1
Ikki buklangan lo‘labolishga yonboshlagan ko‘yi bir lahza xayolga berilgan Bardamqulning ma’nisiz nigohi xotinining sharbati so‘rilgan husaynidek burishgan barmoqlariga tushib, to‘xtab qoldi. Har ikki kunning birida bolalarning kirini changallayverib oqem bo‘lgan barmoqlar piyolani qimtinibgina tutib turardi.
“O‘l-a, xotinni abgor qipsan-ku” degan ichki nido quloqlari ostida jaranglaganday bo‘ldi. Qaddini chaqqon rostlab, darhol piyolani oldi.
Bardamqul yoshi ellikdan oshgan, g‘o‘labirday, oq-sariqdan kelgan past bo‘yli, savodi el qatori, orzu- havasli odam. Katta idoraning kichkinagina bo‘limi boshlig‘i. Yoshi o‘tib, to‘lishgani bois chaqqon harakatlari kulgili tuyuladi.
— Ishlaring yaxshimi? — dedi Bardamqul mehri iyib.
— Tinchlikmi, hol so‘rab qopsiz? — dedi xotini ham o‘smoqchilab.
— Yo‘q, o‘zim, — dedi er choyini bir ho‘plab, piyolani xontaxta ustiga qo‘yarkan,—shunchaki o‘zim. Nima, hol so‘rab ham bo‘lmaydimi? So‘ramasam, so‘ramadi, deysan, so‘rasam yana bir balo… Endi shu kir-pirlaringni kelinga yuvdirsang ham bo‘laverardi. O‘rgansin. O‘zingni charchatib qo‘yma, deyman-da, xotin.
— Xayriyat-e, bunchayam mehribon bo‘lmasangiz, nima gap, aytavering?
Bardamqul yuragiga tugib yurgan orzu-havasini shu dam xotiniga aytmoqchi bo‘ldiyu, hali o‘zi biror qarorga kelmagani uchun gapni aylantirdi.
— Yo‘q-yo‘q, o‘zim shunday…
— O‘larsiz, niyati buzuq.
— Nima, o‘zingni charchatma, sog‘lig‘ingni asra, desam yomonmi? Ikki kunning birida kir, xamir… yarim kechagacha ivirsib yurasan. To‘shakka kirishing bilan charchadim, deb gum-gurs yotganing-yotgan. Bunday, o‘zingni ham asra, deyman-da. Mana, kelining ham baloday yoningga kirib qoldi.
— Bilasiz, ro‘zg‘or katta, adasi, quda-andali bo‘lganimizda to‘zib o‘tirsak yaxshimi?
— Orastalikka-ku nima yetsin, xotin, mayli, joningga to‘zim bersin, yaxshi bo‘lib qolar…. Shuncha bo‘ldi, xo‘ja bo‘ldi.
2
Oqshom dasturxon bo‘yida o‘g‘li bilan yolg‘iz qolgan Bardamqul ko‘nglini ochdi:
— Latifboy, onang bilan kelinimga bitta zo‘r kirmoshin obersam, nima deysan? Sabil, ro‘zg‘orning to‘rva xaltasi ham ko‘payib boryapti.
Latifboy Bardamqulning to‘ng‘ichi. Uylanganidan beri uyim-joyim, deydigan bo‘lib qolgan. Uddaburon yigit. Oila xo‘jaligini butunlay qo‘lga olishga harakat qiladi. Farmonbardorlikka moyil. Uning harakatlaridan ota ich-ichidan mamnun bo‘lsa-da, jilovni butunlay berib qo‘ygisi yo‘q. Hali erta.
— Yo‘g‘-ey, sizga shunday ko‘rinayotgandir-da ota, hech ortiqcha harakat qilishayotgani yo‘q. Menga qolsa, ayol kishining ishi ko‘p bo‘lgani yaxshi. Bo‘sh qolsa yo g‘iybat, yo g‘urbat ko‘payadi.
