O‘ktam Hakimali. Mudhish olov (hikoya)

Olam bugun xazon rangida tovlanardi. Daraxtlarning pastki shoxlari yaproqlarini to‘kib ulgurgan, yuqori qismidagi yaproqlar esa chirt-chirt uzilib, og‘ir havoni hadeganda yorib o‘tolmay lipillab sarg‘ayib so‘lgan o‘t-o‘lanlar ustiga asta qo‘nadi. Sarg‘ayib so‘lgan o‘t-o‘lanlar va tinimsiz to‘kilayotgan xazonlar tabiatning to‘rt faslidan iborat bir yilgi umri nihoyalanganidan darak berayotgandek. Tabiatning abadiy faoliyati — sukunat esa tirik jonlar qatori inson qalbiga ham ma’yuslik solar, atrofidagi muhit va manzara haqida jiddiyroq bosh qotirishga majbur ham etar edi.
Buyuk adib Jek London ardoqlagan «Oydinli qirlar» bog‘ida ham bugun ilohiy bir jarayon kezadi. Bu jarayon insonning boqiy umri bilan tabiatning abadiyligi orasidagi mutanosiblikni ravshanlashtiradi… Majnuntol, oq terak, qayin, chinor oralab, quriy boshlagan maysalarni qirsillatib bosib ikki ot yonma-yon borardi. Otlarning biri oq rangli, tanasining u yer-bu yerida yong‘oqday-yong‘oqday kulrang xollari bo‘lib, egasining nozik ta’biga moslab bezatilgandi. Ikkinchi qashqa, qizil otning bezatilishiga unchalik e’tibor berilmagandi, jonivorning o‘zi ham ko‘rimsizroq edi. Egalarining ra’yiga qarab ilgarilayotgan tulporlar go‘yo kuzning og‘ir sukunatiga quloq solayotganday, atrofga sirli qarab qo‘yishardi.
Otlarning birida keng peshonali, uzun burunli, oltin rangli sochlariga oq oralagan, toliqqanidan ko‘z milklari va qovoqlari salqib, ko‘kish tusga kirgan erkak o‘tirardi. Qashqa ot ustidagi, ko‘zlari katta, yoshi qirqlardan oshgan bo‘lsa-da, yigirma yoshli qizlarday so‘limligini yo‘qotmagan, yo‘g‘on va uzun sochlarini turmaklab qo‘ygan nozikta’b ayol yonidagi ukasining toliqqanini his qilgani sababli uni jimgina kuzatib kelardi. Ayol har kuni ukasining ijoddan bo‘shashini kutishga, so‘ng kayfiyatini ko‘tarish maqsadida kech bo‘lishi bilan «Oydinli qirlar» bogiga sayru sayohatga boshlab chiqishga odatlangan edi. Sayru sayohat nihoyalangach, erkak «tashlandiq» inson bolalari — qashshoqlarga qo‘shilardi-da, ular bilan birga bo‘za ichardi, raqsga tushardi, ko‘nglini ko‘tarib bo‘lgach, o‘z xonasiga oshiqardi, kitob mutolaasidan so‘ng tungi oromga tolardi.
Bog‘ning yarmi bosib o‘tilganda oq otning jilovi keskin tortildi-yu, sukunat buzildi. Yon-atrofdagi qushlar hurkib uchdilar. Ayol sergaklanib ukasiga yuzlandi.
— Opajon… — dedi uka notavon bir qiyofada va chuqur xo‘rsinib zo‘rg‘a tilini o‘ngladi. — O‘lsam… albatta, mana shu ulugvor chinor tagiga ko‘mgin… — U chinor shoxlaridan to‘kilayotgan yirik yaproqlarga bechorahol tikildi va qushlar chug‘uriga quloq soldi. Uning chehrasi lahza sari tundlashib borardi, ko‘zlarida esa qo‘rqinchli bir tushkunlik zuhur topgandi. — Opajon, faqat sengina mening iltimosimni bajarishing mumkin… Dunyoda men uchun bir xudoyu bir sen mavjudsan…
Ayol jilovni o‘z holiga tashlab qo‘yib, boshini ekkancha yig‘lashga tushdi. U labini tishlab ovozini chiqarmasdan yig‘lardi, xayolan xudodan o‘ziga o‘lim berishini so‘rardi va ukasining o‘limini ko‘rmaslik umidida o‘rtanardi. Shu asnoda u ukasining gaplarini eshitmagan bo‘lib chiqishini, eshitgan so‘zlari yolg‘onga aylanib qolishini orzu qilardi.
