Qishloqda xunuk gap tarqaldi.
Emishki, yakkabuloqlik Boborayim gov hamqishloqlari Sobir polvonning qonini ichmoq qasdida yurganmish. U meni tuproqqa qorib ketdi, endi men uni qizil qoniga belayman, pichog‘im qayroq ustida, o‘chim to‘sh ostida, deganmish.
Sobir polvon bu gaplarni keng hovli o‘rtasidagi supada yonboshlagan ko‘yi, qontalash o‘ng manglayini silab-siypab, xayolchan bir tarzda tingladiki, avzoyidan ne voqea yuz berganini halizamon oshiqmay to‘kib soladigandek edi. Boshda, ya’ni jo‘ralari hovliga gurillab kirib kelishganida, shu istagi yo‘q emasdi. So‘ng birdan aynidi. Og‘ziga tikila-tikila, birin-sirin supaga joylashayotgan yigitlarning nigohlarida hamdardligu xavotirdan ko‘ra qiziqish alomatlari kuchliroq ekanligini sezgach, voqeaga sabab bo‘lmish qizni «chaynash»laridan hadiklandi. Boz ustiga, qiz g‘anim oiladan. Bir ko‘rpada tepkilashib ulg‘ayishgan tog‘asi Bahromning qotili Vahobga jondek singil… Hodisani eshitgach, yigitlarning har balo deb vaysashlari turgan gap.
Shu tobda Sobir polvonning ortiqcha gap-so‘zlarga tobi yo‘q. Ko‘nglida kechayotgan g‘aroyib bir tuyg‘udan taajjubda edi. Buni qarangki, kechagacha mavjudligini bilishniyam, sezishniyam istamagan qiz xayolidan ketmay qolgandi. Dastlab buni xavotirga yo‘ygandi. Tunda uch bor qizning hovlisi atrofini aylanib kelishi shundan. O‘zi aytmishli, «ul»lik vazifasini ado etgandi.
Davra yuzini ko‘ra boshlaganidan beri, u yigitlarni ikki toifaga ajratishni odat qilgandi. Derdiki, yigit bor-ul, yigit bor — to‘l. Fikricha, «to‘l» — shunchaki zurriyod, «ul», ya’ni «o‘g‘il» esa el g‘amida, orida yuradigan asil yigit. Bu aqidani u qayerdan kovlab topgani noma’lumu, lekin o‘zi bunga yurakdan sodiq edi.
Biroq bugun tongda qizni darvozasi oldida uchratgach, «ul»ligini paqqos unutib, qizga mahliyo termulib qolgan. So‘ng ich-ichidan quvonayotganini his etib, bundan g‘oyat ajablangan. Nechun? Boborayimning tajovuzidan xavotirlanib, tungi bedorligini tushunsa bo‘ladi. Xo‘sh, bu qadar quvonishning boisi nimada? Nechun qiz ko‘ziga bu qadar issiq ko‘rindi? Demak, ko‘nglida xavotirdan bo‘lak yana nimadir bor ekan-da. Axir, o‘rtada hech bir kuch yiqa olmaydigan adovat devori qad rostlagan-ku. Nahotki, bu devor qizning birgina kulib qarashidan yemirilib tushgan bo‘lsa?!
Sobir polvon o‘zini qiynayotgan savollarga behuda javob qidirib, yigitlarga bir-bir tikiladi. Yigitlar esa undan javob kutmoqda. Besabrroqlarining peshonasi tirishgan:
— Ayt, nima bo‘ldi o‘zi?
— Nega u quturib yuribdi?
— Nima, og‘zingga talqon solganmisan?
Sobir polvon chuqur xo‘rsinib, bot xayolga toladi.
Kecha qiz tutzordan o‘qdek otilib chiqqanida, o‘rtadagi adovatni o‘ylamaganini aniq eslaydi. Buning ustiga, vaziyat ortiqcha o‘ylarga izn bermagan. Qiz, “Og‘ajon, qutqaring!” deya avval qichqirdimi, yo keyinmi, har holda jonhalpida quchog‘iga otilgan qaynoq vujudni beixtiyor quchmoqdan o‘zini tiyolmay turganida, uni lol qoldirib, tutzordan Boborayim gov yugurib chiqqan. Oyog‘ida rangi uniqqan kirza etik, yoqasi yirtilgan, pichoqbozligi oqibatida orttirilgan xunuk chandiqlar ila «bejalgan» yuzi timdalangan. Bamisoli quturgan itday, dahshatli vajohatda bostirib kelardi. Sobir polvon bag‘ridan panoh qidirgan qizni o‘zidan chetlatib, Boborayim govga bet bo‘ladi. Qiz esa uning ortiga bekinadi.
