Bo‘yog‘i ko‘chib ketgan qator eshiklarni birma-bir ochib-yopib, endigina ikkinchi qavatga ko‘tarilayotgan edimki, qadamim sustlashdi – nazarimda, oxirgi xonada juda tanish allanimaga nigohimni urib olgandek edim. Vaqtim tig‘izligini bahona qilib (garchi vaqtim u qadar tig‘iz bo‘lmasa-da) yo‘limda davom etaverdim. Yuqori qavatdan, nihoyat, kerakli odamni topib, mo‘ljaldagi yumushni bitirib qaytib tushayotganimda ham xuddi shunday qilishga chog‘langandim-u, lekin iloji bo‘lmadi – birov qo‘limdan ushlab tortdi go‘yo va yarim soatgina avval mo‘ralab o‘tganim – yo‘lak adog‘idagi xonaga beixtiyor qayta bosh suqdim.
Oddiygina xona, qo‘shnilaridan deyarli farqi yo‘q – eski-tuski yozuv stollari, qalin-qalin papkalar taxlab tashlangan oynasiz shkaflar… Devorlar yalang‘och, derazalar pardasiz… Bu yerdagi odamlarning tusi ham xonaning o‘zi kabi sarg‘ayib-uniqib ketgandek edi go‘yo. Har gal «yozuv-chizuv idoralari»ning mana shunday xonalariga kirib qolib, erinibgina qog‘oz qoralayotgan yo mashinka chiqillatib va yo shunchaki esnab o‘tirgan xodimlarning tajang, zerikarli qiyofalariga ko‘zim tushganida, ularning bari qorni och yo uyqusi kelayotgan, hatto boshi yoki tishi og‘riyotganday bo‘lib tuyulardi va, rosti, o‘zimning ham qornim ochib, uyqum kelib ketardi ba’zan… Kimdir, «Xo‘sh, xizmat?» deganday tomoq qirdi. Boyadan beri gap-so‘zsiz, nuqul alang-jalang bo‘layotganimdan o‘ng‘aysizlanib, go‘yo eshikni yopishga chog‘langan kishidek ortga tisarildim. Ko‘zim esa ketar jafosiga hamon olma-kesak terardi. Hanuz diqqatni tortguday hech nimani ilg‘amagandim, lekin, baribir, xonada nimadir bor edi – ko‘rmasam ham, borligini sezardim…
Bunday holatni ilgari ham boshdan kechirgandim… Talabalik yillari bizni oliygohdan sabzavot terimiga, G‘azalkentga olib chiqishgandi. Bir kuni qizlar bilan kiyim-kechaklarni chaygani anhor bo‘yiga tushgandik. Qirg‘oqqa cho‘kkanimizda, tuyqus, ro‘paradagi uylar oralab nimadir ko‘zimga allanechuk tanish ko‘rinib ketdi. Atrofga alanglaganim sari shuurim taranglashar, go‘yo yana ozgina, ozginadan so‘ng nimanidir topib oladigandek va o‘sha nimadir qaysidir olis xotirani qorong‘ilikdan tortib chiqaradigandek edi… Va shunday bo‘ldi ham – ko‘zim bir-biriga o‘xshash qator uychalarning qizil tunuka tomlari osha-osha, o‘ttiz qadamcha naridagi temir ko‘prikka, keyin ola-bula shlagbaum, undan so‘ng shlagbaumchi cholning qari chinor ostidagi eski kulbasiga tushdiyu… Xotiramda bir nima «yarq» etdi… Esladim… Shu o‘rtada bir qarindoshimizning dalahovlisi bo‘lardi. Uydagilar bilan bu yerga tez-tez kelib turardik… (O‘sha qarindosh bilan keyinchalik uzoqlashib ketganmiz, shekilli – bu atrofga qadam bosmaganimga o‘n yillardan oshgandi, har qalay). Ko‘z o‘ngimda g‘ira-shira manzaralar jonlana boshladi… Huv o‘sha ko‘prik ostida to‘lib oqayotgan anhorning yam-yashil suviga qarab vahmim kelgani… Shlagbaumchi o‘ris chol, tepakal boshidan qishin-yozin do‘ppi arimaydigan, xiyol qorindor, xushchaqchaq qarindoshimiz, uning qora-qura bolalari… Dalahovlidagi kichkinagina hovuz, nahang shaklidagi cho‘milish baloni… («Nahang» hali ham «tirik» – boloxonaning eski-tuskilar saqlanadigan burchagida chang bosib yotardi). Bir gal aynan shu sohilda kabob pishirganimiz, «emayman» deb xarxasha qilganimda, qarindoshimiz, «Bo‘lmasa, men yeb qo‘yaman», deb «qo‘rqitgani», keyin onam sixdan chiqarib tutayotgan go‘shtni negadir shosha-pisha og‘zimga solganim… Onamning o‘sha paytdagi kalta, guldor kremplin ko‘ylagigacha xotirladim… Odamzot o‘zi qo‘nib o‘tgan yerlarni uzoq yillardan so‘ng ham qandaydir ichki sezgi ila tanib ola bilishi menga nihoyatda sirli tuyulgandi o‘shanda…
Eshik yonidagi stol egasi yana tomoq qirdi. Uning norozi tikilib turganini ko‘rib eshikni yopishga shoshildim. O‘sha chog‘ nigohim oqarib ketgan polga, so‘ng haligi tomoq qirganning loy ilashgan botinkasiga tushdi va birdan… Ko‘zimdan o‘t chiqib ketdi – topdim! Axir bu oddiygina ko‘tarilma – bolalarning bo‘yi yetsin uchun ko‘pincha boshlang‘ich sinflar xonalaridagina doska tagiga qo‘yiladigan bir enlik «minbar»… Maktab bo‘yicha faqat bizning sinfda bor edi shunaqasi!
Eshikni zichlab yopdimu tutqichni ushlagan ko‘yi turib qoldim… Atrofimni qoplagan pushtirang tuman oralab qizg‘ish-tillarang halqachalar jivirlay boshladi – yigirma yil avval darsga kechikib kelgan kezlarim xuddi shu eshik ortida, muallimaning toshdek nigohiga ro‘baro‘ bo‘lishdan qo‘rqib, dir-dir titrab turishlarim yodimga tushdi… Hamon tutqichni ushlagancha ortga o‘girildim… Bu g‘ira-shira yo‘lakda hali-hanuz o‘sha olis bolalik ruhi kezinib yurgandek edi…
Tashqariga chiqib yuragim tuz sepganday achishib ketdi. Bir paytlar qandayin fayzli edi-ya, bu yerlar… Boya bu yerga kirayotib, beton imoratlar qurshovida pastakkina ko‘rinib qolgan mana shu eski, endilikda bir necha mayda-chuyda idoralar joylashgan bino, yigirma yil avval o‘zim o‘qigan maktab ekani xayolimning ko‘chasidan ham o‘tmagandi. Atrof shunchalar o‘zgarib ketgan… Tanib bo‘lmaydi-ya. Biz o‘qigan mahallar bu ikki qavatli maktab binosi yon-veridagi eng baland, eng ko‘rkli bino edi. Tevaragida eski-eski uylar, darvozasi qarshisida esa mo‘jazgina choyxona bo‘lardi… Tanaffuslarda boshimizga ko‘tarib qiy-chuv qiladigan maktab hovlisi, hovli etagidagi ajib behizordan asar ham qolmabdi… Manavi yerda besh tiyinlik tsirkul uchi bilan qirib yozilgan «dastxat»larga to‘la yog‘och o‘rindiqlar bor edi. Yana jajjigina marmar favvora… Haligi sinfxona-chi? U qadar katta ham emas ekan – ichidagi bor bo‘lsa bir o‘ntacha odami bilan u juda tiqilinch – tirbanddek ko‘ringandi ko‘zimga…
Biz esa qirq ikkita edik.