— Opajon… yetar, yig‘lama… sen uchun ham men yig‘lab bo‘lganman… — dedi uka. Ayolning yig‘isi ho‘ngrash bilan almashdi. Uka ot jilovini yoniga burib, opasining lovillab yonayotgan yuziga kaftini bosdi, yuzini o‘ziga qaratdi, — opajon, ukangning erkaligini sen ko‘tarmasang, kim ko‘taradi?! Bu dunyoda ikki baxtsiz bo‘lsa — bizmiz-ku axir… Menga qayg‘urib turmush qurmading, bola-chaqa haqida o‘ylamading…
— Jek… — nihoyat Elizaning titroq ovozi yangradi, — o‘zing aytganingday ilinjim ham, yupanchim ham yolg‘iz sensan… — sensiz bu dunyoda bir lahza ham yashashni tasavvur etolmayman.
— Opajon, oq-qoraning farqiga boradigan yoshdasan. Tushun: o‘lim — haq. Tug‘ilmakning o‘lmog‘i ham bor. Axir, Jek London uzoq kasal bo‘lib yotib o‘lgan ekan, degan gapni avlod og‘zidan eshitish naqadar kulgili tuyulishini o‘ylab ko‘r…
— Jek, yetar, bas…
Uka tovonini otning biqiniga niqtadi. Ot shiddat bilan qo‘zg‘aldi. Qashqa ot ham oyoqlariga zo‘r berdi. Jek tabiatan vaziyatga moslashish va darhol uni o‘rganib o‘z hukmini chiqarish borasida favqulodda iqtidorga ega edi. Hozir ham opasining ko‘nglini olib, tezlik bilan vaziyatga moslashib, go‘yo yosh boladay samimiy jilmayishi bilan tabiatga havas va ishtiyoq bilan tikilib, oradagi noqulay vaziyatni o‘zgartirishga ulgurdi.
— Tentakkina opam, meni tinglayapsanmi? — dedi u bog‘ni adog‘lab qolganlarida, — fasllar ichida men ko‘proq kuzni xush ko‘raman. Kuz fikrlash qobiliyatini orttiradi, hislarimga erk beradi. Ruhim esa yengillashadi. Inson uchun muqaddas tushuncha, tuyg‘u — qalban, ruhan, jismonan erkin bo‘lish. To‘la erkinlikka ega bo‘lolmagan har qanday ijodkor ulug‘ asarlar yaratishga mutlaqo qodir emas. Asarlarining qayerlaridir tirishib turadi. Jamiyatning yakka hukmronlikka moyilligi esa san’atning zavolidir. Iso payg‘ambar: «Siz haqiqatga inoning, haqiqatgina sizni hurlikka olib chiqadi», degan. Yana u: «Siz qul edingiz, mana shu qullik hissi esa sizni hurlikka chiqishingizga xalaqit berayapti…», deydi. Inson fikrlash va ko‘rish qobiliyati bilan xudoga yaqin turadi. Insondagi ilohiylik belgilari ham fikrlash va ko‘rish qobiliyatidir. O‘zing o‘ylab ko‘r, axir inson fikrlash qobiliyati bilan butun olamni birgina lahzada kezib chiqadi, arzimas aqli, ok-qorali ko‘zlari bilan butun borliqni ko‘ra oladi. Mana, xudoning bizdagi qismi! Insonning tushi… tushida baxtli, baxtsiz damlarini oldindan ko‘ra olishi ham xudoning bizga ko‘rsatgan inoyati! Xudo biz bilan to‘ppa-to‘g‘ri muloqotda bo‘lmay, tushlarimiz orqali qudratini namoyon qiladi. Bu ham insondagi ilohiy kuch…
— Qaysargina ukam, bu haqda ko‘p gaplashganmiz, — suhbatni bo‘ldi Eliza daf’atan va ochilib-sochilib kuldi. — Insonning o‘z joniga qasd qilishi ilohiylikka kirmaydi…
— Kiradi. Jonivorlar o‘z jonlariga qasd qilolmaganliklari uchun ilohiy qudratlardan mahrum… Bechora Martinga achinaman. Esini tanibdiki, tabiatga ichikib yashadi, samovotdan, ilohiyotdan yupanch izladi. Lekin tabiatning «inson» deb atalmish qismi uning orzu-umidlarini barbod etdi, tabiat — ona esa, uni bag‘riga sig‘dirmadi. Umrining so‘nggida esa ilohiyotga ham shubha bilan qaray boshladi… mana shu kasofati uchun xudo ham uni panohiga olmadi… Hayot chidab bo‘lmas dahshatga aylangandan keyin bosh olib yovvoyi odamlar orasiga ketish, sodda-ibtidoiy hayot tarzi bilan yashamoqchi edi. Hislari isyonga quloq solib, keng suvliklar orasida tanholikda yaratgan bilan dardlashmoqchi edi, xudo uni g‘alayonga mahliyo etdi, g‘alayon orasida turganda tubanliklarni yana ham aniq ko‘rsatdi. Go‘zal manzili — ilinji mana shu galayon ekanligini angladi-yu, o‘zini hurliklar ko‘ksiga otdi. G‘alayon Martinni kaftlariga olib erkalatdi, uni yetti yot begonalar — tubanlar qurshovidan xalos etdi…
— Jinnivoy, sen Martinmassan…
— Opajon, u bechoraning qora qismatini yozgan men ekanligimni ham unutmasliging kerak… Farqimiz — u o‘ta shaxsiyatparast edi. Men esa har holda hamiyatli erkakman. Baribir Martin mansub bo‘lgan inson naslidanman… unda mavjud insoniy illatlar menda ham mavjud.
