Nurulloh Muhammad Raufxon. Qiyomat (hikoya)

Jarchi har kuni erta uyg‘onadi.
Rahmatli otasi bolaligidan uni shunga o‘rgatgan.
Yuvinib-tozalanib, ich uyga kirib, tonggi namozga jar soladi.
Jarchilik unga rahmatli otasidan o‘tgan.
Otasi aytishicha, uning ham otasi shu qishloqda jar chaqirib o‘tgan. Undan oldin katta bobosi…
Bu naslga o‘zi jarchilikka duo ketgan. Yetti pusht el-yurt xizmatida o‘tdi. Mahallama-mahalla kezib bir to‘yga, bir azaga chaqiradi. Yayov kezadi yo eshakka minib oladi. Birda hasharmi yo boshqa yig‘inmi ‒ ularga ham chorlab qoladi.
Eng asosiysi ‒ namozga chaqiradi. Kunda besh mahal.
Bu muzofot machitlari turli zamonlarda bu nasl jari bilan odamga to‘lgan: namozlar o‘qilgan, pand-nasihatlar tinglangan.
Minoralarning tepaga o‘rlagan ich zinalari va mezanalari yetti pushtning tovonini hidlagan. Yetti pushtning qadami yalay-yalay zina kirpichlari yeyilib-eyilib, yaltirablar ketgan.
Boshqa yerlarni bilmadig-u, eskidan bu atrofda namozga jar chaqirgan odam to‘y-ma’rakaga ham jar chaqirishi an’ana bo‘lib qolgan. Xalq ularni “Palonchi jarchi” deb o‘rgangan. Kamdan-kam odam “muazzin” demasa, asosan “jarchi” so‘zi mashhur.
Aytgancha, hov bir zamonlar “so‘pi” ham deb qo‘yishardi. Qizig‘i ‒ yuzma-yuz turganda har kim yoshiga qarab yo “ so‘pi”, yo “so‘pi aka”, yo “so‘pi tog‘a”, yo “so‘pi katta” deb qoladi, ammo orqasidan kattayu kichik birday otini qo‘shib “Palonchi jarchi” deydi.
Eng katta bobo xon zamonlarida shaharda jarchi-so‘pilik qilgan ekan. Umri Qo‘qon ahlini machitga, namozga, oxirat azoblaridan qutulishga chaqirish bilan o‘tgan, deyishadi. Otadan bolaga, boladan nevarayu evaralarga o‘tib kelgan rivoyatlarga ko‘ra, o‘sha katta boboning azonini eshitish uchun hatto Qo‘qon tevaragidagi qishloqlardan mo‘minlar atay shaharga kelishgan.
‒ U katta bobomizning otalari, ya’ni, yanayam katta bobomiz murattab qori bo‘lgan ekanlar, ‒ deydi Jarchi qo‘ltig‘ida o‘tirgan to‘rt yashar nevarasiga quloq-chakkasi aralash chap yonbosh-tepadan armonli boqarkan. Har gal ota-bobosi haqida eslaganida, odatda, ko‘zi namlanadi, ovozi qaltirabroq chiqadi. ‒ Xonlik zamonida u kishini “Bulbul qori” deyisharkan! Har mahallada kamida o‘ntadan qori bo‘lgan zamonlar el uncha-muncha odamni “Bulbul qori” deb tan olmaydi! O‘h-ho‘! Bobomizning nomlari yetti iqlimga ketgan ekan…
Bularni aytarkan, har safar shirin bir entikib qo‘yadi. Yoshli ko‘zini uzoq-uzoqlarga tikadi. Xuddi shu qarashida o‘sha asrni va o‘sha bobosini ko‘rayotganday, chaqirayotgan azon saslarini yo Qur’on tilovatlarini eshitayotganday bo‘ladi, yuragi hapriqib ketadi. Allapaytgacha ko‘zini uza olmay qoladi o‘sha uzoq tomonlardan.
‒ Lekin jarchilikni ham tashlamaganlar. Olloh har kimga bir narsa beradi, bolam, bizning avlodga ovozdan bergan!
Gal boboga kelganida Turkistonga o‘ris bostirgan, taloto‘p boshlangan davrlar edi. Bir kunda olti (tahajjudga ham), ayrim kunlari yetti, sakkiz… hatto o‘n mahal azon chaqirishga to‘g‘ri kelgan. Shundan olti mahali namoz uchun bo‘lsa, qolganini odamlarni machitga to‘plash uchun chaqirgan. Machitlarda qavmga muhim xabarlar yetkazilar yo Xon oliy hazratlarining yangi farmonlari o‘qib eshittirilar edi.
Mamlakatdagi hamma machitda shu ish: erkak zotini o‘risga qarshi oyoqlantirish uchun minoralardan azon aytilar yoki ko‘chama-ko‘cha yurib jar chaqirilar edi.
‒ Namoz vaqti odamlar bu chaqiriq namozga ekanini bilgan. Kelib namozini o‘qiganu uy-uyiga yo ish-ishiga tarqab ketavergan. Ammo boshqa vaqtlari chaqirilsa, demak, boshqa narsaga ekanini sezgan. Ko‘plar machitga birato‘la tayyorlanib kelib, ikki rakat namoz o‘qiganu yurtni kofir najasdan qo‘rish uchun o‘sha yerdan to‘g‘ri urushga jo‘nab ketaverar ekan, ‒ deb hikoya qiladi Jarchi. So‘zlarkan, nevarasining jingalak sochlarini silab-silab qo‘yadi. Ovozida qandaydir cheksiz armon alomatlari seziladi. ‒ Lekin u bobolarimiz yurtni o‘risdan asrab qolisholmadi. O‘zimizning xon taxtdan ketib, o‘rniga oqposhsho keldi. Kofir yutdi, musulmon yutqizdi, mamlakat o‘ris qo‘liga o‘tdi. Shunda ham bobom umrining oxirigacha azon aytib, jar chaqirib o‘tgan, bolam…
Jarchilik otasiga o‘tganida poshsho yana o‘zgaradi. Endi hokimiyatga dinsiz bittasi keladi.
‒ Oqposhsho kofir bo‘lgani bilan Xudoni yo‘q demadi, dinimizni qo‘yib berdi, ammo Lelin degani g‘irt kofir ekan. Bular o‘zini “sho‘ro-sovet” deb atardi. Og‘ir pallalar boshlandi, ‒ derdi Jarchi ko‘zidan rosmana yosh dumalatib.
Nevara qo‘ltiqda xuddi ertak eshitayotgandek berilib o‘tirarkan, har-har zamon bobosining soqolidan tortqilab-tortqilab qo‘yardi.
‒ Ha, o‘ris poshshosi davlatimizni yiqdi, yerimizni bosdi, boyligimizni taladi, lekin namozga tegmadi, machitni yopmadi. Ammo “sovet” degani yomon chiqdi, bolam, sovet molimizga ham, jonimizga ham chang soldi… Uyimizdan ho‘kizimiz-molimizgacha tortib olgani yetmaganday, yuragimizdan dinimizni ham sug‘urib-chiqarib tashladi. Tuppa-tuzuk mo‘min-musulmonni o‘ziga o‘xshagan “o‘ris” qipqo‘ydi. Namoz qolmadi… machitimizni harom oyoqlar toptadi… “musulmon ummati” edik, bir dumalab “sovet kishisi”ga aylandik…

