O‘lmas Umarbekov. Gayduk qizi (hikoya)

1
Kuprivshitsa voqeasi qo‘shiq bo‘lsa arziydi, ruxsat eting, kuylab beray, qoyil qoling eshitib…

2
Besh bor qo‘ldan-qo‘lga o‘tdi uzoq yili bu qishloq, yuzlab bolgar halok bo‘ldi, qancha-qancha uy yondi, dalalarda kishnar edi egasiz qolgan otlar, buruqsagan o‘t ichida yetimlar yig‘lar edi.

3
Oltinchi bor hujum qildi dushman yana kuch to‘plab, tog‘ ichiga yashirindi — chorasiz isyonkorlar. So‘nggi marta nazar soldi qishloq tomon Bay Krum, beixtiyor ko‘z yoshlandi, lablar nedir so‘zladi. Kim biladi ne dedi u? Reja tuzdi nelarga?! Balki qasam ichgandir u, yana qaytib kelishga, qonxo‘r dushman kallasini nayzasiga ilishga! Balki o‘ylar uyda qolgan ikki arzandasini. Uyda qolgan Liliana, Xristoni ezilib!
— Ataman, — der allakim. — Bo‘ldi, endi ketaylik.
— Bo‘ldi, — dedi ko‘krak kerib bizning jasur Bay Krum. — Ketsak ketdik, ammo bilki, qaytishimiz muqarrar!

4
Yo‘lga tushdi Bay Krumning g‘azabnok yigitlari, yo‘lga tushdi qasam ichib yana qaytib kelishga, qonxo‘r yovlar kallasini nayzalarga ilishga!

5
Uyda yolg‘iz atamanning ikki baxtsiz farzandi — yetim qolgan Liliana, yetim qolgan Xristo. Ko‘zlari to‘rt ikkovining ota ketgan tomonga, ikkovining ko‘zlarida yaltirardi yoshlari. Liliana o‘sha yozi to‘lgan edi o‘n to‘rtga, Xristo-chi, endigina o‘nga qadam qo‘ygandi.

6
Gayduklarim, ko‘ryapsiz, ular hali yosh edi, ular hali hayot nima, o‘lim nima — bilmasdi, ular hali bola edi, zulm nima bilmasdi, ular hali bola edi, qullik nima — bilmasdi!

7
Kechga yaqin Liliana tanbaladi eshikni, zanjir soldi ichkaridan darchalarning bariga. Yaxshi tushlar orzusida o‘rin to‘shab ertaroq, ukasini quchoqladi, majbur qilib uxlashga… Shu top birdan gumburladi nedir eshik yonida, derazalar chil-chil bo‘ldi, g‘ala-g‘ovur boshlandi.

8
Nima bo‘ldi, ne falokat yana keldi bu uyga?

9
Liliana cho‘chib tushdi va yugurdi eshikka, qay ko‘z bilan ko‘rsin sho‘rlik — eshik to‘la yov edi. Eshik to‘la qon deb kelgan, mol deb kelgan odamlar!

10
— To‘xta, opa, ocha ko‘rma! — dedi shunda Xristo. — To‘xta, opa, seni avval yashirayin bir yerga…
Xayoliga nelar kelib, rozi bo‘ldi sho‘rlik qiz, yashirindi taxmonga u, ukasiga mo‘ltirab.

11
O‘n nafardan ortiq edi bostirib kirgan dushman, har bittasi Xristoga to‘rtta kelardi lofsiz.

12
— Qani so‘yla, kofir o‘g‘li, otang ketdi qayoqqa? — dedi biri Xristoning yelkasiga musht urib. — Xristodan sado chiqmas, ko‘zida o‘t chaqnardi. — So‘yla, deyman, kofirvachcha, otang ketdi qayoqqa? — Xristo jim, tishi tishda, qo‘llar mushtga tugilgan…

13
— So‘yla, — dedi yana biri. — Aytsang omon qolasan, qishloqning eng go‘zalini xotin qilib olasan…
Dushman bari qah-qah urdi. Xristodan sado yo‘q. Shunda kimdir qulochkashlab urdi yuzi aralash, gandiraklab yiqildi u, ammo ovoz bermadi. Shundan keyin nima bo‘ldi, bilolmadi Xristo.

14
Momataloq bo‘ldi badan, biron sog‘ joy qolmadi, suyaklari zirqirardi tepkilarning zarbidan, oxir chidash berolmadi, hushdan ketdi Xristo.

15
Ko‘z ochganda sho‘rlik bola, Liliana boshida — o‘ltirardi yum-yum yig‘lab, o‘ltirardi qon yutib.

16
Tashqarida esa, dushman o‘t qalardi gulxanga.

17
— Opa, ko‘rding, — der Xristo, — sotqinlik qilganim yo‘k, jasur otam makonini aytganim yo‘q dushmanga, lekin, opa… chidolmayman yana shunday qilishsa, — shunday dedi sho‘rlik bola, daryo bo‘ldi yoshlari.

18
— Qo‘y, yig‘lama, o‘zingni bos, — yupatdi Liliana. — Otang kabi mardligingni o‘zim ko‘rib turibman. Qo‘y yig‘lama, o‘zingni bos, sen haqiqiy gayduksan!

19
Dushman yana uyga kirdi Xristoni ezish-chun. Uyga kirdi va lol bo‘ldi Lilianani ko‘rib.

20
— Sen qayerdan paydo bo‘lding? — dushman so‘radi undan. Qiz qaddini rostlab dedi:
— Men shu yerlik bo‘laman, Bay Krumning qiziman men, ataman Bay Krumning…

21
— So‘yla yo‘qsa, ey, go‘zal qiz, otang ketdi qayoqqa?

22
Liliana boshin egdi, nelarnidir o‘yladi, hushsiz yotgan ukasiga termildi mehr bilan. Keyin dedi:
— Mayli, aytay, faqat bitta shartim bor: sotqinligim bilinmasin, ukam buni bilmasin!

23
Shu zahoti qilich uzdi Xristoning boshini, bu dahshatni ko‘rib turdi Liliana darchadan. Yurak-bag‘ri zardob bo‘ldi, yosh qopladi yuzini, ammo, nima qilsin sho‘rlik, o‘zi shuni istadi.

24
Dushman dedi:
— Endi gapir, go‘zallarning go‘zali, xizmatlaring evaziga oltinga g‘arq bo‘lursan.

25
Liliana indamadi, birdan ko‘zi chaqnadi, birdan yovni hayron qilib, qah-qah urdi va dedi:
— Men ukamdan cho‘chigandim, hali go‘dak degandim, nima qilsang qilgin endi, sotqin yo‘kdir bu uyda!