Sumbula kirib, havoga kuz nuqsi urib qolgan kunlarning birida qishloq oralab yurgan muxbir yigit pidjagini yelkasiga tashlab, qovun polizga keldi. Bu payt polizda hamma ish bilan band; kech kirib qolgani uchun odamlar pushtalarga uyib qo‘yilgan qovunlarni chetga, tarozibon oldiga tashib chiqishar, poliz o‘rtasida saralab qovun uzib yurgan chol qichqirib, yigitlarga nimalarnidir uqtirar edi. Hoji buva deganlari shu kishi bo‘lsalar kerak, deb o‘yladi muxbir yigit. So‘ng tevarak-atrofga bir zum diqqat bilan qarab turdi-da, pidjagini chetroqdagi chayla yonidan chiqib turgan shoxga ilib, poliz o‘rtasiga qarab yurdi. Qovunlarni qoplarga solib, bir-birlariga orqalatayotgan yigitlar hazillashishar edi:
— Ha, dumalab jo‘na, bo‘rikalla!
— Iching tushmasin, bosvoldi!
— Hali xomaksan-da, og‘ayni, xomaksan.
— Amiriga o‘xshab belingni ushlab turishingni qara, ko‘tarsang-chi.
— Hoji buvam kelyaptilar… Hov! Qoch!..
Hoji buva bular tomonga kela boshlaganda haligi yigitlar qoplarga yarim-yarim qilib solgan qovunlarini orqalashib, palaklar orasidagi so‘qmoqdan yugurgilab ketishdi. Hoji buva ularning ketidan hay-haylab:
— Hoy, sekinroq, zaxa yeydi! — dedi-da, qo‘lini peshonasiga soyabon qilib, muxbir yigitga qaradi. — Qay bolasan, hoy!
— Assalomu alaykum, — dedi muxbir yigit cholning istiqboliga yurib. – Mehmonman, buva.
— Ie, keling bolam, keling, — dedi Hoji buva. — Men sizni anavi ishyoqmaslardan birimi, devdim. Ko‘rmaysizmi, bularga gap bo‘lsa, o‘yin bo‘lsa bo‘lgani.
“Bechoralar yugurib-elib qovun tashishyapti-yu, shundan ham norozi bu chol, deb o‘yladi muxbir yigit. Fermer akani g‘ayratli chol deganicha bor ekan”.
Salom-aliqdan so‘ng Hoji buva bu yigitning oddiy mehmon emasligini, bir-ikki og‘iz gap bilan ish bitmasligini bildi.
— Mehmon, birpas sabr qilasiz-da, endi. Ishni tugatib, yigitlarga javob berib yuboray, keyin otamlashaveramiz.
— Mayli.
— Bo‘lmasa siz polizdi oralab turing, — Hoji buva qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib uzr so‘ragan bo‘ldi. Negadir muxbirning surnay pocha shimiga qarab jilmayib qo‘ydi. — Hay, tomosha qilib turing-chi.
U ketdi. Muxbir shimiga qarab yelkasini qisdi-da, Hoji buvaning orqasidan jilmaygancha qarab qoldi.
Muxbir yigit poliz ichiga qarab yurdi. Ariq ichidan biqqidek semiz bir tipratikan yo‘rg‘alab chiqdi. “Sen bu yerda nima qilib yuribsan?” degan kabi munchoq ko‘zlarini yiltiratib, bir zum qarab turdi-da, yana yashil palaklar ichiga sho‘ng‘ib ketdi. Palaklarga qarab turib muxbir yigit hayron bo‘ldi: odatda bu paytda palaklar sarg‘ayib, polizga xazonrezlik nuqsi urib qolar edi. Qarang, ba’zi suv qiynalib chiqadigan do‘ng joylardagi palaklarni demasa, pastki, kanal bo‘yidagi, quloq boshidagi palaklarning hali ham avji baland, yam-yashil, qiyg‘os gullab, naychalari osmonga sapchiyman deb turibdi. Engashib palaklarni titib qarasang, tugunak, sapcha, xomaklar serob… To‘rga kirganlari bilan rang olganlari palak orasidan manaman deb ko‘kragiga mushtlab yotibdi. Narigi paykal tarvuz polizi ekan. Har tarvuzlar-ki, yo‘lbarsday! Targ‘il, xuddi golland sigiriday ola. Qo‘qon arava gupchagiday cho‘zinchoq, qo‘zivoylar ufqqa yonboshlab, botayotgan quyosh shafag‘i shu’lasidan peshonalari yalt-yalt qiladi…
Muxbir yigit, choli tushmagur bularni qanday parvarish qildi ekan, deb hayron edi…
Quyosh botib, salqin tushdi. Polizning tarovatli, handalak, bosvoldi bo‘yini ufurgan fayzli oqshomi boshlandi. Muxbir yigit salqindan eti junjikdi shekilli, kanal bo‘yidan asta pastga tushib, chayla tomonga yurdi. Bu payt polizda shovqin-suron tinib, Hoji buva qovun tashuvchi yigitlarga ruxsat berib yuborgan, paykalda faqat uch-to‘rtta chol bilan shofer yigitlargina qolgan edi. Muxbir yigit chayla yoniga ilib qo‘ygan pidjagini olib kiyayotganida Hoji buva kelib qoldi.
