Ilgarilari oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarini domlalar qabul qilardi. Abituriyentning bilimini to‘g‘ri baholash uchun qo‘shimcha savollar berilardi. Shpargalkalar qo‘ldan-qo‘lga izg‘ib, fotosuratli insholar bozori avj olardi. Imtihonda shular yordamida inshoni “Layli va Majnun”dan boshlab “Farhod va Shirin”da tugallaganman. Tekshiruvchi domla rahmdilroq ekanmi, bir inshoga ikki inshoni sig‘dirganim uchun sanoatimga qoyil qolib, otning kallasiday qilib uchni bosib yuboribdi.
Tarixdan imtihon topshirishim undan-da qiziq bo‘lgan. Kallada hech vaqo yo‘q, imtihon tugayapti, oxirda menga o‘xshagan ikki-uch abituriyent qaltirab turipti. Domlalardan biri: -Uchovlaringiz ham kiringlar, -deb ichkariga taklif qildi. Bittadan bilet oldik. Menga rus-yapon urushi tushdi. Ruslar yaponlar bilan urishganini hech eslay olmayman. Ruslar nemislar bilan urishgan-ku! Demak biletda noto‘g‘ri yozilgan bo‘lishi kerak, deb o‘ylab turgan edim, imtihon komissiyasi raisi, institut rektori kelib qoldi.
-E-ha, eng zo‘r abituriyentlar qolganga o‘xshaydi-ku. San buyoqqa kel, -deb afti Buxaringa o‘xshab ketadigan bolani chaqirdi. -Savolni o‘qi.
-Lenin yashirinib yotgan ko‘l nomi va surgunda bo‘lgan joylar… -o‘qidi Buxarin.
-Xo‘sh… -komissiya raisi Buxarinning qo‘liga ko‘rsatkich tayoqcha berib, xaritaga ishora qildi: -Lenin qaysi ko‘lda yashirinib yotgan, ko‘rsat-chi?
Buxarin hayron, qo‘lida tayoqcha, bir xaritaga, bir domlalarga ishshayib qaradi, keyin:
-Xaritada ko‘l nima qiladi, domla? -dedi.
Buni eshitib avval imtihon komissiyasi raisi, keyin domlalar kulib yuborishdi. Yumalab-yumalab kulishdi. Biz ham kuldik.
-Xo‘p mayli, -dedi komissiya raisi kulaverib yoshlanib ketgan ko‘zini artib. -Hech bo‘lmasa, Lenin bo‘lgan joylarni ko‘rsat.
-Lenin hamma joyda bo‘lgan, -Buxarin qo‘lidagi tayoqcha bilan xarita yuzasini aylantirib tashladi. Yana kulishdi. -Hozir ham hamma ishni Lenin qiladi! -otashin javobini tugatdi Buxarin.
-o‘zi… Leninni taniysanmi? -so‘radi komissiya raisi.
-o‘n so‘mliklarda ko‘rganman!
-Sizlar hammi? -rais bizga-qaltirab turgan ikki abituriyentga qaradi.
-Xuddi shunday! -bir ovozdan javob berdik.
-Bo‘lmasa bularning uchoviga ham uch qo‘yib beringlar-da, ishni tugatinglar. Rozimisizlar? -rais bizga qaradi.
-Rozimiz, -bir ovozdan takrorladik quvonib. -Rais kula-kula chiqib ketdi. Ana shunday qilib o‘qishga o‘tganman.
Hozir imtihonlar dunyo andozalari bo‘yicha test sinovlariga aylantirildi. Endi o‘quvchi darsliklarni o‘qib o‘tirmaydi, repititor yollab, savol variantlariga javobni belgilab ketaveradi. Savollar ham favqulodda zukkolik bilan topib tuziladiki, yetti uxlab tushingga kirmaydi. Masalan “Layli va Majnun”da “Majnun qaysi jonzodga o‘z dardini aytdi?” Endi o‘quvchi Majnun qaysi hayvonga o‘z dardini aytgan ekan, deb dostonni o‘qib o‘tirmaydi-ku! Javobni repititor topadi. “Yo‘lbarsga aytgan”, -deydi. “Yonida tulki bilan chiyabo‘ri ham bo‘lgan”, -deb qo‘shib qo‘yadi.
“Ravshanxon dostonida beshta kalning qaysi biri hazilkash bo‘lgan?” Hammasiyam hazilkash bo‘lgan-u, lekin Hasan chopson degani hammasidan ko‘proq hazil qilgan, deyish uchun uni to‘la o‘qib chiqish kerak. “Otabek kechasi Qutidorning uyining orqasiga o‘tganida nima qilgan?” Javob: a) Sodiqni ko‘rgan; b) devorga suyangan; v) hech nima qilmagan. Ana endi javobni topib olavering. Repititor buning ham yo‘lini qiladi. “Odam kechasi uyning orqasiga o‘tganda nima qiladi? Otabek ham shunday qilgan”, -deydi.
“Mashhur qo‘shiqchi shoir Gadoiyning quyidagi matla’li g‘azali qaysi vaznda yozilgan?” Bechora qo‘shiqchi shoirga shu savolni bersangiz, u ham repititorga yugurib qolsa kerak. Repititor bunga ham javob topadi. “Bu barmoq vazniga moslashgan aruz vazni”, -deydi u. “Itparast Marv shohi haqidagi hikoya “Xamsa”ning qaysi dostonida berilgan?” “Saddi Iskandariyda!” deb belgilaydi abituriyent repititorga bergan 200 dollariga ishonib. “Abushqa lug‘ati qachon yozilgan?” o‘quvchi bu lug‘atning nimaligini bilmasa ham yozilgan yilini aniq belgilaydi. Xullas, test savollariga topgan javoblari uchun cho‘ntagini qappaytirib, to‘tiqushlar armiyasini tayyorlayotgan repititorlarning qo‘sha-qo‘sha uylariga, eng so‘nggi markadagi mashinalariga havasi ketgan domlalar yoppasiga o‘zlarini shu sohaga urishayapti.
Hozir test savollari uchun yanada qulayroq imkoniyatlar paydo bo‘lgan. O‘quvchi oliy o‘quv yurtiga hujjatini topshirib, yalloni qilib, laylakni haydab yuraveradi. Imtihon kuni erta saharlab qo‘lida “x variant” bilan “tankasi” shosha-pisha kelib qoladi.
-Mana shu bo‘yicha test savollarini belgilab chiqasan, mirra seniki bo‘ladi. Buni hozirgina faks orqali u yoqdan oldim, -deydi u qo‘lini yuqoriga ko‘rsatib laylaklar cho‘poniga. -Buni domlalar bilan 20 ming dolllarga sotib olganmiz, o‘qishga o‘tganingdan keyin arzimagan 500 dollar bersang bo‘ldi, faqat hech kimga ko‘rsatma”, -deb tayinlaydi. O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q cho‘pon “x variant”ni boplab ko‘chirib, lotereyasiga yutuq chiqib, o‘qishga kirib ketadi. Domla pulni so‘rayverib, bezor qilganidan keyin tegishli idoradan belgili pullarni olib berib, uni qamattirib yuboradi…
Yaqinda o‘qishga kirishga tayyorlanayotgan bolalardan biri repititordan: “Domla, “Qoralar falsafasi” asarining muallifi kim?” -deb so‘ragan ekan, “Men, -deb javob beripti u. – Sanlarning falsafang ko‘kidan to‘lab, test javobini yodlashdan iborat. Mening falsafam esa senga o‘xshagan manglayi qoralarning pulini olib, to‘tiqushlar armiyasini ko‘paytirishdan iborat”.