Kelinining alomat fe’li bor — hushi toblagan kunlari, he yo‘q-be yo‘q, birdan tushlik ko‘tarib kelib qoladi. So‘ng esa, shu gapni iddao yo‘sinida takror etadi: «Ikkitagina somsaga qorningiz to‘yadi. Shu issiqda ovora bo‘lishim shartmidi». Qaynonasi Eshqulning somsasidan yemasligini yaxshi biladi. Bilgani bois, bu gapni ta’kidlashni xush ko‘radi.
Sanam xola esa kelinining g‘amxo‘rligidan quvonmaganidek, gapidan ham ranjimaydi. Bu vaqtda uning ko‘zi naridagi do‘konlarda, aniqrog‘i, erkaklarda bo‘ladi.
U do‘konda, qator osilgan go‘sht nimtalari ortida gumbazday bo‘lib o‘tirgan Bahrom qassobga, manglayi tirishib tandir kovlayotgan Eshqul somsapazga, kir-chir stolni tevaraklab, qarta o‘ynashayotgan boshqalarga bir-bir boqarkan, so‘ngra asta deydi:
— Hammaning ko‘zini o‘ynatib, kelishing shartmidi…
Kutubxona peshayvoniga qo‘yilgan uzun yog‘och o‘rindiqqa omonatgina cho‘kkan kelini issiqdan nolirkan, beparvo ohangda to‘ng‘illaydi:
— Qaramay, ko‘zlari teshilsin! Nima, ularni deb endi ko‘chadayam yurolmaymizmi?
Kelinining bu gapidan og‘irsinib, unga boshdan-oyoq ko‘z tashlaydi. Juvonning bo‘liq qomati g‘ashini keltirayotganini his etib, tag‘in erkaklarga yuzlanadi. Yana o‘sha hol — u qarashi bilan Bahrom qassob ko‘zlarini olib qochadi, Eshqul somsapaz, qo‘lida uzun temir ko‘sov, qirlarni tomosha qilayotgan bo‘ladi. Negadir ular bu xoksorgina ayoldan iymanishadi. Biroq bu iymanish zamirida nimadir yotganini ayol yaxshi anglaydi. E’tibor bermaydi. Yakkash kelini ko‘tarib kelgan tugunni ichkariga olib kirmoqni o‘ylaydi.
Kutubxona ichi peshayvondan ko‘ra salqinroq, qaynoq garmsel epkinidan xoli. U, odatda, kitoblar terilgan javonlar orasiga bir amallab joylashtirilgan stolda tushlik qiladi. Yilning sovuq fasllarini ham shu xonada o‘tkazadi. Kunlar sal ilishi bilan esa, peshayvonga chiqadi. Uzun o‘rindiqning bir chekkasiga to‘shamcha tashlab, kunini eskirgan kitoblarni yelimlashu mutolaa bilan o‘tkazadi.
Ajib fe’li bor — ishga vaqtida kelib, vaqtida ketadi.
O‘rindiqni esa tushdagina bir zum tark etadi. Biroq kelini tushlik ko‘tarib kelgan kunlari bu yumush unga o‘limdan qiyin tuyuladi. Qani endi, quloqlari tom bitsa-yu, tashqi shovurni eshitmasa. Ammo, aksiga olgandek, qaynoq epkin qanotiga ilashgan o‘sha xunukdan xunuk ishorali sas, u ostona hatlamayoq izidan quvib yetadi. Qulog‘iga tirmashib, miyasiga o‘qdek qadaladi. Shunda ayolning shuuri ko‘zga aylanib, tashqaridagi holatni aniq ko‘ra boshlaydi: ana kelini yo‘g‘on qo‘ymichini lorsillatib, asta ketib bormoqda. Bahrom qassobning bo‘g‘zidan ko‘chgan xunuk ishorali sasdan, ya’ni ma’nodor tomoq qirishidan sergak tortgan boshqa erkaklar juvonga yeb qo‘ygudek tikilishgan. Har biri xayolan uni…
Sirasini aytganda, kelinigina emas, o‘tgan-qaytgan barcha qizu juvonlar kunda shu xil «ko‘rik»dan o‘tmoqqa majbur. Boz ustiga, narida bekat. O‘tkinchilarning keti uzilmaydi.
