Ne’mat Arslon. Amalgama (novella)

1

“Amalgama!..”
Xayollar olamining uzoq go‘shasida qolib ketgan, mazmuni ham, mohiyati ham notanish bu so‘z ko‘ksimga afsonaviy eliksirday quyilib, vujudimni hissiyotlarga to‘ldirib, yoqimli allalab turgan ilohiy ne’mat.
Amalgama deganim ana shu.
Faqat shuning o‘zigina emas. Qishloqning oy bus-butun yoritgan sokin va sohir kechalari va ko‘chalari, yo‘l bo‘yida qalashib yotgan tuyatoshlar, xarobgina qishloq kutubxonasi va tuproq tomli bir uy… hammasi ana shu birgina so‘zda mujassam. Men uzoq yillar amalgamaning sehriga lol bo‘lib yashadim. Unga butun vujudim bilan intildim va undan qochdim. Har ikkala holatning ham sababi bor.

2

O‘n uch yoshda edim o‘shanda.
Qishki ta’tildan keyin o‘n besh kun maktabga bormadim. Yanvar sovuq keldi. Qor, qirov, tomlar bo‘g‘otida sho‘sha. Deraza shishalarida palmalarning g‘aroyib surati. Suvning, shamolning, havoning va inson xayollarining izi. Ertalabki quyosh derazaga chizilgan suratlarni iliq nurlari bilan yuva boshlaganda kutubxonaga yo‘l oldim. Issiqqina xonada Nazira opa nimalarnidir yozib o‘tirardi. Burchakda o‘zicha guvranayotgan va o‘z yumushini bajarayotgan tunuka pechdan olov harorati bilan birga yengilgina kerosin hidi taraladi. Javondagi kitoblarga ko‘z yugurtirarkanman, kutubxona eshigi ochilganini va kimdir kirib kelganini payqadim. Bu Roziya edi! Ortimga o‘girilib qaramasdan va hali qizgina kutubxonachi opa balan salomlashishga ulgurmasdan buni payqagan edim. Shu lahzada Nazira opa qizni so‘roqqa tutdi:
– O‘qidingmi?
– Himm, – javob qildi qizaloq.
– Tushundingmi?
– Bitta so‘zni tushunmadim.
– Qanday so‘z ekan?
– Amal…
Men o‘girilib qarab Roziyaning alvondek qizarib ketganini va hadeb boshidagi munchoqli do‘ppisini to‘g‘rilab kiyishga urinayotganini ko‘rdim. Qiz biroz sukut qildi va nihoyat so‘zning davomini topdi:
– Amalgama…
Roziya bu so‘zni juda chiroyli qilib, “l” harfini aytayotganda tilini “to‘shab”, ya’ni tilini pastki tishlariga bosib talaffuz qildi. Men ham ichimda qayta-qayta aytib ko‘rdim. “Amalgama, amalgama…”
– Bu bir qizning nomi.
Kutubxonachi opa aytgan bu gapning yolg‘onligini men uzoq yillar bilmadim. O‘sha kuni Roziya topshirgan kitobni men yozdirib oldim. Agar yanglishmasam, bu Lev Kassil degan yozuvchining “Mening aziz o‘g‘lonlarim” degan kitobi edi. Kutubxonadan chiqib yo‘lga qaradim. Roziya ko‘rinmadi. Uyga kelib kitobni varaqlashga tushdim. Men kitob varaqlaridan uni, Roziyaning o‘zini izlardim.