Boborayim gov qarshisidan chiqqan yigitni endi ko‘rayotgandek, ajabsinib boqadi. Qontalash ko‘zlarini qisib, tishlarini g‘ijirlatadi. Keyin suzang‘ich buqaday boshini egib, olg‘a yuradi. Yigitning yelkasi osha qo‘l cho‘zib, qizni tutmoqqa intiladi. Undan ter, vino, tamaki isi anqirdi.
Bu qadar nopisandlikdan, ayniqsa, qishlog‘i qiziga begona tomonidan bo‘layotgan tajovuzdan Sobir polvonning qahri keladi. Boborayim govni itarib tashlaydi. Gov qizni unutib, yigitga tashlanadi. U laqabiga yarasha ho‘kizday kuchli edi. Sobir polvon miqtiroq bo‘lsa-da, undan baquvvat, ham yosh edi. Boborayimni yelkasidan oshirib uradi.
Qoq tush. Yozning jazirama issig‘idan dasht yonay deydi. Tevarakda qimirlagan biror zog‘ yo‘q. Tizza bo‘yi tuproq yo‘lda bir-biriga tirmashgan ikki gavda-yu, yolg‘iz bir guvoh…
— Eshitdinglarmi, erta-indin quyosh tutilarkan.
Sobir polvondan tuzukroq gap olisholmagan yigitlar allaqachon o‘zaro gurungga kirishishgandi.
— Shisha topib, qoraytirib qo‘yish kerak ekan.
— Qora ko‘zoynak ham bo‘laveradi.
— Salimning do‘konida unaqasidan qomabdi, barini opqo‘yishibdi.
— Oxir zamon bo‘ladi-yov deb, chollar qo‘rqib yurganmish.
— Toza qiziq bo‘ladi-da o‘ziyam.
Sobir polvon boshqalar bir qadar qiziqish, bir qadar xavotirda kutayotgan bu hodisaga ilgariyam duch kelgan. Yuragi siqilib, o‘zini juda noxush his qilgan. Mavjudligiga ko‘nikilgan oftobsiz tiriklik bir chaqaga qimmatligini o‘shanda chuqur idrok etgan.
Nazarida, xuddi shu holatni kecha boshidan kechirgandek edi. Ko‘kka o‘rlagan changdan bir odim narini ko‘rmoqning iloji yo‘q. O‘larman ho‘kizday, boshini ekkan ko‘yi, qayta va qayta tashlanayotgan Boborayim govning ko‘lankasinigina bazo‘r il¬g‘ar, nazdida, shu sozda ming yillardan beri mushtlashayotgandek edi. Tiriklik ma’nisini yo‘qotib, yashashdan yolg‘iz maqsadi qizg‘ish, qalin tuman-to‘zon orasida harakatlanayotgan qora ko‘lankani mahv etishdan iboratdek tuyularkan, «ko‘lanka»ning bu darajada qaysarligidan tobora hayrati oshib borardi. Nomsiz bir balo edi u. Churq etmay yopisharkan, o‘ldiraman, deya ora-sira g‘o‘ldirab qo‘yardi. Tabiiy, yigit buni sezmas, sezadigan ahvolda emasdi. «Ko‘lanka»ni mahv etishdan o‘zgasini o‘ylamasdi. Kutilmaganda «ko‘lanka» birdan g‘oyib bo‘lib qoldi. Yigit uni qidirib o‘tirmadi. Yorug‘lik istab, tevarakka, so‘ng ko‘kka tikildi. Quyoshning yuzi kir, quyuq chang buluti orasidan yiltillab arang ko‘zga chalinardi. Olam shu holatda qoladigandek, yigitning yuragi uvishdi. Keyin shuuri sekin-asta tiniqlashib, ne voqea sodir bo‘lganini anglab yetdi.
Bu orada to‘zon bosilib, Sobir polvon hanuz bir chetda dahshatdan qotib turgan qizni ko‘rdi. Tuproq orasida o‘likday cho‘zilib yotgan Boborayim govga nazari tushdi. O‘lib-netib qolmadimikan, degan gumonga bordi. Yo‘q, raqibiga jon kirdi. Inqillab qaddini tikladi. Engil-boshidan shovullab tuproq to‘kildi. Negadir o‘rnidan qo‘zg‘alishga oshiqmadi. Yalpayib o‘tirgan yerida goh qizga, goh yigitga qahrli tikilarkan, sovuq va o‘ta qo‘rqinchli ohangda dedi: «Bu tun ikkovingniyam bo‘g‘izlayman! Avval seni, qanjiq! Keyin manovungni!»
Sobir polvon ne baloga yo‘liqqanini endi sezganday, og‘ir so‘lish olarkan, tutzor yoqalab yo‘lida davom etishdan bo‘lak iloji qolmagandi. Biroq raqibining xirqi ovozi tinch ketishiga qo‘ymay, ortidan quvlab yetdi: «Qanjig‘ingni iskab-iskab ket! Bu yog‘i oz qoldi, ulgurolmaysan keyin! O‘ziyam zo‘r narsa-da!..»
