O‘sha vaqtlar chamasi o‘n yosh edim. Ayni kuz, ammo atrofda qish ayozi daydirdi. Ko‘chada men kabi sovuq sezmas “o‘yin bola”si ko‘rinmasa, aksar odamlar uy ichiga tiqilishgandi. Har galgidek, horib–charchab uyga qaytdim. Darvoza tirqishidan ichkariga mo‘raladim: oyim ayvonda tutaqib singlimga baqirar, qo‘lida tut novdasidan xivchin: aftidan meni jazolash uchun bo‘lsa kerak.
Gavron tanamdagi eski og‘riqlarni qo‘zg‘adi. Boisi bunaqa sahnalar menga yangilik emasdi. Devor panasiga o‘tib, oyim hovuridan tushishini kuta boshladim… Bir payt qo‘shnimiz Mutal aka hovliqib kelaverdi. Bor gapni mendan bilgach, darvozadan hovliga kirdi-da, zum o‘tmay ketmon orqalab chiqdi.
Xayolimga yeldek urilgan fikrda quvondim: “Ketmonga boruvdim, ushlanib qoldim”, deyman oyimga. Unga ergashdim.
Mutal aka to‘g‘ri og‘ilxona tarafga yetakladi.
Paxsa devorga suyanch katak qarshisiga bordik. U ketmonni devorga tirab yeng shimardi. It bolalapti: katak ichida gidiklar ag‘nab o‘ynar, bir-birini tishlab hurar, yalab yulqayotgan onasi atrofida irg‘ishlardi.
Uy egasi shundoq shiftga tiqilgan selitra xaltani oldi. So‘ng u itni katagidan sudrab chiqardi va boshini katakka suqib kuchukbachchalarni tekshirib qopga sola tushdi. Ona it katak atrofida yeru ko‘kka sig‘may, qandaydir noxushlikni sezganday oyog‘i bilan yer titib muttasil g‘ingshirdi. Mutal akaning ishi bitgach qo‘zg‘alarkan, katakda ikkita kuchukcha qolganini ko‘rdim. U qopni orqaladi va ketmonni uzatib dedi:
— Bu kuchukvachchalarni nima qilishni yaxshi bilaman!
Biz daraxtzor oralab dalaga qarab jo‘nadik. Ortimizdan to Olatayoqqa yetgunimizcha Olapar iyardi, Mutal aka unga tosh o‘qtaldi.
— Olapar…Tur yo‘qol!
Dalalar shudgorlangani bois loy, oyoq botib odam yurishga qiynaladi. Sebalayotgan yomg‘ir esa dard ustiga chipqon. Biz zo‘rg‘a jarlikka yaqinlashdik. Jarlik yoqasida chuqur o‘ralar, biqinida handaqlar hosil bo‘lgan, chetini sel o‘pirgandi.
— Ketmon shart emas ekan, — dedi Mutal aka kulib.
Shundagina menga hali-hanuz sir bo‘lib kelayotgan muammo yechimi ko‘rindi. Demak, u kuchukchalarni tiriklayin ko‘mmoqchi! Men umuman ilojsiz edim. Kutganimdek Mutal aka kuchukchalarni o‘raga tashlay boshladi. Ketmonni uloqtirib shartta uning qo‘liga yopishdim.
— O‘zim boqaman, menga bering!
Yig‘lab yalindim, foydasi bo‘lmadi; u meni siltab tashladi. Zumda o‘ra ichida loy va balchiqqa qorishgan kuchukchalar jon talashib g‘ing‘shiy boshladi. Ko‘z oldimda sodir bo‘lgan fojeani tasvirlashga til ojiz…
Qishloqqa qanday qaytdik, bilmayman. Chorasizlik va iztirob, yana qandaydir nomsiz tuyg‘ular qorishig‘idan paydo bo‘lgan kuch meni qiynar, qo‘llarim musht bo‘lib tugilar, negadir ko‘zimdan duvillab yosh oqardi.
“ — Qaniydi ilohiy bir quvvat insayu boplab uning dodini bersam!”, deb alam bilan o‘ylardim. Mutal aka holatimni sezdi, shekilli, meni yupatishga urindi.
— E, og‘aynichalish, nega yig‘laysan? O‘g‘il bolasan-ku! Bu qanjiqvachchalarning kimga keragi bor. Orlon bo‘lganida, boshqa gap edi… Bir ahvolda uyga qaytgan bo‘lsam kerak, oyim jazolash o‘rniga atrofimda parvona bo‘lib qoldilar. Oyim harchand qattiqqo‘l bo‘lmasin, lekin erka o‘g‘lining ko‘z yoshlariga chidab turolmasdi. Qovoqlarim shishib ketganini ko‘rgach boyagi vajohatidan asar ham qolmadi. Ko‘chadagi gapni uyga olib kelmasligimni bilsalar-da, nima bo‘lganini so‘rab holi jonimga qo‘ymadilar. Ammo miq etmadim. Isitmam chiqib yotib qoldim. Dori-darmon ta’sirida ko‘zim ilinganini ham sezmabman…
Uydagi shivir-shivirdan uyg‘onib ketdim.
Otam va onam past ovozda suhbatlashardi.
— Bechoraga qiyin bo‘ldi-da! Bir o‘g‘ilga zor edi-ya, yana qiz ko‘ribdi. Mutalning ahvoli chatoq, qayg‘usi qora qozon!
— Tavba! Nima qiz farzand emasmi?! Tirnoqqa zor odamlar ham bor. Ahmoqda shu Mutal ham. Aybni kelindan ko‘rib kun bermaydi, sho‘rlikka…
Bildimki, Mutal aka yana qiz topgan. To‘rtinchi qiz! Har gal qishloqda birov farzandli bo‘lsa sevinardik. Boisi, bazmu ziyofatdan biz bolalar ham chetda qolmasdik-da! Lekin bu safar ko‘nglimda hech bir shodlik yo‘q edi… Ko‘z oldimda Mutal aka loyga cho‘ktirgan kuchukchalar jon azobida o‘lim bilan olishardi…
Bu voqea bir umrga qalbimda bitmas jarohat bo‘lib qoldi. O‘sha voqeaning asorati har gal Mutal akaning xotini tuqqanida yangilanaveradi…
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 42-son