“Bir bor ekan, bir yo‘q ekan…”
Uf-f… buncha qiyin ish ekan bu!..
Ertak to‘qish va uni qog‘ozga tushirish bu qadar og‘ir, bu qadar mushkul yumush ekanligini xayoliga keltirmagan Oydin qizaloq, mana, necha kundirki, “bir bor ekan, bir yo‘q ekan”dan nariga o‘tolmay juda xunob edi. Boshda yozilishi o‘ta jo‘ndek tuyulgan ertak qizchaning ongu shuurida allaqachon pishib yetilgan esa-da, biroq qo‘liga qalam oldi degancha, so‘z degani sira tutqich bermas, misli tariqday sochilib ketmoqda edi.
Qizcha o‘ychan nigohini oldidagi daftar sahifasidan uzib, avvaliga, xuddi najot qidirganday, marhuma onasining devordagi suratiga tikiladi. Bir muddatdan so‘ng chuqur xo‘rsinib, tevarakka ma’yus ko‘z yugurtiradi. Shu tarzda u shiftdagi chiroqqa, devordagi so‘zanalarga, burchakdagi temir pechkaga, tokchalardan biriga batartib terilgan kitoblarga, deraza ortidagi qorong‘i tunga birma-bir loqayd nazar tashlarkan, oxirida, xona o‘rtasiga solingan qo‘sh o‘rinning birida bahuzur uyquni urayotgan o‘gay opasi – Xadichaga havaslanib boqadi va ich-ichidan, qo‘lidagi ruchkasini nimqorong‘i kunjakka uloqtirib, opasi qatorida ko‘rpa tagiga sho‘ng‘ish istagini tuyadi. Biroq qanday bo‘lmasin ertagini tezroq yakunlashi lozimligi tag‘in esiga tushib, bu fikridan qaytadi. Axir o‘gay onasi – Sadoqatning tug‘ilgan kuni juda yaqin qolgan, agar ertagini tezroq tugallamasa, boldan totli, shakardan shirin orzusi – bayram dasturxoni ustida hammadan bekitiqcha yozgan ertagini o‘qib, uydagilarni, asosan, o‘gay onasini quvontirish niyati butunlay puchga chiqadi-da.
U zimdan qovoqlariga to‘r tashlay boshlagan uyquni quvlab, stol chetida yotgan qalin kitobni qayta qo‘liga oladi, o‘zicha tag‘in ertaklarning yozilish sir-asrorlarini o‘rganmoqchi bo‘ladi. Shu o‘yda kitobni hushsizlik bilan bir-bir varaqlarkan, ko‘zi bot “Zumrad va Qimmat” ertagiga tushgach, qoshlari norozi chimirilib, uni shartta yopadi-da, zarda ila nari surib qo‘yadi. Boisi, qizcha yaratajak ertak mazmuni bu ertakka tamomila zid bo‘lib, uni to‘la inkor etardi. Vaholanki, yaqin-yaqingacha, ya’ni esini tanib, kitob hamda ertaklar dunyosiga oshno tutinganidan beri ayni shu ertak uning eng sevimli, eng qadrli ertaklaridan biri edi.
Endi esa…
Qizcha ushbu ertak tufayli chekkan ruhiy iztiroblari – Zumradning taqdiri endi o‘z boshiga tushajagini o‘ylab, qo‘rquv va tahlika og‘ushida kechgan kunlari va tunlarini hali unutmagandi.
Esida, o‘shanda o‘gay onasining hovliga kirib kelish onlarini dahshat bilan kutgan. Darvoza ortida mashina ovozi tinib, eshiklarning taraq-turuq qilib ochilib-yopilishi qulog‘iga chalinishi bilan yelday uchib borib, somonxonaga bekingan, qo‘rquvdan yaproqday titrab, eshik tirqishidan darvozaga ko‘z tikkan. Ana, hozir o‘gay onasi aynan Qimmatga o‘xshash labi do‘rdoq, sochlari patila, haddan ziyod injiq va o‘jar qizini boshlab darvozadan kirib keladi, shunchaki emas, og‘zidan o‘t purkab kirib keladi. Va hovliga qadam qo‘yishi hamonoq tevarakka alang-jalang qaranib, o‘gay qiz – Oydinni qidirishga tushadi, so‘ng uni bo‘g‘zigacha yumushga ko‘mib tashlaydi. Mabodo bo‘yin tovlar bo‘lsa, uradi, so‘kadi va oqibat, kunlardan birida, “o‘rmonga adashtirib kel buni”, deya otasining qo‘liga tutqazadi. Otasi o‘gay onaga lom-mim demoqqa jur’ati yetmay, suyukli qizini o‘rmonda adashtirib keladi. U o‘rmonda uloqib yurib, to‘satdan daraxtga osilgan va shamolda tebranib, “taq-tuq” qilayotgan boltaga duch keladi.