— Sen birinchi galda irodali erkaksan. Mana shu irodang bilan adabiyotda ko‘plar egallay olmagan hur cho‘qqilarni sen egallading. Shuning uchun ham opang yaratganning oldida burchli. Sening nomingdan opang yaratganga shukronalar aytadi. Lekin… niyating g‘alayonga qo‘shilib ketish ekan, nimaga «Bo‘ri uyi»ni qurdirayapsan? Uyga bor-budingni sarflading. Ilgarigiday pullaringni qashshoqlarga ulashaversang bo‘lardi-ku…
— Eliza, yer yuzida qanchadan-qancha olijanob, ezgu niyatli kishilar tubanlar tomonidan kamsitilib, darbadar holga tushdi. Kimdir ularga qayg‘urishi, vatanlik qilishi kerak-ku. Bu mening zimmamga yuklatilgan ekan, demak bu yana xudoning saxovati. Uyni bitirib, ularni kiritsam, keyin oyoqlarimni bemalol uzatib ketaman…
— Qashshoqlarning ham senikiday ko‘zlari, quloqlari, qo‘l-oyoqlari mavjud. Yuraklari, miyalari ham bor. Ular tug‘ilishdan fe’l-atvoriga ko‘ra dangasa edilar. Xudo ularni mana shu kasofatlari uchun ham jazoladi. Asli ulardan nafratlanish kerak…
Men xudojo‘y odamman. Aslida xudo bandalarini baxtli-baxtsiz qilib yaratadi. Demak, baxtsizlarning ko‘ngliga qarash yana xudoning Jekka ko‘rsatgan inoyati.
Otlar bir maromda ilgarilardi, olam esa hamon sukutda edi. Kuyosh allaqachonlar olamni yetim qoldirib, zangori ufqlar ostiga cho‘kib ketgandi. Eliza otni o‘z erkiga qo‘yib berib, tabiatda shu kez sodir bo‘layotgan jarayonni to‘laligicha his etib, ukasi haqida bosh qotirardi, u bilan birgalikda kechirgan g‘aroyib damlarini xotirlardi… Jekning onasi Flora homiladorligida eri Chani bilan ajralishgan, hayotning turli mashaqqatlarini boshidan kechirib, soddadil bir kishi — Elizaning onasi olamdan o‘tgan edi. Jek Elizaga hamdardga aylandi. Qizaloq uni o‘gay uka sifatida emas, qondosh sifatida tan oldi va umrini shu jafokash insonga sarfladi. Qahatchilik yillari ham o‘z ulushi — bir burda nonni Jekka ilinardi, ba’zan ukasining yonini olib bolalar bilan mushtlashardi.
«Ukam, nima uchun: «O‘lsam, chinor tagiga ko‘masan…» dedi?» qabilidagi xayol Elizaga tinchlik bermasdi, yuragini ezardi, ko‘zlari yoshlanardi, yoshlarni nozik barmoqlari uchi bilan artardi.
Nihoyat otlar bog‘ni ortda qoldirib, bug‘doydan endigina bo‘shagan qirliklarga o‘rlay boshlashdi. Qir tepasiga ko‘tarilganlaridan keyin Jek ot jilovini orqaga — uyi tomon burdi. Olaquroq daraxtzorlar, daraxtlar tagidagi yashil maysalar va maysalar ustida tentirab yurgan tovuqlarni kuzatib, so‘ng qorong‘ilik qoplayotgan ufqqa termuldi. Uzoq-yaqin daraxtlar ostida yakkam-dukkam uylar ko‘zga tashlanardi, derazalardan yoqila boshlagan chiroqlar shu’lasi taralardi. Jekning nazari daraxtlar orasida oqish tovlanayotgan uzun taxta uyga tushdi. O‘nga yaqin xona-xonachalardan iborat uyning kiraverishidagi — xizmatchi ayolga tegishli qismida chiroq yonib turardi. Uy zinasida Jekning «Vafo» ismli sevimli ola iti kulcha bo‘lib uxlab yotardi, egasi — Jek bugun o‘zi bilan birga olib ketmaganidan arazlagani sababli it kechki vazifasi — hurishni ham unutgandi.