— Qalay, tomosha qildingizmi, o‘g‘lim?
— Rahmat.
— Ha, salqinladingizmi? – dedi buva kulib. — Kechasi bundan ham salqin bo‘ladi. Xo‘sh, mana endi qulog‘im sizda. Jadallashtirmasak, bo‘lmaydi-da.
— Gaplashadigan gap ham yo‘q… O‘zim shunday, poliz oqshomini bir ko‘ray deb keluvdim, — u qalam, daftarini olib, cholni cho‘chitib yubormaslikka, iloji boricha jo‘n gaplashishga, gap tizginini ko‘proq cholning o‘ziga qo‘yib berishga harakat qilar edi. — Biror gap chiqib qolsa, keyin so‘rarman, ota.
— Shundoq deng. Undoq bo‘lsa… — dedi Hoji buva soqolini tutamlab, — bugun polizda qolasiz. Oqshom endi boshlanadi. Mana bu kiyimlaringiz bo‘lmaydi, o‘g‘lim. Yechinib, chaylada nevaramdi pufaykasiminan shimi bor, kiyib oling.
— O‘zi-chi?
— Toshkentda, o‘qishda.
— Mayli, shu ham bo‘laveradi.
— Yo‘q-yo‘q, kiyib oling, o‘g‘lim. Bu surnaypocha shimda qiynalib qolasiz, — deb kuldi chol. — Oqshomdi og‘anab yotib ko‘rish kerak… Hu o‘rtadagi supaga joy qilaman. Qani, bu yoqqa yuring-chi, bir tamaddi qilib olaylik. Hu anavi qovundi olvoling… Bu joy sizniki, — dedi chol yigitga buklama karavotni ko‘rsatib. – Mana bu ko‘rpani ham yopining. Tongga yaqin salqinroq bo‘ladi.
Ular yechinib joy-joylariga yonboshlashdi. Muxbir yigitning butun xayoli oqshom go‘zalligida, poliz gashtiyu tabiat sehrida edi. Chol buni sezdi shekilli, bir oz fursat o‘tgach, so‘radi:
— Qalay?
— Go‘zal, — dedi yulduzlarni tomosha qilib yotgan muxbir. U aslida gapni nimadan boshlashni bilmayotgan edi. Shu bahona bo‘lib so‘radi:
— Qachondan beri qovun ekasiz, ota?
— Pensiyaga chiqqanimdan beri.
— Pensiyaga qachon chiqqansiz?
— To‘rtinchi yil. Ishlab o‘rganib qolganmiz, o‘g‘lim. Qarab yotolmadik. To‘rt-beshta chol maslahatni bir joyga qo‘yib, fermer bolamga arz qildik. Qovun ekamiz, dedik. U avvaliga ko‘nmadi. Nima qilasiz o‘zingizni urintirib, Parpi buva, nevaralaringizdi davrida yuring yallo qilib, dedi. Qayoqda, ko‘nmadik. Mana, ko‘rib turibsiz, beshta chol bir maydon yerni aylantirib yotibmiz.
— Parpi buva deganingiz kim?
— Men-da, Parpi buva.
— Ie, siz Hoji buva emasmisiz?!
— Avvalgi yili deng, qovunlarimiz bir bitib berdi. Naq ovozasi olamga joriya bo‘ldi. Fermer bolam pishiq yigit-da, qovunlarimizdan ko‘ngli to‘lib deng, bir kuni katta majlisda: “Parpi buva boshliq oqsoqollarimizga ming rahmat. Endi buvani Makkai mukarramaga jo‘natamiz. Bir maza qilib, Hoji buva bo‘lib kelsin”. — desa bo‘ladimi?