— O‘g‘lim, shu fikrlar o‘zingdan chiqyaptimi? Onangni avaylasak nimasi yomon? Bechoraning qo‘liga qara, naq kosov-a! Hademay kelinning ham ahvoli shu bo‘ladi. Imkoniyat borida sharoit yaratib beraylik-da! Sendan pul so‘rayotganim yo‘q-ku!
— Juda oqko‘ngil odamsiz-da, ota! Mana meni aytdi, dersiz, hali shu aybingiz sizga ko‘p pand beradi! Bilaman, onamga achinyapsiz. Lekin ayollarning ro‘zg‘orda qiladigan o‘z yumushlari bor. Qilsin, tikish tiksin, kir yuvsin, xamir qorib, non yopsin, qozon-tovoq, deganday… Ayol ayolligini qilsin. Bekordan Xudo bezor. Ko‘p erk berib yuborsangiz boshga chiqib oladi.
— Obbo! — dedi ota o‘g‘ilning keskin gaplaridan og‘rinib, — menga qara, oqko‘ngillik qachondan beri ayb sanalib qoldi? Kimdan ta’lim olyapsan o‘zi? Hamma balo senlarning kitob o‘qimayotganlaringda. O‘zing ham shu palag‘da farosating bilan hali ko‘p pand yeysan. Odam otasiga ham shunday deydimi? Gap deganni bunday o‘ylab gapiradi-da, o‘g‘lim, men farzandim bo‘y tortib, qanotimga kirdi, deb quvonib yursam….
Latif otasini xafa qilib qo‘yganini anglab, yana qovun tushurib qo‘ymaslik uchun gapni kalta qildi.
— Kechirasiz, — dedi yuvvosh tortib, — ortiqcha mablag‘ingiz bo‘lsa, menga bering, demoqchi edim-da! Oborotga qo‘shardim. Foydasidan uy xarajatlarini to‘lab boraman. Pulingiz ham bus-butun turadi.
Bardamqul endigina hayot izmiga tushib borayotgan o‘g‘lidan shunday qarimsiq fikrlarni eshitaman, deb o‘ylamagandi. Azbaroyi ranjiganidan mum tishlab oldi.
3
Mehnat ta’tilining hisob-kitobi tufayli Bardamqulning hamyonida anchagina mablag‘ yig‘ilib qoldi. Kartoshka puli, moddiy yordam, mukofot pullari qo‘shilib uning belini kuydira boshladi. Salkam bir million so‘m-a! Nima qilsa ekan? Xudoga shukr, to‘yning xarajatlaridan qutilganiga ancha bo‘ldi. Ro‘zg‘or xarajatlarining o‘z o‘rni bor. O‘g‘lining topgani yarim ro‘zg‘orni ko‘taryapti. Buyog‘i mol-hol, deganday…. Xullas, shunday bir ish qilish kerakki, ro‘zg‘or but, xotin ham xursand bo‘lsin. Oshiqcha urinmasin. Bu o‘lar dunyoda odamga o‘xshab yashasin-da! Tamom, televizorda tinimsiz ko‘z-ko‘z qilinayotgan o‘zi yuvib, o‘zi quritadigan kirmoshinaning zo‘ridan xotini bilan keliniga bitta olib beradi…
4
Bardamqul savdo markazidagi do‘konlarni kechgacha aylandi. Oxiri qaddi xivichday, qoshiga alam bilan qalam tortilgan sotuvchi qizning da’vatiga yon berdi. Kafolati uch yil, olib borib berishi, o‘rnatishi tekin bo‘lgan bundan boshqa joyni topolmasligiga amin bo‘ldi. Olti yuzi ellik ming so‘mni sanab, kassaga topshirdiyu bir parcha pattani yon cho‘ntagiga solib, uyiga ravona bo‘ldi. Mana buni suyuntirish, desa arziydi. Uzog‘i bilan ertaga kechgacha o‘zi yuvib, o‘zi quritadigan “VEKO” rusumli kir yuvish mashinasi Bardamqulning suyukli xotini Marhamatoyning hukmiga qoyim bo‘lib turadi.
