Albaniyalik yoshlarga bag‘ishlanadi.
Poli chiriy boshlagan yupun dahliz. Bir tabaqasi lang ochiq eshik yonida sarg‘ish charm jomadon. Ostonada xiyol uringan past poshnali tufli.
Ichkaridan sochlari silliq turmaklangan, o‘rtabo‘y, ko‘rimsizgina qiz chiqib keldi. Egnida bo‘g‘ma yoqa kulrang sviter, qora shim. Qo‘lidagi yomg‘irpo‘shni jomadon ustiga qo‘ydi, yelkasidan osma sumkachasini olib, tik turgan ko‘yi hujjatlarini yana bir qayta ko‘zdan kechira boshladi.
Hovlida, qari olma ostidagi supada qizning otasi — basavlat, ammo xasta chehrali qariya bukchayib o‘tirgancha tamaki burqsitardi.
Qiz sumkachasini ham jomadon ustiga qo‘yib, soatiga ko‘z tashladi. “Yana bir soatcha…” Azbaroyi vaqtni o‘tkazish niyatida oshxonaga chiqib qahva damlamoqchi bo‘ldi.
Hovlidan o‘tayotib, otasidan qahva ichgisi bormi-yo‘qligini so‘radi. Chol qimir etmadi. Qizning diqqati oshdi. “Buncha qovoq-tumshuq qilmasa-ya. O‘ynagani ketayotganim yo‘q-ku…”.
Qahva qaynatgichga suv to‘ldirib, plita ustiga qo‘ydi. Bir joyda turishga toqati bo‘lmay, barmoqlarini siqqancha u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi.
Qiz — bir yil avval dorilfununni imtiyozli tugallagan ingliz tili muallimasi, omadi kulib, xorijga ishga ketayotibdi. Enaga bo‘lib. Baribir omadi kulgani — bu yerdagi o‘qituvchining bir yilliy maoshi uch oyda qo‘liga tekkanidan keyin… Eshitgan borki, hammasi rosa havas qilishdi. Ayniqsa, sobiq kasbdoshlari. Faqat shu otasigina ro‘yxushlik bermadi. Har oy pul yuborib turishi, yana qo‘shni kampir bilan kelishib qo‘ygani — ozgina haq evaziga ob-ovqatdan xabar olib, supur-sidirlarga qarab berishini aytsa ham chehrasi ochilmadi.
“O‘zi nima istaydi mendan, — xunob bo‘lardi qiz. — Ming o‘lib-tirilganim bilan, bu yerda baribir kosam oqarmasligini, koshki bilmasa…”.
Qahvasini ko‘tarib, deraza yonidagi kursiga kelib o‘tirdi.
Stol ustidagi eski ilmiy-ommabop jurnal muqovasida chiroyli, biroq yoshi o‘tinqirabroq qolgan mallasoch ayol yangi kir yuvish vositasini reklama qilardi… Qiz o‘zi bilan birorta fotosurat olib ketmayotganini o‘yladi. Vaqt borida, hech qursa maktabdoshlari, kursdoshlari bilan tushgan ba’zi suratlarni olib olgani yaxshi bo‘larmidi… Har ehtimolga qarshi — balki, xorijdagi yangi tanishlari qiziqib so‘rab qolishar…
Aslida, bu ham vaqtni o‘tkazish uchun bir bahona edi.