U ketiga keskin qayrilgan yerida, izidan kelayotgan qizga to‘qnashib ketdi. Qiz qalqib, yigit uning bilagidan tutib qoldi. Qiz, kaftlari yigitning ko‘ksida, yolvoruvchan tarzda dedi: «Qo‘ying, teng bo‘lmang shu bilan!» Yigitning ensasi qotib, teng bo‘p bo‘ldim o‘zi, deya zardali to‘ng‘illarkan, beixtiyor qizga tikilib qoldi. Yirik-yirik ko‘zlaridan cheksiz minnatdorchilik va mehr balqib turgan qizning ruxsori g‘oyat go‘zal edi. Buni endigina payqagan Sobir polvon qizdan ko‘z uzolmay turarkan, uning yanog‘iga tushgan bir tutam sochini to‘g‘rilab qo‘ygisi keldi. Biroq qiz undan ilgariroq harakatlanib, kaftidagi durrasini yigitning qontalash manglayiga bosdi. Bir zumga sarxushlangan yigit mayin durracha peshonasidan chekkasi tomon ohista siljiyotganini sezdi. Shunda u aftining kir-chirligini his qildi. Ammo bu lahza shu qadar yoqimli ediki, u ortiqcha o‘ylarga izn bergisi kelmadi. “Boya… — dedi boshi aylanayotganini tuyub, — kun tutildimikan, deb o‘ylabman… Keyin qarasam, chang-to‘zon… Kulga ag‘nagan tayxarday, toza yumalashibmiz-da o‘ziyam…”
«Akasi tog‘asini pichoqlagan, — deya uning xayolini bo‘ldi Boborayim gov xe-xelab. — Singlisi esa jiyanini quchoqlagan. Zap zo‘r ishlar bo‘layaptimi, a?!»
Sobir polvon hushyor tort¬di. Qizdan chetlandi. Boborayim govning xirqi kulgisi ostida yo‘lga tushdi. Ortidan ergashgan qizning shikasta ovozi qulog‘ini siypab o‘tdi: «Tutzorda qo‘ylarga pechak yulib yurib edim. Birdan kep tashlanib qoldi». Yigit chatoq bo‘pti, degan ma’noda «him-m» deb qo‘ydi. Qizning ovozi bu gal sal uzoqroqdan eshitildi. «Betini timdalab, zo‘rg‘a qochib qutuldim…». Yigit o‘zini eshitmaganga oldi.
Ular qishloq biqinidagi ayri tol yonida jimgina xayrlashdilar. Qiz boshini eggancha ketdi. Yigit tolga suyangancha ortidan kuzatib qoldi. Oralarida nimadir paydo bo‘ldi, nimadir yo‘qoldi. Yuzaga kelgan narsaning neligi mavhumdek, yo‘qolgani ham noaniq edi. Sobir polvon tuyqusdan qizning himoyasizligini angladi.
Qiz, akasi qamoqda, yangasi bolalarini olib ketib qolgan, yolg‘iz onasi bilan turadi. Tarafini oladigani yo‘q. O‘z navbatida, oldi-orti to‘la og‘a-inisi bo‘lgan taqdirdayam, Boborayimning hujumidan holi qilmog‘i qiyin. Negaki, Boborayim gov xudo urgan bir banda — na uyatni biladi, na andishani. Rahm-shafqat esa unga butunlay begona. O‘tgan oyda hamqishloqlari bilan mushtlashib qolib, yagona buloqni ko‘mib tashlashgacha borgan johil bir kimsa. Bu qilmishidan hozirgacha maqtanib yuradi. U bilan olishib charchagan odamlar, oxir-oqibat, tegmaslikni ma’qul topganlar. Tegsang — yo joningga tegadi, yo molingga, it teng kelsin unga.
Eshikdan Karim baqaloq pildirab kirib kelganida, Sobir polvon hanuz xayol daryosiga g‘arq bo‘lganicha, parishon o‘tirar, yigitlar odatdagicha osh qilmoqqa tutingandilar. Ne bahonada yig‘ilishmasin, ularning gurungi oshsiz yakunlanmasdi. Buni uch-to‘rt yil shaharda yashab kelgan Shodi burun rusum qilgandi.
Karim baqaloq supa tevaragini bir qur aylanib chiqarkan, Sobir polvonga sirli qarab, «piq» etib kuldi-da, turgan yerida irg‘ishlab, «So‘nggi axborot», dedi.
Yigitlar baravariga u tomonga o‘girildilar. Karim baqaloq tag‘in Sobir polvonga zimdan boqib qo‘yarkan, bu safar xoxolab kuldi.