— Boshqa oqsoqollar-chi? – deb qoldi majlisda o‘tirganlardan bir-ikkitasi.
— Erga navbat, sherga navbat deganlar, — deb javob qildi fermer yigit. — Xudo xohlasa, agar qovunlar kelasi yili ham yaxshi bitib bersa, ularni ham jo‘natamiz. Xotirjam bo‘linglar.
Bu yil ham qovunlarimiz yaxshi, xudo xohlasa, boshqalar ham Hoji buva bo‘lib kelsa ajab emas.
Bu gaplar muxbir yigitni o‘ylantirib qo‘ydi: “Qarang, har qishloqdan shuncha chol chiqib, qovun ekib tursa, olamga qovun sig‘adimi? Mana sizga to‘kinchiligimizning boisi!”
Hoji buva bir nafas sukutdan so‘ng:
— Soatingiz qancha bo‘ldi, o‘g‘lim? — deb so‘radi.
Muxbir yigit gugurt chaqib soatiga qaradi.
— O‘n yarim.
— O‘n yarim? Ie, kontsertni o‘tkazib yuboribmiz-ku, — chol yostig‘i tagidan kichkina “Selga” radiopriyomnigini olib, murvatini buradi. Kontsert nihoyasiga yetay deb qolgan ekan. — Nevaramdi sovg‘asi. Oltin to‘yimizda qilgan. — Cholning ovozida ozgina g‘urur, ozgina faxr bor edi.
— Nabirangiz qayerda ishlaydi?
— Hali Toshkentda o‘qishda, demadimmi? Maktabdi bitirib, bir-ikki yil yonimda ishladi. Keyin o‘qishga ketdi. Bugun oyning o‘nimi? O‘n ikki kun bo‘ldi ketganiga, kecha qovun ortgan moshinda tushib ko‘rib chiqdim.
— O‘n kun o‘tmasdan-a?
— E, kampiri tushmagur qo‘ymadi-da, bo‘lmasa tusharmidim shaharga.
— Nima, shahar yomonmi?
— Shahar-ku, yaxshi!.. Bozordi ko‘rib xafa bo‘lib ketasan-da.
— Nega?
— Polizdi oralab chiqdingiz-a?
— Ha.
— Xo‘sh, nima sezdingiz?
— Hech narsa.
— Qovunlardi o‘z qo‘limiz bilan ekkanmiz-u, bozordi ko‘rib, bir nuqsonimiz ochilib qoldi, o‘g‘lim. Pahmlagan bo‘lsangiz, qovunlarimizdi xili asosan handalag-u, to‘rlama qizil urug‘minan ananas. Xudoning qudrati, bozorda ham mana shunaqa qovunlar… O‘zbekiston qovundi makoni, buni bilasizmi? Shundog‘ bo‘lgandan keyin amiri, cho‘giri, obinovvot, gulobi, ko‘kcha, undan so‘ng desangiz, buzoqboshi, begizot, bo‘rikalla, xo‘sh deganingizdan, qo‘ybosh, qizilurug‘, tilimi tilni yoradigan shakarpalak… Eh-he, yuz xil qovunlarimiz bor-a, o‘g‘lim.
— Uch yuz xil deb yozishadi-ku olimlar.
— Balli, ana o‘sha qovunlardi ko‘pchiligi yo‘q-da.
— Nega?
— Nega bo‘lardi, o‘g‘lim, sirti yaltiroq bo‘lishini o‘ylaymiz-da! Ichiminan ishimiz bo‘lmaydi. Endi ekaman. Shu gal tushganimda to‘rtta-beshta qovun olib chiqdim urug‘likka. Boshqa yoqdan obkelishgan ekan. Bizning qovunlarimizga o‘xshamaydi. Undan keyin, men sizga aytsam, xaridorlar ham juda injiq bo‘lib ketibdi. Ha, noshukur bo‘pketipti! Tilladay sarg‘ayib, hidi anqib turgan bo‘lsa ham “Xom emasmi? Dori solinmaganmi?” deb barmog‘i bilan ezib ko‘radi deng. Shunaqa demasin, deb qovundi o‘zim saralab uzaman. Haligindaqa gaplar juda og‘ir botadi, o‘g‘lim. Xaridor qovundi bossa, naq peshonamda barmog‘ining izi qoladiganday qiynalaman. Tarvuzlardi kaftlariga olib qisganlarida vijdonim siqilayotganday bo‘ladi… To‘g‘ri, ba’zi bir insofsiz dehqonlar bor, dori solib qovundi suluv qiladigan. Shulardi kasopatiga qolamiz bizlar ham. Qovundi hadeb bir joyga ekaversa ham bo‘lmaydi. Yer kuchsizlanib, shumg‘iya chiqib ketadi. Bu yil ikkinchi joy almashtirishimiz. Nuqul bo‘z yer qidiramiz. Ikki yil ekib, so‘ng yerimizdi paxtaga bo‘shatib beramiz… — deb bir oz osmonga qarab yotdi Hoji buva.