Marhamat ancha qiyinchilik ko‘rib voyaga yetganiga qaramay qilichday ayol. Turmush qurib, suyagi tinchidi. Mehnatkash. Ammosi shuki, kalta o‘y. Keyingi paytda ro‘molini dakana o‘rab, sal narsaga jizg‘anagi chiqadigan bo‘lib qolgan…
Bardamqul uyiga qaytgach, sir boy bermay televizor tomosha qilib o‘tiraverdi. Kuymanib yurgan xotinining ertaga kiryuvar mashinani olib kelishganida qanchalik xursand bo‘lishini tasavvur qilib, har zamonda iljayib qo‘yadi.
Xotini bilan kelini bir suyunsin.
Kir-pirlarini shunday yuvg‘idonga tashlaydi-da, murvatni buraydi, tamom. Mashinaning o‘zi quvurdan suv oladi, o‘zi kerakli darajada isitadi, o‘zi maxsus qutichadan kirsodani olib, kiyim-kechakni ivitadi va bir soat mobaynida ezg‘ilab yuvib, uch marta sovuq suvga chayib, quritib beradi. Ana — taraqqiyot! Bardamqulning xotini ham yayrasin-da! Bechoraning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Sochi—supurgi, qo‘li—kasov. Bu turishda ellikka bormay kampir bo‘ladi-qo‘yadi.
Nasib bo‘lsa, Bardamqul xokisor, mehnatkash xotinini mehnatning ostida qaritmaydi. Hurmatini joyiga qo‘yadi. To‘g‘ri-da, imkoniyating bormi, sharoit yarat. Ro‘zg‘orni obod qil. Farovonlik xonadondan boshlanadi.
5
Sotuvchi qiz tanti chiqdi. Va’da qilinganidek, ertasi kuni soat o‘n birlarda kir mashinani ko‘tarib ikki nafar barvasta yigit kirib keldi.
— Bardamqul akaning uylari shumi?
Javobni ham kutmay qutini hovliga olib kirishdi. Marhamat ularning istiqboliga peshvoz chiqdi.
— Kimsizlar?.. Bu nima? Ebiy, kirmoshinami?— u orqasida eshik qulochkashlab taltayib turgan eriga savolomuz yuzlandi.
— Ha, kirmoshina oyisi, sen bilan kelinimga sovg‘a.
Bardamqul egniga to‘nini ilib, unga ergashdi.
Bardamqulning hovlisi uncha katta bo‘lmasa ham hamma narsa badastir. Hovlining aylanasiga — ikki xo‘jalikka mo‘ljallab solingan oltita xonaning hammasi band. Ko‘zdan panalatib solingan hammomning bor-yo‘qligini daf’atan kirgan odam bilmaydi.
Er-xotinning savol-javobi tugamasidan yigitlar “VEKO”ning ustidagi yelim g‘ilofni chaqqonlik bilan yirtib, o‘rnatiladigan joyni so‘rashdi.
— Voy, ishingiz qursin, — dedi xotin norizogina bosh chayqab, bir og‘iz so‘ramabsiz-da. Qimmatga o‘xshaydi?
— Puliga ishing bo‘lmasin, xotin, joyini ko‘rsat. Hammomning dahlizi kengroq, shu joy ma’qulmi, deyman. Suvga yaqinroq bo‘lsin…
Marhamat yigitlarni ortidan ergashtirib, ham¬mom tomon boshladi.
Usta—usta-da! Hash-pash deguncha allambalo uskuna¬lari bilan quvurni teshib, mashinaning shlangini uladi, bir zumda chiqindi suv shlangini ham hammom¬ning quvuriga tirkashdi.
— Kenayi, kir-pirlaringizni olib keling, vaqtimiz ziq. Qanday foydalanishni ko‘rsatamizu ketamiz. Yana boradigan joylarimiz ko‘p, bo‘laqoling, — deb shoshirdi ulardan biri.
Marhamat bolalarining bir quchoq kir kiyimini olib chiqdi. Yigitlar ularni turiga qarab saraladi. Paxtadan to‘qilganlarni bir taraf, sun’iy toladan to‘qilganini bir tomonga to‘plab, tushuntirdi. Ulardan biri kiyimlarni yuvg‘idonga tashlab, murvatlarni burab turdi. Ikkinchisi uning harakatlarini sharhladi.