Bizga sinfxona bag‘oyat keng va yorug‘ bo‘lib tuyulgandi…
…Partalardan yangi bo‘yoq isi anqirdi… Sinf suv quygandek jim – keyinchalik faqat diktant paytlaridagina cho‘kardi bunday jimjitlik… Maktab hovlisidagi tantanali nutqdan so‘ng ota-onalarimiz bizni «1B» deb yozilgan bayroqcha ko‘tarib olgan o‘rtabo‘y, ikki o‘rim sochi yerga tegay-tegay deb turgan ayolga topshirganlarida g‘ala-g‘ovur qilib turgan bolalar birdan jimib, qo‘rqib-pisib qolgandik – ayolning chehrasi bizga nihoyatda qahrli ko‘ringan, ehtimol, o‘sha ondayoq barchamizning ko‘nglimizda o‘ziga nisbatan g‘alati bir itoatkorlik uyg‘otgandi.
– Mana shu xona – sinfimiz, – degandi bizni ergashtirib kelgan ayol yo‘lak adog‘idagi xonaga yetganda. – Darslarimiz har kuni shu yerda o‘tadi. Adashtirmanglar.
Muallimaning ovozi unutib bo‘ladigan ovozlardan emasdi. U doim yumshoq tovushda, dona-dona qilib so‘zlar, lekin ifodasi har vaqt qat’iy chiqardi .
Sinfga kirgach, muallima hammamizni o‘g‘il bola-qiz bola qilib partalarga joylashtirdi. Faqat ko‘zoynak taqqan bitta qizchaga sherik yetmadi.
– Sen hozircha bir o‘zing o‘tira tur, – deb muallima uni birinchi qatordagi partaga o‘tqizdi (ko‘zoynagi bois, shekilli). Men va yuzini sepkil bosgan sherigimga ko‘zoynakli qizning ortidagi parta tegdi. So‘ng muallima sinf jurnalini ochib, yo‘qlama qila boshladi. Birma-bir turib-o‘tirdik.
– Mirkomilov Ismoil, – shu ism aytilganidagina hech kim javob bermadi.
– Mirkomilov Ismoil! – takrorladi muallima sinfga ko‘z yugurtirarkan. – Bormi shunday bola? – Yana hech kimdan sado chiqmagach, jurnalni chetga surib, o‘rnidan turdi. Doska yoniga kelib, qo‘llarini qovushtirdi va birdan bu tiyrak ko‘zli ayolning ovozi o‘zgacha jiddiy tus oldi:
– Bolalar, bugun biz sizlar bilan birinchi darsimizni boshlaymiz. Birinchi darsimiz…
Xuddi shu payt eshik taraqlab ochilib, sinfga o‘zidan ham kattaroq papka orqalagan, jingalak sochli, qop-qora, pak-pakana bolakay botinkalarini do‘pillatib kirib keldi. Kirdiyu muallimani ko‘rib taqqa to‘xtadi. Bir zum dum-dumaloq ko‘zlarini pirpiratib turdi-da, so‘ng biyron ovozda so‘rab qoldi:
– Bu «1B»mi?
– «1B», – dedi muallima bolani boshdan-oyoq kuzatarkan. – O‘zing kim bo‘lasan?
– Mirkomilov Ismoil! – dedi bola alohida urg‘u bilan, go‘yo juda muhim xabarni aytayotganday.
– Xo‘sh, Mirkomilov Ismoil, nega kech qolding?
Qoravoy aybdorlarcha yer chizdi.
– Bir o‘zing keldingmi?
– Oyimla bilan! – yana jonlandi u.
– Oying qanila?
– Uyga kettila.
– Nega sinfgacha opkirib qo‘ymadila?
– E-e, man nima, kishkina boxcha bolamammi?
Muallima kulib yubormaslik uchun labini tishladi.
– Mayli, katta bola, ikkinchi kech qolmagin. Xo‘pmi? – So‘ngra haligi ko‘zoynakli qizning yoniga ishora qildi: – Manavi yerga o‘tir, sening joying shu.
Biroq qoravoy «manavi yer»ga o‘tirishga shoshilmadi. Bir muallimaga, bir peshonasiga bitilayotgan sherigiga qarab olib:
– Man o‘tta o‘tirmiyman, – dedi.
Yuziga o‘zgacha jiddiy tus bergan muallimaning kapalagi uchib ketdi.
– Iya, nega o‘tirmas ekansan?
– O‘tirgim kemiyopti.
– Qatta o‘tirging kevotti, bo‘masa? – miyig‘ida jilmaydi muallima.
– Mavu chiroyli qizzi yonida, – bola qo‘lini bigiz qilib meni ko‘rsatgan zahoti yuragim qinidan chiqib ketayozdi.
Endi muallima kulgisini tiya olmadi.
– Bu chiroyli qizzi sherigi bor, – dedi yoshlangan ko‘zlarini arta-arta.
– O‘sha sherigi masho‘tta o‘tirsin, – dedi bolakay ko‘zoynakli qizning partasini ko‘rsatib.
– Qiziq bola ekansan-ku, – muallima darrov jiddiy tortdi. – U o‘zini joyida o‘tiribdi. San ham o‘z joyingga o‘tir.
– O‘tirmiyman!
Bolaning betgachoparligidan bu gal muallimaning rosmana jahli chiqa boshladi.
– O‘tirasan, – dedi u e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan ohangda. – O‘tirasan.
Bolakay bilan muallima bir necha daqiqa bir-birlariga tikilib qolishdi… Uch yil davomida bizga saboq bergan bu talabchan muallimaning mana shu tarzda tikilib qarashlaridan har gal jonim tovonimga sidirilib tushguday bo‘lardi. Lekin jingalaksoch bolaga bu ham ta’sir qilmadi. U xo‘mraygancha ortga chekinib, muallimanikidan-da qat’iyroq ovozda:
– O‘tirmiyman, – dedi. – O‘tirmiyman didimmi, o‘tirmiyman. Yo‘masa, bu mahtabga boshqa kemiyman. – Bola «gap tamom, vassalom» deganday bahaybat papkasini quchoqlab oldi.