* * *

Albatta, yurt boshiga bu kulfatlar birdaniga yog‘ilmagan. Sovet davlati ilk yillari dinga tegmay turgan, hayot xuddi ilgaridagidek davom etgan. To‘g‘ri, ayrim imoni kuchsizlar toydi, lekin minoralardan jarchilar odamlarni hali ham namozga chaqirar, yurt osmoni azonsiz qolmagan edi. Machitlar to‘libmi-to‘lmaymi harholda namoz o‘qilardi.
So‘ngra…
Hokimiyati kuchaygan sari sovet quturdi ‒ dinni cho‘pchak dedi, Qur’on o‘qiganni qamadi, surgun qildi. Bor narsamizni eskilik sarqiti deb e’lon etdi. O‘zimizni o‘zimizga begona qilib, o‘zimizning hayotimizni o‘zimizga xunuk ko‘rsatib qo‘ydi.
Bora-bora Ollohga qarshi urush ochdi: machitlarni yopdi, cho‘chqaxonalarga aylantirdi, minoralarni qulatdi. Omon qolganlari tutunsiz mo‘ri kabi tumshayib qoldi. Azon, namoz bekor qilindi.
Bir kuni shunday bo‘ldi ‒ ota jarchiga ish qolmadi. Jar chaqirsa, o‘likka yo to‘ygagina chaqiradigan bo‘ldi.
Uyiga biqindi. Namozga jarni ham uy ichida aytadigan bo‘ldi. Pastgina tovushda… Birov eshitib qolmasin deb…
O‘rgangan. Qanday tashlaydi? O‘rtada otasining vasiyati bor. Ming yildan beri surib kelayotgan oila ipi unga kelganida uzilsinmi? Asrlar qa’ridan og‘izdan-og‘izga, qo‘ldan-qo‘lga o‘tib kelgan omonatga u xiyonat qiladimi? Nahot endi hammasi to‘xtaydi?!
Bunday bo‘lishiga u sira ko‘nmaydi. To‘rtta maymun Ollohni yo‘q desa, Olloh yo‘q bo‘larmidi! Shuncha zamondan beri yurt uzra yangrab kelgan azon saslari ham endi unga kelganida so‘nib qolmaydi!
Ota jarchi qaysarlik bilan oyog‘ini qattiq tiradi: har kuni vaqtida tahoratini olar, kimsasiz bir uyiga kirar, pardalarni tushirar, qiblaga yuzlanar va… bir o‘zi eshitadigan past tovushda o‘ziga o‘zi jar solar edi:
‒ Olloh buyukdir!.. Olloh buyukdir!.. Olloh buyukdir!.. Olloh buyukdir!..
Tashqarida esa, yovvoyi bir mafkura qilichini yalang‘ochlab ko‘chama-ko‘cha izg‘igani izg‘igan edi. Ko‘ziga sal boshqacharoq ko‘rinsa, yo‘lida uchraganni qoq ikkiga bo‘lib tashlar, qonini shamolga sovurar, kechayu kunduz tinmaydigan shafqatsiz shamol u qon tomchilarini butun vodiy bo‘ylab sachratib, yurt yuzini qizilga bo‘yab tashlar edi.
Tiriklikdan ko‘zlangan maqsad o‘zgardi. O‘zgartirildi. Nigohlar boshqa tomonga burildi. Azon ham, namoz ham ko‘chada jon saqlay olmay qoldi ‒ mahramlasha-mahramlasha oldin hovlilarga, so‘ngra uy ichlariga kirib ketdi…
Endi azon sasini taxmonga yig‘ilgan ko‘rpalar, derazaga osilgan pardalar, qo‘yingki, uydagi bor narsalar va… uni aytayotgan odamning o‘zi eshitadigan bo‘ldi.
Ota jarchi bilganidan qolmadi. Bir boshga bir o‘lim dedi.
Katta bobolaridan kichik bobolariga va to yaqin bobosidan otasiga, otasidan o‘ziga o‘tgan ip uchini endi u ham bolasiga tutqazib ketmasa, vijdoniga xiyonat qilayotgandek bo‘laverardi. Mayli, hozircha o‘zi o‘zini chaqirsin, mayli, azon tovushini bitta o‘zi eshitsin, lekin chaqiradi! Chaqiraveradi! Asl haqiqatlar hech bo‘lmaganda havo zarralari, uy devorlari, ko‘rpa-to‘shaklar xotirasida qoladi-ku, dedi.
Hafsala bilan, takror-takror jar solaverdi:
‒ Guvohlik beraman: Ollohdan o‘zga iloh yo‘q!.. Guvohlik beraman: Ollohdan o‘zga iloh yo‘q!..
U og‘ir zamonlarda hozirda qari chol bo‘lib qolgan mana shu bolasi ancha yosh edi. Ota ko‘chada begona tugul, hatto uyida xotiniyu shu yosh bolasi qulog‘iga chalinib qolishidan cho‘chib (ko‘chada o‘rtoqlariga aytsa, ular otalariga aytsa, ular qayerlargadir borib kimlargadir aytsa, shu azonimdan ham quruq qolmayin deb), yolg‘iz o‘zi eshitadigan darajada past tovushda jar solardi:
‒ Guvohlik beraman: Muhammad Ollohning elchisidir!.. Guvohlik beraman: Muhammad Ollohning elchisidir!..
Qanday kunlarga qoldik? Yaqin-yaqin zamonlarda, minoralarga chiqilib, tovushlar bor bo‘yiga qo‘yilib, yetti iqlim machitga chorlanar edi. Endi bo‘lsa… pichirlab… birov eshitib qolmasin deb…
‒ Namozga shoshilinglar!.. Qutulishga shoshilinglar!..
Hatto uyidagilarni, hatto o‘z bolalarini namozga chaqirib bo‘lmasa-ya?!
Yuragi ezilardi. Ammo ilojsiz edi. O‘zini xuddi eshik-derazasi yo‘q qorong‘i uyga kirib qolgandek his etar, zulmatdan chiqar yo‘lni topa olmay battar o‘ksir edi. Qo‘lidan kelgani ‒ xilvat uyida… taxmon tomonga yuzlanib…
…yig‘lar, tanimsiz ko‘zyosh to‘kar… turib yig‘lar, o‘tirib yig‘lar, yotib yig‘lar… bir o‘zi, yolg‘iz o‘zi yig‘lar edi…

* * *

Bir kuni pioner bolasi maktabdan kelib, hovlidan hech kimni topmagach, bu hilvat hujraga kirib qoldi va otasini yig‘i ichra ko‘rdi. G‘alati bo‘lib ketdi: otasi, ishongan tog‘i, kap-katta odam xuddi yosh boladay yig‘lab o‘tirsa!..
Nima qilarini bilmay, ostonada birpas turib qoldi. Uyaldimi, yurak yutib otasiga yaqin borolmadi. Bildirmaygina hujradan chiqdi.
Hayron bo‘ldi: nega yig‘layaptilar? nima bo‘ldiykan?
Kechki ovqatdan keyin sekin so‘radi:
‒ Sizni kim xafa qildi, otajon?! Nimaga yig‘ladingiz?
Ota o‘g‘liga siniq boqdi.
‒ Keyin aytaman, ‒ dedi. ‒ Kattaroq bo‘lganingda aytaman…

* * *

Maktabni bitirgan yili otasi yotib qoldi. Bir kuni o‘g‘lini qoshiga chaqirdi.
‒ Endi aytaman, bolam, ‒ dedi. ‒ Qulog‘ingni og‘zimga yaqin tut.
O‘g‘il hayron bo‘ldi. Xayolidan: “Otam tildan qolmagan, tovushi dadil chiqib turibdi, shunday gapirsa ham eshitaman-ku, nimaga qulog‘imni og‘ziga yaqin tutishimni so‘radi”, degan o‘y kechdi. Lekin indamay bo‘yin sundi.
‒ Yanayam yaqinroq kel, ‒ dedi kasal ota.
O‘g‘il qulog‘ini otasining lablariga bosdi.
Ota shivirlay boshladi.
Uzoq shivirladi.
Gapi havoga toshib chiqib uvol bo‘ladigandek og‘iz bilan quloq orasida zarra siqqunchalik bo‘shliq qoldirmay, lablarini o‘g‘lining qulog‘i ichiga tiqib shivirlar edi. Bobosi otasiga, otasi unga o‘tkazib ketgan ma’naviy ip uchini davomchisining, meroschisining yuragiga bog‘lab qo‘yishga harakat qilardi…
Bir dam keldi, go‘yo og‘iz bilan quloq yo‘qoldi, o‘rtada yolg‘iz yurak bilan yurak qoldi. Shivirlayotgan og‘iz emas, yurak bo‘ldi. Eshitayotgan ham quloq emas, yurak bo‘ldi. Zamonlar oralab ajdoddan avlodga o‘tib kelgan birnima ota yuragidan o‘g‘il yuragiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, hech qanday vositasiz, shilq etib o‘tib oldi go‘yo…

* * *

Ota o‘ldi.
O‘g‘il uni ko‘mdi.
O‘sha kundan boshlab o‘g‘il ota ishini davom ettira boshladi. Ilk daf’a jar solarkan, sasi go‘yo o‘ziniki emasday tuyuldi:
‒ Olloh buyukdir!.. Olloh buyukdir!..
O‘ziniki emas, ammo tanish. Xuddi ming yillardan beri eshitib kelgan qadrdon bir tovush!
Yuragi bir ajib huzur topdi.
Keyinlar qachon esiga tushsa, miyig‘ida sezilar-sezilmas jilmayib qo‘yardi. Ajib bir ish bo‘ldi o‘ziyam: o‘ylab o‘tirmadi, ixtiyoridan tashqari ravishda, o‘zidan-o‘zi u ham taxmon tomonga ko‘z tikdi va tovushini pastlatib jar sola boshladi.
Otadan jarchilik meros o‘tganidek, uni qo‘rqa-pusa, yolg‘iz, o‘ziga o‘zi aytish ravishi ham qondan meros o‘tgan edi.
Otaning hujrasi o‘g‘ilga qoldi. Taxmoni… jari… yig‘ilari… bilan.
Taxmonga u taxmon bo‘lgani uchun yuzlanilmas ekan. U tomonlarda nimadir ulug‘ va jozibali bir narsa bor ekan. Otasi uning qulog‘i orqali yuragiga birnimalar derkan, o‘rtadan taxmonni ko‘tarib, to‘siqlarni ochib, o‘g‘lining nigohini uzoq-uzoqlarni ko‘radigan qilib ketgan ekan.
O‘g‘il endi har gal u tomonga yuzlanganida, ikki taxmondagi ikki sandiq ustiga yig‘ilgan ko‘rpalar, o‘rta tokchadagi taxlam yostiqlar to‘sib turgan tomonning u yog‘ini ‒ uzoq-uzoqlarni ko‘rganday bo‘lardi. Shunday paytlari yuragi huzurga to‘lardi.
“Otam ham bu tomonga bejiz qaramas ekan, ko‘rpa-yostiqni emas, uning orqasidagi, devorning nariyog‘idagi huzur uyini ko‘rib yurgan ekan-da!” deb tamshandi bir kuni.
‒ Olloh buyukdir!.. Olloh buyukdir!.. Ollohdan o‘zga iloh yo‘q!.. ‒ deb yubordi zavq-shavq bilan.
Va o‘zini unutar darajaga tushib, sherigi bo‘lmagan, yolg‘iz, Bir va Bor, Qudratli Zotga topina boshladi. Topinish unga cheksiz bir huzur berar, olgan huzuri uni qayta-qayta topinishga undar edi.