— Kenayi, yaxshilab bilib oling, paxtadan to‘qilgan kiyimlar uchun mana bu murvatni mana bu joyga keltirasiz. Mana bu 90 soni haroratni bildiradi. Istagingizga qarab 40-60-90 gradusgacha qo‘yishingiz mumkin. Mana bu qutichaga kir sodasini solasiz. Iloji boricha sifatlirog‘idan foydalaning. Mana bu oynacha ostidagi murvatni bossangiz kirni quritish uchun buyurtma bergan bo‘lasiz. Istagingizga qarab, kirni chala, butunlay quritish mumkin. Chala quritilsa dazmollashga oson bo‘ladi. Xullas, ixtiyor sizda. Mana bu murvat esa, kirni yarim soat, bir soat va hatto vaqtingizga qarab buyurtma bersangiz ishdan qaytib kelguningizcha o‘zi yuvib, o‘zi quritib qo‘yadi. Xullas, ixtiyor o‘zingizda. Qilgan xaridingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz. Savollaringiz bo‘lsa marhamat. Ha, darvoqe, suv-puv quymaysiz. O‘zi keragicha suv oladi, keragicha isitadi. Chiqindi suvni o‘zi chiqazib tashlaydi. Savollar bormi?
Qarshisidagi yigitlarning to‘tiday sayrashi Marhamatni gangitdi. Ro‘molini yechib yana qaytadan o‘radi. O‘zini begona joyda turgandek his qilib, nima deyishini ham, nima qilarini ham bilmay atrofga hangu mang termuldi. Bo‘sag‘ada irshayib turgan eri gap qo‘shdi:
— Mo‘jiza-a? Haqiqiy mo‘jiza! Mana, endi kir yuvaverib barmoqlaring ham charchamaydi. Beling ham tolmaydi. Qolganini o‘zim tushuntiraman, rahmat yigitlar, baraka topinglar.
Yigitlar lash-lushini yig‘ishtirib jo‘nashdi.
— Mana buni taraqqiyot desa bo‘ladi. Bugundan boshlab oilamizda farovonlik sari bir qadam qo‘yildi. Endi olg‘a!—dedi Bardamqul mashinaning oldida hamon lol turgan xotinining belidan chimchilab.
— O‘larsiz, shunaqa buzuq xayolga borib, meni ayayotganmidingiz? Nariroq turing-ey! Bolalar ko‘rib qoladi! Ishchilarga xizmat haqini bermadingiz-ku!
— Puli to‘langan, oyisi, hammasining puli to‘langan, — dedi Bardamqul quvonchdan boladay tantig‘lanib, chimchilash uchun xotini tomonga yana qo‘lini cho‘zib….
— Basharangiz qurmasin, ha aytganday, necha pulga oldingiz bu matohni…
Ular kiryuvar mashina atrofida uymalashib bir soat deganda to‘rtta kiyimni yuvishdi. Aniqrog‘i, mashina¬ning o‘zi yuvdi. Haqiqatan ham o‘zi suv oldi, isitdi, kir sodani qutisidan so‘rib olib, kirni ivitdi, yuvdi, chaydi, quritdi. Ular esa faqat tomosha qilib o‘tirishdi.
— Voy, ordona qolsin, o‘zi allambalo narsa ekanu, bir soatdan beri yuvgan kiri shu bo‘ldimi? Odam buningizning atrofida ivirsib, kir yuvganday ham bo‘lmas ekan, — dedi xotini toza kiyimlarning birini olib, ko‘zdan kechirar ekan, — terlab-pishib, g‘arssa-g‘arssa kir yuvganimga nima yetsin. Bir soat ichida dunyoning kirini yuvardim… Aytgancha, necha pulga oldingiz?
Xotinining tushkun kayfiyatini ko‘rib Bardamqul ham talmovsiray boshladi. Haqiqatan ham xotini haq. Bir soatdan beri to‘rtta kiyim yuvildi. Qo‘llanmasida yuvg‘idonga solinadigan kirning og‘irligi besh kilodan oshmasin, deyilgan-da.