— Bu yoqqa kelayotib, — deya gap boshladi so‘ng. — Salimning do‘koni yonida Bobur sariqni ko‘rdim. G‘irt piyon. Bu qishloq menga harom, ketaman boshimni olib, deydi. Nimayakan desam, suygan qizini Boborayim gov buzib qo‘yibdi. Jo‘ramiz Sobir polvon sherik chiqib, u bilan toza yoqalashibdi. Xullas, qiz o‘rtadagi nimta-yu, bular bo‘ri bo‘pti.
— E – ha, gap bu yoqda ekan-da, — dedi Shodi burun ham shum tabassumini yig‘ishtirolmay. — Aytdim-a, ulush kam tekkan odamday shumshayib o‘tiribdi bu, deb.
Davrada kuchli qahqaha yangradi. Sobir polvonning oshig‘ich, g‘azabli e’tirozi umumiy g‘ala-g‘ovur ichida izsiz yo‘qoldi. Keyingi urinishlari ham besamar ketgach, kuchi yetgani paxta gulli piyola bo‘ldi. Ammo shovqinlashayotgan yigitlar na uning ulkan panjalari orasida qirsillab bo‘laklangan piyolaga, na vajohatiga e’tibor berdilar. Bobur sariqning ustidan kulib, qizning g‘iybatini qilisharkan, ora-sira Sobir polvonning sha’niga ham qochirim gaplar aytishar, u esa jon-jahdi bilan qizning sofligini, hech kim daxl qilmaganini isbotlagisi kelardi. Keyin birdan bu harakati bekorligini, yigitlar ishongandek bo‘lishsa-da, baribir o‘z fikrlarida qolaverishini anglab yetdi. Azaldan shu — g‘iybatu gumon bo‘y cho‘zgan joyda haqiqat majruh etiladi.
Yigitning titroq lablaridan uchgan alamli so‘zlarni qaynoq havo yutib yubordi:
— Ha, silar ul emas, to‘lsilar!
U sho‘rlik qizning keyingi taqdirini o‘ylab, iztirob og‘ushida mum tishlab o‘tirarkan, shu paytgacha anglab yetilmagan bir haqiqat shuuri qatidan yuzaga qalqib, ma’yus jarangi quloqlari ostida sas berganday bo‘ldi: «Tog‘angning qotili Vahob emas, odamlar… odamlar!»
Bu nidodan Sobir polvonning vujudiga muz yugurdi. Havo yetishmayotgandek, og‘zini kap-kap ochib, keng ko‘ksini siypaladi: «Aslida tog‘amning hech qanaqangi aybi bo‘lmagan!..». U yuz bergan voqeani to‘laligicha ko‘z o‘ngida gavdalantirishga urinarkan, hodisa mohiyatini idrok ko‘zgusiga solib ko‘ra boshladi.
Yana o‘sha la’nati tutzor. Daladan qaytayotgan tog‘a yo‘lini qisqartirish niyatida tutzor oralab yuradi. U yerda barg sidirayotgan juvonga duch keladi. Tog‘a barg to‘ldirilgan qopni yelkasiga oladi. Tutzordan boshlashib chiqayotganda, ne falokat bo‘ladi-yu, befarosat ayol etagini to‘g‘rilaydi, engil-boshini qoqadi. Bu manzarani tasodifan ko‘rib qolgan qishloq kampirlaridan biri tishsiz og‘zini qiyshaytirib, gap tarqatadi: «Falonchilarni zino ustida ko‘rdim. Kuppa-kunduzi-ya! Odamlarda na sharm qopti, na hayo…» Natijada na tog‘a, na juvon o‘zini oqlay oladi. Shubha-gumon iskanjasida qolgan Vahob ko‘p qiynaladi, ko‘p azob tortadi. Ayolini siquvga oladi, tog‘aning yoqasiga yopishadi. Qishloqda esa g‘iybat ko‘pchigandan ko‘pchiydi. Va Shovruq posonning to‘yida aytilgan bir og‘izgina gap hammasiga yakun yasaydi: «Ana, kundoshing kelayapti.» Hamma qatori yeb-ichib o‘tirgan Vahob boshini ko‘tarib, to‘yxonaga kirib kelayotgan tog‘ani ko‘radi. Keyin yon-veriga alanglab, gap egasini qidiradi. Lablar chapillab, barmoqlar yoqqa botgan, go‘yo hech qanaqa gap aytilmaganday. U nochor bosh egarkan, et to‘la lagan qavatidagi moy yuqi uzun pichoqqa ko‘zi tushadi. Negadir unga tikilib qoladi. Shunda kimdir «piq» etib kuladi. Endi Vahob pichoqqa ayricha nazar tashlaydi. Joniga faqat shugina ora kiradigandek tuyuladi. Birgina harakat bilan barcha iztiroblariga nuqta qo‘ymoq istaydi. Pichoqni yengiga yashirib, mastlikdan xiyol gandiraklagancha tog‘a tomon yuradi. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. U to‘g‘ri boradi-da, to‘y egasi bilan chaqchaqlashib turgan tog‘aning ko‘ksiga pichoq qadaydi…
— Lekin sen maladessan!
