U o‘margan soatini uyidagilar ko‘zidan bekitib yurishga harchand urinmasin, baribir uchinchi kuni ertalab qo‘lga tushdi. Shu kezgacha soatni maktabga ketayotib yo‘lda bilagiga taqib, qaytishida esa sumkasiga solib, yashirin saqlab kelayotgandi.
Bari hech kutilmaganda sodir bo‘ldi.
Bugun u nonushtadan so‘ng, kundalik odati bo‘yicha, qo‘shni xonaga chiqib kiyimini almashtirarkan, bu safar ko‘chaga chiqishga sabri chidamay, yeng ichida kim ham ko‘rib o‘tiribdi, degan xayolda soatni shartta bilagiga taqib oldi-da, yelkasiga sumkasini ila-ila, eshik tomon yurgan yerida, deraza yonida bir dam to‘xtab, tag‘in uni yoruqqa solib ko‘rdi va azbaroyi zavqi toshganidan, boshini liqillatib, tanglayini taqillatib-taqillatib qo‘ydi: och jigarrang tasmali soat chindan-da bejirim, g‘oyatda chiroyli edi – bamisli oltindek yalt-yult tovlanib, ko‘ngilga adadsiz shavq bag‘ishlardi. U o‘sha shavq og‘ushida dahlizga chiqib, oqshom tozalanib, yaltiratib qo‘yilgan tuflisini endigina oyog‘iga ilgan ham ediki, to‘satdan narigi bo‘lmadan otasining o‘ta salobatli ovozi eshitildi:
– Mirhaydar!
Bu ovoz sohibi G‘aybulla bakovul necha yildirki to‘ydagi kurashlarda kayvonilik qilib, katta-kichik davralarni binoyidek boshqarib kelayotgan esa-da, aslida tabiatan kamgaproq, xususan, uydagilariga so‘zi bilan emas, ko‘z qarashlari ila hukm o‘tkazadigan og‘ir-bosiq va o‘ta jiddiy odam edi. U kamdan-kam hollardagina, ya’ni favqulodda nedir sodir bo‘lgan onlardagina ovoz ko‘tarishini demasa, qolgan payt uncha-buncha narsaga aralashavermasdi. Shu bois, o‘zini aybdor his etib yurgani tufayli, kutilmagan bu yo‘qlovdan bolaning yuragi shuvillab, dastlabki o‘y-hadigi shu bo‘ldi: “Nahotki, bundan otam xabar topgan bo‘lsa?..” U endi bilagini o‘tdek kuydira boshlagan soatni nima qilarini bilmay, shoshib, kalovlanib turganida, otaning navbatdagi chorlovi yanada balandroq ovozda, bolaning nazarida, tahdidli ohangda takrorlandi. Tamom – endi ortiq hayallashi mumkin emas, u dovdiragancha, qiya ochiq eshikdan ichkariga mo‘raladi. Qarasaki, otasi barmoqlari bilan nosqovoq popugini o‘ynagancha, xotirjam yonboshlab yotibdi. Bundan bolaning ko‘ngli yengil tortib, o‘z navbatida, tezroq juftak rostlamoq o‘yida, go‘yo juda oshiqayotgandek, labbay, dedi. Aksiga olib, otasi maqsadini bayon etishdan avval, anovini uzatib yubor, deya deraza raxidagi tufdonga ishora qildi. Ostona hatlamoqdan bo‘lak chorasi qolmagan bola, ichkariga kirib, beixtiyor, so‘l qo‘lini tufdonga cho‘zdi va ana shunda bilagidagi soat yiltillab, ota e’tiborini darrov o‘ziga tortdi.
– Iya, muborak bo‘lsin! – dedi G‘aybulla bakovul xuddi davrada g‘olibni qutlagandek, sokin kulimsirab va so‘ng qoshida kavshanib o‘tirgan ayoliga yuzlandi: – Soatni bunga sen oberdingmi?
– Nima? – dedi ayoli tushunmay.
– Bunga soatni sen oberdingmi deyapman? – G‘aybulla bakavul boshi bilan bola tomonga ishora qildi.
– Qanaqa soat? – dedi ayol bir unga, bir o‘g‘liga hayron boqarkan. – Men hech narsa oberganim yo‘q bunga.