— Nima balo, karmisiz hoy kishi, necha pulga oldingiz bu matohni deyapman?
Xotinining ovozi yo‘g‘onlashayotganini ko‘rgan Bardamqul janjal boshlanishini sezib, sarosimaga tushdi. Endi oqshomgacha bobillab yuradi. Uni tinchit¬moqchi bo‘ldi.
— Xotinjon, senga yordam bo‘lar, devdim-da, bar¬moq¬laringga qara…
— Barmog‘imga nima qipti? Nima, tirnog‘imni bo‘yab, labimga lolop surtib, yuzimga upa urib, biqi¬ningizda qilpillab turishimni xohlagan¬midingiz? Hademay nevarali bo‘ladigan cholning ahvolini qarang. Niyatingiz buzilib yurganini sezuvdim-a! Ayting, necha pulga oldin¬giz?!
— Olti yuzga oldim. Olib kelib berishi, o‘rnatishi tekin…
— Voy o‘lmasam, — xotin boshini changallab, shang‘illaganicha hovliga deyarli otilib chiqdi.
Shu paytda Latifboy xotini bilan xushchaqchaq, turtishib darvozadan kirib kelayotuvdi. Onasining ahvolini ko‘rib, qo‘rqib ketishdi. Marhamat ularga qarab havolandi:
— Voy o‘lay, otang jinni bo‘lib qolibdi. Qilgan ishiga qara!
Latifboy onasi ishora qilgan hammom eshigini qiya ochib, botinolmay mo‘raladi. Ichkarida kir mashina¬ga majolsiz suyanib turgan otasining ahvolini ko‘rib gap nimadaligini angladi va qah-qah otib kulib yubordi.
— Hormang ota, men nima degandim? Rahmati nasiya bo‘ldimi?
Shu dam Bardamqul qo‘liga tushgan narsani olib, o‘g‘li tomonga otishga chog‘landi, ammo olgan narsasi ayollarning buyumiligini ko‘rib, teskari o‘girildi.
— Menga qara, o‘g‘lim, haliyam bo‘lsa qaytarib beringlar, — dedi onasi rostakamiga behalovat bo‘lib, yolvorgansimon, — o‘lib qolaman. Olti yuz ming so‘m-a! Voy, odam bo‘lmay keting! Shuncha pulga olgan matohingiz qursin! Bir soatda to‘rtta kir yuvdi-ya! Pulingiz bor ekan, bir og‘iz so‘ramaysizmi? Kechagina qayningiz to‘yga qarz so‘rab keluvdi. Pochchangda pul yo‘q, so‘rama, deb qaytaripman! Ukam sho‘rlik eshitsa, nima degan odam bo‘laman? Jilla qursa jonday singlingizga uch yuz-to‘rt yuz mingini berib tursangiz bo‘lmasmidi, sho‘rlik, qizini chiqarolmay o‘tiribdi. Bu mashinada oqbilak xonimchalar kirini yuvaversin…. Yolingiz oqarsayam odam bo‘lmapsiz-a!..
Tishini tishiga qo‘yib o‘zini bazo‘r bosib turgan Bardamqulga suyukli xotinining so‘nggi iborasi qattiq botib, bezovta bo‘la boshladi. Ammo yana o‘zini bosdi.
— Voy, oyijon, nimasi yomon? Mening orzuyim-ku bu, — dedi kelini Barnoxon Latifning qo‘ltig‘idan chiqib, qip-qizil, badaniga yopishib turgan tor shimining poychasini ko‘tarib, hayajon va qiziqish bilan kiryuvar mashina yoniga borib tiz cho‘karkan. Tiz cho‘kkanida kastyumi kaltaligidan uning orqa beli ochilib qoldi.
— Hoy, hoy, nimalar deyapsiz kelinposhsha? Turing o‘rningizdan, yoqib qolgan bo‘lsa, ana oyingiz olib bersin. Charlarda bir quchoq gul ko‘tarib, salanglab kirib kelmasdan shunaqa narsalarni olib kelsin edi… “Orzuyim” emish, “orzuyim” emish…—labini burib kelinini masxara qildi Marhamat kesatib, — o‘rgildim, ko‘ngilning ko‘chasidan…
Shu payt uning ko‘zi kelinining beliga tushdi.
