O‘lmas Umarbekov. Qirqqiz (hikoya)

1
Bu qo‘shiqni Dobrujada eshitganman, gayduklar!

2
Bahor ekan, adir ko‘m-ko‘k, dov-daraxt ko‘m-ko‘k, mo‘ysafidning soqolidek qoyalar ham ko‘m-ko‘k. Bog‘lardagi gullar atri tutib ketgan olamni, sigirlarning sag‘rilari yalt-yalt qilar oftobdan…

3
Bava-vida hukmdori zerikib, odam qo‘ydi har tarafga — o‘n besh kun muhlat bilan.
— Keltiringlar bolgarlarning qizlaridan bir to‘da, go‘zallikda haramimga mos bo‘lsin! Orom olay bu dunyoning tashvishini unutib, navro‘z kirsin saroyimga parilar libosida!

4
Jonholatda ot qo‘ydilar navkarlar o‘sha kuni. Hukmdorning istagi o‘q — bajarmasang o‘liksan.

5
Gayduklarim, siz bahorning nimaligin bilasiz! Adir ko‘m-ko‘k, daraxtlarning nozikkina barglari — boshlarini quyi solgan zumrad isirg‘alardan. Dobruja qizlarining qahqahasi singari — yuraklarni qitiqlaydi — daryolarning shovqini. Hamma yoqda bahor isi — go‘dakda, tog‘u toshda…

6
Bahor bilan go‘zal edi ota-bobomiz yeri, bahor bilan kurtak yozgan edi yoshlar sevgisi, qizlar yuzi tabassumdan barq urardi quyoshdek. Yigitlarning qo‘shiqlari yangratardi darani.

7
Birdan osmon qora choyshab yopdi ko‘m-ko‘k yuziga, qorong‘ulik bosdi dushman paydo bo‘lgan qishloqni. Kampirlarning nolasidan yuraklar bo‘ldi zardob va yigitlar g‘azabidan zamin keldi larzaga…

8
G‘am bor bo‘lgan uyda doim kulfat mehmon, deydilar, kampirlarning nolasi ham yigitlarning g‘azabi — sira yordam berolmadi — qizlar bo‘ldi asira… Bahor ekan, o‘sha damda, ajib, go‘zal navbahor. Mo‘ysafidning soqolidek koyalar ham ko‘m-ko‘k. Dobruja qizlarining qahqahasi singari yuraklarni qitiqlarkan daryolarning shovqini… Io‘lda esa, sho‘rpeshana asiralar asta-asta qadam tashlar bosh yalang, oyoq yalang.

9
Qadam tashlar qirq nozanin, qirqta haram bandasi, Qirqtalovi oy bilan teng, parivash, biri Donka — ko‘zlarini dengiz deysiz, biri Lyuba — farishtaning o‘zginasi, Liliana — qirmizi yuz, qoshi kamon, yana biri — onasining arzandasi… Yuragimning yarasiga tuz sepmayin, hammasi ham go‘zallarning go‘zali…

10
Xursand bo‘ldi hukmdor, boshi ko‘kka yetdi. Hammasini bir-bir ko‘rdi — mol ko‘rganday… Keyin dedi:
— Haramimga joylashtiring, ertagacha yuvintiring, pardoz bering. Erta esa, bazm qururmiz shohlar kabi, navro‘z kirar saroyimga parilar libosida.

11
Haram to‘ldi bandilarning yig‘isiga. Bunda qirq qiz, qirqtalovi oy bilan teng. Biri Lyana — ko‘zlarini dengiz deysiz, biri Svetka — farishtaning o‘zginasi, Katalina — qirmizi yuz, qoshi kamon, yana biri — otasining arzandasi… Yarim tunga qadar yig‘i hech tinmadi, shunda Donka ko‘zi chaqnab:
— To‘xtang, — dedi. — Dugonalar, yig‘i foyda berarmidi?! Yig‘i yovdan bizni ozod qilarmidi?! Mening bitta taklifim bor, quloq bering, yov qo‘lida qul bo‘lgandan o‘lmog‘imiz yaxshiroq!

12
Tong paytida lang ochildi haramning eshiklari, kirib keldi hukmdorning navkarlari birma-bir. Ammo haram bo‘m-bo‘sh edi, ko‘rinmasdi biron zot, har bittasi oy bilan teng qizlar qani? Qani Donka — oltin soch qiz, qani Lyana? Qirmizi yuz, qoshi kamon Katalina? Qani Lyuba — onasining arzandasi?!

13
Hukmdorning ko‘zi yondi g‘azab bilan, har tarafga odam qo‘ydi — foydasi yo‘q. Xomush bo‘lib u yuzlandi devor tomon. Shunda birdan cho‘chib tushdi, tisarildi… Bavavida zar panjara devorida qirq juft kavush turar edi qator bo‘lib, qirq juft kavush — qirqta qizning or-nomusi, qirq juft kavush — qirqta mardlik nishonasi! Pastda esa, quyosh bo‘lib, cho‘g‘day yonib asta-sekin oqar edi sokin Dunay.

14
Hukmdorning ko‘zi g‘azab bilan yondi. Navkarlarin to‘plab turib shunday dedi:
— Kofir qizlar agar tirik bo‘lsa .edi, bittasiga almashmasdim mingtangizni!

15
Bahor ekan o‘sha damda, ajib bahor, bog‘lardagi gullar atri tutib ketgan olamni. Hamma yoqda bahor isi — qushlarda-yu o‘tlarda, hamma yoqda bahor isi — tog‘u toshda, odamda.