O‘ktam Usmonov. Girdob (roman)

Inson baxtli bo‘lishi kerak.
Mabodo baxtsiz ekan, uning o‘zi aybdor.
L. N. Tolstoy

1

Saraton.
Kun bo‘yi yeru ko‘kni jizg‘anak qilib kuydirgan quyoshning botishiga sal bor… Ufq qontalashib, osmon za’faron tusga kirgan; olisdagi qorli tog‘larning tepasigina niliy rangda tovlanadi… Chilonzordagi sarg‘ish, qizg‘ish g‘ishtin, kulrang, oqish yirik panelli baland uylarning ko‘lankalari tobora uzayib borayotgan payt. Ayniqsa, tushdan keyin bilqillab yumshab ketgan asfalt ko‘chalardan yoqimsiz hovur ko‘tariladi. Qayoqqa qarasang: zuv-zuv, g‘uv-g‘uv mashina, tumonat odam; sha-harliklar ishdan qaytishyapti. Ayrim yo‘lovchilar bir yonga og‘ib ketayotgan avtobuslarning eshigigacha osilib olishgan. Bekatda turganlar ham terga botib, kech kirayotganiga qaramay, soya axtarishadi… Qani endi qilt etgan shabada bo‘lsa…
Katta yo‘lning narigi betidagi oziq-ovqat do‘konidan odamlarga turtina-surtina yoshgina bir juvon chiqib keldi; boshini sochiq bilan o‘rab olgan, ustida g‘ijimlangan eski atlas ko‘ylak, qo‘lida bir shisha paxta yog‘i. Yuzi so‘lg‘in, ko‘zlari kirtaygan, yuragi torligi shundoq aftidan ma’lum; o‘rta, bir qarasa — lo‘ppigina, bir qarasa — ushoq bolalardek noziknihol… ammo diqqat bilan razm solinsa, istarasi issiq ayol.
U shoshilib yo‘lni kesib o‘tmoqchi edi, sal bo‘lmasa mashina tagida qolib ketay dedi. Och havorang «Volga» guvillab kelib uni urib yuborguday yonidan taqalib o‘tdi, yo‘l chetiga chiqib chang buruqsitgancha uch-to‘rt qadam nariga borib to‘xtadi. Mashina eshigi ochilib, undan kun dimligiga qaramard, jigarrang kostyum kiygan barvasta bir yigit tushdi. U taxminan o‘ttiz yoshlarda; to‘ladan kelgan, qoramag‘iz, yag‘rinli, burniga tegib turgan quyuq mo‘ylovi ham, jingalak sochlari ham timqora, enli qoshlari ostidagi mitti ko‘zlari qattiq. U juvon tomonga asta yurib, ko‘rsatkich barmog‘iga ilib olgan kumush zanjirli kalitini pirpirak qilib o‘ynagancha:
— Yaxshimisiz, Saltanatxon? — dedi muloyim kulimsirab.
Mashinadan qo‘rqib ketganidan hali ham yuragi taka-puka bo‘lib turgan ayol yigitga yalt o‘girildi-yu, bo‘ynigacha qizarib ketdi. Qo‘lidagi yog‘ni yashirmoqchi bo‘lib, u qo‘lidan bu qo‘liga oldi, battar o‘ng‘aysizlandi. Qog‘ozga o‘rab bermagani uchun sotuvchini ichida koyidi; «voy o‘lmasam, haliyam yechmovdimmi», deganday boshiga o‘ralgan sochig‘ini ushlab qo‘ydi…
Saltanat yo‘lning pastidagi hu anavi baland imoratda turadi. U hozirgina qozonga olov yoqib, bunday qarasa, uyda bir qatra ham yog‘ qolmabdi. «Magazin berkilib qolmasin» degan o‘yda shoshilgancha gazni o‘chirib, uy kiyimida halpillab chiqib kelavergan edi. Egnida boya aytganimizday o‘ng qo‘ltig‘i sitilgan nimdoshgina atlas ko‘ylak, bosh yuvishdan oldin sochiga qatiq surib, sochiqni opala o‘rab olgan, oyog‘ida esa hovlida ilib yurish uchun bog‘ichi qirqib tashlangan, orqasi bosilgan eski oq tufli… U o‘zini yo‘qotganidan nima deyishini bilmay qoldi. Yigit bo‘lsa kulimsirab kelib, unga qo‘l uzatdi:
— Haliyam qo‘rqoq ekansiz, Saltanatxon!
— Voy, Yo‘ldoshmisiz?! — dedi Saltanat entikib, xuddi yigitni endi taniganday.
