qayerdaligi ma’lum emasdi… «Mana shu yerosti inshootlari ham mening tasarrufimdami o‘zi?— dedi viloyat rahbari xayolan o‘ziga o‘zi.— Yer ostida shunchalik mo‘jizaviy mulkim borligidan bexabar ekanman… Yoki
bular o‘zicha alohida hokimiyatmi?»
— Nega qarab qoldingiz, yuring,— dedi jamiyat vakili va shu asnoda o‘ng tarafdagi birinchi eshikni ochdi. Oldinma keyin xonaga kirdilar. Xoianing ikki yon devoriga plastmassa shifoner-shkaflar tprab qo‘yilgandi. Jamiyat vakili, xuddi o‘z uydagidek, shifoner-shkaflarnnng eshiklarini birma-bir ochaturib:
— Yaxshilab kiyinib oling, — dedi, – raisning yoniga shu ahvolda kirsangiz bo‘lmas.
— Siz-chi? — dedi viloyat rahbari o‘ziga loyiq ko‘ylak, kostyum izlay turib.— Siz ham kiyinasizmi?
— Men bilan ishingiz bo‘lmasin… biz — shu yerning odami. «Demak, yer ostidagi bu mulki-amlok menga ham, men vakil bo‘lgan hokimiyatga ham tegishli emas ekan-da,— degan o‘y kechdi viloyat rahbarining xayolidan.— Qattiqroq talab qilib ko‘rsam-chi? Yo‘q, hozir mavridi emas… Essizgina, ma’muriy-buyruqbozlik davri bo‘lganda-ku bunaqa jamiyatlarning urfog‘ini ham qoldirmaslik mumkin edi…»

2

TTO‘J raisining siymosi viloyat rahbariga anchayin tanish tuyuldi. Ammo uni qayerda ko‘rganini rahbar eslayolmadi. Qiziq, ko‘zlari xonasidan chiqib ketgudek do‘rdaygan, lablari qalin bu yigitni qayerda ko‘rgan ekan-a?.. Uzoqroq, batafsil o‘ylashga fursat ham yo‘q edi hozir. Chunki, o‘zidan o‘n-o‘n besh yoshlar kichik bu odam uni tanimadi yoki o‘zini tanimaganga oldi, buning ustiga juda sovuq, rasmiy tarzda qabul qildi. Chap yonidagi tugmachalardan ikkitasini bosgan edi, bir varaq qog‘oz va bitta ruchka allaqayoqdan uchib kelib, stol ustiga ohista ko‘ndi. Rais ruchkani qo‘liga olib, viloyat rahbariga savol berdi — anketa to‘ldira boshladi:
— Nasliyatingiz? — dedi u o‘zi o‘tirgan plastmassa kresloni gavdasi bilan u yon-bu yon burar ekan.
— Gapingizga tushunmadim, — dedi viloyat rahbari. Rais, xiyol jilmaygandek bo‘ldi. Xursandligidanmi yoki kinoyami — nimaligini tushunolmadi viloyat rahbari.
— Familiyangizni so‘rayapman,— dedi rais.
— Neysho-Nali…
— G‘alati-ku,— dedi rais yuz ifodasini o‘zgartirmay, — xuddi italiyaliklarning familiyasiga o‘xsharkan… Sharqda bunaqa nasliyatlar bo‘lmaguchi edi.
Raisning yumshoq gapirishini ko‘rib viloyat rahbari sal o‘zini tutib oldi. O‘zining topqirligini, so‘zamolligini, har qanday qiyin vaziyatdan chiqib ketaolishini namoyish etish harakatida javob berdi:
— Italiyaliklarga o‘xshasak yomonmi? Qani edi men italyan yoki frantsuz bo‘lib tug‘ilsam. Bordiyu ingliz yoki nemis bo‘lib tug‘ilganimda o‘zimni yana ham baxtli insonlardan deb sanardim. Har holda Yevropa Yevropa-da. Menimcha, Yevropa bo‘lmaganida yer yuzidagi tsivilizatsiya bu darajaga chiqmasdi. To‘g‘rimi?
