O‘lmas Umarbekov. Husn (hikoya)

— Mana, siz rayonda yangi odamsiz. Hali qishlog‘imizdagilarning hammasi bilan tanishib chiqqaningiz yo‘q. Ammo lekin, Ma’piratimni tanib olgan bo‘lsangiz kerak. Uni, men sizga aytsam, tanimagan odam yo‘q, oblastda. Oblast qayoqda? Butun, O‘zbekistonda deyavering. Gazetalardan nomi tushmaydi. Radioda ham ikki gapning birida uni tilga olib turishadi. Kolxoz planni bu yil ham qoyillatib bajaruvdi, muxbirlarning, vakillarning keti uzilmay qoldi. Qani ayting, shunday qiz bilan faxrlanmay bo‘ladimi? Kechqurunlari horib-charchab ishdan keladi, topgan-tutganimni oldiga qo‘yaman. Bir piyola choyni chala-chulpa ichib, shunday stolning yoniga chuziladi-yu, dong qotadi. Yumuq ko‘zlariga, chimirilgan qoshlariga, allanimalarni eslab pichirlagan lablariga qarab dam quvonaman, dam duv etib ko‘zimdan yosh keladi. Ro‘molimning uchi bilan yuzimni bekitib, yig‘lab olaman. Nega yirlayman? Nega bo‘lardi, shu bolam bilan tortgan azob-uqubatlarimni eslab yig‘layman. Urushga qirg‘in kelsin, urushga! Qancha odamning yostig‘ini quritib yubordi. Men ham kuyovimdan ajraganman. Nevara ko‘rmay ajraganman. O‘rtoqlariga endi chaqiruv kelganda undan qoraxat oldik. Ne hasratda o‘zi kuyovli bo‘luvdim. Ko‘zingiz tushdimi, tushmadimi — bilmadim, Ma’piratimning chap oyog‘i kaltaroq, shunday tuqqanman. Bola bechora shuning ustida qancha azob tortmadi? Yoshligida e’tibor  qilmagan bo‘lsa ham, es-hushi to‘lishganda odamovi bo‘lib qoldi. O‘qishdan keladi-yu, xonasiga kirib ketadi. Ba’zida o‘pkasi to‘lib, yig‘lab ham oladi.
Ko‘pincha, o‘rtoqlari kelib-ketganda shunaqa bo‘ladi. Yoshlik emasmi, hali kinoga chaqirishadi, hali klubga olib chiqmoqchi bo‘lishadi. Ma’pirat bo‘lsa jim. Juda qo‘yishmasa, boshim og‘riyapti, deydi. Ishqilib, bahona topib uyda qoladi-da. Buni ko‘rib yuragim eziladi, tomog‘imdan hech narsa o‘tmaydi. Kechalari uyqim qochib, xudodan noliyman.
— E, xudo! — deyman zardam qaynab. — Uni shundoq yaratgandan ko‘ra, ko‘zimni ko‘r qilsang bo‘lmasmidi?!
O‘ninchini bitirib, institutga kirdi. Quvonchi ichiga sig‘may ketdi, meni bo‘lsa tashvish bosdi. Gunoh bo‘lsa ham aytay, kim kelin qiladi, deyman-da. Bir yilning ichida besh-oltita o‘rtog‘i erga tegib ketdi. Mahfuza degani bor edi, biram ko‘hlik, biram kelishgan. Ko‘pincha dars tayyorlab, biznikida qolib ketardi. Shu ham erga tegdi. Raisning o‘g‘liga tegdi. Ona-bola boshlashib to‘yiga bordik. Tumonat odam. Hovliga sig‘maydi. Qizning o‘rtoqlari qo‘shayvonli dang‘illama uyni egallagan. Dasturxonga yo‘q narsani to‘kib tashlashibdi. Bir mahal shahardan chiqqan gajaqdor ashulachi ayol dutorni chertib «Tanovor»ni boshlab yubordi. Tort-tort bo‘lib ketdi, o‘ynamagan odam qolmadi. Derazadan qarab turibman. Ma’piratim ham ochilib-sochilib o‘tiribdi. «E, xudo, ishqilib, bitta-yarimta esi past o‘yinga tortmasin-da» — deyman ichimda labimni tishlab. Yo‘q, qo‘rqqanim bejiz emas ekan. Mahfuzaning o‘zi likillab kelib qo‘lidan tortsa bo‘ladimi? A’zoyi badanim jimirlab ketdi.
