U kishi sahnadagina emas, hayotda ham quyib qo‘ygan Otello edi. Egnida eskiroq movut palto, yalangbosh, deyarli oq oralamagan qalin jingalak sochlari bir oz to‘zg‘igan Abror aka aksariyat teatrdan chiqib Xadragacha kelar va Shayxantovurga qarab piyoda ketar edi…
Uning qiyofasida — yag‘rindor qomati, qiyg‘ir burni, sinchkov nigohli o‘tkir ko‘zlarida shoirona dard, his aks etib turardi. U yo‘lovchilarning salomlariga, «Ana, Abror Hidoyatov!» degan shivir-shivirlariga e’tibor qilmas, o‘z o‘ylari bilan band, ohista odim tashlar edi. Men ko‘rgan paytlarimda Abror aka betobroq edi. Ba’zi bir obivatellar u kishining sha’niga mayda gaplar tarqatardi. Lekin bu siymoning obro‘-e’tibori shu qadar baland ediki, bu gaplar u kishining qadrini tushirish u yoqda tursin, yana ham oshirar edi. Uning nomi hayot vaqtidayoq ajoyib afsonalar bilan o‘ralgan edi…
Abror akaning oltmish yoshlik to‘yi. «Otello» spektaklining besh yuzinchi marta qo‘yilishi!..
Abror aka — Otello, egnida qizil shohi ko‘ylak, belida qizil shohi belbog‘, qulog‘ida «tilla» sirg‘a, qop-qora chehrasida viqor, vazminlik, olijanoblik, tishlari yarqirab sahnaga kirib keldi. Kirib keldiyu, sahna ham, teatr ham esimdan chiqdi. Chunki ko‘z oldimda Abror Hidoyatov emas, o‘sha Shekspirni ilk bor o‘qiganimda tasavvur etganim — Otello turardi!
Uning har bir harakati, Dezdemonaga tikilganda ko‘zlarida porlagan cheksiz muhabbat, ovozidagi titroq, kiborlar oldida o‘zini tutishi, o‘z qadrini bilishi, marddigi — hamma-hammasi menga tanish, xuddi men tasavvur etgan Otelloning o‘zginasi edi. Mana, Otelloning butun olijanobligini, bolalarga xos samimiyligi, pokligini ochib beruvchi dastlabki sahnalar o‘tib, qalbiga rashk cho‘g‘i tushdi.
Odatda, tanqidchilar bu sahnalar to‘g‘risida gapirganda Otelloni sherga, yo‘lbarsga o‘xshatadilar. Lekin rashk azobida to‘lg‘angan Abror Hidoyatov sher ham emas, yo‘lbars ham emas, sahnada charx urgan bir cho‘g‘, qizil shohi ko‘ylak ichida mavj urgan olov, taftiga hech kim bardosh berolmaydigan bir alanga edi! Bu otash, bu alanga keng sahnada javlon urar, hammani kuydirar, yondirar, o‘zi ham tamoshabin ko‘zi oldida yonib borar edi…
Uning ovozida ham bahor latofati, ham mamaqaldiroq sadolari, ham o‘zbek yozining harorati mujassam edi. Uning inson yuragidagi eng nozik tuyg‘ularni ifodalay oladigan, bir zumda yuz xil ohang kasb etadigan ajoyib ovozi-chi? Uning tahqirlangan qalb faryodlariga to‘la mashhur «himm»lari…
Uning Dezdemona jasadi ustida to‘kkan ko‘z yoshlari-chi? Yo‘q, bu — tamoshabinni yig‘latish uchun mohir aktyor to‘kkan ko‘z yoshlar emas, bu ulug‘ fojiaga uchragan ulug‘ insonning, Otelloning ko‘z yoshlari edi! Zotan, Abror akaning «Otello»sida tamoshabin yig‘lamas, chunki kishini ko‘z yoshidan ham zo‘r bir tuyg‘u chulg‘ab olar, Abror aka tamoshabinni larzaga solar edi.
Spektakldan keyin qariyb chorak soatli qarsaklardan so‘ng, Abror aka, egnida Otelloning zarrin to‘ni, Otello grimida sahnaga chiqdi.