Biroq shu yerga kelganda qizchaning boshi qotadi: xo‘sh, otasi uni qaysi o‘rmonga adashtirib keladi? Biydek dasht kindigida joylashgan do‘ppidek ovuli tevaragida o‘rmon tugul, kaftdek chakalakzor ham yo‘q-ku. Ana, u yog‘i qo‘shni ovulgacha, bu yog‘i esa olisdagi ko‘kish tog‘lar etagida yastangan qirga qadar yaydoq dashtlik – odam tugul, ushoq chumolini ham adashtirib bo‘lmaydi bu kenglikda. Ha-a, qiyin-qiyin, otasiga qiyin, qizini chalg‘itib ketmoqqa o‘rmon, boltasini osmoqqa daraxt topolmay toza sarsoni chiqadi endi. Axir, o‘rmon bo‘lmagach, o‘gay ona amrini qanday qilib ado etmog‘i mumkin? Bundan qizchaning ko‘ngli andak taskin topgandek esa-da, biroq daraxtga osilgan boltadan keyingi voqea rivoji – o‘zi duch kelishi lozim bo‘lgan mehribon buvi hamda u kishi tomonidan tortiq etiladigan “qizil sandiq”ni o‘ylab, bu atrofda o‘rmon yo‘qligidan juda achinib ketadi. Buvi hadya qiladigan “qizil sandiq”ni o‘z uylariga emas, Xolbuvi xolasinikiga olib borishni ko‘ngliga tugadi, o‘zicha sandiq to‘la qimmatbaho sovg‘a-salomdan o‘gay onani bebahra qoldirgan kishi bo‘ladi. Xolasi zo‘r – o‘gay onaga sandiq tugul, yerda yotgan cho‘pniyam ravo ko‘rmaydi.
Faqat bu yaqin-atrofda o‘rmon yo‘qligi chatoq-da.
Aslida qizchaning ko‘ngliga “o‘gay ona” qo‘rquvini solgan o‘sha Xolbuvi xolasi bo‘ladi. “Sho‘rlik yetimcha”, deya boshini silagan, o‘gay ena boshingga it kunini soladi endi, deya bag‘riga bosgan. “Qo‘rqma, bu yoqda men, itga itday tashlanadigan xolang bor”, deya yupanch bergan. Qizcha xolasining beso‘naqay jussasiga, tabassumdan yiroq badqovoq aftiga taajjub-la boqadi, uni, qoziq tishlarini irjaytirib, irillayotgan it o‘rnida tasavvur etib, beixtiyor kulgusi qistaydi. So‘ng erkalanib, qo‘ying, xola, itday tishlashguncha, “yaxshisi, bizga bir tandirgina non yopib bera qoling”, degisi keladi. Biroq bunday demoqqa haddi sig‘maydi.
Enasi o‘lganidan beri ota-bolaning kuni do‘kon noniga qolgan. Tuman markazida ishlaydigan otasi har kech do‘kondan olib qaytadigan buxanka non qizchaning ta’biga o‘tirishmaydi, tandirda singib pishgan nonni xush ko‘radi u. Xolasi, har borganida, tandirda yopilgan non bilan qornini, shu kunlarda kelishi kutilayotgan o‘gay ona haqidagi gap-so‘zlari bilan ongini to‘ydiradi.
