Yigirmanchi asrdagi eng katta falokat — “xalq dushmani” degan yovuz tushuncha hukm surib, qirg‘in tegirmoni aylanganiyu uning “soyasi” qator o‘zbek adiblari xonadoni ustiga ham tushganidir. Bu to‘g‘rida so‘z borganida, ko‘pincha dastlab, bir paytda (1938 yil) otib tashlangan buyuk uch adib — Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon nomlari tilga olinadi. Olimlar, yozuvchilarimiz ularning ismi-sharifini ro‘yxatda aksar turli tartibda keltiradilar. Aslida, Fitrat Qodiriydan sakkiz yosh, Cho‘lpondan o‘n bir yosh katta, adabiy-ijtimoiy hayot aravasini ham oldinroq yo‘lga solgan edi va biz keltirgan tartibda yozgan to‘g‘riroqdir.
Uch adibning hayotida (faqat o‘limida emas!) shunday mushtarak jihatlar uchraydiki, ajablanish mumkin. Deylik, o‘sha davrda o‘tgan o‘nlab ijodkorlarga (har birining o‘rni, xizmati borligiga qaramay) qiyoslaganda, ular adabiyot tarixida bevosita o‘z asarlari bilan unutilmas chuqur iz qoldirgan edi. Bu uch buyuk adib keyin, mahv etilgan kundan toki nomi, ijodi “oqlangan” davrga qadar ham ularning asarlarini xalq yashirin, qo‘lma-qo‘l o‘qib yurgan (bizning avlodimiz ham bu uch adib asarlari bilan ilk daf’a odamlar qo‘lida asrangan nusxalar orqali tanishgan). Ular mamlakatimiz mustaqillikka erishishini orzu qilib qolmay, ich-ichida bunga ishongan, o‘z umrini shu yo‘lga tikkan, buni bashorat kabi bildirib ketgan. Bu adiblar uchun “yurt qayg‘usi” va “millat dardi”dan muhimroq narsa bo‘lmagan. Ular sho‘ro siyosati mustamlakachilikning davomi ekanligiyu mustaqillikka yo‘l bermasligini juda tez payqagan. “Isloh” deb hayqirib, kurashib, muqim shaklga kira boshlagan hayot “har qanday o‘zgarish”ga qarshi turishini “tushunmagan” yoki “tushunmaganga olishgan” edi. Murosa yuzasidanmi (yoki bu tiriklik uchun kurash edimi?), goho “sho‘rocha ohang”da nimalardir yozganda ham, ular asosan, g‘addor zamonni “aldash”ga urinishgan edi.
Buyuk uch adib o‘z maqolalari va she’rlari (bunisi ko‘proq Fitrat va Cho‘lponga tegishli) bilan ham shuhrat qozongan. Ammo ularga chinakam katta shuhratni yirik asarlar (Fitrat — drama, Qodiriy va Cho‘lpon — roman) keltirgan. Ular (nisbatan ancha kam) hikoyalar ham yozishgan. Yaxlit meros sifatida, bular orasida Fitratning “Qiyomat” hikoyasi alohida ahamiyatga ega. Adabiy voqeaga aylangan, deyish mumkin. Bu asar “Xayoliy hikoya” deb atalgan, shunchaki “to‘qilgan”dek bo‘lsa-da, adib “o‘z davri sharoiti”ni mahorat bilan aks ettirgan edi.