Aslida esa, hammasi mana shu bekatdan boshlangan. Qir oralab kelib, qishloq yoqalab o‘tadigan katta yo‘l bo‘yida bekat qurildiyu, ilgari bu sayhonlikda yolg‘iz bo‘lgan kutubxona qatoriga Bahrom qassobning do‘koni tushdi. Bir emas, ikkita. Birida o‘zi, ikkinchisida ukasi Abray qiltiriq o‘tiradi. Akasining g‘irt aksi bo‘lgan bu bandaning ayollar bilan sira ishi yo‘q. Kunda-shunda ulfatlar uzatgan bir piyola, yarim piyola ichimlikni liqqa yutadi-da, manglayi terlab, mudrab o‘tiraveradi. So‘ng esa, Eshqul somsapaz keldi. To‘rt-besh xodadan yemakxona qurib, tandir o‘rnatdi. Bekatga har avtobus kelib to‘xtaganda, qichqirib qo‘yadi: «Qaynog‘idan bor, kep qoling!» Ba’zan esa somsadan bo‘shagan tog‘orasini childirma qilib, chiyildoq ovozda maqtanib qo‘yadi: «Kasbimdan o‘rgilay, bizdi narsa ko‘chadayam pul bo‘laveradi».
U bu gapni aytarkan, har safar Sanam xola tomonga ko‘z tashlab qo‘yishni kanda qilmaydi. Nega deganda, allaqanday kitobxonlarni poylab kunini kech qiladigan ayolni hech tushunolmaydi. O‘zicha unga achingan bo‘ladi. Bahrom qassob esa, ayol qolib, kitobxonlarga achinadi. Qorin to‘yg‘izmaydigan bu zormandaga namuncha o‘ch bo‘lishmasa bular. Eshqul somsapazdan farqli o‘laroq, u kutubxonani do‘konga aylantirishni o‘ylaydi. Peshayvonli kattagina bino… Shu bahonada ayolning qarashlaridan ham qutulishgan bo‘lardi. U borida juvonlarga tikilish qiyin.
Azbaroyi mahliyo bo‘lganidan, gohida Bahrom qassob yomon qovun tushirib qo‘yadi, ya’ni ichkaridan qaytib chiqqan Sanam xolani sezmay qoladi. Ayol zina bosib pastga tushadi. Odatdagi og‘riqni sezmaydi. Bir oy muqaddam uni it talagan bo‘lib, zinadan tushib-chiqishda, o‘ng tizzasidagi jarohat izi simillab azob berardi. Bu gal buni sezmaydi. Oshiqmay borib, qassobga tiklanadi. Bahrom qassob go‘yo uni endi ko‘rayotgandek, beo‘xshov iljayadi: «Etdan tortaymi, xola?» Sanam xola indamaydi. Indamagani sayin Bahrom qassob battar taraddudlanadi. Ayol uning jundor ko‘ksiga, yo‘g‘on bilaklariga, go‘shtdor aftiga bir-bir razm solarkan, ko‘zlarida ma’no yo‘qligidan ajablanadi. Buni yaxshi bilsa-da, negadir har gal taajjublanaveradi.
U qassobni nigohi bilan «nimta»lab, nari o‘tadi. Yemakxonaga yetib-etmay to‘xtaydi. Ko‘zlari Eshqul somsapazni gangitib, stol tevaragida o‘tirganlarda qo‘nim topadi. Nechundir faqat tuk bosgan ensalaru yag‘ir yoqalarnigina ko‘radi. O‘tirganlar qiyofasini ilg‘amaydi, to‘g‘rirog‘i, ilg‘ayolmaydi. Shunda olam kir, tiriklik chirkin tuyuladi. Najot istab, ufqqa ko‘z tashlaydi. Ufq tuproq rangida, osmon ham shu tusda. Qaynoq garmsel borliqni to‘zonga burkamoqchidek, o‘qtin-o‘qtin quturadi. Oqibat, kishilik qiyofasi changga belanganu, ularda mana shu tuk bosgan ensalaru yag‘ir yoqalargina qolgandek go‘yo. Bundan uning yuragi battar siqiladi va beixtiyor tiliga shu gaplar ko‘chadi: «Xudoyimi-iy, bularni yaratib nima qilarding, a?!» Dardli bu sasni hamma, hatto naridagi Eshqul somsapaz ham eshitadi. Bunga javoban kimdir barmog‘i uchi bilan chekkasini qashlaydi: «Kitob o‘qiyverib, miyasi suyulib bitgan». Boshqalar buni zimdan tasdiqlaydi. To‘g‘ri-da, fe’li hech ayolnikiga o‘xshamaydi, na qarg‘anadi, na urishadi. Ayol degani ichidagini to‘ka qolsa ekan, nimadir deb javob aytsang. Bu esa sumrayib joningni oladi.