Muallima shiftga boqib, og‘ir «uh» tortdi. Bu o‘jar bilan tortishib obro‘ topmasligini sezdimi yo shunchaki gapni ko‘paytirmay tezroq darsini boshlagisi keldimi, ishqilib, sal o‘ylanib turgach, mening sepkilli sherigimga oldingi partaga o‘tishni buyurdi. U hali o‘rnidan qo‘zg‘almasidan, jingalaksoch pildirab kelib «qani, tezroq joyni bo‘shat» deganday tepasida turib olgandi. Sepkilli yelkasini qisgancha oldingi partaga o‘tdi, ko‘zoynakli qiz burnini jiyirib, men tomon o‘qrayib qarab qo‘ydi.
Muallima, nihoyat, darsini boshladi. Zo‘ravon sherigim muallimani juda diqqat bilan, berilib tinglardi. Uni rosa sergap bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim, yo‘q, tanaffusga qadar menga qayrilib ham qaramadi. Qo‘ng‘iroq chalinib, muallima hammani sherik-sherigi bilan qatorga tiza boshlaganida qoravoy shartta qo‘limdan ushladi-da, qatorning boshiga sudrab ketdi. Muallima unga bir norozi qarash qildi-yu, lekin hech nima demadi.
Hovliga chiqqanimizdagina mening mitti sherigim ilk bor gap qotdi, yana qanaqa gap deng:
– San yiyishga nima opkelding?
Onam ismim yozilgan alohida surp xaltachaga non, hovlimizdagi uzumdan bir bosh solib berganida. «Omiyman, hammani oldida yiyishga uyalaman», deb xarxasha qilgandim. Maktabga yegulik ko‘tarib kelish juda xijolatli ishdek tuyulgandi menga. Lekin mittivoyning so‘rovidan keyin buning uyalarli yeri yo‘qligini sezib, ko‘nglim ancha joyiga tushdi.
– Uzum… – dedim.
– Uzummi?! – quvonchdan irg‘ishlab yuborayozdi u. – Man uzummi rosali yashi ko‘raman. Qanaqa uzum – oqmi, qorami?
– Qizil…
– Qiziliyam yaxshi. Man varaqi somsa opkegamman. Ko‘p. Yana adam qirq tin berganla, hali uyga ketvotkanda marojni ob yiyvuz. Bo‘ptimi?
Bu pakanagina bolaning qo‘li ochiqligi darhol menga ham «yuqdi».
– Manda ikkita kanfet bor, – dedim shosha-pisha, – san kanfetti yaxshi ko‘rasammi?
– Kaneshna, – dedi bola mening ham gapga qo‘shilayotganimdan suyunib. – Hali kotta tanaffusda yiyvuz. Xo‘p? Sani otiyn nima?
– Nodira… – dedimu yuzim lovullab yonib ketdi – ismimdan uyalardim, nazarimda, u juda g‘ayrioddiy va xuddi «traktor» deganday qo‘pol talaffuz qilinardi.
Qoravoy uzoq o‘ylanib qoldi. Mushkul bir nimaning ustida bosh qotirayotganday ko‘zlarini qisib turib:
– Nodira bo‘sa, yaxshi, – dedi, nihoyat. – Nodiraga xish qanaqa laqam yo‘. Mastur bo‘sayn, albastr diyishadi, Aqi bo‘sayn – qoqi, Surayyoni saryo, Marhamatti samakat… – Bola birpasda qator-qator laqablarni taxlab tashladi. – Boxchada hammaga o‘zim laqam qo‘yardim, – dedi gerdayib. – Mani otim Ismoil. Mangayam hish qanaqa laqam yo‘.
Qo‘ng‘iroq chalindi, hammamiz yana saf tortib sinfga kirdik. Ismoil bilan do‘stligimiz shu tarzda boshlandi…
Avvaliga Ismoil ham, men ham uncha yaxshi o‘qimadik. Lekin chorakning oxirida onam darslarimga juda qattiq turdi, natijada ikkinchi chorakka kelib sinfning eng a’lochi o‘quvchisiga aylandim. Muallimamiz hadeb meni maqtayverishlariga Ismoilning sal g‘ayirligi keldimi, birdan u ham darslarga zo‘r berdi. Men kabi tez o‘qishga urinib jumlalarni chala-chulpa, noto‘g‘ri talaffuz qilar, muallima qayta-qayta to‘g‘rilab o‘qishga majburlayverganidan qora terga tushib ketardi. Yozuvda-ku Ismoil qattiq oqsardi, faqat uchinchi chorakning o‘rtalarida zo‘rg‘a «4»ga ilingandi. Lekin hisob darsida Ismoilning oldiga tushadigani yo‘q edi. Beriladigan masala-misollarni ham bir zumda yechib tashlar; muallima biror savolni o‘rtaga tashlab, «Qani, kim javob beradi?» deganida boshqa o‘quvchilar o‘tirgan joylarida qo‘l ko‘tarsalar, Ismoil ko‘tarig‘lik qo‘li bilan muallimaning stoliga yetib qolardi. Biroq Ismoilning muallimamiz ko‘proq maqtab, hammaga namuna qilib ko‘rsatadigan tomoni uning juda tartibli, ozodaligi edi – yoqa-englari doimo oppoq yurar, papkasida barcha kerakli narsalar – chizg‘ich, o‘chirg‘ich, bosma qog‘oz, tsirkul, rangli qalamlar, siyoh tortilgan qo‘shimcha ruchka, hatto bo‘rgacha hamma vaqt taxt turar, kitob-daftarlarining top-toza jildi, ruchkasining esa g‘ilofi bo‘lardi. Biz daftar betlarining chetiga hoshiya chizishimiz shart edi, Ismoil o‘zi qiyshiq chizib qo‘yishdan qo‘rqib, menga hoshiya chizdirib olardi. Sinfimizda yonida dastro‘mol olib yuradigan yagona o‘g‘il bola ham o‘zi edi, shekilli.
O‘g‘il bolalar ko‘pincha qizlar bilan do‘stlashishni ep ko‘rishmaydi, hatto ular bilan gaplashishni uyat deb bilishadi – balki, boshqa bolalarning masxaralab kulishidan cho‘chishar. Qizlar ham shunga o‘xshash. Masalan, mening o‘zim ham ba’zan Ismoil ikkimiz tushlik qilgani bufetga birga kirganimizda boshqa bolalarning masxaraomuz qarab turganini ko‘rsam, juda yomon uyalib ketardim – garchi buni sezdirmaslikka urinsam-da. Lekin Ismoil bularga sira e’tibor bermasdi. Qor yog‘a boshlaganida bolalar qorbo‘ron qilmasligi uchun meni katta yo‘lgacha kuzatib qo‘yadigan bo‘lgandi…
Bolalikda qish o‘zgacha edi, nazarimda – qor ko‘proq yog‘armidi, qish ham uzoqroq davom etarmidi-ey… Bizning uy shundoq katta yo‘l betida joylashgandi. Maktabdan qaytayotib uyimiz mo‘risidan burqsib chiqayotgan tutunni ko‘rar va hozir issiqqina uyga kirishimni o‘ylab, ich-ichimdan yoqimli junjikardim. Uyga kirishim bilan onam darrov kiyimlarimni almashtirib, pechka yoniga o‘tqizardi. Singlim Vinni-Pux suvrati bor papkamni juda yaxshi ko‘rardi – papkani yerga qo‘ygan zahotim sevinib emaklab kelar, o‘zicha chug‘urlab uni u yoqdan-bu yoqqa ag‘darib ko‘rar, ochishga urinar, bir ish chiqmagach, yana chug‘urlab qayerlargadir emaklab ketardi. Keyin uchovimiz o‘tirib tushlik qilardik… Yo Parvardigor, qandayin osoyishta, farog‘atli damlar edi… O‘sha pechka, katak-katak qalin dasturxon, shisha sariyog‘ idish… To‘q sariq rang og‘ir darpardalar bor edi. Ularni ikki yonga surib qo‘yib, derazadan qor yog‘ishini tomosha qilardik. Qor tingach, dadam choponiga o‘ranib olib qor kurar, dum-dumaloq mitti kuchugimiz uning atrofida aylanib vovullar, qorga botib-botib qolardi.