Jamiyat raisi unga javob bermadi, yuz-ko‘zlari avvalgidek jiddiylashdi, rasmiy ohangda savol-javobni davom ettirdi:
— Ismingiz?
— Akifar.
— Millatiigiz?
— O‘zbek… Pasport bo‘yicha-da…
Jamiyat raisining yuzi negadir yana avvalgidek tundlashdi, ko‘zlari xonasidan chiqqudek bo‘lib so‘radi:
— Aslida-chi?
— Aslida… har xil kondan tarkib topganmiz… aralash-da,— degan javob bo‘ldi,— kurama. Men o‘zimdagi bor iste’dodni ana shu quramalikdan deb bilaman… Ya’ni baynalmilalmiz…
— Chiroyli so‘zlarni qalqon qilib, amalda ko‘p noma’qul ishlarni bajarish mumkin,— dedi jamiyat raisi o‘ziga o‘zi gapirgandek, so‘ngra so‘radi.— Yoshingiz?
— Oltmish ikki. O‘tgan kuni tug‘ilgan kunim edi. Oilaviy tarzda o‘tkazdik. Baribir, ancha mehmon keldi, hozirgi odamlarni bilasiz-ku, xushomadgo‘y bo‘lib ketishgan. Mansab egasi bo‘lish ham qiyin ekan.
— Beayb parvardigor, deydilar… Ma’lumotingiz?
— Oliy ma’lumotliman.
— Ixtisosingiz?
— Tarixchi.
— Ilmiy darajangiz?
— Fan nomzodiman.
— Qaysi davrdan himoya qilgansiz?
— Yangi tarixdan mavzu olgandim…
— Yana ilm bilan shug‘ullanmoqchimisiz?
— Allaqachon shug‘ullanib yuribman: O‘rta asrlar tarixidan mavzu olganman. Shuning uchun sizlarning huzurlaringizga tashrif buyurdim-da. O‘rta asrlarga sayohat qilmoqchiman… Bu jamiyatga intilishim sababi ham shundan. Shu niyatimga… yordam bersalaringiz…
Jamiyat raisi yozishdan to‘xtab bir zum o‘ylandi, so‘ngra:
— Yordam berish — bizning vazifamiz, tarixga to‘g‘ri yondashish — sizlarning vazifangiz, – dedi.— Barcha adabiyotlarni to‘plab beramiz. Zarur bo‘lsa yoningizga ilmiy maslahatchi ham beramiz.
— Unaqa ma’noda emas, o‘rtoq… hurmatli rais… Mening bu yerga kelishdan, sizlarga a’zo bo‘lishdan maqsadim boshqacharoq… edi. — Neysho-Nali bamisoli istig‘noli ayollardek ko‘zlarini suzib jilmaydi.— O‘sha davrga chinakamiga sayohat qilmoqchi edim. Haligi… «Charxitarix» degan uskunada uxlatib, xohlagan davrga olib borib tashlashar ekan-ku?.. O‘sha davrni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, mavzuni chuqurroq o‘rganish niyatida edim. Ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal, degan gap bor-da, axir.
Jamiyat raisi boshini xiyol ko‘tarib, bilinar-bilinmas sarak-sarak qildi.
— Bu masalada aniq va’da berolmayman. Avvalo, «Charxitarix» uskunasi hali unchalik mukammal emas — faqat ming yil yoki yuz yillar hisobi bilan ishlaydi… Shuning uchun bu maksadga erishishingiz qiyin. Mavjud adabiyotlardan o‘rganaverishingizga to‘g‘ri keladi mavzuni, birodari aziz.
Kutilmaganda Neysho-Nalining ko‘zlari yorishdi.