* * *

Shu taxlit yillar kechdi.
Bir kuni o‘zidan-o‘zi yig‘lab yubordi.
Otasi bir umr nimaga yig‘lab o‘tganining sirini bildi.
Yig‘i battar bosib keldi.
Ammo bu yig‘i unga g‘am-alam keltirmadi. Aksincha, qandaydir lazzat berdi. Yig‘idan topgan lazzatini boshqalarga ham ilingisi keldi:
‒ Namozga shoshilinglar!.. Qutulishga shoshilinglar!.. ‒ deb jar sola boshladi u.
Lekin tovushini o‘zidan boshqa kimsa eshitmadi. Ko‘cha eshitmayotgani tabiiy edi. Hatto xotini, bolalari ham uning jarini eshitishmasdi. Jarchining og‘zi va og‘zidan chiqayotgan tovushi bilan xotin-bola-chaqasining qulog‘i orasi ancha uzoq, uzo-oq edi go‘yo.
Lekin sira tushkunlikka tushmadi. Chunki ilgarilari otasi jar chaqirganida o‘zi ham eshitmagan. Umuman, otasi nimaga ko‘pincha o‘zi bilan o‘zi bo‘lib ketishi sabablarini ham u paytlar bilmagan.

* * *

Jarchi tobora odamlardan uzila boshladi.
Qishloqchilik, har xil yig‘inlarga jar chaqirib turdi, ammo o‘sha yig‘inning o‘zidan oyog‘ini tortadigan bo‘lib qoldi. Bora-bora ko‘chada ham jar chaqirmay qo‘ydi.
Qishloq “Bor-e!” deb navbatdagi darvishanada o‘ziga boshqa jarchi saylab oldi.
Endi ko‘cha-ko‘yda, o‘ngda-so‘lda ovozi do‘rildoq dovdir-sovdir bir yigit valasapidda yurib jar chaqiradigan bo‘ldi.
Odamlar asta-sekin eski jarchining tovushini unutib yuborayozdi. Quloqlarga yangi jarchi tovushi o‘rnashdi.
Necha zamonlardan beri bu oila jarchi bo‘lib kelganini keksalar eslamasa, keyingilar deyarli unutdi. Zotan, yoshlar u tomorqasida bodring-pamildori ekib, dehqonchilikdan tirikchilik qilib yurishinigina biladi, boshqa ishini ko‘rmay o‘sdi.
Elchilik-yurtchilik shunaqa ekan-da, sal ko‘rinmay qolsa, kap-katta odam ham eslardan chiqib ketarkan.
Shunday qilib eski Jarchi el-yurtdan ajralib, o‘zi bilan o‘zi bo‘lib ketdi. Qishloqdagi bitta-yarim o‘ldi-netdida ko‘rinmasa, boshqa tadbirlarga aytilsa ham bormay qo‘ydi. Ayniqsa, to‘ylar usiz o‘tar, odamlar uning ko‘rinmasligiga ko‘nikib bo‘lgan edi.
Bunaqa bir zamonda yuraklariga to‘y-hasham siqqaniga hayronman, deb qo‘yardi Jarchi ichida.

* * *

Zamonning iltong‘-biltong‘ so‘qmoqlari oralab oy necha-necha oylarni, yil necha-necha yillarni yetalab o‘tdi…
Kunlardan bir kun eski Jarchi tuyqus qishloq ko‘chasida paydo bo‘ldi. Yo‘lidan adashgan devona kabi ko‘cha o‘rtasida bir muddat kalovlanib turib qoldi. U tomon-bu tomon boqdi.
Aslida qayoqqa borishini biladi. U yoq-bu yoqqa qarash bilan yurar tomonni izlamasdi. Boqishi ma’nosiz edi. Zotan, u aniq bir narsaga boqmayotgan ham edi. Ya’ni, tevarakka alanglar, lekin hech narsani ko‘rmas edi.
Oyog‘i xarobaga surgaladi.
Bunday holatda odatda “boshi oqqan tomonga” degan ifoda qo‘llanadi. Jarchining boshi shu yoqqa og‘di va u jilovini bo‘sh qo‘ydi.
Nigohi yer chizib, odimma-odim yo‘l tortib ketaverdi.
O‘tgan-ketgan unga hayratlanib yo ajabsinib qarab qo‘yayotgan bo‘lsa-da, u kimsaga parvo qilmadi.
Tashqaridan qaraganga Jarchi chuqur o‘yga tolganga o‘xshab ko‘rinardi.
Qishloq o‘rtasida otasi zamonida buzilgan machit va minoraning xarobasi ‒ tashlandiq bir makon bor bo‘lib, mo‘ljallagan manzili o‘sha yer edi.
Nihoyat, manziliga yetdi. To‘xtadi. Qachonlardan buyon qarovsiz yotgan maydonga hazin termuldi.
Buzilgan machitning, yiqitilgan minoraning kirpichlari har yer-har yerda tartibsiz sochilib yotar, bir qismi o‘rtaga pala-partish etib uyulgan edi. Machit buzilgan bo‘yi joy-joyida qolgan og‘ochlar yog‘in-chochin ta’sirida chirib bitgan, qurt-qumursqa nasibasidan ortgan qismi allaqachon po‘kakka va kukunga aylanib bo‘lgan edi.
Ammo qamishlar qamishligini deyarli yo‘qotmagan. Albatta, ilk tilla rangidan asar qolmagan, tusi qoramtirlashib ketgan, lekin poya bus-butun saqlangan edi.
Xullas, yillar, qorlar, yomg‘irlar, issiqlar, sovuqlar, shamollar, dovullar o‘z ishini qilgan edi. Qishloqqa ilk marta kelgan kishi bir ko‘rishdayoq bu yer juda uzoq vaqtlardan beri tashlandiq bo‘lib yotganini bilardi.
Kirpichlar nurab, kesaklar tuproqqa aylanib bo‘lgan. Tevarakni changal, yantoq, yovvoyi beda, bangidevona, lataxar, ajriq, ko‘ztikan, kurmak, pechako‘t… kabi xonakiyu yovvoyi o‘tlar aralash-quralash bosib ketgan…
Erdan chiqqan hamma narsa bahorda bir gurkirab, xaroba-tashlandiq maydon ko‘zlarga ko‘m-ko‘k tepalikday chiroyli ko‘rinib qoladi. Lekin bu chiroy o‘tkinchi ekanini qishloq ahli biladi.
Maydon yashilligi vaqtinchadir. U tasavvurlarni uch-to‘rt oy aldab turadi, xolos. Yoz o‘rtalariga borib bari qurib-qovjiray boshlaydi. Bu tashlandiq makon har yili kuzni jizg‘inagi chiqib qarshi oladi. So‘ng to keyingi bahorgacha shu bo‘yi qoladi.
Asl holi borlig‘i butkul yalag‘ochlanganida ko‘rinadi ya’ni.
Yog‘in-chochin ko‘p bo‘lgan yillari o‘t-o‘lan qishi bilan chirib bitadi, kuz va qish quruq kelgan yillari esa xas-xashakka aylanib, ustma-ust taxlanib boraveradi.
Qishloqliklar qachonlardir bu yerda katta bir machit va baland minora bo‘lganini deyarli unutib yuborgan. Machit va minoraning asosiy vazifasi nima ekanini ham bilmaydi. Shu darajada. Ammo, qizig‘i, nimagadir bola-baqrasini bu yerda mol-hol boqishdan mudom qaytarib keladi. “U yerlarda boqma molingni!” deb tayinlash qishloqda an’ana tusiga kirgan. Hech kim qo‘yini, molini bu xarobaga haydamaydi.
O‘t-o‘lan, yantoq va boshqa bor o‘simlik turi har bahor yangisi eskisi ustiga chiqaverib, bu xaroba do‘nglikni qandaydir o‘ziga xos bir ertakona makonga aylantirib qo‘ygan.
Machit buzilishi va minora yiqitilishini ko‘rgan oxirgi odam ham allaqachon dunyodan o‘tib bo‘lgan. Qishloq ahlining ko‘pi bu xaroba o‘rni qachonlardir qanaqadir ibodat yeri bo‘lganini tusmoldan biladi. Bobo-momolar ota-onalarga, ota-onalar bolalariga nimalarnidir aytib ketgan chiqar, axir.
Aytganmi-aytmaganmi, keyingi zamon odamlarida bu yerga xuddi qarg‘ish tekkan yer deb qarash ham shakllangan.
Xullas, machitning qoldig‘i deydimi, qarg‘ish tekkan yer deydimi, ishqilib, kimsa bu xarobada mol-hol boqmas, bir narsa olmas, narsasi tugul, o‘t-o‘laniga-da teginmas edi.
Albatta, og‘ochlar chirib bitgan, qo‘l tegsa to‘kilib ketguday bo‘lib yotibdi, lekin eski musulmon kirpichlari harholda butun saqlangan, olib ishlatsa bo‘lardi. Ular ham bittasi xato bo‘lmay xas-xashak ostida qolib ketdi.
Nimagadir davlat bu yerlarni ochmadi ‒ o‘zlashtirmadi. Bo‘lmasa, davlat xudosiz edi! Yaratgan Zotni yo‘q deyishdan qo‘rqmagan davlat qandaydir bir machit mulkidan hazar qilarmidi?!
Yo‘q, tegmadi. Nimagaligini o‘zi biladi, lekin bu yerni na birovga uy-joyga berdi va na biron do‘kon-mo‘kon qurdi.
Davlat balki atay o‘zlashtirmayotgandir. “Senlarning o‘tmishingni qulatdik, “shonli tarix”ingdan mana shu kabi xarobalargina qoldi! Endi aslo qaytib oyoqqa turmaydi! Eski zamonlardagiday qilib tiklayolmaysan ham! Hech qachon!” degan fikrni el-ulus miyasiga doimiy singdirib borish uchun jo‘rttaga saqlab qo‘ygandir.
O‘shandan beri qancha suvlar oqib o‘tdi. Eskilar bitta-bitta o‘lib ketdi. Qishloqda qanchadan-qancha yangi odam tug‘ildi. Tug‘iliboq, ko‘zi ochiliboq shu tashlandiq makonni ko‘rdi, shu xaroba tevaragida katta bo‘ldi,
Bitta-yarim qiziquvchan bola: “Nimaga bu yer buzuq?” deb so‘rab qolsa, hamma ham yurak yutib javob berolmasdi. Darrov “O‘tmishini qo‘msayapti!” degan aybni orttirib olishi mumkin. Kimga kerak tashvish? Undan ko‘ra, qorinlar och bo‘lsa-da, quloqlar tinch bo‘lgani yaxshi. O‘zini bilmaganga solishga, yelkalarni qisib qo‘ya qolishga nima yetsin!
Ayrim uylardagina otalar eshik tomonga qo‘rqa-pusa ko‘z tashlab turib, bu yer bir zamonlar machit bo‘lganini, yonboshidagi do‘nglik minora qoldig‘i ekanini aytib qolishar edi. Bolalar, machit va minora mana shunaqa bo‘larkan-da, degan tasavvur bilan ulg‘ayardi.
Xotiralar ommaviy o‘chirilganida bundan boshqacha natija bo‘lmas. Hatto eski Jarchi ham bu yerdagi machit bilan minora qachon buzilganini bilmaydi. Ko‘rmagan. Ko‘rgan bo‘lsa-da, u paytlar yosh bola bo‘lgan. Eslamaydi. Unga otasi aytib ketgan. Ilgari qanaqa shakl-shamoyilda bo‘lganini otasi ta’riflab bergan. Ammo baribir machit bilan minorani xayolida suratlantira olmaydi. Chunki u ham tashlandiq makonni shu holida ko‘rib katta bo‘lgan, “machit” va “minora” ko‘ziga mana shu vayrona kabi muhrlanib qolgan. Boshqasini bilmaydi.
Faqat, otasi qulog‘iga og‘zini qo‘yib shivirlagan hov o‘sha ondan boshlab yuragida tushuniksiz qandaydir bir tuyg‘u bosh ko‘targan. Vaqti bo‘lsa-bo‘lmasa ko‘ngli shu yoqqa talpinaveradi. Birda-yarim kishibilmas kelib maydonning tevaragidan sassiz aylanib ketadi. Iloji boricha odam yo‘q paytini poylaydi. Aylanarkan, har-har zamonda yuragining ich-ichida machit bilan minorani butun holda ko‘rish sog‘inchi g‘imir-g‘imir qilib qo‘yadi…