– Eshitdim! – deydi qoshida bolasi tengi hurkak bir qiz emas, o‘zi kabi qildan qiyiq axtaradigan, olam va tiriklik haqidagi tushuncha va qarashlari tomorqasining kemtik devoridan nariga o‘tmaydigan qo‘shni ayollardan biri turganday tuyqusdan tutaqib. – Topgan o‘sha megajini o‘zi bilan bir idorada ishlarkan! Er haydagan bir taviya ekan! Tag‘in sendan kattaroq bir qiziyam bor emish, u yashshamagurning! Ana endi… anovu… nimaydi-ya… anovu ko‘hna matal bor-ku… telibizirdayam ko‘rsatishadi… Qimmat… yo‘q, “Zumrad va Qimmat”. Ha-a, shu… Endi biring – Qimmat, biring – Zumrad bo‘lib, eshakday tepishib, itday tishlashib yurasilar! Yo‘-o‘q, sen yetimchaga kun berishmaydi ular! Qizi dodingni beradi, enasi esa, og‘zidan o‘t purkab, sen yetimchani tiriklayin qovurib yeydi! Ana shuni aytadilar-da, enali yetim – gul yetim, otali yetim – sho‘r yetim deb! Sen manglayi qora, sho‘r yetimsan-da!
Uyiga qaytgach, qizcha, Zumradni o‘ziga taqdirdosh bilib, ertakka takror ko‘z tashlaydi. Sho‘rlik Zumradning qora qismatiga achinishdan ham ko‘ra, endilikda u tortgan barcha azobu uqubatlar hademay o‘zining chekiga tushishini o‘ylab, pinhona yig‘lab, zimdan aziyat chekadi. Keyin, zora, otam u ayolni uyga olib kelish fikridan voz kechsa, degan umid va ilinjda hovli yumushlarini, qo‘lidan kelgancha, bekamu ko‘st ado etishga tirishadi. Uydagi saranjom-sarishtalikni ko‘rib, otasi uni alqaydi, erkalaydi, ammo qizcha kutgandek, fikridan qaytmaydi, kechki taom ustida yaqin jo‘rasi va qo‘shnisi Salim muallimga deydi: “Bilsang, do‘stim, u oddiy ayollardan emas, farishtaning naq o‘zi! Xudo xohlasa, yoqamni oqartirib, uyimni nurga to‘ldiradi u!” Shunda qizchaning xayoli farishtaga ketadi. Biroq harchand urinsa-da, harir libosli noaniq sharpadan o‘zgasini ko‘z oldiga keltira olmagach, farishta haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lmoq niyatida ertasi tag‘in xolasi huzuriga zing‘illaydi.
– Farishta?! – o‘choqboshida tutunga ko‘milib o‘tirgan xolasining zardasi qaynab, avval yelkasi osha, so‘ng o‘girilib qaraydi. – Voy, ordona qolsin, hali u kishim farishta bo‘p qoptimi! Yo‘-o‘q, otang ko‘r, yaxshi-yomonni bir-biridan ajratolmaydigan, farishta ne, jodugar ne, sira farqiga bormaydigan basir u! – Keyin odatiga ko‘ra, birdan hovuridan tushib, o‘ychan bir tarzda deydi: – Ha-a, ersiz ayollarning bo‘lari shu, erga tegib olguncha bari o‘zini farishtaday tutib, so‘ng ko‘rsatadi hunarini…
– Unda… farishtaligi yolg‘onmi, xola? – deydi qizchaning hafsalasi pir bo‘lib.
– Yolg‘on!
– “Farishta” degani nima o‘zi?
Bu savolni kutmagan xola bir osmonga, bir unga qaraydi. Aftiga tajanglik tepchib, farishta haqida eshitgan va bilganlarini xotirlashga urinadi. So‘ng zig‘irdek bir qizcha oldida bu tarzda bosh qotirib turishi o‘ziga erish tuyulib, ko‘kka ishora qilib, deydi:
– Nima bo‘lardi, xudoning osmonda uchib yurgan bir maxluqi… yo‘q, jonzoti-da!
– Ko‘rinmaydi-ku, – qizcha shishadek tiniq osmonga tikiladi.
– Yo‘q, u ko‘zga ko‘rinmaydi.
– Nega ko‘rinmaydi?
– Chunki… u farishta-da…
– Farishtalar ko‘zga ko‘rinmaydimi?
– Yo‘q, ko‘rinmaydi.
– Farishtaligi yolg‘on bo‘lsa… – qizcha chuqur xo‘rsinib, xolasiga umidvor tikiladi, – otamga ayting, uyimizga doritmasin uni.
– I-i, mening gapimni korlarmidi, u xotinboz! – xolaning g‘azabi qo‘zib, o‘choqdagi o‘tni titkilaydi. – Qachon bir ishni biz bilan hammaslahat qilgan u! Yaramas xotinboz!
