Normurod Norqobilov. Yong‘in (hikoya)

Tanasiga chirmashgan olovdan poyasi kuygan azim boboterak uzumzor ustiga gursillab qularkan, yig‘ilganlar nazarida olamni jahannam otashi quchganday bo‘ldi. Yiqilgan daraxtdan chortarafga sochilgan cho‘g‘u alanga nafaqat zaminni, balki osmonu falakni ham kuydirib yuboradigandek edi.
Olovning shashti baland edi.
Uning taftiga chidayolmay chet-chetga qochgan odamlar g‘alati bir sinoatni, ya’niki alangaga aylangan daraxtning o‘tli panjalari bamisoli ilonday bilanglab, tokzorni yanada kengroq qamramoq ko‘yida g‘imirlayotganini sezmay qolishdi. Nega deganda, yarim tunda kutilmaganda yuz bergan bu hodisa barchani yomon dovdiratib qo‘ygan. Boz ustiga, ko‘pchilikning diqqati tomi gurillab yonayotgan mo‘jaz oqish binoga qaratilgandi. Yiqilgan terakka baqamti qad rostlagan bu binoning tomi anchadan beri yonayotgan bo‘lsa-da, uni o‘chirmoqqa hech kim oshiqmas, oshiqqanlar esa olov taftiga chidayolmay ortga chekinishar, go‘yo chetdan madad kutishayotgandek, aksariyat kishilar besamar tentirashardi.
Tokzor ustiga uzala tushgan alanga esa, fursatdan foydalangandek, o‘tli panjalarini har tarafga cho‘zib, yashil novdalarni beshafqat yamlar, to‘la pishib yetilgan uzum boshlari olovda pisillab-tisillab tutday to‘kilardi. Uzumzorning kulini ko‘kka sovurmoqqa qasd qilgan boboterak alanga timsolida quturardi. U yonmoq va yondirmoq uchungina yaralganu, endilikda ushbu yumushni bekamu ko‘st ado etayotgandek edi.
Aslida ham shu — tevarakda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalardan anchadan beri bag‘ri tutab kelardi. Oqibat, arzimagan uchqundan alanga olib qo‘ya qolgandi.
Yong‘inga kech oqshom tomi yonayotgan oqish binodan alamzada qiyofada chiqqan To‘ra uzun sabab bo‘lgandi.
Atay emas, bexos.
U tashlagan sigaret qoldig‘idan avvaliga yerdagi xas yondi. Xasga ilashgan o‘t terakka yopishdi.
Boboterak juda keksa — po‘sti quruqsib, ichi po‘killab qolgan emasmi, o‘tni jonidek qabul qildi. Keksa tanasiga og‘uli ilondek chirmashgan alangadan minnatdor bo‘lib, quyida yastangan tokzorga adovatli tikildi. O‘ch olmoqqa imkon tug‘ilganidan quvondi.
Bu lahzada To‘ra uzun deganlari uyida hasrat ko‘rpasiga burkanib yotardi. Amakivachchasi Zokir qoradan alamzada edi u. Bu ne holki, o‘z jigari uni qamatmoq istab qolibdi. Shoshma, o‘rtada ne gap o‘tgandi o‘zi? Ha, esida, amakivachchasi kayf holatda tirg‘aldi unga. Emishki, Orolning to‘yida piyoladagi arog‘iga suv qo‘shib, ustidan kulganmish. To‘ra uzun aroqqa suv qo‘shish nari tursin, o‘sha kuni uyiga qanday yetib kelganini ham eslayolmaydi. U bekorga tirg‘alayotgan qarindoshining soqol bosgan aftiga hayron tikilarkan, shunda birdan eski bir adovati yodiga tushadi-da, qo‘lidagi tokqaychi bilan uning yelkasiga urganini bilmay qoladi. Keyin bu ishga xotinlar aralashib, ish Haydar nozirgacha yetib boradi.
Haydar nozir odam bolasini qamatgan banda emas, nari borsa o‘n besh kunga berib yuboradi. Biroq ishni bosdi-bosdi qilguncha shunaqangi tavbangga tayantiradiki, alamdan dodlab yuborganingni bilmay qolasan kishi. Qiziq fe’lli, bo‘ralab so‘kishni yaxshi ko‘radi. Har ikki gapning birida, tiqib yuboraman, deydi. Tiqib yubormasin tag‘in deb, qo‘lansa gaplariga chidamoqqa to‘g‘ri keladi-da.