3

Yillar o‘tib, yoshimizga yosh qo‘shilgan sayin jur’atim kamayib borardi. Ke­yinchalik hayotimni tahlil etib ko‘rib, baxtsizligimga ana shu jur’atsizligim, jur’atsizligimga esa, haligi dardim sabab bo‘lganligini angladim. Hayotdagi asosiy ermagim – o‘tin yorish. Bu ham Roziyaga borib bog‘lanardi. Bahaybat to‘nkalar – devlar. Ular Roziyani o‘g‘irlab ketishgan. Men esa devlarni yengib, uni qutqazish maqsadida ertadan kechgacha bolta urardim. Natijada to‘qqizinchi sinflarga borib paylari baquvvatgina yigitchaga aylandim. Lekin jur’atsizligim zarracha kamaymadi. Har yil yoz oylari bug‘doy o‘rimiga chiqardik. O‘sha paytlarda xo‘jalikning asosiy ishchi kuchi o‘smirlar edi.
Bir kuni daladan Roziya bilan birga qaytdik. Ayollar ancha olislab ketishgan. Hademay ular qir ortiga o‘tib ko‘zdan pana bo‘lishdi. Roziya bilan ikkalamiz yolg‘iz. Nima uchundir u shoshilmayapti. Quyosh hali botmagan. Bug‘doy g‘aramlari ustiga bostirib kelayotgan tepaliklar soyasi o‘rkach-o‘rkach tuyalarga o‘xshaydi. Go‘yo hamma narsa yiriklashib borayotganday. Pastlikda kambargina sayhonlik bor. Nogoh Roziya yo‘lni shu tomonga burdi. Yuragim taka-puka bo‘lib ortidan yurdim. Qizgina suv yuvgan g‘aldir bo‘yiga o‘tirdi-da, lozimining jiyaklariga yopishgan sertikan rindak va chakamug‘ urug‘larini avaylab bitta-bitta tera boshladi. Men orqaroqda o‘tirar, uning otning yolidek qalin, qattiq va qop-qora sochidan ko‘zimni uzmasdim. Keyin u oyog‘ini men tomon uzatdi va “anavini ol” dedi yuzidagi ranj ifodasi bilan poychasiga ishora qilib. Izmagining popugiga yopishgan rindak urug‘larini ajratib olish oson kechmadi. Roziya aftidan menga oson bo‘lsin deb lozimini biroz yuqoriroq ko‘tardi. Uning to‘pig‘idan yuqorisi oppoq edi… mayin va siyrak qora tuklar bilan qoplangan edi… Men bu “manzara”ga qaramaslikka intilib rindak va chakamug‘lar bilan uzoq olishdim. Barmoqlarim shilinib, qonab ketdi. Rindakning po‘lat simdek qattiq, qavssimon urug‘lari yopishgan joyidan ajralishni sira istamasdi. La’natilar izmak popugiga o‘ranib, shu qadar mahkam yopishib yotardiki, ularni qo‘l bilan ajratib olishning sira imkoni yo‘q edi. Shunda men tishlarimni ishga soldim. Engashib mustahkam tugunga aylangan ipak popukni bor kuchim bilan tishlab torta boshladim. Lab­larim oyoqlarining tuklariga tegib qitig‘ini keltirardimi yoki boshqa bir sababdanmi, Roziya qiqirlab kulardi. Nihoyat, men rindak ustidan g‘alaba qildim, lablarimning qoniga bo‘yalgan popukni kaftimga qo‘yib egasiga uzatarkanman, boshimni ko‘tarib mag‘rur bir qiyofada unga qaradim. Aslida buni g‘urur deb ham bo‘lmasdi. Keyinroq qonli tugunchani tishlab turgan o‘sha holatimni qayta-qayta ko‘z o‘ngimdan o‘tkazarkanman, qonli lablarim, zo‘riqishdan qizarib ketgan ko‘zlarim va yuzimdagi vajohatli ifoda bilan qizning ko‘ziga qandaydir darrandaga o‘xshab ko‘ringan bo‘lsam kerak degan xulosaga keldim.
…Roziyaning kulgisi tindi. Uning ko‘zlaridagi ifodani o‘sha lahzada tushunishga ojiz edim. Bir nafas menga jimgina tikilib turdi-da, sira kutilmaganda “sen shoir bo‘lasan” dedi va go‘yo mening borligimni ham unutganday indamay yo‘lga tushdi. Biz oldinma-keyin jimgina yurib qishloqqa qaytdik.

