Ne’mat Arslon. Tumanli mintaqa (hikoya)

I

Quyosh to‘la tutilganga o‘xshar, unga oyning soyasi emas, oydan ham ulkan boshqa bir sayyoraning ko‘lankasi tushib turganday notabiiy bir manzara zuhur etgan, butun borliq qo‘ng‘irtob ranglarga qorishib yotganligi sababli hamma narsa vahimali va ayni tobda sirli ko‘rinar, Tushning yolg‘iz o‘zi (u hamisha yolg‘iz edi) ana shu manzaraga bir bo‘lak shisha sinig‘i orqali qarab o‘tirardi.
Saltanat ajoyibu g‘aroyib voqea-hodisalarga naqadar boy bo‘lmasin, ulardan foydalanishga Tushning haqqi yo‘q. Ularning hammasi Miyabekaning tasarrufida va Miyabeka o‘z saltanatini g‘oyat qattiqqo‘llik bilan boshqarib tunda o‘z a’yonlari bilan uyquga ketishdan oldin o‘sha ajoyibu g‘aroyib voqea-hodisalar vodiysi ustiga ulkan choyshab yopib ularni uxlatib qo‘yardi.
Qarib quyulmagan donishmand va ayni paytda boladek o‘yinqaroq Tushning tunkezarligi hamma uxlagandan keyin dunyoni boshqarishga o‘zicha behuda urinib saltanat ko‘chalarini aylanishi, choyshab ostidan uchi chiqib qolgan bitta-yarimta voqeotni topib olib turli-tuman shakllarga solishi Bekaga ma’lum bo‘lsa-da, bundan hech kimga jiddiy zarar yetmasligini hisobga olib indamasdi.
Dekabrning uzun kechalaridan birida Miyabeka va uning saltanati uyquga ketgandan so‘ng Tush odatdagidek chiroqlari o‘chgan uylar derazasidan mo‘ralagancha boqarkan, xarobgina bir kulbada ertangi darsga hozirlik ko‘rib o‘tirgan ikkinchi toifa o‘qituvchisi Qurbononi ko‘rib qoldi. Darhol qo‘liga siniq shishasini olib ko‘ziga tutib qaradi.
Shunda Qurbono ham odatdan tashqari nimadir yuz berishi muqarrarligining dastlabki belgilari zuhur eta boshlaganini payqadi va ishga borish oldidan har ehtimolga qarshi shimini dazmolladi, javondan eng yaxshi ko‘ylagini olib kiydi. “Krokodil” firmasida tayyorlangan bu ko‘ylak andek shalvirab qolgan bo‘lsa ham shuni ma’qul ko‘rdi. To‘g‘rirog‘i ko‘ylakning o‘zi emas, yoqasi va cho‘ntagi ustiga tushirilgan ko‘k timsohning suvrati unga yoqardi. Shu ko‘ylakni kiyib, havorang bo‘yinbog‘ini bog‘lab chiqqan kuni o‘zini dadilroq sezardi u.
Kiyinib bo‘lgach taqvimga qarab kunni belgiladi: chorshanba, 1899 yil, dekabr.
– Oktyabr, barqut mavsum, – deydi Tush deraza rapiga bemalol joylashib olib, – oktyabrning o‘rtasi, adashma.
Qurbono derazadan qarab yaproqlari za’faron tus olgan tutni ko‘rdi. Uning yonida lovullagan gulxanga aylangan zardolu va yaproqlari qirmizi rangga bo‘yalgan terak. Ammo bu ranglarning hammasi qo‘ng‘ir shisha orqali namoyon bo‘layotgani sababli tumanga cho‘lg‘anganday taassurot qoldirardi.
Qurbononing hayrati oshdi, qoshlarini chimirib, “yo tavba!” degancha cho‘zinchoq qotma yuzini siladi, maktabga borgach bu g‘aroyib manzara to‘g‘risida o‘quvchilarga gapirib berishni o‘ylab jilmayib qo‘ydi.
– Yo‘q, – dedi Tush, – sen maktabga bormaysan, maoshing kam, hayoting nochor, tun bo‘yi uxlamay konspekt yozasan, daftar tekshirasan, ko‘rgazmali qurol tayyorlaysan, sen bu og‘ir mehnatdan qutilib, hech bo‘lmaganda maorif sohasining rahbari bo‘lishing kerak. Bu xomxayol Qurbononi chalg‘itolmadi. Shunday bo‘lsa-da, shirin bu orziqish ichra iyagini silay boshladi, soqoli olinmagandi, erindi, bir kun ishga o‘zi xohlagandek borsa osmon uzilib yerga tushmasligi xayolidan o‘tarkan, bo‘yinbog‘ini yechib tashladi. Nazarida bo‘yinbog‘ soqoli olinmaganini bo‘rttirib ko‘rsatadiganday.