— Menga qara, hoy yashshamagur, dumi yulingan tovuqqa o‘xshab qaqaqlamasdan uyatingni yop, — so‘ng ilkis o‘g‘liga qaradi, — bunaqa yarim yalong‘och kiyinma, desang tiling kesiladimi? ,,,— Uyat bormi o‘zi senlarda? Buyraging shamollab, pushting sovib ketadi, yaramas! Yurasan, keyin ramaqijon bo‘lib.
— Hoy, hoy…, — himoyaga o‘tdi Bardamqul, — bularda nima ayb?
— Oyi, nima bo‘ldi sizga, xafa bo‘ladiyam, demay¬siz… — Latifning gapi bo‘g‘zida qoldi.
Barno kalta kastyumining etaklarini tortqilab erining ortiga o‘tib piqqillay boshladi.
— Ha, jinni bo‘ldim, jinni bo‘ldim, shunday desam ko‘ngillaring to‘ladimi? Meni aqldan ozdirgan mana shu otang bo‘ldi, — dedi onasi tabora zorillab.
— Nega unday deysan, xotin?
— Bo‘ldi, bas qiling piqqillashni, yoqmasa ana katta ko‘cha…Bundan keyin mening oldimda gapga suqil¬mang, bildingizmi oyimcha?! — dedi Marhamat hamon hovridan tushmay kelini tomon qo‘lini paxsa qilib.
Izzat-nafsi poymol bo‘lgan kelin kaftlari bilan yuzini bekitib, o‘krab, uyiga kirib ketdi. Uning ortidan Latif ergashdi.
Bardamqul mashmashaning yanada gazak olishidan, bo‘lib o‘tayotgan hangomadan qo‘ni-qo‘shnilar xabar topib qolsa, sharmanda bo‘lishidan cho‘chib, xotinining hov¬rini tushi¬rish uchun qo‘ltig‘idan olib yog‘och karavot tomon sudradi:
— Menga qara, oyisi, haddingdan oshma, kelin bechorada nima ayb?!
— Nima ayb?! Ko‘rmayapsizmi? Kuvichasini liqqillatib, yarimyalong‘och yurishini, men gapirganda siz ji-i-m o‘tirsin, men qora degan narsani oq, deb turmasin. Ertaga yana bir nima deydi, indinga qarabsizki, hisoblashmay qo‘yadi. Siz jim o‘tiring, xo‘pmi! Shu bahonada keliningizni bosib olaman.
— Shuncha odamni bosganing yetmaydimi, xotin? Qo‘ni-qo‘shnilar eshitsa sharmanda bo‘lamiz-ku! Uyalmay¬sanmi?!
Shu payt darvozaxona tomondan ayol kishining “ixi, ixi”, degan tovushi eshitildi. Uning kimligi ma’lum bo‘lmasdan haligina ichkariga yig‘lab kirib ketgan kelin kattagina sumkasini yelkasiga osib, orqasidan ergashib kelayotgan eri Latifboyga o‘zicha bir nimalar deb po‘ng‘illab, darvoza tomonga intildi. Uning faqat “orqamdan borib ovora bo‘lmang, yelkamning chuquri ko‘rsin bu hovlini”, degani quloqqa chalindi, xolos. Bardamqul “Avval sharmanda bo‘lmasam ham, endi sharmanda bo‘ldim”, deb boshini changallaganicha qaytib hammomga qochib kirdi. Kelin darvozaxonada turgan qo‘shni ayolga urilib to‘xtadi.
