Alois Altsgeymer.
Neyropatologiyaning otasi. Insonning miya faoliyati so‘nishi, ya’ni o‘z ismi bilan ataladigan kasallikni kashf qilgan, o‘rgangan olim. Men uning ismini so‘nggi yillarda tez-tez tilga olaman. Bu so‘z menga ancha yaqin bo‘lib qolgan. Altsgeymer ellik bir yoshida o‘lgan. Yuragi sababli. Ehtimol, ko‘proq yashaganida bu xastalikka davo topgan bo‘lardi, men ham hozirgidek chorasizlik girdobiga tushib qolmasdim…
Yo‘q, men kasal emasman. Kasal bo‘lganimda kasal ekanimni bilmagan ham bo‘lardim. Altsgeymerga duchor bo‘lganlar menga o‘xshab qalam olib o‘z tarixini yozarmidi? Yo‘q, yozmaydi. Kechinmalarinimi? Bilmadim. Ular nimani his qilarkin o‘zi? Axir ular hech nimani eslolmaydi, nimani qoralasin? Bugun tongda nonushtaga nima yeganinimi? Yo‘q, yo‘q, sirayam yodiga kelmagan bo‘lardi.
Altsgeymer so‘zini ilk marta dadamni yaxshilab tekshirgan shifokordan eshitdim. U buni ancha-muncha izohlab berdi. Ha, ha, to‘ppa-to‘g‘ri. U rost gapirardi. Anchadan beri dadamning ko‘zoynagini o‘zim topib berayotgandim. U har kuni kitob javonining shundoq yuzasida turar, negadir dadam uni topolmasdi. Keyin… keyin dadam ishxonasini adashtirib qo‘ydi. Yetti yil avval bo‘shab ketgan ish joyiga borib o‘rnini birov egallab olganini aytib xunobi oshdi. Hozirgi ishxonasi haqida gapirsam, eslay olmadi… Men hayron bo‘lib qolaverdim. Parishonxotirlik. Esarlik. Onam qarilik alomatlari sezilayotgan dadamga yong‘oq yedira boshladi.
Va yana ko‘plab shunday holatlar bo‘ldiki, biz dadamdan jiddiy xavotir ola boshladik. Ishdan bo‘shatib, uyda parvarishladik. Asablari charchagan, yaxshilab dam olsin, o‘tib ketadi, deb sanatoriyga joylashtirdik. Bir kuni ko‘rgani borsam, dadam yo‘q. Qidirishga tushdik. Izlay-izlay qishloqdan topdik. Amakimning o‘g‘li o‘zi xabar qildi. Dadam ota uyiga kelib joylashib olibdi. Uyning hozirgi egalari – amakimning o‘g‘lini tanimay, to‘polon ham qilibdi. Marhum ota-onasini so‘roqlabdi…
Men dadamni aldab-suldab olib ketdim. Keldim-u eng yaxshi nevrologga ko‘rsatdim. Izlanishlar, tekshiruvlar, tajribalar… so‘ng men Altsgeymer bilan tanishdim. O‘shandan beri u biz bilan birga. Mening bu kasallik haqida o‘qimagan manbam qolmadi, bormagan shifokorim qolmadi, o‘tinmagan iltijolarim qolmadi. Lekin biror chora topolmadim.
Dadamni uyda parvarishlashga qaror qildik. Zotan, bu xastalar uchun eng maqbul yer shifoxona bo‘lsa-da. Ammo ishga ketganimda, onamning bir o‘zi qiynalishini bilardim. Nachora, oilamizda faqat uch kishi. Men allaqachon ko‘ngil qo‘ygan yigit bilan turmush qurishga ahdlashgan bo‘lsam-da, ammo biz hozir sovchi kutishga tayyor emasdik. Umuman olganda, oilamni bu holda tashlab, turmushga chiqish – aqlsizlik edi men uchun. Suyganimga bularni aytganimda, bari tugadi. Onasi dadamni jinnilar qatoriga qo‘shganidan so‘ng men hammasiga nuqta qo‘ydim.
Shunday paytda dadamning o‘g‘li yo‘qligi menga ham seziladi.
Onam ham har kuni uh tortib uxlolmaydi.
Dadam esa o‘g‘li yo‘q-borligini bilmaydi ham. U bir kuni meni ham tanimadi. Qizingizman, desam, onamga boqdi. Onam tasdiq ishorasini qilgach, ishondi, shekilli. Lekin nigohlari begona edi…
− Men biroz sayr qilib kelaman, – dadam bir kuni ko‘chaga otlanib qoldi. Sherik bo‘lishimizga unamadi. Nochor qo‘yib yubordik. Ko‘nglim bo‘lmay yashirincha ortidan ergashdim. Dadam xiyobonda sayr qildi. So‘ng ortga qaytdi. Uyimizni topolmay ancha qiynaldi… Qo‘llaridan tutib olib ketdim.
Bu voqealarga ham ancha bo‘ldi. Hozir dadam kasalxonada yashaydi. Men esa uyda. Har kuni ishdan chiqib ko‘rgani boraman. Bir yilki, meni tanimaydi. Dadam notanishlar bilan suhbatlashib ketaveradi. Har kuni bir xil mavzuda.