— Jek, «Katta xonadonning kichik xizmatchisi» romaningni tugatdingmi? — so‘radi sovuq shabada etini junjiktirayotgan Eliza.
— Tugatdim, — javob qildi Jek sovuqqonlik bilan. Ilgarilari u yangi asariga nuqta qo‘yishi bilan yosh boladay o‘ynoqlab, qah-qah otib opasini quchardi, maqtanardi, ko‘nglini ko‘taradigan so‘zlar kutardi.
Opasi ham ukasining ko‘ngliga qarab erkalatardi, qo‘shilib kulardi, kech bilan esa sayohatlarga olib chiqar edi. Bugun esa…
Allamahalda ular jimgina izlariga qaytishdi. Jek otni otboqarga topshirib, opasi bilan omonatgina xayrlashib yotogiga yo‘l oldi.
— Jek, tuning xayrli bo‘lsin, — dedi Eliza ukasining ortidan qarab qolarkan.
— Seni ham xudo yorlaqasin, opa, — shivirladi Jek yelkasi osha opasiga nazar tashlab…
Saldan keyin eshik ochilib xizmatchi ayol mo‘raladi:
— Ma’zur tutsinlar, qahva ichgilari bormi? — dedi iymanib.
— Azizim Sakine, bir finjongina qahva tayyorlab bersangiz, ayni muddao bo‘lardi, — dedi xonadon egasi odatiy rahmdilligi bilan. Xo‘jayinning kayfiyatsizligini ko‘rgan xizmatchi ayol ma’yus tortib asta eshikni yopdi. Jek oyoqlarini chalkashtirib divanda o‘tirardi, uning majruh qiyofasi go‘yo uzoq safarga otlangan yo‘lovchini eslatardi.
— Marhamat, — dedi Sakine xo‘jayini oldiga qahvani qo‘yib.
— Tashakkur, xudodan sizga sog‘liqlar tilayman, — dedi Jek va ayolning uydan chiqishini kutdi. So‘ng tamakiga yopishdi. Zo‘r berib tutatdi. Tamaki ta’siri bilan boshi aylanib, tomirlari bo‘shashib, go‘yo asablari ozgina yozilganday, iztiroblari bir navi susayganday tuyuldi. U tamaki torta turib, bir nuqtaga tikilgancha, bolalik kezlari qorni ochib, yeyishga hech vaqo topilmagach, ko‘chaga chiqib bir yo‘lovchining xaltasidan go‘sht olib qochgani, odamlar ortidan quvgani, baribir go‘shtni tashlamaganini xotirladi… Asta-sekin xotirasida sobiq xotini Bessi bilan ajralishgani, qizchalari tirik yetimga aylanganida jonidan to‘yib o‘zini o‘ldirish maqsadida dengizga borgani, jalada qolib, bo‘ynigacha suvga botgani, qandaydir odam sochidan changallab sudrab chiqqani va uyga olib kelgani haqidagi voqea tiklandi. Uyiga kelib, hayot bilan o‘lim orasida qolgan bir qadamli masofani eslab dahshatga tushgandi. Keyin u Gavay orollarida tentirab yurib, chivinu so‘nalar chaqishi oqibatida bezgak kasaliga mubtalo bo‘lgani, harorati ko‘tarilib uzoq vaqt o‘zini bilmay yotgani haqidagi fikr miyasini qamradi. Yaxshiyamki, o‘shanda qandaydir bir sehrgar jodu bilan o‘qib, achchiq o‘tlarni yanchib unga ichirgani, yo‘qsa Gavay orollari tuprog‘i uni allaqachonlar ko‘kartirib chiqararmidi…
— Qanchadan-qancha balolar to‘foni yopirildi, men esa ularni bosib-yanchib o‘tib ketaverdim, o‘lmadim, — uqtira boshladi Jek o‘ziga o‘zi, — faqat yuragimni bezdirdilar… Butun umr o‘g‘il ko‘rishni orzu qilgandim. — U sobiq xizmatchi yapon ayolni esladi. — Nihoyat xudo o‘g‘il ato etdi. Charmian tufayli o‘sha yapon ayoli o‘g‘limni olib ketib qoldi. Uni erkalatish baxtiga noil bo‘lolmadim. Baribir o‘g‘lim uchun yashab o‘taman… Balki Yaponiyaga ketarman. Baliqchi kemalardan biriga yollanib, o‘g‘limning yonida umr kechirarman…
— Tentak, nimalar deb valdirayapsan, — deya o‘zini o‘zi koyidi, — sen hech qayoqqa ketolmaysan. Hammasidan kechsang ham, adabiyotdan kecholmaysan…
«Oh, qodir xudo! — ko‘nglidan kechirdi keyin u, — yana bir bor saxovatingni ayama. Bessining qalbini olijanoblik nuri bilan yorit. Insofga kelib, qizlarimni yonimga yuborsin. Ularni sog‘indim… ular ham meni ko‘rolmasalar, bir umr yig‘lab o‘tadilar…»
— Ayollar, opa-singil, qiz sifatida juda ulug‘, — ming‘irladi u, — lekin xotin sifatida behad tubanlar. O‘z otalarini, aka-ukalarini, o‘g‘illarini e’zozlaydigan shu xotinlar. Ammo erlari ham kimningdir o‘g‘li, otasi, akasi bo‘lganini bilgan holda uni oyoq osti qiladilar. Oh, butun umr vafoli yor, sodiq xotin izladim, bo‘zladim! Biroq topolmadim… ikki xotinim ham ustimdan rosa kuldi. Hatto Charmian bir qur: «Sen o‘lganingdan keyingina tinchgina uxlayman… sen tirik ekansan, azoblar orasida qovrilaman…», dedi.