* * *

Yoshi qirqdan oshib, shu damgacha yuragining asiri bo‘lib kelgan u sog‘inch tuyg‘ulari qafasini buzib ozodlikka talpingan, kunlab miyasida pishitgan rejasini amalga oshirish maqsadi uni ko‘chaga sudrab chiqqan edi.
U ham ko‘ngil tizginini bo‘sh qo‘yib yubordi, tusagan ishingni qil, dedi go‘yo.
Tashlandiq makonning tevaragida sekin aylana boshladi.
Vaqt peshin mahali edi.
Onda-sonda qo‘ynidan otasidan qolgan cho‘ntaksoatni chiqarib qarab qo‘yadi. Yana aylanishda davom etadi.
Bu gal odamlar yo‘q pallani ham poylamagan, birov bor-yo‘qligi bu gal uni qiziqtirmadi.
Qarori qat’iyligidan kimdir ko‘rib qolishiyu ishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligi uni niyatidan qaytara olmasdi.
Nechanchidir aylanishida minora qoldig‘i qarshisida to‘xtadi. Oldindan chamalab qo‘ygan bir o‘rinni oyog‘i bilan paypasladi.
Minora qulatilganida tagida kindik bo‘yi keladigan asosi buzilmay qolib ketgan, o‘rnida kichkina aylanma do‘nglik paydo bo‘lgan edi. Bu do‘nglik machit qoldiqlari hosil qilgan umumiy tepalikdan bir oz ajralib turardi.
Jarchi enkayib, bir-biriga kirishib-chirmashib ketgan o‘t-o‘lan orasidan toshmi-kirpichmi axtardi. Topganini oyog‘i tagiga qo‘ydi. Oltitasidan birinchi, yana to‘rttasidan ikkinchi zina yasadi. “Bismilloh!..” deb o‘ng oyog‘ini birinchi zinaga qo‘ydi. Bir to‘xtab, keyin ikkinchi zinaga chiqdi. So‘ngra bir tikanning poyasini mahkam ushladi-da, siltanib do‘nglikka chiqib oldi. Oyog‘i toyib ketmaydigan yerni chamalab, gavdasini tikladi.
Tevarakka boqdi. Picha turdi. Osmonga qaradi ‒ quyoshning yo‘nalishini o‘zicha aniqladi. Nihoyat, bir tomonga ko‘ngli yotdi shekilli, o‘sha yoqqa yuzlandi…

* * *

Maydon chetidan o‘tadigan ko‘chada asta-sekin odamlar to‘plana boshlagan edi. Ayrimlar Jarchining ishiga qarab boshi qotgan. Kimdir ajablanib qarab qolgan bo‘lsa, boshqasi, qani, nima qilarkin, deganday sal narida qora tomoshani boshlab yuborgan edi. Yana kimlardir to‘planganlarga salom berib, Jarchi tomonga bir qarab qo‘yib, indamay o‘tib ketaverardi.
Jarchi bo‘lsa, bularga parvosiz edi. Ko‘rinishi va xatti-harakatidan u bir narsaga qattiq jazm qilgani, hozir ko‘ziga o‘sha jazmidan boshqa narsa ko‘rinmayotgani balqib bilinib turardi.
Go‘yo bu dunyoda o‘zidan boshqa kimsa yo‘q.
Do‘ppisini yechdi. Burchaklarini ikki chakkasiga to‘g‘rilab, qaytadan bostirib kiydi. Belidan qiyig‘ini bo‘shatdi. Ikki uchidan ushlab, burmalab aylantirdi. So‘ng do‘ppisiga yopishtirib aylantirib boshiga o‘rab oldi.
Jarchi salla o‘rashning bunday yengil usulini ham otasidan o‘rgangan. Ota uy ichida har jar chaqirishidan oldin shunday qilardi.
Odatda qishloqlik katta-kichik qish qorasovug‘ida ushuk urib ketmasin deb quloq-chakkasini qiyiq bilan shunaqa o‘rab-chirmab olardi.
Jarchining bu ishiga ham parvo qilishmasdi, lekin hozir qish emas, yozning jazirama qoq chillasi!
Yo‘lovchilar Jarchidan ko‘z uzmay qarab turaverdi. Bu issiqda nimaga qulog‘ini o‘rayotgani ularga juda qiziqarli edi.
Qishloqda hayot ko‘pincha zerikarli bo‘ladi. Odamlar qayerda qanaqa tomosha bo‘larkan deb haftalab-oylab kutib yuradi. Shunday bir pallada odamovi eski Jarchining birdan ko‘chada paydo bo‘lishi, tashlandiq maydonga kelishi va bu yerda har xil telba-teskari ishlar qila boshlashi albatta maroqlantiradi-da qishloqliklarni!..
Jarchi ikki ko‘rsatkich barmog‘ini ikki qulog‘i ichiga tiqdi, boshmaldoqlarini quloq yumshoqlari orqasiga qo‘ydi. Yengil qisdi. Chuqur nafas oldi. Va birdan hayqirdi:
‒ Ollohu akbar!.. Ollohu akbar!..
Nima bo‘lganini tomoshachilar ilkis tushunib yetmadi.
Azon chaqiryaptimi?!
Bu nima degan gap?!
Shunday musaffo zamonda-ya?!
Nima kam bunga?!
Ha, Jarchi bu qishloqda yaqin orada birov qilmagan, hatto keksalar ham deyarli unutib yuborgan, eskilik sarqiti sifatda bir chetga uloqtirilgan ishni qilayotgan edi.
‒ Ollohu akbar!.. Ollohu akbar!..
O‘zini qancha bosmasin, yuragida tuyg‘ulari qaynadi. Gumurdi. Ichida bir hayajon to‘lqini bosh ko‘tardi. Bosib kelib tomog‘iga turib qolganday bo‘ldi. Tovushi qaltirab-yig‘lamsiraganga o‘xshab chiqa boshladi.
‒ Ashhadu al-la ilaha illalloh!.. Ashhadu al-la ilaha illalloh!.. – deb olamga jar solar edi u.
Bu jarni u otasi o‘lganidan beri, mana, to qirq yoshga yetgunicha necha marta chaqirgandir. Har safar qayta-qayta hayajon bosgan. Tovushi titrab chiqqan. Ammo hech qachon bu galgidek to‘lqinlanmagan edi! Yuragi tors yorilib ketay derdi hozir. Ayni choqda, tovushidagi titroq jariga ajib bir ohang qo‘shayotganini ham his etib turardi.
‒ Ashhadu anna Muhammadar rosululloh!.. Ashhadu anna Muhammadar rosululloh!..
Ha, bu ishga bel bog‘larkan, odamlar nima desa desin, nima qilsa qilsin, endi ochiqqa chiqaman, ota-bobom qilganini qilaman, odamlarni chaqirishim lozim bo‘lgan ishga chaqiraman, deb qat’iy qarorga kelgan edi. Hatto qamoq yo o‘limni ham bo‘yniga olib qo‘ydi. Shuning uchun o‘zini ancha xotirjam tutishga urinardi.
Lekin yurakka hukmini o‘tkaza olmadi. Qilayotgan ishining zalvori va ahamiyatini fitriy his etib, o‘zi ham kutmagan darajadagi bir buyuk hayajonga duch keldi. Tamoman shu hayajon asiri bo‘ldi. Ko‘zlaridan tirqirab yosh otildi.
Turgan yerida qoq turganicha yelkasi aralash o‘ng tomonga burildi:
‒ Hayya ’alas solah!… Hayya ’alas solah!.. ‒ deb chaqirdi.
Ohista chap tomonga o‘girildi:
‒ Hayya ’alal falah!.. Hayya ’alal falah!.. ‒ deb chaqirdi.