Bo‘yinbog‘siz ko‘chaga chiqdi-yu, ko‘zga ko‘rinmas allaqanday kuch ta’sirida yana qaytib hovliga kirarkan, devorlarga darz ketganini ko‘rdi. Qansharidagi og‘irlik (o‘sha kuchning ta’siri bo‘lsa kerak) siljib ensasiga o‘tdi. Tut yaproqlari boshiga, yelkasiga qo‘ndi. Daraxt tanasidan qop-qora suyuqlik oqayotganini ko‘rib unga barmog‘ini tekkizdi va yalab ko‘rdi, noxush ta’m: achchiq-taxir, kakraday. Tutning qoni!..
Ichkarida suvaraklar dasturxonga hujum boshlagandi. Ular shu qadar ko‘payishgan ediki, bu yerda inson uyning egasi ekanligini xayollariga ham keltirishmasdi. Oyog‘ini yerga tap-tap urdi Qurbono. Suvaraklar bir dam to‘xtab boshlarini ko‘tarishdi, shoxlarini osmonga to‘g‘rilab qotib turishdi va non bo‘laklariga avvalgidan o‘n karra kuchli ishtaha bilan yopishdilar.
Qurbono ortiga tisarildi va qichqirdi:
– Zibijhavo!
Uning chorloviga hech kim javob bermadi. Aslida Qurbono yolg‘iz yashar, bo‘ydoqligini bilar, shunday bo‘lsa-da, mana bir necha daqiqadirki, o‘zini Zibijhavoga uylangan deb hisoblardi.
Zilzila oldidan bo‘ladigan guvranishga o‘xshash ovoz eshitilar, davomli, bosiq, salobatli edi bu ovoz. Dunyodagi boshqa birorta kuchni tan olmaydigan zug‘um sezilib turardi unda. Vaziyat yomon, ishga borishim kerak. Ana shunday qaror bilan yana yo‘lga otlandi Qurbono. Hovliga chiqqanda daraxt yam-yashil barg yozib turardi. Beixtiyor jilmaydi Qurbono. Osmon zangor tusda. Quyosh. Devor ustida bir to‘p qizg‘aldoq. Yengil bir kuyni xirgoyi qilib ketaverdi.
“Agar qorningga bir tepsam,
Naqang… qurvaqadek sayrar…”
“Naqang” deganda qog‘ozga yozish noqulay bir narsani ko‘zda tutardi u. Ochiq aytishdan istihola qilardi. Ishxonaga yaxshi kayfiyat bilan kirib bordi. Lekin boshliq qovoq osib, hurpayib qarshi oldi. Shunda ko‘zga ko‘rinmas kuchning yana bir alomati “mana man” deb yaqqol ko‘rindi. Boshliqning xonasida uzoq yillardan beri osilib turgan suvrat o‘rnini boshqa suvrat egallagandi. Ko‘zlari chag‘ir bir odam.
Xonaga boshliq o‘rinbosari va yana besh kishi kirib kelishdi.
– Xayolingiz joyida emas. – Tanbeh berdi boshliq.
Qurbononing peshonasi tirishdi. Beixtiyor soqolini siladi. Soqol qo‘ygan kishilarning hammasi shunday qiladi. Soqol gohida vaziyatdan chiqishga yordam beradi, uni silab turib vaqtdan yutish, fikrni to‘plab olish, raqibni chalg‘itish mumkin.
Hammaning nigohi Qurbonoga qadalgandi. Buni payqadi Qurbono, shundanmi, barmoqlarining uchida titroq paydo bo‘ldi. Soqolini yuzidan sidirib tashlashga chog‘langan kabi kaftini yuziga bosib avvalgi harakatini bir qadar tez va asabiy tarzda takrorladi-da, qo‘lini darhol stol ostiga yashirdi.
– Dam oling, – dedi boshliq.
Kimdir yengil xo‘rsindi. Qurbono bosh ko‘tarib boshliqqa qaradi.
– Dam ola turing, – takrorladi boshliq.
– Qanday ma’noda? – so‘radi Qurbono.
– To‘g‘ri ma’noda, – javob qildi boshliq.
– Biror o‘zgarish yuz berdimi? – so‘radi Qurbono.
– Berdi.
– Gazeta o‘qimaysiz, – gapga aralashdi o‘rinbosar.
– Nima kerak o‘zi sizga shu dahmaza!
“Dahmaza” deb soqolni aytayotgandi boshliq.
Qurbononing qo‘llari yuziga tomon ko‘tarildi-yu, soqoliga yetib bormadi. Bir dam havoda muallaq qolib, so‘ng yana stol tagiga kirib yashirindi. Dam olsam qaytangga yaxshi emasmi, xayolidan o‘tkazdi Qurbono. O‘rnidan turdi, xayrlashdi va tashqariga chiqib eshikni asta yopdi.