Bu gapdan so‘ng G‘aybulla bakovul darrov sergak tortdi. Bolishdan tirsak uzib, qaddini rostlab o‘tirarkan, shubha-gumonga to‘la nigohini hanuz tufdon tutib turgan bolaga o‘qdek qadagancha, jiddiy dedi:
– Qani, bu yoqqa ber-chi!
Bola tufdonni uzatdi.
– Yo‘q, qo‘lingdagi soatni ber!
Bola bilagidagi soatni yechib, otasiga uzatdi.
G‘aybulla bakovul oshiqmay soatni ko‘zdan kechirarkan, uni oddiy matoh emas, qimmatbaho ekanini tezda angladi va beixtiyor ikki tokcha oralig‘idagi mixda osig‘li turgan mayda o‘rim qamchiga yer ostidan zimdan qarab qo‘ydi. Buni sezgan bola ichdan zil ketdi. Boisi, otasi o‘g‘rilarni jinidan yomon ko‘radi, shu yozda Dasht bozorida tasodifan qo‘liga tushib qolgan cho‘ntakkesar bir yigitni nechog‘lik qamchi ostiga olganini o‘zi ko‘zi bilan ko‘rgandi. O‘shanda otasi ayrim odamlarga o‘xshab, baqir-chaqir qilib o‘tirmagan, xuddi og‘ziga bir kaft nos tashlab olganday, lablarini mahkam qimtigancha qamchiga zo‘r bergan va sho‘rlik yigit uning changalidan zo‘r-bazo‘r qochib qutulgandi. Ammo hozir bolani qamchining achchiq zarbidan ko‘ra “o‘g‘ri” degan tavqila’nat ko‘proq iztirobga solmoqda edi. Agar bu sir tashqariga o‘rlaydigan bo‘lsa, tamom – ko‘chada sira bosh ko‘tarib yurgiligi qolmaydi. Bundan-da alamlisi, u soatni o‘marmoqchi emasdi, shunchaki bir-ikki kunga havasga taqib, so‘ng imi-jimida yana joyiga qaytarmoqchi edi. Biroq buni ko‘zlari olovlanib turgan otasiga qanday qilib anglatadi? Anglatsa-da, nega so‘roqsiz olding, deya battar qasdi-basdiga oladi. Bunisi yetmagandek, soat egasi begona emas, otasining uch hovli naridagi yaqin jo‘rasi – Asqar chavandoz edi. Ana endi, u odamning yuziga qanday qaraydi!
Shu topda bola istagan bir narsaga aylanib qolishga, jumladan, kunjakda g‘ujanak tushib yotgan targ‘il mushuk va hattoki dasturxon tepasida aylanishayotgan xira pashshalardan biri o‘rnida bo‘lib qolishga ham rozi edi. Qani endi, ayni shu lahzada manovi pashshalardan biriga evrilib qolsa! Yoxud, xuddi oldi-qochdi kinolardagidek, vaqt degan zormanda chir aylanib, iziga qaytsa-yu, u lop etib soat o‘marilgan o‘sha kunga tushib qolsa! Gar buning imkon va iloji bo‘lganida bormi, Asqar amaki iltimos qilgan arzimas yumushni tezgina ado etgan bo‘lardi-yu, lekin zinhor-bazinhor uy bekasi Sojida xola yozgan dasturxon yaqiniga yo‘lamasdi. Axir, bari girdibalo o‘sha to‘kin dasturxon tufayli yuz berdi-da. Agar o‘shanda dasturxonni bezab turgan yaltiroq qog‘ozli turli konfetlar havasini qo‘zg‘ab, ishtahasini qitiqlamaganida, manovi la’nati soatga duch kelmagan va hozir otasi qoshida bargday titrab turmagan bo‘lardi-da. Bola shularni xayolidan o‘tkazar ekan, bu qilmishi uchun o‘zini emas, uy bekasini ayblamoqqa tushdi: eh-h, shu Sojida xolayam juda qiziq-da, uyiga borib, nomiga yo‘talsang-da, hadaha oldingga dasturxon yozadi, emasam, o‘sha kungi yumush – qo‘rada to‘planib qolgan go‘ngni zambilg‘altakda tomorqaga chiqarib tashlash ham ishmidi, shugina yumushni bajargani uchun oldiga dasturxon yozish shartmidi! Mana, onasi, tog‘ni talqon qilsang-da, pinagini buzmaydi, shirinlik nari tursin, bir piyola choy qo‘yishni ham xayolga keltirmaydi. Qaytamga, yumush ustiga yumush aytib, tinkasini quritadi. Bola anchayin mehri qattiq onasi hamda uning g‘irt aksi bo‘lmish Sojida xolani bir-biriga taqqoslarkan, kattalar gurungida qulog‘iga chalingan gap-so‘zlar asosida o‘zicha quyidagicha fikr qildi: hadeb qiz ustiga qiz tug‘avermay, ko‘p emas, atigi birgina o‘g‘il tug‘ib berganida bormi, bechora Asqar amakining ishi o‘ziga o‘xshaganlarga tushib qolmagan, hovlisida neki yumush bor, barini o‘sha o‘g‘li uddalagan va soat ham o‘g‘irlanmagan bo‘lardi-ya!