* * *
Yigirmanchi asr o‘zbek adabiyoti ustunlari — Fitrat 52 yoshida, Qodiriy 44 yoshida, Cho‘lpon 41 yoshida shahid bo‘lgan bir pallada, G‘afur G‘ulom 35 yoshda, allaqachon safga kirgan, buyuk salaflari “ahvoli”dan xabardor, o‘zi ham kitoblari chiqqan, tanilgan ijodkor edi. Ilk qarashda u nohaq shahid bo‘lgan “allomalar, ustoz”larga zid yo‘l tutgan, sho‘ro siyosatini qo‘shqo‘llab ma’qullagan, minbarga ko‘tarilib, sho‘rocha ohangda baralla hayqirgandek tuyuladi. Aslida-chi? Shum G‘afur aka (“Shum bola”ni yozgani bejiz emas!) g‘addor zamonni “aldagan” edi, xolos. To‘g‘ri, uning butun hayoti va ijodiga nazar tashlab, asarlarida, adabiyotshunoslar aytmoqchi, ba’zan “sayozlik ko‘ringan, zamonasozlik mayllari sezilgan” edi. Lekin bu kun (endi) tasavvur qilish qiyin, davr nihoyatda og‘ir edi. Deylik, Hamid Olimjonni (bu yil tavalludiga yuz yil to‘ldi) o‘zidan yoshi qariyb chorak asr ulug‘, ustoz o‘rnidagi Fitratni “tuproqqa qorgan”i yoki “Muqanna”da (nauzambilloh!) dahriyona ayrim fikrlarni yozgani uchun bu kun ayblab bo‘ladimi? Tegirmon aylanmoqda edi. Har kim davr bilan hisoblashib, o‘z jonini asrashga majbur edi! Qisqasi, G‘afur aka aslida, buyuk salaflar yo‘lini davom ettirib, “yurt qayg‘usi”, “millat dardi” bilan yashagan, buni faqat “pinhon tutgan” edi. Bizning G‘afur aka darajasidagi yurtni, xalqni ulug‘lagan (siyosat niqobi ostida o‘z fikrini ilgari surgan) boshqa shoirimiz yo‘q! G‘afur aka ayniqsa, nasriy asarlarida o‘zini “bemalol qo‘yib yuboradi”. Uning “Yon daftar”ida qiziq bir gap keladi: “Xalqni davolamasa, kasal bo‘lib qoladigan tabiblar ham bor”. G‘afur aka “xalqni davolash”ni istagan shunday “tabib” edi! “Yon daftar”da yana bunday gap yozilgan: “Har bir qatraning to‘fondan jabri bo‘lgani bilan, qudrat bayoni yo‘q”. Ey Xudo! Birgina jumlada butun davrni ifodalash mumkin ekan-ku! G‘afur akaning nasriy asarlari, jumladan, umri so‘ngida yozgan ertak-hikoyalarida shunday keskin fikrlar uchraydiki! Afsus, ba’zi bir nashrlarda ayrim “sho‘roviy” birodarlarimiz o‘zlaricha ularni “tuzatib tartibga keltirishgan”.
* * *
Ehtimol, bu sodda qarashdir, Abdulla Qahhor ijodiga nazar tashlaganda, yigirmanchi asrda yashab o‘tgan adiblar orasida u eng ziddiyatli yozuvchi sifatida ko‘zga tashlanadi. Bir tomondan, maqolalari, hatto asarlarida “sho‘ro hidi” gupirib turadi, o‘zini “davrparvar” tutadi. Ikkinchi tomondan, turfa illatlarni fosh etib, satira tig‘ini naq davr ko‘ksiga sanchadi. Qanchalik antiqa tuyulmasin, Abdulla aka “Sho‘rodan Sho‘roni” himoya qilgandek taassurot uyg‘onadi.
Abdulla akani unga safdosh bir avlodning boshqa vakillari (G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon) singari uzluksiz zulm-sitam, qirg‘in-qatag‘on (to‘ntarishdan 1938 yilgacha va keyin ham) davom etgan og‘ir davr sharoitida “jon saqlasa-da”, “adabiyot siyosiy” bo‘lganidan, doim shu davr asoratida yashagan, deyish mumkin. Boyagi ziddiyat shuning natijasi bo‘lsa, ajab emas.
Abdulla Qahhor yaratgan yirik hajmdagi asarlar — romanlar, qissalar, komediyalardan har biri kechagi kun hayotini aks ettirish barobarida, o‘sha davrning musbat va manfiy jihatlari, umumiy holatini “davr qahramonlari” timsolida ko‘rsatgani bilan ahamiyatlidir. Bizning adabiyotimizda Qahhorga o‘xshab “bosib o‘tilgan yo‘l”ni qadam-baqadam tasvirlashga uringan biron adib uchramaydi, bu izchillik faqat unga xos. U birinchi navbatda “hikoyalar ustasi” deb nom olgan edi, lekin uning hikoyalari, puxtaroq ishlangani va shukuh topganligiga qaramay, yirik hajmdagi asarlariga “ilova” kabidir. Albatta, bu xislat ularning qiymatini pasaytirmaydi.
Ko‘pchilik adiblarga nisbatan Abdulla akaning deyarli barcha asarlari o‘z vaqtida turli bahs-munozaralar keltirib chiqargan. Hamon keltirib chiqaradi.
Ana, mashhur “Anor” degan hikoya. Ba’zan: “Ikkita anor ham gapmi? Xotini boshqorong‘i bo‘lgan er istagan eshikka bormaydimi? Halol bo‘lmagan luqmadan ertaga qanaqa bola tug‘iladi?” — qabilida fikr bildiriladi. Bunga zid: “Kechagi kunni bu kunning qarichi bilan o‘lchamagan, har qanday holat va asar “qahramon”idan oliy daraja (ideal) qidirmagan durust! Uzoq-yaqin o‘tmishda “Hazratim, ochlikdan o‘ldim, yegani non ber menga”, deb she’r yozilgan paytlar ham uchraydi. Qolaversa, xayolot (fantaziya)ga asoslanib asarga baho bermaslik kerak. Yozuvchidan (ayniqsa, o‘tgan yozuvchidan) “boridan boshqacha” asar talab qilish umuman insofga kirmaydi!” — tarzida aytilgan e’tirozga duch kelamiz.