II

Bir hafta uydan chiqmay yotdi, kitob o‘qidi. Xona devorida Leonardo da Vinchi bilan Lev Tolstoyning suvrati osig‘liq. Ikkala chol ham soqolli, ikkalasi ham g‘oyat buyuk. O‘qiyotgan kitobini qo‘yib suvratlarga qaradi. Ikkalasining ham soqollari oq, paxmoq, bir quchoq. O‘zinikini silab ko‘rdi va oynaga qaradi. Soqoli qisqa kuzalgan, chekkasi bo‘ylab toki jag‘igacha to‘g‘ri tushgan va iyakka tomon qayrilib kelgan, yunon nusxa. “Soqol qo‘ygan bilan inson ahmoq bo‘lib qolmaydi”. Ana shunday xulosaga keldi Qurbono.
Boshliq aytgan muddat tugagan va endi ishga borishi kerak. Ertalab soat yetti bo‘lmay o‘rnidan turdi. Nima uchundir tashqari hali yorishmagan. Xuddi derazalarning tashqi tarafidan qora parda tutib qo‘yganday. Eshikni ocharkan, yeru ko‘kni tuman qoplab olganini ko‘rib hayrati oshdi. May oyida ham shunday qalin tuman tushishi mumkinmi? Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas, oldi yoz. Aqlga sig‘maydigan holat. Tumanmi o‘zi shu, degan shubha bilan qo‘lini cho‘zgandi, qo‘li tirsagidan kesib tashlanganday tumtoq ko‘rindi. Qo‘rqib ketib birdan qo‘lini tortib oldi. So‘ngra barmoqlarini silkitib loyqa suv betidagi xas-cho‘plarni chaypayotganday harakatlar qilib ko‘rdi. Qo‘lini to‘lg‘aganda tumanlik siyraklashar, chekinar, oraliq paydo bo‘lar va qo‘l harakatdan tinishi bilan zarralar yana avvalgiday quyuqlashardi. Tuman ichkariga ham bostirib kira boshlaganini, uning bir bo‘lagi eshik ortidagi kunjakni egallashga ulgurganini ko‘rib eshikni darhol yopdi. Eng yomoni: tuman uning ko‘zlaridan, burnidan, qulog‘i va og‘zidan kirib bosh chanog‘ini to‘ldirayotgandi. Qurbono buni payqab sarosimaga tushdi. Balki biror xabar eshittirib qolishar degan umidda radio qulog‘ini buradi.
Bir maromdagi guvillash orasidan kimdir xirqiroq ovoz bilan hayotning farovonligi, dasturxonning to‘kinligini maqtardi. “Axmoq o‘zini maqtaydi” ikkinchi bor xulosa chiqardi Qurbono va bunday paytda uyda qolishi mumkin emasligini tushundi. Vaziyatga uy emas, tashqi olam aniqlik kiritadi degan umidda ko‘chaga otildi.
Tuman qalinlashgan, zulumot, hech narsa ko‘rinmaydi. Dov-daraxtlar qani? Yo‘l bo‘ylab ulkan ilondek buralanib yotadigan issiqlik quvurlari qani? Ko‘zlarini qanchalik yirib-yirtib qaramasin hech narsa ko‘rolmadi.
Tumanlik ichida Niso turganini payqadi. Uni ko‘rolmadi, lekin shu narsa aniqki, Niso shu o‘rtada. Nisoning oldiga borish uchun qora tumanlikni xuddi suvda suzayotganday qulochkashlab surib tashlab olg‘a intildi. Ammo Nisoni ko‘rish imkoni bo‘lmadi. Tuman borgan sari qalinlashardi. Niso esa shu o‘rtada. Havoni hidlab ko‘rdi. Nisoning hidi. Faqat Nisogina shunday hid taratadi. Atrofga alanglash befoyda, chaqirdi:
– Niso, qayerdasiz?!
– Qurbono! – ovoz berdi qiz.
Tovushning qaysi tarafdan kelayotganini bunday tumanda anglash qiyin. Qurbononing yuragi orziqib tumanning bu qadar qalinligidan xursand bo‘lib ketdi. Juda soz! Nisoni bemalol quchoqlash mumkin, hech kim ko‘rmaydi! Qizni avval biror marta bo‘lsin quchoqlamagan, hatto qo‘lidan ushlashga ham jur’ati yetmagan. Mana endi imkoni bor. Faqat uni topsam bas, quchoqlab olaman. Indamaydi. Chunki… shu joyga kelganda biroz o‘ylab qoldi Qurbono, nega indamaydi? Indamasligi aniq, lekin nega indamaydi? Chunki bugun odatdan tashqari kun. Tuman. Nimadir yuz beradiganday. “Yuz bera boshladi” o‘z fikrini tuzatdi Qurbono. Agar tuman ko‘tarilsa yer yuzida hech vaqo qolmaydiganday, hammasini tuman o‘zi bilan osmoni haftumga olib chiqib ketadiganday. Shunday ekan, Niso nega ayasin o‘zini, ayamaydi. Shunday o‘ylar xayolida charx urib yana chorladi:
– Nis-o-o!
– Men bu yerda, Qurbon-noo! – qichqirdi qiz uning yonginasidan. Qo‘l cho‘zgandi Qurbononing barmoqlari qizning ko‘ksiga tegdi. Ushladi. Qiz indamadi. Ammo shu lahzada ishga borishi yodiga tushdi.
– Xayr! – dedi Qurbono va qulochkashlab suza ketdi.
Qiz indamadi.
– Seni ishdan keyin “To‘kin dasturxon” yemakxonasida kutaman degan qichqiriq eshitildi tumanlik ortidan. Qiz bunga ham javob qilmadi.
Suzib borarkan, o‘z-o‘zidan quvonib ketdi Qurbono. Chunki endi suzib borayotganini aniq payqagandi. Bunday holatda boshmoq yirtilmaydi, ko‘pga chidaydi.