O‘sha kuni u choydan ho‘plab, oldida qo‘yilgan shirinliklardan tanlab-tanlab totinarkan, boya xontaxta yoniga cho‘kayotib, uning tagidan topib olgan soatni o‘marishni boshda xayoliga ham keltirmagandi. Avvaliga, o‘ziyam zo‘r soat ekan-da, deya obdon tomosha qildi, so‘ng hali o‘ng, hali so‘l qulog‘iga tutib, bir maromda chiqqillashini bahuzur tingladi. Keyin, turgan gap, kavshanishdan tiyilmagan ko‘yi qo‘liga taqdi va umrida soat taqib ko‘rmagan emasmi, birdan o‘zini kattalardek his etib, sal naridagi baxmal bolishlardan birini so‘l biqiniga tortib, asta yonboshladi-da, xuddi otasi kabi jiddiy va dimog‘li bir qiyofada uydagi jihozlarga bir-bir nazar tashlab chiqdi. So‘ng yana o‘z holiga qaytib, soat bilan andarmon bo‘ldi.
U bilagidagi soatga qarab-qarab, choy ho‘pladi.
U bilagidagi soatga termulib-termulib, konfet chaynadi.
Keyin soatni maktabga taqib borgudek bo‘lsa, havasdan sinfdoshlari ne ahvolga tushishlarini o‘zicha tasavvur etib, miyig‘ida jilmayib-jilmayib qo‘ydi. Ayniqsa, almisoqdan qolgan ko‘rimsiz soati bilan o‘zicha bodilanib yurishni xush ko‘radigan Sodiq ikkichiga juda chatoq bo‘ladi-da – sho‘rlik hasaddan o‘choqboshidagi kosovdan battar qorayib ketsa kerak! Sodiq ikkichining ushbu holatini ko‘z oldiga keltirib, ich-ichidan huzur qildi. Bunga sari, yuragi tubida uyg‘ongan quyidagi olovli istak tobora alangalana boshladi: “Bir kunga taqib borsam qanday bo‘larkan-a?! Keyin astagina yana joyiga qo‘yib qo‘yardim!” Dastlab bu istakka royish bergisi kelmay, bilagidagi soatni shartta yechdi-da, o‘zicha ko‘zdan panaga – ko‘rpacha qatiga tiqib qo‘ydi. Biror muddatdan so‘ng esa, birov bosib-netib, sindirib qo‘ymasin tag‘in, degan hadik va bahonada yana uni qo‘liga oldi. Bu safar dasturxon chetiga yashirib, ustiga sochiq tashlab qo‘ydi, so‘ng… Xullas, soatni o‘zidan qancha nari sursa, istagi shuncha battar junbishga kela boshladi va oxir-oqibat, o‘zini tiyolmay, soatni cho‘ntagiga urdi. Tashqarilashdan avval o‘g‘ri mushukdek deraza osha sekin mo‘raladi. Asqar chavandoz boyayoq otlanib qayoqqadir ketgan, qizlari ko‘rinmaydi, hovlida yolg‘iz Sojida xolagina kuymalanib yurardi. U ertan albatta qaytaraman, deya oyoq uchida ko‘chaga zing‘illadi.