“Qovunning yaxshi bo‘lish sababi shunda ekan-da”, deb o‘yladi muxbir yigit.
Chol birpas tin olib, so‘radi:
— Gap nimada to‘xtovdi?
— Xaridorlarda.
— Ha, bugun mundoq bozor oralab kelayotsam, tuzukkina ikkita yigit, siznikiday surnay pocha shim kiygan… borib qovun oldi.
Shundoqqina supaning yonginasida qo‘qqisdan bir narsa qars etib yorildi. Qattiq qarsilladi. Muxbir yigit cho‘chib tushdi
— Xa, akangdi qovuni! – dedi Hoji buva, keyin xixilab kuldi. – Qarang yorilishini! Ko‘kcha. O‘ziyam asal. Dori solingan qovun bunaqa yorilmaydi, o‘g‘lim. Bir voqea esimga tushib ketdi. Makkaga safarimizdan oldin kampir tushmagur qo‘yarda-qo‘ymay bir yelim xaltaga to‘ldirib, xuddi o‘ris qizlarning o‘rilgan oltin sochiday tovlanib turgan qovun qoqi solib bersa bo‘ladimi? Hoy onasi, buni og‘irdan ortiq qilib qanday ko‘tarib yuraman, desam, kerakli toshning og‘irligi yo‘q, o‘shattagi mo‘min-musurmonlarga berasiz, savob bo‘ladi, deb qo‘ymadi kampiri tushmagur. To‘g‘ri qilgan ekan. Obordim, o‘sha joydagi hojilarga tarqatayotsam, birpasda odamlar atrofimizni o‘rab olishdi.
— Qovun qoqi necha pul? — deb so‘rashadi nuqul.
— Tekin, birodarlar, olinglar… O‘zbekistondan nasiba.
Birpasda xaltamdagi qovun qoqilarni talab ketishdi. Bunday qarasam, yonginamda oppoq ust-bosh kiyib, boshiga oq salla o‘rab olgan mo‘ysafid qo‘lidagi qovun qoqi bo‘lagini shira-pirasiga qaramay ko‘zlariga surtib, hiq-hiq yig‘lar, yaratganga shukronalar aytar edi. Keyin bilsam, ilgariroq vatandan chiqib ketgan hamyurtlarimizdan ekan…
Bu gapdan mutaassir bo‘lib yotgan muxbir yigit so‘radi:
— Nima, u yoqlarda qovun ekilmas ekanmi?
— Qayoqda, — dedi Hoji buva. Keyin gapini davom ettirdi. – Bir qo‘lim tekkanida bozorlarni aylandim. Rastalarda turgan mevalar rang-barang. Naq ko‘zni qamashtirguday. Hamma narsa bor. Biroq bularning barini boshqa mamlakatlardan olib kelishar ekan. Yeb ko‘rsangiz, ularda na maza bor, na matra. Bizning yerlarga yaratganning nazari tushgan, o‘g‘lim. Hamma narsamiz xuddi boyagi qars etib yorilgan ko‘kchaday shirin. Ha, obinovvot!..
Chol yana jimib qoldi. U gap nimada tugaganini o‘ylarmidi yo boshqa mavzu qidirarmidi, qorong‘ida bilib bo‘lmas edi. Muxbir yigit cholni mavzudan chetga chiqib ketmasin, deb savol berdi:
— Boyagi menga o‘xshab surnay pocha shim kiygan yigitlar nima bo‘ldi?
— Ha, aytmoqchi, — gapini davom ettirdi chol. – Tag‘in, o‘g‘lim, xafa bo‘lmang, surnay pocha deganimga.
— Yo‘g‘-e.