Yigit Saltanatning o‘smoqchilaganini, o‘zining ham kayfiyati birdan o‘zgarganini darhol sezdi.
— Chilonzorda turishingizni eshitgandim, — dedi u yana kalitini o‘ynab. Saltanat yerga qaradi. Yigitning serjun qo‘llariga zimdan tikilarkan, bundan ancha yillar burun xuddi hozirgiday katta ko‘chada shu qo‘llar uning belidan mahkam quchganini eslab, etlari jimirlashib ketdi. — Ishlaringiz, sog‘liqlaringiz yaxshimi? Qalay, pochchamiz salomat yuribdilarmi?
Yo‘ldoshning «pochchamiz» deb boyvachchalardek mensimay gapirishi Saltanatga alam qildi. Yo‘ldoshga chimirilib qaradi. Ammo shu zahoti uning och nigohidan iymandimi:
— Rahmat, — dedi yerga qarab. Yo‘ldoshning yap-yangi qora tuflisi va dazmoli buzilmagan shimiga ko‘zi tushib, «artistga o‘xshaydi», degan fikr ko‘nglidan lip etib o‘tdi.
— Uyingiz olismi? Olib borib qo‘yay.
— Yo‘q, rahmat, shu yerda, huv ana… Shoshilgandan shunday chiqib kelavergan edim…
— Hechqisi yo‘q. Hammamiz ham shu… Shoshilganimiz-shoshilgan… Qayerda ishlayapsiz?
Saltanat boshini sarak-sarak qildi, keyin:
— Kichkinam bor, — dedi ovozi bo‘shashib. Yo‘ldosh kalitining uchi bilan engagini qashidi.
— Unda bizga ruxsat! — dedi takabburona, — Pochchamizni so‘rab qo‘yasiz. Amakimlar yaxshi yuribdilarmi?
Yigit «amakimlar» deb Saltanatning dadasini nazarda tutdi.
Saltanat «tezroq qutulay shu oliftadan» degan maqsadda yolg‘ondaka mulozamat qildi:
— Rahmat. Mehmon bo‘lib ketmaysizmi?
— Nasib etsa… — Yigit hamon kulimsirab, vaqtida o‘zini qay ko‘ylarga solgan maktabdoshi Saltanat hozir butkul o‘zgarib, rang-ro‘yi, turish-turmushi bir holatda bo‘lib qolganiga avvaliga astoydil achinsa-da, keyin ham ajablanib, ham ichida bir oz quvongancha, unga qo‘l uzatdi, nozyk barmoqlarini qattiq qisib xayrlashdi-yu, viqor bilan rulga borib o‘tirdi, so‘ng mashinadan boshini chiqarib, Saltanatga yana bir kulimsiradi va gaz berdi; u ancha joygacha peshoynaga tikilib, orqada, yo‘l chetida turib qolgan Saltanatni kuzatyb bordi. Saltanat ham mashinaga ora-sira ko‘z qirini tashlab qo‘yardi.
U, Yo‘ldosh to‘g‘risyda bulturmi, undan oldinmi, hozir aniq esida yo‘q, bexos oyisidan eshitib qolgandi.
— Anavi narigi mahalladagi Ashraf temirchining o‘g‘li bor-ku? Maktabda sizlar bilan birga o‘qigan? — degandi o‘shanda oyisi gapdan gap chiqib.
Saltanat eslayolmagandi.
— Voy, anavi tog‘asi professor-chi? Paxta professori. Endi yodingga tushdimi? Maktabdalik vaqtlaringda tug‘ilgan kuningga ham keluvdi shekilli?
— E, Yo‘ldoshni aytyapsizmi? — Saltanat shunday deb, birdan sho‘xligi tutib, qah-qah urib kulib yuborgandi. — Oyi, yangilishyapsiz, u biz bilan birga o‘qimagan, ikki sinf yuqori edi. Ha, nima qipti, nega uni so‘rayapsiz?
— Tunov kuni ko‘rib, biram havasim keldi! Yoir kelishgan, bir to‘lishgan yigit bo‘ptiki… Mayda-chuyda ko‘tarib, Oloy bozoridan — dadangning oldidan kelayotsam, mashinasida zuv etib tashladi-ketdi. Akangga o‘xshab, chet elda ishlab kelganmish. Mashina ham opti!
Men tanimabman, u tanibdi. Dadang ham og‘zidan bol tomib gapiradi, ko‘rsa sira to‘xtamay o‘tmas ekan, baraka topkur…
Onasi shunday deb turib, qiziga: «Mana shunaqa yo‘qni yo‘ndiradigan yigitlardan ham topa qolmagansan… ahvolingni qara!» — degan ma’noda achingandek bo‘luvdi o‘shanda Saltanatga…
U katta ko‘chani kesib o‘tgach, hadeb o‘ziga o‘zi dalda berishga urindi:
— Kerilmay o‘l! — dedi jahl bilan Yo‘ldosh ketgan tomonga qarab. — Hali ham o‘sha-o‘sha! O‘pka!