Dahlizga qaytib kirdiyu jomadonga ko‘zi tushib, bir zum to‘xtadi. Kecha tunda, ko‘ziga uyqu ilinayotib, tuyqus, unutib qoldirayotgan nimasinidir eslagan, biroq turishga erinib, ertalab sumkaga solib qo‘yarman, degan xayolda uxlab ketavergandi… Jimjilog‘ini tishlab, peshonasini tirishtirdi. Nimani unutdi ekan… Oftob to‘sgich ko‘zoynak… yo‘q, uni oldi. Elektr suv isitgich… u ham jomadonda… Har qalay, shularga o‘xshash biror mayda buyum bo‘lsa kerak. Hamon eslashga uringancha yotog‘iga kirdi. Tokchadan suratlar solingan albomni oldi… Negadir yana fikridan qaytdi. Albomni joyiga qo‘yib, mehmonxonaga chiqdi. Bir muddat nima qilarini bilmay o‘ylanib turdi-da, borib televizor tugmasini bosdi…
Televizor tepasida qizning universitet diplomi nusxasi colingan oynali ramka ilig‘lik edi. Qiz g‘amgin kulimsiradi… Marhuma onasi oliy ma’lumotli kishilarga, mehmonxonasi devorida mana shunday ramkalar ilig‘liq xonadonlarga juda-juda havas qilardi. (Qiziq, boshqa yurtlarda ham odamlar diplomlari nusxasini ramkaga solib, mehmonxonadagi eng ko‘zga ko‘rinarli yerga ilib qo‘yisharmikan, yo faqat Albaniyada shundaymikan?)
O‘zi o‘qiyolmay qolganiga yarasha, onasi uchala farzandini ham o‘qitib, oliy ma’lumotli qilishni astoydil diliga tukkandi. Bolalar maktabga borgan kunlaridan boshlab, har oqshom tepalarida turib, ikki-uch soatlab dars tayyorlatar; maktabdan yomon baho olib qaytganni hovlidagi olmaga bog‘lab savalardi… Biroq, odamning “o‘zida” bo‘lmasa qiyin ekan. Shuncha jon kuydirganiga qaramay, o‘g‘illarining ikkovi ham o‘qishga hafsalasiz chiqishdi. Katta o‘g‘il bolaligidan ota kasbi — duradgorchilikka qiziqardi. O‘qishni bitirgach, otasiga qo‘shilib zavodda ishlay boshladi. Juda mehnatkash yigit edi — bir yarim, ba’zan ikki smenalab ishlar, uyda odamlardan buyurtmalar ham olardi. Kichik o‘g‘il esa uning tamoman aksi — og‘ir mehnatga toqati yo‘q, oson yo‘l bilan mo‘maygina pul topsam, deydiganlardan; maktabni amal-taqal qilib tugatdiyu shahardagi eng katta mehmonxonaga ofitsiant bo‘lib joylashib oldi.
Onaning bor umidi qizida qolgandi. Uning uchun qiz qaysi sohani tanlashi muhim emas, ishqilib, oliy ma’lumotli bo‘lib olsa — shu kifoya. Qizning o‘zi ham maktabda yaxshi o‘qigandi, lekin hujjatlarini ingliz tili bo‘limiga topshirib, har qalay juda baland dorga osildi. Onani xavotir bosdi — bunday dargohlar eshigini ba’zilar uch-to‘rt yillab qoqib ham ocholmay qaytib ketishardi… Ammo, peshonasiga yozilgan ekanmi, do‘st-dushmanni dog‘da qoldirib, qiz birinchi yiliyoq o‘qishga qabul qilindi. Ko‘chalarida bo‘ldi duv-duv gap… Bunaqangi omad haligacha na qarindosh-urug‘, na mahalla-ko‘ydan biror kimsaga nasib etgandi. Quvonchdan esankirab qolgan ona, kimni ko‘rsa og‘zini to‘ldirib; “qizim falo-on yerda o‘qiydi”, deb maqtanadigan bo‘ldi…
Xuddi o‘sha yili boshqa bir voqea ham yuz berdi — Iskandarbey xiyobonidagi Anvar Xo‘ja haykali ag‘darildi.