Bu gapdan so‘ng qizchaning otadan ko‘ngli qoladi. Kundalik yumushga unnab, kechgacha tumshayib yuradi. Alamini tovuqlardan olib, ularni eldan burun katakka qamaydi. Tizzasiga suykalgan mushugini jerkib, oqshom ishdan qaytgan otasiga chiroy ochmaslikka urinadi.
Biroq otasi erkalab, bag‘riga bosishi bilan barini unutadi.
Biri o‘choqqa o‘tin qalab, biri qozon kovlashga tushadi.
Keyingi paytda kunda-shunda bo‘lib qolgan Salim muallim eshikda qora bermaguncha, qizcha “o‘gay ona” tashvishini bir necha muddat unutadi, Zumradning qora qismati ortiq uni tashvishga solmaydi. Otasi kirib kelishi bilan yuzaga kelgan tarovatli bir iliqlikdan ko‘ngli yayrab, dimog‘i chog‘lanadi.
Ammo erkaklar gurungida o‘sha ayol nomi tilga olinishi bilan bu iliqlikdan asar ham qolmaydi, uy sovuq va fayzsiz tus oladi. Qizcha nimqorong‘i burchakka biqinib olib, tag‘in Zumradning ayanchli taqdirini o‘ylashga tushadi. Oxiri buvi tomonidan in’om etiladigan “qizil sandiq”ni ko‘z oldiga keltirib, sandiq voqeasigacha ro‘y berishi lozim bo‘lgan barcha aziyatlarga bir amallab chidamoqqa qat’iy ahd qiladi. Negaki, “qizil sandiq”dan keyin navbat “oq sandiq”qa keladi-da. O‘gay ona qistovi bilan adashtirib kelingan o‘gay opasi uylariga ichiga ajdaho bekingan o‘sha “oq sandiq”ni sudrab qaytadi-yu, u o‘gay ona zulmidan butunlay xalos bo‘ladi.
Faqat bu yaqin atrofda o‘rmonning yo‘qligi chatoq-da!
Ana shunday oqshomlardan birida ayon bo‘ldiki, ertaga o‘gay ona qizi bilan tashrif buyurarkan, otasi Salim muallim hamrohligida ularni mashinada olib kelarkan. Shunda qizcha, chiqmagan jondan – umid, deganday beixtiyor qo‘shni erkakka iltijoli boqadi. Uning, i-i, qo‘y ularni, jo‘ra, nima qilasan boshingga balo orttirib, deyishini kutadi. Afsuski, so‘nggi umidini puchga chiqarib, Salim muallim bunday demaydi, qaytanga, nimhayajonda o‘tirgan otasiga pishang berganday, ertangi kun rejasini muhokama qilishda davom etadi, o‘zicha do‘stiga yo‘l-yo‘riqlar bergan kishi bo‘ladi. Nasib etsa, ertan oqshom oshni kelinning qo‘lidan yer ekanmiz-da, deya tamshanib ham qo‘yadi.
O‘sha tunni qizcha aloq-chaloq tushlar og‘ushida o‘tkazdi.
Tongdan esa o‘gay ona tashrifini kuta boshladi.
Peshinga yaqin somonxonaga biqinib, qo‘rquv va hayajondan qalt-qalt titragancha, eshik tirqishidan darvozaga ko‘z tikadi. Qizchaning nazarida, darvoza ortidagilarning hovliga tashrifi juda cho‘zilib ketganday tuyuldi. Axir, mashina ovozi tinib, eshiklarning taraq-turuq yopilgani kim qachon edi. Nahotki, otasi o‘gay onasiz, yolg‘iz o‘zi qaytgan bo‘lsa! Bu o‘ydan qizcha o‘zida yo‘q sevinib ketadi. Biroq uning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Bir payt darvoza qornidagi kichik eshik avval qiya, so‘ng keng ochilib, qo‘g‘irchoq tutgan, o‘zidan xiyol tikroq, oqish yuzli, hurkak nigohli bir qiz tortinibgina hovliga qadam qo‘ydi. Uning izidan esa shaharcha urfda kiyingan xushro‘ygina ayol paydo bo‘ldi. Qizcha o‘zi bir necha kundan beri tahlika og‘ushida kutayotgan o‘gay ona o‘sha ekanini darrov idrok etdi va, o‘z navbatida, og‘zidan o‘t purkamayotganiga hayron bo‘ldi. Ayoldan keyin katta-kichik sumka va tugun ko‘targan erkaklar kirib kelishdi. Otasi tevarakka alang-jalang qaranib, quvnoq kayfiyatda ovoz berdi:
– Oydinoy qizim, qaydasan!