Sanam xola taassufli qiyofada peshayvonga qaytadi. Qanshariga ko‘zoynakni qo‘ndirib, qo‘liga sahifalari orasiga so‘ligan rayhon novdasi solingan kitobni oladi. Rayhonni qulog‘iga qistirib, tag‘in mutolaaga tutinadi. Biroq harflar chalkashib, miyasi hech narsa o‘qimaydi. O‘zining kitobga termulib o‘tirishi tevarakdagilarning istehzoli iljayishiga sabab bo‘layotganini ich-ichidan his etib, uzoqdagi mozortepaga ma’yus termulib qoladi. Quloqlar ostida enasining hazin ovozi sirg‘alib o‘tganini sezganday bo‘ladi: «Otang o‘r edi, qizim…» Sanam xola esa otasini eslayolmaydi. Sarg‘ayib ketgan kichkina suratini ko‘rgan, xolos. Suratdagi odam qaysarga o‘xshamas, qarashlari qat’iyatli, ziyolinamo kishi. Enasining ovozi quloqlarini siypalashda davom etadi: «Otang o‘lganda uch oylik chaqaloq eding. Otangni uying kuygur Berdi o‘pur urib o‘ldirgan. Mozorga ikki qop kitob yashirgani uchun qamab olib urishgan. Topib berasan kitoblarni, deyishgan. Otang o‘r edi, qoniga belashsa-da, churq etmagan. Xo‘sh, nima bo‘ldi. Bekitgan kitoblarining huzurini yer ko‘rdi…» Shu orada ovozlar almashinib, shuurida quyidagi so‘zlar jarangi sas beradi: «… kitoblar chiqdi, eski imloda ekan… Qo‘lga olgiligi yo‘q… Barmoq tegishi bilan titilib, to‘kilib ketadi deng. Qo‘rqdim men. Qulqoraning go‘rini boshqa yerdan qazidim. Kitoblarni shundaygina joyiga ko‘mib qo‘ya qoldim…»
Jamol go‘rkov bu gapni uzoq vaqt gapirib yurdi. Ammo bu kitoblarni kim ko‘mganu va qanaqa kitobligi bilan hech kim qiziqmadi. Negaki, xotiralar nihoyatda eskirgan, kitoblar qatori o‘tmish qa’riga allaqachon ko‘mib yuborilgan. U faqat Sayqal kampirning yuragida yashab kelardi. Keyin uni qizi Sanamga meros qoldirdi. Sanam xola har gal mozorga termularkan, o‘zi umrida ko‘rmagan Berdi o‘pirning go‘riga g‘isht qalamoq istaydi. Biroq bu borada ham u boshqa xotinlarga o‘xshayolmaydi. Andisha qiladi, o‘lib ketgan odamning nimasini yanasan? Enasining ovozida bu safar mamnunlik seziladi: «O‘pirman deb toza quturib ketgandi. Odil hukumat otib yubordi uni. Sen unda uch yashar eding. Qizamiqdan ana ketdi-mana ketdi bo‘lib yotarding. Berdi o‘pir otilibdi degan kuni shu yig‘labman-shu yig‘labman, hech aytgiligi yo‘q.»