Sobir polvon yag‘riniga bexos tushgan shapatidan cho‘chib ketadi. Yoniga o‘girilib, supa labida tizzanlab turgan Karim baqaloqni ko‘radi. Qo‘lida aroq to‘la piyola, afti bo‘g‘riqqan.
— Bugundan boshlab sen judayam maladessan! — dedi u yana. Singlisini buzib, tog‘angning o‘chini oldingmi, demak, sen chin yigitsan! Shuning uchun manovuni ob yubor!
Sobir polvon, bu nimalar deb aljirayapti, degan o‘yda davradagilarga qararkan, boshqalarning ham ko‘zlarida shu ma’noni uqqach, ko‘ngli shu darajada vayron bo‘ldiki, nazarida, quyosh nursizlanib, olam zimiston tortgandek tuyuldi. Ammo ichki bu azob quyidagi gapni dangal, o‘z navbatida, xotirjam ohangda aytmog‘iga hech monelik qilmadi.
— Tog‘amni Vahob emas, silar, silarga o‘xshaganlar o‘ldirgan!
Bu gapdan yigitlar, hatto daraxtdagi qushlaru hovli yuzidagi tovuqlargacha dong qotib, g‘ir-g‘ir esayotgan kuchsiz epkin bir zum to‘xtaganday bo‘ldi.
— Endi esa qizning boshini yemoqchimisilar?! — deya gapida davom etdi u. Yo‘q, silarga yedirib qo‘ymayman uni! Endi jo‘na baring!
Yigitlar norozi qo‘zg‘olisharkan, kimdir baribir tilini tiyolmadi:
— Rahmat, qandaydir bir qanjiqni bizdan ustun qo‘yganing uchun rahmat!
Sobir polvon zabt ila uloqtirgan piyola gap egasining qansharini siypab o‘tdi.
* * *
— Erkaklar mushtlashayapti!
Dashtdan tezak terib qaytayotgan bola yetkazgan bu xabar guzardagilarni oyoqlatmay qo‘ymadi. Kimdir tashvishda, kimdir qiziqishda, kimdir esa shunchaki tomosha ilinjida dashtga oshiqdi. Ular orasida kecha Sobir polvon tomonidan hovlidan haydab chiqarilgan yigitlardan ham bor edi.
Aslida Sobir polvonning qishloq yaqinida janjal qo‘zg‘ash niyati yo‘q edi. Boborayim bilan Yakkabuloqning o‘zida gaplashmoqchi edi. Jonini garovga qo‘yib bo‘lsa-da, uning, qizga tuhmat qiluvdim, degan iqrorini olmoqchi edi. Nazdida shu birgina gap qishloqda tobora urchiyotgan turli mish-mishlarga barham beradigandek edi. Bu o‘y ilgariroq miyasiga kelmaganidan hatto hayratda edi. Boborayimning kutilmaganda hujum qilib qolishidan xavotirlanishga xavotirlanibdi-yu, tuhmat o‘zga bir yo‘sinda amalga oshirilganligini xayoliga keltirmabdi.
Kecha oqshomga yaqin bunga to‘la amin bo‘lgandi. Qizning ko‘chasida bemaqsad tentirayotgandek esa-da, aslida uni istab chiqqandi. Ichki bir tuyg‘u aql-idrokdan ustivorlik qilmoqda edi. Hayotida ilk bor qizning darvozasi ko‘ziga sirli va issiq ko‘rinardi. Ammo darvoza oldida uzoq hayallab bo‘lmasdi. Olg‘a jiladi va saldan so‘ng muyulishdan suv to‘la chelagini ko‘tarib chiqqan qizga ro‘para keladi. Qizning ko‘rinishi shu qadar ezgin ediki, chelak emas, bir olam g‘am ko‘tarib kelayotgandek edi. Qiz so‘lg‘in nigohini yerdan uzarkan, yigitga ko‘zi tushib, yuziga qizillik yuguradi. Quvonchga o‘xshash nimadir porlagan ko‘zlari qa’ridan shu ma’no aks etadi: «Ne kunlarga qoldim, og‘ajon?!» Yigit og‘ir so‘lish oladi. Qiz esa nigohi ila so‘zlashda davom etadi: «Bundan ko‘ra o‘lganim yaxshiroq edi. Hatto o‘z tuqqan enam menga gumonsirab qarayapti!»