Hokimiyat o‘zgardi… O‘shanda qanchalar suyuganlari, ko‘chalarga, xiyobonlarga chiqib, bir-birlarini tabriklab bayram qilganlarini, odamlar besh-olti yildan so‘ng peshonalariga urib eslaydigan bo‘lishdi — tuzum o‘zgarishi bilan ko‘p o‘tmay hammayoq alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi… O‘lkada juda og‘ir iqtisodiy tanglik yuzaga keldi. Xomashyo yo‘qligidan aksar zavod-fabrikalar yopildi. Aholi ishsiz qola boshladi…
Ishsizlik qismatiga oilada eng avval otasi duchor bo‘ldi — zavoddagi ish o‘rinlari qisqaruviga tushdi. Keyin zavodning o‘zi birato‘la yopilib, katta akasi ham ishsiz qoldi… Akasi zavodda sakkiz yil mobaynida ishlab topgan pulini yemay-ichmay, uy olishga yiqqandi.
Endigina uy sotib olib, uylanib, bola-chaqa qilgan kezi, “Vefa — Bank” darang-durungi boshlandiyu Tirananing yarim aholisi kabi u ham laqqa tushdi — qo‘ygan jamg‘armalarini, va’da qilinganiday, tez orada mo‘may-mo‘may foydasi bilan qaytarib olayotgan odamlar, bankka tobora katta miqdorda pul o‘tkaza boshlashgandi; akasining qo‘shnisi esa tavakkal qildi — yashab turgan ikki xonali kvartirasini pullab, mablag‘ning hammasini bankka qo‘ydi va oz fursatdan so‘ng yirik daromad bilan qaytgan puliga uch xonali kvartira, yana eskiroq avtomobil ham sotib oldi, buni ko‘rib tinchini yo‘qotgan akasi, hech kimning gapiga quloq solmay, shosha-pisha qo‘shnisining ishini takrorladi va … bor-budidan ajradi — pul o‘tkazgan kunidan bir oy o‘tar-o‘tmas, bankning “singani” haqida ovoza tarqadi… Shaharda to‘s-to‘polon ko‘tarildi. Odamlar “pulimizni undirib ber”, deb Solih Berishaning yoqasidan olishdi; prezident tayinli ish chiqarolmagach, kishilarning o‘zi qurolli to‘dalar tuzib, bank boshqaruvchilarining uylariga hujum qila boshlashdi. Kimlardir pulini qaytarib ololdi ham… Zo‘ravonlikni eplolmaganlar esa dodini aytib qolaverdi… Shunday qilib, sho‘ring qurg‘ur Albaniyaning katta miqdorli ishsizlari yoniga, undan-da kam bo‘lmagan miqdorli uysizlar ham qo‘shilishdi. Uysizlar, agar ayni vaqtda ishsiz ham bo‘lishmasa-ku, biror arzon-garov uyni yo hech qursa bittagina xonani ijara olib yashab turishlari mumkin edi, aks holda, qarindoshlarga sig‘indilik qilishdan o‘zga choralari qolmasdi…
Qizning akasi ham, avval o‘zi, keyin xotini ishsiz qolgach, ashqol-dashqolini ko‘tarib onasining uyiga ko‘chib keldi.
Ikki xona, bir ayvondan iborat uyda sakkiz jon tiqilishib yashay boshlashdi. Uydagilar bir-birlari bilan chiqisholmasdi — yangasi onasi bilan, kichik akasi katta akasi bilan…
Otasi esa bu uyda begonadek edi… O‘zi azaldan birovga qo‘shilmaydigan, tajang, “soqov” odam, ishidan ajragach, butunlay “yovvoyi”ga aylandi.