U tergarkan, shikoyatchining arizasi solingan stol ustidagi yupqa jildlikni namoyishkorona ochib-yopadi. Joning mening qo‘limda deganday, jildga nuqib-nuqib qo‘yadi. So‘ngra, yana chaqiraman yoki chiqib tur, deya haydab soladi.
Uning huzuridan chiqqanlar esa terak ostidan panoh topadi. Ovloq joy. Alamdan ko‘z yoshi to‘ksang-da, birov ko‘rmaydi. Ikkinchidan, Haydar nozirga xudo insof berib qolsa, gunohingdan kechib yuborishiyam mumkin. Buning uchun terak ostidan jilmay, uning tashqariga chiqmog‘ini kutmog‘ing darkor. Ne sababdan so‘ppayib turganingni yaxshi biladi u. Eshikni oshiqmay qulflarkan, shu tomonga kishi bilmas ko‘z tashlab qo‘yadi. So‘ng zinalarni bir-bir bosib tusharkan, bexos nigohi tushganday, qovoq uyub qaraydi. Agar gap qotsa, vaziyatning yumshagani, churq etmasa, demak hali ko‘p garang qiladi. Terakdan uzoqlashayotib esa, g‘uldirab qo‘yishni kanda qilmaydi:
— Bu qishloqqa nima bo‘lgan o‘zi, a?!
Bu qishloq ahliga nima bo‘lgan yoki bo‘lishi mumkinligini boboterak o‘zicha yaxshi biladi. Bu endi ko‘p jihatdan tokzordagi hosilning cho‘g‘iga bog‘liq. Haqiqatda, hosil kam yili qishloq ahli allanechuk yuvosh tortib qoladi. Hosil mo‘l yili esa, xudo uradi ularni. Uzumdan xirmon yasab, qop-qop mayiz quritishgan odamlar go‘yo to‘qlikdan aynishadi. Uzun-uzun kekirishib, bir-birlarini nazarga ilmay qo‘yishadi. Sabab-besabab ziyofatlar uyushtirib, so‘ng obdon yoqalashadi. Keyin to bahorgacha qozilashib yurishadi. Bu g‘ashavadan ularni ko‘klam yumushlarigina chalg‘itadi. Tokzorga ketmon ko‘tarib chiqqan bandasi g‘idi-bididan vaqt qizg‘anadi. Arazini kech kuzgacha yuragi tubiga asrab qo‘yadi. Kuzakda qo‘liga mo‘maygina pul tushgach, bunday yoni-veriga qarasaki, falonchining dimog‘i shishib, davrada birovga gap bermay o‘tiribdi. Odam bolasini pisand qiladigan siyog‘i yo‘q. Bu narsa bunisining g‘ashiga tegib, sendan men kammi, degan o‘yga boradi. Oqibat, davralarda shishalar jiringlab, gurunglar cho‘ziladi. Gurunglar cho‘zilgani sayin, eski alamlar jonlana boradi. Keyingi jarayonda esa, sen xesh, sen begona, deb turilmaydi. Umuman olganda, bu qishloqda begonaning o‘zi yo‘q. Bari bir-biriga chatishib ketgan.
Ammo yoqalashganda, yovdan battar hezlanishadi.
Shu vajdan narigi qishloqdagi nozirlik idorasi bu qishloqqa ko‘chirilgan.
Bu qishloq ahliga begona sanalmish Haydar nozir tiyrak odam, qishloqda qaysi yili ko‘proq janjal qo‘pishini tokzorning avzoyiga qarab biladi. Ammo boboterak kabi uzumzorga adovat saqlamaydi. Taassuf-la miyig‘ida iljayibgina qo‘ya qoladi. Negaki, yoz bo‘yi mehnatdan bo‘shamagan odamlar kuzda ko‘tarilgan hosilning ma’lum bir qismini gunohlarini yuvmoq uchun sarflashadi-da. Yuqorida jindek sha’ma qilganimizdek, bir-birlarining boshini urib yorishadi-da, so‘ng har kuni shifoxonaga tovuq sho‘rva tashib yurishadi. Yohud jahl ustida birovning moliga shikast yetkazib qo‘yishadi-da, so‘ng ziyonini to‘lashga urinishadi. Kishilar turlidek, janjalu uning oqibatlari ham xilma-xildir.