III

Ishxonada ko‘p narsa o‘zgargan. Boshliqning xonasida yana boshqa kishining suvrati.
– Xo‘sh, xizmat? – dedi boshliq soqolini silay turib.
– Ishga, – javob qildi Qurbono.
– Qanaqa ishga? – ajablandi boshliq.
– O‘zimning o‘rnimga, – javob qildi Qurbono.
– Siz kimsiz o‘zi? – so‘radi boshliq.
– Men Qurbono.
– Tanimadim.
Xonaga uch nafar xodim kirib keldi. Hammasi notanish. Soqol qo‘ygan yoshlar. Hammasining yuzida ajablanish. Yana ikki kishi kirib keldi. Ikkalasi ham soqollik. Ularning biri tanish, boshliq muovini. O‘rnidan turib qo‘l cho‘zdi Qurbono. Muovinning ko‘rinishi o‘sha-o‘sha, o‘zgarmabdi, bir haftada o‘zgarib qayerga ham borsin. Quyuq so‘rashdi Qurbono, shu odamga xushomad qilgisi keldi.
Boshliq so‘radi:
– Bu kishi kim?
– Bir paytlar bizda ishlardi, – javob qildi muovin.
– Nega bir paytlar? – ajablandi Qurbono.
– Yetti yillar bo‘ldi-yov, – dedi muovin Qurbononing gapiga e’tibor bermay.
Dam boshliqqa, dam muovinga jovdirab qaradi Qurbono.
– Ishdan ne sabab ketgansiz? – so‘radi boshliq.
– Ketganim yo‘q, – javob qildi Qurbono.
– Ketmagan bo‘lsangiz endi ketasiz.
Muovinga savol nazari bilan qaradi Qurbono.
– Gazeta o‘qimaysiz, – o‘pkaladi muovin.
– Shtat qisqargan, – yakun qildi boshliq.
Qurbononing xo‘rligi keldi.