— Baribir menga qulay ekan, hurmatli rais,— dedi u. — Men, o‘z niyatim bo‘yicha, ming yil ortga chekinishim kerak. Ya’ni, hozir 2001 yilda yashayotgan bo‘lsak, «Charxitarix»da 1001 yilga borishim kerak. Iltimos sizdan, hurmatli rais, bir haftagami, o‘n kungami yubortirishga ko‘maklashsangiz. Esdan chiqmaydigan ish bo‘lardi-da. Sirayam esdan chiqarmasdim… Kechadan boshlab otiuskadaman, shunga to‘g‘rilab… Shu ishimni o‘ylab, bu yil Kavkazga yoki Qrimga borib dam olishdan ham voz kechdim.
— O‘n birinchi asrning birinchi yilida, ya’ni 1001 yilda qayerga tashrif buyurmoqchisiz? Qaysi yurt, qaysi maskanni tanlayapsiz?— so‘radi jamiyat raisi.
— Buxoroni ko‘rish niyatim bor. Yo‘l-yo‘lakay atrofdagi qishloqlarga ham o‘tmoqchiman. Masalan, Afshona, Vobkent…
— Ilmiy mavzuingizga aloqasi bormi shu maskanlarning… yoki qandaydir qiziquvchanlik g‘olib kelayaptimi?
Neysho-Nali yana o‘ynoqi ko‘zlarini suzganicha jamiyat raisiga istig‘noli jilmaydi.
— Endi… gapning ochig‘i, qiziquvchanlik ham, orzu-niyat ham bor, sizdan yashirish kiyin… bo‘lsa kerak. — Ibn Sino bilan uchrashmoqchimisiz?.. U kishi yigirma-yigirma bir yoshlarda bo‘ladi… To‘g‘rimi?
— Ha, to‘g‘ri. Sinoning o‘zini ham, ota-onasini ham, atrofidagilarni ham ko‘rmoqchiman…
— Tarixchiman deyapsiz-ku, tarixga nisbatan hurmat yo‘q ekan sizda! «Sino» deb atayapsiz, qani ayting-chi, ulug‘ bir siymoning ismini chala tutishga nima haqqingiz bor?! — dedi jamiyat raisi jahli chiqib.
— Kechirasiz, aybdorman,— dedi Neysho-Nali shosha-pisha. Nazarida, pishib qolayozgan oshning oloviga bilmasdan sovuq suv sepib o‘chirib qo‘yayotgandek tuyuldi.— Endi takrorlanmaydi, hurmatli rais… Haligi savolingizga to‘laroq javob bersam maylimi?.. Ibn Sinoning otasi bilan ham, onasi bilan ham yuzma-yuz gaplashmoqchiman… Tarix uchun ham, mavzuim uchun ham kerak-da.
Jamiyat raisi ko‘lidagi qalamning orqasini stolga taq-taq urganicha o‘ylanib Neysho-Naliga tikildi, chamasi, uning miyasidan kechayotgan fikrlarni o‘qirdi.
— Qiyin masala,— dedi u.— Buning uddasidan chiqishingiz juda dushvor ish… Sizga qiyin bo‘ladi.
— Nega?— so‘radi Neysho-Nali.
— Sabablari ko‘p,— dedi jamiyat raisi.
— Masalan?
— Chunonchi, ulug‘ olimning otasi Abdulloh saroyda xazinabon, xazinaga esa, begonalar u yoqda tursin, hukmdorning qarindoshlari ham kiritilmaydi…
— Balki u ma’lumot noto‘g‘ridir?..
— Yo‘q, rost. Qolaversa, o‘rta asrlar sharoitida ayol kishining begona erkak bilan yuzma-yuz gaplashishi mumkin emas. Tasavvur ham qilib bo‘lmaydi… Demak, sizga juda kiyin bo‘ladi. Yaxshisi, bu haqda o‘ylamayoq qo‘yaqolaylik. Biror falokat ro‘y berib o‘sha yoqlarda qolib ketsangiz nima bo‘ladi?