— Ular olgan qovunlarini bir chekkaga olib chiqishdi. Bittasi zo‘rg‘a engashib, qovunning dum bergan tomoni u yoqda qolib, teskari tomoniga pichoq solsa bo‘ladimi? Qarab turib nafsoniyatim qo‘zib ketdi: ekib berdim, obkeb berdim, ke endi so‘yib ham beray, dedim. Borib qo‘lidan pichoqdi oldim. Qovundi bu yog‘idan mana bunday qilib so‘yadi, o‘g‘lim, dedim. Qaqqayib turganining nomusi keldi shekilli: “Pulimizga olganimizdan keyin qanaqqib so‘ysak bizning ishimiz, otes”, dedi. Indamadim. Rostini aytsam, jahlim chiqdi. So‘yib berdim-da, buyog‘roqqa kelib turdim.. Qovundi ham xuddi kemshik kampirlarday chala-chulpa yeb ketishdi. Biz dehqonmiz, qovunimizni qadrlaydiganga tekin beramiz, o‘g‘lim. Haligi ko‘rnamaklarning nopisandlik bilan chala yegani g‘ashimga tegdi-da. Tozalab yesa xursand bo‘lamiz. Juda ko‘nglim xira bo‘ldi.. Katta maktabga borib, nevaramdi ko‘rdim-da, tez qaytib chiqa qoldim… — Hojibuva shu yerda gapini to‘xtatib, muxbir yigitga qaragan edi, u asabiylik bilan bosib-bosib sigaret chekayotgan ekan. Chol uni xafa qilib qo‘ydim shekilli deb o‘ylab, so‘z qotdi: — Qovun so‘yib beraymi, o‘g‘lim?
— Rahmat, ota. Ertalab.
— Mayli, qovun yesang sahar ye… deganlar. Hu anavi o‘qariq bo‘yida bitta yaxshi handalagim bor. Ertalab ko‘rib, bir kunliging bor-ov, deb qo‘ygan edim. Xudo xohlasa, ertalab o‘shani so‘yib beraman, — dedi Hoji buva. Mehmonning muxbir ekanligi endi esiga tushdi shekilli, boshini sal ko‘tarib, so‘radi: — Xo‘sh, o‘g‘lim, endi gapingiz bo‘lsa so‘rang?
— Rahmat, otaxon, — dedi muxbir yigit kulib, — menga kerakli gaplarning hammasini aytib berdingiz.
Hoji buva hayron bo‘lib qoldi. “Qiziq, avvalgi muxbirlar qog‘oz-qalamini olib, so‘roq qilaverib, boshingni qotirar edi-ku?! Chakki gap gapirmadimmi ishqilib?!”
Handalak bo‘yini asta ufurib o‘tgan daydi shabada palaklar oromini buzdi. Hoji buva “Selga”ning tovushini bir bahya ko‘tardi. Orombaxsh “Cho‘li iroq” polizning sehrli oqshomiga yana ham fayz kiritdi. Qayerdadir yilqichi qush «ot yo‘q, ot yo‘q» deb cho‘zib-cho‘zib sayrar, osmondagi yulduzlar esa imlab, nimadir deganday bo‘lardi…
Supa yonidan bir nima shitirlab o‘tdi. Muxbir yigit cho‘chib o‘rnidan turdi.
— He, tekinxo‘r kirpi-ku. Qovundi sarasini izlab yuribdi, — dedi Hoji buva xixilab. — Yotavering, o‘g‘lim.
Atrof tunning sirli libosiga burkangan. Kanal tomonda qurbaqalarning ahyon-ahyonda qurillashi, cho‘ponlarning o‘tovidan itlarning hurishi eshitiladi.
Muxbir yigit Hulkar tikkaga kelganida ko‘zi ilindimi yo Cho‘lpon tuqqandami, buni bilmaydi. Ertalab boshini ko‘targanida hali quyosh chiqmagan, tonggi shudringdan ko‘rpalarning usti ho‘l bo‘lib qolgan edi. Havo tanani junjiktiradigan darajdada salqin. Qovun yuklangan mashinalar ko‘rinmas, Hoji buva allaqachon o‘rnidab turib, qovun poliz oralab yurardi. Bir mahal Hoji buva muxbir yigitni chaqirib qoldi. U o‘rnidan turib, fufaykani yelkasiga tashladi-da, o‘sha tomonga yurdi.
— Mana buni qarang! — dedi Hoji buva qalin palakni ikki qo‘li bilan ayirib. — Kechasi sizga va’da qilgan handalagim…
Xuddi kesilgan koptokka o‘xshab, handalakning yarmi yo‘q, ichi esa bir tekisda qirtishlanib, tozalab yeyilgan edi.
— Tekinxo‘rning ishi. Tozalab yebdimi, qandini ursin! — dedi Hoji buva kulib.
Chol kirpining bu ishidan nihoyatda xursand edi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 26-son