IV

“Soqolimni qirib tashlamaganimda balki shunday bo‘lmasdi” dedi Qurbono o‘ziga o‘zi. Xodimlar boshliq xonasini tark etishdi. Nega soqolimni oldim o‘zi, birov meni majbur qilmagandi-ku! “Nima qilasiz shu dahmazani” degandi o‘shanda muovin, bor gap shu. Ularning soqoli yo‘q edi, bir haftada devordagi suvrat o‘zgarishi hamon soqol qo‘yvorishibdi.
– Sizga ruxsat, – dedi boshliq.
Darhol o‘rnidan turdi Qurbono.
– Bugun tuman tushgan, – dedi ko‘nglida paydo bo‘lgan mubham ilinj bilan. Tabiat kuchlarining odatdan tashqari shiddati inson ko‘nglini yumshatadi, odamlarni bir-biriga mehribon qilib qo‘yadi.
Lekin boshliqning ko‘ngli yumshamadi.
Quyi Qavat dahlizida muovinni ko‘rarkan, uning “etti yil bo‘ldi-yov” degani esiga tushdi. Nega bular bir haftani yetti yil deyishadi, meni mazax qilishayaptimi? Yo bo‘lmasa ularniki Yer vaqti-yu, meniki koinot vaqtimi? Koinot vaqti! Koinot vaqti!
Ana shunday o‘ylar og‘ushida ko‘chaga chiqdi. Tuman tarqalmagan, ertalabkiday. Hech narsa ko‘rinmaydi. O‘zini qora qurum zarralari bag‘riga otdi Qurbono va har ikkala qo‘lini baravar ishga solib suza ketdi. Ro‘paradan quloch otib kelayotgan keksa bir kishi salomlashib o‘tdi. Shunisi qiziqki, o‘z uyini adashmay topib keldi. Uyning devori va eshik-derazalari ko‘rinmasa-da, qo‘li bilan paypaslab ayrim belgilarni tanidi.
Uyga kirib oyna oldiga bordi. Ko‘zgu sathini qoplab olgan chang pardasi ortida ikkita qorachiq. Barmoqlari bilan changni silagancha oynaga goh o‘ng, goh chap yoni bilan qarab Niso bilan o‘zi o‘rtasidagi munosabatlarning chuqurlashib borayotgani va bir kun kelib shu qizga hayotiy masalada gap ochishga zarurat tug‘ilishi, qiz uyalib ko‘zlarini yerga qadab “mayli” deb javob berishini o‘ylarkan, afsus, shunday nozik damda uning yuzini, ko‘zini, kipriklarini ko‘rolmayman, la’nati tuman xalaqit beradi degan xayolga bordi-yu, ko‘zgu oldidan shaxt ila uzoqlashib xona to‘riga, devorga taqab qo‘yilgan kursiga borib o‘tirdi.