* * *

Ko‘chadan o‘tib borarkan, tomoshachilar yoniga kelib to‘xtagan bir chol Jarchining so‘zlariga picha quloq soldi. Turdi-turdi-da, boshini saraklatdi.
Birlamchi vazifasi qishloqda o‘rinli-o‘rinsiz tashlangan har bir qadamni kuzatib turish bo‘lgan xotin-xalaj ham tashlandiq maydon qarshisiga ancha-muncha to‘planib qolgan, ammo har narsaga yetgan farosati hozirda ko‘zi bilan ko‘rib turgan ushbu voqeaning sir-sinoatiga yetmayotgan edi.
Erkaklar bir-biriga qarab yelka qisib, lablarini qimtib qo‘yishardi.
Ayniqsa, bolalar shod edi. Bunaqa tomoshani ilgari sira ko‘rmagan ular!
Haligi chol yana Jarchining qilig‘iga tingislab boqdi. Oxirida:
‒ Ahmoqlik… ‒ deb xulosa yasadi. – Tentak bo‘pqopti…

* * *

Lekin Jarchi tentak emasdi. U qilayotgan ishidan mast edi, xolos. Dunyoni butkul unutgan, tevarak olam va uning ichidagi mazmunsiz hayot endi uni qiziqtirmay qo‘ygan edi! Qaytaga, “Qishloq ahlining tussiz hayotiga yangicha rang beryapman!” degan ishonchdan yuragida allanechuk sevinch tuyardi!
Axir, ochiqqa chiqishni u yigirma yildan ortiq kutdi! Yigirma yildan beri zimdan va qistov bu kunga hozirlik ko‘ra boshladi! Kechalari uyqusi qochib o‘yladi! Kunduzlari ishlarini yig‘ishtirib qo‘yib reja tuzdi. Yigirma yildan ortiq vaqt o‘zini ruhan shu ishga tayyorladi! Har bir harakatining suratini chizdi. Hatto qishloqning bo‘lg‘usi munosabatini mayda-chuydasigacha hisobga oldi.
Orada shohlar almashdi, davrlar o‘zgardi, lekin unga, uning ishiga qishloq munosabati o‘zgarmadi – oldin dushman edi, endi ham uncha do‘st bo‘lib ketmadi. Odamlar ham almashdi, bir qatlam eskilar ketib, bir qatlam yangilar keldi, lekin unutilgan Jarchi unutilganicha, jari quloqlarga begonaligacha qolaverdi – Jarchi ham, jari ham uy ichida biqinib olib yashayverdi. Bu ikkisini tanisa, tokchalar, taxmonlar, ko‘rpalar, havolargina tanidi, eshitsa, yana-tag‘in shulargina eshitdi.
Ammo yurak qurg‘ur tinim bilmay tashqarini istar edi. Umri davomida hech yo‘q bir kun… bir kunda besh mahal rosmana machitda, rosmana minorada jar chaqirsa edi!..
Axir, otasining o‘sha shivir-shivirini yigirma uch yildan beri ichida saqlab keldi. Bu shivir-shivir sasi kundan-kunga, oydan-oyga, yildan-yilga kuchayib, oxiri chidab bo‘lmas azobga aylandi. Yuragiga bir bo‘mba tushganu shuni chiqarib tashlamasa, yaqin kunlarda ichida portlab ketadigandek bo‘laverdi.
Mana, oxiri, shu kecha aniq sezdi, yurak-yuragidan his etdi: uzoq orzu qilib yurgani o‘sha kun kelgan, minoraga chiqib, og‘zini to‘ldirib, quloqlarni chinlatib jar solish zamoni yetgan edi!
Bu kunni tinimsiz kutib, orzu qilib kelgan Jarchi ko‘ngilning bo‘lg‘usi lazzatlarini ich-ichdan tuya-tuya, chini bilan tentak bo‘lib qolay derdi.
Mayli, u minora otasi aytgan asl minora bo‘lmasin,
mayli, chin minora o‘rnidagi o‘sha bel barobar tikanli do‘nglikka chiqsin,
muhimi ‒ uzoq yillar ichiga qamab kelgan Buyuk Dardini endi yuzaga chiqaradi!
Qaror keskin, endi uni bu ishdan qamoq tugul, hatto o‘lim xavfi ham qaytara olmaydi.
Odamlar uni tentak-jinni demaydimi!
Hatto toshbo‘ron qilib tashlamaydimi!
Hech bo‘lmaganda bir marta jarini chaqirib oladi-ku! Ulgurib qolsam bo‘ldi, dedi… Ulgurganimcha aytaveraman, dedi.
‒ Ollohu akbar!.. Ollohu akbar!..

* * *

Bu yoqda tomosha hamon davom etardi. Jarchi hali jarini oxirigacha yetkazmasidanoq qishloqliklar bu g‘arib holatning muhokamasini boshlab yuborishgan, o‘zanni haligi chol o‘sha birgina xulosasi bilan ochib bergan edi.
Olomoncha davrada tarozi pallasini birinchi aytilgan gap bosib ketarkan. Boshqa gaplar oraga sig‘may qolarkan.
Bu yerda ham o‘sha cholning o‘sha gapi o‘z-o‘zidan ustunlik qilardi. Kimdir “Hoy xaloyiq, balki…” deb yangicha mulohaza aytmoqchi bo‘lsa, birov uning gapini davom ettirmasdi.
Muhokama asosan “Odam g‘irt tentak bo‘lib qolgan…” degan o‘zanda kechardi.

* * *

Bu yoqda Jarchi hiqildog‘iga tiqilib turgan yig‘isini bosa-bosa, tomirlarida oqib turgan bor kuchini og‘ziga to‘plab, azondagi so‘ng shiorni olamga yoyar edi:
‒ La ilaha illalloh!..
So‘ngra barmoqlarini qulog‘idan uzdi. Qo‘lini sekin indirdi. Tizzasidan ushlab, oldin enkaydi, keyin cho‘nqayib o‘tirdi. Qo‘lini ochdi. Jar chaqirayotganida to‘xtatib-bosib turgan yig‘isiga erk berib yubordi.
Ho‘ng-ho‘ng yig‘lar, yig‘i aralash birnimalar deb pichirlar edi…

* * *

Do‘nglik o‘t-o‘lan bilan qoplangani uchun nariroqda unga boqib turgan tomoshachilarga Jarchining yelkasi va boshigina ko‘rinardi. U nima qilayotganini tusmollay boshlashdi.
‒ Tentakligiga bordi, – deb g‘o‘drandi biri.
‒ Obbo ablah-ey! ‒ deb yubordi boshqasi. ‒ Tepkilamasin deb biz bu yerga hatto qo‘y-molimizni qo‘ymaymiz-u, buning qilig‘ini ko‘ringlar!
…Jarchi o‘rnidan turdi. O‘zi yasagan “zina”dan qaytib yerga tushdi. Olomonga parvo qilmay, uyiga qayta boshladi.
Odamlar ixtiyorsiz ravishda tisarilib unga yo‘l berishdi. Ko‘rinishidan tentakka o‘xshamagani qaytaga odamlarni battar unga achintirdi.
‒ Shunday odam-a!.. Qanday odamlarning bolasi-ya!.. ‒ deb qolishdi orqasidan.