— Qo‘y, bilmayman, bilmayman, — deydi qizim sho‘rlik.
Qani endi Mahfuza kuloq solsa?!
— Mening to‘yimda o‘ynamasang, kimnikida o‘ynaysan? Yo‘q dema! — deydi o‘rtaga tortib.
Odamlar ham uning tarafida.
— Bo‘la qoling, yo‘q demang, kuttirib qo‘ydingiz, — deyishadi har chekkadan.
Ma’piratning bo‘lsa yuzi olov bo‘lib ketibdi. Sezib turibman, jahli chiqib ketyapti. Agar yana bittasi bir gap qilsa, shartta chiqib ketadi-qo‘yadi. Shu gapni qilishdi. Kim qildi deng? Yetti yasharidan birga qo‘g‘irchoq o‘ynab o‘sgan o‘rtog‘i Mahfuza qildi.
— Muncha noz qilmasang? — dedi qoshlarini chimirib.— Senga kim orzumanda edi, oyog‘ingga qaraydi?!
Tarasha bo‘lib qotib qoldim. O‘zimga kelib, bunday qarasam, hovlida besh-oltita qiz Ma’piratni ovutishyapti. Bittasi «xafa bo‘lmang», deydi. Bittasi «qoling» deydi. Bir mahal ro‘mol yopinib, Mahfuzaning o‘zi chiqdi. Meni kechir, ahmoqman, dedi. Ahmoq ham gapmi, pastsan, deb betiga tupurmoqchi edimu, qizimdan uyaldim.
Shu kuni ona-bola mijja qoqmay chiqdik. Jonidan ham aziz ko‘rgan o‘rtog‘i shunday degandan keyin uyqu keladimi, o‘g‘lim? Derazaning oldiga cho‘kka tushib allanimalarni shivirlaydi. Men bo‘lsam oldiga borgani qo‘rqaman. O‘zingiz ayting, shu topda uni qanday ovuta olardim? Shunday kun o‘zimning boshimdan ham o‘tgan. Rahmatli Boqijon akangiz to‘y kuni go‘shangada yuzimga bir tarsaki tushirgan edi.
— Nega urasiz? — desam, dag‘-dag‘ titrab:
— Yuzingda xoling yo‘q ekan-ku, nega aldashadi? — desa bo‘ladimi?!
Hali-hali esimda, u kishiga yaxshi ko‘rinaman deb, bir-ikki yil o‘smadan xol qo‘yib yurganman. Shunaqa johil odamlar ham bo‘lar ekan. Xolim bo‘ldi, nima-yu bo‘lmadi nima? Keyinchalik ko‘nikib ketdi, yaxshigina yashadik. Bechoraning umri qisqa ekan. Ma’pirim yetti yoshligida u qazo qilib ketdi. Dadasiga o‘xshagan shunaqa johil odamlar endi yo‘q deysizmi? Bitta-ikkita bo‘lsa ham bor. Shunaqaning qo‘liga tushib qolsa bormi, odam osh o‘rniga har kuni zahar yutadi-da. Lekin qizim, aylanay, unaqa bo‘lmadi, do‘st-dushmanning oldida qaddim bukilmadi. Mahfuzaning to‘yidan bir yil o‘tar-o‘tmas raisimiz Hakimjon uyga kirib qoldi.
— Qani, xola, bitta ko‘k choy damlang, — dedi ayvonga o‘tib.
— Choy sizdan aylansin, hozir-da, bolam, — dedim-u, o‘choq boshiga yugurdim. Hakimjon ham biladi-da, uyimda samovar doim shaqillab qaynab turmasa, ko‘nglim joyiga tushmaydi. Darrov chinni choynaqda choy damlab kelib, raisning oldiga dasturxon yozdim. Non sindiryapmanu, xayolim boshqa yoqda. «Hech bunaqa odati yo‘q edi Hakimjonning, doim tipirchilab turardi. Nima gap topib kelgan ekan?» — deyman ichimda.
— Xola, maslahat bilan keldim oldingizga, — dedi anchadan keyin. — Qizingizning boshini ikkita qilib qo‘ysak, nima deysiz?
Nima derdim? Suyunishimni ham, suyunmasimni ham bilmayman.
— Ha, o‘ylanib qoldingiz?
Rais jilmayib qo‘ydi.