V

Dedushka tuman
Vsyo spryatal v karman
I lesa, i polya…
Bolaligida yod olgandi Qurbono bu o‘rischa she’rni. Hech kim majburlamagan, o‘zi yod olgandi. Biroq shu asnoda davomini eslolmadi. So‘zlarni ham to‘g‘ri aytganiga shubhalandi. “Ha, xotiramning mazasi qochayapti” degancha boshini ushlab-ushlab qo‘yarkan, rangi uniqib ketgan ikki dona dorini og‘ziga tashlab sovuq choy bilan yutib yubordi. Yana oynaga qaraganda qorachiqlari kuchli haroratdan yog‘dulanib turganini ko‘rdi. Chekka tomirlari odatdan tashqari kuch bilan lo‘qillab urardi. Vujudida lohaslik. Do‘xtirga borish kerak degan o‘y bilan tashqariga chiqdi. O‘ttiz-qirq chog‘li odam baravariga qulochkashlab suzib o‘tdi oldidan. Ular zobitlar edi. Zobit degani zabt etuvchi, ya’ni bosib oluvchi degani. “Bular qayerni bosib olmoqchi ekan” degan o‘y lip etib xayol ko‘zgusida bir ko‘rindi-yu, darhol so‘ndi. Bu to‘g‘rida o‘ylashning zarurati yo‘q. Zobitlarni tanib bo‘lmas, yuz-ko‘zlari ko‘rinmas, egnilaridagi liboslari hurpayib turardi. Siltab tashlayotgan qo‘llari havosiz bo‘shliq va kuchli oqim hosil qilayotgani sababli tumanlik nisholdaday cho‘zilar, dam qisqarar, qorong‘u kechada undan-da qorong‘iroq soyalar o‘ynayotganday ko‘rinardi.
Agar ko‘zim lovullab alangalanib turmaganda balki ularni umuman ko‘rolmagan bo‘lardim, xayolidan o‘tkazdi Qurbono. “Karkidon” yemakxonasi yonida ikkita qora sharpa ko‘rindi. Shakli-shamoyili odamday. Bir-biriga qapishib turibdi. Erkaklar bunchalik biri ikkinchisining pinjiga kirib turmasligi kerak, ayollar ham. Demak, ularning biri ayol. Shunday bo‘lgach ikkinchisining erkak bo‘lishi shubhasiz.
– Niso-oo! – chaqirdi Qurbono.
Tumanlik harakatga keldi.
– Nima ishi bor senda, – to‘ng‘illadi erkak.
– Hozir, – dedi Niso unga va Qurbono tomon kela boshladi. Erkak ortidan ergashdi-yu, ikki qadamcha narida “nima gap” deganday qarab turaverdi. So‘ngra xuddi yo‘l torlik qilganday Nisoning qo‘lidan ushlab nariroq surib qo‘ydi-da, o‘zi oldinga o‘tdi. Taqalib keldi. Soqoli tuman rangida bo‘lgani uchun ham iyagidan yergacha osilib tushganday ko‘rinardi. Qo‘ynidan pichoq olib Qurbonoga xezlandi.
– O‘ldirma, – dedi Qurbono.
– Nima uchun? – so‘radi Soqolli.
– O‘zim o‘laman, – javob qildi Qurbono.
– Aldama, – po‘pisa qildi Soqolli.
Niso yuzini teskari o‘girib turardi. Keyin sal nariroqqa borib tosh ustiga o‘tirdi. Tumanlik orasidan uni aniq va tiniq ko‘rib turardi Qurbono. Pichoq taqab turgan erkakning harakatlarini nazardan qochirmagan ko‘yi ko‘z qiri bilan qizni ham kuzatmoqchi bo‘lardi.
– Aldama! – vishilladi g‘azabi toshgan Soqolli.
– Hamisha rost gapirganman, – dedi Qurbono bosiqlik bilan.
– Hozir hech kim rost so‘zlamaydi. Rost gapirganman deganingni o‘zi aldov. Hatto anaviyam, – tosh ustida o‘tirgan qizga boshi bilan imo qildi Soqolli.
– Men o‘zim uchun javob beraman, – dedi Qurbono.
– Nima, undan kechasanmi?
– Undan boshqa hech vaqom yo‘q, kechmayman.
– U meniki.
– Men unga uylanaman. Seniki bo‘lsa ham mayli, uylanaman.
– Besoqolga tegmaydi.
– Soqol qo‘yaman.
– Ulgurmaysan.
– Meniki tez o‘sadi.
– Avval joningni qutqaz. O‘likning soqoli o‘smaydi.
Qurbono indamadi.
– Tezlatinglar, – qichqirdi qiz.
Nozu istig‘noga to‘la bu ovoz erkaklarning diqqatini tortdi. “Hozir-hozir” deyishdi ular va tezlatish maqsadida bir-birlariga ko‘z tikib, yuzlariga qat’iyat ifodasini berishdi.
– Soqolim bor edi, bir sabab bilan oldirishga to‘g‘ri keldi, – murosa qila boshladi Qurbono.
– O‘ldiraman, – vishilladi nimadandir battar jahli qo‘zigan Soqolli.
– Aytdim-ku senga o‘zim o‘laman deb.
– Qachon?
– Yaqinda.
– Kunini ayt.
– Bir kunga yetmaydi.
– Avjima.
– Rost aytayapman. Bir necha daqiqa qoldi.
– Men o‘ldirarkanman-da unda?
– Yo‘q o‘zim o‘laman.
Soqolli soatiga qaradi va so‘radi:
– Zahar ichganmisan?
– Shunday desam ham bo‘ladi.
– Unda nega azoblanmayapsan?
– Azobdaman. Hali biror kun rohat qilganim yo‘q.
– Kuraremi?
– Undan ham battar.
– Balki sinil kislotasidir?
– Ichganman.
– Margimush kerak edi senga, – maslahat berdi Soqolli.
– Yeganman.
– Lekin manavi pichoq ishni hammasidan tezroq bajaradi, pichoq yeysan.
– Xohishing, – dedi Qurbono afsus bilan, – besabr ekansan. O‘zingga qiyin. Meni o‘ldirsang o‘zing ham omon qolmaysan. Hech bo‘lmaganda qamalasan. Nisodan mosuvo bo‘lasan. Qo‘y, undan ko‘ra o‘zim o‘lay. Umrim qisqa, bor-yo‘g‘i bir necha daqiqaga yo yetadi, yo yetmaydi.
– Xo‘p, ko‘ramiz, – dedi Soqolli va pichog‘ini qo‘yniga tiqib qiz tomon odimladi.
– Men koinot vaqti bilan aytdim – qichqirdi Qurbono uning ortidan.
– Menga baribir, – qo‘l siltadi Soqolli, – o‘lsang bas.