Qanday bo‘lmasin, biz ustozlar merosiga ehtiyotkor yondashish, ularni doim xotirlash, qilgan xizmatlarini qadrlashga burchlimiz.
* * *
O‘z kasbi fidoyisi bo‘lgan yozuvchi bir kuni dunyoni tark etganida ham, uning e’lon qilingan asarlari qatori nihoyasiga yetmagan ayrim “qoralama”lari qoladi. Adabiyotshunoslar ularni o‘rganadilar. Bunisi mayli, yozuvchi yillar bo‘yi o‘ylab yurganu ba’zan qog‘ozda aniq belgilab-belgilamagan, hali “jiddiy kirishmagan” asarlar uchraydi. Afsuski, bebaqo dunyodan bularni u o‘zi bilan birga olib ketadi.
Buyuk Alisher Navoiy o‘ylaganu yozishga ulgurmagan asarlar bor. Tolstoy bir qutichaga niyat qilgan asarlaridan dalolat bergan qog‘oz parchalarini solib qo‘ygan edi. Yaqinroq kelsak, ustoz G‘afur G‘ulom, keyinchalik Izzat Sulton “Furqat” degan roman yozishni mo‘ljallagan. Ular ikkisi bu to‘g‘rida faqat gapirib yurmay, eshitganimizga ko‘ra, qaysidir nashriyotlar bilan shartnomalar ham tuzgan. Lekin roman yozilmay qolavergan.
Qisqasi, talabalik yillaridan do‘stim, og‘aynim, iste’dodli adib Shukur Xolmirzayev ko‘pincha suhbatlarimizda yozayotgan asarlari singari, o‘ylangan asarlar bobida ham gapirar edi. Jumladan, ikki roman ustida so‘zlashganimizni eslayman. Birinchisi, mumtoz adabiyotimiz vakillaridan Turdi — Fitrat ta’biri bilan aytganda, “o‘zbekning bu qiziqarli shoiri” — haqida roman. Ikkinchisi, muhabbat haqida. Birovga o‘xshamagan yangi talqinda.
Gapni ikkinchi asardan boshlaylik.
Shukur “Muhabbat baxtiqarolikdir”, degan roman yozmoqchi edi… Muhabbatning ma’nosi keng. Ajdodlarimiz eng avval Yaratgan bilan munosabatni Ishq deb tushunganlar, butun o‘tmish adabiyotimizda bu ko‘rinib turgan holat! Vatanga muhabbat, hayotga muhabbat! Shuning barobarida, muhabbat yorga bog‘liq hodisa — Oshiq va Ma’shuqa bo‘lmaganida, muhabbat ham yo‘q. Xo‘p. Muhabbat o‘zi nima? Baxtmi? Baxtiqarolikmi? Masalan, Ma’shuqani Tangri deb bilganimizda, buni baxtiqarolik deyish shirkka aylanadi! Yerdagi yorga nisbatan muhabbat esa chindan aksar foje tugaganiga misol ko‘p, ammo oliy tuyg‘u odamni yuksaltirgan, baxt keltirgan onlarga ham hayotda yetarlicha misol topiladi… Shukur shularni o‘ylagan, yozgisi kelganmidi? “Abadiy bu epkin” to‘g‘risida u qanday So‘z aytmoqchi edi? Adashmasam, Shukur yozishni boshlamagan edi ham! Nega? Vaqt, imkon bo‘lmaganidanmi yoki daraxtdagi meva vaqtida pishmaganidanmi? Bizga qorong‘i. Bir narsa deyish qiyin.
Necha bora soatlab, uzoq gaplashganimizga qaramay, u boshqa romanda Turdi shaxsini qanday tasavvur qilib, qanday tasvirlashni o‘ylaganini ham aytolmayman. Odatda, ijodkor “olam”i uning ichida — yuragida, xayolida yotadi. Yozilmagan asarlarga ortiqcha qiziqish odobga kirmaydi. Bundan tashqari, ijodkor o‘z “olam”ini bor ko‘lamda namoyon etishni istamaydi ham! “Olam”ning o‘zi to‘la “shakllanmagan” bo‘lishi ham mumkin… Men bilganim, Shukur Turdini yaxshi ko‘rardi. Shoirning mashhur nazmidan ikki misrani har gal ta’sirlanib, hayratlanib o‘qir edi:
Tor ko‘ngullik beklar, manman demang, kenglik qiling,
To‘qson ikki bori o‘zbak yurtidir, tenglik qiling.