— Koshkiydi, — dedim oxiri o‘zimni bosib olib. — Ma’piratning o‘zi nima derkin?
— Nima derdi, xo‘p deydi. Menga qarang, bunaqa yigit yetti uxlab tushingizga kirmagan.
Hakimjon hamma gapni aytib berdi. Institutda Ma’piratning o‘zi bilan o‘qiydigan bir yigit bor ekan. Shu bola oshiq bo‘lib qolibdi qizimga. Men sizga aytsam, o‘rtalarida muhabbat paydo bo‘libdi. Yigit oxiri dadasiga aytibdi. Dadasi Hakimjonni o‘rtaga qo‘yibdi. Biram sevindim, biram sevindim. «Yaxshi odamlar ham bor ekan-ku, dunyoda» deyman ichimda.
— Xo‘sh, to‘yni qachon qilamiz? — so‘rab qoldi Hakimjon.
O‘ylanib qoldim. O‘ylanmay bo‘ladimi?! Hammaning ham o‘ziga yarasha orzu-havasi bor. To‘y qilsam, otasi yo‘qligini bildirmay qilishim kerak. O‘rtoqlarining to‘yidan yaxshi bo‘lsa bo‘lsinki, yomon bo‘lmasin.
— Qovun pishig‘iga qilamiz, — dedim qat’iy qilib.
Javobim raisga yoqmadi.
— Nima qilasiz cho‘zib? Men borman-ku, yoningizda, — dedi zarda bilan. — Kelasi yakshanbaga qilamiz. Gap tamom. Yoshlarni qiynamang-da.
Nima ham derdim? Hakimjon rahmatli Boqijon akan-gizdan ham injiq. Xo‘p, dedim.
Endi men sizga aytsam, shunaqangi to‘y bo‘ldi, bu karnay-surnaylar, bu sarupolar… Hakimjon baraka topkur, o‘zi bosh-qosh bo‘lib turdi.
Ammo lekin, to‘ydan keyin bir hafta o‘tar-o‘tmas, urush degan kasofat boshlanib, kuyovimni, Sherzodimni o‘z qa’riga tortib ketdi. Ona-bola bo‘tadek bo‘zlab qoldik. Ko‘p o‘tmay, Hakimjon bilan o‘g‘li Azimjonga ham baravar chaqiruv keldi. Mahfuza ham emizikli bolasi bilan yolg‘iz qoldi. Hakimjon urushga ketdi-yu, kolxozdan ham putur ketdi. Rayondan bittasini yuborishuvdi, olti oymi, yetti oymi ishlab, kolxozni qarz qilib ketdi. O‘rniga Xudoyqulovmi, Obloqulovmi degani keldi. Uning ham dardi qornidan nari o‘tmadi. Fermadan o‘nta qo‘yni bozorga yuborib, ketidan o‘zi ham ketdi. Shu ketganicha hali ham bedarak. E, bolam, ne kunlar boshimizga tushmadi! Ma’pirat institutni tashlab, dalaga chiqdi. Xotin kishining boshiga biron falokat tushsa, darrov gangib qoladi. O‘zini o‘nglab olguncha ancha azob chekadi. Bizda ham xuddi shunday bo‘ldi. Erkak zoti qishloqda qolmadi, desam bo‘ladi o‘shanda. Bor, yo‘q emas, lekin hammasi yarim jon, xotindan besh battar nimjon. Xudoyqulov daraksiz ketgandan keyin ferma mudiri bor edi, barzangiday yigit, bilmadim, nima balo qilib, urushga bormay qolgan, shuni rais qilib qo‘yishdi. Oti qurg‘ur tilimning uchida turibdi. Nima edi? Ha, Sotiboldi.
Sotiboldi ham oldingilarday uchar chiqib qoldi. So‘laqmonday yigit idoradan chiqmay o‘tirsa, xunuk ko‘rinar ekan. Ertayu kech pul sanash bilan ovora. Ziyofat, oshxo‘rlik, norinxo‘rlik. Buning ustiga, buzuq ekan. Buni qayerdan bilding deng? Ahvol o‘zingizga ma’lum — og‘ir. Arpa non, zog‘ora nondan boshqa narsani xalq bilmaydi. Haftada bir qozon qaynasa qaynaydi, bo‘lmasa yo‘q. Lekin bunga chiday olmaganlar ham bo‘ldi. Shularning bittasi Mahfuza edi. Eridan qoraxat keldi-yu, Sotiboldining tuzog‘iga ilindi-qo‘ydi. Ma’piratning jig‘ibiyroni chiqqanini ko‘rsangiz o‘shanda. Ko‘ziga hech narsa ko‘rinmaydi. «Past-pastligini qildi» — deydi nuqul. Bir kuni chidolmay:
— Rais bilan aloqangni yo qonunlashtir, yo qishloqdan chiqib ket! — debdi.