U kezlar bayramlarda ham o‘zgacha tarovat bo‘lardi. Men hammasidan ham Yangi yil bayramini yaxshi ko‘rardim. Bizni avval kattakon archa yasatilgan zalga olib kirib Yangi yil tomoshasini ko‘rsatishgan, keyin qo‘g‘irchoq teatri… Oxirida qorbobo hammamizga sovg‘a ulashgandi. Archa o‘yinchoqlari tasviri tushirilgan qog‘oz xaltalardagi sovg‘a bir dona olma, bir dona apelsin, vafli, besh-oltita yong‘oq, popuklar va bitta kichikroq shokolad konfetdan iborat edi. Ismoil ikkovimizning sabrimiz chidamay sovg‘alarni yo‘lda ochib ko‘rgandik… Uyga kelib, kechgacha faqat bayram haqida tanmay gapirganimni eslayman. Nimalarni gapirgandim? Nimalarni shuncha uzoq hikoya qilish mumkin edi…
Qishning oxirlarida men shamollab qolib, o‘n kunlarcha maktabga borolmadim.
Tashqarini tomosha qilib yotishim uchun karavotimni deraza qarshisiga qo‘yib berishdi. Goh uchqunlab, goh pag‘a-pag‘a bo‘lib yog‘ayotgan qorni kuzatgancha maktabni, sinfdoshlarimni o‘ylar ekanman, yaqinda ro‘y bergan bir voqea tez-tez esimga tushib, ta’bimni xira qilardi…
Kasal bo‘lmasimdan bir hafta burun ona tilidan diktant yozdik. Ikki kun o‘tib muallima baho qo‘yilgan daftarlarimizni tarqatganida har galgiday og‘zimning tanobi qochib daftarimni ochdimu… So‘rrayib turgan bahaybat «ikki»ni ko‘rib, esim chiqib ketdi… Diktantda atigi bitta, bir donagina, lekin kechirib bo‘lmas xato o‘tgandi. Dahshat… «Vladimir Ilich Lenin»ning o‘rniga… «Dladimir Ilich Lenin» deb yozib qo‘yibman… («V» bilan «D»ning boshlanishidagi o‘xshashlik chalg‘itdi, shekilli.) Muallima doskaga chiqarib, butun sinf oldida rosa po‘stagimni qoqdi (o‘shanda ba’zi qizlarning bundan oshkora sevinganlari, «ajab bo‘lsin» deganday menga qosh uchirib-uchirib qo‘yganlarini eslasam, hali-hali ijirg‘anib ketaman). Yig‘lamoqdan beri bo‘lib turarkanman, bu ayanch ahvolimni, har qalay, Ismoil ko‘rmayotganiga shukr qilardim – o‘sha kuni u tish oldirgani borib, darsga kelmagandi.
Tomoshaning kattasi esa maktabdan qaytishda yuz berdi…
Mendan ancha oldinda yugurib ketayotgan ikkita sinfdosh qizga ko‘zim tushgandi. Sal turib bundoq qarasam, qizlar to‘g‘ri uyimiz tomon ketishyapti! Niyatlarini payqadimu, g‘azabdan qichqirib yuborishimga oz qoldi – ular «ikki» olganimni onamga «suyunchilash» uchun oshiqishardi!
Mana bunaqasini sira kutmagandim… To‘g‘ri, meni yoqtirmasliklari va buning sababini ham bilardim – ularning biri – huv o‘sha ko‘zoynakli qiz, azaldan menda «xusumati» bor, ikkinchisi ham sinfning eng qoloq qizlaridan – men esa «a’lo»chi edim, lekin eng muhimi – ularga rogatka otib, sochlaridan tortadigan «xuligan» bolalar Ismoil tufayli menga «churq» etisholmas va bu, albatta, qizlarning g‘ashiga tegardi. Bir martagina qoqilganimdan bu darajada quvonishlari, bu ham yetmagandek, o‘lganning ustiga tepganday ish qilayotganlari… Tishimni g‘ijirlatib, ortlaridan chopdim. Qorga dumalatib, tepkilaydigan vajohatim bor edi. Biroq qizlarga yetolmadim… Katta yo‘ldan o‘tgunimcha yaramaslar allaqachon eshigimga borvolib, jon holatda darvozani mushtlashayotgandi. Yo‘ldan yugurib o‘tdimu qo‘llarim shalpayib tushdi – darvoza ochilib, onam paydo bo‘ldi, chaqimchilar darrov birlari olib, birlari qo‘yib, qosh-ko‘z, og‘iz-burunlarini baravariga ishlatib, zavqu shavq bilan «xushxabar»ni yetkazisha boshladi… Men tomon tez-tez g‘olibona qarab olishardi. Lekin shu payt hech kutilmagan voqea sodir bo‘ldi: onam qo‘lini beliga tirab, birdan qizlarni shunaqangi qarg‘ab berdi, shunaqa quvib soldiki! Dastlab angrayib qolgan chaqqonoylar tiraqaylab qochishga tushishdi, men sevinganimdan turgan joyimda sakrab, chapak chalib yuborayozdim. Qanday ajoyib ish bo‘ldi, qanday ajoyib onam bor-a, bopladi ularni, rosa bopladi! Endi meni qancha urishsa urishaversin!