Yigit gunohkorona yerga tikilarkan, ko‘zlarini olib qochmoqdan naf yo‘qligini anglab, tag‘in boshini ko‘taradi. Qizning qayg‘uga to‘la nigohi yuragini o‘rtab yuboradi. Beixtiyor uni bag‘riga tortib, ovutmoq istaydi. Biroq buning aslo iloji yo‘q.
Nigohlararo bu so‘zlashuv lahzaning o‘ndan biri ulushida bo‘lib o‘tgan esa-da, yigitning chamasida, yilga cho‘zilganday tuyuladi. Alamini yerdagi toshdan oladi. Zarb bilan tepilgan tosh ko‘cha chetidagi loyxandakka borib tushgach, u yerdan aftini soqol bosgan, irkit bir kimsa bosh ko‘taradi. «Boshimni teshay dedingiz-ku, polvon», deya xandak chetiga suyanarkan, u voqeani o‘zicha tusmollab, xunuk iljayadi. So‘ng tanglayini ma’nodor taqillatib, qayta loyxandakka sho‘ng‘iydi. Sobir polvon bugun tongda Yakkabuloqni qora tortib, otda yo‘lga chiqarkan, qizning hovlisiga ilhaq nazar tashlab o‘tdi. Hovli o‘lik chiqqan uyday sukunatda edi.
U Yakkabuloq chetidagi kulbaga yetgachgina, qizni bir zumga unutdi. Otdan tushmay, bir yonga tob tashlagan eshikni taqillatdi. Devor osha ichkariga mo‘ralab, hovlining raftoridan ko‘ngli aynidi. Qarovsiz hovli yuragidagi g‘ashlikni battar oshirdi. U hovli yuzini qoplagan o‘t-o‘lanlarga, singan ko‘zlariga qog‘oz yopishtirilgan derazaga, otning kallasidek qulf osilgan eshikka, ayvon ustunidagi mixga ilig‘lik xurjunga bir-bir razm solarkan, bu go‘shada odam bolasining turishiga ishongisi kelmadi.
Yigitning qishloq oralab so‘rab-surishtirishlari ham natija bermagach, iziga qaytdi va Boborayimga hech kutilmagan yerda — qishloq yaqinidagi podayotoqda duch keldi.
Boborayim gov, qo‘ltig‘ida chog‘roq tarvuz, chamasi, adirdagi palakdan qaytayotgan ekan, Sobir polvonni ko‘rib ko‘zlari chaqnab ketadi. Tarvuzni chetga itqitib, etigi qo‘njidan pichog‘ini chiqardi.
— Uyingga o‘tmoqqa erinibgina turuvdim, — dedi hamlaga shaylanib. — Zap uchrading-da! Qani, otdan tush!
Sobir polvon qamchi bilan dashtga ishora qildi.
— Sal nari o‘taylik.
— Yo‘q, shu yerda qoningni ichaman! — Boborayim gov xirqirab kuldi. — Agar cho‘chiyotgan bo‘sang, etigim uchidan bitta o‘p, balki shunda gunohingdan o‘tishni o‘ylab ko‘rarman!
Sobir polvon otdan sakrab tushdi. Yugan tasmasini egar qoshiga ilib, otni qishloq sari haydarkan, vahshiyona iljayib turgan raqibiga bet bo‘ldi.
— Agar qiz haqidagi gaplaringiz tuhmatligiga iqror bo‘lsangiz, etigingizni emas, ketingizni o‘paman!
— Zo‘rsanu, lekin ketimni bulg‘ash niyatim yo‘q, — Boborayim gov tag‘in kuldi. So‘ng kulgisi zumda o‘chib, afti qahrli tus oldi: — Bilsang, Vahobda mening qasdim bor. Qamoqdan chiqadigan kunlarim qattiq ranjitgan meni, sheriklari bilan… Yo xotiningni, yo singlingni bulg‘ayman deb, qasam ichib qo‘yganman. Tunov kuni niyatim ushalay deganda, yo‘limga g‘ov bo‘lding. Qasam yerda qolmasligiga aqling yetsa kerak?! Shuningdek, seniyam tinch qo‘ymayman. O‘z boshingga o‘zing balo orttirding, bola!
— Bir boshga bir o‘lim! — Sobir polvon og‘ir bo‘lishga tirishdi. — Ammo akaning o‘chini singildan olmoq uchun boshga ro‘mol yopinmoq kerak! Erkaksiz, borib Vahobning o‘zi bilan orani ochdi qiling. Axir, sizga har ikki tomon ham bir-ku…
— Boshingni olsam, bahonada borib turibman-da, u yoqqa, — Boborayim gov sovuq iljaydi. — Zo‘r-da u yoq. Noning tayin, joying tayin. Qishloqda nima bor. Mana, bitta xom tarvuzni deb qayerlarga borib kelayapman. Lekin qizni…
— Lekin bu qishloqning o‘z egalari bor, o‘lmagan ular! Qizni senga xafa qildirib qo‘ymaymiz!