Bu ovozdan qizchadagi qo‘rquv hissi andak chekinib, qalbida iymanish, tortinishga o‘xshash g‘alati bir tuyg‘u uyg‘ondi. U kelishini mutlaqo istamagan bu “mehmonlar”ga ko‘rinishni xohlamay, imi-jimida, astagina xolasinikiga juftak rostlab qolmoqchi bo‘ldi. Biroq bu rejasi amalga oshmadi – darvozada gohida og‘ir kirlarini yuvushga qarashib, vaqt-bevaqt tansiq taomlar bilan siylab turadigan qo‘shni ayolga to‘qnash keldi. Ayol uning niyatini fahmlab, shartta bilagidan tutdi-da, iziga qaytardi va hovli to‘ridagi uy eshigiga yetib qolgan o‘gay onaga ro‘paro‘ qildi:
– Tanishing, qizingiz…
Qizcha o‘gay onaning kulib turgan ko‘zlariga, xiyolgina qizil surilgan lablariga qo‘rquv to‘la ko‘zlarini tikarkan, hozir bu pushtirang lablar orasidan o‘t sachraydi, deb o‘yladi. Yo‘q, qimirlagan lablar orasidan o‘t emas, quyidagi mayin xitob sirg‘alib chiqdi:
– Voy, mening bolajonim!..
Qizcha, quloqlariga ishonmay, hang-mang turib qolarkan, zumda o‘zini uning quchog‘ida ko‘rdi. U hali o‘ziga butunlay yot bo‘lgan bu quchoqda, odatda, xolasining hissiz bag‘rida tuyadigan ter, chang va tutun isini emas, dimoqqa xush yoquvchi mayin atir bo‘yini, chinakam mehr taftini his etdi. Ammo shunga qaramay, o‘zicha osonlik bilan bo‘y bergisi kelmadi, ayolning qaynoq og‘ushida go‘yo qoqqan qoziqday qotib turaverdi va qachonki, xiyol narida hanuz malla sochli qo‘g‘irchog‘ini bag‘riga bosgancha, xokisorona jilmayib turgan qizchaning yoqimtoy chehrasiga ko‘zi tushgachgina, o‘zi qo‘rqib kutgan xavfdan asar ham yo‘qligini ichdan tuyib, beixtiyor ayolni mahkam quchdi. Ona bag‘rini sog‘ingan emasmi, ko‘zi tinib, boshi gir-gir aylanib ketdi.
Qizcha o‘ziga kelguncha bo‘lmay, “o‘gay opa”si bag‘ridagi qo‘g‘irchoqni unga uzatdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, xuddi bergan sovg‘asi keskin tarzda rad etilishi mumkindek, andak hayiqib, qimtinib, cho‘g‘dek qizarib, qizchaga butunlay yot bo‘lgan nozik bir harakat-la uzatdi. So‘ng ohista dedi:
– Bu mendan sovg‘a!
– Rahmat demaysanmi, – qo‘shni ayol kutilmagan bu xil muomala-yu munosabatdan butunlay gangib qolgan qizchaning yelkasiga turtdi-da, so‘ng unga dalda berish maqsadida dedi: – Xo‘sh, sen bu asal qizga, opangga nima sovg‘a qilasan, a, Oydinoy?
Bu gapdan qizcha darrov hushyor tortdi.
Nima sovg‘a qilsa ekan-a?
Shunda uning esiga o‘zi yaxshi ko‘radigan sopol haykalcha tushdi. O‘tgan yili kuzakda otasi bilan bozorga tushganida, uni yoymachi bir kampirdan sotib olgandi. U haykalchaga turli kiyimlar bichib-tikib, kiyintirishni yaxshi ko‘rardi.
Qizcha qo‘g‘irchoqni bag‘riga mahkam bosgancha, uyga oshiqdi.