Lekin onam meni urishmadi. Faqat nega «ikki» olganimni so‘radi. Sababini aytdim. Ikkovimiz qotib-qotib kuldik…
Ertasiga Ismoil chaqimchilarning ta’zirini berdi. Tanaffusda obdan qorbo‘ron qildi. So‘ng hafsala bilan laqab yopishtirdi – ko‘zoynakli qizga «teleskop», boshqasiga labining ustida bilinar-bilinmas «mo‘ylab»i bo‘lgani uchun «Chapayev». Bu laqablar maktabni bitirgunlariga qadar Ismoildan «esdalik» bo‘lib qolaverdi…
Derazaga tikilib xayol sura-sura bir payt qarasam, oynaga burnini tirab Ismoil turibdi! Qo‘lida mening baqaloq kuchugim. U kuchukni ko‘rsatab nimalardir derdi, lekin nima deyotganini yaxshi ilg‘olmasdim – qulog‘imga uzuq-yuluq chalingan so‘zlardan kuchugimni maqtardi, chog‘i – qop-qora tugmachaday burniga chertib ko‘rar, ko‘ziga tushib yotgan «soch»larini to‘zg‘itib-to‘zg‘itib tashlar, panjasidan siqib, o‘zicha «salomlashgan» bo‘lardi… Oshxona tarafdan onam ko‘rindi. U hayron bo‘lgancha Ismoil tomon yurib kelardi. Keyinchalik onamning aytishicha, «Hey bola, san kimsan?» deb so‘raganida, «Man Ismoilman», debdi. «Qanaqa Ismoil?» desa, biram xafa bo‘lib ketibdiki… Men haqimda uyidagilarga gapirib bergan, «Ismoilman» desam bo‘ldi – darrov tanishadi deb o‘ylagandir-da. Shuning uchunmi, onam uni uyga boshlab kirganida biroz tumtayibroq turardi. Tomog‘imga o‘ralgan qavat-qavat dokani, karavotim yonidagi dorilarni ko‘rib rahmi keldi, shekilli, avzoyini o‘zgartirdi.
– Manavi yaxshi bola sandan xabar ogani kepti, – dedi onam unga po‘stinini yechishda ko‘maklasharkan. – Qandog‘ yaxshi o‘rtog‘ing borakan-a, man maktabda o‘qigan kezim kasal bo‘ganimda daje qiz o‘rtog‘larim kelib ko‘rishmagan. – Onam Ismoilga stulcha qo‘yib berib, o‘zi oshxonaga chiqib ketdi.
Ismoil uy kiyimida edi. Demak, maktabdan so‘ng avval uyiga o‘tgan. Onam chiqishi bilan u shosha-pisha:
– O‘qituvchuvzayam kasal bo‘p qoldila, kemiyoptila, – dedi. – Har kuni Shopiyoz (u pionervojatыy Shoniyoz akaga shunday laqab yopishtirgandi) bizaga qarab o‘tiripti. Dars o‘tmiydi, paqat ertay etiberadi. Mazza bo‘votti…
Bu xabarni eshitib menga ham rosa «mazza bo‘pketti». Juda soz – darslardan ortda qolmayman endi. Shunday «quvonchli» xabarni yetkazganidan Ismoilning o‘zi ko‘proq xursand edi. Birdan u «dik» etib turdiyu, «Man hozir», degancha dahlizga chiqib ketdi. Qaytib kirganida qo‘lida g‘ijim-g‘ijim qog‘oz paket bor edi.
– Esimdan chiqiy dipti, – dedi paketdan yarim litrli qizg‘ish bankani olarkan. – Nima oboriy duvdim, opam, «Shomollagan bo‘sa, malina murabbo oboraqo, choy qip ichsa, tuzaladi», didila.
Toza izza bo‘ldim… Axir Ismoilning o‘zi betob bo‘lganida uyiga borib ko‘rishni xayolimga ham keltirmagandim-da. U esa kasal ko‘rganda biror nima olib borishning fahmiga yetgan. Hatto, buni onasi bilan maslahatlashgan ham. Keyin shu sovuq, shu qorda atayin allaqancha yo‘l bosib kelgan… Qanaqa bola bu – Ismoil!
O‘sha kuni u yarim soat ham o‘tirmadi. Adashmasam, dadasi «Birma ertaklari» degan kitob keltirgani, hozir uni akasi o‘qiyotgani, o‘qib bo‘lishi bilan menga berib turishini aytdi. Keyin kecha televizorda ko‘rsatilgan «Uch baqaloq» filmi haqida gaplashdik. U sinfimizdagi bir «a’lo»chi bolaga «doktor Kaspar» deb laqab qo‘yganini aytib kuldirdi…
– Qandog‘ odobli bola ekan-a? – dedi oyim Ismoil ketgach. – Odamla bilan salom-alik qilishshi shu boladan o‘rgansayn bo‘larkan.
Ismoildan yana ko‘p narsani o‘rgansa bo‘lardi…
U paytlar mening juda yomon odatim bor edi – dastro‘mol, sharf, qo‘lqop degan narsalarni doim yo‘qotib yurardim. O‘sha qish ham birin-ketin ikki marta qo‘lqop yo‘qotib, buni onamga aytishdan qo‘rqib, maktabga qo‘lqopsiz qatnayotgandim. Qo‘llarim yaxshigina sovuq yerdi. So‘ng Ismoildan bir fikr chiqdi – u o‘zining qalin, to‘q siyohrang qo‘lqopning bir poyini menga berdi. Qo‘lqopli qo‘limizga papka ko‘tarib, qo‘lqopsizini cho‘ntaklarimizga solib oladigan bo‘ldik. Shu tarzda Ismoilning bir poy qo‘lqopi qish bo‘yi qo‘limni sovuqdan asradi…
O‘sha yili mart oyida ham juda ko‘p qor yog‘di. Maktabdan qaytayotib Ismoil bilan hali birov bosib o‘tmagan toza qorli yerlardan yurishni, keyin ortga o‘girilib, qorda qolgan etik izlarini tomosha qilishni yaxshi ko‘rardik. Ismoilning etigidan dumaloq-dumaloq, menikidan esa yo‘l-yo‘l izlar qolardi…
Bahor juda tez o‘tib ketdi. bizni «oktyabryat»lar safiga o‘tkazishdi. Biz maktab hovlisida qator tizilishib turardik. Alvon bayroq ko‘tarilgan, o‘n-o‘n beshta yuqori sinf o‘quvchilari do‘pillatib baraban chalishdi. Ilmiy mudirning nutqidan so‘ng qizlar ko‘ksimizga besh qirrali yulduzchalarni taqib qo‘yishdi. Bahor shabodasi biram iliq, biram yoqimli ediki…
Yillik baholarimiz yakunlanib, kitoblarni kutubxonaga topshira boshladik. Oldinda birinchi yozgi ta’til kutardi. Ota-onam meni lagerga jo‘natishni mo‘ljallashar, Ismoil esa oilasi bilan Farg‘onaning qaysidir qishlog‘iga ketayotgandi (dadasi harbiy bo‘lgani bois xizmat yuzasidan uzoq vaqt Farg‘onada yashagan; Ismoillar ta’tilni ko‘pincha o‘sha yerda o‘tkazishar ekan).
So‘nggi qo‘ng‘iroq kuni Ismoil bilan oxirgi marta birga muzqaymoq olib yemoqchi bo‘ldik. Menda o‘ttiz tiyin, Ismoilda bir so‘mlik so‘lkavoy bor edi. Biroq muzqaymoq do‘konining xuddi o‘sha kuni berk chiqqani hafsalamizni pir qildi. Ikkovimiz ham tumshayishib turgandik, birdan Ismoil dum-dumaloq qo‘zlarini chaqnatib:
– A davay, Sobirga boravuz? – deb qoldi (Sobir Rahimov nomli istirohat bog‘ini biz «Sobir» derdik; u yerda muzqaymoq hamma vaqt topilardi).
Bog‘ unchalik uzoq emasdi, lekin shu paytgacha u yerga kattalarsiz bormagandim.