— «Sen»lab qoldingmi?
— «Siz»lashga arzimaysan.
— Axir, uning akasi tog‘angni…
— Ul yigitga bu bahonamas…
— «Ul-ul»lab o‘larkansan-da, bu dunyoda ul qoptimi.
— Bor ekan-ku, qoshingda turibman.
— Sal haddingdan oshmayapsanmi?
— Borim shu!
— Qizni deb hatto ketimni o‘pmoqchisan?
— Agar iqroringni aytsang!
— Aytmasam-chi?
— Tilingni kesaman!
— Tilimni kesadigan odamning boshi ikkita bo‘lishi kerak! Senda esa bitta! Uyam bo‘lsa omonat.
— Demak, olishamiz?!
— Emasam-chi!
— Unda pichoqni tashla!
Boborayim gov kuldi.
— Agar o‘zingni er bilsang, tashla pichoqni! — Sobir polvon jahl bilan yer tepindi.
— O-o, jon yerdan tutarkansan lekin, — Boborayim gov shunday deya ko‘lidagi pichoqni chetroqqa itqitarkan, negadir tig‘ borib tushgan yerga zimdan qarab qo‘ydi. So‘ngra yigitning qo‘lidagi qamchiga imo qildi: — Qamchi…
Sobir polvon qo‘lidagi qamchini zarda bilan uloqtirarkan, darg‘azab ohangda so‘radi:
— So‘nggi marta so‘rayapman, iqroringni odamlarga aytasanmi, yo‘qmi?!
Boborayim gov irkillab kuldi.
— Aytmas ekansan, dunyo tugaguncha olishaman sen bilan!
— Dunyom tugadi deyaver…
Boborayim gov gapini tugatolmadi. Lunjiga tushgan kuchli zarbdan chayqalib ketdi. Qorniga tushgan ikkinchi zarbdan esa tizzanlab qoldi.
— Uh-h, mazza! — dedi u og‘ir-og‘ir nafas olarkan, qanshari ostidan yigitga o‘qrayib. — Yaxshi ko‘raman kaltakni. Qancha ko‘p kaltak yesam, odam bolasini yeb-yutmoqqa shuncha ishtaham ochiladi! Mana endi, seni yeyman!
Ular mushtlashishda davom etarkan, o‘tgan galgi olishuvdan tuzukkina saboq chiqargan Sobir polvon raqibini o‘ziga yaqinlashtirmaslikka urinar, butun qahru g‘azabini mushtumlariga jamlab, uning duch kelgan yeriga gursillatib tushirar va shuningdek, o‘zi ham benasib qolmayotgandi. Boborayim govning mushti og‘ir, gohida u zo‘r-bazo‘r oyoqda turib qolardi.
Bora-bora Sobir polvon odam bolasi emas, qandaydir yovvoyi bir maxluq bilan kurashayotgandek seza boshladi o‘zini. Bu darajada ayovsiz mushtlashishga kishi bolasining bardosh bermog‘i tasavvurga sig‘mas holdek edi. Ko‘zi raqibining vahshiylashgan aftidan o‘zgasini ko‘rmayotgan esa-da, qishloqdan yugurgilab chiqishayotgan kimsalarni ilg‘amay qolmadi. O‘z navbatida, oftobning xira tortayotganini ham payqadi. Biroq bu oyoq ostidan ko‘tarilayotgan to‘zon emasdi. Negaki, ular olishayotgan yer ajriqzor bo‘lib, ko‘hna ariq o‘zanidan boshlangan maysazor huv naridagi podayotoq etagida tugardi.
Sobir polvon es-hushidan mosuvo bir holatda mushtlasharkan, ajratmoqqa uringanlarga begona ovozda o‘kirdi.
— Aralashmanglar! Aralashmanglar, deyapman!
Boborayim gov undan battar bo‘kirdi.
Oraga suqilganlar ularning tahdididan emas, adashib tushgan mushtdan chetga qochdilar.
Sobir polvon shoshilardi. Kishilarning aralashuvidan cho‘chib, oshiqardi. Hayvoniy quvvatga ega bo‘lgan Boborayim govning tantana qilishidan, tuhmatu bo‘htonlarini bafurja tuflashiga imkon tug‘ilishidan qo‘rqmoqda edi. Qanday bo‘lmasin, uning iqrorini olishni o‘ylardi. Bu esa og‘ir, juda og‘ir kechmoqda edi.
U raqibning navbatdagi qarshi zarbasiga bir amallab chap berarkan, ko‘zi to‘satdan odamlar orasida rang-quti o‘chib turgan qizga tushib qoldi. Ayni shu narsa jangning taqdirini hal etdi – qo‘ydi. Sobir polvon bor kuchini o‘ng mushtiga jamlab, chunonam urdiki, Boborayim gov koptokday yumalab, muk tushgancha cho‘zilib qoldi.
