Ilgarilari faqat karta o‘yini bo‘lardi. Durak deyishardi. Hozir o‘yinlar shunchalik ko‘payib ketganki, ko‘chada, tilbuzarda, kompyuterda, hamma joyda o‘yin. Biri-biridan qiziq, havasing keladi. Ilgari uch karta bo‘lar edi. Qizilini topsang olasan, qorasini topsang qolasan, degan o‘yin. Men o‘zi o‘yinga qiziqmayman. Bolalar dunyosi oldida odamlar yig‘ilishib turishgan ekan, qizig‘ib, uch kartachining yoniga kelib qolibman. Uynayotgan bola pul tikdim, deb qizil kartani oldi-da, menga uzatib: “Oka shuni ushlab turing, pulimni olvolay” ,-dedi. Yo‘q, dedim. “Ha, o‘ynamasangiz ham ushlab turing, hozir olaman”, -dedi u. Beixtiyor kartani oldim. Haligi bola 30 so‘m yutdi. Uch kartachi unga: “Avval pulingni ko‘rsat, keyin yutuqni olasan”, -dedi. Bola cho‘ntagidan bor pulini chiqardi, 25 so‘m chiqdi. “Oka, besh so‘m qo‘shib turing, keyin bo‘lishamiz”, -dedi bola. Hisoblab qarasam, naqd o‘n so‘m foyda olishim mumkin. Cho‘ntagimda 20 so‘m pul bor, besh so‘mini bolaga berdim. “Endi shuning hammasiga o‘ynaymiz, pulni q
o‘yinglar, yutsalaringiz olasizlar”, -dedi uch kartachi. “Oka, o‘n besh so‘mdan qo‘yaylik, hozir yutib olamiz”, -dedi haligi bola. O‘n besh so‘mdan qo‘ydik. Bola bu gal kartaning qizilini topmadi. Bir daqiqaning ichida yigirma so‘mdan ajralib, so‘ppayib uyga ketdim. o‘sha paytlar 20 so‘m katta pul edi-da! Shu-shu karta o‘ynamay qo‘yganman.
Endi litsenziyalangan shunday o‘yinlar chiqayaptiki, uch karta hech narsa bo‘lmay qoldi. Bozorlarda, odam gavjum joylarda lotto o‘ynab, cho‘ntak shilishlar avjiga chiqdi. Bu yetmaganiday, tilbuzar ko‘rsatuvlarida turli nomda, mazmuni bir lotto o‘yinlari o‘ynalib, ommaviy tarzda cho‘ntak shilishga o‘tildi. Po‘rimgina kiyingan diktor bola reklamaga chiqib: “Mana bu moshinani ko‘rayapsizmi, -deydi. -Yutsangiz o‘zim uyingizga olib borib, kalitini qo‘lingizga beraman.” Siz ishonib lotto olasiz. Unga mashina tugul, shimildirig‘am chiqmaydi.
Qaysi bir o‘yinda ming kishi bitta moshina yutibdi. Ana endi o‘zingiz tasavvur qilavering, ularning qaysi biriga moshinaning qaysi zapchasti tegishini. Qaysi bir reklamada doim biri baquvvat, biri pakana ikkita qiziqchi chiqadi. Birini ko‘rsang ocharchilik boshlanibdi, deb o‘ylaysan, ikkisini birga ko‘rsang, bunisining haqini unisi tortib olib yeb qo‘ygan, deysan. Ekalot oling, yutasiz, deydi. Qon yutasiz, demaydi, yutasiz deydi. Bechora sodda odam non sotib olishi kerak bo‘lgan so‘nggi puliga ham ekalot olganini bilmay qoladi.
Reklamalar biri-biridan diltortar. “Birdan boy bo‘lib ketishni istaysizmi?”, “Qo‘shimcha daromad topishni xohlaysizmi” va hokazo. “Unda Tanyaga murojaat qiling”. Bir kuni Tanyani izlab bordim. “Siz Tanyagami?” so‘radi echkisoqol. Ha, dedim. “Bo‘lmasa navbatga yozilish uchun besh yuz so‘m to‘lang”. To‘ladim. “Falon kuni kelasiz”. Keldim. “Navbatga yozilganmisiz?” Ha. “Unda mana bu eslatmalar uchun besh yuz so‘m to‘lang”. To‘ladim. “Tanyaga kiring”. Kirdim. Chiroyli, suv parisiday bir qiz o‘tiribdi. “Boy bo‘lishni istaysizmi?” -so‘radi suv parisi. Albatta istayman. “Unda ming so‘m to‘lang”. To‘ladim. “Boy bo‘lishning birinchi sharti biznes sinovidan o‘tish. 20 ming so‘m to‘lab, mana bu lab bo‘yoq, kremlarni sotib kelasiz”, -dedi suv parisi. “Bo‘pti, ertaga pul olib kelaman”, -deb oyog‘im qaltirab chiqib ketdim. Shuncha pulim bo‘lganida bu yerga kelib yurarmidim? Qaytib u yerga bormadim.