– Yo‘masa, san sho‘tta tur, man yugurib borib opkelaman?
Uning qat’iyatini ko‘rib mening ko‘nglimda ham «xatarli sayohat shavqi» uyg‘ondi. Pildiragancha bog‘ tomon yo‘l oldik…
Aksiga olib, u yerda ham muzqaymoq yo‘q ekan. Ammo Ismoil quruq qaytadigan anoyilardan emasdi. Limonad ichib, bog‘dagi arg‘imchoqlarda uchib ketishni taklif qildi.
Arg‘imchoqlarni birma-bir ko‘zdan kechirdi, pulini chamalab ko‘rdi. Oxiri, goh tepalikka g‘izillab chiqib, goh pastga g‘uvullab tushadigan «poyezd» bilan tegirmon charxpalagini eslatuvchi bahaybat arg‘imchoqni tanladik. Ammo charxpalak yuragimga chinakam dahshat solardi – bir marta unga dadam bilan chiqib rosa ta’zirimni yegandim. Charxpalakning eng tepasiga ko‘tarilganda nafaqat yon-veri, butun Xadra bemalol ko‘rinar, odam pastga qarab qolsa bormi, o‘takasi yorilishi hech gap emasdi.
Biroq qo‘rqayotganimni Ismoilga bildirgim kelmadi. U meni aslimdan ko‘ra yaxshiroq deb o‘ylardi, agar uyda ba’zan kattalarga gap qaytarishim, ertalablar ko‘pincha o‘rnimni yig‘ishtirmay ketib qolishim, onam yashirib qo‘ygan konfetlarni yeb bitirishimni bilib qolsa men bilan sira do‘stlashmaydigandek edi. Undan hatto siyoh tekkan barmoqlarimni berkitishga harakat qilardim.
Arg‘imchoq sekingina aylana boshladi… Ismoil pinagini buzmas, men bo‘lsam allaqachon dir-dir qaltirashga tushgandim. Sal yuqorilaganimizning o‘zidayoq atrof yaqqol ko‘rinib qoldi… Bog‘ning qoq belidan kattakon anhor oqib o‘tardi, tepadan qarab o‘sha anhor «Otalar choyxonasi»ga yetgach, zinapoyasimon sharsharaga aylanib, kichkinagina ko‘lchaga quyilishini ko‘rdim. «Ko‘l»ning bir tomoni yam-yashil qiya tepalik, qirg‘oqda esa katta-katta oq xarsangtoshlar bor edi. Boshqa tomoni terakzor, ortida uch-to‘rtta juda eski, devor bilan o‘ralmagan kulbalar ko‘rinardi. «Ko‘l»dan keyin suv ingichka tortib, chakalakzor ichiga oqib ketarkan… Bu boqqa shuncha kelib, bunaqa joy borligini bilmagandim. Bolalikda yaxshigina xayolparast edim, darrov «fantaziya»m ishlab ketdi – «ko‘l» bo‘yini o‘zimcha allaqanday sehrlangan mamlakat deb tasavvur qildim. Terakzor ortidagi kulbalarda, shubhasiz, ertak qahramonlariga monand kishilar – o‘choqqa olov yoqib, charx yigirib o‘tiradigan vaysaqi yalmog‘iz kampir, ko‘za-obkashlarini ko‘tarib suv bo‘yiga keluvchi kambag‘al suluv qizlar, yetim o‘tinchi bola va albatta, ming yoshdan oshgan sehrgar yashardi, ko‘lda esa, tabiiyki, suv parilari…
Bu boqqa keyinchalik ham dugonalarim, uydagilar bilan ko‘p bor keldim. Har gal o‘sha ko‘l bo‘yini yaqinroqdan borib ko‘rgim kelar, lekin bir o‘zim borishga negadir yuragim betlamasdi.
– Qayoqqa anqayib qoldiyn? – Ismoilning ovozidan cho‘chib tushdim. Va nogoh pastga qaradimu… Qulog‘im shang‘illay boshladi – biz juda balandlab ketgandik… Sal bo‘lmasa, Ismoilga nimalar haqida o‘ylaganimni aytib yuborardim. Lekin tilimni tiydim va faqat:
– Qara anavi sharsharani, – dedim o‘sha tomonga ishora qilib.
– Qaysi sharshara?.. – Ismoil kattalardek kaftini peshonasiga soyabon qilib, men ko‘rsatgan tarafga qaradi. – Ve-e, shuyam sharshara bo‘ptiyu… Farg‘onaga bormagansan-de, rostakam sharsharala bor. Ko‘rsayn, oziyn ochilib qoladi… – Ismoil Farg‘onasini tasvirlay ketdi, gap orasi u yerdan menga xat yozib jo‘natishini aytganida bir g‘alati entikdim… Shu paytgacha hech kim bilan xat yozishmagandim. Bu menga xuddi detektiv kinolardagidek qiziq tuyuldi…
O‘sha kuni ham Ismoil meni mashina yo‘ligacha kuzatib qo‘ydi. Ikkimiz ikki yonga qarab yozgi ta’til qa’riga sho‘ng‘ib ketdik…
Lagerda men o‘n kun ham turolmadim – u yerda nuqul o‘ris bolalar ekan. O‘zbeklarning ham aksari o‘ris maktablaridan edi. Doim o‘rischa gapirishardi. Ularga qo‘shilolmay, lageri ham ko‘zimga xunuk ko‘rinib ketdi. Dadam har kelganida xarxasha qilaverib, oxiri uyga qaytib keldim. Lager degan joyga qayta qadam bosmadim. Yozning qolgan qismi goh uyda, goh amma-xolalarimnikida o‘tdi… Pochta qutisiga qarayverib esim ketardi, lekin Ismoildan biror marta xat olmadim…
Birinchi sentyabr kuni hammamiz yana maktabga keldik… Faqat Ismoilgina kelmadi. Men uni shunchaki kech qolyapti deb o‘ylagandim, lekin muallima dars boshida yo‘qlama qila turib, Ismoil endi bizning maktabda o‘qimasligi, oilasi bilan Marg‘ilonga ko‘chib ketganini aytdi…
Maktabda mening og‘ir kunlarim boshlandi. Endi o‘g‘il bolalar menga ham rogatka otib, yuzimga siyoh sachratishar, tanaffuslarda papkamni yashirib qo‘yishardi. Qizlarning-ku kuni tug‘di – endi himoyachim yo‘qligiga ishora qilganday tez-tez kesatiq gaplar bilan «chaqib» olishardi. Doskada javob berayotganimda adashtirishga urinib biri burnini qiyshaytirib, tilini chiqazsa, ikkinchisi, «Voy, Ismoo-iil», deb tagdor «uh» tortar, yana boshqasi, «Ismoo-ilu-uvv!» deb «yig‘lab» yuborardi… Menga ham darrov har xil bo‘lmag‘ur laqablar to‘qib tashlashdi, lekin Nodirani «chodra-Xadra» deyish, har tugul, hech kimning xayoliga kelmadi…
Ismoilni sira kechirolmasdim – ahvol shunday ekan, nega xat yozib aytib qo‘ya qolmadi? Manzilimni bilardi-ku, kundalik daftarining orqasiga yozilgandi… Yo kundaligini yo‘qotib qo‘ydimikan? Yo… xat yozgan bo‘lsa ham, yetib kelmadimi?.. Uyimizda telefon yo‘qligiga shunday achinardim… Agar o‘zim uning Marg‘ilondagi manzili yo telefonini bilganimdami?..
