U qo‘li bilan devordagi soatni ko‘rsatdi. Dadasi ham, onasi ham tushunishdi — o‘g‘illari uxlamoqchi. Ikkovlari baravar bosh irg‘ab jilmayishdi. U o‘rnidan sharpasiz turib, yog‘och so‘riga ketdi. Yosh bolaligida agar uyqusi kelsa, g‘ingshib yig‘lardi. Esini tanigandan boshlab, aniqrog‘i, dadasi shu osma soatni olib kelgan kundan uxlagani yotmoqchiligini soatga imo-ishora qilib aytadigan bo‘ldi. Ota-onaga ham yakkayu yagona gung o‘g‘illarining shu qilig‘i qulayroq edi. Bugun ham ishora takrorlandi.
Joyiga cho‘zilgach, xayol sura boshladi. Hali ovqat payti onasining kuyunchak xatti-harakatidan, yuzini tushkunlik egallab eriga so‘zlashidan uyda yana non tugayotganini sezgandi. Hozir, garchi istamasa ham, bir hafta oldingi kunni esladi. O‘sha kuni tush payti dadasi ko‘chadan kulib kirdi, qo‘lida bir xalta non. Onasi darrov so‘radi.
“Qayerdan oldingiz?”
Dadasi miyig‘ida kuldi-yu, “plashimni sotdim” dedi. Ona-bola angrayib qolishdi. Keyin onasi erini mahkam quchoqlab olib, “Sovuqda egningizga nima ilasiz?” deb rosa yig‘ladi. Kechgacha qovoqlari shishib ketdi.
U hozir shularni o‘ylarkan, plashning noni birpasda tugapti-da, deb afsuslandi. Keyin uxlab qoldi.
Ertasiga uyda onasiga yordamlashdi. Darvoqe, uyda bo‘lmay qayerda bo‘lsin. Qo‘l qisqalik qilib, uning xat-savodini chiqarisholmadi. O‘z-o‘zidan ko‘chadan tortildi. Ona-bola jimgina ishlashdi.
Choshgoh mahali yana xaltada non olib dadasi keldi. Ammo bu gal kamroq edi. U bu nonlar nimaning evaziga kelganini o‘ylab onasiga xavotir bilan qaradi. Onasi esa, aksincha, indamay xaltani uyga kiritdi. Aftidan, bu safar ogohlantirilgan edi.
U kechgacha uyda nima kamiganini bilolmay yurdi. Kechqurun o‘ziga taqsimlangan kartoshka va nonni yeb bo‘lgach, odaticha devorsoatga qaradi. Lekin xuddi adashib boshqa devorga qarab qo‘ygandek soat joyida yo‘q edi. Nigohi qaytguncha dadasi ham, onasi ham ko‘zlarini olib qochishgandi. U shu tobda alamdan, afsusdan, xo‘rlanishdan, qashshoqlikdan — hamma-hammasining dastidan bor ovozi bilan dodlagisi keldi. Qani endi tovushi chiqsa.
2002 yil