* * *

Jarchi asr vaqti yana “minora”ga chiqdi. Yana peshindagi jarini chaqirdi. Yana odamlar to‘plandi. Yana muhokama boshlandi. Yana o‘sha eski gap:
‒ Tentak!.. G‘irt telba!..
‒ Esini yebdi, endi bosh-shini yemasa go‘rgaydi…
Shom, xufton vaqtlari ayni ish takrorlandi.
Erta tongda qishloq Jarchining jaridan uyg‘ondi.
Peshinga yaqin shahardan tegishli odamlar keldi. Choyxonaga qishloqning e’tiborli kishilarini, faol xotin-qizlarni to‘platdi. Nima gap, nima so‘z ‒ obdan o‘rganildi. Umumiy xulosa bu bo‘ldi:
‒ O‘zi ancha yillardan beri odamlardan uzilib, uyidan chiqmay yashardi. Oxiri tentak bo‘pqoldi, shekilli, ‒ deyishdi qishloq faollari.
Shahardan kelganlardan biri Jarchining o‘zi bilan ham bir gaplashib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Uning uyi sari yo‘l olgan edi, xaroba tomondan Jarchining kuchli, tiniq ovozi yangrab qoldi:
‒ Ollohu akbar!.. Ollohu akbar!..
Esi bor odam shu ishni qiladimi? Esli-hushli odam bilib turib boshini kundaga qo‘yadimi?
Tegishli idoraning tegishli xodimlari ham o‘ylab turib, qishloq ahli to‘g‘ri aytyapti ekan, degan xulosaga keldi:
Ha, Jarchi tentak bo‘lgan! Tamom-vassalom!
Oralaridan bittasi:
‒ Shunday bo‘lsa ham, bir yerlarga oborib tekshirtirmasak, bo‘lmaydi, ‒ deb qoldi.
‒ To‘g‘ri! Do‘xtirdan xulosa qildirib qo‘ymasak, bizgayam gap tegib qolishi mumkin, ‒ dedi ikkinchisi.
‒ Tekshirsalaring ham, tekshirmasalaring ham ahvolni ko‘rib turibsizlar, ‒ deb oraga suqildi hov o‘sha chol. ‒ Yaxshisi, sho‘rlikni tinch qo‘yaylik. Tentak bo‘lib qolgani o‘zi unga katta jazo!
Qishloq faollari cholning yoniga kirishdi:
‒ Ha-ya… Oilasi shundoq ham ezilib yurgandir, o‘lganning ustiga biz ham tepmaylik. O‘zi tentak bo‘lsa, uning bu baqir-chaqiri qayoqqa borardi? Aholimizga tushuntiramiz, hech kim uning chaqirig‘iga quloq solmaydi. U bechorani tinch qo‘ysalaring bo‘ldi. Sizlar opketsalaring, albatta qamoqqa tiqib qo‘yasizlar. Kimga foyda, kimga ziyon? Har qishloqning bir tentagi bo‘ladi, bu bizning tentagimiz bo‘lib yuraqolsin, ‒ deb uning jonini hukumat odamlaridan so‘rab olishdi.
Xayriyat, tegishli xodimlar gapga yuradigan xilidan ekan. Qishloq faollarining iltimosiga ko‘naqolishdi:
‒ Xo‘p, sizlar aytgancha bo‘lsin. Lekin bundan keyin baqirmasin, tevaragiga odam to‘plamasin! Xalqning ko‘ngliniyam, tinchiniyam buzmasin! To‘xtamasa, molxonaga zanjirlab qo‘yinglar! ‒ deb tayinlashdi va kelgan yerlariga quruq qo‘l bilan qaytib ketishdi.

* * *

Qishloq Jarchi holiga chin yurakdan achinayotgan edi.
‒ Yurgan odam… shundoq ko‘z o‘ngimizda lop etib tentak bo‘lib o‘tirsa-ya!.. ‒ derdi.
Achinish ustun kelibmi, Jarchini zanjirlashmadi.
Qishloq raisi oqsoqollardan bir-ikkitasini yoniga olib uyiga bordi. Gaplashdi.
Gap-so‘zidan hech aqldan ozgan deb bo‘lmasdi. Ammo bunday bir zamonda, bunday bir qishloqda, bunday bir ish qilishi…
Buning ustiga qaysarona:
‒ Sizlarga nima yomonlik qildim? Qilayotgan bo‘lsam, otam-bobolarim ishini qilyapman… Meni to‘smanglar, yo‘limdan qochinglar! ‒ deb oyoq tirab olgani-chi…
Tentak bo‘lmay yana kim bu?! Tentak bo‘lganida ham qip-qizil tentak!
Faollar besh-olti kun o‘rtaga olishdi. Rosa urinishdi. Qarindosh-urug‘ini ishga solishdi, oilasini gij-gijlashdi – natija chiqmadi.
Oxiri: “Bor-e, bilgan b…ngni ye! ‒ deb o‘z holiga tashlashdi. ‒ Bizga desa, qamalib ketmaysanmi! Qansharingdan o‘q yemaysanmi bizga desa!”
Qaysar o‘z nomi bilan qaysar. Unga gap yuqmaydi. Gapirilgan sari battar qaysarlanadi. Tashlab qo‘yilsa, parvo qilinmasa, o‘z-o‘zidan dami qaytadi, ovozi o‘chadi.
Lekin Jarchi qaysar bo‘lib ham qishloqdoshlari o‘yidagi turidan emas, boshqacha qaysar edi. Odamlarning: “Indamasak, o‘zidan-o‘zi ovozi o‘char”, degan barcha umidini chippakka chiqardi ‒ suyumli ishini to‘xtatmadi! Har kuni besh mahal “machit”ga kelar, “minora”ga chiqar va qishlog‘ini birnimalarga chorlab jar solar edi.

* * *

Bora-bora odamlar bu holga ko‘nikdi.
Tegishli idoralar ham, ularning maxsus xodimlari ham parvo qilmay qo‘yishdi. Uni odam qatoridan butkul chiqarib tashlashdi.
“Yursa yurar, baqirsa baqirar, biz tarbiyalab yetishtirgan yangi avlodning ongini bitta tentak baribir buza olmaydi!” degan qat’iy ishonchda o‘z holiga qo‘yishdi. Bir vaqtlar ustidan ochilgan “Ish” tepasiga qizil yo‘g‘on qalam bilan “Tentak bo‘lib qolgan!” deb yozishdi-da, temir sandiqlarining eng tagiga tiqib tashlashdi.
Endi Jarchi o‘z qishlog‘idagina emas, tevarak-atrofdagi qishloqlarda ham tentak degan nom chiqardi.
Onda-sonda u yoq-bu yoqqa borsa, bozor-o‘charda ko‘rinsa, orqasidan odamlar qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatadigan, kimdir kulib, kimdir achinib qo‘yadigan bo‘ldi.

* * *

Ammo Jarchi tentak emasdi. Tentak nima qilganini, nima deganini o‘zi bilmaydi. Jarchi nimalar qilayotganini, nimalar deyayotganini juda yaxshi biladi!
Birinchi kuniyoq meni olib ketishsa kerak deb kutgan, hatto o‘zini ruhan bunday oqibatga tayyorlagan edi. Qo‘rqmayotgani shundan.
Lekin qishloqda tentak-telba degan nom chiqarishi bir hisobga uni ayrim yomon oqibatlardan asrab qolganini ham his etib turardi.
“Telba-tentak”ligini boshida o‘zi uncha xushlamay yurdi. Ammo keyin-keyin bu unvoniga ko‘ndi. Ko‘nikdi. Hatto yoqtirib qoldi. Birinchi bo‘lib uni tentak degan cholni ham yaxshilik bilan eslaydigan bo‘ldi. Balki uzoqni ko‘zlab uni “tentak”ka chiqargandir? Qari-da. Tajribali-da. Qari bilganini pari bilmaydi, axir.
“Tentak”ligidan xafa bo‘lish naryoqda tursin, hatto undan unumli foydalana boshladi. Gohida atay telba-teskari gaplar gapirib qo‘yadigan, g‘alati-g‘alati qiliqlar qiladigan odat chiqardi.
Odamlarning munosabatidan ichida kulib qo‘yardi. “Anqov bular! – derdi ichida jilmayib. – Asil tentak o‘zlari-ku!”