Uzzukun hovli burchagidagi ustaxonasiga qamalib olib, kerak bo‘lsa-bo‘lmasa biror nimani yo‘nib-randalab o‘tirar, ba’zan o‘sha yerda tunab ham qolaverardi. Ro‘zg‘orga nafi tegmayotganidan uyalarmidi, dasturxonga chaqirsalar, sira kelmasdi. Ovqatini ham ustaxonasiga olib kirib beradigan bo‘lishdi…
Qiz otasi bilan o‘tirib, biror nima haqida gaplashganini eslolmasdi… Mahallada esa ba’zilar cholni hatto biroz esipastga ham chiqarib qo‘ydi. (Bundaylar qarindoshlar orasida ham topilsa kerak). Ko‘chada o‘ynab yurgan bolalar uni ko‘rishlari bilan qo‘rqib qochib ketishardi…
Uylarida endi faqat ikki kishi — onasi va kichik akasigina ishli edi. Katta akasining topish-tutishi tayinsiz — ahyon-ahyonda qo‘shni-po‘shnilardan buyurtma tushib qolishini aytmasa, aksar vaqtini bozordagilarga “yordamchilik” qilib o‘tkazardi. Qiz bilan yangasi ikkovlon, sutchi qo‘shnilaridan picha ish olishgan — erta-azon turib, mijozlarga sut-qaymoq eltib berishar, kechqurunlari ham chiqib, yana u-bu ishlarga qarashib qaytishardi.
Qora qozonlari qaynardi, ishqilib.
To‘rtinchi kursga o‘tganida, katta akasi oilasi bilan xorijga jo‘nab ketdi — yangasining besh yildan beri Gretsiyada yashab-ishlayotgan qarindoshi er-xotinga o‘sha yerdagi qurilish shirkatidan ish topib berdi… (Bo‘lg‘usi maoshlardan to‘lanajak yaxshigina “cho‘tal” evaziga, albatta.) Xatlarida nuqul, u yerdagi hayotning qimmatligi, “cho‘tal”dan orttirganlari qorin to‘yg‘azishga kifoya qilmayotganini nolib yozardi…
Ko‘p o‘tmay, kichik akasi ham jo‘nadi — xotinining uyiga. Mehmonxonada bufetchi bo‘lib ishlaydigan, o‘zidan yetti yosh katta, avval ikki marta erdan ajrashgan ayolga uylanmoqchi ekanini eshitganidayoq, onasi “ultimatum” qo‘ygandi; “agar o‘shani deydigan bo‘lsang, qaytib qorangni ko‘rsatma”. Akasi shunday qildi ham — qaytib qorasini ko‘rsatmadi…
Universitetni bitirishi arafasida onasi ham ketdi. Yurak xurujidan… Onaning yo‘l-yo‘rig‘isiz biror qadam bosib o‘rganmagan qiz, bo‘ron quturib kelayotgan ummondagi yakka qayiqchi misol sarosimada qoldi… Bir yoqda yana tirikchilik vahimasi — maktab muallimining maoshi gadoyga sadaqaday gap edi bu zamonda.
Yaxshi hamki, xudo bor. Ma’rakaga kelgan qarindosh ayol, xorijlik bir sarmoyadorning uyida oqsoch bo‘lib ishlayotgani, o‘sha uyga bolalarga qaraydigan enaga ham kerakligini aytib qolgandi; to‘lanadigan pul ishxonadagi oyligiga ikki baravar kelishini eshitib, qiz ertasigayoq uy egalariga uchragani bordi.
Endigina tetapoya bo‘layotgan egizak qizchalarga bir yilga yaqin enagalik qildi… Uy bekasi — ochiq yuzli, xushmuomala ayol qizni juda yoqtirib qolgandi; sarmoyador Albaniyadagi faoliyatiga yakun yasab, uyiga otlangan payt, agar rozi bo‘lsa uni ham o‘zlari bilan birga olib ketishlarini aytdi. Rozi bo‘lmay o‘libdimi — u yerda ish haqi yanada yuqori: otasi bilan bir uyda yashashdek uqubatdan qutuladi ham. (Chol oxirgi kunlar butunlay “aynigan”, kech oqshomlar hovlidagi supada o‘tirib olib qadim-qadim xalq qo‘shiqlarini ezilib xirgoyi qilar, buning oxiri esa, albatta, ho‘ng-ho‘ng yig‘i bilan tugardi…)
Onasidan o‘tgan irim-sirimchiligi bor edi — yo‘lga og‘irligi tushmasin deb, bo‘lajak safar haqida choldan boshqa hech kimga “churq” etmadi; faqat uchoqqa chipta olinganidan so‘nggina, uch-to‘rtta yaqin qarindoshlari, dugonalariga xabar berdi, shunda ham ketar kunini aniq aytmadi…
…Xovlidan bolg‘aning bo‘g‘iq do‘qillashi eshitila boshladi. Qiz yana soatiga ko‘z tashladi. Nazarida vaqt juda imillab o‘tayotgandi.