Ba’zan Ismoil tushlarimga kirardi… U ko‘pincha katta yo‘l betida turib menga qo‘l silkigan ko‘yi: «Hey, adresimni yozvol!» deb qichqirayotgan bo‘lardi, men qog‘oz-qalam olish uchun papkamni ochishga urinardim, u esa hech ochilavermas yo endigina yozishga chog‘langanimda… uyg‘onib ketardim… Faqat bir marta «Marg‘ilon, Nargis ko‘chasi…» deganini yozib ulgurdim. Tushlar g‘alati narsa-da – Marg‘ilonda Nargis ko‘chasi bormikan o‘zi?..
Bir gal esa juda yomon tush ko‘rdim. Go‘yo o‘sha birinchi sentyabr kuni emishu qop-qora kiyingan muallima: «Bolalar, Farg‘onadaligida Ismoilni mashina urib ketibdi», deyotganmish… Uyg‘onib, yuragim sim-sim uvisha boshladi – go‘yo voqea aslida ham shunday bo‘lganu muallima buni bizdan berkitganday… Ismoildek tartibli, doim so‘zida turadigan bolaning va’da berib, keyin xat yozmagani… Gohida buni muallimadan so‘rab ko‘rmoqchi ham bo‘lardim-u, yana yuragim betlamasdi – agar u, «Ha, rostdan ham shunday bo‘lgandi», deb qolsa nima qilardim?
Keyin esa sinfdosh qizlardan biri Ismoilni «Bolalar dunyosi»da ota-onasi bilan birga ko‘rganini aytdi…
To‘rtinchi sinfda bizni maktabning asosiy binosiga, yuqori sinf o‘quvchilari yoniga o‘tkazishdi. Qiziq-da, eski maktabda o‘qigan kezlarimiz qaysi qiz sochini qanday o‘rgani, kimning qanaqa po‘stin kiygani, qanaqa papka ko‘targani; ba’zi sinfdoshlarning qiliqlarigacha hali-hanuz yodimda. Masalan, Dilshod degan «ikki»chi bolaning xayol surib o‘tira-o‘tira birdan: «A? Nimani ko‘chirib olarkanmiz?» deb qolishi, o‘shandagi jovdiragan ko‘zlari… Mahfuza ismli qizning doim nimanidir kavshanib yurishi, uning partadoshi Mirjamolning yuz-qo‘llari doim siyoh bo‘lishi… Lekin katta sinflardagi qiyofalar nihoyatda g‘ira-shira… Hatto qaysi fandan kim, qachon dars berganini durust eslolmayman…
Maktab yillari ham «hash-pash» deguncha ortda qoldi… Keyin… Keyin vaqt g‘irillab aylanib ketdi go‘yo… Va aylanib-aylanib qorong‘i bir kechada to‘xtadi. Kecha izg‘irinli edi, bo‘ralab qor yog‘ardi. Darvoqe, bu payt men dorilfununning oxirgi bosqichida o‘qirdim va yana kechki kurslarga qatnab, ingliz tilini o‘rgana boshlagandim. Azbaroyi havasdan emas, hayot shunga majbur qilayotgandi. Bu davrga kelib turmush nihoyatda og‘irlashib ketgan – qimmatchilikdan kishilarning maoshi oziq-ovqatga-da uchma-uch yetmayotgan, kimlarningdir uyida ba’zan nonga ham pul topilmay qolayotgan – bozor iqtisodiga o‘tishning eng qiyin pallasi edi, xullas… Kun ko‘rish dardida hamma har yoqqa to‘zg‘idi – o‘qituvchilar, vrachlar ishini tashlab, o‘zini savdoga urdi, dotsent, professorlar turli firmalarga o‘tib ketdi.
Yoshlarga, talabalarga, ayniqsa, qiyin bo‘ldi. Misol uchun, men va kursdoshlarim kechagina, «o‘qishni bitirib, biror gazeta yo jurnalga ishga kirib olsak, yaxshi-yaxshi maqola, she’r, hikoyalar yozsak maoshimizu qalam haqiga farovongina yashayveramiz…» deb yurardik. Birpasda hammasi ostin-ustun bo‘lib ketdi…
U yog‘iga nima qilishni bilmay boshimiz qotib, oxiri uch-to‘rtta kursdoshlar ingliz tilini o‘rganmoqchi bo‘ldik. O‘sha kezlar shahrimizda ko‘plab xorijiy davlatlarning elchixona, konsulliklari ochilib, katta-kichik firmalar, qo‘shma korxonalar ishga tushayotgan – ingliz tilidan tarjimonlar, til bilgan mutaxassislarga talab oshgandi. Iqtidorli talabalar AQSh universitetlariga o‘qishga yuborila boshlagan – til bilganlarning imkoniyati ancha keng edi.
Darslarimiz kechki soat beshda boshlanar, qish emasmi, uyga qaytayotgan mahalim qorong‘i tushib ketgan bo‘lardi. Ha, o‘sha kungi vaziyatim chindan ham juda bema’ni – uydan chiqayotib shoshganimdan yonimdagi pulni sanamabman, cho‘ntagimga qo‘l suqqanimda bir siqim qog‘oz pul ilingandi, yo‘lkiraga yetar deb kelaveribman. Qaytishda tramvayga chipta olmoqchi bo‘lib qarasam, beshtagina bir so‘mlik qolibdi. Chiptalar uch so‘mdan edi. Agar hozir tramvayga to‘lasam, keyin holimga «voy» – uygacha yana ikkita transport – metro bilan trolleybusga o‘tirishim kerak. Avvalgidek chipta tekshiruvchining ko‘zini shamg‘alat qilib bo‘lmasdi – «quyon»lar ko‘payib ketganidan yo‘lovchilarni old eshikdan birma-bir tekshirib tushirishayotgandi… Yonimda ikki so‘m bilan nima xayolda metroga kirganimni bilmayman. Kirib, tanga olgani navbatga turdim. Orqamdagilarga umid bilan qarab qo‘yaman – axir odamlarimiz yaxshi, kimdir: «Etmayotgan bo‘lsa, men berib tura qolay», deb qolishi ham hech gap emas. Navbatim kelgach, cho‘ntagimdan haligi ikkita bir so‘mlikni chiqardim, so‘ng xemiri yo‘q sumkamni kavlashtira-kavlashtira, nihoyatda hayron bo‘lgan kishiday:
– Oy, devushka, kakaya nelepost, u menya okazыvayetsya ostalos tolko dva rublya, – dedim «xijolat» bilan.
Qoshlari ipdek o‘ris ayol, yuzimga ham qaramay:
– Tanganing baxo‘si uch so‘m, – dedi.