4

Oradan bir yil o‘tdi. Kuz. Dov-daraxtlar za’faron rangda. Bu fasl menga kasalmand qiz qiyofasida namoyon bo‘lib, yuragimda mungli hissiyotlar uyg‘otadi. Roziyani qo‘msab xazonrez bog‘larda kezardim. Qiziq holat: men qizning o‘zidan ko‘ra u haqda xayol surishni ko‘proq sevardim. Bunday pallada ko‘pincha yomg‘ir yog‘ishini orzu qilardim. Hind kinolaridagiday yomg‘irlar ostida yursak, “bog‘umi bahorumi…” deb birgalikda qo‘shiq aytsak, shalabbo bo‘lib ivisak, tom bo‘g‘oti ostida bir-birimizga qapishib tursak…
Shu yil ichida Roziyaning bo‘yi cho‘zildi. Rangi tiniq tortib, yigitlar undan ko‘z uzolmaydigan bo‘lib qolishgandi. Ana shundaylarning biri, nazarimda eng xavflisi – Ro‘zimat. Keng yelkali, bo‘ydor, bezori bola. Roziyaning uzoqroq qarindoshi. Tez orada qizni unga unashtirishdi.
Bir kuni tuyatoshlar oldida ularning gaplashib turganini ko‘rib qoldim. Yigit qizni kinoga taklif qilardi. Ularning yonidan qadamimni tezlatib o‘tdim. Qaramadim, shunday bo‘lsa ham Roziyaning uchrashuvdan norozi ekanligini tushundim… Qiz ketishga chog‘lanar, ammo Ro‘zimat uning yo‘lini to‘sib, ketkizgani qo‘ymasdi.
Uyga kelib madad berishlarini istagandek javondagi kitoblarga termilib o‘tirdim. Nogoh “Martin Iden”ga ko‘zim tushdi. Kitobni olib ro‘paramga qo‘ydim-da, iyagimni kaftlarim orasiga olib mushohada yurita boshladim. Shuncha kuchi va yengilmas irodasi bilan Martin ham sevgan qizini boshqa birovga berib qo‘ygan edi. Men Ro‘zimatni yenga olamanmi? Roziya uni sevib ulgurdimikin? Bugun ular kinoga borisharmikin?..
Ana shunday xayollar bilan qanday qilib ko‘chaga chiqib ketganimni payqamay ham qolibman. Uzoqdan o‘sha qadrdon va sirdosh tuyatoshlar ko‘ringandagina Roziya­ning uyiga yaqinlashib qolganimni angladim. Yomg‘ir tomchilab turardi. Tuproq hidi, og‘ir bulutlar karvoni, yo‘l hali quruq, ammo yo‘l bo‘yidagi toshlar changi yuvilgan…
Hamishagi joyimga kelib, bo‘yimdan baland xarsanglar orasidan uning darvozasiga qaradim. Xayol olib qochdi. Yana o‘sha hind kinolaridagi manzaralar: Ro‘zimat-Jaga, qo‘lida pichoq, men yengil yaralandim, Roziya kelib boshimni bag‘riga bosdi va bo‘zlab qo‘shiq ayta boshladi. Uning ko‘zlaridan oqayotgan tomchilar yuzlarimga tomyapti…
O‘zimga kelganimda yomg‘ir sharros quyar, bo‘tana suv yo‘lning nishab tomoniga qarab jilg‘a bo‘lib oqardi. Bu manzaradan ko‘z uzib yana darvozaga qaraganimda darvoza zanjiri tebranib turardi. Demak, kimdir darvozani ochgan, ko‘chaga qaragan va yana yopib uyiga kirib ketgan. Bu, albatta, Roziya!
Dilimni afsus o‘rtadi. Qosh qoraydi. Endi uni kutishdan foyda yo‘q. Kech tushganda qizlar hovliga ham onalari hamrohligida chiqadilar. So‘nggi bor darvozaga qaradim. Endi zanjir ko‘rinmasdi. Yomg‘ir kuchaygan, darvoza yondori, devor burchaklari, tom bo‘g‘otlari surmarang olib, bir-biriga qo‘shilib borardi. Uyga tomon yurdim. Kutubxona binosi yonidan o‘tarkanman, qo‘lida kitob ushlagancha kutubxonachining savollariga javob berayotgan Roziyaning holati ko‘z o‘ngimga keldi, tovushi qulog‘imga eshitildi: “Amalgama…”
Takrorlab ko‘rdim: “Amalgama… Amalgama…”
Ortimga qaradim. Bu yerdan uning uyi ko‘rinmasdi. Qishloq ko‘chalari kimsasiz. Ro‘zimatning holiga ich-ichimdan kuldim. Unga yo‘l bo‘lsin shunday yomg‘irli tunda ko‘chaga chiqish! Tomlarning qoraygan ko‘lankasiga qaradim. Ro‘zimatdan ustunligimni his qildim va ortimga qaytdim. Tuyatoshlar oldidan o‘tdim, mana uning darvozasi! Yuragim gurs-gurs urardi. Darvozaning qalpoqchali temir mixlari va yog‘ochning bo‘yalmagan g‘adir-budir sirtini siladim. So‘ngra zanjirni, Roziyaning barmoqlari tekkan zanjirni qo‘limga oldim-u, uning hissiz va sovuq sirtiga lablarimni bosdim.