Jomadonini ko‘tarib hovliga tushganida, otasi ustaxona eshigi yonida cho‘kkalab o‘tirib, tuflisining ko‘chib ketgan poshnasiga mix qoqardi.
“Aeroportgacha kuzatib bormoqchi shekilli. Bunaqa poyafzal bilan… — Ko‘ngli yana xijil bo‘ldi. — Yuborgan pullarimdan yangi ust-bosh olib kiyish, hoynahoy, esiga ham kelmasa kerak…” Qiz birinchi maoshidanoq yaxshi poyafzal, uch-to‘rt sidra kiyim-kechak olib jo‘natishni dilidan o‘tkazdi.
— Men ketyapman… — turib-turib zo‘rg‘a og‘iz juftladi qiz. — Yo‘lgacha opchiqib qo‘ysangiz bo‘ldi. U yog‘iga o‘zim… — Otasi boshini ko‘targandi, gapi og‘zida qolib, qo‘lidagi jomadonni tushirib yuborayozdi — cholning qovoqlari yig‘idan qizarib-shishib ketgan, kipriklari hamon ho‘l edi…
Qiz turgan yerida serrayib qoldi.
“Ey xudoyim… Keragi bormidi shuni… Nima istaydi o‘zi mendan…”
Jomadonni yerga qo‘ydi. Qo‘llarini asabiy chog‘ishtirib, ichidagi o‘y tashiga chiqib ketishidan qo‘rqqanday labini tishladi.
Chol indamay kelib jomadonni qo‘liga oldi. Xiyol bukchaygancha eshik tomon yura boshladi…
Qiz hovlining sho‘rxok bosgan devorlariga xomush ko‘z yugurtirdi. Safar kuni belgilanganidan beri shu uydan chiqib ketadigan lahzalarini toqatsizlanib kutgandi. Eshik yonida turib esa, bu yerlardan butunlay bosh olib ketganida ham, mana shu olaqorong‘ulik, mana shu dilsiqar muhitning bir bo‘lagi yuragida toabad yashab qolishini sezdi…
Tush payti bo‘lgani uchunmi, ko‘chada hech zog‘ ko‘rinmas, changga qorishgan chirik xazon parchalari shamolda yer bag‘irlab uchardi. Yomg‘irpo‘shining cho‘ntagiga qo‘l suqqancha, atayin besh-olti qadam ortda borayotgan qiz qo‘ni-qo‘shnilardan kimdir uchrab qolmayotganiga suyunardi — shu topda birov bilan xayr-xo‘sh qilishga sira tobi yo‘q edi.
Katta yo‘l betiga chiqishlari bilan, nariroqda to‘xtab turgan taksi jomadonli yo‘lovchilarni ko‘rib joyidan jildi… Juda qisqa fursat — jikkakkina tepakal haydovchi jomadonni yukxonaga joylab bo‘lgunicha ota-bola yonma-yon qolishdi. Qiz otasining biror nima deyishini istardi. Safarga ketayotganlarga aytiluvchi oddiygina biror nima… Tuflisi oyog‘ini siqa boshlagandi. Yo‘lning narigi betidagi berk gazeta do‘koni yonida kalta yomg‘irpo‘shli, gavdasi beso‘naqay ayol peshtaxtaga suyangancha pista chaqar, ro‘mol ostidan chiqib qolgan bir tutam oq aralash sochi shamolda to‘zg‘ab yuz-ko‘zlariga urilardi… Qiz unutgan narsasini esladi — ro‘mol, aeroportda o‘rab olish uchun olgan yangi ro‘moli javon ustida qolib ketgandi…
Eshik tutqichini ushlagancha yana bir oz kutdi. Choldan sado chiqmasdi.