«Orada o‘lim bor, — xayolidan o‘tkazdi, — o‘limgina ulug‘ga ham, tubanga ham osongina chek qo‘yadi. Baribir qashshoqlar uchun yashashim zarur. Mendan keyin ularning holiga maymunlar yig‘laydi. Yetar! Bas! Bu dunyoda Jekdan ko‘ra baxtli umr kechirgan kimsa yo‘q. Demak, bundan bu yog‘iga ham mardona chidashim kerak…
U uxlashni, uxlaganda ham toshday qotib uxlashni ko‘pdan beri istardi. Lekin uxlolmas, hayot esa tobora dahshatga aylanib borayotgandi. Kun bo‘yi yuragi siqilib, miyasi og‘rib yurar, qisqagina uxlagan kezlari esa holsizlanib qolar edi. Vaholanki, u endigina qirq yoshni to‘ldirgandi… tinimsiz yozish yuragi va miyasi faoliyatini susaytirgandi. Yozmaslikning esa iloji yo‘q edi!
— Janob Jek, tursinlar! — degan xirildoq ovozdan u ko‘zlarini ochar ekan, gangib atrofga alangladi. — «Bo‘ri uyi» yonayapti!..
— Aaa… nima? — U qichqirib yubordi. Dastlab kemadaman, deb o‘yladi. «Falokat yuz beripti, kemani halokatdan qutqarish kerak…», degan xayol bilan go‘yo kemadan tashqariga — palubaga chiqishga urinardi, gandiraklab atrofni paypaslardi, ushlaydigan narsa izlardi. Nihoyat u hushini yig‘ib, o‘z uyidaligini, xizmatchi ayolning ovozini eshitganligini bildi, peshonasini kafti bilan artib, kursi tomonga yaqinlashdi. Eshik esa hamon qoqilardi.
— Janob Jek!
— Sakine, nega qichqirayapsiz?
— Yangi uyimiz yonayapti, kimdir o‘t qo‘yganga o‘xshaydi… — xo‘ngrab yubordi xizmatchi ayol.
«Nimaga yangi uyimiz yonishi kerak?.. — xayolidan kechirdi u, — tushunmadim… Yangi uyni o‘zim uchun emas, qashshoqlar uchun qura yotgandim-ku… Xudo menga emas, qashshoqlarga qayg‘urishi kerak ediku…»
— Tezroq chiqing, odamlar suv sepishayapti…
Jekning peshona terisi keskin yig‘ilib yozildi. Tez orada fikrini jamlab ham oldi. Shundan keyingina «Bo‘ri uyi» yonayapti», degan gapning ma’nosini anglab, yalangoyoq, sarpoychan tashqariga yugurib chiqdi. Zinada turib bir chaqirim naridagi muhtasham qasr — o‘zi yillar niyat qilib qurdirayotgan uyining lovillab yonayotganini ko‘rdi. Shohlar saroyini dog‘da qoldiradigan darajadagi «Bo‘ri uyi» alanga olib yonardi. alangasi osmonu falakka ko‘tarilardi, shu’lasi atrofni yoritardi, nimalardir olovli izlar qoldirib, qarsillab yerga qulardi. Ichki ko‘ylaklarda tashqariga yugurib chiqishgan Eliza bilan Charmian: «Jek! Qaydasan?!» deya faryod chekishardi, odamlar chelaklarda olovga suv va qum sepishardi, lekin olov battar alanga olardi. Olov!.. Jek umri bo‘yi bunaqa dahshatli olovni ko‘rmagandi. Qalbiga hamisha muqaddas tuyg‘u berib yurgan, ya’ni insonni isitgan, o‘chog‘ini qaynatgan — turmush tarzi bo‘lib tuyulgan olov bugun uyi bilan birga vujudini, bor-budini, orzularini, kelajakka bog‘langan umidlarini yondirardi, kulga aylantirardi. Shu olov timsolida bugun ko‘pdan beri oyoqlarini chalgan xunasalarni, sotqinlarni ko‘rayotgandi. Olov o‘sha jinsi noaniq tuban maxluqlarning tish va tirnoqlariga aylanib Jekning yuragini va miyasini tishlardi, tirnardi. Raqiblari uni pichoq bilan so‘ymay, o‘q bilan otmay, olov bilan kuydirayotgandi.
