Odam bolasi qo‘yday gap. Semiradi, shishadi, havolanadi, kattaroq amal tegib qolsa, bosar-tusarini bilmay, gapirgan gapining salmog‘ini chamalamay gazlayveradi. Birovni so‘kadi, birovni uradi, birovdan oladi, uyiga har kuni «ehson»lar yog‘ilib turadi. Har kuni bittadan yangi kostyum kiyadi. O‘tkazilayotgan tadbirlardan zarbof to‘n kiyib keladi. Uyi sandiq-sandiq kostyum bilan choponga to‘lib ketadi. Atrofida laychalari tunu kun parvona bo‘lishadi. Shu noshukur banda kunlardan bir kun kelib-shunday kun albatta keladi-amaldan ozod bo‘lib, dami chiqqan pufakday pissayib qolganidan keyin tepasida turgan qazoyi muallaqni ko‘radi. «Ie, men ham o‘lamanmi?» deb o‘ylaydi hayratga tushib. Shu paytgacha sezmagan, his qilmagan o‘lim jazavasi qo‘yniga qora ilonday sudralib kirayotganligidan dahshatga tushadi. «Hoy, yordam beringlar!» -deb baqiradi alahsirab. Lekin uning atrofiga hech kim yo‘lamaydi. Chunki birovni urgan, birovni so‘kkan, birovdan olgan, birovdan yulgan bo‘ladi. Laychalar bu paytda uning o‘rniga kelgan bo
shqa amaldorning tovonini yalayotgan bo‘ladi… Shunday kunlar keladiki, hech kim seni eslamay qo‘yadi, uvada lattaday jisming bujmayib, chiqitga chiqasan. Yaxshi bo‘lsang ham, yomon bo‘lsang ham gunohu savobing ajrini yaratganning o‘zi chiqaraveradi.
Navzambilloh, bu gaplarning hammasi o‘zim haqimda. Kamina ming-minglab muttahamu tovlamachilarga saboq bo‘ladigan hayot yo‘lini bosib o‘tganman. Dalig‘uli guberniyasiga boshboqon bo‘lgan paytlarimda atrofimdagi allomalar «Ana endi Dalig‘uli o‘z egasini topdi!» deb shov-shuv qilishdi, sha’nimga shoir va shoirchalar qasida-yu dostonlar bitishdi. Men ham shunga yarasha g‘ayrat bilan ishga kirishdim. Gapim gap, uchragan kuchukka yot, desam yotadi, (bo‘lmasa majburlab yotqizishadi!) tur, desam turadi. Dalig‘ulidagi qonunlar qog‘ozda qolib ketib, o‘zim qonunga aylandim. Bunday fidoyiliklarim xalqning joniga tegib ketgan ekanmi, bir kun kelib tavqi la’natlar bilan ishdan haydashdi. Mendan keyin bu yerga boshqa boshboqon tayinlanishi bilan «Ana endi Dalig‘uli o‘z egasini topdi!» deyishdi, uning nomiga qasidalar bitildi…
Bir hafta uydan chiqmasdan, hech kimga ko‘rinmasdan yotdim. It ham kelmadi. Hammavaqt gavjum bo‘lib qolgan uy Chig‘atoy mozorining xilxonasiday bo‘lib qoldi. Hatto qo‘shni mahalladagi janozaga ham aytishmadi…
Xo‘sh, bunday paytda nima qilish kerak, -o‘yladim. -Rahbar ishdan bo‘shatilganida dam olishga jo‘navoradi. Shartta quloqni orqaga tortib, dam olishga jo‘navordim. Boshqa paytda dam olishning iloji yo‘q-da! Bir oydan keyin hovurlar bosilib, taqdirga tan berib dam olishdan qaytib keldim. Uyga piyoda ketayapman, birov meni ko‘rib yuzini chappa buradi, birovi istar-istamas salomlashadi, birovi so‘kinib o‘tadi. Chidaymizda endi, hammaning ko‘nglini ololmaysan-ku!
Yangi boshboqon ilgari qo‘limda ishlaganida ipakday muloyim, patinkam chang bo‘lsa, ro‘molchasini olib artib qo‘yadigan darajada madaniyatli edi. Uning qabuliga kirmoqchi bo‘ldim.
-Sizni tushunaman, og‘a Rahmonbey, -dedi sobiq yordamchim. -Lekin boshboqonimiz printsipial odam, navbatda yozilmasangiz, qabul qilmaydi.
Navbatga yozildim. Ikki haftadan keyin ikki daqiqa vaqt bilan boshboqonning qabuliga kirgazishdi.