5

Oradan o‘n yil o‘tib biz yana uchrashdik. Universitetni bitirib kelib, anchagacha ish tanlab yurdim. Nihoyat, nomi yoqimsizroq bo‘lgan bir korxonaga ishga joylashish niyatida rahbar bilan uchrashish uchun yuvinib, durustroq kiyinib peshtoqiga “XKMK” degan yorliq osilgan idoraga kirib bordim. Qabulxonada qorachadan kelgan bir ayol nimalarnidir yozib o‘tirardi. Boshliqni surishtirdim. Ayol jilmaygancha, bir so‘z demay, menga qarab turaverdi. Uning bunday qilig‘idan biroz ranjib yana avvalgi gapimni takrorladim:
– Menga boshliq kerak.
– Boshliq menman.
Uning tabassum yoyilib turgan yuzidan ko‘z uzib eshikdagi lavhaga qaradim: “Ro‘zimat Salimovich Nihonov”. Birdan ko‘z o‘ngimda Roziyaning bilagidan ushlab, uni qiynab turgan bezori gavdalandi. Nahot bu ayol o‘sha…
– Qanday ish bilan kelgandingiz? – so‘radi ayol endi rasmiy ohangda.
– Muhabbat izhor etish uchun.
Bunchalik surbetlik qila olishimni o‘zim ham kutmagandim. Gapni yumshatmoq niyatida darhol so‘radim:
– Siz Roziyamisiz?
– Ha, men sizni tanib turibman. Kitoblaringizni ham o‘qiganman. Aytganim to‘g‘ri chiqqanidan xursandman. Siz shoir bo‘lasiz derdim.
– “Sen” derdingiz.
– Ha, u paytlar yosh bola edingiz, o‘zgarib ketibsiz.
Biz bir-birimiz bilan yuzma-yuz va juda yaqin turardik. Yana bir shakkoklik qilgim kelib qoldi. Uning bilagidan shartta ushladim. Xuddi bundan o‘n yil avval darvoza zanjirini ushlaganday. Va ovozimni pasaytirib shivirladim: “Men sizni sevardim, Amalgama!”
Roziya bo‘shashgan barmoqlarim orasidan qo‘lini tortib oldi. Shoshqin bir tarzda mendan uzoqlashdi. Eshik ochildi. Roziyaning ostona hatlab dahlizga chiqayotganini ko‘rdim. “Alvido, birinchi muhabbatim!” – dedim ko‘zlarimni chirt yumib. Kutilmaganda lablarimda iliq bir harorat tuydim. Roziya! Xayolimda u lablarini bo‘saga tutdi-yu, shoshqin uzib oldi…
Yuragimda hissiyotlar qayta jonlandi. Ammo bu hissiyot ulkan alangadan so‘ng kul ostida qolgan va tobora so‘nib borayotgan cho‘qqa o‘xshardi. Va u avvalgi ranglari bilan ko‘zni qamashtirmas, lovullamas, olov kabi kuydirmasdi.
– Alvido, Amalgama!
Uyga qaytib, qo‘limga Fasmerning lug‘atini oldim. Shuncha yillar davomida meni maftun etgan, qalbimni sohir tuyg‘ularga to‘ldirgan bu so‘zning mazmuni hafsalamni pir qildi. Nega shu paytgacha bu so‘zning mazmuniga qiziqmaganim, bu narsa mutlaqo xayolimga kelmaganidan taajjubdaman.
“Amalgama” simobda erigan ma’danning sovuq qotishmasi ekan…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 5-son