Sanam xola otasini o‘ldirgan kimsaning kelbatini tasavvurida tiklashga urinadi. Avvallari tasavvuri qatidan shopmo‘ylov, qorato‘ri kimsa qalqib chiqardi. So‘ng uning o‘rnini Bahrom qassobga o‘xshash qiyofa egallardi. Qassob Berdi o‘pirga nevara. Ayol bu avlodga nisbatan adovat sezmaydi. Bahrom qassobning ayollarga behayolarcha tikilishinigina yomon ko‘radi. Ba’zan o‘tmishda yashab o‘tgan ayollar kabi yovqur, shaddod emasligidan o‘kinadi. U munislikning aksi bo‘lmish shaddodlikni jinidan yomon ko‘radi. Ayolga munislik, erkakka oriyat yarashadi, deb o‘ylaydi-yu, ammo goho o‘zining xokisorligidan juda g‘ashi keladi. Xayolidagi yovqur ayollardan biriga o‘xshamoq istaydi va beixtiyor o‘zini biydek dashtda, ot ustida tasavvur etadi. Qavatida kim deng, o‘zi kitoblarda ko‘p o‘qigan To‘marisga o‘xshash bir qiyofani ko‘radi. Chaqnoq ko‘zlari uzoqlarga tikilgan, qop-qora kokillarini shamol o‘ynaydi… Ayol unga tomon talpinadi. Ammo chaqnoq ko‘z juvonning oti quyundek uchqur, uni yolg‘iz qoldirib, biydek cho‘l chetiga hoshiya tortgan qirmizi rang ufqqa singib ketadi. Ayol alamda qolaveradi. Ba’zida esa ufqqa singgan qora birozdan so‘ng ancha burun o‘lib ketgan O‘g‘iloy momo siymosida qayta namoyon bo‘ladi. Momo viqorli odimlar bilan tikka bosib kelarkan, unga norozilanib boqadi: «Ayolsan, erkaklarni sal tiyib qo‘ysang bo‘lmaydimi, lallaymay o‘lgur!» Ayol uning qarshisida o‘zini gunohkor sezadi: «Qanday qilib, momojon?» Biroq savoli javobsiz qolib, xotiralar girdobi uni o‘z domiga tortadi, O‘g‘iloy momoning ayrim qiliqlarini endi tushunib yetayotganini anglaydi.
Momo darvozasi oldiga o‘rindiq qo‘yib, o‘tgan-ketganlarni kuzatib o‘tiradigan ayrim erkaklarni ayab turmasdi: «Nimasi bu, — derdi, — ayollarning etagini, qizlarning to‘pig‘ini tomosha qilib, yo uyingdan ilon chiqqanmi?!» Ko‘chada to‘dalashib, soatlab valaqlashib o‘tiradigan ayollarni ham nazaridan qochirmasdi. Hamma undan hayiqardi. Nimasidan hayiqardi? Siri nimada edi uning? Jiddiy bosh qotirilsa, o‘sha sirning tagiga yetish mumkindek edi. Biroq Bahrom qassobning ma’nodor tomoq qirishlari hamisha xayolini bo‘ladi.
Bahrom qassobning tomoq qirishidan, bekatga kelib to‘xtagan avtobusdan kim va qanaqa ayol tushganini qaramasdanoq ilg‘ash mumkin…
Har kuni shu ahvol.
Bugun ham u yonida yelpinib o‘tirgan keliniga bezovta tikilarkan, qo‘lidagi tugunni ichkariga olib kirmoqdan yuragi bezillab turardi.
— Ichkariga yur, salqingina, — dedi o‘zi cho‘chib kutayotgan noxush daqiqani imkoni boricha ortga cho‘zish umidida.
Kelini, yo‘q, degan ma’noda bosh chayqarkan, ketmoq uchun o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Sanam xola, kutib tur, tugunni qo‘yib chiqay, deyolmadi. Shuningdek, kelinini kuzatib qolishniyam o‘ylamadi. Shunchalik soddami u? Sirtdan qaraganda, shunday. Aslida esa, u tugun bahonasida qochardi. Biladiki, peshayvondan turib qanchalik qorovullik qilmasin, kelinini erkaklarning yerosti qarashlaridan asrayolmaydi. Erkaklarning qilig‘idan nomus qilib, qochardi. Eshikka yetmay, Bahrom qassobning bo‘g‘zidan ko‘chgan xunuk sas ortidan quvib yetadi.