* * *

O‘jar bir yo‘lga oson tushmaydi, tushsa, qaytmaydi. Qaytish ne, tom teskarisi. Endi Jarchi har jarida ovozini bir pog‘onadan balandlatadigan bo‘ldi.
Ishlar ko‘nglidagidek borar edi. Hatto ichidan sevinch tuyardi.
Bitta narsa uni xomushlantirardi: axir, u shunchaki o‘yinga yoki odamlarga “tentak”ligini isbotlash uchun jar chaqirmasdi! O‘ziga yarasha qanaqadir olijanob maqsadlari bor edi. Lekin, ne tong, qishloq ahli ham o‘ta qaysar chiqib qoldi. Suv yuqmas, ekin unmas tuproq misol qisir yuraklariga Jarchining jari hech ta’sir etmasdi. Birov: “Xo‘p, qani, nima demoqchisan o‘zi? Nimaga buncha jon kuydiryapsan? Nima qilaylik biz?” deb kelmadi qoshiga. Qilayotgan ishiga jiddiy qaramadi. “Tentak… tentak-da” deb qo‘yaqoldi. Holbuki, Jarchi jiddiy, o‘ta jiddiy bir savdoga boshini so‘qqan – odamlarni o‘zi yaxshi deb bilgan, yoqtirgan, juda muhim bo‘lgan bir ishga chaqirar edi.
Jarchi ezilsa, shu narsadan ezilardi. Orttirgan “tentak” laqabining bitta yomon tomoni shu edi.
Lekin baribir niyatidan qaytmadi. “Chaqiruvimga kimdir qachondir javob beradi!” deb umid qilaverdi.
Tongda chaqiradi. Kutadi. Labbay degan kimsa yo‘q.
Peshinda chaqiradi. Kutadi. Sukut.
Asrda chaqiradi. Kutadi. Yana jimlik.
Shomda chaqiradi. Kutadi. Tovushi havoga ketadi.
Xuftonda chaqiradi. Kutadi. Odamlar qattiq uyquga botgan go‘yo…
Buguni kechasidan, ertasi bugunidan farq qilmay qo‘ydi. Jarchi endi bir jar bilan ikkinchi jar oralig‘ida yashay boshladi. Tirikligi mazmuni qishloq xarobasidan yangraydigan chaqiriq bo‘lib qoldi.
Oldinlari onda-sonda qishloqning o‘ldi-netdisida ko‘rinib turgan bo‘lsa, endi tamoman uzildi.
Ishi jar chaqirish, ishxonasi qishloqning tashlandiq makoni bo‘lib qoldi.
Bir kunda besh marta keladi.
Har kuni, har hafta, har oy, har yil…
…“minora”ga chiqadi…jar soladi… umid qiladi… kutadi…
…bir kimsa kelavermagach, o‘t-o‘lan orasiga ko‘milib, cho‘nqayib yig‘laydi….
…yig‘laydi, yig‘laydi, yig‘layveradi…

* * *

Oradan yana bir necha yil o‘tdi.
Soch-soqoli o‘sdi.
Uni ilk “tentak” degan chol ham, “tentaklik”dan qaytarib “to‘g‘ri yo‘l”ga solmoqchi bo‘lgan boshqa ko‘p tegishli xodimlar ham o‘lib ketishdi.
U qoldi.
Qaridi.
Chol bo‘ldi.
Qarigan sari kuchi ketdi, tovushi pasaydi, hatto tomog‘i xirillabroq qoldi, lekin odatini tashlamadi – har kuni “machiti”ga keladi, “minorasi”ga chiqadi, o‘likdek jimjit qishlog‘ining qulog‘iga azon aytadi:
‒ Olloh buyukdir!.. Guvohlik beraman: Ollohdan o‘zga iloh yo‘q!.. Namozga shoshilinglar!.. Qutulishga shoshilinglar!.. Olloh buyukdir!.. Ollohdan o‘zga iloh yo‘q!..
Tevarak esa qabristondek jimjit.
U zor-zor yig‘lab jar soladi, “Labbay!” deguvchi kimsa yo‘q…

* * *

Kunda besh marta bir yerga borib-qaytaversangiz va bu ishingiz oylar, yillar davom etsa, ko‘z shart bo‘lmay qolarkan, oyoqlarning o‘zi o‘sha manzilni topib boraverarkan. Yo‘l ham qancha ko‘p bo‘lmasin, bari odamni o‘sha yoqqa eltaverarkan.
Jarchi uyidan chiqib o‘ngga burilsa ham, so‘lga burilsa ham, yo‘li aylanib-o‘girilib baribir “machit”dan chiqar edi. Hatto muyulishlarda boshini ko‘tarib qarab qo‘ymaydi. Oyoq o‘zi o‘sha yoqqa tortaveradi.
Bir kuni sira kutilmagan ish yuz berdi.
Jarchi nigohi yer chizib asrga azon uchun “machit”ga keldi. Odatiga ko‘ra, bir marta aylanib chiqdi. “Minora” qarshisida to‘xtadi. Eplamachoq yasab olgan, o‘ttiz yillardan beri xizmat qilib kelayotgan “zina”ga chiqishga tutindi. O‘ng oyog‘ini ko‘tardi. “Bismilloh…” dedi. Va…
…birdan manzil-manzara o‘zgardi, o‘zini rosmana minora ichida ko‘rdi!
Hozirgina eplamachoq zinaga qo‘yilgan oyoqlari tepaga o‘rlab ketgan zinaning birinchi pog‘onasida turardi!
Hayratdan qotdi. Tushimmi, o‘ngimmi dedi. Hatto xiyol qo‘rquv bosdi.
Yo Olloh! Machit buzilmagan, axir! Minora ham qulamagan! Hammasi joy-joyida turibdi. Faqat, odamlar ko‘rmayapti. Zamonlar aro jar ham tinmagan. Faqat, odamlar eshitmayapti. Demak, gap menda emas, odamlarning o‘zida – ko‘zlar ko‘r, quloqlar kar bo‘lib qolgan! Mana, haqiqat bor ekan-ku! Haq baribir yo‘qolmas ekan-ku!
Hayrati va qo‘rquvi zumda aridi. Sira kutmagan, yetti uxlab tushiga kirmagan bu ish aslida shunday bo‘lishi kerakday tuyula boshladi. Ilk onda bosh ko‘targan ajablanish tuyg‘usi o‘rniga yuragiga huzur va xotirjamlik indi.
Jarchi ko‘zda yosh bilan asta ikkinchi pog‘onaga qadam qo‘ydi. So‘ng uchinchisiga chiqdi. Ushbu zinalar minoraning zinalari ekaniga, minora bus-butun ekaniga, o‘zi shu minora ichida ekaniga ishonchi yuksaldi. Oyog‘ida kuch gupirdi. Qadami tezlashdi.
Belini bukchaytirib zinalayverdi, zinalagan sayin o‘rlab tepalayverdi. Eng qizig‘i – charchamasdi.
O‘rlayverdi, tepalayverdi…
Nihoyat, eng tepaga – mezanaga chiqib bordi.
Mezana sahni torroq, gumbazchasi qo‘l uzatsa yetgulik darajada pastroq bo‘lgani bilan juda chiroyli va bejirim edi. Tevarakka ochilgan tuynuklari beshta. Gavda to‘g‘richasiga sig‘maydi, bosh chiqarmoqchi bo‘linsa, oldin bir yelka suqilishi kerak bo‘ladi.
Tuynuklardan mayin yelvizak g‘ir-g‘ir esib turibdi.
Jarchi tavakkal bittasiga yuzlandi. Jarini boshlamasidan burun boshini xiyol tuynukka suqib olislarga tikildi. Ko‘ziga uzoq-uzoqlarda elas-elas bir sharpa chalinganday bo‘ldi. Butun diqqatini nigohiga to‘plab, ko‘rinayotgan u sharpani aniqroq ilg‘ashga urindi.
Ko‘rishi tiniqlashgani sayin olisdagi u sharpa qandaydir bir imorat shakliga kira boshladi. Ammo hanuz havo bilan chaplashib ko‘rinayotganidan qanaqa imorat ekanini bilib bo‘lmasdi.
Asta-sekin to‘rt burchagi va sirti havodan ajralib, tiniqroq bir shaklga kirdi.
Vo ajab! Oldin otasi, so‘ngra o‘zi necha yillar uyida, ko‘rpa-yostiq taxlangan taxmon ortida ko‘rib kelishgan qora imorat edi!
Hech qachon bu imoratni bu qadar tiniq ko‘rmagan edi. Hayratdan:
‒ Ey Olloh!.. Sen chindan ham buyuksan! ‒ deb yubordi.
Shu damlargacha yuragi orziqib, vujudi talpinib kelgan Uy, ana, tom qarshisida turardi!
Ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar olomonga birnimalarni yetkazmoqchi bo‘larkan, Jarchi kunda besh marta mana shu Uy tomonga yuzlanar edi, axir!
Bu imoratni hov o‘sha zamonda otasi vasiyat qilgan kuni kechasi tushida ko‘rgan! Ertalab tasvirlab berganida otasi: “Ollohning Uyini ko‘ribsan, bolam!” degan va yig‘lab yuborgan. To‘shagi ho‘l bo‘lib ketgunicha yig‘lagan.
Yig‘larkan, “Ollohdan o‘zga iloh yo‘q!” deb joni uzilgan!
O‘sha Uy! O‘sha Uy-a!
Jarchi ham xuddi otasining so‘nggi yig‘isiga o‘xshash yig‘i bilan yig‘lashga tushdi. Ko‘krak yoqalari, ko‘kslari ho‘l bo‘lib ketdi, tinmadi. Va birdan:
‒ Guvohlik beraman: Ollohdan o‘zga iloh yo‘q!.. Guvohlik beraman: Ollohdan o‘zga iloh yo‘q!.. ‒ deb bo‘kirib-hayqirib yubordi.
Tevarak larzaga keldi.
‒ Namozga shoshilinglar!.. Qutulishga shoshilinglar!..
Hayqiriq, larza, titroq qancha davom etdi ‒ bilmaydi. Nazarida juda uzoq surdi.
Yana qancha uzoq sursa, rozi edi.
Ammo…
Bir payt o‘ziga keldi.