— Janob Jek, endi nima qilamiz? — U xizmatchi ayolning yig‘ili ovozini eshitdi, lekin e’tibor bermadi.
— Tezroq yordamga kelinglar! — degan xitob eshitildi.
«Uy sababsiz yonmaydi, chunki yaqin-orada odam yashamaydi, bu atrofda olov ham yo‘q…», o‘yladi u.
— Jek, ukajonim! Nimaga uyimiz yonayapti? — qichqirdi qovoqlari shishib, sochlari to‘zg‘igan Eliza. — Axir, sen xudoning g‘ashiga tegadigan darajada gunoh ish qilmaganding-ku! Jaraq-jaraq pullaringni odamlarga tarqatganing uchun uying yonishi kerakmi?
— Azizim Jek… — Charmian ho‘ngrab erining pinjiga suqildi, — shuncha qiyinchiliklardan keyin rohatlanib yashash niyatida edik…
— Charmian, vahshiy vahshiyligiga boradi… — deya u xotinining ko‘nglini ko‘tarishga urindi. — Tubanlar ochiqchasiga jangga kirishdan qo‘rqadilar. Uyingga o‘t qo‘yadilar, yo orqangdan pinhona urib o‘ldiradilar…
— Jek, uyni qashshoqlar uchun qurdirganding, qashshoqlarning ham dushmanlari bo‘ladimi? — U xotinining ovozini xira angladi.
— Hechqisi yo‘q, — kutilmaganda u qichqirib yubordi, so‘ng qah-qah otib kuldi. — Qaytadan quraman…
…Shunday dedi-yu, boshi egildi. Barmoqlarini sochlari orasiga suqib, og‘ir sukutga toldi. Yelkalari ko‘tarilib tushdi. Ko‘z milklari orasiga beixtiyor yosh qalqidi… burni, lablari titradi. Keyin esa yig‘ladi. Endi u to‘yib-to‘yib, ya’ni butun umr yig‘ib kelgan dardu alamlari, qaygu hasratlarini jamlab yig‘lardi…
— Jek… o‘zingni bos, hech qachon yig‘lamaganding-ku… — u opasining ovozini eshitib yoniga qaradi.
— Opajon, — deya shivirladi bir payt U, — dunyo qotillarga to‘lib-toshib yotibdi, bu dunyoda faqat qotillargina yashaydi…
U shiddat bilan yoniga o‘girildi, hech narsaga, hech kimga e’tibor bermay yonayotgan uy tomon yurdi. Tezda atrofini qashshoqlar o‘rab olishdi.
— «Bo‘ri uyi»ni bizlarga atab qurdirayotganding! — degan xitoblar yangradi.
— Jek omon bo‘lsa, sizlarga bundan ham ko‘ra go‘zal uy qurib beradi, — javob qildi u o‘zini hech narsa ko‘rmagan odam qiyofasiga kiritishga tirishib. — Behad toliqdim, hozir o‘z holimga qo‘yinglar. Bu dunyoda Jekning emas, sizlarning dushmaningiz ko‘p ekan. Borib uxlayveringlar, uyga umid bilan o‘t qo‘yganlar ham o‘z qilmishlarini ko‘rib quvonsinlar!..