U tugunni stol ustiga qo‘yarkan, bu safar ichkarida ko‘p o‘ralashmadi. Oshig‘ich iziga qaytarkan, tag‘in o‘sha tanish holatni ko‘rdi. Maydonda neki erkak zoti borki, barining ko‘zi keliniga qadalgandi. Qir bag‘rini yalab esayotgan qaynoq garmsel xuddi o‘chakishganday, juvonning etaklarini tortqilab, uning butun jismi-jahonini ko‘z-ko‘z qilmoqda edi. Stol tevaragida o‘tirganlardan kimdir beixtiyor «oh» tortib yubordi. Unga boshqasi qo‘shildi. Bu endi yangilik edi. Ilgari ular faqat ko‘z bilan cheklanishardi. Endi nigoh bilan «paypaslashish»ga qanoat qilolmaydigan bo‘lib qolishibdi.
Sanam xolaning bag‘riga o‘t tutashgandek bo‘ldi. Avvaliga zina bosib, pastga tushmoq istadi. So‘nggi zinada fikridan qaytib, najot qidirgandek, ichkariga yurdi. Tizzasini stol qirrasiga urib oldi. Og‘riq sezmadi. Ko‘zlarini alang-jalang qilib, nimadir qidirdi. Javon to‘la kitoblar, devordagi adibu shoirlarning suratlaridan siljib o‘tgan nigohi burchakdagi pechkada, aniqrog‘i, uning yonidagi chog‘roq boltada to‘xtadi. Nima uchun? Axir xayolida bolta yo‘q edi-ku. Nechun uni qo‘lga olmoqni istayapti? U ko‘zlarini tezgina boltadan olib qochdi. Shunda oqish devor tarhida O‘g‘iloy momoning siymosini ko‘rganday bo‘ldi. Momoning mahkam qimtilgan lablari quyidagi so‘zlarning sirg‘alib chiqishiga monelik qilolmadi: «Ko‘z zinokor…» Darvoqe, momoga kuch bergan sir shu emasmikan? U umr bo‘yi shu aqidaga amal qilib, sulloh erkaklarni ko‘cha yuzidan quvib kelmadimikan? Uni yomon ko‘rishardi, g‘iybatini qilishardi. Ammo u sira chekinmasdi. Chekinmas odamdan esa, turgan gap, hamma hayiqadi.
Sanam xola ko‘zlarini bir zumga yumdi. Quloqlarini ko‘zlari kabi yummoqning imkoni yo‘qligidan o‘kindi. Qaytamga butun vujudi quloqqa aylangan, tashqaridan kelayotgan ovozlar uning ich-etini kemirmoqda edi. Ana ensasini tuk bosgan yigitlardan birining, «bir kechagina…» degan gapini aniq eshitdi. Bunga javoban Eshqul somsapaz hiringladi. Bahrom qassob salobat-la tomoq qirdi: «Hadlaringdan oshmanglar-ov!»
Ayol shiddat-la tashqariga intilarkan, ostonadan hatlayotib, qo‘lida boltani ko‘rdi. Qachon olishga ulgurdi, buni o‘ylab turmadi. U yakkash bir narsani, bu hol ortiq davom etishi mumkin emasligini o‘ylardi. Anchadan beri ichida dimlanib yotgan alam sirtiga tepkan, maydonni erkaklardan tozalash qasdida yonardi. Birinchi bo‘lib stoldagilarni quvadi, keyin Bahrom qassob bilan gaplashib qo‘yadi. Eshqul somsapaz ana endi undan ko‘radiganini ko‘radi.
Ichkaridan bolta ko‘tarib chiqqan ayolni dastlab hech kim payqamadi. O‘rtaga endigina qo‘yilgan shisha bolta zarbidan chil-parchin bo‘lgachgina, ulfatlar u tomon o‘girilishdi va naq tepalarida dahshatli qiyofada turgan ayolni ko‘rdilar. Kimdir jonholatda boltaga qo‘l cho‘zdi. Ulgurolmadi. Boltaning to‘mtoq uchi tuk bosgan ensani qiyalab o‘tib, bu safar stol chetiga qarsillab urildi.