Bu gap Mahfuzaga ta’sir qilganmi yo qo‘rqqanmi, is chiqarib, to‘y qilishdi. Ma’pirat bormadi. Qizim bormagandan keyin menga balo bormi? To‘ydan uch kun o‘tdi chamam-da, rayondan milisa kelib, Sotiboldining uyini bosdi. Ochofat o‘lgur kolxozning nechchi ming pulini yo‘q qilib yuborgan ekan. Kesilib ketdi. Shunday husniga bino qo‘ygan Mahfuza nima bo‘ldi? Eski tos, eski hammom, itning ke-yingi oyog‘i bo‘lib qolaverdi. Hozir non zavodda istorij emish. Sotiboldi qamalgandan keyin Ma’piratni rais qilib ko‘tarishdi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, raislik oson ishmi? Dastlabki yillar, ayniqsa, qiyin bo‘ldi. Bechora qiz ishni nimadan boshlashni bilmaydi deng.
— Rayonga borgin, maslahat berishsin, — dedim.
Bordi, maslahat berishdi. Avvalo odamlardan hol-ahvol so‘rab chiqing, deyishibdi.
Shunday qildi. Molining xashagi tamom bo‘lganga xashak berdi, tomidan chakka o‘tganning tomini suvatdi. To‘g‘risi ham o‘zi shu-da! Odamning dastlab uyidan ko‘ngli to‘q bo‘lishi kerak. Uyi tinchmi, qancha ish desangiz qilaveradi. Bizda ham shunday bo‘ldi. Bir-ikki yilda oyoqqa turib oldik. Hozir bo‘lsa, o‘zingizning xabaringiz bor, rayonda bizning kolxozning oldiga tushadigan kolxoz yo‘q. Ammo lekin, men sizga bir sirni aytay. Qizim bilan rais bo‘lmasdan oldin sira urishmasdik. Endi ancha-muncha janjallashib turamiz. Qo‘limda bitta sigir bor. Jonivor juda sersut, suzsangiz qaymog‘i bir enlik keladi. Bir kuni fermaga qirdan pichan tashishayotgan ekan, biram havasim keldi, bir arava tashlab ketinglar, dedim. Ma’piratning o‘zi rayonda edi. Bolalar ham so‘zimni ikkita qilmay tashlab ketishdi. Esim bo‘lsa shunday qilamanmi? Kechqurun Ma’pir keldi. Eshikdan kirishi bilan ko‘zi bir g‘aram qilib uyib qo‘yilgan pichanga tushdi-yu, lablari cho‘chchayib ketdi:
— Pichan qayerdan keldi? — dedi o‘qrayib.
— Qirdan keldi. Nima edi? — dedim pinagimni buzmay.
— Uyalmaysizmi, oyi? Bu axir kolxozning pichani-ku?
Indamadim. U ham indamadi. Indamay ovqatni yedik.
Ertalab hali xo‘roz qichqirmasdan kimdir yelkamni turtadi. Turib qarasam, Ma’pir.
— Ha, — dedim. — Tinchlikmi?
— Tinchlik, manavi pulni oling. Xashak kerak bo‘lsa bozorga tushing. Yo pravleniyega ariza bering.
Shunday dedi-yu, tasir-tusir qilib chiqib ketdi. Yarim soat o‘tar-o‘tmas kechagi bolalar qovog‘idan qor yog‘ilib, pichanni tashib olib ketishdi. Biram alam qildi. Shunday qilgani ham bir hisobda yaxshi. Xalqning mulki bo‘lgandan keyin, xalkdan so‘rab olish kerak-da.