Shunday dedi-yu, ammo ko‘ngli cho‘kib, o‘zini g‘arib his etdi.

* * *

Saltanat to‘rt qavatli g‘ishtin imoratdagi o‘z yo‘laklariga kirmasidanoq o‘g‘ilchasining big‘illab yig‘layotganini eshitdi. Birdan talpinib zinadan ko‘tarila boshladi, lekin shu zahoti qadamini sekinlatdi. Negadir hayotidan, bir paytlari tili qisiq odami oldida hozir yuzi shuvut bo‘lganidan alami qo‘zib, ensasi qotdi, o‘jarligi tutib ketdi. Shoshilmay borib eshikni ochdi. Avval qo‘lidagi yog‘ni oshxonaga olib kirib qo‘ydi, bolasi qotib yig‘lasa ham xuddi go‘dakka achchiq qilganday bamaylixotir ivirsib yurdi, yig‘i sal bosilgandan keyin yoniga kirdi. Bola sharpani sezib yana yig‘lay boshladi.
Saltanat xona o‘rtasidagi karavotchani zarda bilan silkib:
— Baxtimni qaro qildilaring! Umrimga zavollar! — dedi jazavasi tutib. Go‘dak go‘yo onasining fe’lini sezganday, jimib qoldi… Saltanat karavotchag‘a suyangancha ancha vaqt xomush o‘tirdi. Polga to‘shalgan yo‘l-yo‘l sholcha popugini barmoqlari bilan tarab o‘ynarkan, atrofga razm solib, o‘zining turish-turmushi, nochorligidan uyaldi; baxti ochilmay, orzulari chil-chil tsinganini o‘ylab yuragi o‘rtandi… Uzun xonada bolasining karavoti-yu, Aziz akasining ish stoli. To‘rda chetlarini yog‘ bosgan sarg‘ish yog‘ochli toshoyna. Qog‘ozlar, kitoblar ham oddiy taburetkaga taxlab qo‘yilgan, sal tegsa qulab tushadiganday zo‘rg‘a turibdi. Saltanat o‘rtadagi ochiq eshikdan «zal»ga qaradi. Yangi kvartiralik bo‘lishganda dadasi mebel do‘konida ishlaydigan og‘aynisidan arzon-garovga olib bergan oltita stul bilan doira stol, tagida esa ensizgina poyandoz. Burchakda ekrani kaftdakkina, ustiga parda yopilgan eski «Rekord». Derazaga taqalgan nimjongina divanning faqat bir uchi ko‘rinib turibdi. Uning yonida paxta gulli choynak-pi
yolalar terib qo‘yilgan qizg‘ish shkaf. Balkon tomondan eshik qiya ochiq shekilli, olachalpoq parda to‘xtovsiz hilpirab turibdi… Saltanat hammayoqni tekshirib chiqayotganday shiftga qaradi: lampochkani qalin chang bosgan, shnurining atrofi esa is arg‘imchoqlari… Yo‘q, Saltanatning ko‘ngli muzlab ketgan… Hatto uyga ham mehri yo‘q. U birdan ro‘paradagi qo‘shnisi — jurnalist yigitning uy jihozlarini ko‘z oldiga keltirdi. Hammayog‘i badas-tir! To‘q-qizg‘ish rangli nemis garnituri olovday yongan gilamlar shu’lasida battar jozibali ko‘rinadi… Ko‘chib kelishlaridan bir kun oldin Saltanat Aziz akasi ikkalovi bo‘yoq hidi anqib turgan bo‘m-bo‘sh xonalarni tomosha qilaverib to‘ymay, qayerga nimani qo‘yishni qayta-qayta maslahatlashib, endi tashqariga chiqishganda mana shu qo‘shnilarini ham uchratishgan, ularnikiga kirib, yangi kvartira bilan chin dildan tabriklashgan edi. O‘shanda ikkala kvartiraning zig‘ircha ham farqi yo‘q edi. Endi bo‘lsa…
Bolasi g‘ingshiyvergach, Saltanat battar toqati toq bo‘lib, boshini dast ko‘tardi, jahl bilan ogziga so‘rg‘ich solib qo‘ydi. Xo‘rsingancha to‘rda turgan toshoynaga tikildi. Kirtaygan ko‘zlari qalin kipriklari ostidan holsiz termilar, sochiq tagidan ko‘rinib turgan, qatiq tomchilari oqib tushib qotib qolgan peshonasida ajinlar battar bo‘rtib, yuzlarini yog‘ bosgan, qovoqlari salqigan… Uy xotinligi bir qarashdayoq bilinar edi. Harqalay, shunday bo‘lmasa ham, Saltanatning xayolidan shu fikr o‘tdi.