Haydar nozir esa, raqibini jazolatmoq istagida bo‘lganlarga g‘alati yo‘sinda ta’sir o‘tkazadi. Shu bir kuni to‘satdan uni huzuriga chorlaydi-da, atay anqayganicha, hayrat to‘la ohangda deydi: “Surishtirsam, anovi senga qarindosh ekan-ku, a? Atigi ikki qorin alishgansilar. Bunchalik yaqinsilar deb o‘ylamovdim men…” Xeshligi endi esiga tushganday, da’vogar bir muddat baqrayib qoladi. Keyin shu qishloq ahliga xos ginaxonlik bilan tutaqib so‘kinmoqqa tushadi: “Unaqa xeshning padariga la’nat…” Haydar nozir uning xumoridan chiqmog‘iga qo‘yib berarkan, so‘ng stol chertib deydi: “Tiqib yuborish-ku qiyin emas-a. Ammo keyin, falonchi o‘z qarindoshini qamatibdi, degan gapning chuvalishi yomon-da”. Bu endi jiddiy gap edi. Da’vogar birdan bo‘shashadi. Haydar nozir o‘ylab ko‘rmoqqa izn beradi. U tashqariga chiqib o‘ylaydi, terakka suyanib o‘ylaydi, uning poyiga cho‘kib o‘ylaydi. Kechiray desa alam o‘tgan, kechirmay desa…
Boboterak unga insof tilaydi. Yaproqlarini shitirlatib, uzumzorni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlashga undaydi. Ammo undashlari bekor ketib, tokzorga kulgu bo‘lgani qoladi. Qishloq ahli uning g‘ashini keltirib, tokzorni jonidek ardoqlaydi. Tagini yumshatib, shoxlarini taraydi, har-har joyga kapa tikib, uni qushlardan asraydi. Bunga sari, boboterakning jini tirishadi. Dardkash topolmay, arzini yelga aytadi. Yelga esa baribir, sho‘x-shodon yelib, uning yaproqlarini o‘ynaydi, novdalarini silab-siypaydi. Yelning bu erkalashlaridan tokzor ham benasib qolmaydi. Shunga qaramay, gohi yillari nimadandir g‘azablanadimi, erka yel bo‘ron bobosini boshlab keladi. Ana unda ko‘ring tomoshani. Bo‘ron bobo bir hamla bilan tokzorni ship-shiydam qilib ketadi. Natijada, o‘sha yili qishloq ahli yumshoq tortib, Haydar nozirga ish qolmaydi. Oqish binoga oylab birov oyoq bosmaydi.
Ammo bu xil yillar kam, juda kam.
Erka yel esa boboterakning bu qadar kuyinishlaridan ba’zida juda hayratda qoladi. Senga nima, deydi, so‘ng o‘sha-o‘sha sho‘x-shodon yelib, tokzor, tokzorga qo‘shib, boboterakni ham “silab-siypash”da davom etadi. Uning beqarorligiga ko‘nikkan boboterak izoh bermoqqa oshiqmaydi. Nega deganda, yel tushmagur shu qadar betayinki, na o‘zini biladi, na o‘zgani. Uning uchun hamma bir.
Mana hozir ham eski qadrdoni boboterakka joni achish o‘rniga, puflab alangani battar kuchaytirmoqda. Terakka qo‘shib, tokzorni ham alangaga ko‘mib tashlashga urinmoqda. Unga qolsa butun dunyoga o‘t ketmaydimi. Yonayotgan tokzoru, boboterakning hasratlari bilan uning necha pullik ishi bor? Yonib kul bo‘lmaydimi, barisi.
Erka yel qanchalik betayin bo‘lmasin, boboterak uning erkalashlaridan hamisha sarxush tortib kelgan. Gohida suhbatlari qovushib, u saodatli o‘tmishi haqida to‘lib-toshib hikoya qilardi. Erka yel bu xil hikoyalarni tokzorga singgib, boboterakning to‘shiga bosh qo‘yib tinglardi. So‘ng esa asta xo‘rsinardi. Uning xo‘rsinishidan tokzor chayqalib, boboterak yaproqlarini silkitgancha, beixtiyor kuylab yuborardi.