Bola tongni sabrsizlik bilan kutdi.
Ertalab maktabga borayotib yo‘l-yo‘lakay soatni qo‘liga taqib oldi.
Sinf eshigidan kira-kira, so‘l yengini salgina yuqoriga tortib qo‘ydi. Biroq bilagidagi soatga e’tibor beruvchi bo‘lmadi. U bundan g‘ashlanib, o‘sha qo‘lini atay baland ko‘tarib, avval bo‘yin aralash boshini qashlagan, so‘ng qo‘ng‘iroqqa yana qancha qoldi, degan ma’noda soatga beparvo ko‘z tashlagan kishi bo‘ldi. Xuddi kutganidek birpasda avval o‘g‘il bolalar o‘rab olishdi, so‘ng qizlar tevaraklab kelishdi. Oh-oh, kimlar havas qilib, kimlarning ichi kuymadi deysiz! Kimdir soatning o‘zini, kimdir bog‘ichini maqtadi. Birovi, tillodan, desa; boshqa biri, yo‘q, oddiy misdan yasalgan, deya o‘zicha soatni yerga urgan bo‘ldi.
Bunga sari bola huzur qildi.
Bunga sari bola rosa yayradi.
Biroq darsdan so‘ng, va’dasiga muvofiq, soatni joyiga qaytarishni o‘yiga keltirmadi, chunki maktabdan qaytayotib, yana bir kunga taqsam, yeyilib qolmas, deya bir to‘xtamga kelib bo‘lgandi. Chunki bugun butun dars davomida bolalar, tanaffusga yana qancha qoldi, deya nuqul unga im qoqishdi-da. Agar ertaga soatsiz borsa, bugungi obro‘yi bir pul bo‘lib, uloq tag‘in Sodiq ikkichida ketadi. U qisiq ko‘zlarini o‘ynatib, sepkil toshgan burnini tanqaytirib, oshkora tantana qiladi. Yo‘q, bunga sira yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi!
– Xo‘sh, buni qayerdan olding? – deya uning xayolini bo‘ldi G‘aybulla bakovul, “o‘g‘irlading” degan so‘zni aytmoqqa istihola qilganday.
Bola ko‘mak qidirib, onasiga boqdi. Biroq uning otasidan battar gumonlanib turganini ko‘rgach, tag‘in dasturxondagi pashshalarga, kunjakdagi mushukka havasi kelib, hovlida sochilib yurgan tovuqlar o‘zidan ko‘ra ming chandon baxtliroqdek tuyuldi.
– Hay-y, kimniki bu? – G‘aybulla bakovul bu daf’a savolni o‘zga yo‘sinda ko‘ndalang qo‘ydi.
– Asqar… amakimniki, – deya ming‘irladi bola. – Bir-ikki kunga taqib turay deb olgandim.
– O‘zi berdimi?
Bola qo‘rqqanidan, beixtiyor bosh irg‘adi.
G‘aybulla bakovul uning avzoyiga qarab, bu gapga ishonmagan esa-da, kayvoniligiga borib, qahrini jilovladi. Biladiki, agar hozir zug‘um qilar bo‘lsa, yolg‘onga yolg‘on qo‘shilib, so‘ng oq-qorani bir-biridan farqlash qiyin kechadi. Buning ustiga, o‘g‘liga nisbatan Asqar chavandozning mehri azaldan bo‘lakcha, balki chindanam soatni uning o‘zi tortiq qilgan chiqar. Qisqasi, agar hozir ketini ko‘tarishdan erinmasa, bor haqiqat birpasda ayonlashadi-qo‘yadi.
U ortiq churq etmay, bolani boshlab ko‘chaga chiqdi.
Avvaliga otasining maqsadini anglamagan bola, qachonki, u naridagi ko‘kish darvoza sari jilgachgina, ne gapligini fahmlab, hozir yuz beradigan sharmandalikdan qattiq dahshatga tushdi. Tizzalari qaltirab, manglayi sovuq terdan namlanib, quyidagi noxush manzara ko‘z oldida jonlandi: otasining kaftidagi soatni ko‘rgach, ularni kulib qarshilagan Asqar amakining avzoyi birdan o‘zgaradi: “Eh-ha, o‘g‘iri kim desam, sening o‘g‘ling ekan-da”, deya ko‘cha boshidagi Jalol qirriq kabi darrov baqir-chaqir qilishga tushadi. Oqibat, bu qilmishi birpasda butun qishloqqa doston bo‘ladi.