— Qiyinligini bilaman, juda yaxshi bilaman, hurmatli rais, O‘rta asrlar — xurofot avj olgan davr…
Shu lahzada jamiyat raisining yuzi qon quyilgandek qizarib ketdi, ko‘zlarining qorachig‘lari avvalgidan ham do‘rdaydi.
— Ana, ko‘rdingizmi, birodari aziz, siz — tarixchi sifatida noxolis odamsiz! — dedi u.
Takror-takror dakki eshitaverish, ustiga ustak qo‘pol muomala Neysho-Nalining hamiyatiga tegdi. Kimsan viloyat rahbari bo‘lib turgan odamni shunchalik yerga uraverish insofdan emas-da, axir! Agar yer yuzasida bo‘lganda-ku bunaqalarga ko‘rsatib qo‘yardi-ya! Qani endi mana bu ko‘zi do‘rdayganni partiyaviy jazo bilan qo‘rqitib bo‘lsayu, bularning ixtiyoridagi mashinani olib qo‘yib, davlat hisobidan X asrga jo‘nab ketaversa! Afsus!
— Xayolingizga ham keltirmang, bizning jamiyat sizning tasarrufingizda emas! — dedi TTO‘J raisi Neysho-Nalining miyasidagi fikrini aniq o‘qib turgandek. — Qaytib chiqqaningizdan keyin bizga zarar yetkazish to‘g‘risida ham o‘ylamay qo‘yaqoling — bir tiyinlik zararingiz o‘zingizga bir so‘mlik bo‘lib qaytadi! Ya’ni yuz baravar!..
Viloyat rahbari shashtidan tushib qoldi, boshini quyi egib, ancha bo‘shashgan ohangda so‘zladi:
— Men — sizlar uchun yangi odamman, xatoim bo‘lsa, shundoq-shundoq deb ayting, qo‘limdan kelganicha tuzatay, hurmatli rais.
— Oddiy xatoni tuzatsa bo‘ladi, ammo noxolis dunyoqarashni xolisga aylantirish — qiyin masala, — dedi jamiyat raisi.— Siz, garchi shu yerda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsangiz ham, Sharq madaniyatini, tarixini mensimaydigan odamsiz. To‘g‘rimi?
— Noxolis dunyoqarashimni nima bilan isbotlaysiz? — dedi Neysho-Nali biroz dadillanib.
— O‘rta asrlarni xurofot davri dedingiz-ku hozir. Vaholanki boshqa tarixchilar Uyg‘onish davri deb atayaptilar. Sharq Uyg‘onishi, Musulmon olami Uyg‘onishi deb atayaptilar. Muhammad Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Muhammad al-Buxoriy — axir bular hazilakam zotlarmi?..
— Axir xurofotligi ham bor-da.— Viloyat rahbari biroz o‘rtalikni olib, kelishuvga erishmoqchi edi.—Ayol bilan erkakning yuzma-yuz gaplasholmaganini nima deb baholash kerak?
— Sharqqa xos bo‘lgan madaniyatning, odob-axloqning nozik jihatlari ham shunda-da! Siz buni tushunmaysiz yoki tushunsangiz ham noto‘g‘ri talqin qilasiz. Ayollar jinsi bilan erkaklar jinsi o‘rtasida qandaydir odob pardasi bo‘lishi lozim. Qayerdaki o‘sha parda olib tashlandimi, o‘sha yerda odobsizlik, axloqsizlik, hatto razolat yuz beradi. Bunga faqat Sharq tarixi emas, butun dunyo tarixiyu madaniyati guvohlik beradi. Siz esa bunday nozik alomatlarning hammasini xurofot deb talqin qilaverasiz.
Viloyat rahbari mot bo‘lgan shaxmatchidek o‘sal holatda o‘tirib qoldi.

Asarning to‘liq matnini PDF formatda saqlab oling