— Janob Jek!…
— Azizim Sakine, sen nimaga yig‘laysan, — dedi u xizmatchi ayolning iyagidan olib yuzini o‘ziga qaratar ekan, — sening issiq yotog‘ing bor. Ana u qashshoqlarga og‘ir bo‘ldi…
U yotog‘iga kirib eshikni ichkaridan zanjirladi. Divanga cho‘kib kaftlarini tizzalariga bosdi. Xona sukunati vujudini eza boshladi va ilk bor sukunatdan qattiq nafratlandi. Go‘yo olov endi sukunatni ham yondirib uning tanasiga ko‘chgandi… «Qiziq… men hech kimga yomonlik qilmagan bo‘lsam, nimaga uyimni yoqishdi? Axir, mantiq yomonlik evaziga o‘ch olishni talab etadi-ku? O‘t qo‘ymasdan, uyga kirib olishsa ham qarshilik ko‘rsatmasdim-ku…»
— Jek, o‘zingdan ko‘r, — ming‘irladi keyin u. — «Bo‘ri uyi»ga sarflagan pullaringni bechora hindularga berib, ularni bezgak kasalidan qutqarganingda seni abadiy alqab o‘tishardi… bechora hindular hozircha Jekning uyiga o‘t qo‘yishni o‘rganib ulgurmadilar…
Keraksiz o‘y-xayollardan qutulish bahonasida Jek «Dengiz bo‘risi» nomli romanidagi Bo‘ri Larsin haqida o‘ylay boshladi. Katta baliqchi kemasining xo‘jayini — Bo‘ri Larsin goh to‘ng‘iz, goh sher, ba’zan esa nahang qiyofasiga kirardi, kuch-qudratini terisiga sig‘dirolmay uzzu kun dengizchilarni so‘loqmonday mushti bilan kaltaklardi, bo‘yin bermaganlarini tiriklayin suvga otib yuborardi. Insonning barcha vahshiyliklari, qotilliklari mana shu Bo‘ri Larsinda jamlangandi. U faqat odamlarni kaltaklash va o‘ldirishdan lazzatlanardi. Dunyo Bo‘ri Larsinlarga to‘lib-toshganiga, hamon ular g‘alabaga erishayotganiga mana endi mutlaqo ishondi. Ular tinimsiz ko‘karib chiqaveradilar va yashovchan ham bo‘ladilar. Qotilliklari evaziga turli mukofotlar va temir taqinchoqlar ham oladilar…
Jek gavdasini oldinga silkib bu bilan turishga osongina imkoniyat yaratdi. Bu odat unga bolaligidan yodgor edi. Silkinib turar ekan, devorga mixlangan qutichani ochdi. Viski shishasini olib, oxirigacha shimirdi. Ko‘zlari yoshlanib, xunuk kekirdi-da, shishani joyiga qo‘ydi. So‘ng yozuv kursisiga kelib cho‘kar ekan, qarshisidagi surat — qizchalari suratiga tikildi. Barmoqlari bilan suratning yuzini artdi.
«Ho‘kizday ishlashdan boshqa yumushni bilmaydigan Jek London sobiq xotini Bessi uchun tuban olam bo‘lishi mumkin, — degan xayol miyasidan kechdi, — lekin qizlarimda nima gunoh? Axir ular ham otalarini sog‘inadilar-ku! Bessi nega qizchalarimni yonimga yubormaydi?..»
U chidab bo‘lmas yurak zirqirashi va hislar qaqshog‘i bilan boshini egdi. Baribir chiday olmadi. Darhol boshini ko‘tarib suratga qaradi. Bir ozdan keyin qo‘zg‘alib, yana o‘zini divanga tashladi, qo‘lini cho‘zib javondan «Martin Iden» romanini olib, varaqlay boshladi. Martinning o‘limi bilan bog‘liq bobini qidirib topdi. O‘qishga tutinar ekan, nazarida yana ulkan olov seli jonlandi. Endi olov qa’ridan yuzlab tirishgan-burishgan insoniy qiyofalar chiqib kelishardi, unga tashlanishga shaylanishardi. Tez orada o‘sha mahluqlar Martin tomonga yugurishdi. Bechora Martin ne mashaqqatlar bilan yozuvchilik shohsupasining oltin taxtiga ko‘tarilgandi, orttirgan pullarini oldi-orqasiga qaramay qashshoqlarga sarfladi, boshqa tomonda esa olchoq va galamislar uni do‘pposlashardi…
«Bas, yetar! — degan fikr uning miyasini qamradi, — o‘z onalari ko‘kragiga qo‘l solgan la’natilardan qanday ezgulik kutish mumkin?!.. Uzoq umr kechirishga qanchalik tirishganing bilan tubanlar zulmini shunchalik ko‘p tortasan. Vujudimni kanalar kabi kemirdilar, endi ozgina sog‘ qolgan miyam, bemor yuragimni kemirmoqchilar…
Shu lahza uning tasavvurida, dengiz safaridan qaytgan kezlari xunuk jilmayib oldini to‘sadigan, erkakligi ham, ayolligi ham nom’alum bo‘lgan ayanchli mahluqlar jonlana boshladi. O‘z hislarini qondirish yo‘lida ular buzuq ayollarday ishshayib hisobsiz pullar in’om etadigan o‘sha ayanchli mahluqlarni ko‘rish Jek uchun dunyodagi eng iflos va jirkanch insoniy xulq hisoblanardi. Uzluksiz o‘ylardi, lekin, xudo nima uchun shunday — jinsi noaniq mahluqlarni yaratgani siriga tushunolmasdi!.. Tengsiz yozuvchi, olijanob inson — Jekning uyiga o‘t qo‘yganlar ham o‘shalar!.. Ular ayollarga ham, erkaklarga ham birday nafrat va rashk bilan qaraydilar, chunki erkaklar ularni qoralaydi, ayollar esa ularning rizqlarini qiyadi!..