Yigit gandiraklagancha, uning tepasiga bordi.
— Iqroringni ayt! — dedi xirqiragan ovozda. — Iqroringni ayt, deyapman! Balandroq ayt, hamma eshitsin!
U, ko‘zi ajriq quchib yotgan raqibida bo‘lsa-da, kunning tobora g‘uborlashayotganini sezdi. G‘oliblik nashidasini surayotgan yuragi o‘sha tanish noxushlikni his etdi. Oftobga nima bo‘layapti, degan o‘yda bir zumga chalg‘idi. Keyin, iqrorimni hozir aytaman, deya g‘udranayotgan Boborayim govning ovozida piching, pichingdan ham ko‘ra tantanaga o‘xshash nimadir borligini payqab, u tomon hayron boqdi. Raqibi, o‘ng qo‘li qornida, go‘yo behad og‘riqdan azob tortayapti-yu, ammo shunga qaramay, o‘rnidan qo‘zg‘almoqqa o‘zini majburlayotgandek harakatlanarkan, tag‘in dedi:
— Hozir iqrorimni aytaman!
Sobir polvon ichdan quvondi. Qizni yoniga chaqirmoqqa og‘iz juftladi. Biroq ulgurolmadi. Taniga ustalik bilan sanchilgan tig‘dan oh tortib yubordi. Boborayim govning tirtiqlar bilan «bezalgan», terga botgan aftini juda yaqindan ko‘rdi. U nafratomuz iljaygancha, nimalardir derkan, yigitning qulog‘iga chalingani shu bo‘ldi.
— Maboda o‘lmay qolsang, bundan so‘g‘in raqibingni «uxlatmay» hech vaqt chalg‘iy ko‘rma!..
Kutilmaganda yuz bergan bu hodisadan dahshatga tushganlar boshda qotib qolishdi. Keyin kimlardir iziga qaramay qochdi, kimlardir yigit sari intildi…
«Og‘ajon!» degan chinqiriq quloqni qomatga keltirganda, Sobir polvon sarosimada guvranishayotgan odamlar orasida, yerda cho‘zilib yotardi. U ovoz kelgan tomonga boshini burishga intildi. Biroq yonidagilar qizni undan to‘sib qo‘ygandi. Shunda uning ko‘zi qontalash quyoshga tushdi.
— Kun tutilayapti, — dedi alahsiragan ohangda. — Kun tutilsa, yuragim siqiladi, yomon siqiladi…
Qiz, ikkinchi chinqiriqdan so‘ng, odamlarni surib, itarib, yigitning tepasiga keldi. Cho‘kkalab, uning boshini tizzasiga oldi. Ko‘zlaridan duv-duv to‘kilayotgan yosh yigitning yonoqlarini yuva boshladi.
Sobir polvon qizga kulimsirab tikildi. Qaltirayotgan o‘ng panjasini cho‘zib, qizning peshonasiga tushgan bir tutam sochini to‘g‘rilab qo‘ymoqqa urinarkan, nimadir demoqqa chog‘landi. Ammo ovozi Boborayim govning bo‘g‘iq bo‘kiriklari ostida ko‘milib ketdi.
— Yaqinlashmanglar! Qo‘lingni tort! Qonun bor! Men faqat qonunga bo‘ysunaman! Yaqinlasha ko‘rmanglar! Tilaman! Tilib tashlayman! Uh-h, boshdi yeding-ku, enag‘ar!..
Dupur-dupur — kimdir qochdi, kimdir quvdi.Qizga tikilib yotgan yigit uning ko‘zlarida shu ma’noni o‘qidi: «Sizni yaxshi ko‘raman! Jonimdan ortiq! Faqat… faqat tashlab ketmang meni!» Yigit, men o‘lmayman, degan ma’noda ohista kiprik qoqdi. Qiz uning boshini bag‘riga tortdi.
Sobir polvon dimog‘ida qizning nafis, bokira hidini tuyarkan, tili so‘nggi jumlaga zo‘rg‘a aylandi: «Men ham seni yaxshi ko‘raman!». Uning e’tirofini hech kim eshitmadi. Qiz buni bag‘rida, butun vujudida his qildi. His qilishi barobarida yig‘isi o‘kirikka aylandi…
Bu lahzada ko‘kdagi quyosh to‘la bekinib, olam xira tortgan. Bu xiralik dashtning allaqaysi burchida hanuz yigitlarga tutqich bermaslikka urinayotgan Boborayim govning yovvoyi yirtqichdek g‘azabkor bo‘kirishlaridan yanada mahzunlik, allanechuk vahima kasb etgandi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 4-5-sonidan olingan.