VI

Shifoatxonaga yo‘l olgan Qurbono tumanlikda adashib jun jiyitish korxonasi oldidan chiqib qoldi. Yashil bo‘yoq bilan katta-katta qilib yozilgan “J-J-J” harflari yuqoriga qarab baravar o‘rmalab ketayotgan qo‘ng‘izlarga o‘xshardi. Jun jiyitish jamoasi deb har doimdagidek ichki ovoz bilan o‘qidi Qurbono. Tog‘oralarning daranglashi, suvning shapirlashi, ivigan yungning shap-shap etib yerga tushishi qulog‘iga chalindi. Binoning zax bosgan va sho‘rlangan devorlari sharq tomondan teri qabul qilish omborxonasiga, g‘arb tomondan teri oshlash tsexiga tutash. Hovlining oldida oshxona, orqasida o‘t o‘chirishga mo‘ljallangan hovuz.
Qurbononing shuurida ikkilanish. Shunday bo‘laversa ishdan ajralib qoladiganday. Hech qurisa shu yerga ishga kiraman deb ko‘nglidan o‘tkazdi. Darvozadan ichkariga kiraverishda “Ilg‘orlar” degan lavha. Narigi devorda “Jahon bizga tan berdi!” degan shior, uning yonida ko‘rsatkichlar jadvali. Jadval yonida karmakda ivigan terini pichoq bilan qirtishlayotgan ishchi tasviri. Bamisli mijozning soqolini qirayotgan sartarosh qiyofasida. Beixtiyor jag‘ini silab soqoli anchagina o‘sib qolganini payqadi Qurbono. Iyagining osti qichidi. Ikki barmog‘i orasiga olib ezg‘ilab qichig‘ini qoldirdi va yana suratga qaradi.
Soqoli tez o‘sayotganidan qo‘ngli tog‘dek ko‘tarilib baland ruh bilan qaddini tik tutib ishxonasiga yo‘l oldi. Tumanlik yer sathidan ikki yarim quloch yuqoriga ko‘tarilgan ko‘yi qotib qolgan. O‘zining eng sara liboslarini kiyib olgandi Qurbono. Kolorado qo‘ng‘iziday yo‘l-yo‘l ko‘ylagi ancha kiyilgan bo‘lsa ham hali yap-yangiday ko‘rinar, malla tusdagi chiy baxmal shimi o‘ziga yarashib turardi.
Yo‘l bo‘yidagi yog‘och o‘rindiqda qarta o‘ynab o‘tirgan ikki chol xuddi mo‘jizani ko‘rganday og‘izlari ochilib Qurbonoga qarashdi.
– Dunyoni buzayotgan ana shular, – to‘ng‘illadi chollardan biri.
– Bunga birorta ham ayol turmushga chiqmaydi, – pixillab kuldi ikkinchi chol, – soqolini qara!
Qurbono ortiga o‘girilib qaradi. Chollarning shalvirab qolgan soqolsiz yuzlari takaki teriday tarovatsiz.
Ishxona darvozasi oldida turgan mirshab hujjat so‘radi.
– Shu yerda ishlayman, – dedi Qurbono.
– Uch yildan beri shu darvoza oldida turaman, sizni ko‘rmaganman.
– Katta jamoa, hammasini tanimaysiz-ku?
– Taniyman. Bu yerda soqolli kishilar ishlamaydi.
– Boshliq ham, muovini ham soqolli, xodimlar ham.
Mirshab bilan uzoq tortishdi Qurbono va nihoyat besh daqiqaga ruxsat so‘rab oldi. Boshliq o‘z xonasida o‘tirardi.
– Xo‘sh, xizmat, – dedi boshliq salobat bilan.
– Ishga.
– Va’da berolmayman, – dedi boshliq.
– Soqolim bor-ku, – ajablandi Qurbono.
– Soqol hujjat emas. Undan tashqari ko‘pchilikdan ajralib qolmaslik kerak. Bir o‘zing dono bo‘lguncha, ko‘p bilan devona bo‘l, deydilar.
– Axir kechagina hammaning soqoli bor edi, – e’tiroz bildirdi Qurbono.
– Siz aytgan “kecha”dan buyon ko‘p suvlar oqib o‘tdi.
– Bo‘pti, qirdirib tashlayman, ishlashim kerak. Menga soqol emas, ish kerak. Bir kunda shuncha o‘zgarish, – dedi Qurbono devordagi suratga qarab.
– Zamondan ortda qolmaslik kerak, – nasihat qildi boshliq, – unga zid bormaslik ham kerak.
– Axir, soqolning qo‘lidan nima ham kelardi.
– Haliyam anglamadingiz, – deya o‘rnidan qo‘zg‘aldi boshliq. Suhbat tugaganini tushundi Qurbono.