Marhamat uning yonida kim turganiga ham ahamiyat bermay dam keliniga, dam o‘g‘liga o‘shqirishda davom etdi:
— Hoy, hoy, yo‘l bo‘lsin, birato‘la ko‘rpa- to‘shagingni ham olib ket. Yelkangning chuquri to‘ladi. Qaytib kelmas emish-a, kelasan, kelmay ko‘r-chi?! So‘ng yana o‘g‘liga yuzlandi: — ha, sizga yo‘l bo‘lsin, kuyovto‘ra?! Qorasoch¬mo‘llang asal yalatganmi, deyman, o‘t bu yoqqa-ey, buncha… — u endi ikki qo‘lini biqiniga tirab darvoza yonida kelinining bilagidan ushlab nima qilarini bilmay turgan qo‘shnisiga tashlandi: — Ha, Ququbonu, gap tergani keldingizmi? Keling, keling, mana sizga qancha gap kerak bo‘lsa yetib ortadi, terib oling, “tu-tu-tu-tu”….
Ququbonu basharang qursin, degandek qo‘lini siltab qaytib chiqib ketmoqchi bo‘lganida ortidan kirib kelayotgan mahalla xotin-qizlari raisi Ma’mura opaga urilib ketdi.
— Ha, Marhamatxon, sizni jin chaldimi? Butun mahallaga tomosha ko‘rsatyapsiz. Buncha bo‘g‘ilasiz?
Shu payt hammom tomondan “gurs” etib nimaningdir ag‘anagani eshitildi. Xotiniga yetib olib halidan beri uni yupatishga urinayotgan Latifboyning qulog‘i ding bo‘ldi. U hammomga deyarli chopib kirdi. Hammaning e’tibori shu tomonga qaradi. Ichkaridan Latifning “Ota, otajon, hozir, hozir”, degan xavotirli tovushi eshitildi. Kelin sumkasini tashlab yordamga shoshildi. Hammom eshigi ochilib otasining qo‘ltig‘idan sudrab chiqayotgan Latifning orqa tarafi ko‘rindi. Marhamat, kelini, Ququbonu uning yoniga chopib borib, Bardamqulning oyog‘idan ko‘tarib, uyga olib kira boshlashdi. Mahalla xotin-qizlari raisasi esa darhol qo‘ynidan qo‘l telefonini chiqarib, “Tez yordam”ga shoshib qo‘ng‘iroq qila boshladi. Shoshganidan gaplari adashib ketdi sho‘rlikning: “Alo, alo, tez yordam qiling, xotin-qizlardanman, ha, ha, og‘ir, kasal. Og‘ir, yurak… hushidan ketgan… adresmi? Itolmas ko‘chasi, 98, familiyasi Esanov Bardamqul, 50 yoshda…”
Erini ko‘tarishib borayotgan Marhamat ortiga boshini burib:
— “49”da, “49”da, — dedi.
— “49”dami, “50” dami, endi bari bir, shunday erni rasvo qilding, tiling kesulgur, — dedi Ququbonu yonida erining bir oyog‘idan ko‘tarib borayotgan Marhamatga zarda qilib.
Ular Bardamqulni ichkariga olib kirib to‘shakka yotqizishdi.
Bardamqul ko‘ksini changallagan ko‘yi tinimsiz ixrardi. Marhamat uning yuziga suv sepdi. Kelin qutichadan validol topib, bemorning og‘ziga tiqdi.
— Meni tinch qo‘yinglar, — dedi Bardamqul norizo qo‘l siltab, zo‘rg‘a.
Bardamqulning ahvolini ko‘rgan xotini qo‘rqa-pisa uning boshiga engashdi.
— Adajonisi, meni qo‘rqitmang, o‘zingizni qo‘lga oling. Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi, men roziman, — dedi Marhamat dag‘al barmoqlari bilan erining boshi aralash yuzini silarkan.
Bardamqul ich-ichidan to‘lqinlanib-to‘lqinlanib kelayotgan dardni yutdi. Ko‘ziga quyilgan yoshni ko‘rsatmaslik uchun devor tomonga bosh burib, “ket” degandek yana qo‘lini siltadi.
“Tez yordam” mashinasi zum o‘tmay yetib keldi. Do‘xtirning aytishicha, asab buzilishi oqibatida qon tomir keskin qisqarib yurakda sanchiq paydo bo‘libdi. Haliyam Xudo, degan odam ekan, kalta qaytibdi. Bo‘lmasa naqd infarkt holati sodir bo‘lgan ekan.