Xullas, men sizga aytsam, men qizimni bilmas ekanman, yo u ishga sho‘ng‘ib ketdi-yu, o‘zgardi-qo‘ydi. Mayli, qaysi to‘g‘ri bo‘lsa, shunga roziman. Chunki bolamni endi, cho‘loqman, degan gap qiynamaydi. Uzzukun odamlarning orasida. Tunov kuni qiziq bo‘ldi. A’lobush degan qo‘shnim bor. Qizim bo‘yga yetganda, cho‘loq, uni kim olardi deb, ustidan kulganini o‘zim eshitganman. Shu sovchi yuboribdi. Men sizga aytsam, biram jahlim chiqdi, biram jahlim chiqdi…
— Ha, — dedim, — qizim ilgari kerakmasdi, endi, rais bo‘lgandan keyin kerak bo‘pti-da? A’lobushga borib ayting, ko‘chada qolgan qizim yo‘q.
Shunday dedimu, dasturxonning ustini yopdim-qo‘ydim.
Kechqurun Ma’pir kelganda aytib beruvdim, rosa kuldi, unga qo‘shilib men ham kuldim. Kuladigan gap-da o‘zi, aylanay.
Lekin, men sizga aytsam, Ma’pirim, ba’zida ishi kamroq bo‘lsa, yo biron narsadan dimiqib kelsa rahmatli Sherzodining suratiga qarab o‘tiradi-da, yig‘lab oladi. Shunday paytlarda men ham o‘zimni tutib turolmayman.
— Qani endi, kuyovim bo‘lsa-yu, ikkalovining rohatini ko‘rib o‘tirsam. Shunchalik ham berahm bo‘lasanmi, xudo? — deyman o‘pkam to‘lib.
Ba’zida, bu tashvish bir mening boshimdamas-ku deb, o‘zimni ovutaman.
Yaqinda chiday olmadim. Idoradan ertaroq qaytuvdi, yuragimga anchadan beri tugib qo‘ygan gapimni to‘kib tashladim:
— Bolam, — dedim sekin, — qachongacha yolg‘iz yurasan? Sherzod akangning hurmatini qilib, shuncha yurding, yetar. Meni ham o‘yla. Bir oyog‘im yerda bo‘lsa, bir oyog‘im go‘rda, nevara ko‘rsam degan niyatim bor.
Bilasizmi, nima dedi? Avval boshimdan oyog‘imgacha bir razm solib chiqdi. Keyin lablari titrab:
— Oyi, bu gapni bir gapirdingiz, — dedi, — ikkinchi gapirmang. Sherzod aka yuragimda. Uni olib tashlay olmayman. Innaykeyin, nega yolg‘iz bo‘lar ekanman?! Mana, Mahfuzani yolg‘iz desa bo‘ladi. Yana erga tegibdi. O‘g‘li nomusiga chidolmay ketib qolibdi. Ana unga achining.
— Nima derdim? Hech narsa demadim. O‘zi xursandmi, baxtlimi, shunisiga mingdan-ming roziman. Ammo lekin, bugun yana bir janjallashib oldik. Aslida, shu janjal bahonasi bilan oldingizga kelganman.
Besh-olti kundan beri, biqinim sanchadi, deydi. Bugun ham idoraga chiqib o‘tirolmabdi, uyga kelib yotib oldi. Ovqatni vaqtida yemagandan keyin, uyqusida halovat bo‘lmagandan keyin har qanday temir biqin ham sanchadi-da!
— Do‘xtirga qaratgin, — dedim.
— Vaqt yo‘q, oyi. Raykomga borishim kerak. Ellikta yangi uy qurmoqchimiz, shuning planini ko‘rsatib kelaman, — dedi.
Jahlim chiqib ketdi.
— Ertaga ko‘rsatsang osmon uzilib yerga tushadimi?
— Tushadi. Va’da berganman. Raykomda hozir yangi odam. Bormasam, uyat bo‘ladi, — dedi.
Yo‘q, bir amallab ko‘ndirdim.
— Planingni menga ber, tashlab kelaman. O‘zi o‘sha yoqda ishim bor. Sen do‘xtirni chaqir! — dedimu, bu yoqqa yugurdim.
Endi men sizga aytsam, bolam, yangisiz. Biz tomonlarga ham borarsiz. Shunda esingizda bo‘lsin. Ma’pirimni bir urishib qo‘ying. Sag‘al o‘ziga qarasin. Qaramasa, mana bugungiday yotib qoladi. Yetib qolsa, quvonchi yo‘qoladi.
Otda qamchin o‘ynatib, dalama-dala yurganini ko‘rganmisiz? Qiz bola bo‘lsayam shunday o‘ziga husn bo‘lib tushgan. Ana shu husni yo‘qolmasin deyman-da, bolam.
1961.