Boz ustiga, bolalar ayni maktabga borayotgan payt…
Ishqilib, Asqar chavandoz uyida bo‘lmasin-da!
Afsuski, u uyida ekan.
Odatda chaqirmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib boraveradigan jo‘rasining bu safar yetti yot begonadek darvozaxonada serrayib turishi dastlab Asqar chavandozga juda erish tuyuldi. Ular yaqiniga kelib, otani g‘azabnok, bolani esa g‘amnok holda ko‘rgachgina, nimadir yuz berganini angladi.
– Tinchlikmi, G‘aybullavoy?
– Manovi senikimi? – dedi ota o‘ng kaftini oldinga cho‘zib.
– Ha, meniki, – Asqar chavandoz boshda hech narsaga tushunmagan esa-da, so‘ng ne voqea sodir bo‘lganini zumda idrok etdi. Shunda ayni bolaning yoshida o‘rtancha tog‘asining qora tasmali soatini havasga o‘margani va o‘sha qilig‘i sabab yegan kaltaklari lop etib esiga tushdi-da, go‘yo qoshida G‘aybulla bakovul emas, o‘sha johil va nodon tog‘asi turganday, unga norozi boqib, dedi: – Nima edi?
– Unda munda nima qip yuribdi bu? – dedi ota ovozini bir parda ko‘tarib.
– Nima deganing bu? – dedi Asqar chavandoz ovozini ikki parda yuqori ko‘tarib. – O‘zim sovg‘a qilganimdan so‘g‘in, bunda bo‘lmay, nima, menda bo‘ladimi!
Bu gapni kutmagan bola dong qotdi.
– Men o‘ylabmanki… – deya chaynaldi ota.
– O‘zingcha har narsalarni o‘ylavermay, – deya uning gapini cho‘rt kesdi Asqar chavandoz. – soatni egasiga ber, tezroq maktabiga borsin!
Bola soatni mahkam tutgancha, mushuk changalidan tasodifan omon qolgan polaponday ko‘chaga otildi. Asqar chavandozning bu qilig‘i har qanday og‘ir jazodan yuz karra ustivorligini butun vujudi bilan his etgan ko‘yi, darsdan kechikmayin deya, oyog‘ini qo‘liga oldi.
O‘sha kuni endi o‘ziniki bo‘lgan soati bilan maqtanish nari tursin, hatto uni sumkasidan chiqarmadi. Sodiq ikkichining burun tanqaytirib, zimdan kerilishlarini esa e’tiborga arzitmadi. Ammo kechgacha, go‘yo o‘ta qimmatli narsasini yo‘qotganday, rang-tusi ochilmay, dilgirtob yurdi. Shu kuni umrida ilk bor oqshom tushishini intiqlik bilan kutdi. Borliq shom qorong‘isiga chulg‘anishi bilan Asqar chavandozning darvozasi qarshisida paydo bo‘ldi. Keng hovlida hech kim yo‘qligi va hamma kechki dasturxon tevaragiga jamlanganiga ishonch hosil qilgach, qo‘lidagi soatni so‘ri chetiga qo‘ygancha, soyaday tashqariga sirg‘aldi. Ko‘chaga chiqqach, muzdek kuz havosidan yutoqib nafas olarkan, xuddi yelkasidan tog‘ ag‘darilganday, o‘zini yengil, juda yengil his etdi.
Ammo ertasi ertalab kutilmaganda ostonada, qo‘lida soat, Sojida xola paydo bo‘ldi.
– Kecha manovini biznikida unutib qoldiribsan-a, bolam.
Bola ayol uzatgan soatga qo‘l cho‘zishni ham, cho‘zmaslikni ham bilolmay, cho‘chibgina otasiga qaradi.
Bunga javoban ota sokin kulimsirab qo‘ydi.
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 3-son