Tinchlantiruvchi muolajadan so‘ng, zum o‘tmay Bardamqulni uyqu tortdi. Latifboy xonadagilarga “chiqinglar” degandek imo qildi.
Xotin-qizlar raisasi, Ququbonu, qaynona bilan kelin oyoq uchida chiqib ketishdi.
Ququbonu supada sochilib yotgan kir mashinaning qutisi va yelim qoplamalarning yonidan hayron bo‘lib aylanib o‘tib, Marhamatga savolomuz yuzlandi. Uning ketidan borayotgan raisa ham yoniga “VEKO” deb yozilgan qutiga sinchiklab qaradi.
Hamma balo shuni deb boshlandi, — dedi yig‘lamsirab Marhamat yengi bilan ko‘z yoshini artarkan, — qizishib, shuncha pullik narsani bekor olibsiz, — debman-da. Gapga gap ulanib, boshimga shuncha baloni orttirib oldim….
— Ey, ha, — dedi raisa, — bechora er xotinini ayab shunday kirmoshina olib bersayu siz noz qildingizmi? Sho‘rlikni ado qildingiz-ku! Sharmanda, sharmanda! Odamlar erga yolchimay yuribdi…
Bu bilan u Ququbonuga sha’ma qildimi, yo o‘zini nazarda tutdimi, har holda shu gapini chin dildan aytdi.
— Qaydan bilay, opajon, — dedi hamon piqillab Marhamat.
— Odamning zahri ilonnikidan yomon, deyishadi, — dedi raisa jiddiy, — yana shunday to‘polon qiladigan bo‘lsangiz masalangizni mahalla muhokamsiga qo‘yaman. Men bilan hazillashmang, xo‘pmi? Nima yeb, nima ichayotganingizgacha bilaman, ha… Hammaniki ikkita bo‘lsa mening ko‘zim to‘rtta, bildingizmi? Rahbarman-a?!
— Chaqib olgan-da! Bir chaqsa yomon chaqadi bu… bu..! — davomini ayta olmadi Ququbonu ham himoyachi topilganidan ruhlanib, Marhamatdan alamini olish uchun.
— Tovba qildim opa, manovingizga aytib qo‘ying ko‘cha-kuyda vaysab yurmasin…
Latif otasi yotgan uy derazasidan boshini chiqarib nariroq ketinglar, degandek onasiga imo qildi. Marhamat qo‘shnilarini kir mashina tomonga boshladi.
— Mana qarang, qanday g‘amxo‘rlar-a, — dedi o‘uqubonu guyo bir narsani tushunadigandek pildirab borib, mashina murvatlaridagi yozuvlarga ko‘zini qisib bir-bir tikilarkan.
Hol so‘rab chiqqan uch-to‘rt ayol ham ularga kelib qo‘shildi. Bardamqul qolib mashinaning tarifi qizidi. Marhamat ularga mashinaning kir yuvishini tushuntira boshladi…
Elakka chiqqan xotinning ellik og‘iz gapi bor, deganlari rost ekan. Ular tarqalishganda shom tusha boshlagan edi. Bu orada Bardamqul uyqudan ancha tetiklanib turdi. Har xil xayollarga borib o‘tirgan Latifboy o‘zicha otasiga mehribonlik qildi. Endi xonaki kiyimlarni kiyib olib, zippillab uy ishlarini qilib yurgan xotiniga hoziroq qaynoq choy, kechki taomga tuzukroq dasturxon tuzab, tugunoshi qilishni tayinladi. Bardamqul hammadan xafa bo‘lgandek qovog‘ini solib, xomush ahvolda, hech kimga e’tibor qilmay, yonboshlagan ko‘yi yonidagi ovozko‘targichni olib televizorning ovozini balandlatdi…
Bo‘lib o‘tgan voqeaning hammasi ertalab unut bo‘ldi. Bardamqul ishga otlanayotgandi. Ichkaridan Marhamatoy kecha kir mashinada yuvib, dazmollagan oppoq kuylakni olib eriga uzatdi.
Marhamatning yuzidagi sirli tabassum Bardam¬qulga ham ko‘chdi…