-E-e-e, ustoz, -deya boshboqon yugurib kelib, men bilan quchoqlashib ko‘rishdi. Kastyumimdan changni qoqib qo‘ydi. Xo‘rligim kelib ko‘zimdan yosh mildirab ketdi. -E-e, qo‘ying-da ustoz, bu hammadayam bo‘ladi, birga ishlashamiz, -yangi boshboqon menga choy uzatdi. – Nega ko‘rinmaysiz?
Men unga kirish uchun ikki haftadan buyon navbatda turganimni aytdim.
-Ie, shundaymi? -U g‘azab bilan tugmachani bosdi. Mening sobiq yordamchim, hozir uning yordamchisi yugurib kirdi. -Nega og‘a Rahmonbey ikki haftadan buyon ovora bo‘lib yuripti, kelgan zahoti kiritmaysanmi, galvars! Bunday ovsar yordamchining menga keragi yo‘q, ishdan bo‘shading, jo‘na!! Ikkinchi qorangni ko‘rmay!-Keyin menga o‘girildi.-Ustoz, xohlagan paytingizda eshigimiz siz uchun ochiq, tepib kiravering, ish masalasini ham hal qilib beraman,-deya o‘rnidan turdi. Bu «Gap tamom» degan ma’noni anglatardi. Tavoze’ bilan xayrlashdik.
Oradan uch oy o‘tib meni «Bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa Qovlab ketar» kampaniyasiga boshliq qilib qo‘yishdi. Hech kimning hech kim bilan ishi yo‘q, kampaniyada odam son-sanoqsiz, hamma byudjetdan oylik maosh oladi. Lekin boshim tepasida osilib turgan qazoyi muallaq meni tobora domiga tortardi. Shunda bilib-bilmay qilgan gunohlarimni yuvish uchun hajga borishni niyat qilib mulla Meliqul hojiga maslahatga bordim.
-Hajga borishga sarflaydigan mablaG‘ingizni halol peshona teringiz evaziga yiqqanmisiz bo‘tam?-so‘radi mulla Meliqul hoji ko‘zimga tikka qarab. O‘olbuki u bilan birga ishlagan paytimizda bir-birimizning qilgan ishlarimizni yaxshi bilardik.
-Y-y-yo‘q,-duduqlandim talmovsirab.-Ha endi vaqtida sizga tushib turganday, bizga ham qilgan mehnatimizga qarab ehsonlar kelib turgan-da, taqsir!
-To‘g‘riku-ya, og‘a Raxmonbey, ikkovimiz ham vaqtida ehson olganmiz, -dedi mulla Meliqul hoji gapini chertib-chertib. -Ammo menga pisabillo rozi bo‘lib berishgan. Sizga rozi bo‘lib berishganiga shubham bor-da. -Hoji bu bilan nima demoqchi ekanligini bilib turib bilmaslikka oldim. Hay bachchataloq, oyog‘im uzangida bo‘lganida boshqacharoq sayragan bo‘larding-ku!
-Esa endi nima qilay taqsir, -dedim majburan bir pog‘ona past tushib.
-Esa endi besh vaqt nomoz o‘g‘ing, masjidga boring, odamlarga qo‘shiling, gunohlaringizdan kechishni so‘rab xudoga munojot qiling. Yiqqanlaringizdan beva-bechoralarga ehson qiling, bo‘tam. Ana shunda haj farzini bajargan barobariga o‘tasiz.
-Ha, boshqalar ham.., -chaynaldim men.
-Boshqalarning gunohini bo‘yningizga olib nima qilasiz, -dedi Meliqul hoji. -Har kimning go‘ri boshqa…
Xullas, shu bilan deng, haj ziyorati haqidagi xom xayollar ham puchga chiqdi. Nima qilishga hayronman, elga qo‘shilib-qo‘shilolmayman, yurish-turishimda halovat yo‘q. Hamma barmog‘ini bigiz qilib meni ko‘rsatganday tuyulaveradi. Yaxshiyam vaqtida kostyum bilan to‘nlarni zapas qilib qo‘ygan ekanman, hozir o‘zim xususiylashtirib olgan do‘konda o‘shalarni sotayapman. Bo‘sh vaqtlarimda memuarlar yozayapman. Tepamda turgan qazoyi muallaqqa qarab, qilgan gunohlarimni kechishni xudodan iltijo qilib yotibman. Binoyiday nomozxon bo‘lib qoldim. Beva-bechoralarga qo‘y so‘yib, sadaqa berdim. Axir aytishgan-ku bir soatlik muruvvat oltmish yillik ibodatdan afzal deb. Shu qilgan muruvvatlarim dargohida qabul bo‘lsa, ajab emas pulisirotdan o‘tib, to‘ppa-to‘g‘ri jannatga doxil bo‘lsam, a labbay?! Noumid shayton!