− Bugun rafiqam ko‘rgani keldi. Sen uni tanimaysan, – jilmayadi u. − Yana men yaxshi ko‘rgan mayizli pirog olib kelibdi. Choy ichib tanavvul qildik. Ertaga yana kelaman, deb ketdi.
Men sumkamdan mayizli pirog chiqaraman.
− Tatib ko‘ring, meniki ham mazali chiqqandir…
− Yo‘q, ovora bo‘lma. Yaxshisi, bolalaringga oboraqol.
Bolalarim bo‘lganida jon deb olib borardim. Ko‘p bora dadamga o‘zimni tanitdim, eslashiga umid qildim, oxiri indamay qo‘ydim. Muhimi, dadam o‘zini yaxshi his qilyapti.
Nochor ruhda uyga qaytdim: huvullagan xonalar yutaman deydi. Kitob javonimdagi qadrli kitoblarim hamroh. Birini olib o‘qiyman, hayotdan uzoqlashaman. Xayollar olamida bir dam yashab, kuch olaman. Ba’zan Anna Karenina bilan, ba’zan Onegin bilan yolg‘iz qolgim keladi. Ammo… ammo Altsgeymer yonimdan jilmaydi, u o‘zgalarni yonimga yo‘latmaydi. Men uni deb sevgan kishilarimdan ayrildim. U mendan quvonchlarimni tortib oldi. U meni yolg‘izlik o‘lkasining tutquni qildi.
Tongda ishga ketaman. Yozuv-chizuvlardan so‘ng, yana dadamning yoniga. Bu gal dadam onam olib kelgan mazali taomni maqtaydi. Mening yeguliklarimni olgisi kelmaydi. Qiziq, dadam onamni sira unutmaydi. Hatto bir marta bundan o‘ttiz yil avval qanday tanishib qolganliklarini ham so‘zlab berdi. Ko‘zlari namlandi… Yig‘lab yubormaslik uchun bo‘g‘zimdagi achchiq “tosh”ni yutdim, yutdim, yutdim… Yuragim yana bir tosh bilan to‘ldi.
Onam. Bizni tark etganiga ikki yildan oshdi.
Bu haqda dadamga sira eslatmadim. Eslasam, yuragimdagi toshlar bir-biriga urilib og‘riq beradi. Lekin bilmayman… onam qanday o‘lganini bilmayman. Ishdan uyga keldim. Onam yo‘lakda cho‘zilib yotar, dadam esa xotirjam gazeta o‘qib o‘tirardi. Darhol “Tez yordam” chaqirdim, yuragim to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Shifokor onamning vafot etganini aytdi. Dadam bizni kuzatarkan, bir so‘z ham demadi. So‘ng dadamni olib ketishdi…
Dadam oxirgi vaqtlar o‘zi bilan o‘zi so‘zlashishi, ko‘zlariga sharpalar ko‘rinishi va tajovuzkor bo‘lib qolganini sezgan edim, ammo… u hech qachon onamni unutmasligiga ishongan edim. Onamning bo‘ynida barmoq izlari qolgan edi…
Ha, dadamni har kuni ko‘rgani boraman. Ruhiy xastalar shifoxonasida dadamga o‘xshaganlari deyarli yo‘q. Altsgeymer faqat mening mehmonim. U ketmaydigan mehmon. Har kuni unga yuzlashaman. Faqat dadam uni tanimaydi. U kasal ekanini ham bilmaydi. Unga tashriflarimning ham farqi yo‘q. Lekin bugun…
− O‘sha kunni unutishni istayman, − dedi kutilmaganda. − Bu yerga boshqa kelma. Unutishni istayman.
Dadam shunday deb stoldan turib ketdi. Qarab qolaverdim…
Menimcha, bunday hayot hech qachon tugamasa kerak. Nazarimda, abadiy shu tarzda yashaymiz… Shu fikrga kelib turgan chog‘larim men bir insonni uchratdim. Biz tasodifan tanishib qoldik.
− Shifokorman. Altsgeymer kasalligi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boryapman… – suhbatimizning kulminatsion nuqtasi shu bo‘ldi.
− Mening dadam… – nihoyat kimgadir yorildim. Uzoq so‘zladim. Yuragimdagi toshlar pufaklar kabi yorilib-yorilib ketdi. Qandaydir yengil sezdim o‘zimni. Pufakchalar ko‘zlarimdan yosh bo‘lib chiqdi, yuzimga oqib tushdi. U beixtiyor ko‘zyoshlarimni artdi.
− Mening onam shu xastalikdan vafot etgan, − dedi u.
Altsgeymer uni ham yo‘qlagan ekan. Mehmon bo‘lgan ekan. Ammo o‘zi bilan birga onasini ham olib ketgan ekan.
− Men dadamdan ayrilishni istamayman, − najot bilan unga termildim.
− Men Altsgeymerni yengaman, − dedi u ishonch bilan.
Yuragimda umid gullari ochilgandek bo‘ldi. Qushdek yengil bo‘lib uyga qaytdim. Kitob javonimdagi do‘stlarim bilan yuzlashdim. Muhabbat qissasini qo‘limga oldim…
Altsgeymer hamon meni kuzatar, ammo xalal berolmasdi…
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 3-son