Bu uning ma’sud damlaridan yodgor bo‘lib qolgan yagona qo‘shig‘i edi. U vaqtda hozirgi tokzordan asar ham yo‘q edi. Qishloq mo‘jazgina bo‘lib, odamlar zig‘ir yetishtirish bilan shug‘ullanishardi. Teraklar esa mo‘l edi. Huv adoq quyuq tolzor edi. U quyidagi tegirmongacha cho‘zilgandi. O-o, qanchalik ajoyib damlar edi! Keyinchalik qishloq kengaya borib, kishilar uzumchilikka o‘tishdi. Teraklar tomga bosilib, novdalaridan ishkomlar yasaldi. Erka yel esa, boboterakka dilini xira qiladigan gaplarni yetkazadigan bo‘lib qoldi:
“Abdutolib mayizning o‘zidan o‘n qop qipti. Endi odam bolasini chivin o‘rnida ko‘rmay qo‘ygan emish. Butun qishlog‘ingni sotib olishga pulim yetadi, deganmish”.
“Shodivoyning musallasi esni chappa qiladigan darajada o‘tkir chiqibdi. Ichgan odamning o‘rnidan turmog‘i qiyin emish”.
“Sanaqul Xolyor bodroqni urgan ekan, ikki qop mayizning puli bilan zo‘rg‘a qutulib qopti. Xolavachcha bo‘lmay o‘llaring”.
“Geldiyor bodi qirq yoshini yubiley qilmoqchi emish. Shahardan artistlar chaqirib, o‘zi zar choponda to‘rda kerilib o‘tirmoqchi emish. Puli ko‘p-da, qayerga qo‘yishini bilmaydi. O‘zi bir Eshmat cho‘tirning uli bo‘lsa, yubileyni kim qo‘yibdi unga”.
“Uzunqul xumlarini musallasga to‘ldiribdiyu, o‘ziyam g‘irt alkashga aylanibdi. Tunov kuni tug‘ishgan ukasini “enangni” deb so‘kkan ekan, inisi og‘zini yirib qo‘yibdi. Endi xotini ukasini qamataman deb yurganmish”.
“Eshqobil uch qop mayizning pulini shaharda oldirib qo‘yibdi. Ichib olib maqtangan-da. Azaldan shu, og‘ziga ozgina tegsa bas — yigitning xo‘roziman deya, chiranishni yaxshi ko‘radi. Xotini arazlab ketib qopti”.
“Sharif ko‘sa kayfda tokzorim otam, deb qo‘shiq aytgan ekan, otasi Soli maxsum hovlisidagi butun ishkomlarini kesib tashlabdi”.
Bu xabarlar odamlar og‘zidan uchardi. Erka yel esa ularni oqizmay-tomizmay boboterakka yetkazardi. Bundan uning g‘ami ortardi. Negaki, qishloq uning ko‘z o‘ngida bo‘y rostlagan, ahli unib-o‘sgan. Shu bois, bari unga jondek qadrdon. Yaxshidir, yomondir — hech begonasi yo‘q.
Begonasi uzumzor.
U zig‘irpoya o‘rnida yastangan bu “begona”ga avvaliga e’tibor bermagandi. So‘ng bunday razm solsaki, yerga qadalgan tok qalamchalari ko‘kka bo‘y cho‘zgani sayin, teraklarga qiron yetmoqda. Shunda u talvasaga tushib qoladi. Axir o‘zining ham joni qil ustida edi-da. Keyinchalik bolta tutgan kimsalar tagidan necha bor o‘tib-qaytmadi. Kesmoq bo‘lib, chamalab ko‘rmadi. Haytovur, umri uzun ekan, tanasiga bolta tig‘idan shikast yetmadi. Shikastni u boshqa tomondan, ya’niki erka yelning sovuq xabarlaridan ola boshladi.
O‘z navbatida, qishloq ahli uchun uning bir chaqalik qadri yo‘q edi. To‘singa yaramaydi, o‘tinlikka arzimaydi. Turibdi-da, so‘ppayib. Baxtiga qavatida nozirning idorasi. Aks holda allaqachon kesib yuborishganam bo‘lardi. Tarvaqaylagan shoxu butoqlari ishkomga yarab qolar. Xullas, sababdan kami bormi. Biron vaj hamisha topiladi.