— Xayr… — dedi qizning o‘zi nihoyat. “Xayr, dada”, demoqchi edi, oxirgi so‘z bo‘g‘zida qotib qoldi… “Yo xudo… nahotki hozir ham indamay turaversa…”
Qizning sabri tugadi. Mashinaga o‘tirib, eshikni yopdiyu jahl bilan sumkasini kavlashtira boshladi. Ko‘z-ko‘zga tushishidan qochardi…
Shofyor motorni o‘t oldirgach, baribir boshini ko‘tardi. Chol hamon o‘sha alpozda — qo‘llari shalvirab, boshi xiyol so‘lga oqqancha baqrayib turardi. Nimanidir kutardi go‘yo…
Faqat aeroport yo‘liga burilishlari oldidan… Qiz “lop” etib qarshisida paydo bo‘lgan manzarani haydashga urinib, ko‘zlarini chirt yumdi… Shundoq bog‘cha panjarasi ortidagi yo‘lda avtobus ketib borardi. Tarbiyachi to‘rt yashar qizchaning yelkasidan changallab ushlagancha bolalar tizilishib o‘tirgan yozgi ayvoncha tomon sudrar; havoda, yaqinda suv sepilgan asfalt, qandaydir o‘t-o‘lanning o‘tkir isi, nonushtaga pishirilayotgan bo‘tqa yormasining hidi qorishib ketgandi… “Da — da — a — a, da — da — jo — o — on, ket — ma — a — ng…” Qizcha mo‘jiza yuz berishiga umid qilmasdi, faqat eng yomon ko‘rgan yerida yana qolayotganiga osonlikcha ko‘nishni istamay, bor ovozi bilan baqiraverdi…
Mo‘jiza esa yuz berdi… Uzoqlashib ketgan avtobus birdan to‘xtadi… Otasining egnida… yengi kalta havorang ko‘ylak… boshini sarak-sarak qilgancha yo‘l yoqalab yurib kelardi… Tarbiyachining “hay-hay”lashiga qaramay, otasi uni uyga qaytarib olib ketgan, adashmasa, o‘zi ham o‘sha kuni ishiga bormagandi. Yo‘lda bozorchaga kirib o‘tishgani, keyin hovlidagi supada oyoqlarini osiltirib o‘tirgancha rosa yeryong‘oq chaqqani, qarsillatib ko‘ksulton yegani esida… “Yo parvardigor … axir… bo‘lgandi-ku, shunday kunlar ham… bo‘lgandi…”
Agar hozir… Axir hali vaqt bor… Shofyordan ortga qaytishni so‘raydi, borib… ko‘ngilni ko‘taradigan, tasalli beradigan biror nima deydiyu… yana qaytadi. Axir buning iloji bor hali… Qiz bir lahzagina taraddudlandi. Bir lahzagina… Keyingi lahzada bu telbalikday bo‘lib tuyuldi. Shashtidan tushdi… “Baribir foydasi yo‘q, — bo‘shashib o‘yladi qiz. — Baribir… baribir endi kech…”
Chindan ham endi juda kech — mashina allaqachon aeroport yo‘liga burilib, tep-tekis asfalt uzra shamoldek yelib borardi…
Qaytib uchrashmasliklari — atigi ikki oydan so‘ng, otasi ham xuddi onasi kabi yurak xurujidan vafot etishini, qiz albatta, bilmasdi hali. Niyat qilganidek, birinchi maoshidan sotib olgan pishiq tagcharmli poyafzal, umrining oxirigacha doimiy va yagona hamxonasi bo‘lib qolishi va umrining oxirigacha — keksaygan sari ko‘proq — tushlarida o‘zini katta yo‘l yoqalab, otasi qolgan bekat tomon yugurib ketayotgan holda ko‘rishini ham, tabiiyki, bilmasdi hali…
Toshkent— Tirana— Madina
2001— 2002 yillar.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 3-son