* * *

O‘ziga kelganida, uni tag‘in hayronalik chulg‘adi: manzil-manzara tag‘in o‘zgarib qolgan edi!
hozirgina turgan mezana qani?..
uning besh tomonga qaragan tuynuklari qani?..
baland minoraning o‘zi qani?..
Bular hech biri yo‘q edi.
Tevaragida qishlog‘i ham ko‘zdan yo‘qolgan.
Jarchi xuddi bir olamdan boshqa bir olamga ko‘chib o‘tganday bo‘ldi. Eskiyu yangi bu olamlarni u go‘yo yuzidagi ikki ko‘zi bilan emas, balki yuragida yangi ochilgan ko‘z bilan ko‘rayotganday edi.
Qarasa, oyoqlari mezanada yo zinada emas, yumshoq bir narsa ustida turibdi!
Bu yumshoq narsa yantoq edi. Jarchi yantoq shoxchalari uchida turardi. Oyoqlari yalang…
Tizza bo‘yi kelar-kelmas yantoqda nima jon bor?! Endi uning yanada jonsiz ikki shoxchasi nimaga yarardi?! Lekin hozir shu chalajon yantoq xuddi kuchli bir daraxtday boshida Jarchini ko‘tarib turar edi!
‒ Ollohu akbar!.. Ollohu akbar!..
Yantoq qilt etmasdi. Shoxlari egilmasdi. Jarchi chol qulab tushmasdi.
Yurak ko‘zi yana bir narsani ko‘rdi: tevaragi biyday sahro… cheksiz qumlik… mayda-yirik qumtepalar… har-har yerda g‘uj-g‘uj saksovul… sonsiz-sanoqsiz yantoqlar, shuvoqlar, yana allanimabalo butalar…
Engil issiq shamol qum zarralarini ohista uchirib yantoqlar tagiga to‘playdi. Kaltakesak, yumronqoziq va yana boshqa qurt-qumursqa tirikchilik tashvishida izg‘iydi. Lekin o‘zidan iz qoldirmaydi. Iz qoldirishga ulgurmaydi ‒ shamol shu zahoti qumlarni surib-uchirib, hozirgina yumronqoziq yo kaltakesak chopqilab o‘tgan yerni birpasda tekislab qo‘yadi.
Ha, Jarchi chol to‘rt tomoni cheksiz sahroning qoq o‘rtasida turib qolgan, tizza bo‘yi keladigan bir yantoq ustiga chiqib olgan va bu yantoq ustida kimsasiz sahroni zirillatib jar solayotgan edi!
Xayoliga bir o‘y keldi: qishloqda birov uning sasini eshitmadi, bu cheksiz sahroda kimningdir qulog‘iga yetib borarmidi?
Ko‘ngli allanechuk o‘ksidi.
Ilgarilari hech qachon bunaqa holga tushmagan edi. Oltmish yil ekan-ku, ming yil chaqirgan jariga bir kimsa javob bermasa ham uni bundayin tushkunlik qoplab olmagan, ko‘ngli bu qadar o‘ksimagan bo‘lardi balki.
Ichida g‘alati bir istak qo‘zg‘oldi: “Shu safar oxirgisi… Shu safar oxirgisi…”
Ixtiyorsiz ravishda bu istak ongiga o‘rnashdi.
Tili har doimgidek: “Namozga shoshilinglar!.. Qutulishga shoshilinglar!..” deyapti-yu, xayolidan: “Endi foydasi yo‘q… Qishloqda kimsa kelmadi, sahroda kelarmidi… kelmaydi… Shu safar oxirgisi…” degan o‘ylar o‘tardi.
Bo‘ldi, endi bas qilaman, dedi.
Tangrim, men qo‘limdan kelganini qildim. Bobomning ishini otam uzmaganidek, men ham otamning ishini uzmadim, O‘zing ko‘rib turibsan. Lekin odamlarga yetkaza olmadim… Odamlar mening chaqirig‘imga javob bermadi… Kechir meni, Tangrim!..
O‘zi sezmagan holda ko‘ziga achchiq yosh quyilib keldi. Mijjalari to‘lib, tosha boshladi.
Ko‘zyoshlari tommas, ikki tola bo‘lib oqar edi. Yuzini yuvib, iyaklari ostidan bo‘yniga, ochiq yoqalari orasidan tanasiga o‘tar, butun badani bo‘ylab oqib yalang oyog‘idan sahroga tushar edi. Qancha oqmasin, bir zumda qumga singib ketardi. Qaynoq qumda hatto nam izi qolmasdi.
‒ Meni kechir, Tangrim! ‒ dedi so‘nggi bor.
Hovuchlarini yuziga bosib, barmoqlari uchini mijjalariga bosib, selday oqayotgan yoshlarini aritmoqchi bo‘ldi. Bir necha marta artdi. Qayoqda! Yosh to‘xtamasdi. Amallab ko‘zini ochdi.
Hamon yalang oyoqda yantoq uzra turarkan, ko‘zidan tirqirab oqayotgan yosh pardalari aro olamga boqdi. Asta-sekin qaytadan sahroni ko‘ra boshladi.
Hov narida bir narsani ilg‘adi.
Nima u? Nahotki?!.
Uzoqdagi qumtepa ortidan bir sharpa ajralib chiqib, o‘zi tomon kelar edi.
Ko‘zlarini ishqalab, yana qaradi.
Ha, cheksiz bu sahroning jimir-jimir saroblari aro, harir parda ortidan g‘ira-shira ko‘zga chalingan sharpaday bo‘lib bir odam unga qarab kelayotgan edi.
Yaqinlashganida, sinchiklab e’tibor bersa, sharpa-odam aslida o‘n-o‘n ikki yoshlardagi bir o‘smir ekani bilindi.

O‘smir qumtepadan tushib kelarkan, yo‘lida odam uchraganidan ajabsinib to‘xtadi.
Bu odam qari edi, chol edi, nimagadir bir yantoq ustiga chiqib olgan edi. Buning ustiga, yalang oyoq.
O‘smir yana picha yurdi. Yantoqqa chiqib olgan chol bilan orasidagi masofa o‘n-o‘n besh odimcha qolganida tag‘in to‘xtadi.
Qiziqsindi. Oldiniga yantoqqa, keyin jarchi cholga boshdan-oyoq qarab chiqdi. So‘ng qo‘lini quyoshga to‘siq qilib qoshlari ustiga qo‘yganicha, o‘qday tikilib turaverdi.

Jarchi bu kimsasiz sahroda jarini birov eshitishidan ham umidini uzgan edi. Ammo nafaqat eshitdi, balki chaqirig‘iga javoban bir kimsa qoshiga keldi ham!
Peshonasiga urdi. “Hah shoshqaloq! Shunchalik umidsiz bo‘lasanmi!” degan o‘y miyasini qilichdek sermab o‘tdi.
Kimsasiz bo‘lib tuyulgan olam aslida kimsasiz emasligi, bu olamda hech bo‘lmasa bir bolakay borligi va u chaqiriqlariga javoban qayoqdandir yetib kelishi hozirgina o‘limiga rozi bo‘lib turgan Jarchiga xuddi tiriklik suvidek qaytadan jon bag‘ishladi go‘yo.
Ayniqsa, o‘smirning yosh va o‘ynoqi ko‘zlari porlab, unga javdirab qarab turishi oltmish yillik chekkan iztiroblariyu alamlariga badal bo‘la olgulik edi.
“Kimsan sen, ey bola?!” demoqchi bo‘ldi. Ammo bu savol o‘rniga nimagadir tovushi momaqaldiroqdek gumburlab, og‘zidan har doimgi jari otilib chiqdi:
‒ Ashhadu al-la ilaha illalloh!..
So‘ng Jarchi xuddi minoradan tushayotgandek ehtiyotlanib yantoqdan qumga indi.
Yuzini, nafaqat yuzini, balki butun vujudini hozirgina minora tepasida ko‘rgan u jozibali Uy tomon qaratdi.
Yig‘lab turib asr namoziga niyat qildi. Qo‘lini quloqlariga teng qilib ko‘tardi. Kaftlarini rosmana ochib, o‘sha Uy sari qaratdi. Boshmaldoqlari uchini quloqlari yumshog‘iga tekkizdi:
‒ Ollohu akbar!.. – deb namozga kirdi.
Bolakay Jarchining o‘ng yonboshiga kelib turdi, ochiq kaftlarini oldga qaratib quloq qoqdi va ichida shivirladi:
‒ Ollohu akbar!..