Shukur: “Bu gap hozir ham muhim. Bir yoqadan bosh chiqarish kerak!” der edi.
Darvoqe, o‘sha nazmda bunday misralar ham keladi:
Bir yaqodin bosh chiqorib, borcha bir to‘ng‘a kirib,
Bir ung‘urlik, bir tirezlik, bir yaqo-englik qiling.
Turdi qadim-qadimdan dunyoda hukm surgan Tenglik tushunchasi va bunga zid holatdagi Tengsizlik tushunchasidan qanchalik xabardor edi? Shukur Xolmirzayev buni qanchalik o‘rgangan edi? Umuman, Shukurni uch-to‘rt asr muqaddam “Buxoroda turg‘on, onda qandaydir bir o‘ng‘aysizliqqa uchrab, boshqa sori azm” etgan shoir qaysi jihatlardan qiziqtirgan edi?
Birinchi navbatda o‘ylab ko‘raylik. Tenglik va Tengsizlik orasidagi qarama-qarshilik falsafiy o‘lchamlardan biri. Tenglik orzu darajasidagi qonuniyat bo‘lgani kabi tengsizlik ham mezon saqlanishini ta’minlagan qonuniyatdir.
Kechagi kunlar “tenglik” deb jar solish odat edi. Lekin tengsizlikni tan olmagan holda, hayotda tengsizlik davom etardi! Katta yoshdagi kishi bilan bola teng emas. Xalqda: “Besh barmoq barobar emas”, degan gap yuradi. Xalq: “Teng tengi bilan” deydi. Boy bilan kambag‘alni, mehnat kishisi bilan yalqovni tenglashtirolmaysiz. Aslida, Xudoning barcha bandalari teng. Ammo ularni bir xil kiyinish, bir xil yurish, bir xil yashashga majbur qilolmaysiz. So‘zlashning o‘zida Tengsizlik ko‘zga tashlanadi! Aslida, barcha xalqlar teng. Ammo insoniyat hali bunga tushunib yetibdimi? Mustamlakachilar bilan mustamlaka sharoitida yashagan xalqni teng deyolmaysiz. Birovning zulmi ostida, birovga qaram xalqlarga ozodlik, mustaqillik kerak. Shundan keyin, boshqalar bilan teng munosabat o‘rnatish mumkin.
Gapning indallosi, Tenglikning ham, Tengsizlikning ham rangi-bo‘yog‘i ko‘p. Tenglik ham, Tengsizlik ham goh tabiiy, ko‘rkam, goh notabiiy, xunuk libos kiyadi. Tenglikning bema’ni, ozorli, Tengsizlikning adolatsiz, malomatli tomonlari ko‘rinadi. Ularga qanday ma’no kasb etishiga qarab baho beriladi. Tenglikni doim bayroq qilib bo‘lmaganidek, Tngsizlikdan doim norozilanish o‘rinsiz. Insoniyat ba’zan Tenglik, ba’zan Tengsizlik istaydi.
Albatta, Turdi Farog‘iy “tor ko‘ngullik beklar”ga murojaat qilib, asosan: “O‘zingni bir-biringdan ustun qo‘ymay, ahil yashash!” mazmunida so‘z yuritgan edi. “Yuz” qabilasiga mansub shoir qabilalar (urug‘lar)ga bo‘linib-ajralishlarga ham qarshi chiqqan edi (“Birni qipchoq-u, xito-u, birni yuz, nayman demang”). Tarixda turli qavmdan bo‘lgan beklar (amirlar, xonlar) orasida ahillik yo‘qligidan, xalq boshiga qancha kulfatlar tushib, kutilmagan bosqinlar, fojialar ro‘y bergani ma’lum. Adabiyotimizda “el-ulus”, “xalq” so‘zlarini ishlatib, Turdidan oldin ham, keyin ham ezgulik istagan-qayg‘urgan shoirlar oz emas. Lekin Turdi bunga alohida ahamiyat berib, “to‘qson ikki bori o‘zbak yurti”, “bir yaqodin bosh chiqorib”, deb ochiq aytgan yagona shoir! U “kenglik qilish”, tenglik va tengsizlik tushunchalaridan ancha voqif bo‘lmasa, bunday o‘z davri uchun nihoyatda o‘ktam fikrni ilgari surmas edi! Ehtimolki, Turdining shunday chinakam millatparvar shoir bo‘lganligi Shukurni qiziqtirgandir?
Asar nega yozilmay qolganiga kelsak, “biri kam dunyo”da, ijodkorning barcha o‘ylaganlari ham qog‘ozga tushavermaydi. Goho niyat — niyatligicha qolaveradi…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 44-sonidan olindi.