Biroq u haykalchani joyidan topolmadi. Odatda, tokchadagi kitoblar qatorida turadigan haykalcha hech qayerda yo‘q edi. Bu orada qizchaning hayajoni bosilib, birdan burchakdagi yashil tugunchani eslab qoldi. Axir, Xolbuvi xolasining, mana uy, mana joy, agar biror gap bo‘lsa, to‘g‘ri bag‘rimga qayt, to‘rtta bolam siqqan yerga sen ham sig‘asan, degan gapiga amal qilib, kecha tundayoq kiyimlari va boshqa lash-lushlarini yig‘ib, choqqina tugun qilib qo‘ygandi-ku.
U tugunchani ochishi bilan kiyimlari ustida turgan onasining chog‘roq sarg‘ish ramkaga solingan surati pastga sirg‘alib tushdi. Bu narsa otasining taklif va qistovi bilan iymanibgina ostona hatlagan o‘gay ona nazaridan chetda qolmadi.
– Onajoningmi bu? – dedi u yengil egilib, suratni qo‘liga olarkan.
Qizcha, ko‘zlari javdirab, “ha”, deya bosh irg‘arkan, go‘yo onasining surati shu zahotiyoq deraza osha tashqariga uloqtiriladigandek, beixtiyor jahdlanib, unga qo‘lini cho‘zdi.
– Suratni tugunga bekitish kerak emas, jonqizim, – dedi allaqachon ne gapligini anglab yetgan o‘gay ona kulimsirab. – Uni chiroyli qilib, devorga osib qo‘yish kerak. Xo‘sh, qayerga osamiz buni?
Bu gapni sira kutmagan qizcha shoshib qoldi. U surat osiladigan joyga imo qildi-da, ildam borib o‘rindiqni olib keldi. So‘ng o‘gay ona ko‘magida suratni kecha tunda olingan joyiga avaylab osib qo‘ydi.
Birozdan keyin tugunchadagi kiyimlari orasidan kiyintirilgan sopol haykalchani topib, uni “opa”siga chin dildan tortiq qilarkan, muhim bir sinoatga – taqdir o‘zini siylab, yaxshi odamlarga ro‘paro‘ qilganini anglashga aqli va qurbi yetmasa-da, ammo qaynoq mehrni, tamkinlik va bu yorug‘ olamni qamrashga qodir insoniy bag‘rikenglikni his etmay qolmadi.
Biroq qizchaning bu baxtini xola idrok etolmadi.
– Bo‘lishi mumkin emas…
Oradan bir-birini quvlab kunlar o‘tsa-da, xola ko‘cha-ko‘yda shod va baxtiyor chopqillashib yurgan opa-singilga necha-necha bor duch kelgan esa-da, ammo uning bu boradagi fikri baribir o‘zgarmadi.
– Yo‘q, sira bo‘lishi mumkin emas…
Bu orada qizcha zulmkor o‘gay ona haqidagi ertakka qarshi ertak yozmoqqa jazm qildi…
***
Ona chiroq yoniq turganidan ajabsinib, astagina qizlar bo‘lmasiga mo‘ralaganda, tun yarmidan oqqan, qizcha stolga bosh qo‘ygancha uxlab qolgandi. U qizchani joyiga yotqizish o‘yida stolga yaqinlashar ekan, uzatilgan qo‘li qizchaning yag‘riniga yetib-etmay, nigohi qoralangan daftar sahifasiga tushdi. Avvaliga shunchaki ko‘z tashladi, so‘ng, qaddini eggancha, qiziqsinib o‘qimoqqa tushdi: “Oydin va Xurshida”, “ertak”, “Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bu dunyoda Oydin va Xurshida degan judayam baxtli qizlar bo‘lgan ekan…” Ona endigina boshlangan va hali yarim sahifadan nariga o‘tmagan ertakni o‘qirkan, beixtiyor mijjalari yoshlanib, baxtdan entikdi va shu entikishda qizchani avaylab ko‘tarib oldi.
– Enajon… – dedi qizcha uyqusirab.
– Bolajonim! – dedi ona bot entikib.
Bu paytda tashqarida ko‘klam yomg‘iri shivalar, xo‘rozlar, go‘yo bir-biriga gal bergisi kelmaganday, basma-bas qichqirishar, bu yoqda biz ham bormiz, deganday uzoq-yaqindan itlar ovozi quloqqa chalinardi.
“Ijod olami” jurnali, 2017 yil, 1-son