«Shuyam turmushmi? Qani qiz paytimdagi orzularim? — kuyunib o‘yladi u. Birdan xo‘rligi keldi. — Hammasi tush ekan… Tush ekan… Oyim bekorga aytmabdi… qanday ko‘hli, yoqimli yigit bo‘pti… Bir og‘iz so‘zimga tomdan tashlashga tayyor turgan — shu Yo‘ldosh emasmidi? Tavba! Umr ham shunchalik tez o‘tarkanmi, a?.. Men ahmoq igunday yigitni xo‘rlabman! O‘shaning uvoliga qolgan bo‘lmay tag‘in…»
U yana oynaga qaradi. Rang-ro‘yi o‘ziga battar so‘lg‘in, asabiy ko‘rinib ketdi.
Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Saltanat to‘satdan alami bo‘g‘ziga tiqilganday, dik etib o‘rnidan turdi. U «erim keldi, bir xumordan chiqib olay», deb eshikni ochsa, yo‘q, qaynotasi ekan. Butun umri mehnatda o‘tgani qayishdek qotib ketgan qo‘llari, ajin to‘la yuzlaridan bilinib turgan Qo‘rg‘onboy ota bundan to‘rt yil burun ko‘klamda qurtga barg qirqayotib, daraxtdan yiqilib oyog‘i tsingan, salkam yarim yilcha gipsda yotsa ham, suyagi yaxshi bitmay, hassaga tayanib yuradigan bo‘lib qolgan edi. Chol bechora oppoq soqollari selkillab, terga botgancha ostonada kulimsirab turardi. «Ko‘zim uchib turuvdi», degan fikr o‘tdi Saltanatning xayolidan; azbaroyi ensasi qotganidan qaynotasiga zo‘rg‘a pichirlab «keling», dedi-yu, eshikni ochiq qoldirgancha iziga qaytdi. Qo‘rg‘onboy ota «bemavrid keldimmikin», degan istihola bilan yo‘lakda bir oz turib qoldi, keyin bir yo‘talib uyga kirdi. Qo‘lidagi qiyiqchada o‘ralgan bir kastryul qatiqni yo‘lakka qo‘yib, gunohkor odamday astagina hol-ahvol so‘radi:
— Qalay, kelin, tuzukmisizlar? Qudalarim tinchmi? Kichkina qalay? Utiray deyaptimi? Buvysi qatiq berib yuboruvdi.
Saltanat karavotcha tepasida ivirsilanib turib, qaynotasiga orqa o‘girgancha:
— Hali qatiq ichmaydi! — dedi qo‘rslik bilan. Soddadil chol bo‘lsa:
— Ichib qolar, — dedi tik turgan joyida karavot panjarasi orqali nevarasiga tikilib. — Qatiq odamni semirtiradi. Aziz ko‘rinmaydi? Hali ishdan qaytmadimi?
Saltanat bir yulqinib, o‘g‘lini karavotchadan oldida, teskari o‘tirgancha emiza boshladi, keyin qaynotasiga zardali qarash qildi. Bu qarashda: «Voy tavba-ey, o‘g‘lingizni endi bilyapsizmi?» — degan ta’na bor edi. Cholga qarab turib, Saltanatning battar g‘azabi oshdi: «Shu odamning bolasi-da… o‘g‘li qayoqqa borardi…» — dedi ichida alam bilan. Qaynotasi esa hamon undan tayinli bir javob kutib, na o‘tirolmas va na chiqib ketolmas; kelinining tili yomonligini ilgaridan bilsa ham, bari bir, uning hozirgi qilig‘idan qattiq ranjigan edi. U ancha kutdi… Saltanatdan sado chiqavermagach, indamay kavushini kiydi. Kiraverishga qo‘ygan tugunni yechib, qiyiqchasini bo‘shatdi. «Xayr, kelin, ishqilib, o‘zinglardan tininglar», deb eshikni sekingina yopib tashqariga chiqdi. U to hovliga tushib uzoqlashib ketmaguncha hassasining «do‘q-do‘qi» eshitilib turdi. Saltanat ancha vaqtgacha derazaga tikilib miq etmay o‘tirdi, keyin alamidan yig‘lashga o‘tdi.

Romanning to‘liq matnini PDF formatda saqlab oling