— E, bu quturibdi-ku!
Bu xitob o‘tirganlarga bolta zarbidan ko‘ra, kuchliroq ta’sir qildi. Ulfatlar bir zumda tum-taraqay bo‘lishdi.
— Qoch, tishlasa o‘lasan!
Ayolning nazarida, bu g‘alaba edi. Ammo bundan zarracha quvonmadi. U alamu nafratdan otash bo‘lib yonardi. Hayallamay qassobxona tomonga yurdi.
Bahrom qassob sochlari to‘zg‘igan, ko‘zlari bejo chaqnagan ko‘yi o‘zi tarafga bostirib kelayotgan ayolni odam bolasiga o‘xshatolmadi. Alvasti ham emas, nomsiz bir balo edi u. Dovdirab qolgan qassob qochmoq lozimligini angladi. Og‘ir gavdasini ilkis ko‘tarib, ortdagi eshikka intildi. Eshikdan narisi qiyalik edi. U ostonada qoqilib, pastga dumalab ketdi.
Sanam xola buni ko‘rmadi. Ko‘radigan ahvolda emasdi. U qassobni joyidan topolmagach, shuursiz bir holatda somsaxona sari intildi. Eshqul somsapazni qidirdi. Biroq u, balodan yiroq, deya allaqachon juftakni rostlagandi.
Ayol boltani qiya tutgancha, tandirga borib turtildi. Alanga taftini his etarkan, Eshqul somsapazni yo‘qotmoq uchun, avvalo, tandirni buzmoq kerak, deb o‘yladi. Bu o‘y miyasida charx urarkan, tandirni yiqitmoq bilan o‘z maqsadiga erishgandek edi. Ammo tandir mustahkam, unda o‘t gurillab yonardi. U boltani tashlab, tandir og‘zidan chiqib turgan shox-shabbalarga yopishdi. Ularni tutamlab duch kelgan tomonga itqita boshladi. Itqitilgan o‘tning bir qismi yemakxonaga borib tushganini sezmadi. Olov tili avvaliga epkin qayerlardandir surib kelgan qog‘oz parchalariga yopishdi. Boz ustiga, o‘t bor joyda shamolning jini quturadi degandek, dashtni quritib-qaqshatib esayotgan qaynoq garmsel bag‘ridan yulqinib chiqqan chog‘roq quyun yonayotgan qog‘oz parchalariyu sochilgan cho‘g‘larni og‘ushiga tortib, maydonda bir muddat charx urdi-da, yemakxona ortida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Undan do‘kon bilan yemakxona oralig‘ida taxlangan shox-shabbalarda olovli iz qoldi.
Ayol esa bularni sezmas, gursillatib tandirni chopmoq bilan band edi. Eshqul somsapaz tandir girdini pishiq g‘ishtdan ko‘targan ekan, bolta dami g‘ishtga urilib qaytardi. Oxiri u toliqdi. Asabi battar qaynab, boshini ko‘tardi va yemakxona bilan do‘konga o‘t tutashganini ko‘rdi. Beixtiyor qichqirib yubordi:
— Voy, yonayapti!
O‘ziga kelgan ayol jonholatda olg‘a intildi. Endi kech ekanligini anglab, qilmishidan qo‘rqib ketdi. Qo‘rquvi hayrat bilan almashindi. Dastlab ko‘zlariga ishonmadi. Yo‘q, yonayotgan do‘kon ichida haqiqatdan kimningdir boshi likillab turardi.
— Chiq-iy, kasofat!
Abray qiltiriq gandiraklab tashqariga chiqarkan, og‘zidan vino hidini burqsitib dedi:
— Uyg‘onsam, hamma yoq yonayapti. O‘zi nima bo‘ldi, a, xola?
Qishloq ahli va qochganlar es-hushini yig‘ib, maydonga oshiqqanlarida, do‘konlar tamomila o‘t ichida qolgan, bolta tutgan ayol, qavatida Abray qiltiriq, go‘yo sehrlanganday alangaga termulib turardi.