“Boboterak” degan nomiga kelsak, bu nomni unga To‘ra uzun bergan. Deganki: “Zo‘r teragimiz bor-da, olisdan qaytsang, qarshilaydi, ketsang, kuzatib qoladi. Momoterak, e, yo‘q, boboterak”. Bu gapni aytganda, u shirakayf edi. Ulfatlari bilan tokzor etagida qaymoqlashib o‘tirishardi. Gapi yigitlarga ma’qul tushib, ular terakning sog‘lig‘i uchun, ha, aynan sog‘lig‘i uchun qadah ko‘tarishgan. So‘ng boboterakligi uchun. Orada bir-birlariga tilak bildirishniyam unutishmagan. Keyin… Qisqasi, arzimagan bir gap ustidan yoqalashib qolmaguncha qadahlar “jiring”i tinmagan. So‘ng To‘ra uzun qo‘shni qishloqlik bir yigit bilan mushtlashib qolib, ikki tishini urib sindirgan.
Yomon voqeadan yaxshi nom qolgan.
Boboterak!
O‘shanda, mehmon yigit begona bo‘lsa-da, kechirimli ekan, ortiq tirg‘alishni o‘ziga ep ko‘rmagan. Yaqin qarindoshi sanalmish amakivachchasi esa o‘sha begonacha bo‘lmadi. Andishaning yuziga tuflab, ustidan bir quloch da’vo arznoma bitdi. Ariza tomi gurullab yonayotgan oqish binodagi temir javonda. Ikki kundirki, Haydar nozir o‘shani ro‘kach qilib jonini olmoqda edi.
Shuning uchun ham alangani uzoqroqdan tomosha qilib turgan To‘ra uzun yuz bergan bu yong‘indan g‘oyat mamnun edi. Axir binoga qo‘shilib, ariza ham yonib ketadigan bo‘ldi-da. Odamlar esa ikki o‘t o‘rtasida garangsib qolgan. Biri chelak ko‘tarib binoga intilsa, biri uzumzorni peshma-pesh yamlayotgan alanga tomon talpingan. Boshqa birovi bo‘lsa To‘ra uzun qatori tomoshabinga aylangandi.
To‘ra uzun alanga tevaragida besamar irg‘ishlayotgan amakivachchasiga istehzoli tikilarkan, shu keyingi ikki kun ichida ilk bor yuziga tabassum qalqib, beixtiyor iljaydi. Iljayarkan, qavatidagi odamning ajablanib boqishidan uyalib, kaftini og‘ziga olib bordi, tutundan bo‘g‘ilib yo‘talgan kishi bo‘ldi. Biroq ko‘zlari quvonchini oshkor etib turardi. Nechun ham sevinmasin, axir ko‘z o‘ngida xeshdan dushmanga aylangan amakivachchasining tokzori yonmoqda edi-da. Olovning shashti esa juda baland, shu sur’ati bo‘lsa, Sanaqulning uzumzori ham undan omon qolmaydi. Bu o‘ydan To‘ra uzun sergak tortdi. Sanaqulnikidan so‘ng o‘zining tokzori-da. Undan narisi Eshqobil bilan Uzunqulniki. U so‘poq boshini oldinga cho‘zib, tokzori tomon xavotirli boqdi. Xavotiri o‘rinsizligini fahmlagach, sigaret tutatdi. Yo‘liga kishilarni shoshirgan bo‘ldi. Oyoqlari ostiga kelib tushgan bo‘sh chelakni nari tepib, yonida turgan kimgadir, ha, bo‘l, dedi. Keyin bu xitobni baland ovozda qaytararkan, o‘rnidan jilishni hatto xayoliga keltirmadi.
Kimdir uni turtib o‘tdi, kimdir so‘kindi. Es-hushini yig‘ib olishga ulgurgan odamlar endilikda bahamjihat holda harakatlanishmoqda edi.
Ulkan alangaga aylangan boboterak esa hanuz bo‘sh kelmaslikka tirishar, o‘tli panjalarini har yon cho‘zgancha g‘arq pishgan uzum boshlariyu yashil novdalarni yamlamay yutishda davom etar, erka yel esa go‘yo pishang bergandek, yong‘inni tobora avjlantirmoqqa urinardi…