Ortimdagi daroz yigit indamay pulini tiqishtirdi. Labimni tishlab ikkinchi tirqish yoniga keldim. Zum o‘tmay orqamdan odamlar tizilishdi – uch-to‘rtta yasan-tusan o‘ris qizlar, karam to‘la savat ko‘targan ayol, kir paltoli baqaloq kishi… Navbatim yaqinlashgani sari yuragim «gurs-gurs» ura boshlagandi – yana haligi ahvol takrorlansa, o‘libgina qo‘ya qolsam kerak deb o‘ylardim. Yo‘q, oxiri asabim dosh bermadi. Kaftimdagi ikki so‘mni mahkam g‘ijimlagancha eshik tomon yurib ketdim. Bo‘lgancha bo‘lsin…
Tashqariga chiqib qishning sovuq, toza havosidan to‘yib-to‘yib simirdim. Yuzimning lovullashi bosildi…
Yaqin o‘rtada na bir qarindosh, na bir tanishning uyi bor ediki, kirib qarz so‘rasam. Yo uyimda telefon bo‘lsaki, sim qoqib, «Shunday-shunday, falon joydaman, kelib olib ketinglar», desam.
Atrofga chorasiz termildim… Demak, u yog‘iga piyoda ketaman. Nailoj…
Bir zum qaysi ko‘chalardan yurishni mo‘ljallab turdim-da, qorni «g‘arch-g‘urch» bosgancha yo‘lga tushdim… Sovuqqa ham, izg‘iringa ham parvo qilmaslikka tirishardim. Biroq ikki soatdan oshiqroq yo‘l yurgach, sillam quriy boshlagani bilindi. Etigimdan butkul suv o‘tib ketgan, quloq-burunlarim yaxlab qolganday edi. Lekin hammasidan ham qo‘llarim juda yomon sovqotdi. Barmoqlari achishib og‘riy boshlagan qo‘limni nechanchidir bor cho‘ntagimdan chiqarar ekanman, aqalli bir poygina qo‘lqopim yo‘qligiga achindim va shunda tuyqus… Olis bolalik… Ismoilning qalin, to‘q siyohrang qo‘lqoplari yodimga tushib ketdi… Ko‘z oldimdan – eski maktab hovlisi, katta yo‘l betida turib menga qo‘l silkitayotgan Ismoil… Bog‘dagi o‘sha charxpalak, g‘aroyib ko‘lbo‘yi manzaralari… G‘izillab o‘tdiyu taqqa to‘xtadim. Umrimda ilk bor, yugurib yela-ela nogoh adashib, begona yerlarga kelib qolgan odamday sezdim o‘zimni. Va ilk bor, vaqtning naqadar shafqatsizligini ko‘rdim – bolaligu o‘smirlik qandayin tez ortda qolgan bo‘lsa, yoshlik ham shunday o‘tib ketishini o‘ylab yuragimni dahshat bosdi…
Boshimda juda yomon o‘ylar aylana boshladi… Har tarafdan turfa xil musibatlar, omadsizlik, tushkunlik o‘rab-chirmab kelayotgandek, bu girdobdan sug‘urilib chiqishga qilgan barcha urinishlarim oxir-oqibat baribir zoye ketadiganday edi…
Qadam bosishga-da rag‘batim qolmadi. Shundoq qorga o‘tirib olib ho‘ng-ho‘ng yig‘lagim kelardi. Bolalikni, Ismoilni, o‘sha to‘q siyohrang qo‘lqoplarni shunday qo‘msardim…
…Zo‘r-bazo‘r sudralib yana yo‘lda davom etarkanman, odamzot bor orzu-havaslari o‘lib bitgan, yashashga na xohish, na madori qolgan taqdirda ham, azbaroyi ilojsizlikdan kun ko‘rib ketaverishi mumkinligini tushundim. Chiroqlarini yoqib tramvaylar o‘tar, qor zarralari yoshli kipriklarimda qotib qolardi. Hech nimani o‘ylamasdim endi… O‘sha qalin, to‘q siyohrang qo‘lqoplardan boshqa hech nimani… So‘ng… oyoqlarimga qayerdandir yana mador qaytayotganini his qildim. Uyimni esladim. Uydagilar eshikka qarab o‘tirganini… Odimlarim tezlashdi. «Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q, – derdim o‘zimga o‘zim. – Bular bari charchoqdan. Hammasi o‘tib ketadi… Mana, hademay uyga yotib boraman-da, jiqqa ho‘l etiklarimni yechib tashlab, mazza qilib isinaman. Bir piyolagina choy ichib, o‘zimga kelaman». Shularni o‘ylab vujudimga iliqlik yugurar, jilla qursa, shunday kichik-kichik quvonchlari borligi uchun ham hayotni sevsa, faqat shular tufayligina yashasa ham bo‘lavermasmikin deb o‘zimni o‘zim ovuta boshlagandim…
Xo‘rsina-xo‘rsina yana allaqancha yo‘l bosdim va bu gal… Dunyoning boshqa burchidan chiqib qoldim. Avtobus Munnar tog‘larining tik aylanma yo‘llarida yelib borardi. Yuqori ko‘tarilgan sari choy plantatsiyalari quyuqlashar, tuman bosgan daralar ora jajji-jajji tog‘ ko‘llari oynaday yarqirab ko‘zga tashlanardi. Birdan orqada o‘tirgan to‘rt yashar qizim bor ovozi bilan qichqirib yubordi:
– Voy, qaranglar, sharshara!
Hamma «gurr» etib o‘sha tomonga o‘girildi. Sayyohlar zavqlari toshib, darrov «anavi yeriga qaranglar, manavi yeriga qaranglar»ini boshlashdi. Yashil butalar qoplagan tepalikdan oqib tushayotgan siyrakkina sharsharani ko‘riboq kulib yubordim.
– Vee-e, shuyam sharsharami?!. Farg‘onada bo‘magansila-de, shunaqa sharsharala borki, ko‘rsayiz oziyz ochilib… – gapim oxiriga yetmay o‘zimning og‘zim ochilib qoldi. Qachonlardir kimdandir eshitganimni beixtiyor takrorlayotganimni sezdim va shu ondayoq shuurimga bir nima yashinday kelib urildiyu ko‘zlarimning ich-ichi yorishib… Qarshimda oppoq qor to‘shalgan yo‘lkada menga qarab qo‘lqopli qo‘lini silkitayotgan Ismoil paydo bo‘ldi… So‘ng… huv o‘sha, umidu umidsizlikka to‘la qish kechasi, undan-da rutubatliroq o‘y-xayollarimni esladim…
Sobiq maktab binosini tark etarkanman, xayollarim yana o‘sha qish oqshomiga qaytdi. O‘sha kecha yuragimga mador bergan ham, avval muz-muz yig‘latgan – xotiramdagi qo‘lqoplar tafti ekanini tan olishdan qochmadim…
Ismoil! Hozir qayerdasan, qanday odamsan – bilmayman. Ammo qayerda bo‘lsang ham, kim bo‘lsang ham… omon bo‘l.
Izg‘irinli qish kechalarida qo‘llaring hech qachon qo‘lqopsiz qolmasin…
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 12-son