Ikki ming so‘m to‘lab boy bo‘lish uchun bu yerga kelayotgan menga o‘xshagan juldirvoqilar kam deysizmi? Boy bo‘lib bo‘psiz, tushingizni suvga ayting. Qaytanga o‘sha echkisog‘ollar boy bo‘lib ketishadi. Gerbalayf degani chiqib qoldi bir payt. Hamma chopgan, hamma o‘zini unga urgan, to‘polon. Oxir-oqibat nima bo‘ldi? Hamma kafangado bo‘ldi. Bir kuni bir hamkasbimiz “Falon joyda “Chovgan” degani chiqibdi, holi-jonimga qo‘yishmayapti, birga boraylik”, -dedi. Bordik. Idora arining uyasi, birov kirib, birov chiqayapti, bizni uchta ayol kutib oldi. Ular “Chovgan”ning paydo bo‘lish tarixi, olamshumul ishlari haqida ikki soat ma’ruza o‘qishdi. Biz bir yil ichida bittadan “Mersedes” mindik, oyida ming dollardan topadigan bo‘ldik va hokazo. Shu orada devorda ko‘zlari ayyorona boqib turgan bir mujikning suratiga ko‘zim tushdi.
-Bu tovlamachi kim? -so‘radim beixtiyor.
-Bu firmamizning prezidenti! -deyishdi uchchala ayol baravariga…
“Changchi” degani ham shularning biri ekan. O‘n dollar to‘laysan, dori sotasan, besh foiz olasan va hokazo. “Ekologik toza” dori jonivorning har biri o‘n besh, yigirma ming so‘m turadi. Bunday dorilarni pulini qayerga qo‘yishni bilmay yurgan kasalmand bir boyvachcha olmasa, kim ham olardi?
Hozir bingo degani chiqqan. Odam tirband, ur-yiqit, go‘yo har bir kishiga bittadan moshina berishyapti-yu, orqadagilar quruq qolishayotganday. Aslida o‘yinning boshidan oxirigacha bitta shalaq moshina kimgadir chiqsa-chiqadi, bo‘lmasa yo‘q. Xorijga, Rossiyaga odam jo‘nataman, deb yurganlarning son-sanog‘i yo‘q. Ular talabgorlarni Rossiyaga hatto o‘z hisoblaridan olib borishadi va qul qilib sotishadi. Pul topish uchun borgan bechoralar bir muttahamning qo‘lida oylab yeb-ichish hisobiga ishlashadi. Rohatini o‘rtada turgan “quldor” ko‘radi…
Sizga birov xolisona pul beraman, boyishingga ko‘maklashaman, desa ishonmang. Sodda bo‘lmang. Bu va’dalar ortida shayton malaylarining makkorliklari bolalab yotibdi. Endi Grin karta degan ko‘zboylah’ich o‘yin chiqipti. Kim yutsa, “ozod va erkin” Amerika fuqaroligini olarmish. Har qadamda bu shov-shuvga e’lon. “Grin kartaga rasmiylashtiramiz”, “Amerikaga bepul borishni xohlaysizmi?” va shunga o‘xshash biri-biridan yog‘imli takliflar. Uch kartaga chuv tushib, bu qiziqqon o‘yinlarni bas qilgan sinovchi o‘yinchi sifatida shudgordagi quyruqni havas qilgan sodda birodarlarga shunday degim keladi: har xil reklama-e’lonlarning ortidan chopib, xomtama bo‘lib yurmang. Ularning har birining tagida bir nayrang bor. Shuning uchun ham dono xalqimiz “o‘lma Go‘ro‘g‘li, o‘zingdan qolma”, deb bejiz aytmagan!