Eshik qoqildi. U opasining ham, xotinining ham ovozini tanidi, lekin eshikni ochmadi, javob ham bermadi. Tashqarining tinchishini kutdi, tinchishi bilan viski ichib ko‘nglini chog‘ladi. Olov tanasining sog‘ qolgan joylarini, sog‘ o‘y-fikrlari bilan birga lipillab urib turgan yuragi va hislarini jizg‘anak qilardi, endi olovdan qochib qutilish esa mutlaqo samarasiz tuyulardi. Olov go‘yo uning xonasiga ham ko‘chgandi. Ho‘l-quruq baravar yonayotgandi. Jek miyasining qaysidir nuqtasida, yuragining qaysidir qirlarida saqlanib qolgan fikr va ilinj tuyg‘usini chamalab umrini yana ozgina muhlatga cho‘zishga, ijodga qo‘l urishga urinardi, biroq qolgan umri sahifalari bilan birga yozilajak ulug‘ asarlariga ham olov changalini solib ulgurgandi. «Bo‘ri uyi»ni qaytadan quraman, degan fikrini esa inkor etib bo‘lgandi…
Nihoyat, u miyasi o‘z faoliyatidan ajralayotganini, tanasida ham ulkan bir bo‘shliq sodir bo‘layotganini aniq-oshkor angladi, sezdi. Xuddi shu kez olam bo‘m-bo‘sh — taqir yerga aylandi. Go‘zallik va muhabbat maskaniga aylangan san’at ham birdaniga sarob bilan qorishib ketdi…
— Yana o‘n yil yashadim, deb tasavvur qilay… O‘nlab asarlar yaratdim… — deya qahr bilan o‘ziga o‘zi murojaat etdi. — Xo‘sh? Nimaga erishaman? Inson zoti umring bilan qiziqmaydi, yozgan kitoblaringni esa o‘qimaydi. Umr esa o‘z-o‘zini aldash, yupatish bilan kechdi, kechaveradi… Axir odam o‘z-o‘zini aldashiga ham chek qo‘ya bilishi kerak…
U kaftlariga tiralib, bamaylixotirlik bilan qo‘zg‘aldi. Uzun kursi tortmasini tortib, burchagidagi o‘rog‘liq qog‘ozni olib ochdi. Uzoq — abadiy uxlatadigan doriga jiddiy va ilinj bilan termildi… Nihoyat tili ustiga tashladi… Ustidan qahva ichdi, tamaki chekish esa ko‘ngliga sig‘madi. Tafti so‘ngan olov asta-sekin kuchaydi, alangasi esa vujudini kuydira boshladi. Oshqozonidan boshlangan olov qoniga, yuragiga, miyasiga ko‘chdi. Yo‘qlikka ko‘chish oldidagi lazzatli lahzalar bilan hayotga intilish orasidagi ilinj soniyalari jangi avjiga chiqqanda miyasi faoliyati va qon oqishi kuchayib, xotirasida birdan sobiq xotini Bessi va qizlari Joan, Bess, yapon ayoli va o‘g‘ilchasi tiklandi. Biroq ularni xotirasida uzoq tutib turolmadi, toliqdi. Keyin ularning o‘rnini sevimli opasi Eliza egalladi. Lekin Elizani ham o‘zi istagancha xotirasida uzoq ko‘rolmadi. Yana bir necha onlardan keyin uning vujudi inqirozga yuz tutdi.
Tashqaridagi yelib-yugurishlar, dod-faryodlarni eshitmadi, anglamadi… Tushga yaqin xizmatchi ayol eshik zanjirini pichoq bilan ko‘tarib tushirdi. Divanga yaqinlashib xo‘jayinini turtib ko‘rdi. Qimirlamagach, ingrab tashqariga yugurdi. Xonaga Charmian, Eliza kirishdi. Zudlik bilan tabib chaqirdilar. Jekning oshqozonini bir necha bor suv bilan yuvishdi. Kechga yaqin esa qonlarining tirik qolgan qismi harakatga keldi… Hayotining so‘nggi chechaklari yaproq yozdi-yu, Jek xiyol ko‘zlarini ochdi. «Salom!. deganday ovoz chiqardi. Darhol ko‘zlarini yumdi, shu tariqa ko‘zlari yumiqligicha qoldi…
— Jonim, jahonim… — Eliza sevimli ukasining peshonasiga peshonasini bosib hiqirladi, — sen… menga achinmading…
Roppa-rosa uch kundan keyin Eliza ukasining xokini, vasiyatiga ko‘ra, bog‘ o‘rtasidagi qudratli chikor tagiga ko‘mib qaytdi… Yana uch kundan keyin esa yupungina qabr ustida xazonlar xirmoni qad ko‘tardi…

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 7-son