VII

Boshliqning xonasidan chiqib atrofni diqqat bilan kuzatdi, odamlarga razm soldi va dunyoda nimalar bo‘layotganini bilish uchun shaharning sharqiy mintaqasi tomon yo‘l oldi. Tuman xuddi kechagidek yer sathidan ancha yuqori ko‘tarilgancha quyuq qora tim hosil qilgan ko‘yi qotib turardi. To‘rt nafar ayol “Ilo-yo soqoling go‘rda chirisin!” degancha yugurgilab o‘tayotganini ko‘rib o‘zini panaga oldi. Ayollardan biri nimanidir payqab qolganday ortiga qaytib keldi. Chaqqonlik bilan simyog‘ochga yopishib yuqoriga ko‘tarila boshladi Qurbono. Va tumanlik ichiga kirib berkindi. Simyog‘och ostida to‘xtab yuqoriga qaradi ayol va ogohlantirdi:
– Tokka ehtiyot bo‘ling!
– Siz meni ko‘rayapsizmi? – ajablandi Qurbono.
– Hazilga balo bormi, – chiyilladi ayol va o‘z yo‘liga ketdi.
Yo‘lakdan pista chaqib kelayotgan qiz Nisoga o‘xshardi. Yonida durustgina kiyingan erkak. Ikkovi gaplashib kelishayapti. Simyog‘och tagiga kelib to‘xtab yuqoriga qaragancha kula boshlashdi.
– Nima gap? – so‘radi Qurbono.
– O‘zingdan so‘rasak, – dedi qiz hamrohiga ko‘z qisib.
– Seni kutib turgandim.
– Qurbonomisan? – so‘radi erkak.
– Shunday, – javob qildi Qurbono.
– E… haliyam tirikmisan?
– O‘zing-chi?
– Bu nima deganing, axir sen o‘laman deb va’da berganding.– Soqoling qani?
– Davrdan ortda qolgansan, Qurbono, – kuldi qiz.
– Senga uylanish uchun soqol qo‘ydim.
– Nahotki soqolli erkaklarning xotinlari qochib ketishayotganidan bexabar bo‘lsang?
– Xabarim bor. Hozirgina erlarini la’natlab o‘tib ketishdi.
– Unda shunga qarab ish qil.
Ular qo‘l ushlashgancha uzoqlashdilar.
– Besoqolga tegmaydi deganding-ku, – qichqirdi Qurbono ularning ortidan va simyog‘ochdan tushib orqasiga qaytdi.
Uyining derazasi tagiga bir uyum tuman cho‘kib qolgandi. Oyog‘i bilan uni tepib ko‘rdi, shunda guvranish kuchaydi. Qo‘rqib ketib o‘zini chetga oldi Qurbono. So‘ngra uyiga kirib og‘ir o‘yga cho‘mdi. Balki umrida birinchi marta astoydil fikrlamoqda edi. Natija chakki bo‘lmadi. Xayoliga shunday ajoyib fikr keldiki, hamma muammolarning yechimi ana shu fikrda o‘z tajassumini topgandi.
Shoshilinch tarzda ishga kirishdi. “Ha, inson ongi hamma narsaga qodir, faqat uni ishga solish kerak” dedi quvonchdan yuzi yorishib. – Zamon tez-tez almashinib turibdi. Ayollar bugun soqollilarni yaxshi ko‘rishsa, ertaga besoqolga muhabbat qo‘yadilar. Ish masalasi ham xuddi shunday. Demak qarorim to‘g‘ri”.
Qurbono sira ikkilanmadi. Soqolining yarmini olib, yarmini qoldirdi. Endi chap yuzi soqolsiz, o‘ng yuzi soqolli. Oynaga so‘nggi marta nazar soldi. Ajoyib! Iyagining o‘rtasigacha juda aniq chegara hosil qilgan soqolli hudud bilan soqolsiz mintaqa keskin ajralib turibdi. Ko‘zguga yonboshi bilan turdi, soqolli odam namoyon bo‘ldi. Teskari tomonga o‘grilgandi, besoqol yigit yuz ko‘rsatdi.
Endi bemalol ishga boraversa bo‘lardi.
Ko‘chaga chiqib qo‘ng‘ir tusdagi bir bo‘lak oyna oyoq ostida sinib yotganini ko‘rdi. Tumanlik misli ko‘rilmagan darajada qalinlashgan. Guvranish kuchaygan, go‘yo har bir zarra o‘zicha ovoz berar va ularning ovozi qo‘shilib umumiy guvranish hosil qilardi.
Afsuski, Qurbono ana shu guvranishga diqqat bilan quloq solmadi. Vujudini tumanlik bag‘riga otdi-da, qulochkashlab suzib ketdi.

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 6-sonidan olindi.